ResearcherUz LogoResearcherUz
저널 보기

Adabiyot darslarida matn ustida ishlashning metodik shartlari

초록

Ushbu maqolada matn ustida ishlashning asosiy metodik shartlardan biri bu o‘quvchilarning matnni tushunib, ongli va ifodali o‘qishga, idrok etish va munosabat bildirishga tayyorlashdan iborat. Bu kabi tayyorgarlikning xarakteri dars maqsadi, o‘rganilayotgan materialning mazmuni va u haqda o‘quvchilarning qay darajada tushunchaga egaligini aniqlashdan iborat. O‘quvchining matnni idrok qilish, mazmun-mohiyatini o‘zlashtirish yuzasidan beriladigan savol-topshiriqlar ularni mushohada yuritishga undashi, muallif qo‘llagan ibora, badiiy tasvir vositalaridan foydalanish mahoratini baholay olishi, nutqida badiiy bo‘yoqdor so‘zlarni samarali qo‘llashni o‘rgatishga yo‘naltirishi zarur. Oʻquvchilarida har bir topshiriqni mustaqil bajarishga moyillik kuchli boʻladi. Bu davrda oʻquvchini avvalgi bosqichlarda uchramagan topshiriqlar ruhlantirishini e’tiborga olib matn mohiyatiga chuqurroq kiradigan yondashuvlarni qo‘llash haqida gap boradi.


전체 PDF 문서

관련 논문

전문

Adabiyot darslarida matn ustida ishlashning metodik shartlari

Malika Jazilova Bekmirzayevna

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari

universiteti o‘qituvchisi

malikazazilova@gmail.com

Annotatsiya

Ushbu maqolada matn ustida ishlashning asosiy metodik shartlardan biri bu o‘quvchilarning matnni tushunib, ongli va ifodali o‘qishga, idrok etish va munosabat bildirishga tayyorlashdan iborat. Bu kabi tayyorgarlikning xarakteri dars maqsadi, o‘rganilayotgan materialning mazmuni va u haqda o‘quvchilarning qay darajada tushunchaga egaligini aniqlashdan iborat. O‘quvchining matnni idrok qilish, mazmunmohiyatini o‘zlashtirish yuzasidan beriladigan savol-topshiriqlar ularni mushohada yuritishga undashi, muallif qo‘llagan ibora, badiiy tasvir vositalaridan foydalanish mahoratini baholay olishi, nutqida badiiy bo‘yoqdor so‘zlarni samarali qo‘llashni o‘rgatishga yo‘naltirishi zarur. Oʻquvchilarida har bir topshiriqni mustaqil bajarishga moyillik kuchli boʻladi. Bu davrda oʻquvchini avvalgi bosqichlarda uchramagan topshiriqlar ruhlantirishini e’tiborga olib matn mohiyatiga chuqurroq kiradigan yondashuvlarni qo‘llash haqida gap boradi.

Kalit so‘zlar: Matn, masal, obraz, badiiy matn, nutq o‘stirish, og‘zaki bayon, og‘zaki hikoya, obyekt mazmun, subyektiv baho.

Globallashuv sharoitida maktab ta’limi oldiga qo‘yilgan maqsad va vazifalar o‘rta maktab yoshidagi o‘quvchilarning umumiy rivojlanishining o‘sganligi, psixologiya va xususiy metodika sohasidagi yutuqlar o‘qitish mazmuni va metodlari mazmunini o‘zgartirishlar kiritishni taqozo etmoqda. Shunga bog‘liq holda badiiy asarni tahlil qilish metodikasi takomillashtirilib borilmoqda. Bu esa takroriy bayon qilish mashqlarini kamaytirishga, ijodiy va o‘qilgan matn yuzasidan o‘z fikrini bayon qilish ko‘nikmasini shakllantirishga doir topshiriqlar tizimini ko‘paytirishga, asar qismlari ustida emas, balki yaxlit asar ustida ishlashni taqozo etmoqda. Asar g‘oyasi va obrazlarning xarakter xususiyatlarini tushunishlarida o‘quvchilarning mustaqilligi, faolligini oshirish, matn ustida ishlashda turfa xil topshiriqlardan hamda texnika vositalaridan foydalanishni talab qiladi.

