TAFAKKUR MAHSULI - TIL VA YOZUV
Fayzullayeva Mavlyuda Xamzayevna
Tarix fanlari doktori (DSc)
Termiz iqtisodiyot va servis universiteti
Annotatsiya. Maqolada moddiy va ma’naviy madaniyatning o‘zaro bog‘liqligi, ayniqsa nutq madaniyatining inson tafakkuri va ijtimoiy hayotdagi o‘rni yoritib berilgan. Nutq inson fikrining asosiy ifodasi sifatida jamiyatda muloqotni ta’minlaydi, madaniyatning muhim tarkibiy qismi ekani haqida fikr-mulohazalar bayon qilingan.
Kalit so‘zlar. madaniyat, nutq, tafakkur, fikr, jamiyat, muloqot, til, qabila, xalq, millat.
МЫШЛЕНИЯ - ЯЗЫК И ПИСЬМЕННОСТЬ
Файзуллаева Мавлюда Хамзаевна
Доктор исторических наук (DSc)
Термезский университет экономики и сервиса
+998915807293 mavlyuda_fayzullayeva@tues.uz
Аннотация. В данной статье анализируется взаимная связь материальной и духовной культуры, а также значение языка и речи в формировании человеческого мышления. Освещается роль языка в развитии общества и функции речи как основного средства выражения мысли, обеспечивающего коммуникацию и социальное взаимодействие людей с древних времён. Кроме того, приводятся рассуждения о языке как факторе культурного объединения на уровнях племени, народа и нации.
Ключевые слова: культура, речь, мышление, мысль, общество, коммуникация, язык, племя, народ, нация.
OF THINKING - LANGUAGE AND WRITING
Fayzullayeva Mavlyuda Khamzaevna
Doctor of Historical Sciences (DSc)
Termez University of Economics and Service
Abstract. This article analyzes the interrelation between material and spiritual culture, as well as the significance of language and speech in the formation of human thinking. It highlights the role of language in the development of society and the function of speech as the main means of expressing thought, ensuring communication and social interaction since ancient times. In addition, the article presents reflections on language as a factor of cultural unity at the levels of tribe, people, and nation.
Keywords: culture, speech, thinking, thought, society, communication, language, tribe, people, nation.
Kirish. Insoniyat taraqqiyoti tarixida til, nutq va tafakkur o‘zaro chambarchas bog‘liq holda shakllanib, jamiyat madaniy rivojining muhim omillaridan biri bo‘lib kelgan. Moddiy va ma’naviy madaniyatning uzviy birligi aynan til va yozuv orqali namoyon bo‘ladi. Inson tafakkurining mahsuli bo‘lgan nutq jamiyatda muloqotni ta’minlab, ijtimoiy munosabatlarning rivojlanishida muhim vosita sifatida xizmat qiladi. Til nafaqat fikrni ifodalash, balki avlodlar o‘rtasida bilim, tajriba va madaniy qadriyatlarni uzatish vazifasini ham bajaradi.
Qadimgi davrlardan boshlab odamlar o‘z fikrlarini turli belgilar, ramzlar, predmetlar va tasvirlar orqali ifodalaganlar. Bu jarayon asta-sekin og‘zaki nutqning, keyinchalik esa yozuvning vujudga kelishiga zamin yaratgan. Yozuv inson tafakkurining rivojlanish darajasini aks ettiruvchi muhim madaniy hodisa bo‘lib, jamiyat taraqqiyotida beqiyos ahamiyat kasb etadi. Mazkur maqolada til, nutq va yozuvning tafakkur bilan bog‘liqligi, ularning tarixiy shakllanish jarayoni hamda jamiyat hayotidagi o‘rni etnologik va madaniy nuqtai nazardan tahlil qilinadi.
Mavzuga oid adabiyotlar tahlili. Til, nutq va tafakkur masalalari qadimdan falsafa, tilshunoslik, etnologiya va madaniyatshunoslik fanlarining muhim tadqiqot obyektlaridan biri bo‘lib kelgan. Ushbu muammoga oid ilmiy qarashlar insoniyat tafakkurining shakllanishi, jamiyat taraqqiyoti hamda madaniyat rivoji bilan uzviy bog‘liq holda yoritilgan.
