POLISEMIYA HODISASI
Axmedova Aynura Quanishbay qizi
Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti 3-kurs talabasi
aynuraaxmedova345@gamil.com
Annotatsiya: Ushbu maqolada antroposentrik paradigma, uning mohiyati, zamonaviy yo‘nalishlari, o‘ziga xos terminlari haqida so‘z yuritilgan. Terminlar o‘rtasida polisemiya hodisasi “kod” termini orqali ochib berilgan, fikrlar misollar orqali dalillangan.
Abstract: This article discusses the anthropocentric paradigm, its essence, modern directions, and specific terms. The phenomenon of polysemy between terms is revealed by the term "code", and the ideas are proved by examples.
Аннотация: В данной статье рассматривается антропоцентрическая парадигма, ее сущность, современные направления и конкретные термины. Явление многозначности между терминами раскрывается термином «код», а идеи доказываются примерами.
Kalit so‘zlar: antroposentrizm, zamonaviy lingvistik sohalar, termin, o‘zlashma, polisemiya, monosemiya, baynalmilal, semema, terminologik lug‘at.
Key words: anthropocentrism, modern linguistic fields, term, assimilation, polysemy, monosemy, international, sememe, terminological dictionary.
Ключевые слова: антропоцентризм, современные лингвистические поля, термин, ассимиляция, полисемия, моносемия, интернациональная, семема, терминологический словарь.
Til insonlarni boshqa jonzotlardan ajratib turuvchi eng katta in’omlardan biridir. Uzoq yillar mobaynida til va jamiyat, til va inson alohida o‘rganilib kelindi. Lekin o‘tgan asrga kelib dunyo tilshunosligida til va insoniyatga ajralmas yaxlitlik, bir butunlik sifatida qarash shakllandi, ya’ni tilning inson tafakkurining mahsuli, o‘zida muayyan til egasining bilimlarini, lisoniy ko‘nikmalarini, tajribalarini saqlovchi vosita ekanligiga ko‘proq e’tibor qaratila boshlandi. Natijada XX asrning oxirgi yillarida tilshunoslikda tilni shaxs omili bilan bog‘liq holda o‘rganish usuliga asoslangan va o‘ziga xos tahlil usullariga ega antroposentrik paradigma paydo bo‘ldi. Antroposentrizm so‘zi lotincha “antropos” – odam va “centrum” – markaz so‘zlar birikuvidan hosil bo‘lgan bo‘lib, uning mohiyati: har qanday tadqiqotning markazida inson, ya’ni til sohibi turishidir. Til nafaqat til sohibining bilimlarini, ko‘nikma, tajribalarini saqlaydi, shuningdek u o‘zida shaxsning dunyoqarashini, tafakkur tarzini, ruhiy holatini, axloqi, hayot tarzini, milliy mentalitet, milliy madaniyat, qadriyatlarni ham aks ettiradi. Shu sababli bugungi kunda antroposentrik lingvistikaning lingvokulturologiya, pisixolingvistika, neyrolingvistika, kognitiv lingvistika, etnolingvistika, aksiolingvistika, sotsiolingvistika kabi sohalari ajralib chiqdi. O‘ziga xos ehtiyojlar sababli mazkur zamonaviy lingvistik sohalar ham o‘ziga xos lug‘at tarkibini, terminologik tizimini shakllantirdi.
Tilshunoslikda yangi paradigma – antroposentrizmga oid ilmiy tadqiqotlar o‘tgan asrlarda o‘zbek tilshunosligiga ham kirib kela boshladi. Buning natijasida zamonaviy tilshunoslik sohalariga oid ilmiy terminlar ham keng ko‘lamda tezlik bilan o‘zbek tiliga o‘zlashdi: lakuna, konsept, sikript kabi. Birin-ketin tilshunoslikning ushbu sohalari bo‘yicha tadqiqot metodlari yaratildi, bir qator dissertatsiya, monografiya, o‘quv qo‘llanmalar nashr etildi. Jumladan, antroposentrik sohalarga oid muammolar o‘zbek tilshunosligida A.Nurmonov, D.Xudoyberganova, Sh.Safarov kabi olimlar tomonidan keng ko‘lamda o‘rganildi. Hozirda ham bu tadqiqotlar davom etmoqda.
