ResearcherUz LogoResearcherUz
저널 보기

SURXONDARYO KUTUBXONACHILIGIDA KADRLAR MASALASI

초록

Har qanday sohani rivojlantirish va undan ko’zlangan maqsadni ro’yobga chiqarish uchun o’sha sohaning harakatlantiruvchi omillariga e’tibor qaratish lozim. Jumladan, kutubxonachilik sohasini yuksaltirish uchun uning eng asosiy harakatlantiruvchi kuchi sifatida undagi kadrlarning salohiyatiga e’tibor qilish zarur. Aynan shuning natijasida yuksak sifat samaradorligiga erishish mumkin


전체 PDF 문서

관련 논문

전문

SURXONDARYO KUTUBXONACHILIGIDA KADRLAR MASALASI

Egamov Nazirbek Nurullayevich

naziregamov7@gmail.com

TerDU “O’zbekiston tarixi va manbashunoslik” kafedrasi tayanch doktoranti

Annotatsiya: Har qanday sohani rivojlantirish va undan ko’zlangan maqsadni ro’yobga chiqarish uchun o’sha sohaning harakatlantiruvchi omillariga e’tibor qaratish lozim. Jumladan, kutubxonachilik sohasini yuksaltirish uchun uning eng asosiy harakatlantiruvchi kuchi sifatida undagi kadrlarning salohiyatiga e’tibor qilish zarur. Aynan shuning natijasida yuksak sifat samaradorligiga erishish mumkin.

Kalit so’zlar: kadrlar masalasi, xodimlarning salohiyati, malaka oshirish kurslari, oliy ma’lumotli kadrlar, kitobxonlik darajasi, kadrlar qo’nimsizligi, kutubxonachi ta’minoti.

КАДРОВЫЙ ВОПРОС В СУРХОНДАРЬИНСКОЙ БИБЛИОТЕКЕ

Эгамов Назирбек Нуруллаевич – докторант кафедры «История и

источниковедение Узбекистана» ТерГУ.

naziregamov7@gmail.com

Аннотация: Чтобы развивать любую отрасль и реализовывать цели, необходимо обращать внимание на движущие факторы этой отрасли. В частности, для совершенствования сферы библиотечного дела необходимо обратить внимание на потенциал его кадров как его основной движущей силы. В результате можно добиться высокого качества эффективности.

Ключевые слова: кадровые вопросы, кадровый потенциал, курсы повышения квалификации, высокообразованные кадры, уровень чтения, кадровый дефицит, библиотечное обеспечение.

PERSONNEL ISSUE AT SURKHONDARYO LIBRARY

Egamov Nazirbek Nurullayevych is a doctoral candidate of the

Department of "Uzbekistan History and Source Studies" of TerSU

naziregamov7@gmail.com

Abstract: In order to develop any industry and realize the goal, it is necessary to pay attention to the driving factors of that industry. In particular, in order to improve the field of librarianship, it is necessary to pay attention to the potential of its personnel as its main driving force. As a result, it is possible to achieve high quality efficiency.

Key words: personnel issues, staff capacity, training courses, highly educated personnel, reading level, staff shortage, librarian supply.

Dunyodagi barcha sohalarning rivoji bevosita uni amalga oshirayotgan kadrlar salohiyatiga bog’liq bo’ladi. Sohaning rivojlanishi, xalqqa naf keltirishi va mamlakat hukumatining sohadan ko’zlagan maqsadiga erishishi uchun kadrlarning yuqori saviyadaligi hal qiluvchi rol o’ynaydi. Bu barcha sohalar uchun birday taalluqli. Shu jumladan, kutubxonachilik sohasi ham bundan mustasno emas.

Kadr so’zi fransuzcha “cadre” so’zidan olingan bo’lib, “shaxsiy tarkib” degan ma’noni bildiradi, mohiyatan esa biror bir tashkilotdagi xodimlarning asosiy tarkibi tushuniladi. Biz o’rganayotgan tadqiqotimizda mamlakatimizdagi butun kadrlar muammosini emas, balki faqat kutubxonachilik sohasidagi kadrlar muammosi va ularning yechimiga e’tibor qaratdik. Sohaning rivojiga to’sqinlik qilayotgan asosiy masalalardan biri bo’lmish kadrlar muammosi hal etilishi zarur bo’lgan vazifa bo’lib turibdi. Shuning uchun bu masalaning o’rganilishini vaziyat taqazosi sifatida qabul qilish kerak.

Xo’sh, mustaqillikka erishganimizdan so’ng Surxondaryo viloyatining kutubxonachilik sohasida kadrlar masalasi qay ahvolda edi? Bugun bu masala qanday hal etilmoqda, qanday yechimlar bor? Tadqiqotimiz davomida ushbu masalalarga atroflicha yondashishga harakat qildik. Bu borada, asosan, arxiv hujjatlari va mutaxassislar fikr-mulohazalariga asoslanib, uni ilmiy jihatdan tahlil qilishga urinib ko’rdik.

