ResearcherUz LogoResearcherUz
Dergiyi Görüntüle

JAHON TILSHUNOSLIGI HAMDA O‘ZBEK TILSHUNOSLIGIDA KONSEPTNING TURLI SOHALAR ORQALI O‘RGANILISHI

Özet

Ushbu maqolada "konsept" ning lingvokulturalogiyadagi bazaviy kategoriyalardan biri ekanligi va uning o‘zbek tilshunosligida ko‘plab olimlar tomonidan keltirilgan ta'rifi va tadqiq qilingan hamda matn orqali ifodalanishi tahlil qilingan.


Tam PDF Belgesi

İlgili Makaleler

Tam metin

KONSEPTNING TURLI SOHALAR ORQALI O‘RGANILISHI

Oqmirzayeva Umida Normurod qizi

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetining Urgut filiali talabasi

Annotatsiya

Ushbu maqolada "konsept" ning lingvokulturalogiyadagi bazaviy kategoriyalardan biri ekanligi va uning o‘zbek tilshunosligida ko‘plab olimlar tomonidan keltirilgan ta'rifi va tadqiq qilingan hamda matn orqali ifodalanishi tahlil qilingan.

KALIT SO‘ZLAR: konsept, konseptosfera, kognitiv, kognitsiya, lingvokognitiv, lingvokulturalogiya.

KIRISH

Sо‘nggi yillari kognitiv ilmning shiddat bilan rivojlanishi lingvistik tadqiqotlarda ham konsept tushunchasi muammosining dolzarblashishiga sabab bо‘ldi. Chunki, kognitiv va konsept yondashuv asosida lingvistik tadqiqotchi aynan til orqali inson kognitiv mexanizmini anglashga erishadi. Bu esa, tilning barcha sath, sistemasi yuzasidan olingan faktik ma’lumotlarni yangi-yangi xulosalar bilan boyitish imkonini yaratadi.

ADABIYOTLAR TAHLILI VA METODOLOGIYA

Hozirgi kunga kelib, barcha fan sohalari qatori tilshunoslik sohasi ham tobora rivojlanib kelmoqda. Dastlab, konsept so‘zining vujudga kelish tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, dunyo tilshunosligida ilk bor, konseptlar, asosan, leksik hamda leksik-frazeologik birliklar orqali ifodalanadi, degan fikr ustun bo‘lgan bo‘lsa, keyingi davrlarda esa fanda sintaktik konseptlar ya'ni sintaktik strukturaviy jihatdan yondashildi. Yigirma birinchi asr boshlaridan boshlab, lingvokulturalogik, lingvokognitologik, sotsiolingvistik, hamda psixolingvistik tamoyillar yordamida tahlil qilish kuchaydi. Xususan, insonning bilish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi lingvokognitologiyaning paydo bo‘lishi 1956-yildan deb e'tirof etadilar. Shu bilan birga, mamlakatimizda tilga antroposentrik yondashuv tilshunoslik sohasining eng so‘ngi yutuqlarini o‘zida mujassam etib, mustaqil paradigma sifatidagi maqomini tabora mustahkamlanib bormoqda. Ko‘plab tadqiqotchilarning e'tirof etishicha, kognitiv tilshunoslik va lingvokognitologiya antroposentrik paradigmaning yetakchi yo‘nalishlari hisoblanadi. O‘tgan asrning so‘ngi choragida o‘zining ilk qadamlarini qo‘ygan kognitiv tilshunoslik yigirma birinchi asr boshidayoq lingvistikaning peshqadam sohalaridan biriga aylanib ulgurdi.

