ResearcherUz LogoResearcherUz
저널 보기

Avestoda Oʻrta Osiyo qadimgi aholisi haqidagi ma’lumotlar

초록

Ushbu maqolada Oʻrta Osiyo xalqlari qadimgi tarixi haqida ma’lumot beruvchi ilk manbalardan bo’lgan “Avesto” kitobi va unda tilga olingan yurtimiz hududida yashagan qadimgi xalqlar haqida so’z boradi.


전체 PDF 문서

관련 논문

전문

Avestoda Oʻrta Osiyo qadimgi aholisi haqidagi ma’lumotlar.

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti 2-kurs magistranti

Suyunov Farid Abdumalik o’g’li

+998944694422

Annotasiya

Ushbu maqolada Oʻrta Osiyo xalqlari qadimgi tarixi haqida ma’lumot beruvchi ilk manbalardan bo’lgan “Avesto” kitobi va unda tilga olingan yurtimiz hududida yashagan qadimgi xalqlar haqida so’z boradi.

Kalit so’zlar: “Avesto”, “Videvdat”, “noma'lum yozuv”, “Mazdaga sigʻinmoq”, Axura, Mazdayasna, Baqtriya, Margʻiyona, Sugʻdiyona va Xorazm, Anketil Dyuperron , “Rigveda”, “fragard”, “behisht”, daujvah, Saoshyanata.

Abstract

This article deals with the book "Avesta", which is one of the first sources of information about the ancient history of the peoples of Central Asia, and about the ancient peoples who lived in the territory of our country mentioned in it.

Key words: "Avesta", "Videvdat", "unknown inscription", "Worship of Mazda", Ahura, Mazdayasna, Baktriya, Margiyona, Sugdiyona and Khorezm, Anketil Duperron, "Rigveda", "fragard", "paradise", daujvah, Saoshyanata.

Oʻrta Osiyo xalqlari qadimgi tarixi haqida ilk ma’lumot beruvchi dastlabki manba - Avesto bo’lib, birinchi bor uning “Videvdat” kitobida Oʻrta Osiyoning qadimgi viloyatlari va xalqlarining nomlari tilga olinadi.

Oʻrta Osiyoning qadimgi xalqlari haqida Ahomaniy podsholarining qoyatoshlarga bitilgan bitiklarida ham tegishli ma’lumotlar uchraydi. Oʻrta Osiyo xalqlarining turmush tarzi, urf-odatlari, kiyim-kechagi va koʻp qirrali hayoti haqida qiziqarli materiallar yunon mualliflari va Xitoy yozma manbalarida koʻproq uchraydi. Bulardan tashqari arxeologik izlanishlar davomida turli davr va yillarda topilgan mahalliy aholining xorazmiy, bohtariy, sugʻdiy, parfiyoniy va “noma’lum yozuv” deb atalmish yozma manbalari ham borki, ular qisqa va kam boʻlishidan qatiy nazar, Oʻrta Osiyo xalqlari, jumladan, oʻzbek etnogenezi uchun noyob ma’lumotlar beradi. Arab, fors va turk yozma manbalarida ham oʻzbek xalqi etnogenezi va etnik tarixi uchun qimmatli ma’lumotlar uchraydi. Oʻrta Osiyo xalqlarining kelib chiqishi masalalarini yoritishda ularning oʻrni va ahamiyati beqiyosdir. Bu yozma manbalar ichida eng qadimgisi, qadimda Oʻrta Osiyoda yashagan xalqlar nomini ilk bor tilga olgan yozma manba – bu Avestodir.

“Avesto” oʻlkamizda islom dini yoyilguniga qadar (milodiy VIII asrgacha) ajdodlarimiz e’tiqod qilgan zardushtiylik dinining muqaddas kitobi boʻlgan. Bu kitob ajdodlarimiz yakkaxudolikka iymon keltirgunlarigacha uzoq oʻtmishdan boshlab ma’naviy izlanish, oʻzlikni anglash yoʻlida bosib oʻtgan tafakkur takomillashuvi bosqichlarining mevasi sifatida bizgacha yetib kelgan buyuk merosdir.