Etnologik yondashuv nuqtai nazaridan A. Ashirovning “Etnologiya” asari muhim manba hisoblanadi. Unda ibtidoiy jamiyatda muloqot shakllari, ramziy belgilar, narsabuyumlar orqali axborot uzatish usullari hamda ularning madaniy ahamiyati atroflicha tahlil qilingan. Muallif til va yozuvning paydo bo‘lishini ijtimoiy munosabatlar rivoji bilan bog‘lab izohlaydi.
Nemis etnografi Genrix Shursning “Ibtidoiy madaniyat tarixi” asarida esa yozuvning dastlabki shakllari - tugunli yozuv, predmet yozuv va tasviriy yozuvlarning kelib chiqishi tarixiy-etnografik misollar asosida yoritilgan. Ushbu tadqiqotda yozuvning dastlab sehrgarlik, e’tiqod va diniy qarashlar bilan bog‘liq holda shakllangani ilmiy dalillar bilan asoslab beriladi.
Til va tafakkur o‘rtasidagi munosabat masalasi M.X. Fayzullayevaning ilmiy ishlarida keng yoritilgan. Xususan, “Mehnat jarayonida vujudga kelgan tafakkur mahsuli”, “Millat ma’naviyatida so‘zlar tarixining o‘rni” kabi maqolalarida muallif inson tafakkurining mehnat faoliyati jarayonida shakllanishi, og‘zaki nutq va yozuvning ijtimoiymadaniy ahamiyatini tahlil qiladi. Shuningdek, qadimgi turkiy so‘zlarning etnotarixiy sharoit ta’sirida rivojlanishi masalalari ham chuqur ilmiy asosda ko‘rib chiqilgan.
Rus va g‘arb olimlarining tadqiqotlarida ham tilning jamiyatni birlashtiruvchi omil sifatidagi o‘rni alohida ta’kidlanadi. Xususan, yozuvning qabila, xalq va millat shakllanishidagi roli, madaniy xotirani saqlashdagi ahamiyati umumiy ilmiy xulosalar sifatida e’tirof etiladi.
Umuman olganda, mavjud adabiyotlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, til, nutq va yozuv inson tafakkurining mahsuli bo‘lib, ular jamiyat madaniy taraqqiyotining asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Shu bilan birga, mazkur mavzu etnologik, tarixiy va madaniy jihatdan yanada chuqur tadqiq etishni talab etadi.
Tadqiqot metodologiyasi. Tarixiylik va mantiqiylik metodlari yordamida til va yozuvning ibtidoiy jamiyatdan boshlab shakllanish bosqichlari, ramziy belgilar, predmet yozuv, tugunli yozuv hamda piktografiyaning vujudga kelish sabablari izchil o‘rganildi. Bu metodlar orqali tilning urug‘, qabila, xalq va millat bosqichlarida rivojlanish xususiyatlari aniqlab berildi.
Tadqiqot jarayonida qiyosiy-tahliliy metoddan foydalanilib, turli xalqlarda muloqotning og‘zaki va noog‘zaki shakllari, ramziy belgilar va yozuv tizimlari o‘zaro solishtirildi. Etnografik va etnologik yondashuv asosida Afrika, Avstraliya, Amerika tub aholisi hamda Sharq xalqlarida qo‘llanilgan muloqot vositalari ilmiy manbalar asosida tahlil qilindi.
Shuningdek, tavsifiy metod orqali yozuvning dastlabki shakllari, ularning ma’naviymadaniy mazmuni va ijtimoiy vazifalari yoritildi. Analiz va sintez metodlari yordamida mavjud ilmiy qarashlar umumlashtirilib, til va nutqning tafakkur mahsuli sifatidagi o‘rni haqida xulosalar chiqarildi.
Tahlil va natijalar. Moddiy va ma’naviy madaniyat qadimdan bir-biri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan. Ular o‘rtasida chegara yo‘q. Nutq - tafakkur mahsuli va insonning tovush chiqarish organizmlari orqali yuzaga chiqadi. U inson tafakkuri o‘sib borgani sayin rivojlanib borgan va yuqori cho‘qqisiga yetishgan. Nutq odamlarning o‘zlari o‘ylagan narsasini yuzaga chiqarishga yordam bergan va odamlar bir-birlari bilan muloqot o‘rnatganlar. Demak, nutq madaniyati ijtimoiy turmush tarzining eng asosiy ko‘rinishidir.
