“HATAM-TAY” DOSTONIDA SUJET VA MOTIVLAR
Abdullayev Xotamjon Xamrayevich,
Ajiniyoz nomidagi NDPI o‘zbek tili va adabiyoti mutaxassisligi 2-bosqich
magistranti
Annotatsiya. Mazkur maqolada qoraqalpoq folklori tarkibiga kiruvchi “Hatamtay” dostoni ob’ekt sifatida tanlab olingan. Bunda, asosan, doston poetikasi, obrazlar tizimi, sujeti va uni harakatga keltiruvchi motivlar haqida so‘z yuritiladi.
Kalit so‘zlar: epos, doston, an’ana, uslub, sujet, motiv, xronotop, obraz, tasvir vositalari.
PLOT AND MOTIVES IN THE EPIC "HATAM-TAI".
Abstract. In this article, the "Hatam-tai" epic, which is part of Karakalpak folklore, is selected as an object. It mainly talks about the poetics of the epic, the system of images, the subject and the motives that drive it.
Key words: epos, epic, tradition, style, subject, motive, chronotope, image, image tools.
СЮЖЕТ И МОТИВЫ ЭПОСА «ХАТАМ-ТАЙ».
Абстрактный. В данной статье в качестве объекта выбран эпос «Хатамтай», входящий в состав каракалпакского фольклора. В основном речь идет о поэтике эпоса, системе образов, сюжете и мотивах, которые им движут.
Ключевые слова: эпос, эпос, традиция, стиль, сюжет, мотив, хронотоп, образ, средства изображения.
Insoniyat madaniyatining qadim tarixi qa’rida epik tafakkur yoki eposning o‘rni benihoya katta. Chunki, epik tafakkur kecha va bugunni, bugun va kelajakni bog‘laydigan dinamik taraqqiyot mazmunini o‘zida saqlaydigan kommunikativ vositalar majmuidir. Dostonlar tili, diniy e’tiqodi, mentaliteti, urf-odatlari, an’anaviy qadriyatlari, etnosi va geografik joylashuvi bir-biriga yaqin bo‘lgan xalqlarning qadimda mushtarak bo‘lgan ijtimoiy-maishiy hayotidan, savdo-iqtisodiy, madaniy turmushidan daraklar beradi.
Qoraqalpoq dostonlarining o‘zbek eposi bilan, ayniqsa, Xorazm va Navoiy vohasi dostonlari bilan chambarchas bog‘lanib kelishining asosiy sababi hududda yashovchi xalqlar taqdiri, mazkur xalqlar taqdiri bilan qadimdan mustahkam aloqaga egaligidadir. Bu aloqalar ham etnoginetik, ham iqtisodiy-madaniy doirada yaqqol ko‘zga tashlanadi. Shu sababli ham qoraqalpoq dostonlarda o‘zbek eposi an’analari va uslubi aniq ko‘rinib turadi. Maqolamizga ob’ekt qilib olingan “Hatam-tay” dostonini ana shunday aloqalarning samarasi desak, bo‘ladi.
Qoraqalpoq folkloridagi “Hatam-tay” dostoni 1956-yili M. Seytniyazov tomonidan To‘rtkullik baxshi Qurbonboy Tojiboyevdan yozib olingan. Ushbu doston matni yakunida quyidagi ma’lumotni keltiradi:
Seksenge kelgen Qurbanbay,
Nuratada Qalmurat,
Qalmurattay ol jiraw,
Usi aytqan dastandi,
Qurbanbayday jirawga,
Aytip jurip uyretti…
demak, bundan ko‘rinadi-ki, biz ob’ekt qilib tanlagan matn dostonning o‘zbekcha versiysi negizida shakllanganligini kuzatishimizga imkon tug‘diradi.
“Hatam-tay” dostoni folklorshunoslikda shu kungacha tadqiqot ob’ekti bo‘lgan emas. Mazkur doston poetikasini o‘zbekcha variantlari va Hotamtoy bilan bog‘liq xalq og‘zaki ijodidagi qissa (hikoyat)lar bilan qiyosiy o‘rganish, shuningdek, motiv va sujetlarining, obraz va personajlarining genezisini tadqiq etish mavzuning dolzarb ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi. Tili va madaniyati yaqin bo‘lgan xalqlarda muayyan bir doston versiyasi yoki variantining paydo bo‘lishi natijasida yangi matnda milliy adabiyot va til imkoniyatlari yanada kengayadi.
