TAKOMILLASHTIRISH YO‘NALISHLARI
Mirzafarxonov Firdavs Mutozaxon o‘g‘li
ATB Kapitalbank bosh ofisi
Risklarni boshqarishish departamenti mutahassisi
firdavsmirzafarkhonov26@gmail.com
Annotatsiya.
Mazkur maqolada O‘zbekiston tijorat banklarida risklarni boshqarish tizimini takomillashtirish masalalari tahlil qilingan. Mamlakatda bank tizimining barqarorligini oshirish, kapital yetarliligi va likvidlikni saqlash, shuningdek kredit, operatsion va bozor risklarini samarali boshqarish mexanizmlarini joriy etish dolzarb yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Maqolada tijorat banklarining 2024-yil holatiga doir statistik ma’lumotlari asosida aktivlar, kredit portfeli, kapital va depozitlarning tuzilmasi hamda ularning o‘zaro bog‘liqligi tahlil etilgan. Xalqaro moliyaviy institutlar — Fitch Ratings, Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi (IMF) va Basel qo‘mitasi tomonidan ilgari surilgan yondashuvlar asosida O‘zbekiston bank tizimidagi islohotlar, risk-based supervision tizimi, shuningdek raqamli texnologiyalarni risk menejmentiga joriy etish masalalari yoritilgan. Natijada, banklarda risklarni boshqarish samaradorligini oshirish, integratsiyalashgan nazorat tizimini joriy etish, shuningdek kapital bazasini mustahkamlash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Kalit so‘zlar. Risk menejment, tijorat banklari, kredit riski, likvidlik riski, operatsion risk, Basel III, risk-based supervision, kapital yetarliligi, muammoli kreditlar (NPL), Markaziy bank, Fitch Ratings, IMF, big data, sun’iy intellekt, moliyaviy barqarorlik.
Kirish
Xalqaro moliya bozorlarida bank tizimining mustahkamligi va barqarorligi eng muhim omillardan biridir. Banklar faoliyatidagi risklar nazorat qilinmas ekan, ularning faoliyati beqaror bo‘lishi mumkin va butun moliya tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi ehtimoli oshadi. Ayniqsa, rivojlanayotgan mamlakatlarda, jumladan O‘zbekiston sharoitida, bank sektorida risklarni boshqarish tizimini takomillashtirish dolzarb masala bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekiston Respublikasida so‘nggi yillarda bank tizimida islohotlar davom etmoqda: markaziy bankning mustaqilligi kuchaytirildi, risk-based nazorat tizimi joriy etildi, xususiylashtirish va raqobatni rivojlantirishga yo‘naltirilgan strategiyalar qabul qilindi. Shu bilan birga, tijorat banklarining kredit portfeli kengayib borayotgani, operatsion va bozor risklari ham oshib borayotgani ham kuzatilmoqda.
Adabiyotlar sharhi
Risklarni boshqarish va bank tizimlarida tavakkalchilik nazorati masalalari global miqyosda keng tadqiq etilgan. Klassik moliya nazariyalarida risklar diversifikatsiya, diapazon nazariyasi, qiymat-qaytish (VaR) metodlari va kapital yetarliligi nazariyalari asosiy rol o‘ynaydi.
O‘zbekiston sharoitida so‘nggi yillarda risklarni boshqarish bo‘yicha bir qancha tadqiqotlar e’lon qilindi. Masalan, Naobetova “Risk Management in Uzbekistan’s Commercial Banks” maqolasida O‘zbekiston bank sektorida kredit, bozor va operatsion risklar tahlil qilingan, shuningdek, Bazel III standartlarini joriy etish zarurligi ta’kidlangan.
