ResearcherUz LogoResearcherUz
Dergiyi Görüntüle

JAZONI O‘TASHDAN MUDDATIDAN ILGARI OZOD QILISHNING DOLZARB MASALALARI

Özet

Ushbu maqolada jazo tushunchasi va uning ahamiyati, jazodan o’tashdan muddatidan ilgari ozod qilish tushunchasi, huquqiy ahamiyati hamda qoʼllanilish doirasi yuzasidan turli ilmiy qarashlar oʼrganilgan. Bundan tashqari, tadqiqot ishida rivojlangan xorijiy davlatlar qonunchiligida jazodan oʼtashdan muddatidan ilgari ozod qilishning oʼziga xos tomonlari yoritilgan


Tam PDF Belgesi

İlgili Makaleler

Tam metin

O‘RINBOYEV KOMILJON UMIDJON О‘G‘LI

Tоshkent davlat yuridik universiteti “Jinoyat qonunchiligini qo’llash nazariyasi va

amaliyoti” soha mutaxassisligi magistri

Annotatsiya: Ushbu maqolada jazo tushunchasi va uning ahamiyati, jazodan o’tashdan muddatidan ilgari ozod qilish tushunchasi, huquqiy ahamiyati hamda qoʼllanilish doirasi yuzasidan turli ilmiy qarashlar oʼrganilgan. Bundan tashqari, tadqiqot ishida rivojlangan xorijiy davlatlar qonunchiligida jazodan oʼtashdan muddatidan ilgari ozod qilishning oʼziga xos tomonlari yoritilgan.

Kalit soʼzlar: jinoiy jazo, jazodan oʼtashdan muddatidan ilgari ozod qilish, shartli ozod qilish, sud, amnistiya, afv.

Ma’lumki, davlat rivojlanib borishi bilan undagi mavjud tizim ham oʼzgarishni, islohotni talab qila boshlaydi. Sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tizimi va ularning ishlashi mexanizmi ham bundan mustasno emas.

Soʼnggi yillarda Oʼzbekiston Respublikasi Jinoyat qonunchiligining jazo tizimida ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʼliq boʼlmagan jazo turlarida tub islohotlar amalga oshirildi. Oʼzbekistonda dunyodagi eng liberal jinoiy jazo tizimlaridan biri yaratilib, Jinoyat kodeksiga mamlakatimiz parlamenti tomonidan 100 ga yaqin qoʼshimcha va oʼzgartirishlar kiritildi.

O’zbekiston Respublikasi yangi Konstitutsiyasining 30 moddasiga ko’ra, jinoyat uchun hukm qilingan har kim qonunda belgilangan tartibda hukmning yuqori turuvchi sud tomonidan qayta ko‘rib chiqilishi huquqiga, shuningdek afv etish yoki jazoni yengillashtirish to‘g‘risida iltimos qilish huquqiga ega ekanligi keltirilgan.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, bir qancha jinoyatlarga oid huquqiy normalar ham inson huquq va erkinliklariga bevosita daxldor ekanligini inobatga olib, ularni ham jinoyat qonunchiligini yanada liberallashtirish va insonparvarlik tamoyillariga muvofiqlashtirish nuqtai nazaridan isloh qilish maqsadga muvofiq.

Mamlakatimiz raxbari Sh.M.Mirziyoev boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlardan ham koʼzlangan asl maqsad xalq farovonligi, qonun ustuvorligi taʼminlangan demokratik davlat qurishdir. Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yilning yil 28 yanvardagi 2022 – 2026 yillarga moʼljallangan Yangi Oʼzbekistonning taraqqiyot strategiyasining qabul qilinishi jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish sohasidagi davlat siyosatining eng muhim yoʼnalishlarini belgilab bermoqda va sud-huquq tizimini isloh qilishning tarixiy ahamiyatga ega boʼlgan muhim bosqichi boʼlib xizmat qilmoqda.