O‘tgan asrning 60-yillarida yaratilgan “Adabiyot” o‘quv dasturlari va darsliklarida o‘rta maktab yoshidagi o‘quvchilarda matn ustida ishlash ko‘nikmalarini shakllantirishga doir talablar belgilangan. O‘qish malakasiga qo‘yilgan talablar ancha aniqlashtirilgan. XX asrning 70-yillariga kelib esa mazmuni va metodik apparati hayotga yaqinlashtirilgan darsliklar yaratildi.

Mustaqillik ta’lim sohasidagi ko‘plab o‘zgarishlarga keng yo‘l ochdi. Chunonchi, 1997-yilda qabul qilingan “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun, “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” qabul qilindi. Ularda ko‘satilgan vazifalar ijrosini ta’minlash borasida 1999-yilda “Umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartlari” qabul qilindi. Professor Q.Yo‘ldoshev tomonidan “Adabiy ta’lim konsepsiyasi”, Q.Yo‘ldoshev, Q.Husanboyevalar muallifligida “Adabiy ta’limning davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlari” tuzildi. Yangi avlod darsliklari yaratildi. 2010-, 2017-yillarda optimallashtirilgan va kompetensiyaviy yondashuvga asoslanilgan DTS va o‘quv dasturlari yaratildi. Ularda ta’lim oluvchilarning bilim, ko‘nikma, malakalari qatori adabiy-nutqiy va badiiy asarni tahlil qilish kompetensiyalarini shakllanitirish malasalari ustuvor ahamiyat kasb etganligini ko‘rish mumkin.

O‘zbek adabiyotini o‘qitish bo‘yicha U.Dolimov, A.Zunnunov, S.Matchonov, Q.Yo‘ldoshev, M.Mirqosimova, Q.Husanboyeva, R.Niyozmetova, V.Qodirovlarning doktorlik tadqiqotlari amalga oshirildi. Ustoz olimlar rahbarligida M.Sariboyeva, I.Rajabova, H.Suyunov, G.Xolboyeva, M.Hazratqulov, K.Mavlonova, G.Fayzullayeva, S.Kambarova, M.To‘ychiyeva, O.Boltayeva, I.Rahimova, G.Mamatova kabi tadqiqotchilarning o‘quvchilar ma’naviy sifatlari, intellektual salohiyatini oshirish, badiiy matnni integratsiyalab o‘rganish, asar qahramonlarini tanqidiy baholash, adabiynazariy tushunchalarni o‘rganishga qaratilgan izlanishlari olib borildi. Ularning barchasini turli muammolar doirasida yagona maqsad – adabiy ta’lim samaradorligini ta’minlash, bunda ma’naviy kamolot tarbiyasiga badiiy matn ustidagi ishlar bilan bog‘liq muayyan yondashuvlarni birlashtirib turishini qayd etish lozim. Rus metodist olimlari G.Pransova, Ye.Romanicheva, A.Mayorov, T.Braje, N.Belyayeva kabi olimlarning qarashlarida ham matn ustida ishlash metodikasi ishlangani va milliy o‘qitishda ularning ayrim qarashlariga tayanish hollari kuzatiladi.

Ma’lumki, adabiy ta’lim jarayonida badiiy asar ustida ishlashning muhim talablari mavjud bo‘lib, ular muayyan metodik yondashuvlarni taqozo etadi. Asar mazmunini tahlil qilish va o‘qish (to‘g‘ri, tez, ongli, ifodali) o‘zaro izchillik va bog‘liqlikda amalga oshiriladi. O‘quvchilarning shaxs sifatida kamol topishida asarning g‘oyaviy asosi, mavzusi, obrazlar tizimi, sujet chizig‘i, qurilishi va badiiy ifoda vositalarini tushuntirish alohida ahamiyat kasb etadi. Bu jihatlar ezgu sifatlar qatori bog‘lanishli nutq takomiliga ham xizmat qiladi. Matn ustida ishlash jarayonida bolalarning hayotiy kuzatishlari va tajribasiga asoslanish asar mohiyatining teran idrok etilishi va tahlil qilishining muhim omillaridan biridir. Shuningdek, badiiy asar matni ustida ishlash orqali o‘quvchilarning o‘quv-biluv faoliyatini yanada faollashtirish, atrof-muhit, jamiyat hayotiga xos bilimlarni chuqur o‘zlashtirish, ilmiy mushohada yuritish ko‘nikmalari rivojlantirishga ham zarur muhit yaratiladi.