Tafakkur bilan mahkam bog‘langan til noaniq tovush tilidan boshlab, to urug‘larning, keyinchalik qabilalarning aniq tillariga qadar uzoq taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tgan. Qabilaviy tillar o‘rnini sinfiy jamiyatda xalqlarning tillari egalladi. Munosabatlar rivojlanishi bilan milliy tillar paydo bo‘ldi. Neolit davri oxiri va metall asrining boshlariga kelib asosiy til oilalari tarkib topgan [1: 163].
Odamlarning bir-biri bilan muloqot qilishi so‘zlardan iborat bo‘lgan gaplashuvdan oldinroq paydo bo‘lgan. Masalan, Afrika va Janubiy Amerikaliklarning nog‘ora va hushtak chalishlari. Shuningdek, boshqa tuyg‘ularini (yoqtirish, tushuntirish), ifodalashda ham, ya’ni xush yoqish, yaxshi taassurot qoldirish, o‘z fikrini bayon etishda belgilar tilidan foydalanib, bir-birlarini oson tushunganlar: savdosiga boshqalar aralashuvini hohlamaydigan arab savdogarlarining kelishuv chog‘ida bir-birlari bilan qo‘l siqib ko‘rishishlari va chopon almashishlari bunga misol bo‘la oladi. Qat’iylikni esa ko‘z imoishorasi orqali bildirganlar.
Avstraliyaning tub joy aholisida bumerang nafaqat ov quroli, balki ba’zi bir ramziy ma’nolarni ham anglatadi: “bumerangni o‘rtaga tashlash”, “bumerang bilan g‘alaba qilish”, “bumerang yasash”, “bumerang sotib olish” va hokazolar. Ya’ni, bumerangni o‘rtaga tashlasa “jang qilaman” degan ma’noni anglatgan va boshqa bumerang bilan bog‘liq harakatlar ham o‘z ramziy tiliga ega bo‘lgan [2: 543].
Shimoliy Amerika hindularida esa tomagauk (so‘yil) yuborish urush e’lon qilishning simvollik (ramziy) belgisi hisoblangan. Tomagauk dushmanga maxsus elchi orqali yuborilgan. Elchi tomagaukni dushman qarorgohiga borib yerga qo‘ygan. Agar dushman tomon tomagaukni yerdan ko‘tarsa urushga rozi, tomagaukni ko‘msa sulh tuzishga moyil ekanligi tushunilgan.
Tarix otasi Gerodotning xabariga ko‘ra eroniylar skiflarning yerlariga bostirib kelganlar. Shunda skiflar eroniylarga qush, sichqon, qurbaqa va beshta o‘q-yoy yuborganlar. Bu ramziy belgining ma’nosi quyidagicha edi: “Agar siz eroniylar qush singari osmonga uchmasangiz, sichqon singari kavakka berkinmasangiz yoki qurbaqa singari ko‘lga sakrab, suv ostiga yashirinmasangiz elingizga qayta olmaysiz va bizning o‘q-yoylarimiz ostida qirilasiz.”
Narsa va belgilar tilidan shunday foydalanish kerak bo‘lganki, boshqalarning e’tiborini tortmaslikka harakat qilinmog‘i lozim, ayniqsa ov chog‘ida. Shuning uchun narsa va belgilar tili ovchilik bilan shug‘ullanadigan qabilalarda kuchli saqlanib qolgan va rivojlanib borgan. Ammo so‘zlardan iborat gaplashuv usuli odamzodning eng katta yutug‘i ekanligini, undan keng miqyosda foydalanish mumkinligini qorong‘ulikda narsa va belgilardan foydalanib bo‘lmaydigan joylarda ham qo‘llasa bo‘lishini anglamoq kerak.