Bundan tashqari, Oʼzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʼnalishi boʼyicha Harakatlar strategiyasi asosida ham jamiyat va davlat hayotida eng muhim jabhalarni isloh qilish, yillar davomida toʼplangan muammolarni yechimini topish vazifalari belgilandi.

Harakatlar strategiyasining aynan ikkinchi ustuvor yoʼnalishi “Qonun ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishning ustuvor yoʼnalishlari” masalalari belgilangan boʼlib, unga koʼra, sud-huquq tizimini yanada isloh qilish vazifalari belgilandi.

Jazo nima, degan savol jinoyat huquqi nazariyasida eng murakkab va bahsli masalalar qatoriga kiradi. Jazoni keng, umumijtimoiy maʼnoda shaxsga taʼsir koʼrsatish, uning xulq-atvorini tartibga solish usuli sifatida tushunish amalda eʼtiroz uygʼotmasa-da, jinoyat-huquqiy kategoriya sifatidagi jazoning mazmun va mohiyati atrofida qizgʼin bahslar uzoq yillardan beri davom etib keladi. Qolaversa, insonparvar, ezgulik, inson huquq va erkinliklariga sadoqat, jinoiy jazolar tizimini liberallashtirish, jamiyat hayotining barcha jabhalarida qonun ustuvorligini taʼminlash Oʼzbekistonda barpo etilayotgan erkin jamiyat poydevorini tashkil etadi. Deyarli barcha huquqshunoslar tomonidan qoʼllabquvvatlanadigan “jazo bu – davlat majburlovi chorasidir”, degan fikr Oʼzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi 42-moddasining birinchi qismida oʼzining tegishli ifodasini topgan. Jinoyat qonunida jazo davlat majburlov chorasi sifatida taʼriflangani uning eng muhim belgilariga ishora qiladi.

Jinoyat uchun jazoning maqsadlarini taʼriflashda faqat ijtimoiy rivojlanish darajasi, jinoyat huquqining funktsiyalari va qonunda mustahkamlangan jinoyat-huquqiy vositalarni hisobga olish bilangina kifoyalanmaydilar. Maqsadni belgilash jarayonida konkret huquqiy hodisa – jazoning mohiyatidan ham kelib chiqadilar. Hodisaning mohiyati va uning maqsadlari oʼrtasidagi aloqa, “maqsad hodisadan tashqarida yotadi, biroq unga faqat hodisaning mohiyatini belgilovchi xossalar yordamida erishish mumkin, yaʼni mohiyat loyihalanayotgan maqsadga erishish vositasi hisoblanishi” bilan belgilanadi. Jazoning mohiyati jazolashdan iborat boʼlgani bois, jazoning maqsadlariga jazolarning mazmunini tashkil qiluvchi muayyan huquqiy cheklashlarni mahkumga qoʼllash yoʼli bilan erishilishi mumkin.