Matn ustida ishlash adabiyotshunoslik, pedagogika, psixologiya fanlari nazariya ma’lumotlariga tayanilib, olib boriladi. O‘qituvchi ayni jarayonda matn tahlilining asosiy bosqichlari, psixologik asoslari, o‘quvchilarning o‘zlashtirish xususiyatlarini ham e’tiborga olishi maqsadga muvofiq. Adabiyot darslarida badiiy asarlarning birbiridan farqli jihatlarini ajrata bilish; muallifning hayotiy voqealarni qaysi badiiy vositalar orqali aks ettirgani va obrazlarni yaratishdagi mahoratini aniqlashi hamda adabiy ma’lumotlarni o‘zlashtirish asosida asarning mazmuni, g‘oyasi va ahamiyatini tushunish sari qadam qo‘yadi, muayyan vaqt orqali shu jihatlarni o‘zlashtirishga erishadilar ham.

Boshlang‘ich sinflarda badiiy asar tahlili maqol, topishmoq, tez aytish, masal, ertak, dostonlardan parchalar qatori ularda qo‘llanilgan sifatlash, o‘xshatish, jonlantirish kabi badiiy vositalarni o‘rganish orqali amaliy tarzda aniqlashga yo‘naltiriladi. Badiiy asar tilini tahlil qilish asosida o‘quvchilarda matn g‘oyasini idrok etish ko‘nikmasi ortib boradi. Masalan, bolalar uchun sevimli bo‘lgan ertak janrining qiziqib mutolaa qilishinish yoki tinglanishi mazkur janrdagi asarlar tilining ta’sirchan, sodda, o‘tkir sujetliligi va xalq tiliga yaqinligidir. Shuning uchun ham ertak o‘qib bo‘linganidan so‘ng uning tili ustida ishlash o‘quvchilar bilish jarayonlari rivojiga alohida ta’sir ko‘rsatadi.

Har qanday matn ustidagi asar ishlar o‘qib bo‘lingach, undagi badiiy til vositalari ustida ishlash bilan davom ettiriladi. Masalan, janriga ko‘ra: masallarda allegoriyani ochish undagi ko‘chma ma’noli so‘zlarga izoh berilishi bilan farqlanadi.

Maqollarda aksariyat hollarda ma’no ko‘chishi; topishmoqlarda jonlantirish, o‘xshatish; tarixiy asarlarda tasviriy-bo‘yoqdor so‘zlar izohlashni talab etadi.

Matn ustida ishlashning metodik talablari borasidagi qarashlarida taniqli metodist olim S.Matchonov o‘rinli qayd etganidek, “Badiiy asarda borliqni voqelikni obrazlar vositasida tasvirlash, obyekt mazmun va subyektiv bahoni aniq materialda berish haqidagi qoidalar metodika uchun nazariy-amaliy ahamiyatga ega.

Birinchidan, badiiy asar ustida ishlashni tashkil qilishda obrazlar va muallifning asarda tasvirlangan voqealarga munosabati o‘qituvchining diqqat markazida turadi. O‘quvchilar voqelikni obrazlar orqali tasvirlashning o‘ziga xos xususiyatlarini tushuna boradilar.

Ikkinchidan, har qanday badiiy asarda aniq tarixiy davrdagi voqealar tasvirlanadi. Shuning uchun asarda tasvirlangan voqealarga tarixiy yondashilgan taqdirdagina matnni to‘g‘ri tushunish, dalillar va voqealarni haqqoniy baholash mumkin. Buni tadbiq etganda, avvalo, bolalarni asarda tasvirlangan davr bilan qisqacha tanishtirish, keyin o‘quvchilarda qatnashuvchi shaxslarning xatti-harakatini ular yashagan davr va ijtimoiy omillarni hisobga olgan holda baholashni o‘stirish zarur.

Uchinchidan, yozuvchining hayoti va qarashlarini o‘quvchilarning yoshlariga mos ravishda tanishtirish maqsadga muvofiq.

