Betakror me'moriy yodgorlik namunasi - Labi hovuz ansambli tarixi
Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti
San'atshunoslik va muzeyshunoslik fakulteti 3-kurs muzey menejmenti va
madaniy turizm yo'nalishi talabasi
Saloyeva Ozoda
Annotatsiya: Ushbu maqolada qadimiy va asrlar sinovidan oʻtib kelayotgan navqiron Buxorodagi nodir madaniy meros yodgorligi, oʻtmishda va hozirda ham shahardagi eng turistik va ommabop markaz boʻlmish Labi hovuz ansambli haqida soʻz boradi. Maqola ushbu mavzu haqida qimmatli ilmiy ma'lumotlarga ega ekanligi bilan alohida ahamiyatga molik va bunday me'morchilik namunalari arxitekturasi bilan qiziquvchilar uchun ilmiy -uslubiy qoʻllanma hisoblanadi.
Kalit soʻzlar: Arxitektura, ansambl, sayohat, moddiy va maʼnaviy madaniyat, karvonsaroy, xonaqoh, madrasa, devonbegi, koʻkaldosh, peshtoq, mozaika , mayolika, gumbaz , hujra ,peshayvon.
Аннотация: В статье речь пойдет об ансамбле бассейнов Ляби, редком памятнике культурного наследия современной Бухары, который является древним и прошедшим проверку временем, а также самым туристическим и популярным центром города в прошлом и настоящем. Статья имеет особое значение, так как содержит ценную научную информацию по данной теме и является научно-методическим пособием для интересующихся архитектурой подобных архитектурных образцов.
Ключевые слова: Архитектура, ансамбль, путешествия, материальная и духовная культура, караван-сарай, ханака, медресе, девонбеги, кокалдош, пешток, мозаика, майолика, купол, худжра, пешайвон.
Annotation: This article is about Labi Pool Ensemble, a rare cultural heritage monument in modern Bukhara, which is ancient and has passed the test of ages, and is the most touristic and popular center in the city in the past and now. The article is of particular importance as it contains valuable scientific information about this topic and is a scientific-methodical guide for those interested in the architecture of such architectural examples.
Keywords: Architecture, ensemble, travel, material and spiritual culture, caravanserai, khanakah, madrasa, devonbegi, kokaldosh, peshtoq, mosaic, majolica, dome, hujra, peshaivon.
Buxoro shahri sharqning mashhur qadimiy shaharlaridan biri. Buxoro oʻzining koʻp ming yillik tarixiga ega. Ushbu hududda koʻplab allomalar, buyuk zotlar, olim-u ulamolar yetishib chiqqan. Qadimdan Buxoro - Islom dinining gumbazi deya bekorga aytilmagan. Bu yerda juda ham koʻplab qadimiy me'moriy inshootlar namunalarini uchratishimiz mumkin. Ular oʻzining zamonasida ham, hozirda ham yuksak darajada ulugʻlanib kelinadi. Ushbu maqolada mana shunday madaniy meros obyektlaridan bir nechtasini bayon qilamiz.
Labi Hovuz - 1510-1530-yillarda qurilgan. Ushbu ansambl Buxoro amirligi bosh vaziri Nodir devonbegi nomi bilan bevosita bog‘liqligi haqida ko‘plab tarixiy faktlar mavjud.
Dastlab bu yerda Labi Hovuz bilan birgalikda Nodir devonbegi xonaqohi va karvonsaroy quriladi. Karvonsaroy vaqf mulkiga berilib xonaqohni xarajatlarini qoplab turish rejalashtirilgan edi. Lekin o‘sha vaqtlardagi Buxoro amiri Labi hovuz ansamblidagi Karvonsaroyni yanglishib ketib, xalq oldida madrasa deya e’lon qilib yuboradi. Shu tariqa Amrning yuzidan o‘tolmagan saroy amaldorlari Karvonsaroyni madrasaga aylantirishadi. Bu holat Nodir devonbegi madrasasining qurilishida ham yaqqol bilinib turadi. Amirlikda bir xil reja asosida qurilgan madrasalardan farqli ravishda Nodir devonbegi madrasasi ichida masjid ham, katta qiroatxona ham yo‘q. Keyinchalik karvonsaroyning xonalari madrasa faoliyatiga moslashtiriladi. Nodir Devonbegi madrasasi va xonaqoh toki chor Rossiyasi bosqiniga qadar faoliyat olib borgan.