Zardushtiylik dini odamlarga bu din haqida xushxabar keltirgan paygʻambar Zaratushtra nomi bilan bogʻliq holda shartli ravishda shu nom bilan atalib kelinadi. Aslida “Avesto” kitobida bu din mazdayasna dini deb atalgan. Bu soʻz “Mazdaga sigʻinmoq” deb tarjima qilinib, Mazda soʻzi “donishmand, aqilli”ma’nosini anglatadi.

Barcha ezgu borliq Mazdaning irodasi bilan yaratilgan, deb e’tiqod qilingan. Mazda soʻzi oldiga Axura – “ulugʻlash” soʻzi qoʻshilib, zardushtiylikning ilohiy-xudosi – Axura Mazda nomi paydo boʻlgan. Mazdayasna (zardushtiylik) dini oʻlkamizda islom dini yoyilishi jarayonida, xususan, VIII asrdan keyin rasmiy din sifatida soʻna boshlagan. Uning muqaddas kitobi, ajdodlarimiz islomga qadar yaratgan koʻplab kitoblar qatori, yoʻqola va unutila boshlagan. Ayniqsa, VIII asr boshlaridan boshlab fath etilgan barcha oʻlkalarda arab yozuvi va tilining qat’iy joriy qilinishi, sugʻd, eftaliy, pahlaviy, moniy, suryoniy va boshqa yozuvlarning rasman man etilishi qadimiy yozuv madaniyatining unutilish jarayonini yanada tezlatdi.

Lekin “Avesto” haqida gap ketganda, uning tarixiy taqdirida oʻziga xos voqealar davri boshlandi. Avvalo, arablar ilk harbiy yurishlari bilan VII asr oʻrtalarida Sosoniylar Eroni, soʻngra Markaziy Osiyoga kirib kelgandayoq ajdodlarimizning qadimiy dini zardushtiylik bilan yuzma-yuz kelgan edi. Keyinchalik fath ishlari poyoniga yetib, islom dini yoyilgan pallada zardushtiy jamoalari yalpi ta’qib ostiga tushdi. Bu hol Eronu Turon oʻlkalarida ayovsiz davom etdi. Shu vaziyat taqozosi bilan zardushtiylarning bir qismi xavfsiz oʻlkalarga koʻchib ketishga majbur boʻldi. Oqibatda VIII–XIII asrlar davomida bu jamoalar Hindistonning Bombey va Gujarot viloyatlariga kelib oʻrnashdi. Bu qavmlar, asl kelib chiqishidan qat’i nazar, mahalliy xalq orasida forslar (parslar), deb atala boshlandi. Muhimi shundaki, ayni shu zardusht jamoalari qadimiy dinlariga e’tiqodni saqlab qolganliklari tufayli umuman unutilishga mahkum etilgan din tizimi, uning urf-odatlari, aqidalari va nihoyat, muqaddas kitobi “Avesto”ning asosiy, kundalik amaliyot uchun eng zarur va muqaddas hisoblangan qismlari saqlanib qoldi. Hozirgi kunda ham oʻsha qavmlarning avlodlari – qariyb 150 ming zardushtiy Hindistonning mazkur oʻlkalarida oʻz dinlarini saqlab yashab kelmoqda.

Koʻpchillik olimlarning ta’kidlashlaricha, zardushtiylik dinining ilk vatani Turon oʻlkalari boʻlgan, deb tan olishmoqda. Chunki, “Avesto”da aks etgan mifologik qatlamlar, tarixiy-geografik manzaralar asos-e’tibori bilan Turon oʻlkalariga, aniqrogʻi, Baqtriya, Margʻiyona, Sugʻdiyona va Xorazmga xosdir. Qolaversa, “Avesto”ga asos boʻlgan til, hozirgi fors tilining ajdodi boʻlmish qadimgi janubi-gʻarbiy eroniy tildan farqli ravishda, shimoli-sharqiy eroniy tillarga, xususan, Oʻzbekistonning qadimgi hududlarida amal qilgan tillarga qarindoshdir.