To‘rtinchidan, badiiy asarni tahlil qilishda o‘quvchilarni asarning g‘oyaviy yo‘nalishini tushunishga o‘rgatish muhimdir, bu asarni to‘g‘ri idrok etish uchun, matn ustida ishlash ko‘nikmasini, o‘quvchilarning dunyoqarashini shakllantirish uchun zarur”1.

Bizningcha, matn ustida ishlash jarayonida mualif asarda aks ettirgan hayotiy voqealarga, ijtimoiy hodisalarga yoki o‘zaro munosabatlarga nisbatan o‘quvchining shaxsiy pozitsiyasini shakllantirish zarur. Muallifning hayotiy voqealarga munosabati konkret faktlar orqali yaratilgan asarning badiiy-g‘oyaviy asosini tashkil etishini anglashiga e’tibor berish maqsadga muvofiq.

Badiiy asar matni ustida ishlashda va uning bosqichlarini belgilashda dastlab uning san’at asari sifatidagi o‘ziga xosliklari va o‘quvchilarning adabiy tayyorgarlik darajasi hisobga olinadi. Badiiy asarda barcha qismlar bir-biriga chambarchas bog‘liq. Masalan, sujet rivoji asosida qahramonlarning yangi qirralari kashf etila boradi. Bu esa, o‘z navbatida, asarni yaxlit holda o‘qishni va idrok etishni taqozo etadi. 1 Matchonov S. va boshq. Boshlang‘ich sinflarda ona tili o‘qitish metodikasi. – Toshkent: Ishonchli hamkor, 2021. – 259– 260-b.

Metodist olim A.Zunnunov to‘g‘ri ta’kidlaganidek, “Maktabda badiiy asarni tahlil qilishdan asosiy maqsad asarda ifodalangan hayotiy voqeani yoritish orqali o‘quvchilarni badiiy adabiyot olamiga olib kirish, tasvirlanayotgan voqealarga nisbatan muallifning munosabati va niyatlarini payqab olishga imkoniyat yaratishdan iboratdir. O‘quvchilarning yozuvchi oldinga surgan g‘oya, muammolarni to‘liq tushunishlariga erishmay turib, adabiyotning yoshlarni tarbiyalashdagi vazifasini amalga oshirib bo‘lmaydi”2.

Professor B.To‘xliyevning fikricha, matn ustidagi ushlarning tarkibiy bo‘lagi sujetli asarlarni qayta hikoyalash bo‘lib, bunda “asar voqealarini qayta bayon qilish emas, balki badiiy asardagi muallif qo‘llagan so‘zlardan foydalangan holda qayta hikoyalashga, asardagi so‘zlovchi shaxsini o‘zgartirib hikoyalashga, asar mazmunidagi asosiy o‘rinlarni saqlagan holda, uni qisqartirib aytib berishga, asar voqealariga o‘z shaxsiy munosabatlarini bildirgan holda hikoyalashga e’tibor berish ko‘proq samara beradi’3.

Metodist olima M.Mirqosimovaning tadqiqot ishida matn ustida ishlash orqali o‘tkaziladigan tahlil badiiy asarni o‘zlashtirish, adabiy matnning badiiy xususiyatlarini o‘rganish asosi ekanligi ta’kidlanadi4.

Fikrimizcha, matn ustida ishlashda o‘quvchilar uning mazmunini o‘qish chog‘ida anglab yetsa, tahlil paytida poetik vositalarni o‘rganishga keng yo‘l ochiladi.

Shu bois ham o‘qituvchi matn ustida ishlashda bir qancha masalalarni e’tiborga olishi zarur. Jumladan:

1. Asar matni ustida ishlashning maqsad, vazifalarini begilash va shu asosda ish mazmunini rejalashtirish.

2. Asar tahliliga doir dars bosqichlarini belgilash.

3. Tahlil uchun savol-topshiriqlar tizimini ishlab chiqish.

4. Matn tahlilini amalga oshirishga oid yondashuvlarni rejalashtirish.

5. O‘quvchilarda shakllantirilishi zarur bo‘lgan bilim, ko‘nikma, malaka va kompetensiyalar doirasini aniqlash. 2 Зуннунов А. ва бошқ. Адабиёт ўқитиш методикаси. – Тошкент: Ўқитувчи, 1992. – 160-б. 3 Tўхлиев Б. Адабиёт ўқитиш методикаси. – Тошкент: Янги аср авлоди, 2006. – 53-б. 4 Мирқосимова М. Ўқувчиларда адабий таҳлил малакасини шакллантириш ва такомиллаштириш усуллари. – Тошкент: Фан, 1995. – 15-б.

