ResearcherUz LogoResearcherUz
Dergiyi Görüntüle

LUQMON BO‘RIXONNING “TUMOR” HIKOYASINING PRAGMATIK TAHLILI

Özet

Bugungi kun adabiyotida Luqmon Bo‘rixon qalamiga mansub bo‘lgan asarlar juda ham mashhur. Bu ijodkor o‘zining so‘z tanlashdagi mahorati, badiiyatni chuqur anglashi, qahramonlarning ruhiy holatini, ichki kechinmalarini mahorat bilan ochib bera olishi bilan boshqa yozuvchilardan ajralib turadi. Xususan, bu ijodkorning “Tumor” hikoyasi ham sujetning rang-barangligi bilan o‘quvchilarni o‘ziga jalb qiladi. Asarni pragmatik tahlil qilar ekanmiz undagi qahramonlar hayoti, ichki dunyosi, his-tuyg‘ularini anglab yetamiz. Hikoya bosh qahramoni To‘lqinning dard-u hasratlarini, vafoli yoriga bo‘lgan muhabbatni tushunamiz.


Tam PDF Belgesi

İlgili Makaleler

Tam metin

TAHLILI

Urokov Xasan Ulmasovich –Samarqand davlat chet tillar institute

O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi stajyor-o‘qituvchisi

Annotatsiya

Bugungi kun adabiyotida Luqmon Bo‘rixon qalamiga mansub bo‘lgan asarlar juda ham mashhur. Bu ijodkor o‘zining so‘z tanlashdagi mahorati, badiiyatni chuqur anglashi, qahramonlarning ruhiy holatini, ichki kechinmalarini mahorat bilan ochib bera olishi bilan boshqa yozuvchilardan ajralib turadi. Xususan, bu ijodkorning “Tumor” hikoyasi ham sujetning rang-barangligi bilan o‘quvchilarni o‘ziga jalb qiladi. Asarni pragmatik tahlil qilar ekanmiz undagi qahramonlar hayoti, ichki dunyosi, histuyg‘ularini anglab yetamiz. Hikoya bosh qahramoni To‘lqinning dard-u hasratlarini, vafoli yoriga bo‘lgan muhabbatni tushunamiz.

Kalit so‘zlar: tumor, muhabbat, pragmatik tahlil, pressupozitsiya, adresant va adresat, tovush tushishi, anafora, Matluba, Duygu begim.

Luqmon Bo‘rixon ijodi hozirgi zamon o‘zbek adabiyotining yorqin sahifalaridan birini tashkil etadi. “Adabiyot insonning jon tomiri. Chunki adabiyot odob-axloq ta’limiga daxldordir… Inson go‘daklik chog‘idayoq ona bag‘rida adabiyotga duch keladi. Aynan, ona allasi adabiyotning, badiiy so‘zning ibtidosi, yuksak namunasi. Unda umid, ishonch, tilak, iltijo – hammasi bor”, - deb ta’kidlagan edi adibning o‘zi (3). Adibning yuqoridagi so‘zlari o‘zi uchun bir tavsif desak, adashmagan bo‘lamiz. Ko‘p qirrali iste’dod sohibi Luqmon Bo‘rixon adabiyotning turli janrlarida rang-barang hikoyalari, publitsistik maqolalari, realistik qissalari-yu ajoyib romanlari bilan hozirgi davr o‘zbek adabiyotida o‘z o‘rniga ega. Bayram Ali o‘zining “Qalbning o‘z mantig‘i bor yoxud haqiqiy asar kristalsimon bo‘ladi” nomli maqolasida ijodkor haqida shunday deydi: “Shunday bir paytda men uni sizga tanishtirib qo‘yay: na kurashchiga, na fermerga, na o‘qituvchiga o‘xshatolmay ikkilanayotganingiz bu odam chindan ham yozuvchi! Yozuvchi bo‘lganda ham zo‘r yozuvchi – Luqmon Bo‘rixon bo‘ladi! Adibning nafaqat tashqi ko‘rinishi va o‘zini tutishi, balki yozgan asarlari ham shu qadar o‘ziga xoski, buni siz uning qalamiga mansub har qanday asarning ilk jumlalarini o‘qigandayoq his etishingiz mumkin”.(4)