Jazodan muddatidan ilgari ozod qilish muammosi jinoiy javobgarlikning mohiyati va undan ozod qilish turlari, jinoyat uchun jazoning maqsadlari va uning samaradorligi toʼgʼrisidagi masalalar bilan uzviy bogʼliq. Muddatidan ilgari ozod qilinganlar takroriy jinoyatchiligi darajasining pastligi jazodan ozod qilishning samaradorlik darajasini aks ettiruvchi asosiy koʼrsatkichlaridan biri hisoblanadi. Mahkumlarni jazodan ozod qilish masalalarini tartibga soluvchi jinoyat-huquqiy normalarning amaldagi tahriri avvalgi qonun hujjatlari va boshqa normativ hujjatlarning maʼlumotlari hamda ularni qoʼllanish amaliyotini hisobga olish va tizimlashtirish natijalariga, shuningdek inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro-huquqiy hujjatlar, jinoyat va jinoyat-ijroiya qonunchiligi normalariga asoslanadi. Jazodan ozod qilish instituti va jazoni oʼtashdan ozod qilish instituti sudning ayblov hukmini ijro etish jarayonini muddatidan ilgari tugatishning jinoyat huquqining mustaqil institutlari hisoblanadigan bir nechta turlarini oʼz ichiga oladi. Ularni nomlari zikr etilgan ikki institutga birlashtirish ularning ijtimoiy vazifasi va aybdor uchun kelib chiqadigan huquqiy oqibatlarning yagonaligini hisobga olganda oʼrinli hisoblanadi. Jazodan ozod qilish instituti keng maʼnoda ulkan ijtimoiy ahamiyat kasb etadi. U konkret shaxsga berilgan jazoning maqsadlariga erishilganligi yoki erishilmaganligiga qarab, unga qoʼllaniladigan jinoiy repressiya hajmiga tuzatish kiritish imkoniyatini beradi. Unda hozirgi jinoyat-huquqiy siyosatning insonparvarligi aks etadi. Koʼrib chiqilayotgan institutning muhimligini inobatga olib, qonun chiqaruvchi jazodan ozod qilish bilan bogʼliq normalarni jinoiy javobgarlikdan ozod qilish masalalarini tartibga soluvchi normalardan alohida bobga ajratdi. Ushbu yechimni Oʼzbekiston Respublikasi Jkning shak-shubhasiz afzalliklari jumlasiga kiritish mumkin. Mazkur normalar oldingidek turli qonun hujjatlari (JK, JPK)da emas, balki bitta qonun hujjati (JK)da jamlangani ham ulkan ahamiyatga egadir. Oʼzbekiston Respublikasi JKga bir-birini takrorlovchi normalar kiritilgani yoʼq.

Oʼzbekiston Respublikasi JKning XIII bobi “Jazodan ozod qilishning turlari” deb nomlangan boʼlib, unga jazoni ijro etish muddati oʼtib ketganligi munosabati bilan jazodan ozod qilish, shaxsning ijtimoiy xavflilik xususiyatini yoʼqotishi munosabati bilan uni jazodan ozod qilish, aybdorni chin koʼngildan pushaymon boʼlganligi munosabati bilan jazodan ozod qilish, shartli hukm qilish, jazoni oʼtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish, jazoni yengilrogʼi bilan almashtirish, kasallik yoki mehnat qobiliyatini yoʼqotish oqibatida jazodan ozod qilish, amnistiya akti yoki afv etish asosida jazodan ozod qilish kiritilgan.

Oʼzbekistonlik va chet ellik olimlarning asarlari eng muhim huquqiy va kriminologik tushunchalar toʼgʼrisidagi fundamental tasavvurlarning asosini tashkil qildi, bularning barchasi yangi jinoyat va jinoyat-ijroiya kodekslarini tayyorlash jarayonida oʼz aksini topdi. Аmmo qonunchilikka baʼzi bir tuzatishlarni kiritishda shoshma-shosharlik ragʼbatlantiruvchi normalar oʼrtasida raqobatga va jazoni oʼtashdan muddatidan ilgari ozod qilishning ayrim turlari oʼrtasida kolliziyaga olib keldi.

Jazodan ozod qilishning turlari vujudga kelish va huquqda mustahkamlanish davriga koʼra farq qiladi. Masalan, afv etish tarixi asrlar bilan oʼlchansa, homilador ayollarning va yosh bolasi bor ayollarning jazoni oʼtash muddatini kechiktirish bir necha yillardan beri amal qilayotir. Binobarin, jazoni oʼtashdan muddatidan ilgari ozod qilishning har bir turi haqidagi ilmiy bilimlarning oʼrganilganlik darajasi ham bir xil emas.

Jamiyat rivojlanishining hozirgi bosqichida qonun hujjatlarida mustahkamlangan mahkumlarni jazodan ozod qilish turlarining muvofiqligini aniqlashdan, inson huquqlari va hamda huquqbuzarlar bilan muomalada boʼlish sohasidagi xalqaro normalar va standartlarni hisobga olgan holda huquqiy koʼrsatmalarni takomillashtirish yoʼnalishlarini belgilashdan iborat.

Jazodan ozod qilish institutning tushunchasi, mohiyati, oʼziga xos belgilari, jazodan ozod qilishning jinoyat-huquqiy ahmiyati bilan bogʼliq munosabatlari tadqiqot obʼektini tashkil etadi.