Ta’kidlaganimizdek, antroposentrik tilshunoslik an’anaviy tilshunoslikdan farqli ravishda o‘ziga xos terminologik tizimiga ega bo‘ldi. Ma’lumki, o‘z navbatida termin ham umumadabiy leksikadan farqlanadi. Termin qaysi tildan o‘zlashgan bo‘lsa, tilga o‘sha ma’noda, ya’ni monosemali bo‘lib o‘zlashadi. Keyinchalik tildagi har xil o‘zgarishlar sababli unga yangi ma’nolar qo‘shilishi mumkin. Ayniqsa, ilmiy terminlar bir ma’noli – monosemali bo‘lishi lozim. Chunki terminlar semantik jihatdan maxsus tushunchalarni ifodalaydigan, ularning har biri o‘z ma’nosiga ko‘ra unikal bo‘lgan, umumadabiy so‘zlardan bir ma’noliligi, aniqligi, sistemaliligi, kontekstdan xoliligi va emotsional jihatdan neytralligi bilan ajralib turuvchi so‘z yoki so‘z birikmasidir [1]. Demak terminga qo‘yiladigan asosiy talablardan biri uning monosemali bo‘lishidir. Lekin bugungi sohalar terminologiyasida aynan bitta termin bir nechta ma’nolarni ifodalashda foydalanilayotgani hech kimga sir emas. Xususan, aksentuatsiya termini tilshunoslikda quyidagi ma’nolarni ifodalashda ishlatilmoqda: 1. So‘z yoki gapdagi ma’lum qismlarni urg‘u yordamida ajratish; 2. Tilning urg‘u sistemasi; 3. Matnda urg‘uni belgilash [1]. Mazkur holatlar terminlarni qo‘llashda yoki ularni tushunishda chalkashlikni keltirib chiqarishi mumkin. Bunday terminlarni juda ko‘plab topish mumkin. Birgina tilshunoslik sohasida polisemantik ilmiy terminlar soni anchagina. Bu bir tarafdan salbiy oqibatga olib kelsa, ikkinchi tarafdan ijobiydir, ya’ni ushbu hodisa terminologiyada tejamkorlikka sabab bo‘lib, tilda terminlar sonining keskin oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi. Xususan, yuqorida ta’kidlangan terminning uchta ma’nosini uchta alohida termin bilan atashga hojat yo‘q, ya’ni natijada ikkita termin tejalgan.
Ma’lumki, polisemiya umumadabiy, mahalliy leksikaga xos asosiy xususiyatlardir. Ular tilning boyligini, ifoda imkoniyatlarini oshiradi. Biroq terminologik tizimda leksik-semantik hodisalar, xususan polisemiya hodisasi adabiy tildagi kabi ko‘p hajmda bo‘lmagani maqsadga muvofiqdir. Lekin terminlarning aksariyati bugungi kunda polisemiyadan tashqari omonimlik, sinonimlik, antonimlik, graduonimik qatorlarni tashkil qilmoqda. Masalan, tasnif-klassifikatsiya, terminatama, semema-ma’no kabi terminlar aynan bitta tushunchani ifodalaydi. Albatta, bunday parallel tarzda ishlatilayotgan terminlarning bittasi ruscha-baynalmilal o‘zlashma sanaladi. Bugungi kunimizda ham lug‘at boyligimizdan o‘zlashmalarning muqobili qidirilmasdan, uni to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘zlashtirish holati oshib bormoqda. Bu esa tilda o‘zlashmalarning, baynalmilal terminlarning ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda.
