ResearcherUz LogoResearcherUz
Dergiyi Görüntüle

USMON AZIM HIKOYALARIDA BADIIY TASVIR VOSITALARI VA KO‘CHIMLAR TAHLILI

Özet

Ushbu maqolada Usmon Azimning ayrim hikoyalari tahlilga tortilib, hikoyada badiiy tasvir vositalari o‘rni hamda adabiy asarlarni badiiylashririshda muallif foydalanadigan usul va vositalar ochib berishga e’tibor qaratilgan. 


Tam PDF Belgesi

İlgili Makaleler

Tam metin

KO‘CHIMLAR TAHLILI

Javliyev Poyonbek Shavkat o‘g‘li

Termiz davlat muhandislik va

agrotexnologiyalar universiteti

Annotatsiya

Ushbu maqolada Usmon Azimning ayrim hikoyalari tahlilga tortilib, hikoyada badiiy tasvir vositalari o‘rni hamda adabiy asarlarni badiiylashririshda muallif foydalanadigan usul va vositalar ochib berishga e’tibor qaratilgan.

Kalit so‘zlar

Uslub, hikoyada badiiy ko‘chimlar, adabiy asarlarni badiiylashtirish, yozuvchining tasviriy tuyg‘ulari, stilizatsiya.

Ko‘chimlar va badiiy tasvir vositalari adabiyot va san’atda obrazlilik yaratish, asar mazmunini ta’sirchanroq va qiziqarli qilish, shuningdek, muallif fikrini bilvosita ifodalashda muhim ahamiyat kasb etadi. Usmon Azim hikoyalarida bu vositalar keng qo‘llanib, asarda obrazlilik, tuyg‘ularning teranligi va uslubiy yuksaklikni ta’minlashga hizmat qiladi. Umuman olganda, XX asr soʻnggi choragidan boshlab badiiy soʻz san’atining shiddat bilan oʻzgarish va yangilanish jarayoni ancha faollashdi. Eskirgan nazariy qolip va tushunchalarning yemirilishi natijasida ijodkorlar oldida yangicha ijod tamoyillari, yangi-yangi shakllarni kashf etish muammosi paydo boʻldi. Adib hikoyalarida yangilik sifatida oʻziga xos tasvir usulini yaratdi. Bu esa Ijodkorning ona tilimiz imkoniyatlaridan keng foydalanishida yaqqol namoyon boʻladi.

Stilizatsiya–“Biror uslubga solib, keltirish yoki monand,o‘xshatib asar yaratishdir”(1) uslubidagi badiiy jihatdan pishiq va goʻzal asarlar yaratib, uni kitobxon ommasiga taqdim etish, katta mashaqqat, ijodiy kuch talab qiladi. Ijodkorning “Jodu” nasriy toʻplamidan joy olgan “Siz bilmaydigan zamonlarda”, “Gʻoz” kabi hikoyalari shu uslubda yaratilgan nodir asarlar sirasiga kiradi. Adibning hikoyalari badiiy tili xalq tiliga juda yaqinligi bilan ajralib turadi:

“Alpomish chohga tushganini bilasiz. Chohga yarador gʻoz qulaganini ham bilasiz. Gʻozni otolmagan shakaman mergan oru nomusdan yurak bagʻri ezilib yiqilganini ham bilasiz. Alpomish gʻozni davolab, qanotiga xat boylab, yurtiga elchi qilib uchirganidan ham xabaringiz bor. Gʻoz yana mergan kulbasi ustidagi togʻning boshiga qoʻnib, qangʻillaganidan ham, kasal yotgan ovchi qoʻliga yoy olganidan ham, shu gʻoz oʻlsa Alpomish xor, Qoʻngʻirot eli zor boʻlishini xudo koʻngliga solgan merganning enasi «hayhay»lab qushni uchirib yuborganini ham eshitgansiz. Alpomish yurtiga qaytib, Barchin yoriga tasallilar aytib, Yodgor oʻgʻlini bagʻriga bosib, Qoʻngʻirotning koʻnglini yozib oʻtganini ham qulogʻingiz ilib qolgan.”(2)

“Gʻoz hikoyasidan keltirilgan mazkur parchada adibning ishlatgan soʻzlarga eʼtibor qaratsak, bular shevaga xos soʻzlardir: kulba, enasi, qangʻillaganidan, mergan, oʻtakasi yorilib;

Adib qoʻllagan fraziologik birliklar ham oʻziga xos: yurak bagʻri ezilib, xudo koʻngliga solgan, bagʻriga bosib, koʻnglini yozib, qulogʻingiz ilib qolgan

Hikoyani oʻqimishli qilishini oshirgan muhim jihatlardan biri ham asar tilining xalqona ibora-yu qochirimlar bilan ziynatlanganligidir. Hikoyada eng koʻp ana shunday ibora va qochirimlar qoʻllanilgan. Merganning kasal yotgandagi holati koʻrsatilgan oʻrinlarda uning aniq tasvirlab berishdagi iboralar ham nihoyatda xalqchildir: “Mergan kun sayin kuchdan ketib, qoq suyak boʻlib qolyapti, soʻnggi kuni armonda – Azroilning sharpasini sezib boryapti… Or-nomus uchun oʻladigan zamonlar ham boʻlgan-da, birodarlar!”(3) Hikoya xuddi xalq dostonlari kabi jonli suhbat-muloqot tarzida bitilgan. “Siz bilmaydigan zamonlarda” hikoyasidan olingan boshlanmaga eʼtibor qaratamiz:

“Kunduzi boshingizda pulning hisob-kitobi,

Kechqurun koʻzingiz oynayi jahonda –

Bizning zamonlar esingizdan chiqib ketgan.