Boshqa tadqiqotlarda kredit riskini boshqarish strategiyalari masalasi keng yoritilgan. Sardor Xoldorov “Credit Risks and Management Strategies of Commercial Banks in Uzbekistan” maqolasida tijorat banklarida kredit riskini kamaytirish uchun monitoring tizimlarini kuchaytirish, qarz oluvchilarni baholash usullarini takomillashtirish va davlat banklarini korporativ yo‘nalishga o‘tkazish zarurligi haqida fikr bildiradi.
Isakov J.Y. “Tijorat banklari faoliyatidagi kredit risklarini boshqarishni takomillashtirish yo‘llari” nomli maqolada kredit riskining bank aktivlaridagi ulushi va uning likvidlilik va moliyaviy barqarorlikka ta’siri tahlil qilinadi.
Bundan tashqari, Elchiboyev “O‘zbekiston tijorat banklarida muammoli kreditlar bilan ishlash amaliyoti va ularning kredit riskini boshqarishdagi o‘rni” maqolasida muammoli kreditlar (bad debts) masalasi va ularni boshqarish usullari haqida tahliliy materiallar berilgan.
Banklarning foiz risklari, likvidlik risklari, reputatsion va komplayens risklari ham tadqiqotlarda e’tibor markazida. “Bank risklari” nomli ilmiy maqolada foiz riskining turli turlari va ularni nazorat etish normativlari yoritilgan.
Huquqiy jihatdan, Saidov Jasurbek “O‘zbekiston Respublikasi bank faoliyatida risklarni boshqarishning huquqiy asoslari” maqolasida Markaziy bank va bank faoliyatini tartibga soluvchi qonunlar hamda standartlar sharhi berilgan.
Shuningdek, xalqaro tajriba ham ko‘rib chiqiladi: Bazel II / III me’yorlari, operatsion risklarni standart yondashuv (standardized approach) yoki advanced measurement approach (AMA) kabi metodlar bilan o‘lchash imkoniyatlari diskutatsiya qilingan.
Umuman olganda, adabiyotlar ko‘p jihatdan kredit riskga qaratilgan bo‘lsa-da, lekin O‘zbekiston sharoitida boshqa risk turlarini, innovatsion texnologiyalar va integratsiyalashgan tizimlarni tatbiq qilish borasida yetarli darajada izlanishlar kam ekanligi ko‘zga tashlanadi.
Asosiy qism
Risk tushunchasi iqtisodiy faoliyatning ajralmas qismi sifatida ko‘riladi. Bank faoliyatida risk – bu kutilgan daromadning amalga oshmasligi yoki moliyaviy yo‘qotish yuzaga kelishi ehtimoli sifatida tavsiflanadi. Riskning mavjudligi bozor iqtisodiyoti uchun tabiiy holat bo‘lib, aynan risk tufayli moliya institutlari foyda oladi. Chunki foyda — bu tavakkalchilik uchun mukofotdir.
Bank faoliyatining murakkabligi shundan iboratki, u turli yo‘nalishlarda risklar bilan to‘qnashadi: kreditlar berish, depozitlarni jalb qilish, investitsion faoliyat, to‘lov tizimlari, valyuta operatsiyalari, foiz stavkalari farqlari va boshqa ko‘plab jarayonlarda. Shu sababli risklarni to‘liq bartaraf etish emas, balki ularni boshqarish, ya’ni aniqlash, baholash, nazorat qilish va minimallashtirish zarur.
Risklarni boshqarish tizimi — bu bankning strategik va operatsion maqsadlariga erishish uchun xavflarni aniqlash, o‘lchash, monitoring qilish, ularning ta’sirini kamaytirish hamda ulardan keladigan imkoniyatlardan foydalanish bo‘yicha uzluksiz jarayondir. Zamonaviy risk-menejment tizimi bankning barcha bo‘linmalari faoliyatiga integratsiyalashgan bo‘lishi lozim.
Iqtisodiy adabiyotlarda risk tushunchasiga turlicha ta’riflar berilgan. Masalan, F. Nayt riskni “miqdoriy o‘lchash mumkin bo‘lgan noaniqlik” sifatida ta’riflagan. J. Mill esa “risk — bu foyda va zarar ehtimoli o‘rtasidagi tafovut” deb hisoblaydi.
