“OLAM AHLI, BILINGIZKIM…”
yoki Alisher Navoiy asarlarida umuminsoniy qadriyatlar
Botirova Adiba Asqar qizi,
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti XIM fakulteti 1-kurs talabasi
Ilmiy rahbar: A.Aripova
JIDU, O‘zbek va rus tillari kafedrasi dotsenti, PhD
Annotatsiya: Maqola ilmiy va adabiy asoslarga tayangan bo‘lib, Alisher Navoiy asarlarida ulug‘langan umuminsoniy qadriyatlarni keng yoritadi. Ushbu maqolada Alisher Navoiy asarlaridagi umuminsoniy qadriyatlar tarannumi aks etadi. Xususan, Alisher Navoiyning “Xamsa”, “Badoye’ ul-Bidoya”, “Navodir ush-Shabob”, “Mezon ul-avzon”, “Munshaot”, “Muhakamat ul-lug‘atayn”, “Majolis un-Nafois”, “Lison ut-tayr” asarlarida umuminsoniy qadriyatlar talqin qilinib, ular bugungi kun nuqtayi nazaridan tahlil qilinadi. Maqola Alisher Navoiy asarlarida keltirib o‘tilgan umuminsoniy qadriyatlar, jumladan, tinchlik, vatanparvarlik, elparvarlik, ozodlik, xalqlar do‘stligi, milliy o‘zlikni anglash, ilm olish, tarixiy va madaniy merosni o‘rganishga intilish, insonparvarlik, mehr-oqibat, ota-onani hurmat qilish, oilaviy munosabatlar, farzand tarbiyasi, kasb-hunar o‘rganish, yaxshilik ulashish kabilarni yoritadi. Maqola Navoiy asarlaridagi qahramonlarning insoniyat uchun qilgan yaxshiliklari, o‘z maqsadlariga ezgulik yo‘li bilan erishishgani haqida tanishtiradi.
Kalit so‘zlari: umuminsoniy qadriyatlar, tarixiy va madaniy merosni o‘rganishga intilish, qadriyatlar tarannumi.
Zahiriddin Muhammad Bobur Alisher Navoiyga “Turkiy til bila to she’r aytibdurlar, hech kim oncha ko‘p va xo‘b aytqon ermas” deya ta’rif bergan edi. O‘zbek adabiyoti, madaniyati, san’atida Hazrat Navoiydek chuqur iz qoldirgan ijodkor yo‘q. Shoirning she’rlari barcha sohalarni, barcha tuyg‘ularni, barcha munosabatlarni qamrab olgani bilan nihoyatda ahamiyatlidir. Shu bilan birga, buyuk mutafakkir ijodida nafaqat o‘zbek, turkiylar, balki butun dunyoga dahldor tuyg‘ular aks etgan, umuminsoniy qadriyatlar keng tarannum etilgan.
Bugun biz ayni shu haqda buyuk Navoiy ijodida umuminsoniy qadriyatlar xususida so‘z yuritmoqchimiz. Dastlab o‘zimiz uchun umuminsoniy qadriyatlar haqida ma’lumotlarga ega bo‘lamiz. Ma’lumki, qadriyatlar tarix, bugun va istiqbolni misoli ko‘zguda ko‘rsatib turuvchi jihatlardan biridir. Soha olimlari qadriyatlarni milliy, diniy, mahalliy, mintaqaviy va umuminsoniy kabi bir qator turlarga shartli ravishda bo‘lishadi.
Umuminsoniy qadriyatlar dunyodagi barcha odamlar – bani bashar, xalqlar va davlatlar uchun umumiy qadrlash mezoniga aylangan tushunchalardir. Jumladan, ozodlik, erkinlik, tinchlik, xalqlararo do‘stlik, mehr-oqibat, vatanparvarlik, ilm o‘rganish, ota-onaga hurmat, farzandlarga mehr, oilaparvarlik kabi yuzlab tushunchalar umuminsoniy qadriyatlar bo‘lib, ular o‘z navbatida milliy, diniy va mahalliy qadriyatlar ildizidan o‘sib chiqadi.
Endi bevosita mavzumizga qaytsak, Navoiy umuminsoniy qadriyatlarni ulug‘lagani, ularni o‘z ijodiga butkul singdirib yuborgani tahliliga o‘zimizning ojizona nigohimizni qaratsak.
Biz maktab darsliklaridan o‘rganganimiz, o‘qiganimiz bobomiz ijodida umuminsoniy qadriyatlar tarannumini ko‘rib kelamiz. Jumladan, “Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur” naqli misolini keltiraylik. Shu so‘zlar bola ongida limning takror-takror bo‘lishi, mashaqqatlarni anglash va ilmga intilish hissini uyg‘otishi tabiiy.
Navoiy asarlaridagi Farhod, Shirin, Qays, Layli, Iskandar, Arastu, Bahrom, Dilorom, Suhayl, Shopur kabi obrazlar butun insoniyatni ezgulikka, mehr va muhabbatga undaydi. Iskandar devori, Farhod kanali, Qaysning sabri kabi timsollarda esa taraqqiyot va tamaddunga xizmat ramzi aks etadi.
Bugun universitetda ta’lim olar ekanmiz, Navoiy ijodi biz uchun muhim manbalardan biri bo‘lib qolishi, mustaqil ilm o‘rganishga layoqatimiz va ishtiyoqimizda bu meros muhim ahamiyat kasb etishi aniq. Zotan, buyuk mutafakkir ilmiy merosida biz uchun zarur bo‘lgan barcha jarayonlar o‘z aksini topgan. Jumladan, umuminsoniy qadriyatlar tarannumi ham.