Kognitiv tilshunoslikda kognitiv atamasining izohi "inglizcha "cognitivebilishga oid" so‘zi bilan bog‘liq"dir [1]. 1975-yilda J.Lakoff va S.Tompsonning maqolasida "kognitiv grammatika" termini paydo bo‘ldi va 80-yillarning oxirlarida yevropaning an' anaviy tilshunosligida kognitiv tilshunoslik qaror topdi. Ammo, ba‘zi bir manbalar ma‘lumotlaridan kelib chiqqan holda shuni ta‘kidalash joizki, Tilni kognitiv tadqiq etish mobaynida tilga oid bo‘lgan yangidan yangi fikrlar, qarashlar paydo bo‘ladi. Ko‘plab olimlar tilshunoslikda kognitiv yondashuvning paydo bo‘lishini Jorj Miller va Filipp Jonson-Leyrdlarning mashhur “Til va idrok” kitobining chop etilishi bilan bog‘lashadi. Kognitiv tilshunoslikning vujudga kelishi ayni paytning o‘zida kognitiv tilshunoslikka oid Xalqaro konferensiyaga aylangan. 1989-yilning bahorida Duysburgda (Germaniyada) Xalqaro lingvistik simpozium boshlanadi. Ushbu simpoziumning a’zolari Xalqaro Kognitiv Lingvistika Assotsiatsiyasi (International Cognitive Linguistics Association)ni tuzishadi. Shu bilan birgalikda assotsiatsiya faoliyatini yoritib boruvchi “Kognitiv lingvistika” (Cognitive Linguistics) jurnaliga asos solishadi. To‘plam materiallarining yuzaga kelishi, tilni anglash va unga bog'liqligi holda nutqni qurish, tashkillashtirish va axborotni mukammal darajaga keltirish va uni kommunikativ jarayonga ko‘chirish kabi ko‘p qirrali jarayon mahsuli sifatida qarash imkonini berdi. Tilga bo‘lgan bunday yondashuv esa hozirgi kun tilshunoslik ilmida yangi yo‘nalish kognitiv tilshunoslikning yuzaga kelishiga turtki bo‘ldi.

O‘zbek tilshunoslaridan hisoblangan S.Safarovning fikriga ko‘ra, "Kognitiv tilshunoslikning vazifasi til yordamida bilim olish va saqlash, tilni amalda qo‘llash, hamda uzatish, umuman til tizimi va takibini inson miyasidagi in'ikosi sifatida tafakkur bilan bog‘lab, chuqur ilmiy tadqiq etish" [2] dir. Bu fikrlardan shu ayon bo‘ladiki, kognitiv fanda asosiy e’tibor insonni bilishga qaratiladi, kuzatilgan harakatlar shunchaki o‘rganilmaydi, balki ularning aqliy ko‘rinishlari (ichki tasvirlar, modellar), ramzlar, bilimga asoslangan harakatlarni yuzaga keltiradigan inson strategiyalari o‘rganiladi; ya’ni insonning bilish dunyosi uning xulq-atvori va faoliyati bilan o‘rganiladi, bu tilning faol ishtiroki bilan sodir bo‘ladi, u har qanday inson faoliyatining nutqiy tafakkur asosini tashkil qiladi – uning motivlari va munosabatlarini shakllantiradi, natijani bashorat qiladi.

Professor A. Mamatov esa til tizimini kognitiv jihatdan tahlil qilish borasida fikr yuritar ekan, shunday deb yozadi: "Kognitiv fan kognitsiya bilan shug‘ullansa, kognitiv tilshunoslik kognitsiyaning, ya'ni bilishning tilda aks etishini, verballashuvini tadqiq qiladi. Tilga bo‘lgan kognitiv yondashuv-bu til shaklining oxir-oqibat inson ongi, fikri, bilish strukturalarining aks ettirilishidir. Kognitivlik o‘z tuzilishiga ko‘ra insonning bilish faoliyatiga tayangan barcha tipdagi bilimlarning tizimlashishini ifodalaydi" [3]. Shunga ko‘ra, kognitiv tilshunoslikning asosiy atamalari: aql, bilim, kontseptualizatsiya, kontseptual tizimni bilish, olamni lingvistik ko‘rish, kognitiv asos, psixik tasvirlar, kognitiv model, turkumlash, verbalizatsiya, mentalitet, madaniy konstantalar, konsept, olam manzarasi, kontseptosfera, milliy madaniy makon va boshqalar. Bu tushunchalarning barchasi insonning kognitiv faoliyati bilan bog‘liq, ya’ni buning natijasida inson ma’lum bir qarorga yoki bilimga keladi. Kognitiv faoliyat axborotni qayta ishlash bilan birga keladigan jarayonlarni anglatadi va ongning maxsus tuzilmalarini yaratishdan iborat. Til nutq faoliyati kognitiv faoliyat turlaridan biri hisoblanadi