Matn ustidagi ishlar nutq va tafakkurni rivojlantirishga qaratilgan. O‘quvchilar o‘rganilgan materiallar mazmunini ongli ravishda o‘zlashtirishlari, asosiy mazmunini, g‘oyasini tushunib yetishlari uchun tahlil, sintez, taqqoslash, umumlashtirish kabi mantiqiy usullar qo‘llaniladi.

Matnning yuzaga kelishiga sabab muallif ifodalagan ma’lum bir fikr, g‘oyaning mavjudligidir. Nazariy-metodik materiallar matnida muallifning g‘oyalari dalil va isbotlar bilan asoslansa, badiiy matnda obrazlar vositasida gavdalantiriladi. “Dalil va isbotlar asosidagi bayon mazmunini tushunish uchun, – deydi bu haqda metodist S.Matchonov, – juda katta majburiyat va mas’uliyat talab etiladi. Badiiy asarlar matndagi ma’noning ko‘lamdorligi esa o‘quvchi mas’uliyatini yanada oshiradi”5.

Ma’lumki, umumta’lim maktablarining 5-sinfdan boshlab o‘quvchilarga adabiynazariy tushunchalar tizimli holda o‘rgatib boriladi. Maktabda, so‘ng o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi tizimida adabiyot o‘qitish dasturlari o‘quvchilarga bosqichmabosqich badiiy adabiyotning mohiyati, adabiy tur va janrlar, badiiy obraz va obrazlilik, shе’r tizimlari, badiiy tasvir va ifoda vositalari kabi adabiy-nazariy tushunchalarni o‘rgatib borishni ko‘zda tutadi.

Keyingi yillarda badiiy matn, badiiy matn tahlili va talqini, matn turlari, badiiy matn va unda til birliklarining qo‘llanish, umuman, matn bilan ishlash imkoniyatlarini adabiyotshunoslik hamda tilshunoslikning turli sathlari doirasida tadqiq etishga qiziqish sezilarli darajada kuchaydi va bu muammolar bugungi kunda ham kun tartibidan tushgan emas. Matn ustidagi ishlar doirasida nutq o‘stirish muammosini tadqiq qilgan Sh.Sariyevning fikricha, “Badiiy matn ustida ishlash jarayonida asosiy e’tibor uning mazmuniga qaratilsa-da, tuzilishini ham nazardan qochirmaslik kerak. Jumladan, voqea kechayotgan sharoit, peyzaj, asar qahramonlarining kechmishlari, ruhiyati tasvirida o‘tgan, hozirgi yoki kelasi zamon shakllaridan foydalanilishini anglagan o‘quvchi matn mazmunini og‘zaki hikoya qilishda adashmaydi”6.

Insonning eng nozik his-tuyg‘ulari asosida yuzaga kelgan badiiy matnlarda o‘quvchiga estetik ta’sir ko‘rsatish xususiyati kuchli tarzda namoyon bo‘ladi. Badiiy matn shu ma’noda xalqimizning o‘ziga xos mentaliteti, xarakteri, ijtimoiy turmush tarziga xos urf-odatlari, milliy-ma’naviy qadriyatlari va asrlar osha davom etib 5 Матжон С. Мактабда адабиётдан мустақил ишлар. Тошкент: Ўқитувчи, 1996. – 66-б. 6 Сариев Ш. Бошланғич синф ўқиш дарсаларида матн устида ишлаш орқали нутқ ўстириш. – Тошкент: YURIST-

MEDIA MARKAZI, 2010. – 39-б.

kelayotgan an’analarini o‘zida yaqqol ifodalaydi. Ijodkor tomonidan hayotni teran va sinchkovlik bilan kuzatish natijasida yuzaga kelgan har bir ijod namunasida ma’lum ma’noda ijodkorning o‘z davriga xos hayot tarzi aks etadi, unda keng qamrovli masalalar qatori badiiy adabiyotimiz muammolari ham bo‘rtib turadi7.

