JADIDLARNING TARIXIY MISSIYASI
Yakubov Azizbek
Toshkent amaliy fanlar universiteti
Ijtimoiy fanlar kafedrasi o‘qituvchisi
Annotatsiya: Ushbu maqolada jadidlarning tarixiy missiyasi o‘rganilgan. Unda jadidlarning millat, xalq kelajagi yo‘lida amalga oshirilgan ezgu xizmatlari xolis baҳolangan, Maqolada ilgari surilgan fikr-muloҳazalar muxtasar ҳolda umumlashtirilgan. .
Tayanch so‘zlar: Tarixiy missiya, jadid, milliy uyg‘otish, ma’rifatparvarlik, jaҳolat, vatanparvarlik.
ИСТОРИЧЕСКАЯ МИССИЯ ДЖАДИДОВ
Аннотация: В данной статье рассматривается историческая миссия джадидов. В ней объективно отсениваются заслуги джадидов перед будущим натсии и народа, а также кратко обобщаются мнения, изложенные в статье.
Ключевые слова: Историческая миссия, современность, натсиональное пробуждение, просвещение, невежество, патриотизм.
HISTORICAL JADID MISSION
Abstract: This article examines the historical mission of the Jadids. It objectively evaluates the services of the Jadids to the future of the nation and people, and also briefly summarizes the opinions expressed in the article.
Keywords: Historical mission, modernity, national awakening, enlightenment, ignorance, patriotism.
XX asr boshiga kelib millatni halokatdan saqlab qolish va istiqlolga olib chiqish uchun ma’riifat, madaniy-ma’rifiy tarbiya asosiy omil darajasiga ko‘tarildi. Buni esa jadidlar Vatan va millat hurligi yo‘lidagi kurashning asosi deb bildilar. Ular millatni uyg’otish uchun ma’rifatparvarlik g‘oyalarini ilgari surdilar. Jadidlar Shariat qoidalari, ”Qur’oni karim”ni yaxshi bilganlari uchun ham ”Taraqqiyot islomga zid” degan aqida va tushunchalarga qarshi kurashdilar. Jadidchilikning paydo bo‘lishiga taraqqiyparvarlik va ilm-fan, shariat amallarining o‘rni katta bo‘ldi.
Jadidchilik ma’rifiy, ijtimoiy-siyosiy harakat sifatida yuzaga kelishining asosiy sababi bevosita Turkiston ichki muhitining fenomeni bo‘ldi. U Rossiya imperiyasining XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab O‘rta Osiyoni istilo qilishi va buning natijasida vujudga kelgan ijtimoiy-siyosiy vaziyatning mahsuli edi. Jadidchilik harakati vujudga kelishining obyektiv va subyektiv sabablarini yoritishimizda Ahmad Donishning “Navodir al-vaqoe” (“Nodir voqealar”) hamda “Risolai tarixi amiron mang‘it” (“Mang‘it amirlari tarixi haqida risola”) asarlarida, tarixchi Mirza Muhammad Abdulazim Somiy Bo‘stoniyning “Tarixi salotini mang‘itiya dor ussaltanai Buxoroi sharif” (“Buxoro sharif saltanatidagi mang‘it hukmdorlari tarixi”), tarixchi Mirzo Salimbek ibn Muhammad Rahimning “Tarixiy Salimiy” asarlari muhim o‘rin tutadi.
Mirzo Salimbek ibn Muhammad Rahimning “Tarixiy Salimiy” XX asrning 20- yillarida yozilgan bo‘lib, uning bosh qismi, Chingizxondan to amir Muzaffar davrigacha bo‘lgan tarixni umumlashtiruvchi xarakterga ega. Asarning1860-1920- yillar voqealarini o‘z ichiga olgan katta qismi yangi bo‘lib, muallifning o‘zi bu voqealarning guvohi bo‘lgan. Asarda amir Muzaffar davrida Hisor, Ko‘lob, Baljuan, Qorategin va Darvozda bo‘lib o‘tgan isyonlar, Buxoro-Qo‘qon va Buxoro-Rossiya munosabatlari, shuningdek, Buxoro amirligining X1X asrning ikkinchi yarmidagi umumiy ahvoli va ma’muriy tuzilishi haqida qimmatli ma’lumotlar keltirilgan. Shuningdek, Abdurauf Fitratning “Munozara” va “Bayonati sayyohi hindi” asarlari ham asos manbalardan biridir [6. 46-98].