Hotamtoy obrazi o‘zbek (turkiy) epik tafakkurida og‘zaki ijod mahsuli tarzida shakllangan bo‘lsa-da, aslida, u arabiston (Yaman)lik tarixiy shaxs bo‘lib asli ismi Hotam-at binni tay bo‘lgan. “to‘liq ismi Hotam binni tay binni Qahlon binni Rasan binni Naxshab binni Qahton binni Hud”1 bo‘lgan. O‘zbek tilidagi “Hotamnoma” sarguzasht qissa aslida XIX asr oxirida forschadan turkiy tilga Muhammad Hasan Olim 1 Hotamnoma. Nashrga tayyorlovchi A. Matg’oziyev. Adabiyot va san’at nashriyoti,- Toshkent,:1998 5-bet. tomonidan ko‘chirilgan. Bundan ko‘rinadi-ki, Hotamtoy xalq og‘zaki ijodining ham, yozma adabiyotning ham an’anaviy obrazi hisoblanadi.
Shu ma’noda qoraqalpoq folkloridagi “Hatam-tay” dostoni boshqa dostonlardan farqli o‘laroq, asosan, she’riy uslubda modellashtirilgan. Kompozitsiya, uslub va ifoda nuqtai nazardan ertaklarga ancha yaqin. Doston uch bo‘limdan iborat bo‘lib, birinchi bo‘lim “Buring‘i otken zamanda, zamannin’ qadim waqtinda, Rayimsiz aqqan Aqdarya, Aqdaryanin’ boyinda, Aqmaq padsha elinde, Kokentawdin’ shetinde, Arshali degen tog‘ayda, Nayman g‘arri bay edi, tort tulige say edi...” deb, an’anaviy ertak uslubida boshlanadi. Doston matnidagi tasvir va ifodalarni kuzatib ko‘rsangiz unda hozirgi tilga ancha yaqin lingvistik birliklarni, tushuncha va nomlarni, ta’rifutasvirlarni ham uchratasiz. Masalan, matnda maktab, o‘qish, muallim, shahar, kitob, shaharda o‘qiylik desak, tug‘ishgan qarindoshimiz yo‘q, o‘qish insoniyatga davlat va baxt, bilimli, bilimsiz, oltin saroy maktab, baxmal, do‘kon, telek, urush siyosati, chana haydash, paxta singari so‘z, so‘z birikmalari va jumlalar ham qo‘llanilgan.
Xalq eposi namunalari matnlari tarkibida ertak va afsonalar, marosim folklori, qo‘shiq, topishmoq, maqol, rivoyat kabi janrlarning o‘zlashib ketganligini ko‘p uchratish mumkin. “Hatam-tay” dostoni poetik modelining tarkibida ham yuqorida keltirilgan janr elementlari uchraydi. Dostonda tasvir eposga xos keng tasviriylik ahamiyat kasb etgan bo‘lsa-da, sujet va motivlar ertak matni voqeligidagidek sarguzasht va shiddatli xarakterga ega. Doston ekspozitsiyasida podachi kambag‘al Ero‘g‘lan va xotini Tolg‘an haqida hikoya qilinadi. Uch nafar qizi bo‘lib kattasini ismi Tay, o‘rtanchasini ismi Ay va kenjatoyini ismi Qumri bo‘lib, o‘g‘il farzandi yo‘q edi. Qizlar hali voyaga yetmasidan bilim olishga ishtiyoqmand bo‘lishadi. Mazkur tasvirga ko‘ra, qizlar turadigan xona har kuni yorug‘ bo‘lib turadi, ularni makoni va manzili sirli bo‘lgan, olamning pari va muallimlari keli o‘qitadi. Pari va muallimlarning toqqa kirib ketishi, qizlarning toqqa borib bilim olishi kabi tasvirlar “Go‘ro‘g‘lining dunyoga kelishi” dostonidagi Asqar tog‘ini, undagi homiylar, ya’ni Eranlar va chiltonlar obrazlarini eslatadi. Folklorshunos Sh.Turdimov “Demak, shomon dardga chalinib “kasallikka” yo‘liqqan vaqtida, uning ruhini homiy eranlar-momolar, otaxonlar o‘qitib, o‘rgatish uchun olib ketishgan bo‘lishadi”2 degan fikrni keltirib Shomonning tanlanishi va qayta tirilishi jarayoni haqida ma’lumot beradi. “Hatam-tay” dostonidagi qizlarning 2 Turdimov Sh. “Go’ro’g’li” dostonlarining genezisi va tarjimaiy bosqichlari. “Fan” nashriyoti T; 2011.22-bet. parilar tomonidan tanlanishi, muallim(Eran