ResearcherUz LogoResearcherUz
Dergiyi Görüntüle

KATTAQO’RG’ON TUMANIDAGI JOY NOMLARI VA URUG’LAR

Özet

Ushbu maqolada Samarqand viloyatining yirik tumanlaridan biri hisoblangan Kataqo’rg’on tumanining toponimikasi va etnotoponimikasi ya’ni ushbu hududda qadimdan yashab kelgan qabila va urug’lar nomlarining joy nomlariga ta’siri shuningdek ba’zi bir qabila nomlarining hudud nomiga ko’chganligi kabi masalalar o’rganilib chiqiladi. Shu jumladan ushbu hududda joylashgan, “Kadan”, “Mundiyon”,“Abulqosim” hamda boshqa tumanlarda ham uchraydigan “Chordara”, “Nayman”,“Arabxona” kabi nomlarning kelib chiqish tarixi chuqur tahlil qilinadi.


Tam PDF Belgesi

İlgili Makaleler

Tam metin

KATTAQO’RG’ON TUMANIDAGI JOY NOMLARI VA URUG’LAR

Sunnatillo Rashidov Rashid o’g’li

Samarqand Davlat Universiteti 2-kurs magistranti

Tel: +998 94 669 72 36

Annotatsiya

Ushbu maqolada Samarqand viloyatining yirik tumanlaridan biri hisoblangan Kataqo’rg’on tumanining toponimikasi va etnotoponimikasi ya’ni ushbu hududda qadimdan yashab kelgan qabila va urug’lar nomlarining joy nomlariga ta’siri shuningdek ba’zi bir qabila nomlarining hudud nomiga ko’chganligi kabi masalalar o’rganilib chiqiladi. Shu jumladan ushbu hududda joylashgan, “Kadan”, “Mundiyon”, “Abulqosim” hamda boshqa tumanlarda ham uchraydigan “Chordara”, “Nayman”, “Arabxona” kabi nomlarning kelib chiqish tarixi chuqur tahlil qilinadi.

Kalit so’zlar: Kattaqo’rg’on, toponimika, etntoponimika, sug’d, Movarounnahr, urug’, qabila, rabot, mavze, Miyonqol, Polvontepa.

Abstract

This article deals with, the toponymy and ethnotoponymy of the Kattakurgan district, which is one of the largest districts of the Samarkand region, that is, the influence of the names of the tribes and clans that have lived in this area for a long time on the place names, as well as issues such as the transfer of some tribal names to the name of the area will be studied. Moreover, including the history of the origin of the names such as "Kadan", "Mundian", "Abulkasim" and other districts, such as "Chordara", "Nayman", "Arabkhana", are analyzed thouroughly, which are located in this region.

Key words: Kattakurgan, toponimics, etnotoponimics, sugd, Movarounnahr, tribe, clan, rabat, environs, Miyankol, Polvontepa.