Ijodkorning hikoyalarida insonlar hayoti, ularning o‘y-kechinmalari, quvonch-u shodliklari, dard-u hasrtalari asosiy o‘rinda turadi. Ularning muammolari, hayotdagi qiyinchiliklari yorqin ranglarda ko‘rsatib beriladi. “Yalangoyoq” hikoyasida inson uchun eng nozik tuyg‘u sanalgan mehr, oqibat kabi rishtalar aks etgan bo‘lsa, “Kutilgan kun” hikoyasi esa insonlar hayotida kutish, biror bir narsaga qiziqish, orzu qilish kabi tuyg‘ularning ahamiyati haqida fikr-mulohazaga chorlaydi. Hikoyaga epigraf qilib olingan “Bir yorug‘lik izlayman hamon” jumlasi esa (Rauf Parfi qalamiga mansub) hikoyaning butun bir mohiyatini ochib berolgan. Epigrafning o‘zida orzu, istak, biror narsani intiqlik bilan kutish kabi g‘oyalar namoyon bo‘lgan. Qahramonning qorong‘ulikdan chiqishga hali umidi bor, bu umidni u so‘nggi daqiqalargacha esdan chiqarmaydi. Shu umidga yetishish uchun harakat qiladi.

Ijodkorning hikoyalariga e’tibor bersangiz, unda sayohat davomidagi voqealar asosiy o‘rinda turadi. Yozuvchi shu motiv orqali insonlar hayotidagi qiyinchiliklarni, orzu-istaklarni, g‘alaba kunlarni ko‘rsatishga harakat qiladi. Yoki biror bir narsani o‘z vaqtida qadrlash, insoniy muhabbatning hayotda tutgan o‘rni, insoniylik kabi xislatlar ham yorqin ranglarda namoyon bo‘ladi.

Ijodkorning “Tumor” yoki “Tokchadagi tumor” nomli hikoyasida ham insonning muhabbati, uning soddaligi, tantiligi kabi holatlar ochib berilgan. Asarning bosh qahramoni sanalmish To‘lqin fermer o‘zining soddaligi tufayli qimmatbaho tumorni sotib olmoqchi bo‘ladi, chunki bu tumor haqiqiy muhabbat timsoli ekanligi fermerni o‘ziga jalb qilgan edi. Bu bilan “Zar qadrini zargar biladi” degan maqolga amal qilgan holda yozuvchi qahramoninig ishqni tushinishiga bir ishora ham qilib o‘tadi. E’tibor beradigan bo‘lsangiz, tumor qadimgi Saljuqiylar sulolasi vakili Selem Ikkinchiga tegishli edi. Tumor haqiqiy ishqdan sarmastlik, vafodorlik timsoli, ramzi sanaladi. Go‘yoki yozuvchi o‘z qahramoniga bu tumorni olib berishga harakat qilishi orqali unga vafodorlikni, haqiqiy muhabbatni ko‘rsatishga, insonlarning haqiqiy baxti shu ekanligini anglatishga harakat qilgandek. To‘lqin ismining lug‘aviy ma’nosi “jo‘sh urmoq”, “chegaradan o‘tmoq”, “mavjli” kabi ma’nolarni anglatadi. Shunday ekan, tumor haqidagi hikoyani eshitgan qahramonning chegaradan o‘tgan holda uni sotib olmoqchi bo‘lganligi, sevgining qalbida jo‘sh urib ketishi, boshqa sheriklaridan farqlanib qolishi odatiy holdek.

Yozuvchi qahramoning tumor haqidagi rivoyatdan keyingi o‘zgarishlarini ketma-ketlikda sanab beradi: tumorni sotib olmoqchi bo‘lganligi, uni lo‘lilarning qo‘lidagi tumorlardek arzon deb o‘ylaganligi, “Otchopar”ga borib bozorlik qilganligi, taksidan uyiga yetmasdan tushib qolganligi, xotinini ko‘rib uning ayblariga ko‘z yumganligi, ko‘ziga xotinining malikalardek ko‘ringanligi. Bu orqali yozuvchi hikoya qahramonining ruhiy olamini ochib beradi, uni o‘quvchi bilan yaqinlashishiga ko‘maklashadi.

