SAMARALI FOYDALANISHNING AHAMIYATI
Urganch davlat universiteti pedagogika fakulteti
Boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishi talabasi Saidmuratova Xurshida
Annotatsiya: Mazkur maqolada boshlang‘ich sinflarda axborot texnologiyalaridan samarali foydalanishning naqadar ahamiyatli ekanligi haqida ma’lumotlar keltirildi. Hozirgi kunda ommalashib borayotgan axborot texnologiyalari haqida ma’lumotlar berib o‘tiladi. Shuningdek, mazkur mavzu yuzasidan bir qancha adabiyotlar tahlil qilindi. Hamda axborot texnologiyalaridan dars jarayonida samarali foydalanish uchun bir qancha metodlar berib o‘tildi. Axborot texnologiyalari bilan hamnafaslikda tashkil etilgan darslar o‘quvchilarga qanday ta’sir qilishi, ularning xotirasida qanchalik saqlanib qolishi to‘g‘risida o‘tkazilgan tadqiqotlar bo‘yicha fikrmulohazalar ham keltirib o‘tildi. Mazkur tadqiqotda kuzatish metodi, suhbat metodi, adabiyotlar tahlili metodi, tajriba metodlaridan foydalanilgan. Maqolaning so‘ngidan esa mavzu yuzasidan bir qancha xulosa hamda takliflar o‘rin olgan.
Kalit so‘zlar: taraqqiyot, ko‘nikma, malaka, savodxonlik, metod, kommunikatsiya, interfaol, individual.
KIRISH. Barchamizga ma’lumki, biz hozir axborot texnologiyalari jadal rivojlanayotgan davrda yashamoqdamiz. Ta’lim o‘qituvchi va o‘quvchilarning hamkorlikdagi faoliyati hisoblanib, shu jarayonda shaxsning taraqqiyoti, uning ma’lumoti hamda tarbiyasi ham shakllanadi. Darslarda o‘qituvchi o‘z bilimi, ko‘nikma va malakalarini mashg‘ulotlar vositasida o‘quvchilarga yetkazadi, o‘quvchilar esa uni o‘zlashtirib borishi natijasida undan foydalanish qobiliyatiga ega bo‘lishadi. O‘rganish jarayonida o‘quvchilar o‘zlashtirishning turli ko‘rinishlaridan foydalanishadi, ya’ni o‘zlashtirilayotgan ma'lumotlarni qabul qilish, qayta ishlash hamda amaliyotga tatbiq etishda o‘ziga xos tafovutlarga tayanadi. Ta’lim jarayonida o‘qituvchi va o‘quvchilarning dars paytidagi hamkorligi, o‘quvchilarning mustaqil ishlashi, sinfdan tashqari ishlar shaklida ta’lim va tarbiya masalalari hal etiladi.
Mamlakatimizda ta’lim sohasida ro‘y berayotgan tub yangilanishlar har bir ta’lim muassasasida о‘quv jarayoni metodik ta’minotini rivojlantirishni talab etadi. Zamonaviy axborot texnologiyalari yaqin yillar ichida pedagogik innovatsiyalarning asosiy manbai bo‘lib qoladi. Ta’lim oluvchilar uchun mustaqil bilim olish imkoniyatlarini oshirish, ta’limning elektron axborot resurslarini shakllantirish va rivojlantirish uchun tegishli sharoitlarni yaratish ta’lim mazmunini takomillashtirishning zaruriy shartlaridan biri sanaladi. Zamonaviy ta’lim tizimining asosini sifatli va yuqori texnologiyali muhit tashkil etadi. Uning yaratilishi va rivojlanishi texnik jihatdan murakkab, ammo bunday muhit ta’lim tizimini takomillashtirishga, ta’lim jarayoniga axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishga xizmat qiladi. Bugungi kunda ilm-fan jadal taraqqiy
etayotgan, zamonaviy axborot vositalari keng joriy etilgan jamiyatda barcha fan sohalarida bilimlarning tez yangilanib borishi, ta’lim oluvchilar oldiga ularni tez va sifatli egallash bilan bir qatorda, muntazam va mustaqil ravishda bilimlarni egallash vazifasini qo‘ymoqda.
Birinchi prezidentimizning: «Har qarichi muqaddas bo‘lgan ona yerimizga nisbatan farzandlarimizda g‘urur va iftixor, sadoqat tuyg‘ularini uyg‘otish uchun biz bugun nima qilyapmiz, degan savolga javob izlab ko‘raylik»[1], - degan fikrlari aynan bizni hozirgi kunda ham oldimizda turgan har qanday to‘siqlarni yengib o‘tgan holda, qo‘limizdagi imkoniyatlardan unumli foydalanishga undaydi.
