SOHIBQIRON AMIR TEMUR HAYOTINI ASARLARDA YORITILISHI
Murodjon Qurbonov
Termiz davlat pedagogika instituti o‘qituvchisi
Annotatsiya:
Ushbu maqolada Sohibqiron Amir Temurning tug‘ilishi, hayot yo‘li hamda uning shaxsiy fazilatlari haqida ma’lumotlar berilgan. Shuningdek Sohibqironning hukmdorlik faoliyati va tuzuklaridan ayrim qarashlar bayon etilgan . Maqola o‘sha davr nuqtai nazari, hamda hozirgi kun bilan solishtirilib yoritilgan. Mustaqillik yillaridan so‘ng Sohibqiron Amir Temurning xotirasi abadiylashtirilganiga alohida ham to‘xtalib o‘tilgan.
Kalit so‘zlar: Amir Temur, Temur tuzuklar, sohibqiron, saltanat, jasorat, Samarqand, kengash, shikor, Zafarnoma, Boyazid Yildirim.
“Buyuk alloma va adiblarimiz, aziz avliyolarimizning bebaho merosi, yengilmas sarkarda va arboblarimizning jasoratini yoshlar ongiga singdirish, ularda milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratishimiz lozim”.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev.
Tarixdan ma’lumki dunyoda juda ko‘p buyuk sarkardalar o‘tgan, ularning orasida buyuk bobomiz Sohibqiron Amir Temurning ham o‘rni beqiyosdir.
Manbalarda yozilishicha Zuxro va Mushtariy yulduzlarining burjlari kamdan kam hollarda bir-biriga o‘zaro yaqinlashar, bu esa yil hisobida har 800 yilda bir martaga to‘g‘ri kelar va bu vaqtda tarixda buyuk bir inson tug‘ilar ekan. Sharafiddin Ali Yazdiyning ”Zafarnoma” asarida yozilishicha shu paytgacha uch inson, xuddi shu kunlarda tug‘ilgan. Bu uch insondan birinchisi: Iskandar Zulqarnayn, ikkinchi Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom uchinchisi esa Amir Temur degan ma’lumotlar bor. Bu ma’lumotlar yana Salohiddin Toshkandiyning “Temurnoma”sida ham keltirilgan. Amir Temurga tug‘ilganda Temur ismining berilishi ustozi Shamsiddin Kulol tomonidan berilgan. Sohibqiron Amir Temurning yoshligiga e’tibor beradigan bo‘lsak u kishi yoshligidan jiddiy, azmu qarorli, baquvvat hamda savodli , kuchli aql- idrok sohibi bo‘lgan. 6 yoshga to‘lganda savod chiqargan, 9 yoshga kirganda besh mahal namozni yod olgan.16-18 yoshida qilichbozlik, nayzabozlik va shikor ( ov) qilish sa’natini mohirona egallaydi. 20 yoshida abjir javondoz bo‘lib yetishadi . Temurning tarbiyasi bilan bevosita onasi Takina Xotun shug‘ullangan. Amir Temurdagi oq ko‘ngillik , kechirimlilik, sadoqat hamda ayollarni ulug‘lash,kabi hislatlar yuksak tarbiyaning bir nishonasi hisoblanadi. Temurning shahsi hamda ko‘rinishi haqida fikr yuritganda uning saroyida 12 yoshidan yillar davomida asir tushgan, hamda Temurni o‘ziga dushman deb bilgan arab tarixchisi Ahmad ibn Muhammad ibn Arabshoh o‘zining “Ajoyib ul- maqdur fi axbori Taymur” asarida: “ Temurni gavdasi kelishgan, uzun bo‘yli odam edi. Peshonasi ochiq, kallasi katta, ovozi jarangdor bo‘lib, kuch jasurlikda qolishmas edi. Oqish yuzini och qizil rang jilolantirib turar edi. Uzun soqol qo‘yib yurardi, o‘ng qo‘li va o‘ng oyog‘i mayib, qarashlari yoqimli, o‘limni pisand qilmasdi, qariyb 80 ga kirib o‘lim asnosida ham aql- zakovati va jasoratini yo‘qotmagan edi. U yolg‘on-yashiqni va g‘iybatni dushmani bo‘lib , xazilni yoqdirmasdi. U haqiqat qanchalik achchiq va og‘ir bo‘lmasin uni eshitishni yaxshi ko‘rardi .Yaxshi va yomon holatlar uning kayfiyatiga hech qanday ta’sir qilmasdi. Jasur va mard kishilarni xurmat qilardi hamda o‘ziga bo‘ysundira olardi” deb yozgan.
