--⊱⊱ 372 ⊰⊰--
TAʼLIM SIFATINING MENEJMENTI
Moʻminova Maʼfura Murodjonovna
Beshariq tumani maktabgacha va maktab
taʼlimi boʻlimi tasarrufidagi 35-sonli Davlat
maktabgacha taʼlim tashkiloti direktori
Tel:+998711214606
Annotatsiya: Ushbu maqolada taʼlim sifati tushunchasi, uning nazariy-mantiqiy asoslari, ichki monitoring jarayonlari va taʼlim sifatiga taʼsir qiluvchi omillar tizimli yondashuv asosida tahlil qilindi. Shuningdek, maktabgacha taʼlim tizimida sifat menejmentining ahamiyati, asosiy tamoyillari, sunʼiy intellekt va blokcheyn texnologiyalarining taʼlim jarayoniga tatbiqi yoritilgan. Tadqiqot natijalariga koʻra, sifatni boshqarish taʼlim jarayonini optimallashtirish, pedagoglar faoliyatini takomillashtirish hamda taʼlim muhitini rivojlantirishda muhim omil ekanligi asoslab berildi.
Abstract: This article examines the concept of educational quality, its essence, theoretical foundations, mechanisms of internal monitoring, and the factors influencing quality in education. Special attention is paid to the principles of quality management in preschool education and the use of artificial intelligence and blockchain technologies. The findings indicate that quality management is a crucial component for optimizing the educational process, improving teacher performance, and enhancing the learning environment.
Аннотация: В статье анализируются понятие качества образования, его сущность и теоретические основы, механизмы внутреннего мониторинга и факторы, влияющие на качество образования. Особое внимание уделено принципам менеджмента качества в дошкольном образовании, а также применению технологий искусственного интеллекта и блокчейна в образовательной среде. В результате исследования обосновано, что управление качеством является ключевым условием совершенствования образовательного процесса и повышения эффективности педагогической деятельности.
Kalit soʻzlar: Taʼlim sifati, sifat menejmenti, ichki monitoring, baholash, pedagogik kvalimetriya, sunʼiy intellekt, blokcheyn, maktabgacha taʼlim.
Kirish: Taʼlim sifati bugungi kunda har bir davlatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti, inson kapitalining shakllanishi va raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash jarayonida hal qiluvchi omillardan biridir. Taʼlim sifati tushunchasiga doir turli ilmiy manbalarda yagona yondashuv mavjud boʻlmasada, olimlarning aksariyati uni taʼlim jarayonidan kutilayotgan natijalarning amalga oshish darajasi sifatida izohlaydi (G.S. Kovaleva, M.B. Melnikova, E.M. Korotkov).
Taʼlim sifati-bu taʼlim natijalarining belgilangan maqsadlarga mosligi, shuningdek, taʼlim jarayonining subyektiv (oʻquvchi/ota-ona qoniqishi) va obyektiv (ijtimoiy samaradorlik) jihatlar uygʻunligidir. Bugungi taʼlim tizimida sifatni boshqarish va uni takomillashtirish jarayonlari ichki monitoring, resurslarni boshqarish, pedagog kompetensiyasini rivojlantirish va innovatsion texnologiyalarni joriy etish bilan chambarchas bogʻliq.
--⊱⊱ 373 ⊰⊰--
Mazkur maqola taʼlim sifatining nazariy asoslari, sifatga taʼsir qiluvchi omillar, ichki monitoringning mazmuni, shuningdek, maktabgacha taʼlimda sifat menejmenti tamoyillari va zamonaviy texnologiyalarning qoʻllanishini ilmiy adabiyotlar asosida yoritadi.
Ushbu ilmiy maqolani tayyorlashda nazariy tahlil qilinib, Tolipova tomonidan taklif etilgan pedagogik kvalimetriya nazariyasi, Jalilovning baholash nazariyasi, Scheerens va Glasning taʼlim sifatiga tizimli yondashuvi asos qilib olindi. [1]. [2].
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 140-son va 470-son qarorlari asosida ichki monitoringning huquqiy asoslari oʻrganildi. Taʼlim sifatiga taʼsir qiluvchi omillar resurslar - jarayon - natija modeli asosida baholandi. [7] [8].
Sunʼiy intellekt va blokcheyn texnologiyalarining taʼlim tizimidagi oʻrni xalqaro tajribaga asoslangan holda oʻrganildi. [4].
Taʼlim sifati murakkab ilmiy kategoriya boʻlib, u turli tadqiqotchilar tomonidan turlicha talqin qilinadi. Umumiy sifat tushunchasi ehtiyojlarni qondira oluvchi xususiyatlar majmuasini anglatsa, taʼlim sifati bu mazmunning taʼlim jarayoniga moslashtirilgan koʻrinishidir. Kovaleva va Melnikova taʼkidlaganidek, ushbu tushunchaning yagona ilmiy taʼrifi yoʻqligi uning oʻlchovchanligi va baholanishi borasidagi metodologik murakkabliklar bilan bogʻliq.
