NATIJALARI
Sheraliyeva N.B
Samarqand Davlat Tibbiyot Universiteti
Neyroxirurgiya kafedrasi
Ilmiy rahbar: Abduvoyitov B.B Mavzuning dolzarbligi: Epilepsiya – markaziy asab tizimining surunkali kasalligi bo‘lib, takrorlanuvchi epileptik tutqanoqlar bilan kechadi. Butun dunyoda millionlab insonlar ushbu kasallikdan aziyat chekadi. Dastlabki bosqichlarda konservativ davo – antiepileptik preparatlar samarali bo‘lsa-da, bemorlarning 30% gacha bo‘lgan qismida dori vositalariga chidamsizlik – ya’ni farmakoresistent epilepsiya rivojlanadi. Bunday hollarda neyroxirurgik aralashuv eng samarali davolash usullaridan biri sifatida qaraladi. Tadqiqot maqsadi: Farmakoresistent epilepsiyali bemorlarda jarrohlik davolash usullarining samaradorligini o‘rganish va tahlil qilish. Tadqiqot materiallari va usullari: Tadqiqot 2023–2025-yillar davomida Samarqand Davlat Tibbiyot Universiteti huzuridagi Neyroxirurgiya va Neyroreabilitatsiya ixtisoslashgan ilmiy-amaliy markazida retrospektiv klinik kuzatuv asosida olib borildi. Tadqiqotda jami 75 nafar epilepsiyali bemorlar ishtirok etdi. Ulardan 47 nafari erkak, 28 nafari ayol bo‘lib, 24 nafari 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar edi. Bemorlar klinik, nevrologik va instrumental tekshiruvlar (EEG, MRT, nevropsixologik testlar) yordamida baholandi. Farmakoresistent epilepsiya diagnostikasi uchun xalqaro mezonlar qo‘llanildi. Jarrohlik aralashuvlar standart protokollarga muvofiq amalga oshirildi. Ma’lumotlar SPSS dasturi yordamida statistik tahlil qilindi. Tadqiqot natijalari: Jarrohlik aralashuv o‘tkazilgan 45 nafar farmakoresistent epilepsiyali bemorning 31 nafari (68.8%)da tutqanoqlar to‘liq yoki sezilarli darajada kamaydi (Engel I–II daraja). 11 nafar bemorda (24.4%) tutqanoqlar chastotasi kamaydi, biroq saqlanib qoldi (Engel III). Faqat 3 bemorda (6.6%) davolash natijasi qoniqarsiz bo‘lib, klinik holatda muhim o‘zgarish kuzatilmadi (Engel IV). 18 yoshgacha bo‘lgan 24 nafar bemordan 19 nafari jarrohlik aralashuvdan o‘tkazilgan bo‘lib, ularning 15 tasida ijobiy natija qayd etildi. Tadqiqot natijalari epilepsiyaning farmakoresistent shakllarida neyroxirurgik davolash usullari yuqori samaradorlikka ega ekanligini tasdiqlaydi. Bu borada ilgari olib borilgan xalqaro tadqiqotlar bilan natijalar mos keladi. Xususan, Engel I–II darajadagi ijobiy javob ko‘rsatkichi dunyo amaliyotiga yaqin. Jarrohlik yondashuvlar epileptik aktivlik manbaini yo‘qotish orqali asosiy patofiziologik mexanizmga ta’sir ko‘rsatadi. Tadqiqot cheklovlari – bemorlar sonining nisbatan kamligi va ba’zi ma’lumotlarning yetishmasligi. Kelajakda ko‘proq bemorlar bilan keng qamrovli tadqiqotlar o‘tkazish zarur. Xulosa: Farmakoresistent epilepsiyada neyroxirurgik davolash klinik jihatdan samarali yondashuv bo‘lib, bemorlarning hayot sifatini sezilarli darajada yaxshilaydi. Ushbu yondashuv ayniqsa bolalar va yosh bemorlar uchun istiqbolli hisoblanadi. Olingan natijalar asosida farmakologik davo yetarli samara bermagan holatlarda, bemorlarni erta bosqichda neyroxirurgik davoga yo‘naltirish tavsiya etiladi.
Metin PDF'den otomatik olarak çıkarılmıştır ve hatalar içerebilir.