Zamonaviy bank menejmentida risk tahlili “expected loss” (kutilgan zarar), “unexpected loss” (kutilmagan zarar) va “probability of default” (to‘lovga qodir emaslik ehtimoli) kabi parametrlar asosida o‘lchanadi. Ushbu ko‘rsatkichlar bank kapitalining yetarliligi, qarz portfeli sifati va umumiy moliyaviy barqarorlikni baholashda asosiy mezon hisoblanadi.
Shuningdek, riskni boshqarishning iqtisodiy mohiyati shundaki, u bank foydasini oshirish bilan bir vaqtda moliyaviy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan. Riskdan butunlay qochish – bu rentabellikni pasaytirish, juda yuqori riskni qabul qilish esa bankning moliyaviy xavfsizligini yo‘qotishdir. Shu bois, muvozanat – asosiy boshqaruv tamoyilidir.
1-
rasm. O‘zbekiston tijorat banklari faoliyatida mavjud asosiy risk turlari
Tijorat banklari faoliyati o‘z tabiatiga ko‘ra risk bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, ularning barqaror rivojlanishi va moliyaviy natijalari aynan risklarni qay darajada samarali boshqara olishiga bevosita bog‘liqdir. Har qanday bank o‘z faoliyatida foyda olish maqsadida turli tavakkalchiliklarga boradi. Shu sababli, bank tizimida mavjud risk turlarini to‘g‘ri aniqlash, ularning kelib chiqish sabablarini chuqur tahlil qilish hamda o‘zaro bog‘liqligini aniqlash bank boshqaruvining eng muhim vazifalaridan biridir (1- rasm).
Birinchi navbatda, kredit riski tijorat banklari uchun eng asosiy va keng tarqalgan risk turi hisoblanadi. U qarz oluvchining kredit shartnomasida belgilangan majburiyatlarini o‘z vaqtida va to‘liq bajarmaslik ehtimolini anglatadi. Boshqacha qilib aytganda, kredit riski bank tomonidan ajratilgan qarz mablag‘larining qaytmaslik xavfi bilan bog‘liq. Kredit riskining shakllanishiga qarz oluvchilarning to‘lov qobiliyatining pasayishi, mamlakat iqtisodiyotida beqarorlik, noto‘g‘ri baholash mexanizmlari yoki ichki nazoratning sustligi kabi omillar sabab bo‘ladi. Shu sababli, har bir tijorat banki kredit berishdan avval qarz oluvchining moliyaviy holatini, biznes rejasi, daromad manbalari va kafolatlarini puxta tahlil qilishi zarur.
Ikkinchi muhim risk turi bozor riski bo‘lib, u bankning moliyaviy aktivlari qiymatining bozor sharoitlari ta’sirida o‘zgarishi natijasida zarar ko‘rish ehtimolini bildiradi. Foiz stavkalari, valyuta kurslari yoki qimmatli qog‘ozlar narxlarining o‘zgarishi bozor riskining asosiy manbai sanaladi. Masalan, milliy valyutaning qadrsizlanishi yoki dollarning keskin mustahkamlanishi eksport-import operatsiyalarida faol bo‘lgan mijozlarning to‘lov qobiliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu esa o‘z navbatida bankning kredit portfeli sifatini yomonlashtiradi.
Shuningdek, foiz riski ham bozor riskining tarkibiy qismi bo‘lib, bank aktivlari va passivlari bo‘yicha foiz stavkalari o‘zgarishidan kelib chiqadigan zararlar bilan bog‘liq. Agar bozor sharoitida depozitlar bo‘yicha foiz stavkalari tez o‘sib borayotgan bir vaqtda bank kreditlar uchun stavkalarni oshira olmasa, marja qisqaradi va foyda kamayadi. Shu boisdan banklar foiz riskini boshqarish uchun “gap” tahlili, “duration” usuli yoki “stresstest” kabi vositalardan foydalanadilar.