Aksariyat olimlarning fikricha Zardusht tarixiy shaxs. Zardusht an’anaviy tasavvurlarga koʻra, miloddan avvalgi VII-VI asrlar oraligʻida yashagan (I.M.Dyakonov, V.I.Abayev, B.Gʻ.Gʻofurov). Ammo, Avesto ma’lumotlariga asoslanib olimlar Zaratushtrani miloddan avvalgi II ming yillikning ikkinchi yarmida (XIII-XII asrlarda - Meri Boys), miloddan avvalgi I ming yillikning boshlarida (X-IX asrlar oraligida-I.M.Steblin - Kamenskiy) oʻtgan, degan fikrlar ham oʻrtaga tashlangan1.

Xoʻsh, Zardusht qachon yashagan? Bu masalada, bizningcha, miloddan avvalgi II ming yillik – oʻlkamizda bronza asri gullab-yashnagan, sugʻorma dehqonchilik va xonaki chorvachilik muqim rivojlangan, jamiyatda hokimlar, ruhoniylar, harbiylar, hunar ahli, chorvadorlar, dehqonlar kabi tabaqalar yuzaga kelib, mehnat taqsimoti va ijtimoiy tabaqalanish chuqurlashgan davr – zardushtiylik yaxlit din sifatida shakllangan davr, deyishga toʻla asos bor. Ana shu davrda ibtidoiy diniy-mafkuraviy, mifologik tasavvurlar saqlanib, ma’lum bir tizimga keltirilgan. Dunyoning yaxlitligi, hayot tarzining muqim va tadrijiyligi turli-tuman ilohlarga e’tiqodni soʻndirib, yaxlit, yagona sababkorni izlashga, uni tanishga, unga iymon keltirish va e’tiqod qilishga undagan. Demak, miloddan avvalgi II mingyillik oʻlkamizda kuchli tafakkur izlanishlari davri sifatida, xaqni tanish, pirovardida yakka xudoni tanishda ajdodlarimiz uchun oʻziga xos ma’naviy taraqqiyot bosqichi boʻlgan.

Sharqda tarixiy manbalar “Avesto” kitobi mavjud boʻlgani haqida ikki ming yildan ziyod vaqt davomida koʻplab ma’lumotlarni saqlagan. Yevropada esa “Avesto” kitobi haqida ilk ma’lumotlar oʻrta asrlardagina paydo boʻlgan, ya’ni inglizlar 1 Asqarov A.A. O’zbek xalqining kelib chiqish tarixi. “O’zbekiston”-2015. 91,97 betlar Hindistonni istilo qilgach, bu ma’lumot yanada boyigan. 1750-yillarning boshlarida yosh fransuz tadqiqotchisi Anketil Dyuperron “Avesto”ni oʻrganish ishtiyoqi bilan yonib, ingliz harbiy qismlariga qoʻshilib Hindistonga boradi. Zardushtiy jamoalar orasida uzoq muddat boʻlib, ularning ishonchini qozonib, dindorlargina tafsir qila oladigan “Avesto” tilini oʻrganadi, “Avesto” matnlarini sotib oladi. Soʻngra 1761 yili Fransiyaga qaytib kelib, 1771 yili “Avesto” matnlarini nashr ettiradi.

Koʻp oʻtmay “Avesto” haqidagi ma’lumotlar yanada koʻpayib, unga ilmiy qiziqish ortdi. Dyuperronning buyuk ilmiy jasorati va fan oldidagi xizmati tan olinadi. U tarjimada yoʻl qoʻygan xatolar, talqindagi kamchiliklar tuzatiladi. “Avesto” bilan hind xalqining ulugʻ asotiriy asari “Rigveda”ning tili yaqin ekanligi ma’lum boʻladi. A. Dyuperron “Avesto” tili Hindistonning boshqa tillariga hamda yunon va lotin tillariga yaqinligini anglab, tarixda birinchi boʻlib fanga “hind-yevropa tillari” tushunchasini kiritdi.