Nazarimizda, adabiyot darslarida matn ustida ishlashda ko‘proq o‘quvchilarning matn bo‘yicha og‘zaki yoki yozma tarzda fikrlarini ifodalash talab etiladi. Og‘zaki nutqda, asosan, bolaning fikrlash qobilyati, tafakkuri, dunyoqarashini rivojlantirsa, yozma nutqda esa o‘quvchilar o‘z fikrlarini tilning imloviy-gramatik qoidalari, adabiy til me’yorlariga rioya qilgan holda aniq, qisqa va tushunarli, yozma va og‘zaki nutq savodxonligiga rioya qilgan holda ifodalashni talab etadi. Demak, o‘quvchi-yoshlarda mana shu ko‘nikmalarni shakllantirish uchun ularni matn ustida ishlashda, birinchi navbatda, yozuvchi yoki ijodkorning o‘z davri, hayot tarzi aks etgan nazariy ma’lumotlar bilan tanishtirish, muallifning audio, videoyozuvlar, fotosurat yoki filmlardan lavhalar bilan tanishtirish mumkin. Shu jihatlariga e’tibor qilinsa o‘quvchilarda badiiy matnga qiziqish va matn ustida ishlashga bo‘lgan qiziqishlari ortadi va matndan o‘zlari uchun qiziqarli axborotni topish va ajratib olish, sharhlash, matndan tashqari bilimlariga tayanib, tushunish va baholash matn mazmunini anglashga va estetik zavq olishga va dunyoqarashini shakllantirishga undaydi.

Badiiy matnlar millat ma’naviy dunyoqarashi, orzu-istaklarini tildagi mavjud usul va vositalar, lisoniy birliklar orqali yorqin ranglarda ifodalab beradiki, bu xususiyat uni san’atning boshqa turlaridan bir pog‘ona yuqori ko‘taradi. Shu o‘rinda har bir badiiy ijod namunasining mukammal bo‘lishi bevosita unda g‘oya va ifoda uyg‘unligidan iborat ekanligi, til va adabiyotning o‘zaro uzviy bog‘liqligi, ularning birbirini taqozo etuvchi tushunchalar ekanligi ayon bo‘ladi. Ularni bir-biridan ajratib o‘rganishning iloji yo‘q. Til va badiiy ijod orasidagi chambarchas aloqadorlik, shakl va mazmun yaxlitligi o‘zbek xalqining shakllanishi va taraqqiy etishidan guvohlik beruvchi shonli o‘tmishi, turmush tarzi, dunyoqarashi, ijtimoiy-siyosiy hayotida sodir bo‘lgan tarixiy evrilishlar, ichki va tashqi ta’sirlar tufayli tilimiz lug‘at tarkibining kundalik boyib borishidagi yangiliklar bilan hamohangdir8. 7 Хализев В. Теория литературы. – Москва: Высшая школа, 2000. – С. 78. 8 Фитрат. Адабиёт қоидалари. – Toшкент: Ўқитувчи, 1995. – 25-б.

Yaxshi ayonki, metodika ilmida 5–7-sinflar tayanch sinflar deb yuritiladi. Mazkur sinflardagi adabiy tahlil yuqori sinflardagidan farq qilib, bunda o‘quvchilar diqqati matnni ifodali o‘qishga, asar mazmunini o‘zlashtirishga, yozma va og‘zaki nutqni rivojlantirishga qaratiladi. O‘qituvchi ko‘proq o‘quvchi nutqi orqali, uning taassurotlarini tinglashga va fikr-mulohazalarini boyitishga intiladi, asarda tasvirlangan voqea-hodisalarning yaxshi va yomon oqibatlarini tushunib olishlarida o‘quvchilarga ko‘maklashadi, ma’naviyatiga hamda tarbiyasiga alohida e’tibor beradi.