Kognitiv lingvistika o‘z-o‘zidan insonning kognitiv faoliyati bilan chambarchas bog'liq bo‘ladi. Konsept, ssenariy, kognitsiya, freym atamalari kognitiv lingvistikaning markaziy tushunchalaridir. Ular orasida konsept atamasi lingvokulturalogiya, lingvokognitologiya hamda adabiyotshunoslikda qo‘llaniladi. Ammo izohi esa o‘zaro farqlanadi. "Konsept" atamasini ilk bor 1928-yilda rus tilshunosi S.A.Askoldov o‘z maqolasida qo‘llagan. U konseptga "Bu bir tur yoki boshqa turdagi tushunchalar haqida fikrlash jarayonini o‘zida aks ettiradigan birlikdir" deb izoh bergan. Ammo shunga qaramay ushbu atamaga yigirmanchi asrning 70-yillarida ham chuqur izoh talab qiladigan muammo sifatida qaralib kelindi. Konsept tushunchasining tilshunoslar iste'moliga kirishi 80-yillarda ingliz olimlari Cheyf, R.Jakendof, Lakofflarning asarlari bilan bog‘liqdir. Aynan o‘sha matnlarda konseptualizatsiya, konseptual mohiyat atamalari uchrab turadi. Konsept tushunchasining lug‘aviy ma'nosi ustida ham ko‘pgina olimlar har xil fikrlarni bildirishadi. Unga ko‘ra mantiqiy kategoriya, amaliy falsafa tushunchasi milliy mentalitetning asosiy birligi sifatida qaraydiganlar ham bor. "Konsept"-lotincha "conceptus" so‘zidan olingan bo‘lib, "tushuncha" ma'nosini bildiradi. Kognitiv atamalar lug‘atida esa konsept atamasiga quyidagicha ta'rif beriladi: "Konsept bizning tafakkurimizdagi aqliy va psixik resurslarning inson bilim va malakalarida aks etishiga xizmat qiladigan tushunchadir" [4]. Konsept atamasi zamonaviy tilshunoslikda biror bir leksik birlikning tafakkurdagi obrazini ifodalash uchun qo‘llanadi. Kundalik ilmiy ijodda esa konsept atamasi "tushuncha" bilan sinonim sifatida qo‘llaniladi. Garchi konsept atamasi kognitiv tilshunoslik va lingvokulturalogiya uchun ham muhim kategoriya hisoblansada, uning ushbu fanlardagi izohi farqlidir. Ushbu termin tilshunoslikda o‘tgan asrning 80-yillariga qadar tushuncha so‘ziga sinonim sifatida ishlatilgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib, uning izohi tushuncha terminiga nisbatan kengayganini ko‘rish mumkin.