Surxondaryo viloyati davlat arxivida saqlanayotgan hujjatlarning guvohlik berishicha, mustaqillikka erishilgan ilk davrlarda joylardagi bir qator shahar va rayon hokimlari hech qanday asossiz ravishda o’zboshimchalik bilan klub muassasalari, bolalar musiqa maktablari va hatto, kutubxonalardagi mavjud ish o’rinlarni qisqartirib yuborganlar. XV chaqiriq xalq deputatlari Angor rayon kengashining 1992-yil 12- iyunda bo’lib o’tgan XI sessiyasi qabul qilgan qarorga binoan, rayondagi kutubxonalardan 14,5 o’rin, rayon madaniyat tarmog’idan 14 o’rin, bolalar musiqa maktabidan 3 o’rin - jami 31.5 o’rin qisqartirib yuborilgan.

Xuddi shunday o’zboshimchalik Denov shahar hokimligida ham mavjud. U yerda ham kutubxonalar bo’yicha 10 ta o’rin qisqartirib yuborilgan. Boysun, Termiz rayonlari hokimliklari qishloq kutubxonalari va klublari o’rinlarini to’g’ridan to’g’ri ular o’rnashgan xalq deputatlari qishloq kengashlari ixtiyoriga o’tkazib yuborganlar.

Viloyat madaniyat ishlari boshqarmasi bunday o’rinsiz harakatlarga qarshi chora-tadbirlar ko’rib, asossiz qisqartirilgan o’rinlar yana qaytarib olindi. Joylardagi hokimliklar tomonidan sodir etilayotgan noto’g’ri harakatlar viloyat hokimligiga yozma ravishda yetkazildi va hokimlik viloyat madaniyat ishlari boshqarmasiga amaliy yordam ko’rsatdi. Natijada kutubxonalardagi shtatlar va kadrlar masalasidagi ahvol yanada qiyin vaziyatga tushib qolishining oldi olindi.

Surxondaryo viloyati madaniyat boshqarmasining 1992-yildagi kadrlar masalasidagi hisobotlarida shunday deyiladi: “Kutubxonalar ishida ham burilish bo’lmayapti. Hamon rayon, shahar markazlashgan kutubxonalar tizimlari xo’jalik yurtishning yangicha usuliga o’tishning mohiyatiga tushunmay, nimalarnidir kutib, eskicha ishlab kelishyapti. Endigi vazifa bunday xotirjamlikka barham berib, ishni davr talabiga mos ravishda tashkil etishdir. Bizga qorovul kutubxonachi emas, balki tashabbuskor, o’z vazifasiga jonkuyar bo’lgan xodimlar kerak. Ana shunday mas’uliyatli kutubxonachining maoshi har qancha oshirilsa ham birov hech narsa demaydi. Shuning uchun faqat oyma-oy maosh olishni bilib, ish desa chekkada panalab yuradigan xodimlarning bahridan kechish lozim. Kutubxonalar ommaviy tadbirlar o’tkazishga, oilaviy, brigada abonementlarini ko’paytirishga harakat qilishlari, har xil qiziqarli tadbirlar o’tkazish, tashkiliy ishlar bilan shug’ullanish bilan kitobxonlar sonini ko’paytirishga erishishlari shu kunning talabidir. Bularni amalga oshirishda viloyat kutubxonalari katta tashkilotchilik ishlarini olib borishlari, o’zlarining uslubiyat markazi degan nomlarini oqlashlari lozim”.

Ushbu hujjatning keyingi betlarida G’afur G’ulom nomidagi viloyat bolalar kutubxonasi haqida so’z yuritilib, u yerda kadrlar imkoni boricha to’g’ri joylashtirishga harakat qilingani, kutubxonada beshta bo’lim faoliyat ko’rsatayotgani va har bir bo’limda o’zbek va rus tiliga mansub bo’lgan kadrlar ish olib borayotgani, bu esa kelgan kitobxonning har biri erkin muloqot qila olishiga imkon berayotgani ta’kidlangan. Hujjatda kutubxonada yetarlicha ma’lumotga ega bo’lmagan xodimlar tashkil etilgan 6 oylik kutubxonachilik kursida o’qiyotgani, avvalgi (1991-) yilda ushbu kursni 15 ta xodim tamomlagani haqidagi ma’lumotlar ham keltirilgan. Shu bilan birga viloyatdagi madaniyat tashkilotlarining rahbarlari kadrlar ishi yuzasidan yetarlicha ish olib bormayotganligi ham qayd etilgan.

