LINGVOMADANIY YONDASHUV.
N. S. Qarayeva
Samarqand Davlat Chet tillar Instituti Magistratura bo’limi 2-kurs talabasi
Annotatsiya: Ushbu maqolada madaniyatlararo muloqotda diskurs tahliliga lingvomadaniy jihatdan yondashish shakllari, ularning til birliklaridagi shakllari, qo’llaniluvchi metodlari va ma’no mazmuni ochib berilgan. Yuqoridagilarga qo’shimcha ravishda bu sohaning rivojiga hissa qo’shgan olimlar fikri ham tahlil qilindi. Hozirgi zamonda eng dolzarb masalalardan biri bo’lib kelayotgan lingvomadaniyatshunoslik faning asoslari til va madaniyatning o’zaro bog’liqlik muammosi o’rganildi.
Kalit so’zlar: lingvomadaniyat, lingvomadaniy tahlil, diskurs, lingvistika, madaniyat, kommunikativ lingvistika, pragmatika, sotsiolingvistika.
Abstract: In this article, the forms of linguistic and cultural approach to discourse analysis in intercultural communication, their forms in language units, applied methods and meaning are revealed. In addition to the above, the opinions of scientists who contributed to the development of this field were also analyzed. The fundamentals of the linguistic and cultural science, which has become one of the most urgent issues in modern times, have studied the problem of interdependence of language and culture.
Key words: linguoculturology, linguoculturological analysis, discourse, linguistics, culture, communicative linguistics, pragmatics, sociolinguistics.
Til va madaniyat har qanday millatning millat ekanligini tasdiqlovchi asosiy vositadir. Bu ikki tushuncha ajralmas va muntazam bir-birini taqozo etadi. Til o`zining har jabhasida madaniyatni aks ettiradi, madaniyat ham shu o`rinda tilsiz mukammal namoyon bo`la olmaydi. Har bir millat o‘zida ma’lum bir milliy an’analarni aks ettiradi. Ya’ni har bir xalqning, millatning o‘z milliy an’analari, urf-odatlari mavjud. Bu ma’noda har bir inson ana shu milliylikni o‘zida aks ettiruvchi muayyan madaniyat, til, tarix, adabiyotga aloqador bo‘ladi. Ma’lumki, til ijtimoiy hodisa bo‘lish bilan birgalikda madaniyat bilan ham uzviy bog‘liqdir.
Bir necha yuz yillar avval tilshunoslar e‘tibori qaratilgan til va madaniyatning murakkab, ko‘p qirrali va ko‘p aspektli o‘zaro munosabati mavzusi hozirgi zamon lingvistlarining tadqiqotlarida ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan. Hozirda E.Sepirning “til madaniyatga nisbatan yo‘l ko‘rsatkich”, “lug‘at kishilar madaniyatining eng sezgir indeksi”, “lingvistika ijtimoiy fanlar metodologiyasi uchun strategik ahamiyat kasb etadi” degan chuqur ma‘noli fikrlari nazariy-metodologik ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. Hozirgacha madaniyat tushunchasiga 500 dan ziyod [1:44], til tushunchasiga ham undan ham ko‘p ta‘riflar mavjud [2:269]. Amerikalik antropologlar A.Kreber va K.Klaxon 300 dan ziyod madaniyatga berilgan ta‘riflar tahlilidan 6 tip tasniflar (tavsifiy, normativ, tarixiy, psixologik, struktur va genetik nuqtai nazarlardan)ni farqladi [3:282-283]. Tavsifiy nuqtai nazardan “madaniyat yoki sivilizatsiya keng etnografik ma‘noda jamiyat a‘zosi sifatida inson tomonidan o‘zlashtirilgan