Fitratning «Munozara» va «Sayyohi hindi» asarlarida ko‘tarilgan milliy qoloqlik, diniy fanatizm mavzusi XX asrning 20-yillar uchun ham dolzarb ahamiyatga ega edi. Fitrat bu hikoyalarida diniy syujetlardan jaholat ta’siriga qarshi kurashda foydalangan edi. Jumladan, “Munozara” asarida farangi Buxoroning mudarrisi – ziyolilari yetakchisi bilan munozara qiladi. Munozara “usuli jadid” va “usuli qadim” ustida ketsa-da, asar Buxoro amirligining iqtisodiy, ma’naviy, ta’limiy, siyosiy manzarasini ham to‘la namoyon qiladi. Bu munozarada ilgari surilgan g‘oya ko‘proq Farangi savollariga mudarrisning javoblarida keng ko‘lamda ochiladi.
Dunyoviy va diniy bilimlar sohibi, dunyo ko‘rgan, hatto musulmon dini ahkomlaridan xabardor Farangi mudarrisning ilmsizligidan, johilligidan, musulmon farzandlarining qismati shunday mutaassiblar qo‘liga topshirib qo‘yilganidan afsus chekadi. Ko‘p hollarda mudarrisning javoblaridagi mantiqsizlik, fikriy doirasi nihoyatda torligini, dunyoviy bilimlardan butunlay xabarsizligini namoyish qiladi [6. 46-98].
Anglashiladiki, yuqorida sanalgan mualliflarning asarlari o‘sha davrning noyob manbalari hisoblanadi [4]. Bu bejiz bo‘lmay, ular jadid va jadidchilikka xayrxoh bo‘lgan ma’rifatparvar kishilar edi. Masalan «Tarixi salotini mang‘itiya» (1906- 1907) tarixiy asari ikkinchi kitobida Mirzo Abdulazim Somiy Bo‘stoniy Buxoro amirligining mang‘itlar hukmronlik qilgan davrini tanqidiy nuqtai nazardan baholaydi. U o‘zi guvoh bo‘lgan va eshitgan hodisalarga tayanib, amirlik idora uslubidagi illatlar, Rossiya bilan Buxoro qo‘shinlari o‘rtasidagi janglar, amir qo‘shin boshliqlarining layoqatsizligi va mas’uliyatsizligi oqibatida mamlakatning katta qismi bosqinchilar tomonidan bosib olinganligi va valiahd Abdulmalik (Katta To‘ra) ning ba’zi muvaffaqiyatli janglarini tasvirlaydi.
Ko‘rinadiki Turkiston mustamlakachilari mahalliy xalqlarni o‘ta qoloqlikda ushlashni o‘zlariga shior qilib olgan edi. Ularning ko‘rsatmasi bilan xalqqa mumkin qadar ko‘proq paxta ektirish, ularni tinimsiz ishlashga majbur etish, toki bu xalq boshqa narsalarni o‘ylashga, siyosiy voqealarni anglab yetishga bir zum ham vaqti, xohishi qolmasligini nazarda tutib kelgan. Chor Rossiyasi Turkistonni mustamlakaga aylantirish va ruslashtirish jarayonida mahalliy xalqlarga nisbatan kamsituvchilik siyosatini olib borgan hamda o‘zbek va boshqa tub aholiga siyosiy va insoniy huquqlar berishni xayoliga keltirmagan. Bu g‘oya ma’murlarning O‘rta Osiyodagi strategik rejalari asosini tashkil qilgan. Bundan ko‘zlangan maqsad o‘lkada mavjud bo‘lgan ijtimoiy hayot qonunlari va an’analarini izdan chiqarish, mahalliy jamiyatning diniy-ma’naviy negizini barbod qilishdan iborat edi. Milliy madaniyat va ta’limni obro‘sizlantirish natijasida “yangi, rus Turkistoni”ni barpo etish maqsadi ko’zda tutilgan edi. Buning natijasida Turkiston zaminida mustamlakachilik va ulug‘ millatchilikka asoslangan siyosiy-ma’muriy tizim hukm surdi. Mustaqillikka dahl qilinishi, siyosiy haqsizlik va adolatsizlikning haddan oshishi butun jamiyatni chor Rossiyasi davlatining shovinistik harakatlariga qarshi kuchli muholifatga aylantirdi.
