ResearcherUz LogoResearcherUz
저널 보기

Pirimqul Qodirovning frazeologizmlardan foydalanish mahorati (“Yulduzli tunlar” romani misolida)

초록

Ushbu maqolada Pirimqul Qodirovning frazeologizmlardan foydalanish mahorati “Yulduzli tunlar” romanidagi misollar yordamida ochib berilgan.


전체 PDF 문서

관련 논문

전문

Pirimqul Qodirovning frazeologizmlardan foydalanish mahorati

(“Yulduzli tunlar” romani misolida)

Jumayeva Dilafro‘z Orifjon qizi

Termiz davlat universiteti talabasi

Rahimova Zebiniso Shomansur qizi

Termiz davlat universiteti doktoranti

Annotatsiya: Ushbu maqolada Pirimqul Qodirovning frazeologizmlardan foydalanish mahorati “Yulduzli tunlar” romanidagi misollar yordamida ochib berilgan.

Kalit so‘zlar: Tarixiy roman, frazeologizm, inson kechinmalari, kontekst, fraza.

Frazeologiya (gr.phrasis-ifoda va logos-ta'limot). Birdan ortiq mustaqil leksema ko‘rinishining birikuvidan tashkil topib, obrazli ma’noviy tabiatga ega bo‘lgan lisoniy birlik frazeologizm deyiladi. Frazeologiya leksikologiya bo‘limining tarkibiy qismidir. Frazeologizm tashkil etuvchisiga ko‘ra qo‘shma leksema kabi til jamiyati ongida tayyor va barqaror holda yashaydi. Frazeologizmning aksariyati badiiy va so‘zlashuv nutqiga xos [2.129]. Shu jumladan, adabiyotlarda ham uchratishimiz mumkin. Deyarli har bir asar o‘zida tilning ma’lum bir jihatlarini aks ettiradi. Sevimli adibimiz Pirimqul Qodirovning asarlarida ham lingvistik belgilar yaqqol ko‘zga tashlanadi. Yozuvchining asarlari aksariyati tarixiy bo‘lib, “Yulduzli tunlar” romani ham shu siraga kiradi. Asarda Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti haqida so‘z yuritiladi. Shu o‘rinda Pirimqul Qodirovning kechinmalarni go‘zal shaklda taqdim eta olishi kitobxonlarga qahramonlarni to‘la va to‘gri tushunish, dardi bilan xastalanish, o‘sha voqealar ichida yashash imkonini beradi. Yozuvchining hech narsa qilmasdan turishni “qo‘l qovushtirib turmoq”, ma’yus holatni “yuragi uvushmoq”, qo‘rquv ichida qolishni “yuragi taka-puka bo‘lmoq” shaklida ifodalanishi fikrimiz dalilidir. Asarda bunday o‘xshashi yo‘q frazeologizmlardan yetarlicha qo‘llangan. Quyida “Yulduzli tunlar” romanining “Quva. Qil ustida turgan taqdirlar” bobida keltirilgan frazeologizmlar bilan tanishamiz.

Tohir orqasiga o‘girilib, Quvasoyning quyi tomonlariga ko‘z yugurtirdi. Pastda qamishzor botqoqlik va uning ustidan o‘tgan uzun yog‘och ko‘prik bor edi. Ko‘prikdan chumoliday behisob odamlar, otlar, mollar, aravalar tizilib o‘tib kelayotgani yomg‘ir pardasi orasidan elas-elas ko‘zga chalinardi [1.3]. Ushbu kontekstda “ko‘z yugurtirmoq” va “ko‘zga chalinmoq” iboralari qo‘llangan. O‘zbek tilining izohli lug‘atida quyidagi iboralar shunday tavsiflanadi:

Ko‘z yugurtirmoq. Tezgina ko‘rib (qarab) chiqmoq [4.444].

Ko‘zga chalinmoq. Ko‘rinmoq.

- Ulusning sho‘ri qursin! - dedi Tohir.

- Kasofat podsholar urushmay turolmasa [1.4].

Sho‘ri qursin. Ahvoliga voy, holi xarob [7.12].

Robiya xanjarga qo‘rqa-pisa ko‘z tashladi-da:

- Qaydam, - dedi [1.4].

Ko‘z tashlamoq. Qaramoq, nazar solmoq [4.444].