Shuningdek, xalq og‘zaki ijodida ham bu inshoot haqida ko‘plab rivoyatlar mavjud. Rivoyatlardan birida Labi Hovuz va uning atrofidagi binolarni mahr evaziga berilgan zirak bahosiga qurilgani haqidadir. Nodir devonbegining o‘zi yirik amaldor bo‘lsa ham, oilasi o‘rta qatlam vakili bo‘lgan. Devonbegi yoshligidan ancha ilmga chanqoq bo‘ladi va tezda amal pillapoyalaridan ko‘tarilib, Buxoro amirining Bosh vaziri Devonbegi etib tayinlanadi. Amir qarorgohida ishlab yurgan vaqtlarida boy va mansabdor kishining qizini sevib qoladi hamda unga sovchi qo‘yadi. Mahrga qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan bir juft tilla zirak beriladi.
Kelin uchun berilgan ushbu mahr kamdek ko‘rinadi va qiz andak xafa ham bo‘ladi. Sababi bo‘lajak kelin ancha boy oilada yashagan, kuyov bola ham uncha-muncha emas, naqd Buxoro amirligining Bosh vaziri- Devonbegi edi. Shunday bo‘lsada nikohga qiz tomonidan rozilik bildiriladi hamda to‘y bo‘lib o‘tadi. O‘zining tilla-taqinchoqlarini mo‘’jazgina sandiqchalarda saqlaydigan aksar saroy xonimlari kabi Devonbegining ayoli ham o‘z tilla-taqinchoqlarini va ushbu ziraklarni sandiqchaga solib qo‘yadi.
Shu asnoda bir qancha yillar o‘tadi. Bir kun ayol sandiqchani ochib qarasa bir juft zirakning bittasi yo‘q bo‘ladi, uni qidirib ham topa olmaydi. So‘ng devonbegining ayoli xonadonda to‘polon ko‘taradi, uyimizda o‘g‘ri chiqibdi deya har tarafga jar soladi. Shu asnoda Nodir devonbegi kelib ayolini tinchlantirib, zirakni bir jufti kerak bo‘lgani uchun olganini aytadi.
Bir qancha vaqt o‘tib Nodir devonbegi keladi va ayoliga Buxoro shahrini aylanishni taklif qiladi. Devonbegi ayolini o‘sha vaqtda endigina qurib bitkazilgan Labi Hovuz ansambliga olib boradi. Bunday so‘lim go‘sha, katta hovuz va chiroyli binolar devonbegining ayolini o‘ziga maftun etadi. «Bunday chiroyli binolaru hovuzni kim qurdi, qachon qurildi bular ?» deya Devonbegidan savol so‘raydi. Nodir devonbegi bir qachon vaqt oldin olgan ziragini eslatadi hamda o‘sha zirakning bittasini evaziga ushbu binolarni qurdirdim deydi. Shundan so‘nggina devonbegining ayoli mahr uchun berilgan ushbu bir juft zirakning naqadar qimmatbaho ekanligini tushunib yetadi.
Labihovuz ansambli — Buxorodagi meʼmoriy yodgorlik (17-asr). Dastlab bozor maydoni boʻlgan. Maydon oʻrtasida katta hovuz qazilib (1620 yil) atroflari sinchlar bilan mustahkamlangan, harsanglardan zinapoyalar, marmardan tarnovlar ishlangan. Shagʻal va tuproq bilan toʻldirilib shibbalangan. Hovuz eni 36 m., boʻyi 45,5 m., chuq. 5 m. Uning gʻarbida Nodir Devonbegi xonaqohi, sharqida Nodir Devonbegi madrasasi, shimolida Koʻkaldosh madrasasi va Ernazar elchi madrasasi (saqlanmagan) qad koʻtargan. Hozirgi hovuz atrofiga chinorlar ekilib, choyxona qurilgan. Yodgorliklar taʼmirlangan.