Navoiy o‘z asarlarida, avvalo, inson shaxsini yuksaklikka ko‘taradi. Insonparvarlikni, odamiylikni, xalqparvarlikni, ezgulikni ulug‘laydi.
Buni shoirning:
Olam ahli, bilingizkim, ish emas dushmanlig‘,
Yor o‘ling bir-biring‘izgakim, erur yorlig‘ ish
degan satrlari ham yorqin namoyon etadi.
Ayni shu satrlar umuminsoniy qadriyatlarning muhimlaridan xalqlararo do‘stlikni, tinchlikni tarannum etishi bilan yanada keng ahamiyat kasb etadi.
Umuman olganda, Navoiy ijodida xalqlar do‘stligi, millatlararo totuvlik va o‘zaro ko‘mak tushunchasi juda keng talqin etilgan. Buni hamma bilgan asarlar misolida oddiy ko‘z bilan ham ko‘rish mumkin. Masalan, “Xamsa”ning birinchi dostoni bo‘lgan “Farhod va Shirin” da Farhod Chin (Xitoy) diyorida tug‘ilib o‘rgan, Shirinni sevib qolar ekan, o‘sha yurtga borib, suv yo‘lini ochadi, daryo qazadi. Bu timsolda har bir xalqqa yaxshilik qilish, o‘z maqsadiga ezgulik orqali erishish fikrati mujassam bo‘ladi. “Xamsa”dagi eng yirik doston “Saddi Iskandariy”da ham umuminsoniy qadriyat bo‘lgan adolat tuyg‘usini keng tarannum etib, Iskandarning turli xalqlarga ko‘rsatgan adolati haqida hikoyalar bayon etiladi. Ayniqsa, xalqlarni balolardan himoya qilish maqsadida sad – devor bunyod etgani dostondagi umuminsoniy qadriyatlarning nechog‘li ulug‘langanini namoyon etadi.
Ulug‘ mutafakkir asarlarida kuzatish mumkin bo‘lgan yana bir umuminsoniy qadriyat bu xalqparvarlikdir. Jumladan, Navoiy “Hayrat ul-abror” dostonida
Naf’ing agar xalqqa beshakdurur,
Bilki, bu naf’ o‘zingga ko‘prakdurur,
deb yozar ekan, odamiylikning yuksak mezonini ham ko‘rsatib beradi.
Yana ushbu asarda quyidagi misralarda insoniylikni shunday ta’rif beradi:
Kim jahon ahlida inson erur,
Bilki nishoni anga iymon erur.
Bas ani inson atag‘in beriyo,
Kim ishidur sabr ila shukru hayo.
Shu o‘rinda fikri ojizimni bildirib o‘tmoqlikni joiz bildim. Bugun insoniyat ayni xislatlarning ahamiyati naqadar kengligini ko‘rmoqda. Dunyoga ommaviy madaniyat niqobi ostida tarqalayotgan turli illatlarning ostida shukur va hayoning yetishmasligi, uyatning unutilib borayotgani yetmayaptimi? Ayni shu xarakterlarning kamyobligi odamiylik va insoniylik ildizlariga zarba bermayaptimi?
Alisher Navoiy bundan salkam olti asr avval aytgan fikrlarning bugungi zamonga ham dahldor bo‘lishi, bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagani va dolzarb bo‘lib qolayotgani mutafakkir ijodida umuminsoniy qadriyatlarning teran aks ettirilganini bildiradi. Bugun dunyoning ko‘plab davlatlarida Navoiy ijodiga qiziqish oshib bormoqda. Ayniqsa, Yaponiyada, yana Yevropada buyuk mutafakkir ijodini o‘rganish ishtiyoqi oshayotgani, ko‘plab davlatlarda Alisher Navoiy haykalining bunyod etilgani, olim ilmiy merosiga bag‘ishlangan xalqaro anjumanlarning tashkil etilayotgani zamirida ham uning asarlarida aks ettirilgan umuminsoniy qadriyatlar bilan chambarchas bog‘liqlik mavjud. Zotan, har bir xalq, har bir inson o‘zi o‘qiyotgan, o‘rganayotgan asarida o‘ziga taalluqli, qalbiga yaqin tuyg‘ularni ko‘rsagina, mutolaaga rag‘bat sezadi, o‘qishga yanada kirishib ketadi.
Buyuk mutafakkir bobomiz ilmiy merosini bugun jahon o‘rganayotgan ekan, bu undagi umuminsoniy qadriyatlarning keng yoritilgani bilan bog‘liqdir. Shu ma’noda, Alisher Navoiy nafaqat o‘zbek xalqining, turkiy millatlarning, balki dunyo shoiri, dunyo mutafakkiri deya baralla aytishimiz mumkin.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Bartold V. V. Turkiston tatarlari tarixi bo‘yicha tadqiqotlar. – Toshkent: Fan, 2002.
2. Alisher Navoiy. Muhokamat ul-lug‘atayn. – Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi
nashriyot, 1991.
3. Hazrat Alisher Navoi a great representative of the art of speech // 2021
4. Буюк сўз санъаткори Алишер Навоийнинг серқирра ижодий мероси // 2021
5. STUDY OF THE SCIENTIFIC AND LITERARY HERITAGE OF ZAHIRIDDIN
MUHAMMAD BOBUR // 2020
본문은 PDF에서 자동으로 추출되었으며 부정확할 수 있습니다.