Bank tizimining barqarorligi uchun eng xavfli risklardan yana biri sifatida likvidlik riskidir. Likvidlik riski bank o‘zining qisqa muddatli majburiyatlarini o‘z vaqtida bajara olmasligi, ya’ni yetarli miqdorda likvid aktivlarga ega bo‘lmasligi holatida yuzaga keladi. Bunday vaziyat ko‘pincha bank kredit portfelining haddan tashqari kengayib ketishi, depozit bazasining qisqarishi yoki bozor sharoitlarining o‘zgarishi natijasida sodir bo‘ladi. Likvidlik yetishmovchiligi bankning to‘lov qobiliyatiga salbiy ta’sir qiladi, bu esa o‘z navbatida mijozlar ishonchini kamaytirib, reputatsion riskni ham kuchaytiradi. Shu sababli, Markaziy bank tomonidan har bir tijorat banki uchun likvidlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha minimal normativlar belgilab qo‘yilgan.
Zamonaviy bank tizimida operatsion risk ham alohida ahamiyatga ega. Bu risk inson omili, texnik nosozliklar, axborot tizimidagi xatoliklar, firibgarlik yoki ichki nazoratning sustligi natijasida yuzaga keladigan moliyaviy yo‘qotishlarni anglatadi. Raqamli iqtisodiyot sharoitida bank xizmatlarining onlayn shaklga o‘tishi, mobil ilovalar, elektron to‘lov tizimlarining kengayishi operatsion riskni yanada oshirmoqda. Ayniqsa, kiberxavfsizlik masalasi bugungi kunda eng dolzarb yo‘nalishlardan biridir. Shu bois, banklar “information security management system” (ISMS) va “cyber risk management framework” kabi tizimlarni joriy etmoqda.
Bundan tashqari, reputatsion risk ham bankning uzoq muddatli barqarorligi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Reputatsion risk bank obro‘sining pasayishi, jamoatchilik ishonchini yo‘qotish yoki mijozlarning noroziligi natijasida paydo bo‘ladi. Bu turdagi risk, odatda, xizmat ko‘rsatish sifati pastligi, shaffoflikning yo‘qligi yoki qonunchilik talablariga rioya qilinmasligi oqibatida kuchayadi. Reputatsiyaning yo‘qolishi nafaqat mijozlar oqimini kamaytiradi, balki investorlar va xalqaro moliya institutlarining ham ishonchini pasaytiradi.
Shunga yaqin holda, komplayens riski ham tijorat banklari uchun jiddiy xavf manbai bo‘lib, u qonun, regulyator me’yorlari yoki ichki siyosatlarga rioya qilinmasligi natijasida jarimalar, sanksiyalar va huquqiy oqibatlar kelib chiqish ehtimolini anglatadi. Masalan, “pul yuvish” yoki “terrorizmni moliyalashtirish” bilan bog‘liq shubhali operatsiyalarni e’tiborsiz qoldirish bankni nafaqat moliyaviy, balki jinoiy javobgarlikka ham olib kelishi mumkin. Shu sababli, har bir bankda komplayens xizmati faoliyat yuritib, regulyator talablari va xalqaro standartlarga muvofiqlikni ta’minlaydi.
Bank risklarining bu turlari bir-biri bilan o‘zaro bog‘liqdir. Masalan, kredit riskining oshishi likvidlik riskini kuchaytiradi, chunki qarzlarning qaytmasligi natijasida bankning naqd mablag‘lari kamayadi va o‘z majburiyatlarini bajarish qiyinlashadi. Xuddi shunday, bozor riskining kuchayishi (masalan, valyuta kursining keskin o‘zgarishi) kredit oluvchilarning to‘lov qobiliyatiga salbiy ta’sir qiladi, bu esa yana kredit riskini oshiradi. Operatsion riskning kuchayishi esa obro‘ va komplayens risklarini yuzaga keltirishi mumkin.