Eramizning I-II asrlarida Kushon imperiyasi davrida ko’chmanchi xalqlar bir joyda uyushib, hamjihat bo’lib yashashi turli xavf va ofatlardan himoyalanishini osonlashtirgan. Shu sababli keynchalik ovullar, qishloqlar va shaharlar paydo bo’la boshlagan. Kattaqo’rg’on VII asrning so’ngi choragi (1683-1684-yillar)da barpo etilgan. Badavlat aka-uka Farhod otaliq, Ollonazarbek va So’fi Olloyor unga asos solgan, degan fikrlar bor. VIII asrdan boshlab shahar ancha kengayib 170 gektar joyni egallagan, 25 guzarga bo’lingan.[3,17] Ko’chalar tor bo’lib, kulbalarning darchalari asosan hovli ichkarisiga ochilgan. Shahar markazida ark- qal’a bo’lgan. Dastlab, ana shu ark - qal’a atrofida - So’fi Olloyor, Madras, Ko’chahur kabi mahallalar paydo bo’la boshlaydi. Kattaqo’rg’onda jami 25 mahalla guzar bo’lganligi aytiladi. Shaharlar va tumanlardagi guzar, mahalla, shuningdek qishloq va davlat nomlari “komolimiy”, qabila urug’ yoki kichik tarmoqlar nomi bilan ataladigan joylar “etnoponim”, kishilar nomiga qo’yilgan joy nomlar “antroniya”, daryo, soy, jilg’a, kanallar nomini o’ganish “gidronomiya”, tog’, qir, tepalik va jarliklar nomi esa “oronomiya”, deb ataladi. Kattaqo’rg’on shahrida 100, tumanda 800 ga yaqin turli tuman joy nomlari uchraydi. Ularning kelib chiqishi, paydo bo’lishi va qayerdan paydo bo’lganligi, albatta, hammani qiziqtirishi tabiy hol. Shahar hamda tumandagi toponimlarning aksariyati ham qadimiy, mug’ullar bosqini davrida paydo bo’lgan nomlar, shu yerda yashagan sug’dlar, fors-tojik tilidan kirib kelgan nomlar ko’p uchraydi. Jumladan, “Iske” qishlog’ining nomi qadimgi sug’d tilidan olingan bo’lib, “Iskender” baland-yuqori, degan ma’noni bildiradi. “Boyovut”-so’zi mug’ulcha boylar yashaydigan joy, bulung’ur loyqa suv ma’nosini anglatadi. “Mavze”- arabcha bo’lib joy-dala, mahalla, istiqomat qiladigan joy, mozor, ziyorat qiladigan joy degan ma’noni beradi. “Rabot”- ot bog’laydigan yoki to’xtab o’tiladigan joy ma’nosida ham ishlatiladi. “Avliyo-valiy”- muqaddas kishi, “Anhor”-nahr so’zidan yasalgan bo’lib, daryo, kanal demakdir. “Rabot”- tashqi istehkom devori, “chorbog’”- to’rt bog’, “chorsu ”- to’rt ko’cha kesishgan joy, “darvoza”- dar-eshik, “boz”- ochilgan, ya’ni ochilgan eshik kabi nom va so’zlar, asosan, fors-tojik tilidan kelgan.[2,44] Shu o’rinda shahrimiz va tumanimiz hududidagi ayrim joy nomlarini ma’nosini, paydo bo’lishi va kelib chiqishi haqidagi ma’lumotlarni keltiramiz.

Sug’d o’lkamizning juda qadimgi nomi. Qadimgi yunon tarixchilarining yozishicha, Sug’d janubda Oks, ya’ni Amudaryo, shimolda Sirdaryo oralig’ida joylashgan. O’rta asrlarga kelib, Zarafshon vodiysini o’z ichiga olgan. Tarixchilarning yozishicha Qoradaryo va Oqdaryo oralig’ida Nimsug’d tumani joylashgan. Qadimgi davrda Samarqand shahri Sug’d o’lkasining poytaxti bo’lgan. Arablar kelguniga qadar Amudaryo va Sirdaryo oralig’idagi o’lka Turon, deb atalgan. Bu nom qadimiy so’z bo’lib, eronliklar tomonidan qo’yilgan. Ular o’z mamlakatlarini “Eron”, ya’ni “bu taraf”, deb ataganlar. Amudaryoning shimoliy qismini esa “Turon”, ya’ni “u tomon” deb ataganlar. Arablar esa “Movarounnahr” deb atashgan.

Movarounnahr- tarixiy asarlarda o’lka ma’nosida juda ko’p uchraydi. Bu o’lka ikki daryo, Sirdaryo va Amudaryo oralig’ida joylashgan. Shuning uchun ham bu arabcha so’z bo’lib, “movaroun”- narigi tomon, “nahr”- suv-daryo “ikki daryo oralig’ida”gi joy ma’nosini bildiradi. Rivoyat qilishicha, bu atama arablarning sarkardasi Qutayba tarafidan qo’yilgan emish. Arablar janubdagi yerlarni istilo qilib bo’lgandan so’ng Amudaryo etaklariga kelishadi. Shu payt daryo bo’yida uzoqlarga qarab turgan Qutaybadan “Bu yerlan qanday nom bilan ataladi deb so’raganida” u “Bu yerlar Movarounnahr. Biz daryoni kechib o’tib, ikki daryo oralig’ini ham egallashimiz lozim” deb javob bergan va shundan buyon bu joy nomini “Movarounnahr” deb atashgan.[4,35]