D. Sh. Matros va uning ilmiy hamkorlari taʼlim sifatini “maqsad va natija oʻrtasidagi moslik darajasi” sifatida baholaydi. Bu yondashuvda sifat – oʻquv jarayonining samaradorlik darajasini aniqlovchi mezon sifatida namoyon boʻladi. Korotkov esa taʼlim sifatining mazmunini yanada kengaytirib, uni kasbiy kompetensiyalar va kasbiy ongni shakllantirish jarayoni sifatida talqin qiladi. Bu fikrlar taʼlim sifatini faqat bilim bilan emas, balki kasbiy faoliyatga tayyorgarlik bilan ham bogʻliq murakkab tizim sifatida qarash zarurligini koʻrsatadi.
Ijtimoiy yondashuvni qoʻllagan Shishov va Kalney taʼlim sifatini jamiyat ehtiyojlariga muvofiqlik tamoyili bilan izohlaydi. Bu esa taʼlim sifati individual va ijtimoiy talablarga bir vaqtning oʻzida javob berishi lozimligini anglatadi. Bestujev-Lada tomonidan taklif qilingan subyektiv va obyektiv jihatlar esa taʼlim sifatining koʻp qirrali tabiatini yanada aniqroq yoritadi.
Tadqiqotchilar taʼlim sifatini uch asosiy komponent orqali baholashni taklif qiladilar:
1. Taʼlimga kiritilayotgan investitsiyalar (resurslar),
2. Taʼlim jarayonining tashkil etilishi,
3. Taʼlim natijalari.
Bu struktura taʼlim sifatining tizim sifatida koʻrilishini va uning samaradorligi resurslar, jarayon va natijalarning oʻzaro uygʻunligiga bogʻliq ekanini koʻrsatadi. Umumlashtirilgan holda, taʼlim sifati — bu taʼlim jarayonining shaxsiy, kasbiy va ijtimoiy ehtiyojlarga mos keluvchi natijalarni yaratish qobiliyati, yaʼni taʼlimdan kutilgan maqsadlarning amalga oshish darajasi bilan belgilanadigan murakkab tizimli tushunchadir.
--⊱⊱ 374 ⊰⊰--
Maktabgacha taʼlimda sifat menejmenti prinsiplari: Maktabgacha taʼlimda sifat menejmenti taʼlim jarayonining samaradorligi va bolalarning rivojlanish dinamikasini taʼminlaydigan tizimli yondashuv hosoblanadi. Uning asosiy prinsiplari, avvalo, mijozga yoʻnaltirilganlik tamoyiliga tayanib, bolalar va ota-onalarning ehtiyojlarini taʼlim jarayonining markaziga qoʻyadi. Yetakchilik va samarali boshqaruv tashkilotning strategik rivojlanishini belgilab, innovatsion qarorlar qabul qilishga yoʻnaltiradi.
Xodimlarning ishtiroki tamoyili pedagoglarning malakasi va motivatsiyasi sifatni belgilovchi asosiy omil ekanini koʻrsatadi. Jarayonlarga yoʻnaltirilganlik taʼlimning barcha bosqichlarini tizimli boshqarishni, davomiy rivojlanish esa jarayonni uzluksiz tahlil va takomillashtirishni talab qiladi. Qulay muhit yaratish - bolaning xavfsizligi, psixologik farovonligi va ijodiy rivojlanishiga xizmat qiluvchi shart-sharoitlarni taʼminlaydi.
Zamonaviy sharoitda innovatsiyalarni joriy etish va inklyuzivlik prinsiplari taʼlimning raqamli, ekologik va ijtimoiy adolatga asoslangan modelini shakllantiradi. Ushbu prinsiplar uygʻunligi maktabgacha taʼlim sifatini oshirib, bolalarning har tomonlama rivoji uchun barqaror tizim yaratadi.
Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, taʼlim sifatini boshqarish - oʻquv jarayonining natijaviyligini oshirish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish va taʼlim muhitini takomillashtirishga xizmat qiluvchi kompleks tizimdir. Ichki monitoring, sifatni baholashning ilmiy asoslari, resurslar bilan taʼminlanganlik va innovatsion texnologiyalarni tatbiq etish taʼlim jarayonining sifatini oshirishda muhim omil hisoblanadi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR ROʻYXATI
1. Tolipova J. Pedagogik kvalimetriya. Oʻquv qoʻllanma. TDPU. – Toshkent. 2017. 8 bet
2. Jalilov K. Baholash nazariyasi asoslari. – Toshkent. “Akademnashr” nashriyoti. 2022. –B.
3. Matyakubova Z.N. Oʻquvchilar bilimini baholashda koʻp tanlov javobli test toshiriqlaridan foydalanish metodi(umumiy biologiya misolida): ped.fan.nomz. … dis. –T.: 2000. – 132 b.
4. Green, A. Exploring Language Assessment and Testing: Language in Action, New York, NY: Routledge, 2014.
5. Jaap Scheerens. Cees Glas, Sally M.Thomas. Educational evaluation, assessment, and monitoring. A systemic approach. Lisse abingdon exton (pa) Tokyo.
6. Pedagigika ensiklopediyasi. I–III jildlar. – T.: “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti. 2015.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi 140-sonli “Umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori. https://lex.uz/docs/-3137130 Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat taʼlim muassasalari hamda nodavlat taʼlim tashkilotlarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi 2019-yil 07-iyundagi 470-son qarori. https://lex.uz/docs/-4367782
본문은 PDF에서 자동으로 추출되었으며 부정확할 수 있습니다.