ASOSIY QISM. Ta’limning maqsadi jamiyat ehtiyojiga mos ravishda shakllanadi. Shunday ekan, ta'lim-tarbiya maqsadi mos va mutanosib bo‘lishi kerak. Ilmiy adabiyotlarda ta'limning maqsadi imkoniyatlaridan to‘g‘ri, aniq, o‘rinli foydalanish ko‘nikma va malakalarini hosil qilish, mantiqiy-ijodiy tafakkurni rivojlantirish, kommunikativ savodxonlikni oshirish, milliy g‘oyani singdirish, sharqona tarbiyani shakllantirish, shaxsni ma’naviy boyitishdan iboratligi ta’kidlangandir. Ta’limiy maqsad asosida o‘quvchilarda mustaqil fikrlash, og‘zaki va yozma savodxonlikni oshirish, mantiqiy tafakkurni rivojlantirish orqali ularning muloqot madaniyati takomillashtiriladi. Tarbiyaviy maqsad asosida esa ma’naviy, g‘oyaviy, nafosat, nazokat tarbiyasi beriladi. Ma’lumki, ta’limda ilg‘or pedagogik va yangi axborotlar texnologiyalarini tatbiq etish o‘quv mashg‘ulotlarining samaradorligini oshiribgina qolmasdan, ilm-fan yutuqlarini amaliyotda qo‘llash orqali mustaqil va mantiqiy fikrlaydigan, har tomonlama barkamol yuksak ma’naviyatli shaxsni tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Hozirgi kunda ta’lim jarayonida interfaol metodlar va axborot texnologiyalarini o‘quv jarayonida qo‘llashga bo‘lgan qiziqish kundan-kunga ortib bormoqda. Bunday bo‘lishining sabablaridan biri, shu vaqtgacha an’anaviy ta’limda o‘quvchilar faqat tayyor bilimlarni egallashga o‘rgatilgan bo‘lsa, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish esa ularni egallayotgan bilimlarini o‘zlari qidirib topish, mustaqil o‘rganish va fikrlash, tahlil qilish, hatto yakuniy xulosalarni ham o‘zlari keltirib chiqarishga o‘rgatadi. O‘qituvchi bu jarayonda shaxs rivojlanishi, shakllanishi, bilim olishi va tarbiyalanishiga sharoit yaratadi va shu bilan bir qatorda boshqaruvchilik, yo‘naltiruvchilik funksiyasini bajaradi.
Bugungi kunda ta’limda «Aqliy hujum», «Fikrlar hujumi», «Tarmoqlar» metodi, «Sinkveyn», «BBB», «Beshinchisi ortiqcha», «6x6x6», «Bahs-munozara», «Rolli o‘yin», FSMU, «Kichik guruhlarda ishlash», «Yumaloqlangan qor», «Zigzag», «Oxirgi so‘zni men aytay» kabi zamonaviy texnologiyalar qo‘llanmoqda.[2]
O‘qitishning axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanilgan tadqiqotchilik metodi ta’lim oluvchilarning ma’lum darajada ilmiy texnik tadqiqot olib borish jarayonidagi mustaqil ijodiy faoliyatni ko‘zda tutadi. Bu metoddan foydalanilganda ta’lim faol tadqiqot, kashfiyot va о‘yin natijasi sanaladi, buning natijasida, odatda, yuqorida sanab o‘tilgan metodlardan foydalanilganidan ko‘ra yoqimliroq va muvaffaqiyatliroq bo‘ladi.[3]
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilaridalarda interfaol metodlar va ta’limiy o‘yinlardan, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish o‘quvchilarni mustaqil fikrlashga, ijodiy izlanish va mantiqiy fikrlash doiralarini kengaytirish bilan birga ularni darslarda o‘rganganlarini hayot bilan bog‘lashga, qiziqishlarini oshirishga yordam beradi. O‘qituvchilarning bunday zamonaviy talablar asosida yaratilgan sharoitlardan samarali foydalanib, darslarni ilg‘or pedagogik hamda axborot kommunikatsiya texnologiyalari asosida tashkil etilishi ta’lim-tarbiya jarayonining sifatini kafolatlaydi.
ADABIYOTLAR TAHLILI. «Videotopishmoq» metodi
Hozirgi kunda pedagogik faoliyatda turli axborot vositalari (kompyuter, televideniye, radio, nusxa ko‘chiruvchi qurilma, slayd, video va audio magnitofonlar) yordamida ta’lim jarayonini tashkil etilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘qituvchilar oldida ta’lim jarayonida turli axborot vositalaridan o‘rinli va maqsadga muvofiq foydalanish vazifasi turibdi.
Videotopishmoq metodidan foydalanishda quyidagi harakatlar amalga oshiriladi:
o‘quvchilar e’tiboriga o‘rganilayotgan mavzu mohiyatini tasviriy yoritishga yordam beruvchi izohlarsiz bir nechta videolavha namoyish etiladi;
o‘quvchilar har bir lavhada qanday jarayon aks ettirilganini izohlashadi;
jarayonlarning mohiyatini daftarlariga qayd etishadi;
o‘qituvchi tomonidan berilgan savollarga javob qaytarishadi.