“Kadan” - bu qishloq nomi tarixiy manbalarda XV-XVI asrlarda tilga olingan. Ba’zi rivoyatlarga qaraganda, arablar bu yerda otlari uchun somon to’plaganlar va shundan “Kadan”, ya’ni somon to’playdigan joy ma’nosini anglatgan. Farohin nomi keyinchalik paydo bo’lgan bo’lishi mumkin.

“Miyonqol” - qadimdan Zarafshon daryosining ikki irmog’i - Qoradaryo va Oqdaryo oralig’idagi yirik maydon - Miyonqol oroli, deb atalgan. Bu nom fors tilida “miyon” - o’rta, “kol” - kanal, ya’ni ikki daryo oralig’idagi kanal - orol ma’nosini bildiradi. Bu orol Samarqand yaqinidagi Cho’ponota tog’i yonidan Zarafshon daryosining ikkiga ajralib ketishi natijasida paydo bo’lib, Xatirchi shahri yaqinida yana birlashishi natijasida hosil bo’ladi. 120 km.ga cho’zilgan. Uning 50 km.ga yaqini Kattaqo’rg’on tumani hududiga to’g’ri keladi. 1964-yili Miyonqol-Xatirchi magistral kanali ishga tushirildi. Kanalning uzunligi 34 km bo’lib, sekundiga 60 m3 suv o’tkazish, 54 ming gektar yerni sug’orish imkoniyatiga ega.

“Mundiyon” qishlog’i hunarmandchilik bilan bog’liq bo’lib, mundi - sopol idish yasovchilar manosini anglatadi.

“Chordara” - qishlog’i, fors tilida to’rt dara ma’nosini bildiradi. Ikki tomoni tik ko’tarilgan balandlik orasida o’tadigan tor yo’lakcha dara deb ataladi. Ikkinchi ma’nosi - kenglik. Qishloqda ham baland ham past chordara mavjud. Bu nom joy xususiyatidan kelib chiqqan.

“Polvontepa” - o’zbekcha so’z bo’lib, tepalikning hajmiga ishora qilingan, ya’ni polvon tepa yoki katta tepa deb ataladi.

“Abulqosim”- “ abu”- otasi, Qosimning otasi. U xoji Abdurahmon ota nomi bilan ham bog’liq. Bu qishloqning to’liq nomi Abu Muhammad Abdurahmon ibn Avf bo’lib, Muhammad alayhissalom sahobalaridan biri bo’lganligi tilga olinadi. U kishi bu yerga savdo karvoni bilan kelib qolgan, degan rivoyatlar ham bor. Qishloqda yashab qolib, o’limini sezgach, “meni shu qishloqning eng baland joyiga ko’minglar”, deb vasiyat qiladi. U kishi 651-yil 75 yosida vafot etgan. Qishloqdoshlari uning vasiyatini bajarishadi va bu joy keyinchalik qabristonga, ziyoratgohga aylanadi. Juda ko’p joy nomlari o’zbek qabila va urug’ nomlari bilan bog’liq. O’zbek millati juda qadimqadimdan qabila va urug’larga bo’linib yashagan. Olimlar o’zbeklarning 92 urug’i bor, deb hisoblaydilar. Odamlar bir-birlari bilan uchrashib qolsalar, siz qaysi urug’dansiz, deb so’rashadi yoki qiz olib, qiz bersa ham, albatta, urug’ surishtiriladi. 1924-yildagi aholini ro’yxatga olish anketasida ham qaysi urug’ga mansubligi haqida maxsus savol bo’lgan. Hozirgi paytga kelib bunday holatlar yo’qolib bormoqda.

Qabila va urug’ yo’q bo’lib ketishi mumkin, lekin geografik va tarixiy nomlar saqlanib qoladi.