“Kutubxonalarda yuqori malakali mutaxassis kadrlar ozchilikni tashkil etmoqda. Jumladan, Adib Sobir Termiziy nomidagi viloyat markaziy kutubxonasida faoliyat olib borayotgan xodimlarning atigi 26,8 foizigina oliy va o’rta maxsus ma’lumotli mutaxassislardir. Rahbarlik lavozimlariga kadrlarni tanlab, bo’sh joylarni malakali kadrlar bilan to’ldirish muammo bo’lib turibdi. Yetti oydirki, kutubxona direktorining o’rinbosari joyi bo’sh. Buning oqibatida rayon va shahar markazlashgan kutubxonalar sistemasiga borib, metodik yordam ko’rsatish rejasi bajarilmay qolmoqda. Qolaversa, ishning og’irligi kutubxona direktoriga ham tushyapti. Bundan tashqari kutubxonadagi ilg’or ish tajriba maktabi faoliyati to’xtab turibdi. Bu maktabning dasturi tuzilgan bo’lsada, o’tkazilishi kerak bo’lgan seminarlar vaqti hamda javobgar xodimlar haligacha belgilab olinmagan”. Mana shunday e’tiborsizliklar natijasida kutubxonadagi ish samaradorligi past ko’rsatkichlarda qolib ketavergan, kitobxonlarga xizmat ko’rsatish ham sifatsizligicha qolavergan.

Ushbu hujjatdagi ma’lumotlarga ko’ra, o’sha paytda G’afur G’ulom nomidagi viloyat bolalar kutubxonasida ishlayotgan yuqori malakali mutaxassis kadrlar barcha xodimlarning atigi 20,8 foizni tashkil etgan. Kutubxona xodimlari orasida rus tiliga mansub bo’lgan kutubxonachilarning ayrimlari o’zbek tili darsiga borishni unchalik xush ko’rmaganlar. Oqibatda esa ish jarayonida kitobxonlar bilan o’zaro munosabatlarda qiyinchiliklarga duch kelingan. Bu esa o’z navbatida ish samaradorligiga ham o’z ta’sirini o’tkazmay qolmagan. “Kutubxona ishining samaradorligi bevosita uning barcha tarkibiy elementlarining rivojlanishi va izchilligiga bog’liq. Ayniqsa, sohaning kadrlar salohiyatiga”, - degan edi rus kutubxonashunos olimasi Yelena Yegorova.

1990-1991-yillarda viloyat madaniyat tashkilotlarida e’tibor mehnat intizomiga qaratilganligi, rahbarlarning mehnat intizomini buzgan xodimlarga o’z vaqtida ma’muriy jazo berib borganliklari natijasida kadrlar qo’nimsizligi biroz bo’lsada kamaygan. Jumladan, Adib Sobir Termiziy nomidagi viloyat markaziy kutubxonasida 1990-yilda 21 xodim ishdan ozod qilingan bo’lsa, 1991-yilda bu raqam qariyb 2 baravarga kamaygan. Viloyat bolalar kutubxonasida esa 1990-yilda 11 xodim ishdan bo’shab ketgan bo’lsa, 1991-yilda yana 7 kishi ishdan bo’shatilgan. Bu raqamlar kadrlar qo’nimsizligi masalasining birozgina bo’lsa ham yaxshi tomonga o’zgara boshlaganidan dalolat beradi.

Viloyat madaniyat ishlari boshqarmasi kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo’yish ishlariga ham katta e’tibor berishiga to’g’ri keldi. Shuni aytib o’tish joizki, Respublika malaka oshirish oliygohi kadrlar tayyorlash ishlari bo’yicha viloyatdagi barcha madaniyat maskanlariga yordam berdi. 1992-yil mobaynida bu oliygoh kurslarida viloyatimizdan 48 ta xodim tahsil oldi. Ular orasida o’z malakasini oshirib qaytgan kutubxonachilar ham bor edi. Yana shunisi diqqatga sazovorki, 1992-da kutubxonachilik va klubshunoslik mutaxassisligi bo’yicha Termiz davlat musiqa bilim yurtida yangi bo’limlar tashkil etildi. Shu yilda bo’limning kutubxonachilik mutaxassisligi yo’nalishida (kunduzgi va sirtqi shaklda) 30 ta talaba tahsil oldi. Bu esa kutubxonachilik faoliyatini mutaxassis kadrlar bilan to’ldirish ishini biroz bo’lsada yaxshiladi.