Bugungi terminologik lug‘at boyligimiz hajmi sezilarli darajada katta. Albatta leksemalarni, terminlarni tartibga solib turuvchi asosiy qurol lug‘atlardir. Bugungi kunda ko‘plab sohalar o‘zlarining alohida izohli lug‘atlariga ega. Masalan, “Tarix terminlari izohli lug‘ati”, “Yuridik terminlar lug‘ati”, “Tibbiy terminlar izohli lug‘ati”, “Tilshunoslik terminlarining izohli lug‘ati” kabi. Ushbu lug‘atlarda agar termin polisemiyali bo‘lsa, ma’nolari raqamlar bilan har bir lug‘at maqolasida ko‘rsatiladi. Zamonlar o‘tishi bilan muayyan terminlarga qo‘shimcha ma’nolar yuklanadi. Bu holat esa izohli terminologik lug‘atlarni yangilab turishni taqazo etadi. Bugungi o‘zbek tilshunosligida zamonaviy lingvistik sohalarga oid tadqiqotlarning ko‘payishi natijasida termin va uning ko‘plab ma’nolari ham o‘zlashdi. Jumladan, qo‘shimcha semalari hajmining ko‘pligi bo‘yicha umumadabiy leksikadagi ayrim polisemiyali leksemalardan qolishmaydigan terminlardan biri kod terminidir. Bu baynalmilal terminning ma’nolarini izohlashda ensiklopedik va izohli lug‘atlarga murojaat qilamiz. O‘zbek tilining izohli lug‘atida ushbu terminga quyidagicha izoh berilgan: “fr. Code, lot. Codex – qonunlar majmui. Aloqa (telegraf, telefon, radio kabilar), avtomatik boshqarish tizimlarida, EHM (elektron hisoblash mashinalari)da istalgan axborotlarni uzatish, qayta ishlash va saqlash uchun qo‘llaniladigan, ma’lum tartibdagi shartli belgi, ramzlar yoki signallar tizimi. Telegraf kodi.” [2]
O‘zbekiston Milliy Ensiklopediyasida esa mazkur terminning beshta ma’nosi keltirilgan: 1) turli axborotlarni ifodalovchi shartli belgilar tizimi; 2) raqamli hisoblash mashinalari (RHM) va dasturlar tayyorlash uchun qo‘llaniladigan shartli belgilar tizimi; 3) telemexanikada – ma’lumotlarni aloqa kanali orqali uzatish uchun mo‘ljallangan signallar tizimi; 4) astronomiyada – kometalar, yangi va o‘rta yangi yulduzlar kashf qilinganligi, sayyoralarda noyob hodisalar kuzatilganligi va b. haqida rasadxonalar va astronomik telegrammalar xalqaro markaziy byurosi orasida o‘zaro telegraf axborotlari almashishda qo‘llaniladigan so‘z va raqamlar tizimi; 5) harbiy sohada – harbiy mazmundagi maxfiy ma’lumotlarni yashirin uzatish uchun qo‘llaniladigan shartli belgilar tizimi. Shartli belgilar shtablar tomonidan tuzilishi, raqamli, harfli va maxsus belgili bo‘lishi mumkin[3]. Demak, mahfiylik, yashirinlilik, maxsus belgilardan iboratlilik ushbu terminning asosiy xususiyatlaridir. Termin mazkur ma’noda tilshunoslik sohasiga ham o‘zlashdi va bugungi zamonaviy lingvistik yo‘nalishlarda, tadqiqotlarda faol tarzda foydalanilmoqda. Jumladan, kod termini kompyuter lingvistikasida maxsus belgilardan iborat jumlalar ma’nosida qo‘llaniladi. Bugungi kunda kompyuter lingvistikasida milliy korpus yaratish, lingvistik saytlar, axborotni saqlovchi, yetkazib beruvchi har xil dasturlar, elektron izohli va murakkab tezaurus lug‘atlar ishlab chiqish kabi amaliy ishlar bajarilmoqda. Bu kabi vazifalarda, albatta, kodlar eng muhim elementlardir. Bunda kodlar muayyan raqam va harflar ketma-ketligidan iborat bo‘ladi. Masalan, elektron lug‘atlar yaratish jarayonida lug‘atning izohlanayotgan har bir so‘ziga mutanosib keluvchi kodlar ishlab chiqiladi va unda so‘zning barcha zaruriy morfologik, sintaktik, leksik xususiyatlari jamlangan bo‘ladi: “katta” so‘zi o‘rniga K0083 kodi ishlatiladi.