Xalqning noroziligi va xalq ichidan yetishib chiqqan ziyolilarning mustabid tuzum siyosatining asl mohiyatini anglab yetishi va kuchli nafrati XIX asrning 80- yillariga qadar shakllanib va kuchayib borganligini ko‘rsatadi. Bu harakatning vujudga kelishida xorijiy mamlakatlardagi turli xil ilg‘or ijtimoiy-siyosiy, falsafiy, diniy oqimlarning ma’lum darajadagi ta’siri bo‘lsa-da, ammo bu milliy va ilmiy uyg‘onish harakati yuzaga kelishini ta’minlovchi asosiy omil, zamin va sharoit o‘lkamizning o‘zida yetilib pishgan edi.
Jadidchilik harakati ayrim g‘oyaviy muholiflarimiz yaqin kunlargacha ta’kidlashganidek, faqat ma’rifatchilik harakatigina emas. Zotan g‘oyaviy muholiflarning maqsadi jadidchilik doirasini toraytirish, keng xalq ongini qamrab olishiga yo‘l qo‘ymaslik edi.
Aslida esa jadidchilik:
Birinchidan, jamiyatning barcha qatlamlarini jalb eta oldi. Uyg‘onish mafkurasi bo‘lib xizmat qildi.
Ikkinchidan, mustaqillik uchun kurash olib borish jadidlarning g‘ayrat va tashabbusi bilan vujudga keldi. Turkiston muxtoriyati bu yo‘ldagi amaliy harakatning dastlabki natijasi edi;
Uchinchidan, jadidlar maorif va madaniyatni, matbuotni ijtimoiy-siyosiy maqsadlarga moslashtirdilar.
Shunday ulkan islohotlarni amalga oshirishga bel bog‘lagan jadidlarning ilg‘or qismi mahalliy aholini jahonning taraqqiy etgan davlatlarida bo‘layotgan o‘zgarishlar va yangilanishlardan xabardor qilib borish lozimligini yaxshi anglaganlar. Professor B.Qosimov haqli ta’kidlaganidek: “Jadidchilik ham ijtimoiy, ham siyosiy, ham madaniy harakatdir.
Shuning uchun ijtimoiyki, u jamiyatning barcha qatlamlarini jalb eta oldi, milliy uyg‘onish ideologiyasi bo‘lib xizmat qildi.
Shuning uchun siyosiyki, u mustaqillik uchun kurash olib bordi...
U madaniy harakat ham edi – adabiyotni yangiladi, matbuot va teatrchilikni yo‘lga qo‘ydi, maorifda esa “yangi maktab konsepsiyasi” bilan chinakam inqilob yasadi. Eng muhimi, bularning barchasini ijtimoiy-siyosiy maqsadlarga moslab ko‘rib chiqdi” [7].
Darhaqiqat, milliy o‘zlikni anglashning o‘sishiga muhim turtki bo‘lgan va milliy ozodlik g‘oyasini shakllantirib, o‘z faoliyati bilan uni amalga oshirishga uringan kuchli progressiv harakat – jadidchilik bo‘lgan. U jahondagi umuminsoniy va milliy qadriyatlarga asoslanib, jamiyatning pishib yetilgan rivojlanish taraqqiyoti va o‘lka tub yerli aholisining zarur manfaatlariga javob berardi. Qoloqlik va jaholat, aholining ayanchli ahvoli, Turkistonning jahon sivilizatsiyasidan orqada qolib kelishi, Islom va shariatning oyoq osti qilinishi va bunday og‘ir fojiali hayotdan qutulish, erk va ozodlikka erishish haqida o‘z zamonasining ilg‘or ziyoli, munavvarlaridan fikrmulohazalar paydo bo‘ldi.
Ko‘rinadiki, jaholatdan uyg‘onish tarixiy zaruriyatga, rivojlanishning obyektiv talab va ehtiyojiga aylandi. Milliy demokratiyaga asoslangan jadidchilik harakatining eng muhim jihatlaridan biri milliy ozodlik kurashi mafkurasi va taktikasini o‘rganishga qaratilgan edi. Ular Yevropa mamlakatlarining davlat qurilishi va qonunchiligi, Rossiya va Sharq xalqlarining mustamlakachilikka qarshi kurashi va demokratik harakatlari mafkurasining amaliy jihatlarini o‘rganib, undan o‘z mamlakatlariga to‘g‘ri keladiganini tanlab olishdi. Natijada, milliy ziyolilarning mafkuraviy va ijtimoiy-siyosiy faoliyati kuchayishi, jadidlarning ikkiga:
a) sof madaniy-ma’rifiy ishlar tarafdorlari
b) ijtimoiy-siyosiy institutlarni isloh qilish, mustamlakachilik va feodalizm kishanlaridan ozod bo‘lish tarafdorlariga bo‘linishlariga sharoit yaratdi.