Bu davrda viloyat miqyosida kutubxonachilik sohadagi kadrlar masalasiga imkon qadar e’tibor berilgan bo’lsada, oliy ma’lumotli yetuk kadrlarning yetishmaslik holatlari yaqqol ko’zga tashlanardi. 1992-yil 4-5-6-mart kunlari Adib Sobir Termiziy va G’afur G’ulom nomidagi kutubxonalar xodimlari tomonidan Qumqo’rg’on nohiyasidagi kutubxonalar ishi o’rganib chiqildi. Nohiyada o’sha vaqtda 28 ta kutubxona aholiga xizmat ko’rsatgan bo’lib, umumiy kutubxonachilar soni 41 kishini tashkil qilgan. Tekshirish hisobotida shulardan bor-yo’g’i 5 kishi oliy ma’lumotli, 1 kishi esa o’rta maxsus ma’lumotga ega bo’lgan kadrlar ekanligi qayd etilgan. Bu Qumqo’rg’on nohiyasi kutubxonalaridagi oliy ma’lumotli kadrlar atigi 12,5 foiznigina tashkil qiladi, degani edi.

O’zbekiston milliy arxivida saqlanayotgan hujjatlardagi ma’lumotga ko’ra, oliy ma’lumotli kadrlar nafaqat tumanlarda, balki viloyatning markaziy kutubxonalarida ham kamchilikni tashkil qilardi. 1993-yilda Surxondaryo viloyati kutubxonalarida 733 xodim xizmat qilgan bo’lsa, ularning bor-yo’g’i 137 tasi oliy, 101 tasi maxsus oliy, 116 tasi o’rta maxsus ma’lumotli kishilar edi. Qolganlari esa umumiy o’rta ma’lumot bilan ish-faoliyatini olib borardi. Bunda kutubxonachilik mutaxassisligini tamomlagan oliy ma’lumotli xodimlar 18,69 foizni tashkil qilayotganini ko’rishimiz mumkin. Bu ma’lumotlarning o’ziyoq sohada qilinishi kerak bo’lgan vazifalarning anchagina ekanligini ko’rsatardi.

Mustaqillikning dastlabki yillaridan madaniyat sohasiga ko’rsatilgan e’tibor tufayli bir qator o’zgarishlar yuz berdi. 1994-yil boshqa sohalarda bo’lgani kabi viloyatimiz kutubxonalari faoliyatida ham salmoqli yil bo’ldi. 1993-yilda viloyatimiz aholisiga 425 ta ommaviy kutubxona xizmat ko’rsatgan bo’lsa, 1994-yilda kutubxonalar soni 428 taga yetdi. Bu sohaga hukumat e’tibori qaratilayotganligining namunasi edi.

Viloyat kutubxonalari tomonidan viloyatimizdagi kutubxona xodimlarining malakasini oshirish, maxsus ma’lumotga ega bo’lmagan xodimlarga boshlang’ich maxsus ma’lumotlar berish maqsadida 5 kunlik o’qishlar tashkil qilindi. Ayanchli tomoni shundaki, rayon kutubxonalariga yordam tariqasida tashkil etilgan ana shu o’qishlarga Uzun, Sherobod, Jarqo’rg’on rayonlari hamda Termiz shahri madaniyat ishlari bo’limlari mas’uliyatsizlik bilan yondashib, xodimlarni o’z vaqtida o’qishga yuborishni ta’minlamadilar. Hatto shu narsani ta’kidlash mumkinki, Termiz shahrida birorta ham maxsus ma’lumotli mutaxassis yo’q bo’lishiga qaramay, o’qishga uch kishi o’rniga bir kishi naridan beri qatnashgan. Bu kabi mas’uliyatsizliklar o’sha davr kutubxonachilik sohasi uchun ham yaxshigina muammolar keltirib chiqargan, madaniyat boshqarmasining kadrlar borasidagi kamchiliklarni to’ldirish uchun tuzgan rejalarining bajarilmay qolishiga sabab bo’lgan.

Bu davrda kutubxonalarning ish faoliyatida ham jiddiy kamchiliklarga yo’l qo’yildi. Masalan, hukumat tomonidan ajratilgan mablag’ evaziga kutubxona jamg’armasini to’ldirish ishlari Denov rayonida 65 foizga, Jarqo’rg’on rayonida 26 foizga, Qumqo’rg’on rayonida 81 foizga, Qiziriq rayonida 85 foizga, Sariosiyo rayonida 11 foizga, Termiz rayonida 84 foizga, Uzun rayonida 63 foizga, Sherobod rayonida 46 foizga bajarildi, xolos.