bilim, e‘tiqod, sa‘nat, axloq, qonun, taomil va boshqa qobiliyat va odatlardan tashkil topadi” (E.Taylor). Ya‘ni, madaniyat lingvomadaniy jamoaning turli ko‘rinishdagi faoliyatlarining majmuidir. Tarixiy jihatdan madaniyat “bizning hayotimiz mazmunini tashkil etuvchi, ijtimoiy me’ros qilib olingan faoliyat va e‘tiqodlarning kompleks majmui” (E.Sepir). Ma‘lum bo‘ladiki, madaniyatga berilgan ushbu ta‘rif markazida ham lingvomadaniyatshunoslarni o‘ziga jalb qiluvchi faoliyat tushunchasi yotadi, an’ana va ijtimoiy me’rosning ahamiyatiga urg‘u beriladi. Madaniyatning normativ aspekti kishilar jamoasining yo hayot tarzi, yoxud ideallar va qadriyatlarini qamrab oladi. Ya‘ni, “jamoa yoki qabila rioya qiladigan hayot tarzi madaniyat hisoblanadi qabila madaniyati qabila rioya qiladigan qoliplashgan e‘tiqod va tajribalar majmuidir” (K.Uisler). Boshqa tomondan “madaniyat yovvoyi yoki madaniyatli insonlar haqidagi so‘zga bog‘liq bo‘lmagan holda har qanday insonlar guruhining moddiy va ijtimoiy boyliklari (institutlar, urf-odatlar, taomillar, xulq-atvor reaksiyalari)” (U.Tomas). Psixologik talqinga ko‘ra, “madaniyat – guruh, jamoa yoki jamiyat uchun umumiy odatga aylangan xulq-atvor shakli”.
Madaniyatga umumlashtiruvchi ta‘riflardan biri ushbu tushunchani “jamiyatning a‘zosi sifatida inson tomonidan o‘zlashtiriladigan bilim, e‘tiqod, san’at, ma‘naviy aqidalar, qonunlar, an‘analar va boshqa turli qobiliyatlar va odatlarlarni biriktirgan majmuaviy yaxlitlik” sifatida talqin etadi (Britanica v. 16:874). Biz o‘z o‘y-fikrlarimiz va hislarimizni ifodalashda tildan vosita sifatida foydalanamiz. Shu o‘rinda go‘yoki fikr va hislar tildan mustaqildek ko‘rinadi. Biroq til fikrlar shakllanishi, saqlanishida bosh rolni bajaradi. Biz til imkoniyatlari va lisoniy kompetensiyamizga tobe holda aniqroq yoki abstrakt shaklda zohiriy va botiniy olamlarni ifodalay olamiz. Masalan, biron bir predmetni makonda joylashuvining lisoniy ifodasi ingliz tilida o‘zbek tiliga qaraganda aniqroq shaklda ifodalanadi: “Her foot swung to and fro. She stared down at it” (Christie, Evil under the Sun) matni o‘zbek tilida: “U oyog’ini u yoqdan bu yoqqa likillatdi va unga qaradi”. Ingliz tilidagi gapda obyekt subyektga nisbatan quyida joylashganligi ‘stared down’ jumlasidan anglashilib turibdi. Yana bir misol: “The sun blazed down upon the placid sea” (Maurier, Frenchman’s Creek) matni o‘zbek tilida: “Quyosh sokin dengizga nur sochdi”. Ko’rinadiki, ingliz tilida obyekt va subyektning makonda joylashuvi predloglar vositasida tilda aniqroq aks etadi. Tillar o‘rtasidagi chuqur semantik farqlar mavjudligi V. Humbold tomonidan ham ta‘kidlangan: “har bir til o'ziga xos dunyoqarashni o'z ichiga oladi. Individual ovoz obyekt va shaxs o'rtasida vositachilik qilgani kabi, butun til ham insonlar va ularga ta'sir etuvchi ichki va tashqi olam o'rtasida vositachilik qiladi. Har bir til o'z sohiblari atrofida aylana chizadi [4:60]. Bunda inson o‘z ona tili lug‘at boyligi va lisoniy kompetensiyasining darajasiga bog’liq ravishda olamni idrok qiladi va tilda ifodalashi anglashiladi.
