Alisher Navoiy g‘azallarida bulbul obrazi
Xolboyeva Muslima Usmonjon qizi
O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori
instituti tayanch doktoranti
Annotatsiya
Bulbul chumchuqdoshlar oilasiga mansub qush bo‘lib, qadim zamonlardan xalq og‘zaki ijodida uning “chiroyli ovoz”, “chiroyli kuy” sohibi ekanligiga urg‘u beriladi. Adabiyotga gulga “oshiq” obrazida kirib kelgan bu qush mumtoz adabiyotda boshqa qushlarga nisbatan eng ko‘p uchraydi. Ushbu maqolada bulbulning adabiyotga kirib kelishi, etimologiyasi va mumtoz adabiyotdagi o‘rni muhokama qilinadi. Alisher Navoiy o‘z lirikasida bulbuldan qaysi o‘rinda foydalaganligi va bulbul anglatib kelgan ma’nolar tahlil qilinadi.
Kalit so‘zlar: devon, atirgul, bulbul, oshiq-ma’shuq, raqib, qush, mumtoz adabiyot, devona, telba.
Абстрактный
Соловей — птица, принадлежащая к семейству воробьевых, и в фольклоре с древних времен подчеркивалось, что он обладает «красивым голосом» и «красивой мелодией». Эта птица, вошедшая в литературу как «любительница» цветов, наиболее распространена среди других птиц в классической литературе. В данной статье рассматривается введение соловья в литературу, его этимология и место в классической литературе. Где Алишер Навои использует соловья в своей лирике и анализируются значения слова соловей.
Ключевые слова: деван, роза, соловей, любовник, соперник, птица, классическая литература, сумасшедший.
Abstract
The nightingale is a bird belonging to the family of sparrows, and since ancient times it has been emphasized that it has a "beautiful voice" and "beautiful melody" in folklore. This bird, which entered the literature as a "lover" of flowers, is the most common among other birds in classical literature. This article discusses the introduction of the nightingale to literature, its etymology and its place in classical literature. Where Alisher Navoi uses nightingale in his lyrics and the meanings of nightingale are analyzed.
Key words: devan, rose, nightingale, lover, rival, bird, classical literature, madman.
Kirish. Atirgul deganda birinchi bo‘lib, ko‘z oldimizga keladigan qush bulbuldir. Mumtoz adabiyotda bulbul oshiq, Atirgul- ma’shuqning ramzi. U ko‘zni qamashtiruvchi go‘zalligi, rangi, yoqimli hidi bilan sarson oshiq timsoli bo‘lgan bulbulni maftun etadi. Bulbul har kuni tongda uning shoxlariga qo‘nib, ishq kuylarini kuylaydi. Turkiy adabiyotda gul va bulbul motivi ishtirokida olimlarning hisoblashiga ko‘ra, jami 22 ta asar yozilgan. Eron adabiyotida Farididdin Attorning (vafoti 618/ 1221)ning “Bulbulnoma” asari mavjud. Gul va bulbul haqidagi hikoyalarning kelib chiqishini Yevropa adabiyotida arab adabiyotiga borib taqaladi deb hisoblashadi. Lekin johiliyat davri arab adabiyotiga nazar tashlansa, atirgul va bulbul tasvirining mavjud emasligi ko‘rinadi [5,12]. Ayrim tadqiqotchilarga ko‘ra, atirgul va bulbul motivi arablarga fors adabiyotidan o‘tgan va ulardan Ispaniya va Sitsiliya orqali G‘arbga kirib kelgan.
Asosiy qism. Mumtoz adabiyotda tabiatga murojaat qilish holati keng ko‘lamlidir. Dastlab Mahmud Qoshg‘ariyning asarlariga nazar tashlasak, tabiat tasvirlariga to‘xtalib o‘tgan. Yusuf Xos Hojib ham o‘z asarlarida bahor tavsifi qismlarida tabiatga murojaat qilgan. Umuman, bu an’ana keyinchalik boshqa ijodkorlar asarlarida ham davom etib kelgan. Shoirlar o‘zlarining mavhum tuyg‘ularini ifodalash uchun tabiatdagi aniq narsalardan foydalandilar. Jumladan, “bulbul”ning “gul”ga bo‘lgan muhabbati dastlab xalq ogzaki ijodi namunalarida uchraydi. Folklordan mumtoz adabiyotga kirib kelgan bu motiv keyinchalik shoirlar ijodida yanada takomillashib ketti. “Bulbul” Sharq adabiyoti bilan birgalikda jahon adabiyotida ham o‘ziga xos o‘ringa ega. U fors –tojik tilida bulbul, arabchada andalib va turkiy tilda sanduvach nomlari bilan atalib, mumtoz adabiyotda “hazordoston” (“ming bir xil hikoya qiluvchi”), “hazorovoz” (“ming bir xil ovoz”) kabi sifatlashlar bilan ham ataladi. G‘azallarda bulbul so‘ziga sinonim tarzida “hazor” va “andalib” nomlari qo‘llaniladi. Mahmud Qoshg‘ariy “Devoni lug‘oti turk” asarida turkiy “sanduvach” so‘zidan foydalansa, Yusuf Xos Hojib “bulbul”ning ayni o‘zini ishlatgan.
