KOMPYUTER TOMOGRAFIYA METODIKASINING AHAMIYATI
N. Sh.Xoshimova
Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filiali, RSHTYoIM Surxondaryo filiali Muammoning dolzarbligi. Ogʻiz boʻshligʻi va til toʻqimalarining xavfli hosilalari barcha xavfli o‘smalar sonining nisbatan kichik qismini tashkil qilsa ham (turli manbalarga koʻra — 2% dan 5% gacha), klinik jihatdan ahamiyatli boʻlgan oʻsmalar guruhiga kiradi. Ushbu joylashuvdagi oʻsmalar nisbatan kam uchrasa-da, ularning kechishi agressiv boʻlib, qaytalanish tezligi yuqori va mahalliy limfa tugunlariga metastaz berishga kuchli moyillik mavjud. Bu esa diagnostika va davolash taktikasi tanlashda alohida e’tibor talab etadi. Ushbu nosologik shakl bilan kasallangan bemorlar, odatda, kasallikning kech bosqichlarida (III-IV bosqich — 62,0%) murojaat qiladilar, shuningdek, oʻlim koʻrsatkichlari yuqori boʻlib, turli nashrlarga koʻra, oʻlim sabablarining 4–6-oʻrinlarini egallaydi. Yana bir muhim muammo — bu oʻsmalarning kichik oʻlchamdagi bosqichlarini erta aniqlashdir. Kichik hajmdagi yomon sifatli oʻsmalarni yalligʻlanish jarayonlari yoki xavfsiz oʻzgarishlardan ajratish juda qiyin. Dastlab ular ogʻriqsiz tugun, qattiqlashgan joy, yuzaki yara yoki yoriq koʻrinishida paydo boʻlib, odatiy davolashga bo‘ysunmaydi. Bu esa ko‘pincha tashxisdagi xatolarga va kechikishga olib keladi.Ilmiy tadqiqotlarga ko‘ra, muntazam stomatologik tekshiruvlar og‘iz bo‘shlig‘i va tildagi yomon sifatli oʻsmalarni erta aniqlashga yordam beradi. Stomatologga har ikki yilda kamida bir marta tashrif buyuradigan bemorlarda omon qolish darajasi 20–30% ga yuqori bo‘ladi. Bu lokalizatsiyadagi oʻsmalarning kichik oʻlchamdagi shakllarini klinik jihatdan aniqlash qiyinligi kasallikni erta bosqichda tashxislash imkoniyatini cheklaydi va tezkor, aniq diagnostika usullarining dolzarbligini yanada oshiradi.
Material va metodlar. Tadqiqot 2019–2022 yillar davomida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy markazi Surxondaryo filiali bazasida olib borildi. Tahlilga ogʻiz boʻshligʻi va ogʻiz-halqum sohalarining yomon sifatli oʻsmalari bilan ogʻrigan jami 121 nafar bemor (erkaklar va ayollar) jalb etildi. Bemorlarning yoshi 19 dan 89 yoshgacha boʻlib, ularning barchasida diagnoz klinik va morfologik jihatdan tasdiqlangan. Tadqiqot davomida bemorlarning anamnezi, klinik koʻrinishlari, laborator va instrumental tekshiruv natijalari chuqur tahlil qilindi. Radiologik tekshiruv usullaridan ko‘krak qafasi va bosh-boʻyin sohasining ko‘p kesimli kompyuter tomografiyasi (MSKT), magnit-rezonans tomografiyasi (MRT) usullari qo‘llanildi. 121 ta bemorning 88 tasini erkaklar, 33 tasini ayollar tashkil qildi. Olingan natijalar asosida tashxisning aniqligi, o‘smalarning lokalizatsiyasi, bosqichi, o‘sish xususiyatlari va limfogen tarqalish darajasi baholandi.