homiy) tayinlanishi, toqqa borib o‘qishi, Eranlar shohidan fotiha olishi kabi voqealar epos va ertaklarda uchraydigan mifologik motivlarni eslatsa, ajab emas. Dostonda qizlar ham bilim olish “kasalligiga” yo‘liqadi. Qizlarni eposlardagi kabi “o‘ldirib” qayta “tiriltirmaydi” balki o‘qitib o‘rgatish uchun noma’lum toqqa olib ketishadi. Ularni Eranlar emas, balki muallimlar tarbiyalaydi. (tog‘, semurg‘, kaptarlar(oq va qora), ajdarho). Tog‘ motivi jahon va turkiy folklor namunalarida mavjud bo‘lib ma’budlar, Xizr, Eranlar, Chiltonlar, parilar va ruhlar yashaydigan makon. Ba’zi eposlarda parilar va ruhlar ijobiy obraz qiyofasida kelib qahramonlarga homiylik qilsa, ba’zilarida salbiy obraz, ya’ni qarama-qarshi qutb sifatida keladi.
“Dasht tugab, Balo tog‘i keladi. Bu tog‘ni dev qo‘riqlab yotadi. Balo tog‘idan keyin yana chol va undan ortida Ko‘yi(Kohi) Qof va bog‘i Iram o‘rnashgan. Ko‘h tog‘ida devlar Bog‘i Iramda esa parilar yashaydi… Xizrning makoni Asqar tog‘ining o‘rtasida – yer kindigida deb hisoblanadi”3.Ko‘rinadi-ki, eposdagi qahramonlar taqdiri bevosita tog‘, cho‘l va uning egalari bilan chambarchas bog‘liq. “Go‘ro‘g‘li” dostonlarida Asqar tog‘i va uning egalari bo‘lganidek, “Hatam-tay” dostonida ham tog‘ (nomsiz)ning podshosi (egasi) bor. Epik tog‘da parilar yashaydi. Parilar podshosi “Shomun” degan xon ekan. Doston qahramonlari Tay, Ay va Qumri tog‘dagi pari va muallimlardan to voyaga yetgunlarigacha tarbiya olishadi. Oxiri pari va muallimlar (tog‘) podshosi. “Shamun”dan hamda ustozidan nasihat(ruxsat) olib ota-onasini uyiga qaytishadi. Albatta, ushbu tasvir bayonidan ko‘rinadi-ki, matn boshidagi bu voqelik boshqa eposlardagi, jumladan, “Go‘ro‘g‘li” turkum dostonlaridagi “tog‘” xronotopi yoki “qayta tiriltirish” motividan tubdan farq qiladi.
Mazkur doston voqeligida tog‘ tasviri, Shamun (tog‘ podshosi), parilar va muallimlar obrazlari bo‘lsa-da, tog‘ motiv vazifasini, Shamun Xizr Ilyoz, pari va muallimlar esa eran va chiltonlar vazifasini bajarmaydi. Doston qahramonlari ham g‘ayritabiiy, ilohiy kuchga ega bo‘lishmaydi. Tasvirda an’anaviy tog‘, tog‘ eposi, parilar va mualimlar obrazi saqlanib qolgan bo‘lsa-da, motiv o‘zining ilk mifopoetik mazmunini yo‘qotgan. Tasvir va ifoda yangi (keyingi) zamon kishisining tafakkur talablariga moslashgan. Bir so‘z bilan aytganda dostondagi tasvir epos an’analari va yangi hayotiy voqelikning qorishmasidan iborat. Fikrimizni yuqorida keltirgan, ya’ni 3 Turdimov Sh. “Go’ro’g’li”dostonlarining Genezisi va tadrijiy bosqichlari. “Fan” nashriyoti, T;-2011;42-bet. epos an’analariga to‘g‘ri kelmaydigan yangi so‘z va iboralar ham tasdiqlaydi. “Hatamtay” dostoni voqeligining asosiy ertak motivlari hosil qilgan deb, bemalol ayta olamiz. Doston yoki ertakdagi sevib qolish motivi tipologik hodisadir. “Doston bilan ertakning o‘zaro munosabatlari va janriy belgilarini aniqlashda,- deb yozadi K.Imomov- ularda mavjud an’anaviy sinov motivlarini qiyosiy o‘rganish yaxshi natijalar berishi mumkin. Sinov motivlari o‘zbek folklori asarlarida ikki xil ko‘rinishda ko‘zga tashlanadi. Biri topishmoqli sinov, ikkinchisi musobaqa sinovi. Birinchisida ma’noviy kuchni, ikkinchisida jismoniy kuchni sinash masalasi yotadi”4.