Nutqda tovush va ohanglarning ma’lum yashirin maqsad bilan qo‘llanilishi natijasida muallif munosabatining ifodalanishi fonopragmatik tahlil obyekti sanaladi. Leksema sememasida pragmatik semaning hosil bo‘lishi uchun fonetik protseslar alohida ahamiyatga egadir. Bu tovush o‘zgarishi, tovush orttirilishi, tovush tushishi, tovush ikkilanishi, shevaga xos so‘zlardan foydalanishi kabi hodisalar bilan yuzaga chiqadi.

1. Tovush tushishi

— Yaxshi o‘tiribsilarmi, — deb qo‘ydi u poyabzalini yechib ichkariga

kirarkan.

— Tuzuk...

— Bollar ko‘rinmaydi.

— Salimingiz qo‘zilarni haydab ketgan, Sardor hali maktabdan qaytmadi,

yo‘l-yo‘lakay tog‘amnikiga ham kirib chiqaman, degandi.(1)

Ushbu dialogda “o‘tiribsilarmi”, “bollar” so‘zlaridagi tovush tushishi bilan o‘zini ulardan ustun qo‘yayotganligini, ularni ancha vaqtdan buyon ko‘rmaganligini anglatadi.

—Yaxshi taklif bo‘ldiku-ya,-dedi kimdir qitmirlarcha tomoq qirib,-

Bu misolda ixchamlashishga uchragan hamda tovush tushishi hodisasi kuzatilgan “amolekin” so‘zi bor. Nutqda so‘zlarning ixchamlashishi-qisqartma formaga aylanishi fikrni ta’kidlash uchun, ushbu ta’kidni kuchaytirish uchun ham qo‘llaniladi.(2) Bu misolda ham shunday ta’kid ma’nosi mavjud, kuchaytirilgan zidlik ma’nosi. Sababi ammo va lekin so‘zlari zidlikni bildiradi, ikkisi ixchamlashib kelganda esa kuchaytirilgan zidlik munosabati ifodalanadi. Ammo so‘zidan bitta m tovushining tushib qolishi natijasida ammo va lekin so‘zlari ixchamlashib, qo‘shib yozilgan. Bu orqali “o‘zlari bilan borishini xohlamaslik” kabi pragmatik ma’no yuzaga chiqqan.

2. Anoforadan foydalanish orqali ham ma’lum bir pragmatik ma’no

ifodalangan:

— Ammo ayni chog‘da... go‘yo quvvati qurib qo‘nalg‘asiga qo‘nayotgan quyosh Matlubaning sarg‘ish-qizg‘ish libosidan qayta cho‘g‘lanayotgandek, cho‘g‘lar bir parcha alangaga aylanib uning yuragiga harorat, halovat indirayotgandek tuyuldi.

Bu misolda “Quvvati qurib qo‘nalg‘asiga qo‘nayotgan quyosh” birikmasi orqali yozuvchi kun botishiga ishora qilmoqda. Kun botishini shunchaki aytmasdan, balki uni obrazlantirib, o‘quvchiga yetkazib bermoqda. “Cho‘g‘lanayotgandek”, “cho‘g‘lar” asosdosh so‘zlari orqali esa yozuvchi quyoshning holatini tasvirlab ko‘rsatgan. Bu yerda peyzaj tasviridan ham unumli foydalanilgan.

3. Shevaga oid leksemalardan foydalanish:

— Ikki barobar haq to‘layman! — deb guvrandi.

Yoki

— “Iya, Matluba-ku?! Bu yerda nima qilib yuribdi? Yo biror mol-pol jitirib qo‘ydimikan?” aylanardi.

Ushbu misollarda “guvrandi”, “jitirib qo‘ydimikan”, “badar ketgan” kabi leksemalar orqali yozuvchi tag ma’noni ham ko‘rsatib o‘tgan: qahramonning qayerda yashashi, qayerdan ekanligini o‘quvchilarga shu so‘zlar orqali anglatgan. Shevaga oid leksemalarni qo‘llash orqali adib voqealar bizdan olisda emas, balki yonimizda sodir bo‘lyotganligini ham ko‘rsatib bergan.