Til rivojlangani sayin odamlarga ko‘proq xizmat qila bordi va bir-birlarini tushunishlari oson bo‘la bordi. Natijada yozuv kelib chiqdi. Yozuv esa tilning xizmatkoridir. Ilk yozuv aynan harflardan iborat bo‘lmay, unda sehrgarlik namunalari ko‘rinadi. Unda yozuvga ishonish, sig‘inish, e’tiqod, din namoyon bo‘ladi. Hamma so‘zlasha olgan ammo, yoza oladiganlar kam bo‘lgan, shuning uchun yozuv sirli ko‘ringan. Aksariyat yozuv rasmlardan kelib chiqqan.
Tugun yozuv ham bo‘lgan. Tugunchalar bilan sehrgarlik amallari ham bajarilgan. Arqon shunday tugilganki, ma’lum bir ma’noni anglatgan. Masalan, qadimgi novvoylarning qop og‘zini bog‘lashlari, ya’ni tugish usullariga qarab mahsulotning og‘irlik o‘lchovini, navini bilib olish mumkin bo‘lgan. Mo‘g‘ullarda xitoy yozuv-belgilaridan faqat duoxonlik maqsadlarida qo‘llanilgan. Shuningdek, Sudanda Qur’on suralarini qog‘ozga yozib, tumor qilib taqish, hatto dori sifatida ichish ham buyurilgan.
Yozuv narsa-buyumlar bilan ham yozilgan. Biror narsani inson xotirasida saqlab qolish uchun predmet yozuv qo‘llanilgan. Misol uchun elchi 4 ta topshiriqni bajarishi kerak. Shuning uchun arqonchani 4 marta tugib qo‘ygan. Tugun yozuv ko‘pincha yordamchi vazifasini bajarib sanoq, san’at, vaziyatdan oson chiqib ketishda qo‘llanilgan. Oddiy belgilardan fakt va sanoqni bilish mumkin edi. Shunday bo‘lsada tugunli yozuv tasviriy yozuvga o‘tish jarayonida turgan edi. Masalan, kimdir do‘stining o‘limi, uyining yonib ketishi va tilla topib olish kabi hayotidagi muhim voqealarni xotirasida saqlab qolish uchun 3 dona toshni bir joyga belgilab qo‘yib ketadi. Faqat do‘stining o‘limini qora tosh bilan, yong‘inni qizil tosh bilan, oltinni sariq tosh bilan belgilab qo‘yadi, - deb yozadi nemis etnografi Genrix Shurs [2: 542]. Bunday voqealarni tugunli arqoncha bilan ham ifodalash mumkin: oq arqoncha kumushni yoki tinchlikni anglatsa, qizil arqoncha urush va jangchilarni, sarig‘i – oltinni, yashili esa o‘t-o‘lanlarni anglatadi. Arqonlardagi tugunlar sanoqni ham anglatgan. Yon tomonidan yana arqon bog‘lansa qo‘shimcha qo‘shilganligini, arqonlar qo‘shib bog‘lansa, odamlarning bir-birlari bilan munosabatini, ularning birikkanligini bildirgan.
Yozuvning eng dastlabki shakli urug‘chilik tuzumining oxirida paydo bo‘lgan. U (piktografiya - lotincha fictus rasmi solingan, grekcha grapho yozaman) deb atalgan va teriga, po‘stloqqa, yog‘ochga, suyak va toshga solingan shartli rasmlardan iborat bo‘lgan. Qadimgi Xitoy tasviriy yozuvida ham ranglar va gullar ishtirokini ko‘rish mumkin. Bu narsa nafaqat Xitoy, balki barcha Sharq xalqlariga xos bo‘lib, katta mehr-muhabbat, ayollarga nisbatan hurmat-ehtiromni bildiradi. Tanish she’r, she’rda uchragan gul nomi esa ko‘pincha topishmoq vazifasini o‘tagan. Gullar tili Malayziyada ham keng tarqalgan. Shuningdek, qiziqarli narsalar haqidagi xotiralarni saqlashda ham predmet yozuv qo‘llanilgan. Masalan, papuaslar to‘ng‘iz ovlab, ziyofatda mazza qilgan yaxshi kunlarini doimo eslab yurishlari uchun o‘z uylariga to‘ng‘izlarning pastki jag‘larini osib qo‘yishadi. Ovchilar o‘z uyini o‘ldirgan hayvonining kalla suyagi va shoxlari bilan bezab chiqadi [2: 543].