Bundan tashqari Jarqo’rg’on, Qumqo’rg’on, Bandixon rayonlarida kutubxona ishidagi hujjatlar to’g’ri yuritilmagan. Ana shu rayonlarda uslubiyat ishi hozirgi kun (1994-yil) talabiga javob bermaydi, maxsus ma’lumotli xodimlar tayyorlash masalasiga e’tibor berilmayapti. Masalan, Jarqo’rg’on rayonida jami xodimlarning 18 foizigina oliy va o’rta maxsus ma’lumotga ega, Qumqo’rg’onda bu ko’rsatgich 21,6 foizni, Bandixonda 14 foizni tashkil etadi. Jarqo’rg’onda hatto ma’lumotli mutaxassislar ham to’g’ri ishlamayapti. Kutubxona fondini hisobga oluvchi hujjatlar, uslubiyat hujjatlari – hammasi noto’g’ri. Vaholanki, bu lavozimlarda, ya’ni uslubiyat bo’limi mudiri hamda kutubxona jamg’armasini to’ldirish bo’limi mudirlari oliy ma’lumotli mutaxassislar hisoblanishadi. Lekin mutaxassislarning va xodimlarning ishi nazoratsiz qolgan. Bundan tashqari viloyat madaniyat ishlari boshqarmasining 1994-yil 25- fevraldagi “Viloyat kutubxonalarida kitob jamg’armalaridagi kitoblarni sanoqdan o’tkazish haqida”gi buyrug’i ko’p joylarda, madaniyat ishlari bo’limlari hamda markazlashgan kutubxonalar tizimlari rahbarlarining mas’uliyatsizligi, loqaydliklari oqibatida bajarilmagan. Buyruqning bajarilmasligida viloyat kutubxonalarining ham “hissasi” bor, albatta. Chunki ular buyruqning bajarilishini o’z vaqtida nazorat qilmaganlar. Oqibatda, sustkashlikka yo’l qo’yilgan, ishning borishi rejadagidek ketmagan.

Shuningdek, arxiv manbalarida viloyat madaniyat boshqarmasi boshlig’i Abdurasul Ibragimovning bir yig’ilishda Sherobod rayoni kutubxonalar tizimi rahbari O’. Safarova bilan bo’lgan suhbati keltirilgan.

A. Ibragimov: “Kutubxonada nechta xodim bor?”

O’. Safarova: “49 ta xodim bor, shundan 16 tasi o’qimishli”.

A. Ibragimov: “Nega kutubxonada tartib-intizom yo’q?”

O’. Safarova: “Haqiqatdan ham, tadbirlarga ko’proq e’tibor berib , hujjat ishlarini va tartib-intizomni chetda qoldiribmiz”.

A. Ibragimov: “Ishda tartib-intizom bo’lmasa, qog’oz ishlari bo’ladimi? Nega boshqarmaning buyrug’ini bajarmagansiz?”

O’. Safarova: “Buyruqni olgan edik, hujjatlarning ichida qolibdi, ko’rmabmiz, natijada bajarmaganmiz”.

A. Ibragimov: “Men sizning bu gapingizdan keyin siz haqingizda qanday fikrda bo’lishim mumkin? Siz shuncha yil kutubxonada rahbar bo’lib, shu gaplarni aytyapsizmi?”

O’. Safarova: “. . .”.

Birgina Sherobod rayoni misolidagi ushbu suhbatdan shu narsa anglashiladiki, o’sha davr kutubxonachilik sohasida kadrlar masalasidan boshqa muammolar ham talaygina bo’lgan. Hujjat yuritish ishlarining o’lda-jo’ldaligi, kutubxonachilarning ish saviyasining pastligi, tartib-intizomga amal qilinmasligi va shu kabi ko’plab kamchiliklar mavjud bo’lgan. Bu kamchiliklarni bartaraf etmasdan turib esa kutubxonachilik sohasini rivojlantirish juda mushkul ish edi.

Sherobod rayonidagi madaniyat sohasida talabchanlik ancha bo’shashtirib yuborilganligini ayta turib, viloyat madaniyat boshqarmasi boshlig’ining o’rinbosari D. G’ulomov: “Inson bir necha yillik ish stajiga emas, balki ish tajribasiga ega bo’lishi kerak”, - degan edi. “Kadrlarning haqiqatdan ham ko’pchiligi ma’lumotga ega bo’lmagan kadrlardir. Madaniyat uyi rahbarlaridan, qishloq madaniyat uyi mudirlaridan qanday ishlar qilinayotganligini so’rasang, nuqul konsertdan gapirishadi. To’garaklar, nizomlar haqida gapirmaydilar ham, balki ular bu narsaning nimaligini bilishmas ham. Kutubxonalarda ham shu ahvol”. Ko’rinib turibdiki, bu davrda madaniyat sohasida, xususan, kutubxonachilikda ahvol qoniqarli emas edi, rahbarlarning olib borilgan ishlardan ko’ngli to’lmagan.