4. Tovush almashishi:

— Kamida uch-to‘rt million do‘llur turadi u! Anovi ayol kattakonlari bilan maslahatlashib, bo‘pti, sotamiz, deb qolganida nima qilardingiz, a, nima qilardingiz? Hazillashdim dermidingiz. Bu yerda unaqa hazillar ketmaydi, aka. Yo so‘zingizda turasiz yo... maynavozchilik qilganingiz uchun mo‘maygina jarima to‘laysiz, jarimasi ham yuz ming, ikki yuz ming do‘llurdan kam emas...”

Bu yerda dollar so‘zini “do‘llur” deb talaffuz qilish orqali sayohat rahbarining yevropacha hayotga yaqinligi, o‘zini boshqalardan ajratib ko‘rsatishga harakat qilayotganligi namoyon bo‘ladi.

Pressupozitsiya — adresant va adresat pressupozitsiyasi masalasi nutqiy aktlarda baholashning amalga oshishida muhim ahamiyat kasb etadi. Baholash diskursida adresatning funksional imkoniyatlari bir muncha cheklangan. U faqat axborotni qabul qilib oladi va uni o‘z o‘lchovlari asosida qayta ishlaydi. Konkret vaziyat, madaniy muhitda aloqa bog‘lash qoidalari hamda me’yorlari kabilar haqida yetarli axborotning mavjudligi harakat amalga oshishining sharti hisoblanadi. Bu ma’lumotlar pressupozitsiyani tashkil qiladi. “Nutqiy kommunikatsiyaning to‘g‘ri va real amalga oshishi uchun kommunikantlar nutq momentiga qadar muayyan faktlar bilan tanish bo‘lishi, umumiy vaziyat bilan bog‘liq muayyan bilim-xabardorlikka ega bo‘lishlari lozim. Ana shu faktlar, bilim tilshunoslikda pressupozitsiya nomi bilan umumlashtiriladi”.(5)

Tomoshatalablar to‘pida toyranglab turgan kengsoylik To‘lqin fermer achingannamo bosh chayqab, ustma-ust uff tortib, eh, attang deb yubordi. Xodimaning titroq to‘la tovushidanmi yo o‘n ikki kundan beri olislarda yurib, yurtni qo‘msaganidanmi, ishqilib, ne-ne sevgi sahnalari, ishq mojarolari aks etgan hind kinolarini ko‘raverib diydasi qotib ketgan bo‘lishiga qaramay, mahzun muhabbat haqidagi hikoyadan u xiyla ta’sirlangan edi.

Ushbu parchada “ustma-ust uff tortib, eh, attang deb yubordi” jumlasi orqali pressupozitsiya aks etgan. Ya’ni To‘lqin fermerning eshitgan rivoyatiga ta’siri natijasi aks ettirilgan. Duygu begimning o‘z yoriga sadoqati ramzi sanalgan tumorni asrab yurishi, uch kun urinib uni malikaning barmoqlaridan ajratib olishi, malikaning boshqalarga turmushga chiqmasdan saroyni tark etib ketganligi fermerni juda ham ta’sirlantirgan edi. Mungli muhabbatga o‘z munosabatini bildirishi bilan birga, o‘z yuragidagi muhabbatni anglab yetishga, uni qanchalik sofligini bilishga chorlayotganligi aks etadi.

— Mast-past emasmisiz, aka, — deb g‘azabini sochdi rahbar. — Nima qilganingiz bu? Butun dunyoga sharmanda qildingiz-ku!

To‘lqin shirakayf odamday suzildi.

— Xotinimga sovg‘a qilmoqchi edim.

“Butun dunyoga sharmanda qildingiz-ku” jumlasi orqali pressupozitsiya ifodalangan, ya’ni bu yerda “Hech kim muzeydan narsa sotib olmaydi, bu muzeyning xususiy mulki, tarixiy narsalar inson manfaati uchun xizmat qildirilmaydi, hali biror bir yurt sayohatchilari orasida muzeydagi narsani sotib olmoqchi bo‘lgan inson chiqmagan edi, o‘zbeklardan shunday inson chiqdi” singari tag ma’nolar mavjud. To‘lqinning “shirakayf” odamday suzlishidan esa ishq sharobidan mast bo‘lib qolganligi, o‘zining gaplarini anglay olmayotganligi, gunohkor insonning xatosini anglab yetgani, undan o‘zi ham xijolat chekayotganligini anglab olishimiz mumkin.