Ramazon oyi o‘tgandan keyin ularning to‘ylari bo‘lishi kerak. Tohir Robiya bilan hademay bir yostiqqa bosh qo‘yishlariga ishonib, bexavotir yurgan edi [1.4]. Bir yostiqqa bosh qo‘ymoq. Turmush qurmoq [3.335].

- Yomon tushmi? -Aytishga ham tilim bormaydir. Tushga nelar kirmas!.. Ayt!.. Mayli...[1.5].

Tili bormaslik. Biror narsa deyishga botina olmaslik, ko‘ngli bo‘lmaslik [6.92].

Tohir Yomon bir, falokatni oldindan sezganday yuragi uvushdi:

- Shoshilmay gapir[1.5]!

Yuragi uvushmoq. Ma’yus, ezgin holatni tuymoq. Noxush narsadan o‘zini

yomon his qilmoq [6.262].

Non yeb, bir kosadan qatiqli osh ichganlaridan keyin Tohir Andijonga ketish haqidagi gapning uchini chiqarishga chog‘landi [1.7].

Uchini chiqarmoq. Boshlang‘ich, belgilar tarzida ma'lumot bermoq, shipshitmoq [6.306].

Mulla Fazliddin og‘zidan chiqib ketgan so‘nggi gaplardan xavotirlanib, eshik tomonga qarab qo‘ydi. Uning saroy ahliga yaqin yurib, ayg‘oqchilardan yurak oldirib qo‘yganini Tohir ham sezdi [1.10].

Yurag(i)ni oldirib qo‘ymoq. Ma'nodoshi: yurag(i)ni olib qo‘ymoq. Kim kimning -yurag(i)ni oldirib qo‘ymoq kim [o‘zining]. Bezillatib qo‘ymoq [8.271].

Iztirobli o‘ylar tuni bilan mulla Fazliddin ko‘ziga uyqu qo‘ndirmadi. Urushning alg‘ov-dalg‘ovida tobora bo‘yni yo‘g‘on bo‘lib ketayotgan bebosh beklar esiga tushgani sari ko‘ngli bezovta bo‘lardi [1.12].

Ko‘ngli bezovta bo‘lmoq. Odatdagi tinch holatini yo‘qotmoq, tashvishlanmoq; tashvish tortmoq, tashvishga tushmoq [7.211].

O‘rinlaridan turganda, Yoqubbek mulla Fazliddinga o‘qrayib ko‘z tikdi: -Lekin men aytgan gap shu yerda qolsin, janob me'mor. Aks holda... [1.13].

Ko‘z tikmoq. Tikilib qaramoq, intizor bo‘lmoq, qaramoq [4.44].

Mulla Fazliddinning yuragi taka-puka bo‘lib ketdi. Nahotki, bu bek po‘lat sandiqdagi suratdan xabardor bo‘lsa [1.13]!

Yuragi taka-puka bo‘lmoq. Vahima, qo‘rquv, xavotir holatida bo‘lmoq; bezovtalanmoq [7.88]. Qo‘l qovushtirib tikka turgan mulla Fazliddin dorug‘aga yaqinroq keldi [1.15].

Qo‘l(ini) qovushtirmoq. 3) ko‘chma. Ish qilmasdan qaqqayib turmoq [7.321].

- Nachora? Hammamizning ham taqdirimiz qil ustida turibdi [1.18].

Qil ustida turmoq. Jiddiy xavf ostida bo‘lmoq, halokat yoqasida bo‘lmoq [6.199].

- E, bu niyatlar hammasi puchga chiqdi! - deb Tohir unga tog‘asidan

eshitganlarini aytib berdi [1.19].

Puchga chiqmoq. Asossiz bo‘lib chiqmoq, amalga oshmay qolmoq, yo‘q

bo‘lmoq [5.324].

Podshomiz erta-indin kelib, jonimizga oro kirgay... Mana ko‘rursen !..

Jon(i)ga oro kirmoq. 1) halokatdan yoki biror ko‘ngilsiz voqeadan, tang holatdan saqlab qolmoq. 2) qiyin, mushkul ahvoldan qutqarmoq, og‘ir paytda yordamga kelmoq, yordam qilmoq [4.103].

Toshkent xoni Mahmudxon ham Xo‘jand tomonidan bizga qarshi qo‘shin tortib kelmoqda emish [1.9].

Qo‘shin (yoki lashkar, askar) tortmoq. Qo‘shin (lashkar, askar) bilan yurish qilmoq, bosib bormoq [6.155].