Xuddi shu yo‘l bilan tasviriy yozuv ham kelib chiqqan. XIX asr ikkinchi yarmida yashagan mashhur rus etnografi Mikluxo-Maklay Bili-Bilida, ya’ni Astrolyabiya qo‘ltig‘idan misol keltirib, yangi ikki qayiqni yo‘lga kuzatish va buning uchun uyushtirilgan ziyofatni shunday ta’riflaydi: “Ziyofat tugashi bilan bir yigit o‘rnidan turdida qora ko‘mirni qo‘lga olib uncha uzoq bo‘lmagan joydagi yerda yotgan yo‘g‘on daraxt g‘o‘lasiga qator qilib figuralarni chiza boshladi. Unda yangi ikki qayiq yarmi quruqlikda, yarmi suvda qilib ifodalangan. Undan so‘ng o‘ldirilib, yog‘ochga bog‘langan ikki to‘ng‘iz ovchilar tomonidan ko‘tarib olingani va undan so‘ng ziyofat mahali qo‘yilgan katta idishlarning suratlari va oxirida mening shlyupkam katta bayrog‘i bilan hamda ziyofatga taklif etilgan yerlik aholining maydaroq kanoelari. Rasmdan hamma narsa tushunarli bo‘ldi. Biz bundan oddiy tasviriy yozuv (piktografiya) ni ko‘rishimiz mumkin [2: 545].”
Xulosa. Demak, odamzod qayerda yashab o‘ziga shart-sharoit yaratsa, mehnat va ov qurollari birlamchi bo‘lib, uni bezashga harakat qilganlar. Buning uchun u madaniyatning ibtidoiy shakllaridan foydalangan (chiziqcha, nuqta). Jonli tabiat tasviri – totem hayvonlar yoki xudolar va ruhlarni u o‘z tasavvuricha ifodalagan. Oddiy taqinchoq o‘rnida ham hayvon surati tushirilgan narsa taqilgan. Mehnat jarayonida paydo bo‘lgan hirgoyidan mehnat qo‘shiqlari kelib chiqqan va avloddan-avlodga o‘tib kelgan hamda avlodlar xotirasida an’anaviy ravishda saqlanib qolgan. Inson mehnati tufayli vujudga kelgan og‘zaki tildan – tasviriy yozuv kelib chiqqan va o‘z o‘rnida xalqlarda yozuv shakllanib borgan.
Foydalanilgan adabiyotlar 1. Ashirov A. Etnologiya. – Toshkent: Yangi nashr, 2014. 2. Шурц Генрих. История первобытной культуры. Перевод с немецкого
П.И.Кушнера. Вып. II. - М.:1923. 3. Файзуллаева М. Этнотарихий шароитлар таъсирида ривожланиб борган қадимги
туркий сўзлар // Ёш олимлар, аспирантлар, магистрантлар ва тадқиқиотчиларнинг
II анъанавий илмий-амалий конференцияси материаллари. - Термиз, 2011. – Б. 17-
19. 4. Файзуллаева М. Айрим туркий сўзларнинг келиб чиқиши хусусида // Ёш олимлар,
стажёр-тадқиқотчи-изланувчи ва магистр-талабаларнинг III анъанавий илмий-
амалий конференцияси материаллари. - Термиз, 2012. – Б. 6-7. 5. Файзуллаева М. Меҳнат жараёнида вужудга келган тафаккур маҳсули // “Ёш
олимлар” республика илмий-амалий конференцияси. 2016 йил 29-30 январь.
Ижтимоий-гуманитар фанлар. – Термиз: Тафаккур, 2016. - Б. 393-394. 6. Файзуллаева М. Миллат маънавиятида сўзлар тарихининг ўрни // Tamaddun Nuri.
Илмий, ижтимоий-фалсафий, маданий-маърифий, адабий-бадиий ОАК журнали.
Термиз, 2020-yil. № 2. (25) ISSN 2181-8258 - Б. 62-66.
Metin PDF'den otomatik olarak çıkarılmıştır ve hatalar içerebilir.