— Aeroport hamishagidek gavjum. Baland bino biqinidagi panjara ortida kutuvchilar, xira kirakashlar g‘ira-shira ko‘zga tashlanadi.

Bu misolda kirakashlarga nisbatan xira so‘zining ishlatilishi pressupozitsiyani yuzaga chiqargan. Bu orqali kirakashlarning yo‘lovchilarni holi joniga qo‘ymasdan mashinalariga jalb qilishlari nazarda tutilgan.

Kimdir uyqusiragan tovushda ming‘irladi:

— Bola-chaqaga arzigulik sovg‘a-salom ham ololmadik. Yuringlar, hozir to‘ppa-to‘g‘ri “Otchopar” bozoriga borib u-bu narsa sotib olamiz.

— Yaxshi taklif bo‘ldiku-ya,-dedi kimdir qitmirlarcha tomoq qirib,-

O‘ng-u so‘lda piq-piq kulgu saslari eshitildi.

Bu misolda “qitmirlarcha tomoq qirib” iborasi orqali pressupozitsiya amalga oshirilgan. Bunda sayohatdagi To‘lqin fermerga aloqador voqeaning eslanishi, tumor voqeasiga ishora qilinmoqda. Qitmir inson tegganga tegib, tegmagan insonga tosh otganidek, yuqoridagi jumlada fermerga ham teginib o‘tib ketilgan. Fermerning sayohat davomidagi “savdo” ishlaridan xabardor bo‘lganlar shu voqeani yana bir bor esga olmoqda. Bu orqali esa fermerning o‘ylamay ish qilishiga, har narsaga qiziqsinib qarashi va shu orqali izza bo‘lishiga e’tibor qaratilmoqda.

— Qish qahridan endigina qutulgan qir-adirlar quyoshning iliq taftiga yalang‘och yag‘rinlarini toblab yotardi. Nam tuproq isi, ko‘klab qolgan maysalar ifori dimoqlarga xush uriladi.

Qir-adirlarning quyoshning iliq taftiga yalang‘och yag‘irlarini toblab yotishida ham, nam tuproq isi, ko‘klab qolgan maysalar iforida ham pressupozitsiya mavjud. Qiradirlar insonga o‘xshatilyapti. Yalang‘och yag‘rinlarini toblab yotishida esa hali bu yerlarda o‘t-o‘lanlar unib chiqmaganligiga ishora ham mavjud. Nam tuproq isi, ko‘klab qolgan maysalar iforidan bahor yaqinlashib qolganligini bilib olsak ham bo‘ladi.

Nogoh shundoqqina qarshisida, qirning qiyasida, qaylargadir intiq-intizor tikilib jonsarak turgan ayolga ko‘zi tushdi-yu taqqa to‘xtadi. To‘xtadi-yu o‘z xotinini tanib xayollari alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib ketdi. “Iya, Matluba-ku?! Bu yerda nima qilib yuribdi? Yo biror mol-pol jitirib qo‘ydimikan?” aylanardi. Ammo ayni chog‘da...

Bu jumlalarda xotini Matlubaga nisbatan To‘lqinning ko‘nglida ajib bir his paydo bo‘lganligini bilib olishimiz mumkin. Chunki avvallari Matlubani shu holatda ko‘rganda, mol-hollarni yo‘qotib qo‘yganligiga ko‘zi tushganda, barmoqlari mushtga aylangan bo‘lsa, bu safar unday bo‘lmaydi. Bu safar Matluba uning ko‘ziga boshqa inson bo‘lib ko‘rinadi. Inson zoti shunday: o‘z sevganiga xayolan ham musht ko‘tarolmaydi.