Bu yilgi ro‘za yoz chillasiga to‘gri kelgan, jazirama kunlarda tong sahardan kechqurun qorong‘i tushguncha tuz totmay och yurish ko‘p odamning sillasini quritar, buning ustiga tashnalik azobi qo‘shilardi [1.7].

Yuqoridagi matnda qo‘llangan iboraga zid ravishda tuz totmaslik emas, tuzini totmoq iborasi O‘zbek tilining izohli lug‘atida shunday tarzda uchraydi:

Tuzini totmoq. 1) aynan tuzini ko‘rmoq; 2) mazasini ko‘rmoq, ta’mini totmoq [6.79] ya’ni kontekstda tuz totmaslik hech narsa yemasdan, ta'mini totmasdan yurmoq ko‘rinishida aks etgan.

Yuqorida “Yulduzli tunlar” romanidagi “Quva. Qil ustida turgan taqdirlar” bo‘limidagi frazalarni sharhlab ilmiy yo‘l bilan izlanishga harakat qildik. Biroq asarning o‘zida frazalar juda ko‘p, biz esa dengizdan tomchi keltirdik xolos. Bu esa tarixshunos, O‘zbekistonning badiiy tarixiy o‘tmishi qayta yaralishiga ko‘p kuch va vaqt sarflagan yozuvchi Pirimqul Qodirov ijodining yuksak ekanligini ko‘rsatadi. Adib bu romanda til xususiyatlarini ochishda tarixiy so‘zlar, iboralar, pragmatik unsurlardan unumli tarzda foydalana olgan. Bu unsurlar o‘z o‘rnida asarning jozibadorligini oshirgan.

Adabiyotlar: 1. Qodirov P. Yulduzli tunlar. -Toshkent: Adabiyot uchqunlari. 2018. 2. Sayfullayeva R, Mengliyev B, Boqiyeva G, Qurbonova M, Yunusova Z, Abuzalova M. Hozirgi o‘zbek adabiy tili. -Toshkent: 2009. 3. O‘zbek tilining izohli lug‘ati. 1-tom. -Toshkent: O‘zbekiston nashriyoti. 2020. 4. O‘zbek tilining izohli lug‘ati. 2-tom. -Toshkent: O‘zbekiston nashriyoti. 2020. 5. O‘zbek tilining izohli lug‘ati. 3-tom. -Toshkent: O‘zbekiston nashriyoti. 2020. 6. O‘zbek tilining izohli lug‘ati. 4-tom. -Toshkent: O‘zbekiston nashriyoti. 2020. 7. O‘zbek tilining izohli lug‘ati. 5-tom. -Toshkent: O‘zbekiston nashriyoti. 2020. 8. O‘zbek tilining izohli frazeologik lug‘ati. -Toshkent: O‘qituvchi. 1978. 9. https://arboblar.uz>kadyrov-pirimqul.

10. Umurqulov B. AN ESSENTIAL FEATURE OF ARTISTIK DISCOURSE

//Scientific Bulletin of Namangan State University. – 2019. – Т. 1. – №. 10. – С. 242- 246. 11. Умуркулов, Б. "Бадиий адабиётда суз." (1993). 12. Курбаназарова Н. Ш. ЛИСОНИЙ ТИЗИМДА ЭТНОГРАФИК

БИРЛИКЛАРНИНГ ЛИНГВОМАДАНИЙ АСПЕКТИ (СУРХОНДАРЁ ТЎЙ

МАРОСИМЛАРИ МИСОЛИДА) //МЕЖДУНАРОДНЫЙ ЖУРНАЛ

ИСКУССТВО СЛОВА. – 2020. – Т. 3. – №. 4.

13. Эргашева Д. А. ODIL YOQUBOV ASARLARIDA INSON RUHIY HOLATI

IFODALANISHINING LISONIY MANZARASI //МЕЖДУНАРОДНЫЙ ЖУРНАЛ

ИСКУССТВО СЛОВА. – 2020. – Т. 3. – №. 1.

14. Rakhimova Z. S. ARGO AS A SOCIALLY LIMITED LEXICAL UNIT

//CURRENT RESEARCH JOURNAL OF PHILOLOGICAL SCIENCES (2767-

3758). – 2021. – Т. 2. – №. 12. – С. 146-150.

본문은 PDF에서 자동으로 추출되었으며 부정확할 수 있습니다.