Oʼzbekiston Respublikasi Jinoya kodeksida nazarda tutilgan jazodan ozod qilish turlarining barchasini nazariy, qonunchilik, huquqni qoʼllash nuqtai nazarlaridan tizimli oʼrganishga bagʼishlangan ilk kompleks monografik tadqiqotlardan biri hisoblanadi. Bundan tashqari, ishda jinoyat, jinoyat-ijroiya qonunchiligining mahkumlarni jazodan ozod qilishga doir qoidalarini takomillashtirish yuzasidan takliflar ilgari surilgan va jazoni oʼtashdan muddatidan ilgari ozod qilinganlarga ijtimoiy yordam koʼrsatish amaliyotini oʼzgartirish boʼyicha tavsiyalar taʼriflangan, shuningdek amnistiya, afv etish va ozod qilinganlarning ijtimoiy moslashuvi toʼgʼrisida yangi qonun hujjatlarini ishlab chiqish zarurligi asoslangan.

Jumladan Jinoyat kodeksining 73-modda. Jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilishga bag’ishlangan.

Unga ko’ra:

Ozodlikdan mahrum qilish, intizomiy qismga jo‘natish, xizmat bo‘yicha cheklash, ozodlikni cheklash yoki axloq tuzatish ishlariga hukm qilingan shaxslarga nisbatan jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish qo‘llanilishi mumkin. Shaxs ijro etilmagan qo‘shimcha jazodan ham ozod qilinishi mumkin. Jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan jazo turlari uchun o‘rnatilgan tartib-qoida talablarini bajargan va mehnatga halol munosabatda bo‘lgan mahkumga nisbatan qo‘llaniladi.

Jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish mahkum:

a) ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyati uchun sud tayinlagan jazo muddatining kamida uchdan bir qismini;

b) og‘ir jinoyati uchun, shuningdek qasddan sodir etgan jinoyati uchun, agar shaxs ilgari qasddan sodir etgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan bo‘lsa, sud tayinlagan jazo muddatining kamida uchdan ikki qismini;

v) o‘ta og‘ir jinoyati uchun, shuningdek jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan yoki jazosi yengilrog‘i bilan almashtirilgan shaxs jazoning o‘talmagan qismi mobaynida qasddan yangi jinoyat sodir etganligi uchun hukm qilingan bo‘lsa, sud tayinlagan jazo muddatining kamida to‘rtdan uch qismini haqiqatda o‘tab bo‘lganidan keyin qo‘llanilishi mumkin.

Jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish:

a) umrbod yoki uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilgan shaxsga;

b) o‘ta xavfli retsidivistga;

v) uyushgan guruh yoki jinoiy uyushmaning tashkilotchi va qatnashuvchilariga;

g) javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirganlik, o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan jabrlanuvchining nomusiga tekkanlik yoki unga nisbatan zo‘rlik ishlatib, jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirganlik, o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxsni jinsiy aloqada bo‘lish yoki jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish bilan bog‘liq holda jinsiy aloqa qilishga majbur etganlik, o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilganlik yoki jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirganlik yoki unga nisbatan uyatsizbuzuq harakatlar qilganlik, voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan yoki tasvirlangan pornografik mahsulotni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirganlik, xuddi shuningdek uni tayyorlaganlik, tarqatganlik, reklama qilganlik, namoyish etganlik yoxud voyaga yetmagan shaxsni pornografik xususiyatga ega harakatlarning ijrochisi sifatida jalb etganlik, voyaga yetmagan shaxsni jalb etgan holda qo‘shmachilik qilganlik, fohishaxonalarni tashkil etganlik yoki saqlaganlik, O‘zbekiston Respublikasiga, tinchlikka va insoniyat xavfsizligiga qarshi jinoyat sodir etganlik, yadroviy, kimyoviy, biologik va boshqa xildagi ommaviy qirg‘in qurollarini, shunday qurollarni ishlab chiqarish uchun foydalanish mumkinligi ayon bo‘lgan material va uskunalarni, kontrabanda qilganlik uchun hukm qilingan shaxslarga nisbatan qo‘llanilmaydi.

Jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilinib, jazoning o‘talmagan qismi mobaynida qasddan yangi jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan sud jinoyat kodeksining 60-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq jazo tayinlaydi.

Xorijiy mamlakatlarga diqqat qaratadigan boʼlsak, xorijiy mamlakatlarda ham jinoiy jazodan ozod qilish tajribalari Oʼzbekistonning qonunchiligida keltirilgan jazodan ozod qilishga oʼxshab ketadi. Bunga sabab esa, har bir davlat oʼz qonunchiligini yaratayotganda birinchi navbatda “Xalqaro huquqning” umumeʼtirof etilgan qoidalariga yuzlanadi. Bunda ular chet el tajribalarini oʼrganadi va davlatning oʼz milliy anʼanalariga asoslangan holda oʼzi uchun kerakli boʼlgan qoidalaridan foydalangan holda, qonunchilikni yaratadi va unga oʼzgartirishlar kiritadilar. Misol uchun xorijiy mamlakatlardan Germaniya, Frantsiya, Shveytsariya, shuningdek, MDH mamlakatlaridan Rossiya Ukraina, Ozarbayjon va Belarussiya mamlakatlarining jinoyat huquqida jinoyat va jinoyat protsessual qonunchiligiga asosan, Jinoyat kodeksi maxsus qismining tegishli moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxslar, amalda pushaymon boʼlsalar, ushbu shaxslarning javobgarlikdan va jazodan ozod boʼlishi mumkinligi toʼgʼrisidagi qoidalar keltirib oʼtilgan . Shunga asosan, davlatlarning qonunchiligi bir-birinikiga oʼxshab ketadi. Farqli jihatlari ham boʼlishi mumkin, lekin ushbu farq unchalik koʼp boʼlmaydi. Ushbu oʼxshashliklarni Germaniya qonunchiligi misolida koʼrib oʼtamiz. Misol uchun Germaniyaning Jinoyat kodeksiga murojat qilinadigan boʼlsa, Germaniya Jinoyat kodeksiga asosan, mahkum agarda Jinoyat kodeksining tegishli moddasida nazarda tutilgan bir yildan koʼp boʼlmagan, ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilinadigan boʼlsa, sud mahkumni ogohlantiradi va unga nisbatan jazo tayinlamasdan shartli sinov belgilashi va jazoning ijrosini toʼxtatib qoʼyishi mumkinligi aytib oʼtilgan. Bunda mahkumning qancha jinoyat sodir etganligi, mahkumning shaxsiyati, uning oʼtmishdagi hayoti, qilmishining holati, hozirgi qilgan harakatlaridan keyingi xatti-harakatlari, uning yashash sharoiti va toʼxtatib turish natijasida kutilayotgan taʼsirlarni va boshqalarni inobatga olgan holda mahkumga nisbatan shartli sinov belgilanishi va jazoning ijrosini toʼxtatib qoʼyish mumkinligi haqida qoidalar keltirib oʼtilgan.

Sud mahkumning qilmishi va shaxsi ayblanganidan keyin alohida holatlar mavjud boʼladigan boʼlsa, ikki yildan oshmaydigan yuqori sud hukmning ijrosini toʼxtatishi mumkin deb keltirib oʼtilgan. Bunda yana qaror qabul qilinayotganda, mahkumning jinoyat oqibatida yetkazilgan zararni qoplashga qaratilgan harakatlari ham hisobga olinishi lozim hisoblanadi . Germaniyada mahkumlarga beriladigan sinov muddatining davomiyligi besh yildan oshmasligi va ikki yildan kam boʼlmasligi lozimligini sudlar belgilab berishi va ularning qancha muddat tayinlanishni ham sudyalar mustaqil amalga oshirishlari aytib oʼtilgan.

Germaniya Federativ Respublikasining Jinoyat kodeksi Oʼzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksida keltirilgan jazoni ijro etish muddatining oʼtib ketganligi munosabati bilan jazodan ozod qilishga mosdir.