Shu sababli, risklarni boshqarishda ularni alohida-alohida emas, balki integratsiyalashgan tizim asosida, ya’ni barcha risk turlarini yagona yondashuvda baholovchi, ularning o‘zaro ta’sirini hisobga oluvchi tizim orqali boshqarish eng to‘g‘ri strategiya hisoblanadi. Bunday tizim bankka nafaqat xavflarni kamaytirish, balki ularni strategik afzallikka aylantirish imkonini ham beradi. Natijada, tijorat bankining moliyaviy barqarorligi ta’minlanadi, uning raqobatbardoshligi va mijozlar ishonchi oshadi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2023-2024 yillar oralig‘ida iqtisodiyotdagi tijorat banklari tomonidan berilgan kreditlar qoldig‘i 505 trln. so‘mni tashkil etgan. Ushbu raqam O‘zbekiston YaIMning 60 foizi atrofida bo‘lib, banklarning riskka tortilgan aktivlari miqdorining oshib borayotganligini o‘zida ifodalab beradi. 2023 yilning birinchi choragida milliy valyutadagi kredit qo‘yilmalari hajmi jamiga nisbatan ulushi 55,1 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilning shu davrida 57,2 foizga teng bo‘lgan. 2 foiz punkt miqdoridagi o‘sish iqtisodiyotda tijorat banklarining aktivlari miqdori oshib borayotganligini ko‘rsatib beradi (2-rasm).
Iqtisodiyotda kredit qo‘yilmalari qoldig‘i va tarkibi, trln. so‘m1
Banklarning valyutalar kesimidagi depozit va kreditlar nisbatini ko‘rib chiqamiz. Bunda xorijiy valyutadagi depozitlar 51 trln. so‘m, kreditlar miqdori 216 trln. so‘m ekvivalenti hajmiga teng bo‘lmoqda. Shuningdek, milliy valyutada mos ravishda 120 va 289 trln. so‘mni tashkil etmoqda. Fikrimizcha, tijorat banklari tomonidan xorijiy valyutada berilayotgan kredit miqdorining bunchalik sezilarli farq bilan depozitga nisbatan kattaligi iqtisodiyotda valyuta kursining oshishiga olib keladi. Bunda import operatsiyalarini moliyalashtirish uchun berilayotgan kredit miqdorlarining oshib borishi ham mazkur tendentsiyada valyuta kursini oshishiga o‘zining ta'sirini ko‘rsatadi. Natijada, mamlakat to‘lov balansining savdo balansi qismida ayrim manfiy farqlarning kattalashuvi vujudga keladi.
1-jadval. 1 O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Statistik bulleten, 2024 yil mart.
O‘zbekiston tijorat banklari faoliyatiga oid asosiy ko‘rsatkichlar (2024-yil 1-
yanvar holatiga ko‘ra) № Ko‘rsatkich nomi
Miqdori
(mlrd
so‘m)
Umumiy
ulushi
(%)
Ma’lumot manbasi
1 Jami aktivlar 652 157 100 O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy banki
2 Kredit portfeli 471 406 72,3 O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy banki
3 Kapital 97 079 15,0 O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy banki
4 Depozitlar 241 687 37,0 O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy banki
5 Muammoli kreditlar
(NPL) ulushi 8,0 % — Fitch Ratings (2023-yil)
6 NPL prognozi
(2025–2026-yillar) 9–10 % — Fitch Ratings
2024-yil 1-yanvar holatiga O‘zbekiston tijorat banklari aktivlari 652,2 trln so‘mni tashkil etgani, mamlakat moliyaviy tizimining sezilarli darajada kengayganini ko‘rsatadi. Ushbu ko‘rsatkich 2023-yilga nisbatan taxminan 15–18 foiz o‘sish kuzatilganini anglatadi. Aktivlarning asosiy qismini kredit portfeli tashkil etmoqda — 471,4 trln so‘m, ya’ni jami aktivlarning 72,3 foizi. Bu esa, banklar faoliyati hali ham real sektorni kreditlashga kuchli yo‘naltirilganini ko‘rsatadi.