Mavjud xato va kamchiliklarni bartaraf etish uchun hukumat bir qator tadbirlarni amalga oshirdi, ammo mavjud ahvolni darrov o’nglash juda mushkul edi. Shunday bo’lsada madaniyat boshqarmasi kutubxonalarga yo’l-yo’riq ko’rsatishda davom etdi. Boshqarma boshlig’i A. Ibragimov yig’ilishlarning birida shunday degan edi: “Joylarda hamma borib o’z ishlarini qaytadan ko’rib chiqsin. Kadrlar masalasi degani bir nechta kishini o’qishga yubordik, bir nechtasi o’qishdan keldi, degan gap emas. Biz ularning tarbiyasi bilan ham shug’ullanishimiz kerak. Mana hozir biz 3 ta rayonda tekshirish o’tkazdik. Aslida bu tekshirish tekshirish emas, balki amaliy yordamdir”. Viloyat madaniyat sohasini uzoq yillar boshqargan ushbu mehnat faxriysining ko’rsatmalari viloyat kutubxonachilari uchun ham anchagina yaxshi dasturulamal bo’lib xizmat qildi, deyish mumkin.

Ana shunday amaliy yordam sifatida Termizda tashkil etilgan kutubxona xodimlarining qisqa o’quv seminarlarida ko’plab kutubxonachilar, xususan, Sheroboddan 5 ta, Oltinsoydan 8 ta kutubxonachi o’z bilim va tajribalarini orttirib ketishdi. Bu malaka oshirish ishlarida, asosan, Adib Sobir Termiziy nomidagi viloyat markaziy kutubxonasi xodimlari o’z mehnatini ayamadilar.

Bu davrda kadrlar masalasini yanada og’irlashtiradigan bir jarayon bu kadrlarning qo’nimsizligi edi. Chunki kutubxonachilik sohasi xodimlari moddiy jihatdan yaxshi ta’minotga ega emasdilar. Shuning uchun xodimlar darrov boshqa “yog’liroq” joyga ishga o’tib ketishni yoki tirikchilikning boshqa manbalari bilan shug’ullanishni afzal bilishardi. Tadqiqotchi T. Arzunyan kutubxonalar va kutubxonachilik kasbi nufuzining pasayishiga sabab bo’layotgan omillarni sanar ekan, ulardan eng asosiylaridan biri sifatida kutubxonachilik sohasi mutaxassislarining kam ta’minlanganligini misol qilib ko’rsatgan edi. Shundan ham anglashiladiki, bu davrda moddiy ta’minot masalasi juda zarur edi. Shuning uchun madaniyat ishlari boshqarmasi bu masalani atroflicha o’rganib, uni imkon qadar hal etishga harakat qildi. Buning natijasida kadrlar qo’nimsizligini bartaraf etish va ularning samarali mehnat qilishlari uchun kutubxonachilarning ayrimlariga o’zlari yashab turgan uylarini xususiylashtirib berish, ayrimlarini turar joy bilan iloji boricha ta’minlash, vijdonan mehnat qilayotgan xodimlar yoki faxriylar uchun vaqti-vaqti bilan ma’naviy va moddiy rag’batlantirish ishlarini olib bordi.

Sherobodda 1995-yilda Prezident farmonlariga asosan, musiqa maktablaridan 3 kishiga, markaziy kutubxona xodimlaridan 2 kishiga o’zlari yashab turgan uylari xususiylashtirib berilgan, Oltinsoyda madaniyat uyi va kutubxona xodimlaridan 8 kishiga o’zlari yashab turgan uylari bepul xususiylashtirib berilgan. Xodimlarni ma’naviy rag’batlantirish borasida hamda ularga nisbatan moddiy g’amxorlikni kuchaytirish maqsadida madaniyat bo’limining 1995-yil 25-yanvardagi 2-sonli buyrug’iga asosan sobiq kutubxona xodimi Safiya Saidova 200 so’m pul miqdorida moddiy rag’batlantirilganligi ham shu borada olib borilgan ishlardan biri edi.