Mazkur metod asosida mavzuga doir kompyuter orqali videolavha namoyish etiladi. O‘quvchilar videolavha mavzusi, unda ifodalangan mavzu haqida o‘z fikrmulohazalarini bildirishadi. Masalan, «Elektr jihozlari» (1-sinf), «Yil fasllari» (2-sinf) kabilar asosida o‘quvchilarga milliy an’analarimiz, urf-odatlarimiz, iqtisodiy munosabatlar haqida tushunchalar beriladi.
О‘quv jarayonida kompyuterlardan foydalanish bo‘yicha dastlabki tajribalar hisoblash texnikasidan foydalanish ta’lim jarayoni samaradorligini sezilarli darajada oshirishi, bilimlarni hisobga olish va baholashni yaxshilashi, qiyin vazifalarni hal qilishda o‘qituvchining har bir ta’lim oluvchiga yakka tartibda yordam berishini ta’minlashi, yangi kurslarni yaratish va qo‘yishni osonlashtirish kabi imkonijyatlarni berishini ko‘rsatdi.
1-sinfda o‘qish darsida elektron o‘quv qo‘llanmalari tayyorlab, foydalanish mumkin. Unda so‘zni tovushli-harfli tahlil qilish, so‘zning bo‘g‘inlari tuzilishi, ba’zi orfogrammalar o‘rganilishi turli qiziqarli ko‘rgazmali va ovozli material berish mumkin. Yorqin rasmlar, g‘aroyib, qiziqarli topshiriqlar kichik yoshdagi o‘quvchilarda ona tiliga qiziqishni oshirishga yordam beradi, o‘yin shaklida o‘quv materiali bilan tanishish imkonini beradi, o‘zini nazorat qilish va o‘quv refleksiyasi uchun keng imkoniyatlar taqdim etadi. Ushbu qo‘llanma bo‘yicha ta’lim jarayonini integratsiyalashga turli darajadagi murakkablikdagi topshiriqlarni tanlab olish yordamida erishiladi. Savodxonlikka o‘qitish bo‘yicha tematik rejalashtirishni ishlab chiqishda rejalashtirishga tegishli elektron mavzular va bo‘limlarni kiritish mumkin. Dars rejasini ishlab chiqishda frontal individual va guruhli ishlash uchun kompyuterni qo‘llash maqsadga muvofiq bo‘lgan dars bosqichlarini ishlab chiqish lozim.
XULOSA VA TAKLIFLAR. Zamonaviy axborot texnologiyalari yordamida dars jarayonini tashkil etishda o‘qituvchi dastlab:
darsning maqsadi;
maqsadga erishish yo‘llari;
o‘quv materiallarini taqdim etish usullari;
o‘qitish metodlari;
o‘quv topshiriqlarining turlari;
muhokamalar uchun savollar;
munozara va bahslarni tashkil etish yo‘llari;
o‘zaro aloqa usullari va kommunikatsiya singari omillarni aniqlab olishi lozim bo‘ladi.[4]
Xulosa qilib aytganda, o‘qituvchi axborot texnologiyalaridan to‘g‘ri va samarali foydalansa, o‘quvchilarning darsga bo‘lgan qiziqishi, bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqi va o‘ziga bo‘lgan ishonchi ortib, mustaqil fikri rivojlana boradi. O‘qituvchi esa darsda o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga oson erishadi. Faqatgina o‘quv jarayonida axborot texnologiyalari darsning asosiy tayanchi emas, balki bolaga yangi ma‘lumotlarni, tushunchalarni osonlik bilan yetkazib berish hamda esda saqlashiga yordam beruvchi vosita sifatida qaralishi lozim. O‘qituvchi esa darsning asosiy boshqaruvchisidir.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR
1. I.A.Karimov. Eng asosiy mezon – hayot haqiqatini aks ettirish. – Toshkent: «O‘zbekiston», 2009, 15-bet.
2. https://kun.uz/uz/news/2019/11/27/boshlangich-sinfda-oqitishningzamonaviy-texnologiyalaridan-foydalanish-usullari
3. R. A. Mavlonova, N.H.Rahmonqulova, K.O.Matnazarova, M. K. Shirinov, S.Hafizov. Umumiy pedagogika. – Toshkent: “Fan va texnologiya nashriyoti”, 2020.
4. https://www.oriens.uz/journal/article/boshlangich-sinflarda-axborottexnologiyalaridan-foydalanishning-afzalliklari/
5. Suvonov.O va boshqalar. «Pedagogik texnologiyalarni qo‘llash davr taqozosi».«Xalq ta’limi», 2004 yil, No 5.
6. A.Musurmanova, X.Ibragimov, O.Jamoliddinova, K.Risqulova, S.Yo‘ldosheva, A.Jumayev, F.Babashev, P.Isamova, S.Sharipova, G‘.Salohiddinova, K.Todjibayeva. Umumiy pedagogika. – Toshkent: “Yoshlar nashriyot uyi”, 2020.
7. A. Avloniy. Turkiy guliston yoxud axloq. – Toshkent: Yoshlar nashriyot uyi, 2018.
Metin PDF'den otomatik olarak çıkarılmıştır ve hatalar içerebilir.