O‘tgan asrning 30-40 yillaridagi mashhur Sepir-Uorf gipotezasi – lingvistik nisbiylikga ko‘ra, turli tilda gaplashuvchi kishilar guruhi olamni turlicha idrok qiladi, ya’ni til tuzilishi voqelikni bilish usuli va tafakkurni belgilaydi, voqelik muayyan jamoa til me‘yorlarida nufuzli darajada g‘ayrishuuriy shakllanadi, ya’ni til –olamni etnosga xos idrok etish shaklining ajralmas komponentidir [5:192]. B.Uorf til va madaniyat munosabati xususida shunday yozadi: «til va madaniyat bir-birini taqazo qilsa va parallel rivojlansa-da, til tabiati uning (madaniyatning – muallif izohi) erki va o‘zgaruvchanligini chegaralovchi omil hisoblanadi va uni qat’iy belgilangan yo‘l bo‘ylab taraqqiy etishga yo‘naltiradi» [9:139]. Til va madaniyatning o‘zaro munosabati haqidagi uchinchi yondashuvga mansub mulohazalar K.Levi-Stross, N.I.Jinkin, N.I.Tolstoy va boshqa olimlarning ilmiy ishlarida aks etadi. Ularga ko‘ra, til – biz ajdodlarimizdan meros qilib olgan madaniyatning tarkibiy qismi, til – biz uning yordamida madaniyatni o‘zlashtirishimizdagi asosiy vosita va nihoyat til – ruhimiz voqeligi [5:38]. «Til bir vaqtning o‘zida ham madaniyatning mahsuli, ham eng muhim tarkibiy qismi va madaniyatning mavjudlik sharti. Til –madaniyat mavjudligining o‘ziga xos tarzi, madaniy kodlar shakllanishining omili» deb ta‘kidlaydi K.Levi-Stross. Bobokolonimiz A.Navoiy «tilni xanjarga, so‘zni unga qadalgan injularga qiyos qilganlar. Yana bir joyda tilni ochilgan lolaga, so‘z durlarini esa unga qo‘ngan shabnamga o‘xshatganlar» (T.Malik, O‘rganish va izlanish). Bundan til birlamchiligi, madaniyatning ifoda vositasi ekanligi anglashiladi. Shunday qilib, til va madaniyatning o’zaro munosabatlari til birliklari semantikasi, strukturasida realiyani implitsit anglatishdan 11 eksplitsit ko‘rinishgacha bo‘lgan turli shakllarda namoyon bo‘ladi. Yuqoridagilardan xulosa qilsak, til madaniyatning shakli ham, elementi ham emas, til madaniyatning o‘zagidir va til madaniyatni o‘zida aks ettirish shaklidir.
Zamonaviy lingvokulturologiya hali to’liq metodologik bazaga ega emas. Odatda, rus lingvokulturologlari lingvokulturologiya metodologiyasini tilshunoslik metodologiyasi bilan bog’lashadi. Lingvokulturologiyaning metodlari til va madaniyatning o'zaro aloqasini tahlil qilishda foydalanadigan tahliliy amallar va tadbirlar yig'indisi sifatida ko'rsatiladi. Lingvokulturologiya fanning integrativ, ya’ni kulturologiya, tilshunoslik, etnolingvistika va madaniy antropologiya tadqiqotlari natijalarini o'zida mujassamlashtirgan sohasi bo'lgani uchun ham unda "til va madaniyat" markazi atrofida to'plangan qator bilish metodlari va yo'nalishlari qo’llaniladi. Lingvokulturologik tahlil jarayonlarida kulturologiya va tilshunoslik metodlaridan tanlab foydalaniladi. V.A. Maslovaning yozishicha, "Har qanday ilmiy tadqiqotning aniq metodi o'zining qo'llanish chegarasiga ega. Biroq o'zaro aloqada bo'lgan til va madaniyat shunchalik ko'p qirraliki, ularning tabiati, funksiyalari va genezisini bir metod vositasida bilish mumkin emas. Shuning uchun ham bu sohada bir-birini to'ldiruvchi qator metodlarning qo'llanilishi g'oyat tabiiydir. Lingvokulturologik tadqiqotlarda lingvistik, kulturologik, sotsiologik (kontent-tah1il, freym tah1il metodika), etnografik (tasvirlash, tasniflash va h.k.) metodlardan istifoda etilganligini ko'rish mumkin. Aksariyat lingvokulturologik tadqiqotlarda mazkur metodlar turli tamoyillar va tahlillar bilan bir-birini o'zaro to'ldirib. lingvokulturologiyaga murakkab obyekt bo'lgan til va madaniyatning o'zaro munosabatini tadqiq etish imkonini berganligi ta'kidlanadi.