“Mang’iton” urug’i XIII asrgacha Mug’ulistonda, XIV asrda Dashti Qipchoqda yashagan. XV asrga kelib No’g’aylar ham deb atashgan. XVI asr O’rta Osiyo, hususan, Zarafshon vodiysiga ko’chib kelgan va mahalliy aholiga qo’shilib o’zbek urug’lari qatoridan joy olgan.

“Nayman” - eng yirik Turkiy qabilalardan biri bo’lib, VIII asrda Baykal ko’li atrofida yashagan. IX asrda O’rxun daryosi vodiysiga, XII asrda Markaziy Osiyoga, XIII asrda Balxash, Zason ko’llari atrofiga kelib o’rnashgan. XV-XVI asrlarda O’rta Osiyoga ko’chib o’tishgan. XIII-XVI asrlarda Islom dinini qabul qilishgan.

“Uyshun” - qadimgi turk qabilasi, Xitoyning shimoliy g’arbiy qismlarida yashagan. XV asrda Turk xoqomligi tarkibida bo’lishgan. Hokimiyat yemirilgach, O’rta Osiyoga ko’chib kela boshlagan va yerli xalqqa singib ketgan. Shu tariqa o’zbek urug’lari qatoridan joy olgan.

“Qiyot” - qadimgi turkiy qabilalardan biri bo’lib, VIII- X asrlarda Dashti Qipchoqda yashagan. XI asrga kelib ular davlat yemirilgach, turli tomonga tarqab ketishgan va bir qismi O’rta Osiyo, Jumladan, Zarafshon vodiysiga o’rnashga. Keyinchalik o’zbek xalqiga qo’shilib uning urug’lari qatoridan joy olgan.

“Kattako’rpa” - shu urug’ yashaydigan joy ma’nosini bildiradi. Ko’rpa deb nomlangan o’zbek urug’i bo’lgan. Bundan tashqari shahar va tumanda millat va xalqlar nomi bilan ataladigan joy nomlari ham bor. Masalan, arablar istilosi davrida kelib qolgan o’troqlashib, mahalliy aholiga qo’shilib, singib ketgan. Hozirgi davrda ham ular yashaydigan qishloqlar: Arabxona, Kattaarab, shahardagi guzarlari Arabxona, Kichik Arabxona, Qoriravot mahallasidagi esa Arab Qishloqcha, deb nomlangan. Shuningdek, Qirg’iz qishloq, Qozoq qishloq Qozog’ovul, tojiklar, Lo’li qishloq, degan joy nomlari ham bor.[5,11]

Geografik va tarixiy nomlar yo’qolmaydi, degan so’zning isboti shuki, bu qishloqlarda garchi hozir o’sha millat vakillari bo’lmasa ham qachonlardir qo’yilgan bu nomlar haligacha saqlanib qolmoqda.

Shuningdek, odamlar nomi bilan ataladigan joy nomlari ham uchraydi: - Abulqosim, Hakimoqsoqol, Boynazar, Yormatqozi, Valijon, Tog’ayko’sa, Davlatbobo va boshqa ko’plab nomlarni uchratishimiz mumkin.

Foydalanilgan adabiyotlar

1. A. Otaxo’jayev, “Ilk o’rta asrlar Markaziy Osiyo svilizasiyasida TurkSug’d munosabatlari”, O’zbkiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Tarix instituti Toshkent-2010-yil.

2. Do’simov Z., Egamov X. “Joy nomlarining qisqacha izohli lug’ati.” - T.:’’O’qituvchi’’.1977.

3. I. Bekmurodov. “Kataqo’rg’onning qisqacha tarixi”. Samarqand,”Zarafshon” nashriyoti. 1993-yil.

4. Pugachenkova G.A. “Qadimgi Miyonqol”. -T.: ‘’Fan’’. 1989.

5. Sh. Abduhakimov. “Kattaqo’rg’on tarixidan lavhalar”. Toshkent. 2016.

6. Qoraev S. “O’zbekiston viloyatlari toponimlari”. - T.: ‘’O’zME’’. 2005.

Metin PDF'den otomatik olarak çıkarılmıştır ve hatalar içerebilir.