Koʻkaldosh madrasasi (Koʻkaltosh madrasasi) — Oʻzbekiston Respublikasi Buxoro viloyati Buxoro shahrining tarixiy markazida, Labihovuz ansamblining shimoli-sharqiy tomonida joylashgan 2 qavatli madrasa inshooti.
Buxoro xonligining poytaxtida 1568/69-yilda Qulbobo koʻkaldosh tomonidan bunyod etilgan madrasa, shu davrdan boshlab, hozirgi kungacha Markaziy Osiyoning eng yirik madrasasi maqomini oʻzida saqlab turibdi.
Buxoro xonligi, Buxoro amirligi va Buxoro xalq sovet respublikasining oʻziga xos Fanlar akademiyasi (Dor ul-fununi) boʻlgan.
Hozirda Buxoroda eng ogʻir ahvolda qolib ketgan madaniy meros obyektlaridan biri boʻlib, unda ayollar goʻzallik saloni, video-montaj ustaxonasi, ofislar, doʻkonlar, hunarmandchilik ustaxonasi va hujra-muzeyi joylashgan. Aksariyat hujralari taʼmirtalab ahvolda qolib ketgan.
Koʻkaldosh madrasasining vaqf hujjatlari ilk bora professor Muso Saidjonov tomonidan oʻrganilib, oʻzbek tiliga tarjima qilingan. Keyinchalik, hujjatlar Abdusattor Jumanazar tadqiqotlari davrida qayta oʻrganib chiqilgan.
Madrasaning bizgacha ikkita vaqf hujjati yetib kelgan. Biri asl (1593—1594- yillarda tuzilgan), ikkinchisi Buxoro amirligi hukmdori Amir Shohmurod (1785— 1800) davrida koʻchirilgan nusxa. Asl nusxa charm gʻilofli, oʻram shaklida, tili forsiy, nastaʼliq xatida yozilgan. Koʻchirma nusxa ham asliga mos.
Vaqf hujjatida Koʻkaldosh madrasasi qurilishi bilan bogʻliq shunday maʼlumotlarni koʻrish mumkin:
“Amir Yormuhammad otaka oʻgʻli Qulbobo Koʻkaltosh pishiq gʻishtdan koʻp hujrali, toqli-ravoqli, ichki va tashqi sahnli, masjidi, darsxonasi va tahoratxonasi bor ajoyib madrasa qurdirdi.
Madrasaga asos solinishi. Shayboniylar oʻzbek sulolasi davrida davlat poytaxti boʻlgan Buxoro shahri ilm va maʼrifat kishilari jamlangan bir goʻshaga aylangan. Ubaydullaxon davrida (1509—1540) Buxorodagi ilmu-hunar ahli shunday yuksak bir darajaga erishdiki, bu jihatdan shahar Sulton Husayn Boyqaro zamonasidagi Hirotni ham esga solib turgan boʻlsa, Abdullaxon II hukmronligi davrida (1557—1598) poytaxtning sarhadi koʻpaydi. Shaharda rekonstruksiya ishlari davom ettirildi, ana shu taʼmirlash va takomillashtirish jarayonida eski toʻkilgan binolar taʼmirlangan yoki butunlay buzib tashlangan va ayrim koʻchalar kengaytirilgan edi. Eski shahar va Yangi shahar bozorlari hududida meʼmorchilik majmualari — masjidlar, hammomlar, karvonsaroylar va hokazolarni oʻz ichiga olgan oʻziga xos diniy-ijtimoiy markazlar vujudga keldi. Bozorlar kengayib borishi natijasida turarjoy binolarini siqib, nari surish jarayoni ham yonma-yon kechdi. Yangi turarjoy mavzelari, xonaqoh, masjid va madrasalar Buxoro chekkalaridagi odamlar bir mahallar tashlab ketgan maskanlarda bunyod etila boshladi. Abdullaxon II va uning amirlari, ularning orasida esa eng nufuzlisi Qulbobo koʻkaldosh qurilishlarning asosiy donatorlaridan (homiylari va buyurtmachilaridan) biri sifatida ish koʻrgan edi.