“Hatam-tay” dostonidagi asosiy voqelik Hotamning Tay ismli qiz(ayol)ni sevib qolishi motivi bilan harakatga keladi. Tay pahlavon yigit Hotamni yoqtirib qolsa-da, uning oldiga topishmoqli sinov qo‘yadi. Dostonning bosh obrazi Hotam topishmoq sinovni sirini yechish uchun xuddi ertak qahramonlaridek yo‘lga otlanadi. Chol motivi alohida va bir nechta sujet halqalarini hosil qilgan. Qahramon eposlardagidek, sahro, tog‘ va taryolardan o‘tadi. Sahroda besh kun yurgan Hotam bir buloqqa yotadi. Buloqdan suv ichgan ot sahroda yelday uchib daryolardan oshadi. Qahramonning topishmoqni yechish yo‘lida dastlab uch nafar qari cholni ketma-ket uchratishi voqealari birinchi sujet halqasini tashkil etadi. Birinchi va ikkinchi uchratgan chollar musofir qahramonni bir kecha ham mehmon qilishmaydi. Nihoyat, yo‘lda uchunchi chol Hotamni musovir mard yigitligini bilib mehmon qiladi. Aynan mana shu uchunchi chol topishmoq sirini yechish uchun Semurg‘ qushni topib boorish kerakligini aytadi. Buning uchun yo‘lda Aqdarbend degan joy borligini, undagi qaroqchi Baqilxon va ukalarini yengish zarurligini aytib maslahat beradi. Cholning maslahati ikkinchi sujet halqasini boshlab beradi. O‘n yeti kun deganda Baqilxon yurtiga yetib boradi. Hotam Isfaxondan oldirgan kamon va qilichini ishga soladi. (“Go‘ro‘g‘li” dostonida ham Go‘ro‘g‘li qilich va kamonni Isfaxondan olib keladi).
Hotam mardlik ko‘rsatib dushman bo‘lgan olti aka-ukani yegadi. Bu Semurg‘ yo‘lidagi birinchi sinov edi.
Dushmanni yenggan qahramon sakkiz kecha-kunduz yo‘l yurib bir “Boyterak”ni tagiga yotib uxlab qoladi va tush ko‘radi, aynan shu voqeadan keyin sujetning uchinchi halqasi boshlanadi. Hatam bayterak ustiga uya qurgan Semurg‘ qushining bolalarini ajdarhoning changalidan qutqarib qoladi. Ajdarhoni o‘ldirgan qahramon Semurg‘ 4 Imomov K. Dostonlarda sinov natijalari. Toshkent.101-bet. qushdan maslahat olib, yana yo‘lga tushadi. Semurg‘ qush Hotamga qilich, chaqmoq tosh, kadi-qovoq, hassa va pat(par) in’om etadi. Shu bilan sujetning 4-halqasi boshlanadi. Hotam topishmoqni yechish yo‘lida zulmat shahri tomon yo‘l oladi.