Chechakzorda bulbul soz aylar kuyin ,
Tunu kun chalar xushovoz surnayin. [3,147]
Shunisini e’tiborga olish kerakki, bizgacha yetib kelgan xalq qo‘shiqlarida ham ayni “bulbul”dan foydalanilgan. Sharqda bulbulga bo‘lgan e’tibor kuchli. Alisher Navoiy lirikasida bu obraz alohida ahamiyat kasb etadi. Shoir o‘z g‘azallarida ko‘pincha o‘zini unga qiyoslaydi.
Furqat ichra Navoiy ul gulsiz
Bulbuledurki, yo‘q navo anda. [1,15]
Necha asrlardan beri ijodkorlar uchun alohida mavzu bo‘lib kelayotgan bu obrazlar Sharq xalqlari adabiyotida eng ko‘p uchraydigan obrazlardir. Eronda Hofiz Sheroziyning gul va bulbul haqidagi baytlari mashxur bo‘lsa, turkiy xalqlarda Yunus Emro va Navoiy ijodida alohida o‘ringa ega. Dastlab qo‘shiq va she’rlarga mavzu bo‘lgan bu obrazlar keyinchalik tasavvuf adabiyotida ham o‘z o‘rniga ega bo‘ldi. Mumtoz adabiyotda gul va bulbul bilan asarlar umumiy tuzilishiga ko‘ra bir biriga o‘xshash bo‘lsa-da, ularning ifoda etilishida farqlanishlar mavjud. Alisher Navoiy g‘azallarida bulbul oshiq ma’nosini ifodalaydi:
Bu chamanda tortibon bulbul tong otquncha fig‘on,
Ishq darsin go‘yiyo gul daftaridin o‘rganur. [1,76]
Bulbul bahor faslida atirgullar gullagan paytda yanada yorqinroq kuylaydi. Shu sababli uni “gul”ga nisbatan oshiq sifatida tasvirlaydilar. Atirgulga oshiq bulbulga “zor” (“yig‘lash va nola”) va “telba” sifatlari berilgan.
Sahob atfoli jola toshlarin yog‘durg‘ali, ey gul,
Pariy yanglig‘ zuhur aylab , junun bulbulg‘a fan qilding. [2, 183]
Bulbulning atirgulga yaqinlashishiga eng katta to‘siq atirguldagi tikanlar bo‘lib, bu tikanlar “raqib” sifatida ko‘riladi.
Hazin bulbul tanig‘a har biridin bir tikan qilding. [2, 183]
Mumtoz adabiyotda bulbul nomi yig‘lab, atirgul g‘unchasi nomi kulib zikr qilinadi. Bahor faslida bulbul kuylashi – bu uning yig‘lashidir; gulning gullab yashnashi esa uning kulgusidir .
G‘uncha kulgusiga, ey bulbul, ko‘ngul gar bermasang,
Bag‘ringa har gul soyu yuz xor bo‘lg‘aymu edi.[2,316]
Adabiyotshunos Iskandar Palaning fikricha, devon adabiyotini bulbuldan ayri tasavvur qilish mumkin emas. Bulbul o‘z navosi bilan kuylab, nola qiladigan va sevganiga doimo oshiqona murojaat qiladigan qushdir. Bulbul gohida oshiqning o‘zi, gohi qalbi va gohida ruhi. Uning go‘zal ovozi xuddi oshiqlarning tiliga, navosi go‘zal so‘zlariga o‘xshaydi. Oshiq ma’shuqsiz bo‘lmaydi, bulbul gulsiz bo‘la olmaydi. Atirgulning tikanlari bulbulning bag‘rini teshganidek, ma’shuqning azoblari ham oshiqning bag‘riga qilich yoki xanjardek teshadi. Xulosa qilib aytganda , bulbulning har bir sifati oshiqda mavjud. [6,97].
Hazin bulbul tanig‘a har biridin bir tikan qilding. [2,183]
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Alisher Navoiy. Badoye ul-vasat. TAT. 10 jildlik, 3- jild. –T., 2011.
2. Alisher Navoiy. Favoyid ul-kibar. TAT. 10 jildlik, 4- jild. –T., 2011.
3. Yusuf Xos Hojib. Qutadg‘u bilig.-T., 1971.
4. Osman KUFACI. Necati bey divani’nda bülbüle dair tespitler. Journal of Turkish Language and Literature Volume:5, Issue:4, Autumn 2019, (687-709) Doi Number: : 10.20322/littera.596023
5. Öztekin, Nezahat (2002). Fazlî, Gül ü Bülbül. İzmir: Akademi Kitabevi.
6. İskender Pala (1995). Ansiklopedik Divan Şiiri Sözlüğü, Ankara: Akçağ Yay.
7. https://www.sabah.com.tr/sozluk/cografya/bulbul-tasavvufta-askta-veedebiyatta-bulbul
본문은 PDF에서 자동으로 추출되었으며 부정확할 수 있습니다.