Kredit portfelining yuqori ulushi, bir tomondan, iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantiruvchi omil bo‘lsa-da, boshqa tomondan, kredit riskining asosiy manbai sifatida namoyon bo‘ladi. Agar qarz oluvchilarning to‘lov qobiliyati pasaysa yoki iqtisodiy barqarorlik buzilsa, bu risk bank kapitaliga bevosita ta’sir qiladi. Shu sababli, kapital hajmining 97,1 trln so‘m yoki 15 % ulushda bo‘lishi bank tizimining moliyaviy barqarorligini ta’minlashda muhim omil sanaladi.
Depozitlarning 241,7 trln so‘m yoki 37 % ulushi esa aholining va korxonalarning bank tizimiga bo‘lgan ishonchi ortib borayotganini ko‘rsatadi. Bu jarayon, o‘z navbatida, likvidlik riskini kamaytiruvchi omil sifatida baholanadi. Shu bilan birga, uzoq muddatli depozitlarning ulushi nisbatan past bo‘lgani uchun, banklar qisqa muddatli majburiyatlar hisobiga uzoq muddatli kreditlar berish xavfiga duch kelmoqda, bu esa likvidlik va foiz riskini kuchaytiradi.
Xalqaro reyting agentligi Fitch Ratings ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda O‘zbekiston tijorat banklarida muammoli kreditlar (NPL) ulushi 8 % ni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich mintaqaviy mezonlarga nisbatan o‘rtacha darajada hisoblanadi, ammo prognozlarga ko‘ra, 2025–2026-yillarda NPL darajasi 9–10 % gacha oshishi mumkin. Ushbu holat iqtisodiyotda inflyatsion bosim, foiz stavkalari o‘zgarishi va ayrim tarmoqlarda rentabellik pasayishi bilan izohlanadi.
Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi (IMF) o‘zining “Financial Sector Assessment” hisobotida O‘zbekiston bank tizimidagi so‘nggi islohotlarni yuqori baholab, ayniqsa risk asosidagi nazorat tizimi (risk-based supervision) joriy etilayotganini alohida ta’kidlagan. Bu tizim Markaziy bankka tijorat banklarining faoliyatini nafaqat moliyaviy ko‘rsatkichlar asosida, balki ularning risk boshqaruvi mexanizmlarining sifatiga qarab baholash imkonini beradi.
Bundan tashqari, tijorat banklarida kapital yetarliligi (CAR) darajasi xalqaro Basel III standartlariga yaqinlashmoqda. Bu esa, bank tizimining shoklarga nisbatan bardoshliligini oshirishda muhim qadam hisoblanadi. Shu bilan birga, risklarni baholashda zamonaviy raqamli texnologiyalar, xususan big data tahlili, sun’iy intellekt va machine learning uslublarining joriy etilishi ham kuzatilmoqda. Bu vositalar orqali kredit riskini oldindan prognozlash, mijozlarning moliyaviy holatini baholash va firibgarlik holatlarini aniqlash samaradorligi oshmoqda.