Sotsiolingvistika, psixolingvistika kabi sohalarda kod termini boshqacha talqin qilinadi. Bunda u muloqot vositasi bo‘lib, tabiiy tillar (o‘zbek, rus, ingliz va h.k.) hamda sun’iy tillar: esperanto, zamonaviy mashina tillari, morze alifbosi, turli signallar va boshqalarni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, kod deyilganda lisoniy shakllar: til, hududiy yoki ijtimoiy dialekt, shahar koynesi tushuniladi.[9]
Kognitiv tilshunoslik til va tafakkur munosabatini, tilning takakkur mahsuli ekanligini o‘rganuvchi tilshunoslikning yangi sohasidir. Bunda ham kod tafakkurimizdagi so‘zlar – obrazlarga nisbatan ishlatiladi. Kognitiv tilshunoslikda UPK (universal predmet kodi) degan tushuncha bor. Borliqdagi har qanday predmet, tushunchalar ongimizda muayyan obrazlar sifatida yashaydi. Masalan, “gul” bir kishi uchun “atirgul” bo‘lsa, boshqasi uchun “rayhon”, yana biri uchun “lola”.[5] Ko‘ringanidek, umumlashgan va qisman mavhumlashgan obraz har bir shaxsda individuallashadi. Lekin ular tafakkurda barcha uchun bir xil kod – ramziy belgi (“gul”)ni hosil qiladi.
Xulosa qilib aytganda, terminlar o‘rtasida nafaqat polisemiya, balki deyarli barcha leksik-semantik hodisalar: antonimiya, sinonimiya, omonimiya, graduonimiya, giponomiya kabilar ham uchraydi. Bu kabi holatlarni lug‘atlarda ko‘rsatish, ilmiy terminlar uchun maxsus polisemantik, omonimik, antonimik lug‘atlar yaratish kabilar terminologik tizimni tartib solishda, takomillashtirishda muhim bo‘lgan amaliy vazifalardir.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Dadaboyev H. O‘zbek terminologiyasi. – Toshkent, 2019. – B. 83.
2. O‘zbek tilining izohli lug‘ati. Besh jildlik. – Toshkent: O‘zbekiston milliy
ensiklopediyasi, 2006. – B. 386.
3. O‘zbekiston Milliy Ensiklopediyasi. XIV tomlik. – Toshkent: O‘zbekiston
milliy ensiklopediyasi, 2005. – B. 469.
4. Rashidov T.R. Politexnika lug‘ati. – Toshkent, 1989
5. Safarov Sh. Kognitiv tilshunoslik. – Toshkent: Sangzor, 2006. – B. 16.
6. Safarov Sh. Pragmalingvistika. – Toshkent, 2008
7. Safarov Sh. Semantika. – Toshkent: O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi, 2013
8. Toirova G. Pragmalingvistika. – Toshkent: Akademnashr, 2016.
9. Usmonova Sh va boshq. Sotsiolingvistika. – Toshkent, 2014. – B. 79.
10. Usmonova Sh. Psixolingvistika. – Toshkent, 2014
11. Xolmanova Z. Kompyuter lingvistikasi. – Toshkent, 2020
12. Xudoyberganova D. Lingvokulturologiya terminlarining qisqacha izohli
lug‘ati. – Toshkent: Turon zamin ziyo, 2015
13. Xudoyberganova D. Matnning antroposentrik tadqiqi. – Toshkent: Fan, 2013
본문은 PDF에서 자동으로 추출되었으며 부정확할 수 있습니다.