Semurg‘ obrazi turkey va eron xalqlari ertaklarining bosh qahramoni yoki homiy obraz bo‘lib, ertak tip dostonlar sujetining shakllanishida asosiy rol o‘ynagan. Semurg‘(o‘zbekcha) ozarbayjoncha Simurq. Eron mifologiyasiga ko‘ra mifik jonzot. Qushlar podshosi. Mazkur doston voqeligidagi Hotamning topishmoqni yechish yo‘lida qariyadan maslahat olib(ertakda podshoning ulamo-fuzalolalari maslahati bilan) Semurg‘ qush oldiga borishi, qahramonning ajdarho(ilon)ni o‘ldirishi Semurg‘ni yordami bilan Hotamning Botirxonni topishi va sir-topishmoqni yechishi singari sujet halqalari “Semurg‘, Bunyod va parizod”(o‘zbek); Semurg‘ qush va botir(tojik) singari ertak motivlarini eslatadi. Afasonaga ko‘ra Semurg‘ kata tuxum qo‘yarkan va ikki yuz yik umr ko‘rarkan. Shuningdek, Firdavsiy “Shohnoma”sida ham Semurg‘ qush obrazi mavjud bo‘lib, u cho‘qqilari bulutlar bilan bo‘ylashgan katta, bahaybat qoyaning ustida yashar ekan. Ba’zi afsonalarga ko‘ra, qush yeti yuz yil umr ko‘radi va bolasi voyaga yetgach o‘zini olovga tashlaydi. Turk musulmon mifologiyasida Semurg‘ qush yetti yuz yildan ikki ming yilgacha yashaydi. E’tibor berib qaralsa, barcha afsona, ertak va dostonlardagi Semurg‘ qushi homiy yoki yordamchi obraz sifatida gavdalanadi.
Bundan tashqari, “Hatam-tay” dostonida oq va qora qush obrazlari uchraydi. Ikkita qora qush(salbiy) obrazi Tayning singillari Ay bilan Qumri bo‘lib, o‘z erlariga xiyonat qilib, bu ham yetmagandek, erlarini o‘ldirmoqchi bo‘lishadi. Odam(yoki pari)ning qushga aylanishi motivi turkiy va jahon xalqlari mifologiyasida ancha keng tarqalgan an’anaviy uslub hisoblanadi. “Go‘ro‘g‘lining g‘oyib bo‘lishi” dostoni yakunida Yunus pari va Misqol parilar kaptarga aylanib, Go‘ro‘g‘lining dovrug‘ini olamga yoyadilar. Demak, ikkala dostonda ham odam(qizlar)ning qushlarga aylanishi motivi ildizlari mushratak ekanligini anglatadi.
“Hatam-tay” dostoni to‘rtinchi sujet halqasi hikoya ichida hikoya uslubida bo‘lib, sujet markazida Ay bilan Qumrining erlari Botirxon va Taymasbekning boshidan o‘tgan voqealar tasviri yotadi. Hotam sevgilisi Tay qo‘ygan topishmoq sinovning yechimini Botirxonning hikoyasidan topadi. Ushbu sujet voqeligida Ay qizning duo o‘qib erini itga aylantirib qo‘yishi, qahramonlarning jiyda daraxtida uchishi, Ay bilan Qumrining qora qushga aylanishi motivlari dostonning ertak tip epos namunasi ekanligidan darak beradi.
Yuqoridagi kuzatishlardan kelib chiqib shuni aytish mumkinki, “Hatam-tay” dostoni matni nisbatan keyingi davrlarning mahsuli bo‘lsa-da, unda qadim mifologik tasvirlar, ertak janrining poetik elementlar, sujet va motivlari saqlanib qolgan. Tip va uslubdagi yangilik hamda mifopoetik tafakkur tarzi o‘zaro uyg‘unlashib, eposning o‘ziga xos namunasini yuzaga keltirgan.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI
1. Boboev T. Adabiyotshunoslikka kirish. – T:, 2002.
2. Imomov K. Dostonlarda ertak motivlar. Toshkent, 1973.
3. Hotamnoma. Nashrga tayyorlovchi A. Matg’oziyev. Adabiyot va san’at nashriyoti,- Toshkent, 1998.
4. Turdimov Sh. “Go’ro’g’li” dostonlarining genezisi va tarjimaiy bosqichlari. “Fan” nashriyoti T; 2011.
5. “Xatam-tay” dostoni. Qaraqalpaq folklori. 43-56 tomlar. “Ilim”, Nokis, 2012.
Metin PDF'den otomatik olarak çıkarılmıştır ve hatalar içerebilir.