Koʻkaldosh madrasasi 1568—1569-yillarda Buxoro xonligi poytaxtining markaziy koʻchalaridan birida, Qoqilai hurd yoki Koʻkaldosh guzarida, oʻzbek hukmdori Abdullaxon II (1557—1598) hukmronligi davrida, xonning hohishi bilan, uning yaqin vaziri va sarkardasi Qulbobo koʻkaldosh donatorligida bunyod etilgan. U kattaligi va egallagan maydoni jihatidan avvalgi madrasalardan ustun oʻlaroq, bu davrda nafaqat Buxorodagi, balki Markaziy Osiyodagi (Oʻrta Osiyodagi) eng yirik madrasa inshooti boʻlib, hozirga qadar shu maqomni oʻzida saqlab qolgan.
Madrasa uchun Qulbobo koʻkaldosh Buxorodagi tim, govxona, nonvoyxona, hammom, 2 karvonsaroy, 27dan ortiq doʻkonlarni (paxta savdosi, sarroflik, qassoblik, oshpazlik, boʻyoqchilik, tarvuzfurushlik va hokazolar); Kasbidagi Nayiston qishlogʻini toʻlaligicha; Harqonruddagi Xatoizza (yoki Xatogʻarra), Zulayho qishloqlarini; Gʻijduvondagi Qasri quzzot qishlogʻini vaqf qilgan. Oradan bir qancha vaqt oʻtib, jamoat arboblari, olim-u ulamolar va din peshvolari ham oʻzlarining turli miqdordagi mulklarini ushbu madrasa uchun vaqf qiladi. Shuningdek, dinga, fiqh va arab grammatikasiga oid kutubxona kitoblari ham madrasa foydasiga vaqf qilingan boʻlib, ularning roʻyxati bizgacha yetib kelgan.
Rivoyat qilinishicha, Koʻkaldosh madrasasining vaqfiga kiritilgan hammom, hozirgi Mavlono Sharif xonaqosi oʻrnida boʻlgan. Vaqf taʼsischisining vasiyatiga koʻra, ushbu hammomda madrasa talabalari bepul choʻmilishlari kerak boʻlgan. Bino yomon holatga kelib qolgandan soʻng, Mavlono Sharif madrasa vaqfi foydasiga topshirish uchun Dungiyon qishlogʻidan yer maydoni sotib oladi. Buning evaziga hammom uning xususiy mulkiga oʻtadi, u hammomni buzdirib, oʻrniga xonaqoh bunyod ettiradi.
Koʻkaldosh madrasasi vaqfi istifodasiga kiritilgan 2 karvonsaroydan biri Soʻxta deb nomlangan. Unga oʻt ketishi natijasida yonib ketgan va oʻrnida bizgacha yetib kelgan Noʻgʻay karvonsaroyi qurilgan. U unchalik ham sezilarli boʻlmagan oʻzgarishlar va chekinishlar bilan oʻz oʻtmishdoshini deyarli aynan takrorlagan.
Madrasaning old fasadi asosiy kirish peshtogʻidan va ikki qanotdan tashkil topgan va Labihovuz ansambli maydoniga qaratilgan. Qanotlar tarkibiga 2 qavatli hujralar va 2 ta gumbazsiz guldastalar kiradi. Madarasa ichkarisiga peshtoqning naqshinkor darvozasi orqali kiriladi. Darvoza ortida miyonsaroy joylashgan boʻlib, u orqali madrasa hovlisiga eltuvchi yoʻlaklar oʻtgan va uning ikki yonida madrasa zallari (masjid va darsxona) joylashgan. Zallarning tashqi gumbazlari buzilib ketgan. 2 ayvonli hovli, 2 qavatli katta-kichik hujralar bilan oʻrab olingan. Inshoot oʻz davri meʼmorchilik qoidalariga koʻra mozaika va mayolika bilan bezatilgan. Madrasa hujralarining umumiy soni 160 ta.