O‘quvchida badiiy asarni to‘g‘ri anglash va ta’sirlanish xususiyati adabiy asar o‘qish bilan o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmaydi. Badiiy asarning mohiyatini anglab yetish uchun har bir kishi muayyan darajada estetik tayyorgarlikka ega bo‘lishi kerakki, umummilliy miqyosda bu yumush faqat maktab adabiy ta’limi tomonidan amalga oshirilishi mumkin. Ya’ni, maktabni bitirgan o‘quvchida badiiy asarni o‘qish va anglash bo‘yicha muayyan tushunchalar shaklantirilishi, badiiy tahlilning ilk ko‘nikmalari yuzaga keltirilishi kerak.

Adabiy asar tahlilining muhim tamoyillaridan biri san’at asariga g‘oya ifodalash vositasigina deb qaramaslik va uning, birinchi navbatda, estetik hodisa ekanini hisobga olish kerakligidir. Adabiyotshunoslikda hanuzgacha ham badiiy asarga, avvalo, qandaydir g‘oyani o‘tkazish yo‘li, deb qarash uchrab turadi. Bu hol badiiy asarning asl qimmatini pasaytiradi. Uning birinchi navbatda estetik zavq manbayi ekanini e’tibordan tashqarida qoldiradi9.

Demak, birinchi navbatda badiiy ijod namunasi o‘quvchi tomonidan his etilib, anglanib, nafis adabiyotning sehr-u jozibasidan atroflicha xabardor bo‘lsagina ta’sirchan estetik-ma’naviy energiya ololadi. Buning uchun, avvalo, badiiy asar o‘qib, uning matni ustida ishlash orqali tahlil va talqinni amalga oshirish mumkin. Badiiy asar vositasida o‘quvchi asarga chuqurroq kirishi, uning mohiyatini, badiiy-estetik tafakkurni, so‘zning sehrini va jozibasini anglab haqiqiy kitobxon darajasiga erishishi mumkin. O‘quvchi bevosita voqealarga aralashadi, qahramonlarni jonlantiradi, ularning gap so‘zlari va xatti-harakatlaridan o‘zi uchun kerakli xulosalar chiqaradi, va ruhiy holatlarini qalbdan his etadi. Ayni shu holatdagina badiiy matn o‘quvchilar uchun estetik zavq manbayiga aylanishi va ma’naviy yuksaklikka erishishiga, kitobxonlik 9 Введение в литературоведение / под.ред. Г.Н.Поспелова. – Мoсква: Высшая школа, 1987. – С. 78. madaniyatini rivojlantirish, ma’naviy-estetik tafakkurini rivojlantirishga yo‘naltirishi mumkin.

Adabiy asarni tahlil qilishning muhim prinsiplaridan biri estetik asoslarning ustuvorligi tamoyilidir. Badiiy asar inson ruhiyati manzarasi bo‘lgani bois, o‘quvchilarni eng qabariq, eng ta’sirchan tuyg‘ular bilan yuzma-yuz qiladi. Shu tariqa, kitobxonlar o‘zga odamlarning ruhiyatiga oshno bo‘ladilar. Aslida, o‘z tuyg‘ularida anglab yetishga qiynaladigan kitobxonni o‘zgalar hissiyotini tuyishga yo‘naltirish uning sezimlarini ingichkalashtirib, kechinmalarini o‘tkirlashtiradi. Estetik asoslar ustuvor bo‘lgan badiiy tahlilgina o‘quvchining qalb ko‘zini ochib, uni tuyg‘usizlik va hissizlikdan qutqaradi. Badiiy asar vositasida beparvolik va loqaydlikdan xalos bo‘lish inson ma’naviy taraqqiyotida ulkan ahamiyat kasb etadi10.

Rus metodisti G.N.Pospelovaning ta’kidlashicha, “Chinakam badiiy asarning estetik jozibasi uning sirtida turmaydi. Matndagi yashirin nafosatni, zariflikni anglash, uning badiiy qatlamlarini kashf etish uchun o‘quvchilarda muayyan adabiy bilim va estetik diddan tashqari go‘zallikni kerakli joydan qidira bilish malakasi ham shakllangan bo‘lishi kerak. Chin go‘zallik hamisha yashiringan bo‘ladi. Yashirin go‘zallikni topish esa oson emas. Ijodkor tomonidan “shifrlab qo‘yilgan” noma’lum badiiy ma’noni, estetik jozibani topish adibning estetik idealini, tasvir uslubini payqay olgan o‘quvchigagina nasib etadi. Badiiy tahlil qilinmagan asar yechilmagan test kabi noma’lumlikdir”11. Tahlil ana shu noma’lumlikni ochadigan mantiqiy-estetik kalit vazifasini bajaradi.