Lingvomadaniy obyektlarni oʻrganishda lingvistik va madaniyatshunoslogik metod va usullari sintezi lingvomadaniy tadqiqotlar muvaffaqiyatini ta‘minladi, keyinchalik ular negizida lingvomadaniyatshunoslikning oʻz metod va usullari shakllandi. Diaxronik metod turli davrlarga xos lingvomadaniy birliklar dinamikasining qiyosiy tahliliga asoslanadi. Sinxronik metod muayyan davrdagi mavjud lingvomadaniy birliklar tavsifiy nuqtai nazardan statik ravishda oʻrganiladi. Struktur–funksional metod madaniyat obyektlarini guruhlashtiradi va ular oʻrtasidagi aloqalarni ochib berish bilan shugʻullanadi. Tarixiy-genealogik metod lingvomadaniy faktni uning kelib chiqishi, shakllanishi va takomillashuvi hamda barcha kelajakdagi holati masalalarini oʻrganishga qaratiladi. Tipologik metod tarixiy-madaniy jarayonda turli lingvomadaniy birliklarni tipologik yaqinligini ochib berish uchun moʻljallangan. Tarixiy-qiyosiy metod oʻziga xos lingvomadaniy birliklarni zamon va makon kategoriyasida qiyoslash va mohiyatiga kirib borish bilan shugʻullanadi. Kommunikativ-pragmatik metodda jonli kommunikativ jarayonlarni muayyan madaniy davrda amaldagi etnik mentalitet bilan sinxron aloqalarini oʻrganishga imkon beradi, pragmalingvistika diskursning etnomadaniy aspektlarini “yoritishga” imkon beradi. Kognitiv-diskursiv metod lisoniy ongga, bilimning mental reprezentasiyasi orqali lisoniy madaniyatshunoslikning asosiy predmetlaridan biri OLMning qimmatli bilish makoniga chiqiladi. Etnolingvistik metod til shakllarining tuzilishisi va funksiyalari, milliy madaniyat tiplari izomorfizimini aniqlashga imkon beradi. Psixolingvistika metodlari universal va etnomadaniy psixik mexanizmlar paydo boʻlishi, nutq idroki va etnomadaniy olam manzarasini kodlash va dekodlashni ochib beradi. Sotsiolingvistika metod va usullari til shaxsining vujudga kelishi va rivojiga ta‘sir etuvchi ijtimoiy omillar hamda til semantik makonida milliy-madaniy komponentning shakllanishini anglab yetishni ta‘minlaydi.