O‘zbek tilshunosligida "konsept"tushunchasi turli talqinga egadir. Tilshunos olim N. Mahmudov o‘zining "Til tizimi tadqiqi" nomli risolasining "Tilning mukammal tadqiqi yo‘llarini izlab..." mavzusidagi maqolasida "...konsept tafakkurga oid, mazmuniy mental tushuncha, lekin uni milliy, madaniy unsurdan tamoman holi bo‘lgan hodisa sifatida qarash anchayin munozaralidir" [5] deb yozadi.Bundan tashqari, tilshunoslikning yangi yo‘nalishi lingvomadaniyat til va madaniyat o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rganadi. Konsept uning markaziy tushunchasi hisoblanadi. Professor N.Mahmudov shu nuqtai nazarga yondoshgan holda lingvokulturologiyada (lingvomadaniyat) konseptining o‘rganilishi xususida shunday yozadi: "Lingvokulturologik tadqiqotlarda aynan konseptning ifodalanishi muammolariga juda katta e'tibor qaratilmoqda, internet materiallari bilan tanishganda, masalan, Rossiyadagi tilshunosliklarda bu yo'nalish nihoyatda keng tarqalganini ko'rish mumkin, bu boradagi ishlarni sanab, sanog'iga yetish mushkul. Hatto so'nggi yillarda yoqlangan nomzodlik dissertatsiyalarining juda katta qismi aynan u yoki bu tilda konseptning lingvokulturologik tadqiqiga bag'ishlangan"[6]. Demak, konsept lingvokulturologiyada eng faol qo'llanuvchi butunlik sanaladi. Konsept lingvomadaniy birlik sifatida u yoki bu xalq madaniyatining o'ziga xos jihatlarini ifodalaydi. Masalan, uy konsepti o'zbek kishilarining tafakkurida quyidagicha assotsiatsiyalanadi:

a) yashash joyi - bino - ko'p qavatli uy - hovli - xonadon - oila;

b) katta, kichik, chiroyli, shinam, yorud, yangi, eski;

d) mehribonlik uyi, dam olish uyi, madaniyat uyi.

Ko'chma ma'noli birliklarni yuzaga chiqaradi: Uy ichi "oila a'zolari", uyi buzilmoq "er-xotinning ajralishi" kabilar orqali namoyon bo‘ladi.

MUHOKAMA VA NATIJALAR

Garchi ushbu atama kognitiv tilshunoslik va lingvokulturologiya uchun ham muhim kategoriya hisoblansada, uning ushbu fanlardagi izohi farqlidir. Ushbu termin tilshunoslikda o‘tgan asrning 80-yillariga qadar tushuncha so‘ziga sinonim sifatida ishlatilgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib uning izohi tushuncha terminiga nisbatan kengayib, boshqa sohalar bilan birga tadqiq etilishi orqali turili xil ma'nolarni yuzaga chiqqanligini anglash mumkin.

Lingvomadaniy konsept etnomadaniy xususiyatga ega bo'lgan va borliq haqidagi funksional ahamiyatga molik informatsiyani uzatadigan madaniyatning asosiy birligidir. U madaniy universaliyalarni ifodalaydi. Lingvomadaniy konsept tafakkurda mavjud boladi, u o'zida kognitivratsional va emotsional-psixologik mazmunni biriktiradi. Lingvomadaniy konsept barcha til egalari uchun dunyoqarash modeli vazifasini o'taydi. Lingvomadaniy konsept milliy xarakterning shakllanishiga ta'sir ko'rsatuvchi madaniyat vositasi hisoblanadi.

Lingvokulturologiyada madaniyat konseptlari alohida tadqiq etiladi. Madaniyatning asosiy konseptlari jamoaviy til ongida muhim ahamiyat kasb etadi. Madaniyatning asosiy konseptlari deganda mavhum otlar, xususan, vijdon, taqdir, qismat, iroda, gunoh, qonun, erkinlik, ziyohlar, vatan va h.k. tushuniladi. Madaniyat konseptlarini A. Ya. Gurevich ikki guruhga: "fazoviy'', falsafiy kategoriyalar, ya'ni madaniyatning universal kategoriyalari (vaqt, makon, sabab, o'zgarish, harakat) hamda ijtimoiy kategoriyalar, ya'ni madaniyat kategoriyalari (erkinlik; huquq, haqiqat mehnat, boylik, mulk)ga ajratadi. Binobarin, N.Yu. Shvedova konseptni tushuncha ekanligini, bu tushuncha ortida esa ijtimoiy yoki subyektiv tarzda anglanuvchi, inson hayotining muhim moddiy, aqliy, ruhiy tomonini aks ettiruvchi, o'z tarixiy ildizlariga ega bo'lgan, xalqning umumiy tajribasini aks ettiradigan mazmun turishini ta'kidlagan [7].