Tahlilda o‘quvchilarning estetik asoslarga yetarli e’tibor bermaslik asl san’at asarlarini yo‘qqa chiqarishi mumkin. Hazrat Navoiyning:

Lolazor ermaski, ohimdin jahonga tushdi o‘t,

Yo‘q shafaqkim, bir qiroqdin osmonga tushdi o‘t.

matlasi bilan boshlanadigan g‘azaliga faqat mantiqiy tushunchalar asosida yondashgan o‘quvchi undan o‘ta chuqur ma’no topolmasligi mumkin. Bu satrlar yuksak va betakror hissiy holat ifodasi tarzida o‘rganilgandagina undagi tengsiz jozibani tuyish mumkin bo‘ladi. Qip-qizil bo‘lib ochilgan cheksiz-chegarasiz lolazor qo‘ynida turgan lirik qahramon ma’shuqasi hajrida kuyib, ichi olovga to‘lib ketgan. 10 Борев Ю.Б. Эстетика. – Москва: Издательство политической литературы, 1988. – С. 112. 11 Введение в литературоведение, под.ред. Г.Н.Поспелова. – М., 1987. – С. 67.

Uning nazarida, ufqlarga qadar tutashib ketgan bepoyon qizillik ochilgan lolazor emas, balki ma’shuqa firog‘ida kuygan g‘amboda oshiqning ohidan dunyoni tutib ketgan olov. Lolazor borib tutashgan ufq tepasidagi qizillik ham shafaq nuri emas, balki oshiqning ohidan chiqqan o‘t yerni yondirib bo‘lib, osmon yer bilan tutashgan joydan ko‘kka chirmashdi va endi osmon ham bir qirg‘og‘idan yonib ketmoqda. Shu xildagi yondashuvgina misralar jozibasini to‘la his etishga xizmat qiladi12.

Darhaqiqat, hazrat Navoiyning satrlari tahlili ham o‘quvchilarda aqliy, axloqiy she’riyat mulkining sultoni nomi bilan haqli ravishda jahon adabiyotining eng buyuk siymolari qatorida faxr bilan tilga olinishi ham bejiz emas. Satrlaridagi estetik ta’sirning jozibasi, yosh kitobxon uchun tafakkurini yoritib, mahorat sirlariga oshno etmay qolmaydi. Bu borada matn ustidagi ishlarni oqilona tashkil etish mauyyan samaradorlikni ta’minlaydi.

Foydalanilgan adabiyotlar

1. Борев Ю.Б. Эстетика. – Москва: Издательство политической литературы, 1988. – С. 551 c.

2. E.Xudoyberdiev. Аdabiyotshunoslikka kirish. T.,1995. – 361 b.

3. Мирқосимова М. Ўқувчиларда адабий таҳлил малакасини шакллантириш ва такомиллаштириш усуллари. – Тошкент: Фан, 1995. – 253 б.

4. Матжон С. Мактабда адабиётдан мустақил ишлар. Тошкент: Ўқитувчи, 1996. – 208 б.

5. Matchonov S. va boshq. Boshlang‘ich sinflarda ona tili o‘qitish metodikasi. – Toshkent: Ishonchli hamkor, 2021. – 695 b.

6. Сариев Ш. Бошланғич синф ўқиш дарсаларида матн устида ишлаш орқали нутқ ўстириш. – Тошкент: YURIST-MEDIA MARKAZI, 2010. – 76 б.

7. Tўхлиев Б. Адабиёт ўқитиш методикаси. – Тошкент: Янги аср авлоди, 2006. – 182 б.

8. Зуннунов А. ва бошқ. Адабиёт ўқитиш методикаси. – Тошкент: Ўқитувчи, 1992. – 368 б.

9. Фитрат. Адабиёт қоидалари. – Toшкент: Ўқитувчи, 1995. – 25-б. 12 E.Xudoyberdiev. Аdabiyotshunoslikka kirish. T.,1995. – 67-b.

본문은 PDF에서 자동으로 추출되었으며 부정확할 수 있습니다.