Shu o‘rinda birinchi prezidentimiz I.A.Karimov o‘zining “Tarixiy xotirasiz kelajak yoq” asarida: “ Amir Temur bobomizning g‘ayrat- shijoati, yuksak aql zakovati , tadbirkorligi elparvarligi bilan bizga hamisha ibrat namunasi bo‘lib qolg‘usidir. Biz u zotioliydan hamisha ruhiy madad olamiz”- deb so‘z yuritgan.
Tarixchi Bo‘riboy Ahmedovning “Tarixdan saboqlar” kitobida yozilishicha “Temur tuzuklari” Temurning 7 yoshidan qilgan ishlari haqida ma’lumotlar berishini hamda Sohibqiron Amir Temur haqida qimmatli ma’lumotlar uning zamondoshlari tomidan yozilganini yozib o‘tadi. G‘iyosiddin Alining “Ro‘znomayi g‘azanoti Hinduston”( “Hindistonga qilingan g‘azo urishi kundaligi”) ,Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma”, yana shu nomli Sharafiddin Ali Yazdiyning “ Zafarnoma “ asarlari shular jumlasidandir.
Amir Temur mo‘g‘ullarga qarshi mardonavor kurashib Movaraunnahrda yakka hukmronlik o‘rnatgandan so‘ng , poytaxt qilib Samarqandni tanladi. Bu haqida Xerman Vamberri o‘zining “Buxoro yoxud Movaraunnahr tarixi” asarida shunday fikr bildirgan: ”Temur Jayhun (hozirgi Amudaryo) ning bu tomonidagi hokimyatni tiklagandan so‘ng Samarqandni poytaxt qilish uchun daryoning u tomoniga kechdi, Samarqand shahri shu kundan boshlab Temurning vafotigacha uning safar mashaqqatlaridan keyin istirohat qiladigan joyi bo‘lib qoldi”.
Amir Temurning butun hayoti jangu jadallar bilan o‘tgan desak biroz yanglishgan bo‘lamiz, chunki u kishi ilmli, ma’rifatli, hunarli va tashabbuskor kishilarni juda ham hurmat qilgan, ular bilan suhbat qurub, maslahatini olgan. Bundan ko‘zlangan maqsad davlatni kuch qudratini yuksaltirish, tinch totuvligini ta’minlash deb bilgan. Haqiqatdan ham bu to‘gri va puxta o‘ylangan tadbirlardan biri edi. Negaki, hozirgi kun bilan olib qaraydigan bo‘lsak ham, xuddi shunday insonlarni ko‘pligi jamiyat taraqqiyotining muhim poydevori hisoblanadi. Chunki hozir ham tadbirkor, hunarmand, ilmli, hamda izlanuvchan insonlar, qayerda bo‘lmasin doim ardoqlanib kelyapti.
Sohibqiron davlatni ham qilgan janglari singari shunaqangi mohirona boshqarganki, davlatdagi shoh-u gado o‘zining hayotidan doim mamnun bo‘lib, yashagan. Bu haqida Fransuz sharqshunosi Lyusen Keren: -“Amir Temur qanday mahorat bilan jang qilgan bo‘lsa, shunday ustalik bilan tinchlik o‘rnata olardi”- deb o‘z fikrini bildirgan.
Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 26 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda: “Buyuk sohibqiron Amir Temur bobomiz Oqsaroy peshtoqiga “Adolat –davlatning asosi va hukmdorlar shioridir”, degan hikmatli so‘zlarni yozdirgani bejiz emas , albatta.Ushbu ulug‘vor g‘oya inson qadr qimmatini oliy darajaga ko‘tarish borasidagi amaliy harakatlarimiz poydevoriga aylandi“-deb so‘z yuritgan .
Amir Temur saltanatni boshqarish haqida o‘zining “Temur tuzuklarida” ba’tafsil ma’lumot bergan. Unga ko‘ra salanatni ishlarini amalga oshirishda ustozi Abubakr Tayobodiyning to‘rtta maslahatiga amal qilganini,
birinchi:- kengash, ya’ni o‘zi bilan. ikkinchi: - mashvaratu maslahat ( boshqalar bilan kengashish). uchunchi: - hushyorligu mulohazakorlik bilan qat’iy qaror chiqarish. to‘rtinchisi: -ehtiyotkor bo‘lishni yozib o‘tgan.
Sohibqiron ta’biri bilan aytganda: qat’iylik, hushyorlik, ehtiyotkorlik, shijoat va sabr-chidam bilan barcha ishlar amalga oshirgan. Buning natijasida mamlakatda doimo tinch totuv hayot hukm surgan . Shuning uchun ham “Temur tuzuklari” mamlakatni boshqarishda muhim qo‘llanma sifatida nafaqat yurtimizda balki, dunyoning dong‘i ketgan mamlakatlari rahbarlarining ham ish stoli ustida turgani bejizga emas. “Temur tuzuklari” nafaqat davlatni boshqarish, balki, kishi o‘ziga do‘st tanlashda ham nimalarga e’tibor berish haqida batafsil va qimmatli ma’lumotlar yozilgan . Shu tariqa Sohibqiron Amir Temurning barcha hayotiy tajribalarini shu tuzuklarida bayon etgan..