Umuman olganda, statistik tahlillar shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston tijorat banklari so‘nggi yillarda jadal rivojlanmoqda, ammo ular duch kelayotgan risklar murakkablashib bormoqda. Ayniqsa, kredit, likvidlik, va operatsion risklarning o‘zaro bog‘liqligi ularni integratsiyalashgan boshqaruv tizimi asosida nazorat qilish zaruratini kuchaytirmoqda. Shu sababli, risklarni boshqarish tizimini takomillashtirish, kapital bazasini mustahkamlash va xalqaro moliyaviy standartlarni amaliyotga to‘liq joriy etish O‘zbekiston bank sektorining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Xulosa
O‘zbekiston tijorat banklarining hozirgi rivojlanish bosqichi bank tizimini chuqur isloh qilish, risklarni aniq baholash va ularni samarali boshqarish mexanizmlarini takomillashtirish zarurligini ko‘rsatmoqda. Tahlillar shuni anglatadiki, 2024-yil holatiga ko‘ra banklar aktivlari 652,2 trillion so‘mga yetgan bo‘lib, bu 2023-yilga nisbatan o‘rtacha 15–18 foiz o‘sishni ifodalaydi. Ushbu o‘sish mamlakat iqtisodiy faolligining oshayotganini ko‘rsatsa-da, u bilan bir qatorda risklarning ham hajm va murakkablik jihatdan kengayishiga sabab bo‘lmoqda.
Tijorat banklari aktivlarining 72,3 foizi kredit portfeliga to‘g‘ri kelmoqda. Bu esa, banklarning iqtisodiyotning real sektorini moliyalashtirishdagi faol ishtirokini bildiradi. Biroq shu bilan birga, kredit riskining yuqori darajada shakllanishi banklar uchun asosiy tahdid bo‘lib qolmoqda. Qarzdorlarning to‘lov qobiliyati pasayganda yoki iqtisodiy sharoit noqulaylashganda, bu kapitalga bevosita bosim o‘tkazadi. Shu sababli, Markaziy bank tomonidan kapital yetarliligi (CAR) ko‘rsatkichlarini bosqichma-bosqich Basel III talablariga yaqinlashtirish to‘g‘risidagi qaror strategik jihatdan muhim qadamdir. Bu yondashuv bank tizimining shoklarga nisbatan bardoshliligini oshiradi.
Depozitlarning 37 foiz ulushi esa aholining bank tizimiga bo‘lgan ishonchining oshib borayotganini ko‘rsatadi. Bu moliyaviy barqarorlik uchun ijobiy omil bo‘lsa-da, ularning katta qismi qisqa muddatli depozitlar shaklida joylashgani likvidlik va foiz risklarini kuchaytiradi. Bunday sharoitda banklar resurslarining muddat tarkibini balanslashtirishi, aktiv va passivlarni boshqarishda “duration analysis” kabi ilg‘or metodlardan foydalanishi zarur.
Fitch Ratings tomonidan qayd etilgan 8 foizlik muammoli kreditlar ulushi (NPL) ham e’tiborga molik. Agar ushbu ko‘rsatkich 2025–2026-yillarda prognoz qilinayotganidek 9–10 foizgacha oshsa, bu banklarning foyda marjasiga, kapital yetarliligiga va umumiy ishonch darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu bois, banklar kredit portfelini diversifikatsiya qilish, sektorlararo risk taqsimotini qayta ko‘rib chiqish hamda raqamli texnologiyalar yordamida qarz oluvchilarni baholash tizimlarini takomillashtirishlari lozim.
IMF tomonidan e’tirof etilgan risk-based supervision tizimining joriy etilishi bank nazoratini yangi bosqichga olib chiqmoqda. Endilikda nazorat jarayonlari faqat moliyaviy natijalarga emas, balki risklarni boshqarish tizimining sifatiga ham asoslanadi. Bu yondashuv bank faoliyatida risk-madaniyatni shakllantirish, shaffoflikni kuchaytirish va ichki audit tizimlarini samarali ishlashini ta’minlaydi.
Shuningdek, O‘zbekiston tijorat banklari faoliyatida raqamli texnologiyalar, xususan sun’iy intellekt (AI), katta ma’lumotlar (Big Data) va mashinaviy o‘qitish (Machine Learning) algoritmlarini risklarni prognozlash, firibgarlik holatlarini aniqlash hamda mijozlarning moliyaviy holatini tahlil qilishda joriy etish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu texnologiyalar banklarga kredit risklarini kamaytirish, individual yondashuv asosida qaror qabul qilish hamda operatsion samaradorlikni oshirish imkonini beradi.