Pragmalingvistika hamda kognitiv tilshunoslik asarlari muallifi, tilshunos Sh. Safarov ta'biri bilan aytganda, "...inson til va moddiy olamni bir xil uslubda hamda bir xil yo‘nalishda o‘zlashtiradi. Moddiy dunyo idroki ayni paytda idrok etayotgan predmet-hodisalar haqida tushuncha tug‘ilishini, keyinchalik ushbu tushuncha mental namunakonsept sifatida shakllanib, moddiy nom oloshini taqozo qiladi" [8]. Mana shu fikrlar yana bir fikrning paydo bo‘lishiga turtki bo‘ladi ya'ni "Avvalo voqealanayotgan predmet ongimizda farqli, o‘ziga xos tomonlari bilan farqlanib, so‘ng umumlashtirish yo‘li bilan ma'lum bir guruhga birlashtirilib umumlashma obraz hosil qilinadi. Keyingi bosqichda ushbu obraz mantiqiy qayta ishlanib, konseptga aylanib, lisoniy libos olishdan oldin inson ongida tassavurdagi modeli paydo bo‘ladi, uni voqealashtirish maqsadida amalga oshirish uslubi izlanadi" deydi Sh.Safarov [7]. Akademik bu fikr bilan nutqning ichki (botiniy) va tashqi (zohiriy) turlarga bo‘linishini, yoki bo‘lmasdan shu ikki bosqichdan konsept inson hayolotidan tilda aksiga ko‘chadi. Har qanday konseptning verballashuvidan avval inson ongida o‘z represantatsiyaga ega bo‘lib til egalari nutqida turlicha ko‘rinish oladi.

O‘.Q.Yusupov konseptni "Tashqi yoki ichki dunyodagi biror bir narsa yoki hodisa haqidagi ongimizdagi bilimlar majmuasi, u haqidagi obrazlar va unga bo‘lgan ijobiy, salbiy, neytral munosabatlar, ya'ni baholashlardir", deb belgilaydi. Tushuncha va konseptni farqlashda olim quyidagicha fikr bildiradi: "Konsept bilan tushunchani aysbergga o‘xshatish mumkin. Agar konsept aysberg bo‘lsa, uning suvdan chiqib turgan qismi tushunchadir".

Yuqoridagi barcha fikrlarni o‘rganish natijasida shunday qarorga kelish mumkinki, konsept tushunchasi har bir shaxs uchun individual va jamiyat uchun umummilliy bo‘lgan ong, til va ruhiyatning bog‘liqligida kechuvchi jarayondir. Qanchalik insonning madaniy tajribasi kam bo‘lsa, nafaqat uning tili, balkim aktiv va passiv so‘z boyligining "konseptosferasi" ham kambag‘al bo‘ladi. Har bir millatning so‘z boyligining konseptosferasi uning tarixan shakllanib kelayotgan urf-odatlaridan, qadriyatlaridan, yashash tarzidan, osha madaniyat sivilizatsiyasidan darak beradi. O‘zbek tilidagi to‘y konsepti ham bizning madaniyatimiz, qadimdan shakllangan urfodatlarimiz, dinimiz kabi jihatlarni aks ettirgan holda, ingliz tilidagi shu konseptdan farq qiladi, ona tilimizdagi to‘y konseptining konseptosferasi ham juda boy hisoblanadi.