Madrasaning old tomoni peshtoqli boʻlib, Labihovuz ansambli maydoniga qaratilagan. Peshtoq markazda joylashgan boʻlib, u bosh fasadning ikki qanotini birlashtirib turadi. Uning pastki qismida, 2 tomonda yashil oniksdan bir xil qilib bejirim ishlangan kichik ustunchalar oʻrnatilgan. Peshtoqni avvallari bezatib turgan koshinlari (kitobasidagi yozuvlardan tashqari) hozirgacha saqlanib qolmagan. Oxirgi kapital taʼmirdan soʻng kitoba va qanoslargina koshinlar bilan bezatilgan.
Peshtoq tarkibidagi madrasaga kirish darvozasi alohida eʼtiborga sazovordir. U girih va islimiy naqshlar bilan bezatilgan. Xotamkori uslubida terib mahkamlangan (mix qoqmay, „tirno“ qilib mahkamlangan), pilakchalardan (yogʻoch parchalaridan) yasalgan darvozaning har bir tabaqasi yaxlit taxtadan tayyorlangandek koʻrinadi. Darvoza ortida miyonsaroy joylashgan.
Fasad qanotlarida Buxoro meʼmorligiga xos qadimgi milliy anʼanalar aks ettirilgan. Ular 2 qavatli va 3 qismga ajratilgan chuqur ravoqlardan, ravoqlar orti esa hujralardan tashkil topgan. Peshtoqning ikki yonida joylashgan ushbu hujralar, madrasa zallarining (masjid va darsxonaning) oldida qurilgan. 1-qavatning markaziy chuqur ravoqlarida oʻrnatilgan eshiklar madrasa tashqarisidan zallarga kirish va zallardan tashqariga chiqish uchun moʻljallab qurilgan. Qanotlarning ikki yonida, devorlar burchagiga tirgak va bezak vazifasini oʻtovchi gumbazsiz guldastalar oʻrnatilgan.
Koʻkaldosh madrasasining diqqatga sazovor joylari fasadortida joylashgan miyonsaroy, masjid va darsxonadagi ichki gumbazlardir. Ular ganchga bezak berib ishlangan
Miyonsaroy madrasaga kirish darvozasi ortida joylashgan. Adabiyotlarda miyonxona, darvozaxona, vestibul tarzida ham nomlanadi. U 5 gumbazli boʻlmalardan tashkil topgan boʻlib, madrasa hovlisiga kirish uchun koridor vazifasini bajaradi. Miyonsaroyning ikki yonida madrasa zallari joylashgan.
Miyonsaroyning sernaqsh qubbalari oʻz konstruksiyasi bilan tashrif buyuruvchilar eʼtiborini oʻziga tortadi. Ular ganchdan xilma-xil qilib quyilgan ravoqlardan yigʻilgan. Uning ichki gumbazlari va bagʻallari, shipi oʻziga xos turli shakldagi murakkab toʻrsimon, yulduzsimon, qolipkori va iroqi uslubida pishiq gʻishtdan ganch qorishmasida terilgan. Miyonsaroyning oʻng tomonidan oʻtuvchi yoʻlakda botiq va yotiq qovurgʻali, mozaik plafonli, maydalangan gʻishtlardan yasalgan bukma yuzali ravoq shaklida dekorativ kvadrat bostirma diqqatga sazovor.
Madrasa zallari. Mir Arab madrasasida boʻlgani kabi Koʻkaldosh madrasasi rejasida ham burchak xonalarining tugunlari ishlab chiqilgan. Binoning 2 old tomonidagi burchaklarda 2 asosiy zal — masjid (miyonsaroydan gʻarbda) va darsxona (miyonsaroydan sharqda) joylashgan boʻlib, ular assimetrik chuqur nishlarga ega xoch shaklida rejalashtirilgan. Masjid va darsxona ichki gumbazlari alohida, quyma ganchli ravoqlardan tuzilgan. Ravoq burchaklariga muqarnaslar ishlangan, katta qiya yassiliklar yulduzsimon ornament bilan bezatilgan.