Natijalar va muxokamalar. Ushbu tadqiqot doirasida ogʻiz boʻshligʻi va ogʻizhalqum sohasining yomon sifatli o‘smalari tashxisi qo‘yilgan 121 nafar bemor tahlil qilindi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, «yonoqlarni shishirish» usulidan foydalangan holda o‘tkazilgan MSKT (multispiral kompyuter tomografiyasi) tekshiruvlari patologik o‘zgarishlarni, ayniqsa, shilliq qavat va yumshoq to‘qimalarda aniqroq ko‘rishga imkon berdi. Jumladan, oddiy MSKT tekshiruvlarida 15 mm gacha bo‘lgan o‘smalar aniqlanmagan 23 nafar bemorda (19%) ushbu modifikatsiyalangan metod yordamida kichik o‘smalar aniq vizualizatsiya qilindi va o‘smalarning tarqalish darajasi yanada to‘g‘ri baholandi. Oddiy MSKTda hech qanday anomaliya aniqlanmagan 7 bemorda esa yonoqlarni shishirish usuli bilan kichik o‘smalar aniqlanib, ularda shilliq qavatning yengil qalinlashuvi kuzatildi. Ushbu bemorlarda oʻsmalarning lokalizatsiyasi quyidagicha aniqlangan: 2 ta holatda yonoq shilliq qavatida, 3 ta holatda tilning yon sathida, 2 ta holatda esa retromolyar uchburchakda. Shuningdek, 13 nafar (10,7%) bemorda oddiy MSKTda ogʻiz boʻshligʻida oʻsmalar aniqlangan bo‘lsa-da, ularni ikki shilliq sathdan farqlash imkonsiz edi. Shu bilan birga, «yonoqlarni shishirish» usuli yordamida aynan qaysi sathda patologik jarayon kechayotgani aniq ko‘rsatildi. Ushbu guruhda o‘smalarning lokalizatsiyasi quyidagicha bo‘ldi: 3 ta holatda yuqori gingivobukkal cho‘ntakda (2,5%), 5 ta holatda yonoq gingival yuzasida (4,1%) va 5 ta holatda tilning yon sathida, ogʻiz boʻshligʻi tubini ham qamrab olgan holda (4,1%). Yana 10 nafar (8,2%) bemorda oddiy MSKTda til ildizida o‘smalar aniqlangan bo‘lsa-da, ularning tarqalishi va atrof to‘qimalarga invaziya qilish darajasi aniq ko‘rsatilmagan. «Yonoqlarni shishirish» metodi yordamida esa o‘smalarning lokal joylashuvi, tarqalish darajasi hamda yaqin mushaklar va tuzilmalar invaziyasi aniq tasvirlandi. 3 nafar (2,5%) bemorda til ildizi ostidagi mushaklar (ya’ni, m. geniohyoideus) ishtirokidagi invaziya qayd etildi. 5 nafar (4,1%) bemorda til massasining deyarli yarmi, shuningdek, genioglossus, geniohyoideus, hyoglossus va mylohyoideus mushaklari, ogʻiz boʻshligʻi tubi zararlangan, biroq suyak tuzilmalar ishtirok etmagan. 2 holatda esa suyak zararlanishi va perinevral invaziya aniqlangan. Shuningdek, oddiy MSKT va «yonoqlarni shishirish» metodikasi qoʻllanilgan MSKT natijalari orasida asosiy diagnostik ko‘rsatkichlar – sezuvchanlik (Se), xoslik (Sp) va umumiy aniqlik (Ass) boʻyicha taqqoslov tahlil oʻtkazildi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, modifikatsiyalangan metod diagnostik ko‘rsatkichlarni sezilarli darajada yaxshilaydi, ayniqsa erta bosqichdagi kichik o‘smalarni aniqlashda va ularning aniq lokalizatsiyasini baholashda yuqori sezuvchanlik va aniqlik bilan ajralib turadi.
Xulosalar. O‘tkazilgan tadqiqot natijalari og‘iz bo‘shlig‘i va og‘iz-halqum sohalarining yomon sifatli o‘smalarini erta va aniq tashxislashda «yonoqlarni shishirish» metodikasi qo‘llanilgan MSKT tekshiruvlarining diagnostik qiymati yuqoriligini ko‘rsatdi. Mazkur metod oddiy nativ MSKTga nisbatan kichik o‘lchamdagi o‘smalarni aniqlash, ularning anatomik lokalizatsiyasi va tarqalish darajasini aniqlashtirishda sezilarli ustunlikka ega ekanligi bilan ajralib turdi. «Yonoqlarni shishirish» usuli yordamida aniqlangan holatlarda shilliq qavat yuzasidagi yengil qalinlashuvlardan tortib, mushaklararo va chuqur invaziya holatlarigacha bo‘lgan patologik o‘zgarishlar aniqlanishi, bu metodikaning klinik amaliyotda qo‘llanilishini maqsadga muvofiq ekanligini tasdiqlaydi. Ayniqsa, 15 mm gacha bo‘lgan o‘smalarni aniqlashda, shuningdek, ikki shilliq qatlamni differensial tashxislashda ushbu metodikadan foydalanish tashxisning aniqligi va ishonchliligini oshiradi. Shu asosda, og‘iz bo‘shlig‘i va og‘iz-halqum sohasining yomon sifatli o‘smalarini diagnostika qilishda standart MSKT bilan bir qatorda «yonoqlarni shishirish» metodikasini qo‘llash tavsiya etiladi. Bu yondashuv o‘smalarning erta aniqlanishini ta’minlash, ularning klinik jihatdan to‘liq baholanishiga yordam berish va samarali davolash taktikasi tanlash imkonini yaratadi
Metin PDF'den otomatik olarak çıkarılmıştır ve hatalar içerebilir.