“Avesto” oʻz vatani Turonzaminda qadimdan ilmiy dunyo diqqat markazida boʻlib kelgan2. Avvalo, bu masala “Avesto” kitobining toʻplanishi, uning tarkibiy boʻlaklariga silsilaviy tartib berilishi va nihoyat, eng mukammal, ishonchli shakli yuzaga kelishi uzoq ajdodlarimizning kitobatchilik madaniyati hamda qadimiy matnshunoslikning buyuk namunasidir. Qolaversa, oʻrta asr ilmida “Avesto” haqida batafsil ma’lumotlarni ulugʻ alloma Abu Rayhon Beruniy asarlaridan va boshqa manbalardan olish mumkin.

Avesto bizgacha toʻliq yetib kelmagan, uning Yasna, Yasht, Visparad, Videvdat deb atalgan kitoblaridan parchalar yetib kelgan. “Avesto”ning “Videvdat” kitobi 22 bob boʻlib, Avesto qismlari orasida birmuncha yosh, lekin toʻliq saqlangan kitobdir3. Uning boblari “fragard” deb atalgan. Fragardlarda Axura Mazda yaratgan 16 ta viloyatlar, jumladan Xvarizam (Xorazm), Gava Sugʻuda (Sugʻd), Mouri (Marv), Baxdi (Balx) haqida, dehqonchilik va chorvachilikning savobli sharofatlari haqida ma’lumotlar berilgan4. 2 Asqarov A. O’zbek davlatchiligining tarixiy ildizlari // Davlatchilikning ilk bosqichlarida – O’zbekiston. (Respublika ilmiy-amaliy konferensiya materiallari). T.: 2010. 10-b. 3 Sagdullayev A.S. Avesto tarixiy geografiyani o’rganish manbai sifatida. “Aveso kitobi-tariximiz va ma’naviyatimizning ilk yozma manbai” mavzusidagi ilmiy-amaliy seminar materiallari.Toshkent, 2000, 35-39 betlar 4 Is’hakov M. Ezgu o’y, ezgu so’z va ezgu amal. “Aveso kitobi-tariximiz va ma’naviyatimizning ilk yozma manbai” mavzuidagi ilmiy-amaliy seminar materiallari.Toshkent, 2000, 14,17 betlar;.

Avestoning “Visparad” kitobida zardushtiylarning bayram va diniy marosimlarda ijro etiladigan madhiyalari toʻplangan. Yasht kitobi “Avesto”ning eng qadimiy qatlami boʻlib, 22 bobdan iborat. Har bir bob Axura Mazdadan boshlab, u yaratgan va uning ma’lum vazifalarini bajaruvchi ma’budlar sha’niga aytilgan madhiya (alqov)lardan iboratdir. Demak, Yasht boblari qadimgi qabilalar ogʻzaki ijodi asosida paydo boʻlgan.

“Avesto” qadimiy tarix, din, etnografiya, axloqiy-falsafiy qarashlar, astronomiya, ilohiyot va boshqa koʻplab sohalar uchun qiziqarli ma’lumotlar bera oladi5. Shu bilan birga, “Avesto” mohiyatan ilk badiiy ijod va adabiyot obidasidir. Uning tarkibida eng qadimgi asotirlarimiz, rivoyatlar, qahramonlik dostonlari mavjud. “Avesto”ning asotiriy obrazlari tizimidan oʻrin olgan Xushang, Taxmuras, Jamshid, Kayumars, Faridun, Zahhok va boshqalar oʻrta asr dostonchiligi va adabiyotiga ham kirib kelgan. Kayxusrav, Afrosiyob, Siyovush, Rustam, Suhrob va boshqa siymolar asrlar osha yashab kelmoqda.