Madrasa hovlisi. Toʻgʻri burchak shaklidagi (42x37 metr) uzun qilib solingan madrasa hovlisiga miyonsaroy orqali kiriladi. Hovli tomondagi 2 qavatli chuqur ravoqlar qatorini yuzma-yuz qilib joylashtirilgan peshtoqli 2 ta baland ayvonlar ajratib turadi. Mablagʻni va turar joyni tejash uchun madrasa boʻylama oʻq boʻylab ikkitagina gumbazli ayvon qilib qurilgan. Har bir ravoqdan alohida hujraga kiriladi. Hovli atrofi 2 qavatli hujralar bilan oʻrab olingan. Yon tomonidagi hujralarning pastki qavatiga (tashqi devorlarida) xonani yoritish uchun panjaralar oʻrnatilgan. Yuqori qavatiga esa qator qilib chuqur ravoqlar ishlangan. Ravoqlar tepasini va baʼzi darcha panjaralarini bezatishda sirkor koshin ancha tejab ishlatilgan. Hovlidagi shimoliy peshtoq ganchga yopishtirilgan sirkor koshin boʻlaklar bilan bezatilgan. Bu koʻk, yashil va oq naqshinkor bezaklar oʻsimliklarni tasvirlaydi. 1950-yillarda peshtoq oʻzining avvalgi shaklini deyarli yoʻqotgan va shuning uchun temir bilan tiralib, troslar bilan tortilib mustahkamlab qoʻyilgan holatda boʻlgan.
Burchakdagi katta hujralar. Madrasaning ikki orqa burchagida vestibullar joylashgan boʻlib, ulardan hujralar va omborxonalarga eltuvchi, radial ravishda ajratilgan yoʻlaklar mavjud.
Madrasa hayoti va undagi taʼlim tizimi. Koʻkaldosh madrasasi Buxoro xonligi (amirligi) taʼlim tizimining eng oliy toifadagi oʻquv dargohi — oʻziga xos Fanlar akademiyasi edi. U oʻzining ushbu maqomini Buxoro xalq sovet respublikasi tashkil etilgandan soʻng ham yoʻqotmadi. Madrasa bu davrda yagona Dor ul-funun boʻlib qoldi. Qolgan yirik madrasalar esa Dor ut-tolibin (Mulla Tursunjon, Govkushon, Abdullaxon madrasalari) va Doril-mudarrisin (Mir Arab madrasasi) deya ataladigan boʻldi.
Buxoro ilm va taʼlim-tarbiya tizimining eng oliy toifadagi olimlari — oxund, aʼlam, muftilar biror masalani hal etish maqsadida, odatda, ushbu madrasada yigʻilishgan. Madrasaning mudarrisi oxund, oliy taʼlim sohasidagi oliy darajani egallagan, ziyoli olimlar ichidan taʼyinlangan. Abdurahmon Abdulloh oxund ushbu toifa vakili toʻgʻrisida shunday maʼlumot yozib qoldirgan:
“ Buxoroda faqat birgina oxund boʻlgan. Yaʼni 11 nafar muftidan biri Gavkushon madrasasida aʼlam unvoniga yetgach undan soʻng Koʻkaldosh madrasasida oxund boʻlardi va undan boshqa oʻringa bormasdan shu yerda vafot etardi. Shu sababli Koʻkaldosh madrasasini oxundga nisbatan Darvozai mar, yaʼni Oʻlim qopqasi derlar”.
Madrasaning 1 nafardan mudarrisi, imomi, muazzini va 2 nafar farroshi vaqf mablagʻidan ish haqi, talabalar esa — stipendiya olishgan.
Maliho Samarqandiy, Ziyo Sadr kabi olimlar yozishicha, oʻtgan besh yuz yil mobaynida Markaziy Osiyodan tashqari Hindiston, Afgʻoniston, Eron, Rossiya, Turkmaniston, Kavkaz kabi oʻlkalarning ilm talab ziyolilari Koʻkaldosh madrasasida taʼlim olishgan.