Tahlillardan ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston tijorat banklari duch kelayotgan asosiy xavf turlari — kredit, likvidlik, bozor, operatsion va komplayens risklaridir. Ularning o‘zaro bog‘liqligi sababli integratsiyalashgan risk menejment tizimini joriy etish zarur. Bunday tizim risklarni yagona yondashuvda aniqlab, ularning o‘zaro ta’sirini inobatga olgan holda boshqarish imkonini beradi. Bu esa nafaqat xavf-xatarni kamaytiradi, balki bankning strategik afzalliklarini kuchaytiradi.
Shu o‘rinda, Markaziy bankning so‘nggi islohotlari — regulyativ talablarning xalqaro standartlarga moslashtirilishi, kapital bazasining mustahkamlanishi va xususiylashtirish jarayonlarining jadallashuvi — risklarni kamaytirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Ammo tizim samaradorligini oshirish uchun banklar o‘z ichki siyosatlarida risk-madaniyatni chuqur singdirishlari, xodimlarning malakasini oshirish va axborot texnologiyalarini keng joriy etishlari zarur.
Umuman olganda, O‘zbekiston tijorat banklarida risklarni boshqarishni takomillashtirish yo‘nalishlari quyidagicha ifodalanadi:
- Integratsiyalashgan risk menejment tizimini joriy etish;
- Basel III standartlariga to‘liq mos kapital siyosatini shakllantirish;
- Raqamli texnologiyalar orqali kredit riskini baholash mexanizmlarini takomillashtirish;
- Likvidlik va foiz risklarini muvozanatli boshqarish uchun stress-test amaliyotlarini kuchaytirish;
- Komplayens va kiberxavfsizlik tizimlarini mustahkamlash.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, O‘zbekiston bank sektorining jadal rivojlanishi bilan bir qatorda risklarni boshqarish madaniyatini chuqurlashtirish, xalqaro standartlarga mos tizimlarni to‘liq joriy etish va innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq etish kelajakda bank tizimining barqarorligini ta’minlaydigan eng muhim omil bo‘lib qoladi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yhati
1. Basel Committee on Banking Supervision. Basel III: Finalising post-crisis reforms. Bank for International Settlements, 2017.
2. International Monetary Fund (IMF). Uzbekistan: Financial Sector Assessment Program Report, Washington D.C., 2023.
3. Fitch Ratings. Uzbekistan Banking Sector Outlook 2023–2026, London, 2024.
4. Knight, F.H. Risk, Uncertainty, and Profit. Boston: Houghton Mifflin, 1921.
5. Saunders, A., & Allen, L. Credit Risk Management in Financial Institutions. Wiley Finance, 2021.
6. Naobetova N. Risk Management in Uzbekistan’s Commercial Banks, Tashkent, 2022.
7. Xoldorov S. Credit Risks and Management Strategies of Commercial Banks in Uzbekistan, Tashkent State University of Economics, 2023.
8. Isakov J.Y. Tijorat banklari faoliyatidagi kredit risklarini boshqarishni takomillashtirish yo‘llari, “Iqtisodiyot va moliya” jurnali, 2022.
9. Saidov J. O‘zbekiston Respublikasi bank faoliyatida risklarni boshqarishning huquqiy asoslari, “Moliyaviy barqarorlik” jurnali, 2023.
10. Elchiboyev M. O‘zbekiston tijorat banklarida muammoli kreditlar bilan ishlash amaliyoti, Innovatsion iqtisodiyot jurnali, 2023.
11. https://cbu.uz
12. https://fitchratings.com
13. https://imf.org
14. https://jets.innovascience.uz.
15. https://researchgate.net
본문은 PDF에서 자동으로 추출되었으며 부정확할 수 있습니다.