Balki boshqa payt bo‘lganida xotinining befarosatligidan fig‘oni falakka chiqib, tishlari g‘azabdan qayralib, ortidan toshlar otib qolardi. Ammo ayni chog‘da... pastga pildirabgina Matluba emas, necha kunki ko‘z o‘ngida jilolanib, jilvalanib turgan xilqat sarg‘ish-qizg‘ish etaklarini silkitib go‘yoki nozu istig‘no bilan ortidan chorlab uyi tomon enib ketganday tuyuldi. Yuz-ko‘ziga tabassum qalqdi. Yuragi zavq-shavqdan hapriqdi. Xuddi shu zavq-shavq mavjida hovlisiga qanday kirib borganini sezmay qoldi.

Avvallari Matlubaning har bir xatti-harakatidan kamchilik topib yurgan To‘lqin bu safar unga hech narsa demaydi. Xotining o‘rnida o‘zi necha kundan buyon izlagan insonini ko‘rayotgan edi. Matluba uning ko‘ziga vafodorlik timsolini o‘zida mujassamlashtirgan Duygu begim kabi jozibali va go‘zal bo‘lib ko‘rindi.

— Anovi nima?-To‘lqin botinmaygina servant tokchasiga ishora qildi.

— Ha, umi,-dedi Matluba o‘sha tomon ajabsinib ko‘z tashlarkan, tumorku.

— Tumor?! Qanaqa tumor?

Matluba ohista pichirladi.

— Rahmatli qaynonam bergandi... momolardan qolgan meros ekan.

— Nega u bu yerda yotibdi? Tumor taqib yurilmaydimi?

— Taqib yurardim,-deb pichirladi Matluba,-o‘zingiz... buningdan ter isi kelarkan, yechib tashla, degandingiz-ku, shuning uchun ... shu yerda yotibdi.

— Yo‘g‘-e...

To‘lqin servant oynasini ochib tumorni qo‘liga oldi. Biroz ikkilanib turgach, uni sekin hidlab ko‘rdi.

— Chin,-dedi burnini jiyirib, buningdan ter isi kelarkan. Mayli, hozircha shu yerda tura tursin.

Bu yerda To‘lqin tumorni hidlab, undan ter isi kelishini bilib ham, servantda turishiga rozi bo‘ldi. Bu yerda vaziyat omilini ko‘rishimiz mumkin. Ushbu vaziyatda servantdagi bu tumor Duygu begim butun umr asrab-avaylagan tumorga o‘xshab ketgan edi. Bundan tashqari, tumorning “momolardan qolgan meros”ligi, onasining yodgorligi ekanligi ham To‘lqinning jim bo‘lishiga sababchi bo‘lgan edi. Ushbu tumorni tashlab yubormagan Matluba esa ko‘ziga o‘zi bir necha kundan buyon izlab yurgan malikadek namoyon bo‘ldi. Matlubaning bunday holda ko‘z o‘ngida namoyon bo‘lishiga yana bir sabab Onasining omonatini asrab-avaylaganligi, uni keraksiz bir matoh deb tashlab yubormaganligi, Matlubaning erining gapiga kirib, uni olib qo‘yganligidir.

Luqmon Bo‘rixonning hikoyalarida shaxs xarakteri va insonning ma’naviy dunyoqarashi umuminsoniy qadriyatlar, milliy qadriyatlar bilan uzviy birgalikda, mustahkam bog‘lanishda ochiladi.

Ushbu maqolada Luqmon Bo‘rixonning hikoyalarida shaxs xarakteri va insonning ma’naviy dunyoqarashi umuminsoniy qadriyatlar, milliy qadriyatlar bilan uzviy birgalikda, mustahkam bog‘lanishda ochiladi.

Foydalanilgan adabiyotlar

1. Luqmon Bo‘rixon. “Yalangoyoq” hikoyalar to‘plami. –Toshkent,1991.

2. Hamroyev M. Ona tilidan o‘qitish. –Toshkent, 2006.

3. “Oila davrasida” gazetasi.- Toshkent, 2014-yil 18-mart soni.

4. Bayram Ali. Qalbning o‘z mantig‘i bor yoxud haqiqiy asar kristalsimon bo‘ladi.

–Toshkent,2018.

5. Mahmudov N. Pressupozitsiya va gap. O‘zbek tili va adabiyoti. –Toshkent,

1986,6-son,29-bet.

Metin PDF'den otomatik olarak çıkarılmıştır ve hatalar içerebilir.