Talabalar hujralarda yashashgan. Bitta hujrada 2 nafar talaba yashagan. Mashgʻulotni 2 oy uzrli sababsiz tark etgan talaba madrasadan chetlashtirilgan.
Koʻkaldosh madrasasining vaqf hujjatida uning muassisi qayd etgan shartga koʻra, vaqfga oʻtkazilgan kitoblar 2 mutavallining ixtiyoriga berilgan. Ularning biri madrasa vaqfining koʻchmas mulk mutavallisi, ikkinchisi esa kutubxona mutavallisi boʻlgan.
Madrasada talabalarning oʻqitilishi taxminan 20 yil davom etgan. Madrasa oʻquvchisi (mullobacha) birinchi 3—4 yildan soʻng muazzin (yoki soʻfi) unvonini olgan. Yana 1—2 yil oʻtib dahyak unvonini qoʻlga kiritgan. Bu unga stipendiya olish huquqini bergan. Dahyak stipendiyasining qiymati yiliga 120 tangani tashkil etgan. Yana bir qancha vaqt oʻtib esa dahyak qori boʻlgan. Taʼlimning keyingi bosqichida talaba salovot dushambegi unvonini olgan. Shundan soʻnggina madrasa kursi tugallangan hisoblanib, talabaga mudarris unvoni berilgan. Mudarris bir necha yillar davomida bir guruh talabalarni qabul qilgan holda bepul taʼlim bergan. Soʻngra unga madrasa vaqfidan yilik maosh belgilangan.
Maʼlumotlarga koʻra, madrasa talabalari quyidagi 3 toifaga ajratilgan. Past qadam — yillik maoshi 3 tilla, Sarf ilmidan Tahzibgacha oʻqigan; Miyona — yiliga 3,5 tilla olgan, Tahzibdan Mulla Jalolgacha oʻqigan; Pesh qadam — Mulla Jaloldan keyin davom ettirgan va yiliga 5 tilla haq olgan.
Buxoro xonligi (amirligi) davrida madrasada bir-necha marotaba kapital taʼmirlash ishlari amalga oshirilgan: peshtoqining qulab tushgan ravoqi qayta tiklangan, sharqiy tomonining 2-qavati arkadalari qayta qurilgan.
Nodir Devonbegi xonaqohi - Labihovuz ansamblida hovuz bilan birga bunyod etilgan. Peshtogʻi hashamatli, ravogʻining qanoti ancha baland, ulugʻvor, ayrim yerlarida koshinlarning parchalari saqlanib qolgan. Ikki tomonidagi tagi qirrali guldasta-mezanalar old koʻrinishiga salobat beradi. Xonaqohning 2 yonidan ham hujralarga kiriladigan eshiklari boʻlgan. Devorlari bir necha bor taʼmirlanganidan (1914—1916-yillarda Buxoroning oxirgi amiri Sayyid Olimxon tomonidan taʼmirlangan) asl koʻrinishi oʻzgargan. Nodir devonbegi xonaqohi simmetrik tarhli (27,5X25 metr), kiraverishda ayvon, xonaqoh (11,2×11,2 metr) va uning yon tomonlarida 2 qavatli darvishlar yotogʻi boʻlgan. Guldastalar ichidagi aylana zina bilan bino tepasiga chiqiladi. Xonaqoh ulkan gumbazli, devorlariga taxmonlar ishlangan. Undagi serhasham naqshlar saqlanmagan. Peshtoq ravogʻidagi 3 tobadonni ganchkori panjaralar bezagan. Nodir devonbegi xonaqohining hozirgi koʻrinishi oʻzgarib muhtasham, salobatli, koʻrkam inshootga aylantirilgan.