Jazodan ozod qilish muammosi, ayniqsa Oʼzbekiston Respublikasida jinoiy jazolarning liberallashtirilishi sharoitida moddiy va protsessual huquqning oʼzaro munosabati doirasida tadqiq etilmagan. Shu bois, jazodan ozod qilish muammosini tadqiq etish hozirgi vaqtda jinoyat huquqi nazariyasi, qonunni qoʼllash amaliyoti talablari va ehtiyojlari qondirilishiga imkon yaratadi. Mazkur muammoga oid masalalarning koʼp jihatlari Oʼzbekiston Respublikasining amaldagi qonuni asosida, Oʼzbekiston Respublikasi JKga kiritilgan soʼnggi oʼzgartish va qoʼshimchalar hisobga olinib, ilmiy va amaliy jihatdan yetarlicha tadqiq etilmagan va oʼrganilmagan. Аyni paytda shu kungacha jazoni oʼtashdan ozod qilish muammosini oʼrganishga bagʼishlangan kompleks tadqiqot hali oʼtkazilgani yoʼq.

Jinoyat uchun jazoning umumiy preventiv roli jazo qoʼllash tahdidi bilan, shuningdek boshqa shaxslarni amalda jazolash va sodir etilgan jinoyat uchun javobgarlikning muqarrarligini taʼminlash orqali beqaror fuqarolarga ruhiy taʼsir koʼrsatishdan iboratdir.

Yuqorida aytib oʼtilganidek, axloqan tuzatish xulq-atvorni ijobiy tomonga oʼzgarishga ragʼbatlantirishni nazarda tutadi. Shu tufayli ham mahkumlar xulq-atvorini psixologik jihatdan tuzatish alohida ahamiyat kasb etadi. Bu ish bilan mutaxassislar shugʼullanishlari lozim. Shuning uchun ham axloqan tuzatish vositalari qatoriga mahkumlarga psixologik yordam koʼrsatish ham kiritilsa, bizningcha, maqsadga muvofiq boʼlar edi.

Maqolada taʼriflangan xulosalar, takliflar va tavsiyalardan qonunchilikni takomillashtirishda foydalanilishi mumkin va ular mahkumlarni jazoni oʼtashdan muddatidan ilgari ozod qilishga tayyorlashning sifatini yaxshilashga, ularning takroriy jinoyatchiligiga qarshi kurashning samaradorligini oshirishga, bunday shaxslarning ijtimoiy moslashuviga koʼmaklashishga nisbatan yondashuvlarni oʼzgartirishga samarali yordam koʼrsatishga qodir.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI

1.1. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi // 01.05.2023 – https://lex.uz/docs/- 6445145

1.2. O‘zbekiston Respublikasining 1994-yil 22-sentyabrda qabul qilingan O‘RQ2012-XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi // https://lex.uz/docs/-111453

1.3. Ochilov X. R., Xaydarov Sh. D., Shamsidinov Z. Z. “Jinoyat huquqi” (Umumiy qism). O‘quv qo‘llanma – T.: TDYU nashriyoti, 2021. – 172 bet

1.4. M. Usmonaliyev Jinoyat huquqi. Umumiy qism. Oliy o‘quv yurtlari uchun darslik. —T.: “Yangi asr avlodi”, 2010, – 664 b.

1.5. O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga sharhlar. Umumiy qism/M. Rustambayev. – Toshkent: “Yuridik adabiyotlar publish”, 2021. – 784 b.

1.6. Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi 2022 – 2026 yillarga moʼljallangan Yangi Oʼzbekistonning taraqqiyot strategiyasi

1.7. 07.02.2017 yildagi PF-4947-sonli “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi” to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Internet sahifalari

1. www.library-tsul.uz

2. www.lex.uz

3. https://www.elibrary.ru/

4. https://public.sud.uz/

5. www.sud.uz

Metin PDF'den otomatik olarak çıkarılmıştır ve hatalar içerebilir.