Kutubxonachilik sohasida 1993-1994-1995-yillar davomida 6 ta yosh mutaxassis oliy va o’rta maxsus bilim yurtlarini tugatib kelishgan. 2 kishi Toshkent davlat madaniyat oliygohini tugatib, 18-sonli filial Kampitepa qishloq kutubxonasiga va 28- sonli filial Muzrabot rayon hokimiyati binosida joylashgan kutubxonaga, 2 kishi esa Toshkent madaniyat oqartuv texnikumini tugatib, bittasi 1-tarmoq bolalar kutubxonasiga, ikkinchisi 15-tarmoq Poshxurt qishloq kutubxonasiga ishga joylashgan. Bu kabi ma’lumotlar kadrlar masalasini yaxshilashga urinishlar bo’lganligini, lekin ishlar ancha sust borganligini ko’rsatadi. Kadrlar muammosi osongina hal bo’ladigan ish emas edi. Shuning uchun mutasaddilar kadrlar masalasini umumdavlat miqyosida hal etish kerak, degan fikrni ilgari surdilar. Bu juda to’g’ri mulohaza edi va mamlakatimiz hukumati bu borada jiddiy ishlarni amalga oshirishga urinayotgan edi. Buning natijasida 1997-yil 29-avgustga kelib, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”ni qabul qildi. Unga ko’ra kadrlar tayyorlash masalasi butun bir tizimda olib borildi. Kadrlarning asosiy kontingenti kasb-hunar kolleji, bakalavriat va magistratura orqali tayyorlanadigan bo’ldi. Yuqori malakali, zamonaviy bilimlarga ega boʻlgan, hozirgi kun talablari asosida fikrlay oladigan yetuk kadrlarni tayyorlash - ham ijtimoiy-siyosiy, ham iqtisodiy muammolarni hal etishning kaliti hisoblanadi. Shuni inobatga olgan holda mamlakatimiz hukumati avvaldan mavjud bo’lgan kadrlar tayyorlash tizimini isloh qilish kerak, degan fikrga kelgan edi. (Bu hujjat bugungi kunda o’z kuchini yo’qotgan, 24. 09. 2020)

Avvaldan mavjud bo’lgan kadrlar tayyorlash tizimining demokratik o‘zgarishlar va bozor islohotlari talablariga muvofiq emasligi, o‘quv jarayonining moddiy-texnika va axborot bazasi yetarli emasligi, yuqori malakali pedagog kadrlarning yetishmasligi, sifatli o‘quv-uslubiy va ilmiy adabiyot hamda didaktik materiallarning kamligi, ta’lim tizimi, fan va ishlab chiqarish o‘rtasida puxta o‘zaro hamkorlik va o‘zaro foydali integratsiyaning yo‘qligi kadrlar tayyorlashning mavjud tizimidagi jiddiy kamchiliklar sirasiga kiradi. Mazkur dasturni tuzishdan maqsad ta’lim sohasini tubdan isloh qilish, uni o‘tmishdan qolgan mafkuraviy qarashlar va sarqitlardan to‘la xalos etish, rivojlangan demokratik davlatlar darajasida, yuksak ma’naviy va axloqiy talablarga javob beruvchi yuqori malakali kadrlar tayyorlash milliy tizimini yaratishdan iborat edi.

Butun mamlakat bo’yicha kadrlar tayyorlash masalasiga ahamiyat berila boshlangan bo’lsada, bu ishlar aynan kutubxonachilik sohasini to’liq qamrab olmadi. Kutubxonachilik bo’yicha oliy ma’lumotli mutaxassislarni tayyorlash ishlari faqatgina O’zbekiston davlat san’at va madaniyat institutidagi kutubxonachilik fakulteti bilan cheklanib qoldi. Oxirgi yillarda institutning Farg’ona filiali ochildi, Namangan, Qarshi va Termiz davlat universitetlarida kutubxonashunoslik yo’nalishlari tashkil etildi. Bu ishlar sohada siljish qilish uchun yaxshigina qadam bo’ldi, deyish mumkin. Lekin shunda ham ahvol u qadar yaxshilanmadi. Buni viloyat kutubxonalarida faoliyat olib borayotgan xodimlar statistikasidan ham ko’rish mimkin. 2022-yil oxiriga kelib, Adib Sobir Termiziy nomidagi viloyat AKM mutaxassislari Surxondaryo viloyatidagi axborot-kutubxona markazlarining kadrlar bilan ta’minlanishi, mutaxassislarning soni, yoshi, ma’lumotini o‘rganib chiqdilar.

2020-2021-2022 yilllar hisobiga ko‘ra, viloyat axborot-kutubxona muassasalarida 2020-yilda 291 nafardan ziyod xodimlar ishlayotgan bo‘lsa, ularning 36 nafari kutubxonachilik bo’yicha oliy ma’lumotga, 31 nafari boshqa soha bo’yicha oliy ma’lumotga, 148 nafari soha mutaxassisligi bo’yicha o’rta maxsus, 50 nafari boshqa soha bo’yicha o‘rta maxsus ma’lumotga ega ekanligi aniqlandi. 2021-yilda 306,25 nafardan ziyod xodimlar ishlayotgan bo‘lsa, ularning 28 nafari kutubxonachilik bo’yicha oliy ma’lumotga, 30 nafari boshqa soha bo’yicha oliy ma’lumotga, 164 nafari soha mutaxassisligi bo’yicha o’rta maxsus, qolganlari esa boshqa soha bo’yicha o‘rta maxsus ma’lumotga ega ekanligi aniqlandi.