Nodir devonbegi madrasasi (asl nomi: Nadr devonbegi madrasasi) — Buxoro xoni Imomqulixonnchng vaziri Nodir devonbegi (Nodir mirzo Togʻay ibn Sulton) qurdirgan (1622—23). Nodir Devonbegi madrasasi (Buxoro)Labi-hovuz ansamblining sharqiy qismida joylashgan. Dastlab karvonsaroy sifatida qurilgan, xonning qarori bilan madrasaga aylantirilgan. Unda madrasalarga xos ayvon, masjid va katta darsxona yoʻq, hovli atrofi 4 tomondan 2 qavatli kichik hujralar bilan oʻralgan. Hujralarga oʻymakori usulida bezatilgan eshiklar, eshiklar tepasidagi tobadonga panjaralar oʻrnatilgan. Hovliga pishiq gʻisht yotqizilgan. Bosh tarzi maydonga qaragan. Old tomonida hovuz bor. Peshtogʻi oʻziga xos mahobatli va serhashamdir. Undagi oʻsimliksimon naqshlar orasida quyoshga intilayotgan afsonaviy xumo qushi va bugʻuning oʻtlab yurgan tasviri koshinkori bezaklari yorqin boʻyoqlarda aks ettirilgan. Hoshiyalariga, kitobasiga arabiy yozuvlar bitilgan. Ustungoʻshasi buramasimon. Peshtogʻining 2 yon qanotidagi 2 qavatli 3 tadan chuqur ravoqli peshayvon alohida zeb berib pardozlangan. Burchaklaridagi 2 guldasta ravoqlardagi naqshlar bilan oʻzaro uy-gʻunlashgan. Madrasa tarhi 52x49 m, hovli 34 xZO m. Nodir Devonbegi madrasasi bir necha marta taʼmirlanib, gumbaz, ravoq va devorlaridagi namlik yoʻqotilib, buzilib ketgan hujralari qayta tiklandi. Samarqand va Buxoro ustalarining saʼyharakatlari bilan bosh tarzi qayta jilolandi.
Keyinroq maydonga Xo‘ja Nasriddin haykali o‘rnatiladi. Shaharning ko‘plab hovuzlari kabi Labi Hovuz ham Ulug‘ Vatan Urushidan so‘ng quritilgan va o‘zga xos sport maydoni qurdirilib, u yerda voleybol hamda kurash bo‘yicha bellashuvlar o‘tkazilgan. Hovuzga yaqin yerlarda sovet hukmronlishi paytida “Gastronom”, “Buxoro” restorani, “Komsomolets” kinoteatrlari joylashgan. 50-yillar Gastronomda yong‘in sodir bo‘lib, do‘kon batamom kul bo‘ladi, yonidan oqib o‘tuvchi “Shoxrud” arig‘idan oqib o‘tuvchi suv ham yong‘inni to‘xtatishga yetmaydi. Ushbu nohush hodisadan so‘ng shahar ma’muriyati hovuzni suv bilan to‘ldirib qo‘yishga qaror qilishadi. 50-yillar oxirida esa hovuz atroflariga quvurlar o‘tkazib, favvora qurilgan bo‘lib, u hozirgi kungacha ishlab turmoqda.
Hozirgi kunga kelib Buxorodagi Labi hovuz ansambli yangidan ta’mirdan chiqarilgan hamda shahar ahli va sayyohlarning sevimli go‘shasiga aylangan. Labi hovuzning salqin shamoli va unga o‘rnatilgan chiroqli favvoralar bilan bir qatorda, Buxorodagi boshqa tarixiy obidalardan farqli o‘laroq, bu inshootda kechki vaqtlarda ham odam gavjum bo‘ladi va mehmonlarga barcha turdagi xizmatlar ko‘rsatiladi.
Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati:
1. „Моддий маданий мероснинг кўчмас мулк объектлари миллий рўйхатини тасдиқлаш тўғрисида Ўзбекистон Республикаси Вазирлар Маҳкамасининг 846-сон 04.10.2019 й. қарори“. Lex.uz. Qaraldi: 22-sentabr 2020- yil.
2.Общественные науки в Узбекистане 1993.
3. Всеобщая история архитектуры 1969.s 313.
4. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi.
5.google.uz
6. Wikipedia
본문은 PDF에서 자동으로 추출되었으며 부정확할 수 있습니다.