“Avesto”da zardushtiylikning eng muhim axloqiy gʻoyasi bunday ifoda topgan: agar ezgu borliqni yaratgan Axura Mazda qabohat dunyosini yaratuvchi Axriman ustidan gʻolib boʻlib, insoniyat abadiy baxtu saodatga erishsin desang, ezgu fikr yurgiz, ezgu soʻznigina soʻzla, ezgu ishlar bilan band boʻl. Hayotida shu uch qoidaga amal qilgan odam qabohat, yovuzlik yoʻliga ogʻib ketmaydi. Bu esa eng oddiy hayotiy maqsad – haq yoʻldagi yagona maqsad boʻlmogʻi kerak. Zardushtiylikda inson erkin tanlash orqali ezgulik yoki qabohat tomonida turishi mumkin, deyiladi6. Insonning bu masalada tutgan yoʻli haqiqat va ezgulik bilan yolgʻon va yovuzlik oʻrtasidagi kurashda ezgulikning gʻalabasi uchun gʻoyat muhim. Ezgulik yoʻli esa haq yoʻl boʻlib, Axura Mazdaning xabarini keltirgan Zardusht odamlarni shu yoʻlga yetaklaydi. Iymonli, e’tiqodli odamlarning ommaviy ezgu harakatlari yomonlik, qabohat ustidan gʻolib boʻladi. Shunda ezgu amalda turgan barcha odamlar adolatli saltanatda abadiy yashaydilar. Zardusht odamlarga abadiy farogʻatli jannat hayotini va’da qiladi. Buning nomi “behisht”, ya’ni “Avesto”cha vahu-hishta – “yaxshi hayot” demakdir. Zardushtiylar ananasi bu jannatni 3000 yildan keyin keladi, deb hisoblaydi. Oʻshanda Zardusht naslidan paydo boʻlgan xaloskor Saoshyanata muqaddas suv ostidan chiqib, 5 “Avesto” Asqar Mahkam tarjimasi. – T.: Sharq. 2001. 8-34 betlar. 6 Asqarov A.A. O’zbek xalqining kelib chiqish tarixi. “O’zbekiston”-2015. 91,97 betlar savobga doxillarning hammasini Axriman yaratgan daujvah ( doʻzax) xurujlaridan qutqaradi. Saoshyanata kelgach, ezgulik uzil-kesil gʻalaba qiladi, deyiladi.

Avestodagi qadimgi geografik hududiy tushunchalar – etnik qabilalar va viloyat nomlari, ijtimoiy va iqtisodiy munosabatlar, Avesto jamiyatining ijtimoiy tarkibi, Oʻrta Osiyo xalqlari etnogenezi va ilk davlatchilik tarixi uchun noyob manbadir. Unda oʻzbek va tojik, fors va afgʻon, ozarbayjon va boshqa xalqlarning ibtidoiy va qadimiy ilohiy tasavvurlari, koinot va yerdagi dunyoning yaratilishi bilan bogʻliq tushunchalar, afsona va rivoyatlar, falsafiy - axloqiy qarashlar oʻz aksini topgan.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO’YXATI.

1. Asqarov A.A. O’zbek xalqining kelib chiqish tarixi. “O’zbekiston”-2015.

91,97 betlar

2. Asqarov A. O’zbek davlatchiligining tarixiy ildizlari // Davlatchilikning

ilk bosqichlarida – O’zbekiston. (Respublika ilmiy-amaliy konferensiya

materiallari). T.: 2010. 10-b.

3. Sagdullayev A.S. Avesto tarixiy geografiyani o’rganish manbai sifatida.

“Aveso kitobi-tariximiz va ma’naviyatimizning ilk yozma manbai” mavzuidagi

ilmiy-amaliy seminar materiallari.Toshkent, 2000, 35-39 betlar

4. Is’hakov M. Ezgu o’y, ezgu so’z va ezgu amal. “Aveso kitobi-tariximiz

va ma’naviyatimizning ilk yozma manbai” mavzuidagi ilmiy-amaliy seminar

materiallari.Toshkent, 2000, 14,17 betlar; .

5. “Avesto” Asqar Mahkam tarjimasi. – T.: Sharq. 2001. 8-34 betlar.

6. Israilova, S. (2023). TARIXIY MANBALARDA RANGLAR TALQINI.

0 ‘ZBEKIST0N MILLIY UNIVERSITETI XABARLARI.

7. Otajanova, M. (2022). ANALYSIS OF MYTHOLOGYSMS IN

MODERN UZBEK PROSE. ANGLISTICUM. Journal of the Association-

Institute for English Language and American Studies, 11(5), 16-27.

본문은 PDF에서 자동으로 추출되었으며 부정확할 수 있습니다.