2022-yilda 305.25 nafardan ziyod xodimlar ishlayotgan bo‘lsa, ularning 31 nafari kutubxonachilik bo’yicha oliy ma’lumotga, 26 nafari boshqa soha bo’yicha oliy ma’lumotga, 161,5 nafari soha mutaxassisligi bo’yicha o’rta maxsus, qolganlari esa boshqa soha bo’yicha o‘rta maxsus ma’lumotga ega ekanligi aniqlandi. Yoshi bo‘yicha mutaxassislar tarkibi tekshirilganda esa 2020-2021-2022-yillar kesimida 30 yoshli xodimlar soni 157 nafar, 31-45 yoshdagi xodimlar 466.5 nafar, 46-53 yoshdagi xodimlar soni 223 nafar, 54 yoshdagi xodimlar soni 56 nafardan iborat ekanligi ma’lum bo’ldi.

Yillar

30 yoshgacha

31-45 yosh

oralig'i

46-53 yosh

oraligi

54 yosh va

undan katta

Jami

2020-yil 39 161 78 13 291

2021-yil 57 156 74,25 19 306,25

2022-yil 61 149,50 70,75 24 305,25

Bu ma’lumotlar viloyatdagi kutubxonachilik sohasida kadrlar masalasi hali ham juda nochor ahvolda ekanligini ko’rsatadi. Soha bo’yicha oliy ma’lumotli kadrlar boryo’g’i 9-13 foizni tashkil etayotganining o’zi anchagina achinarli holat. Adib Sobir Termiziy nomidagi viloyat AKM rahbari M. Abdushukurov ham madaniyat boshqarmasi uchun tayyorlagan o’z hisobotida oliy ma’lumotli kadrlar yetishmovchiligi “juda dolzarb muammo” ekanligini ta’kidlagan. Shuning uchun kutubxonalarimizda oliy ma’lumotli yetuk kadrlarni ko’paytirishimiz va ularni

2020 2021 2022

Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassislar tarkibi

Oliy soha Oliy-boshqa O'rta-maxsus boshqa tayyorlashda malaka va saviya jihatlariga alohida e’tibor berishimiz zarur. Chunki kutubxonalardagi kitobxonlarga xizmat ko’rsatish darajasiga xodimlarning malakasi juda katta ta’sir ko’rsatadi. Har bir kutubxonaning kitobxonlar uchun jozibadorligi nafaqat muassasaning axborot salohiyati, balki kutubxonachilarning shaxsiy xususiyatlari bilan ham belgilanadi.

Yosh nuqtai nazaridan oladigan bo’lsak, 30 yoshgacha bo’lgan ishchilar soni 13-20 foizdan oshmayotganini ko’rish mumkin. Bu esa ushbu soha yoshlar uchun sevimli kasbga aylanolmayotganining isboti bo’lib turibdi. Tan olib aytish zarurki, bugungi kunda yoshlar yoshi kattalarga nisbatan zamonaviy axborot texnologiyalari bilan yaxshi til topisha oladilar, shuning uchun zamonaviy kutubxonalar ishini yuritishda yoshlarga ehtiyoj seziladi. Mutaxassislarning fikricha, kutubxona muassasalari ishini yangi talablar asosida tashkil etishga qodir kadrlarning keskin tanqisligi kutubxonachilik rivojiga to’sqinlik qilayotgan asosiy muammolardan biri hisoblanar ekan. Shundan kelib chiqqan holda kutubxonachilik sohasini ilg’or yosh kadrlar bilan to’ldirish masalasini kun tartibiga qo’yish, ularni sifatli kadr bo’lib yetishishlariga alohida ahamiyat berish zarur. Shundagina biz o’zimiz xohlaganday zamonaviy kutubxonalarga, o’qimishli va salohiyatli kadrlarga ega bo’lishimiz mumkin. Uning pirovardida esa mamlakatimiz yana bir bor dunyoning eng ilg’or ilmma’rifat o’chog’laridan biri, degan yuksak sharafga erishadi.

Foydalanilgan dabiyotlar 1. Арзунян Т. Г. История библиотечного дела в 1950-х-1990-х гг (на примере Иркутской области и Краснаярского края). Афт. Иркутск 2011. 2. Егорова Е. В. Библиотечное дело Удмуртии: история становления и развития (второя половина ХIХ-первая половина ХХ вв). Ижевск 2006. 3. Onwubiko E. Ch. Effect of Library staff Attitudes on Job Performance: A study of the Library of Alex Ekwueme Federal University, Nigeria. Library Philosophy and Practice (e-journal). 2019 4. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 11-12-son, 295-modda. 5. O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2007-y., 15-son, 150-modda; 2013-y., 41-son, 543-modda. 6. OʻzMA, 7-fond, 1-roʻyxat, 79-ish. 7. Surxondaryo viloyat davlat arxivi M-1279-fond, 1-ro’yxat, 30-ish. 8. www.lex.uz

본문은 PDF에서 자동으로 추출되었으며 부정확할 수 있습니다.