Germaniyalik professor Klaus Pander : ”Yer yuzida ekologik tanglik yuzaga kelgan, millatlar o‘rtasida nizolar kuchayib, ishlab chiqarish samaradorligi mutassil kamayib borayotgan hozirgi sharoitda Amir Temur bo‘lganda edi, barcha muammolar yechim topardi”- deb o‘z fikrini bildirgan.
Negaki buyuk Amir Temur bobomiz o‘zining hayot yo‘lida har bir inson boshidan kechiradigan barcha narsalarni boshidan o‘tqazdi. Umr yo‘lida o‘z yaqinlari hamda farzandlarlaridan judo bo‘lganligi, ishongan hamda yordam qo‘lini cho‘zgan insonlari Amir Husayn hamda To‘xtamishxonlar og‘ir paytda hiyonat qilib ketganliklari va jangu-jadallarda olgan og‘ir jarohatlari uning metindek matonatini sindira olmadi. Bularning barchasini Sohibqiron Amir Temur sabr bardosh bilan yengib , yuksak iroda va matonatli ekanligini yana bir bor isbotlab berdi. Bu esa hozirgi har bir yurt farzandlariga juda katta motivatsiya beradi .
Amir Temur saltanatni boshqarishda ijtimoiy siyosiy guruhlardan ham juda unumli foydalangan . Tuzuklarda yozilishicha ular :
Muhammad allayhissalom avlodlari bo‘lmish , sayyidlar, ulamolar, va shayxlar
tajriba orttirgan bilimdonlar
duogo‘y taqvadorlar
amirlar, sarxanglanglar, sipohsolorlar
sipoh va raiyat
saltanat ishlarini ,uning siru asrorini bilgan kengash qilishga munosib oqil ishonchli kishilar
vazirlar, sarkotib , devon minshiylari
hakimlar,tabiblar,munajjimlar va muhandislar
muhandislar , roviylar
mashoyix,so‘fiy, oriflar
hunar va sa’nat ahli
har mamlakat va diyordan kelgan sayohatchi va musofirlar, savdogarlar ular turli mamlakatdan xabar keltirib turgan shaxslardir.
Ushbu ijtimoiy siyosiy guruh vakillarini barchasidan Sohibqiron Amir Temur davlatni boshqarishda samarali foydalangan.
Davlatimiz rahbari Sh.M.Mirziyoyev o‘z ma’ruzalari “Temir tuzuklarini sinchiklab o‘qish va uning mag‘zini chaqish kerakligini, Amir Temur bobomizning davlat boshqaruvi borasidagi ulkan salohiyati, mahorati, bilim va tajribalarini o‘rganishda ,u barpo etgan qudratli saltanatning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviymafkuraviy asoslarini anglab yetishda aynan “Temur tuzuklari” bebaho qo‘llanma bo‘lib xizmat qilishini” ta’kidlab aytgan.
Sohibqiron Amir Temur vazir hamda lashkar tanlashda ham uning nasl nasabi, aql zakovati, o‘tkir zehni va kuch qudratiga qarab tanlab saralab olgan . Bu uning boshqalarga o‘xshamagan yuksak aqlu salohiyati hamda hayotiy tajriba natijasidir. Saltanatda mufofotga loyiq ish qilganlar, buyuk bobomiz so‘zi bilan aytganda mukofotlangan , jazoga loyiq ish qilganlar esa jazosiz qolishmagan. Bu esa mamlakatda adolat hukm surganining bir misolidir.