Lisoniymadaniyatshunoslik fanining asta-sekin shakllanib, taraqqiy etib borishi barobarida oʻz tushunchalar apparati va tahlil metodlariga ega boʻlib bormoqda. Masalan, lingvokulterema, madaniyat tili, madaniy matn, madaniy kontekst, submadaniyat, lingvomadaniy paradigma, madaniyatning presedent nomlari, madaniyatning kalit nomlari, madaniy universaliya, madaniy kompetensiya, madaniy meros, madaniy an’ana, madaniy jarayon, madaniy tamoil, madaniy sem, madaniy fon, madaniy konsept, madaniy konsept, madaniy konnotasiya va hak. ushbu fanning kategorial apparatini tashkil etadi. V.A.Maslova matnlarni germenevtik (matnni talqinlash va tushunish) nuqtai nazar va psixosotsiomadaniy eksperimentlar, J.Lakoff taklif etgan metaforalar tahlili bilan birgalikda tahlil qilish metodikasini ishlab chiqdi [6:38]. V.N.Teliya frazeologizmlar madaniy oʻziga xosligini konseptual-ideografik tahlili deb nomlanuvchi ma‘noning makrokomponent modelini taklif etdi. Yetti oʻlchamli bu model oʻziga axborotning quyidagi bloklarini biriktiradi: pressuppozisiya, denotasiya, ratsional baho, belgining motivatsion asosi, emotsional va emotiv baho hamda belgining qoʻllanish vaziyatiga munosabatlar. Har bir blok mutanosib mental strukturalar ishlash jarayonlarini koʻrsatuvchi kognitiv operator bilan amalga oshadi [8:253-269]. Bu tahlilda onomasiologik yondashuv, ya‘ni mental til birliklarining nomlanishidagi etnospesifik fiksatsiya qonuniyatlari oʻrganiladi va semasiologik yondashuv, ya‘ni muayyan madaniy konseptlarning mazmun-mohiyatini va ularning farqli belgilarini tizimli tavsiflanishi birgalikda olib boriladi. Bunday yondashuv til, tafakkur va madaniyatning oʻzaro doimiy aloqadorligini belgilashda muhim ahamiyatga ega.
Xulosa qilib aytganda, lingvokulturologiya tilshunoslikning faol rivojlanayotgan yangi sohasidir. R.M.Frumkinaning so‘zlariga ko‘ra lingvokulturologiyaning tarqalishi til fanida madaniyatga o'rin yo'qligi aniqlangan davrda boshlangan. Har bir madaniyatda uning o'ziga xosligi belgisi bo'lgan bir qator tushunchalar mavjud [10:28- 43]. Masalan, Britaniya madaniyatidagi asosiy belgilar qonun, maxfiylik va boshqalardir. Bundan tashqari, har bir til ona tilida so‘zlashuvchilarning ongida muhrlanib qolgan va ularning dunyoqarashini shakllantiradigan o‘ziga xos tizimdir. Shuning uchun lingvokulturologiya lingvistik tadqiqotlar uchun istiqbolli soha hisoblanadi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati:
1. Алефиренко Н. Ф. Лингвокультурология как научная и учебная дисциплина // Алефиренко Н. Ф. Лингвокультурология. Ценностно-смысловое пространство языка. - М., 2010. - С. 44.
2. Алефиренко Н.Ф., Семененко Н.Н. “Фразеология и паремиология”, М.: Флинта: Наука, 2009. – C. 269
3. Розин В.М. Культурология. - М.: ИНФРА-М, ФОРУМ, 2002. – 282- 283 с
4. Гумбольдт 1985: Гумбольдт В. фон. Язык и философия культуры. М., 1985. – 60c.
5. Сепир Э.Труды по языкознанию и культурологии. – М.: Прогресс,1993.- 60c.
6. Маслова В.А. Введение в лингвокультурологию. Учебное пособие. — Москва : Наследие, 1997. – 38c
7. Маслова В.А. Лингвокультурология: Учеб. пособие для студ.высш. учеб. заведений – М.: Академия, 2001. – 208 с
8. Телия В. Н. Русская фразеология: Семантический, прагматический и лингвокультурологический аспекты. – М.:Языки русской культуры, 1996. – 288 с
9. Whorf, Benjamin. 1956. Language, Thought and Reality. Cambridge UP: MIT Press. Edited by J. Carroll.
10. Фрумкина P.M. Концепт, категория, прототип / Р.М. Фрумкина // Лингвистическая и экстралингвистическая семантика. – М., 1992. – С. 28-43.
Metin PDF'den otomatik olarak çıkarılmıştır ve hatalar içerebilir.