Badiiy asarlardagi konseptlarni kuzatish orqali shu ayon bo‘ladiki, o‘zbek tilida yaratilgan mikromatnlarda "Holat konsepti" ham rang-barang ifodalarga ega ekanligi bilan ajralib turadi. Bu, avvalo, badiiy adabiyotning bosh maqsadi inson va u bilan bog‘liq fonemalarni tasvirlash ekanligi bilan izohlanadi. "Holat konsepti" superkonsept maqomida bo‘lib, bu maydonga kiruvchi shodlik, qayg‘u, sog‘inch, iztirob kabi tushunchalarning matn orqali ifodalanishi tasvirning to‘laqonli bo‘lishini ta‘minlaydi. Quyida misol sifatida keltirilgan mikromatn ana shunday "Holat konsepti" maydoniga kiruvchi konseptlar ifodachisi sifatida namoyon bo‘lganini ko‘rish mumkin. Qo‘rquv konsepti. "Unsinning ko‘z oldiga oppoq kafanga o‘ralib sag‘ana va go‘rlar atrofida yelib yurgan arvohlar keldi. Uning eti jivirlashib, sochi boshidagi ro‘molini bir qarich ko‘tarilganday bo‘ldi. Unsin beixtiyor bir qadam orqaga chekindi, lekin shu ondayoq xuddi o‘likdan qo‘rqmasligini birovga pisanda qilayotganday, baqirib: "o‘likning joni yo‘q!"-deb olg‘a intildi, shu yugurganicha ostidagi Onhazratim sag‘anasi oldida to‘xtadi" [9].

Yuqorida keltirilgan mikromatndan ko‘rinadiki, asar qahramonining qo‘rquvga tushgan holati, asosan, uning vujudida ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni ifodalovchi birliklar berilgan. Bu esa badiiy konsept ifodasi ko‘p hollarda implikativ xarakterga ega bo‘lishidan dalolat beradi. Konseptlarni tahlil qilish jarayonida har qanday tilda madaniy o‘ziga xos konseptlar mavjudligi aks etadi. Kartoshka ruslar uchun nochor ovqatlanish etaloni bo‘lib, buni "сидеть на одной картошки" frazeologizmi misolida ham ko‘rish mumkin; belaruslar uchun odatiy milliy taom, shuningdek, ularning ikkinchi nonidek muhim hisoblanadi.

XULOSA

Yuqorida keltirib o‘tilgan fikrlarni xulosalagan holda, konsept bu inson ongida shakllanuvchi uning hayot tajribasiga asoslangan, individual, madaniy, sotsial dunyosini o‘zida aks ettiruvchi, ma'lum bir ramziy belgini tashuvchi mental birlikdir.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI

1. Safarov Sh.S. Kognitiv lingvistika. Jizzax, 2006.-B.10

2.Safarov.Sh.S. Kognitiv tilshunoslik.Jizzax:Sangzor,2006.-B.91

3.Mamatov.A.E. Tilshunoslikning dolzarb masalalari.Andijon,2012.-B.212-219

4.Аскольдов С.А. Концепт и слова/ Русская словесность. От теории словесностик структуре текста. Антологтя.М:Academia. 1997.-C.267-280.

5.Mahmudov N. Til tilsimi tadqiqi. Toshkent."Mumtoz so‘z". 2017.-B.60

6.Mahmudov N. Tilning mukammal tadqiqi yo‘llarini izlab...// O‘zbek tili va adabiyoti.Toshkent, 2012.-B.9

7.Шведова Н. Избранные работы-М: Языки славянской культуры. 2005.- С.603

8.Safarov Sh.S.Kognitiv tilshunoslik.Jizzax.-2006.-B.25

9.M.Kistner. Linguistic sign theories.2005.

10.A.Qahhor. Daxshat hikoyasi.Toshkent.-B.3.

Metin PDF'den otomatik olarak çıkarılmıştır ve hatalar içerebilir.