Jadidchilik davlat, tuzum, boshqaruvni isloh etish, va millatni rivojlantirish orqali, jamiyatni yangi hayot bosqichiga olib chiqishni maqsad qilib qo‘ygan tizim edi.
Jadid g‘oyalari va harakati ham XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlaridagi sharoitga bog‘langan holda shakllandi. Ular davr siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy hayotining aks sadosi sifatida gavdalanadi.
Mahalliy ziyolilar, mulohazali kishilar chor qo‘shiniga qarshi puxta reja asosila o‘rnatilgan harbiy-ma’muriy tizimni tashkiliy jihatdan shakllantirish lozimligini tushunib yetdilar. Shuning uchun xalqqa bilim berish, unga o‘zligini anglatish kerak deb bildilar.
Natijada, xalqqa zamonaviy talablar asosida ta’lim berish uchun qoloqlikka qarshi bo‘lgan kishilar ijtimoiy hayot maydoniga chiqdilar. Ular konservatizmga, eskilikka qarshi bo‘lganliklari hamda yangilikka intilganliklari uchun ham «jadidlar» degan nomni oldilar. Jadidlar eskilik tarafdorlari bo‘lgan qadimchilarga qarshi o‘laroq tarix sahnasiga ko‘tarildilar.
Tarix esa jadidlar zimmasiga ulkan bir vazifa – Turkiston xalqlarini ma’rifatli, madaniyatli, har tomonlama rivoj topgan jamiyat qurish sari boshlab borish ma’suliyatini yukladi. Shu bois, ular yangi usuldagi maktablar, qiroatxona va kutubxonalar, zamonaviy tushunchadagi teatr tashkil qildilar. Maktab va madrasalardagi ta’lim va tarbiya tizimini isloh qilish lozim deb bildilar. Xalq orasidagi nomaqbul urf – odat va udumlarni yo‘qotishga da’vat etdilar. Jaholat va qoloqlikka qarshi kurashdilar. Bu ilg‘or fikrli kishilar matbuotning ahamiyatini to‘la tushunib yetdilar: gazeta va jurnallar chiqarishga kirishdilar. Jadid dramaturglari tomonidan yaratgan sahna asarlarildan o‘z maqsadlarida foydalanishga harakat qildilar [5. 34].
Umuman, jadidlarning millat va xalq oldidagi xizmatlari katta. Ular o‘z xalqining vatanparvarlari sifatida anchagina ezgu ishlarni amalga oshirishdi. Umuminsoniy manfaat va taraqqiyotni himoya qilgan jadidlar jamiyatda turli islohotlar olib borish orqali xalqni bir g‘oya atrofida irlashtirishga yo‘naltirilgan edi. Bu esa ularni ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy kuch sifatida tarixda saqlanib qolishiga zamin tayyorladi
Адабиётлар рўйхати:
1. Аҳмедов Б., Ўзбекистон халқлари тарихи манбалари, – Т., 1991
2. Аҳмедов Б. Бухорийлар бўстони, – Т., 1998
3. Маънавият юлдузлари: (Марказий Осиёлик машҳур сиймолар, алломалар, адиблар) Тўпловчи ва масъул муҳаррир: М.Хайруллаев. –Т., 1999
4. Мўминов И. Ўзбекистон ижтимоий – фалсафий тафаккури тарихидан ХIХ асрнинг охирлари ХХ асрнинг бошлари. –Т., 1960
5. Ражабова Р. ва бошқалар, Ўзбекистон тарихи (1917-1993-йиллар), – Тошкент, 1994. – Б.34
6. Фитрат. Танланган асарлар. Ж.1. – Т.: Маънавият, 2000
7. Қосимов Б. Жадидчилик ва жадид адабиёти (Давра суҳбати) // “Туркистон”, 1997. 17 май.
Metin PDF'den otomatik olarak çıkarılmıştır ve hatalar içerebilir.