Ismoil Sulaymonovning “Ovro‘paning Amir Temurga minnatdorchiligi“ nomli maqolasida “ Amir Temurga Boyazid Yildirim ustidan qozonilgan g‘alabasi hamda yevropani Boyazid xavfidan qutqargani sababli yevropa qirollari minnatdorchiligini bildirib, maktublar yo‘llagan, hamda Germaniya qiroli o‘zining Potsdamdagi yozgi saroyining bir qismida Amir Temurga atab maxsus sharqona uslubda bir xona ya’ni muzey barpo ettirgan, xonaning devoriga fransuz rassomiga buyurib bir rasm chizdirilgan. Bu rasmda Amir Temur taxtda, atrofida arkonu davlati, sakkiz habash yelkasidagi qafasda esa Boyazid asir olinganicha Temurning yoniga keltirilardi. Temurning oyoqlari ostida esa tiz cho‘kib turgan parivash go‘zal xotin, – Boyazidning kenja xotini undan hukmdorini avf etib hayotini saqlab qolishini, Sohibqiron Amir Temur esa unga qiyo ham boqmayotganligini, uning ikki ko‘zi Boyazidda , huddi: “Qaysar gapimni quloqqa olmading, endi holing qalay” deyayotgandek tasvirlanganligini ko‘rish mumkin” deb yozadi. Birinchi prezidentimiz I.A.Karimovning o‘zining “Yuksak ma’naviyat –yengilmas kuch” asarida: ” Sohibqiron Amir Temur, tangsiz azmu shijoat, mardlik va donishmandlik ramzi bo‘lgan. Bu mumtoz siymo buyuk saltanat barpo etib, davlatchilik borasida o‘zidan ham amaliy ham nazariy meros qoldirgan. Ilmu fan, madaniyat, bunyodkorlik, din va ma’naviyat rivojiga keng yo‘l ochgan.
Shahsan men “Temur tuzuklari”ni har gal o‘qir ekanman xuddiki o‘zimga qandaydir ruhiy kuch quvvat topgandek bo‘laman O‘z ish faoliyatimda bu kitobga takror-takror murojaat qilib, undagi hech qanday eskirmaydigan, inson ma’naviyati uchun bugun ham oziq bo‘ladigan hikmatli fikrlarning qanchalik hayotiy ekanligiga ko‘p bor ishonch hosil qilganman” deb o‘z fikrlarini bayon etgan .
Buyuk Temurning bunyodkorlik yo‘lida qilgan ishlari ham taqsinga sazovordir. Samarqand atrofida barpo etilgan bo‘g‘lar bundan yetti asr avval ispan sayyohi R.G. Klavixonni hayratlanishiga sabab bo‘lgan . Klavixon ham o‘zining asarlarida Temurning bunyodkorlik ishlari, ko‘rsatgan jasoratlari hamda Movaraunnahr shaharlari haqida qimmatli ma’lumotlar yozib qoldirgan.
Hozirgi kunda buyuk bobomizga atab nafaqat o‘zimizda balki boshqa davlatlarda ham asar va maqolalar yaratilib, konfrensiyalar o‘tqazilmoqda. Hozirgi kunda u kishi tug‘ilgan qishloqni turizm maskaniga aylantirish ishlari olib borilmoqda. Yurtimizda 1996–yilga “Amir Temur “yili deb nom berildi . Bobomizning 660 –yilligi o‘zimizda hamda Fransiyada keng nishonlanildi. Bobomizga atab yurtimizning uchta shahrida Toshkent, Samarqand hamda Shahrisabzda haykallari o‘rnatildi. Ko‘chalar ,bog‘lar, hiyobonlar va boshqa joylarga bobomizning nomi berildi. 1996-yil 26-aprelda davlat mukofotlaridan biri bo‘lgan “Amir Temur “ ordeni ta’sis etildi .Samarqand, Shahrisabz hamda Termiz shahri ham ushbu orden bilan taqdirlandi. Sohibqiron Amir Temurning qoldirgan moddiy va manaviy merosi hozirgi kun insonlari hamda kelajak avlodga faxriftixor tuyg‘usini shakllantiradi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yhati:
1. 1Sh.Mirziyoyev. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 26 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi maruzasidan.
2. Sh.Mirziyoyev. O‘zbekiston Respublikasining Qurolli kuchlarining tashkil topganini 27 yillik bayram tantanalarida so‘zlagan nutqidan I.A.Karimov. “Tarixiy xotirasiz kelajak yoq”. Toshkent.”Sharq”.1998-yil.
3. I.A.Karimov .“ Yuksak ma’naviyat- yengilmas kuch”.Toshkent. Ma’naviyat 2008-yil.
4. ”Temur tuzuklari”. Toshkent.”Shodlik” nashriyoti. 2019-yil.
5. Ibn Arabshoh. “Ajoyib ul- maqdur fi axbori Taymur” Toshkent.”Mehnat” nashriyoti 1992-yil.
6. .Xerman Vamberi. “Buxoxo yoxud Movaraunnahr tarix”i. “G‘.G‘ulom’ nashriyoti 1990-yil.
7. N.Ahmedov.” Amir Temur afsona va haqiqat”. Toshkent. Qomuslar bosh tahririyati.1996-yil.
8. Turg‘un Fayziyev.”Temuriylar shajarasi”.Toshkent.”Yozuvchi” nashriyoti.1995-yil.
9. 8.Bo‘riboy Ahmedov. “Tarixdan saboqlar”. Toshkent.”O‘qituvchi” nashriyoti 1994-yil.
Metin PDF'den otomatik olarak çıkarılmıştır ve hatalar içerebilir.