Men Elomon baxshi nur toʻla lahadimdan chiqib,

Xunobar oʻz gʻoringizga qoʻshilib yurarkanman,

Shuncha oʻtgan dono dunyodan

Bularni olib qolgani

Mana shu aldar koʻsa qutiyu

necha-necha pastkash ajdarholar

sassiq bagʻrini bosgan

pul ekanda deb, oʻpkam toʻladi”(4).

Hikoya ilk jumlalardan oq tanbeh, istehzo ohangi bilan boshlanib, lahad, xunoba roʻzgʻor, aldarkoʻsa quti, pastkash ajdarholar, sassiq kabi umum isteʼmoldagi soʻzlarning zamirida yotgan achchiq istehzo va kinoyaga boy ohang uygʻunlashib ketadi. Hikoyaning boshlanishidayoq Usmon Azimning mavjud milliy oʻzbek leksikasiga murojaat qilgani koʻzga tashlanadi. Isteʼmolga kirib boʻlgan va odatiy holga aylanib borayotgan «yangi soʻz»(telivizor)lar qoʻllashdan qochadi va bu soʻz oʻrnida «oynayijahon» va «aldarkoʻsa quti» kabi milliy leksikadan foydalanadi. Birinchi marta ushbu soʻzning oʻzbekcha varianti (oynayi jahon)ni qoʻllasa, ikkinchi martada esa «aldarkoʻsa quti» deya metafora yaratadi. Shuningdek, «pastkash ajdarholar» deya soʻz qoʻllashida ham majozning allegorik («Mavhum tushuncha yoki hodisani konkret narsa orqali ifodalashga asoslangan koʻchim turi») turiga guvoh boʻlamiz. Hikoyadagi ilk ovoz yaʼni kinoya va istehzo ohangi mana shu kabi badiiy koʻchimlar zamiriga singdirib yuborilgan.

Hikoyada, odatda, xalq ogʻzaki ijodining epik janrlariga xos boʻlgan paralellizmning uchrashi, asarning ritmik quvvatini oshirib, folklorizmga xos boʻlgan badiiy tasvir vositalari va badiiy tilni qaytadan jonlantirgan. Shuningdek, adibning dastlabki hikoyalari faqat dostonlargagina xos boʻlgan badiiy ifoda va obrazli tasvirlarga boyligi bilan ajralib turadi.

Badiiy adabiyot namunalari tilida uslub talabiga koʻra muayyan tarixiy davr koloritini tasvirlash maqsadida turli xil qadimiy leksik va sintaktik birliklar oʻz ifodasini topadi. Zamonaviy tilimiz uchun eskirgan, hozirgi kundalik nutqiy jarayonlarda ishlatilmaydigan bunday birliklar deyarli barcha turdagi asarlar matnida keng koʻlamni tashkil qiladi. Tarixiy soʻzlar ilmiy adabiyotlarda istorizm atamasi bilan yuritilib, “oʻtmishga oid voqea-hodisalarni ifodalaydigan”(5). Leksik birliklar nazarda tutiladi. Arxaizm yunon tilidagi “archaios – qadimgi” soʻzidan olingan boʻlib, maʼlum davr uchun eskirgan, isteʼmoldan chiqa boshlagan til birliklari (soʻz, ibora va boshqalar) tushuniladi.(6).

Usmon Azim asarlari tilida uchraydigan tarixiy soʻzlar va arxaizmlar tematikasi rang-barang boʻlib, xalqimiz turmushining turli sohalariga aloqador birliklar boʻlib chiqadi. Quyida shunday birliklardan ayrimlari borasida toʻxtalamiz.

Qabo – xotin-qizlar kiyadigan yengil chopon. Ushbu birlik arabiy tillarga aloqador deb hisoblanadi. Izohli lugʻatda “uzun va keng ustki kiyim”(7) deb izohlangan. Ushbu kiyinish madaniyatiga aloqador istorizm Usmon Azim asarlari leksikasida turli sabablarga koʻra qoʻllanilgan. Birinchidan, voqealar tasvirida badiiylikni taʼminlashga, ikkinchidan esa, tinglovchilarga kuchli hissiy taʼsir oʻtkazish uchun zarur deb hisoblangan:

Uning keng oq koʻylak ustidan tortib kiygan aqiqday qip-qizil qabosi shamolda hilpirab, qonli sharsharaday orqasida toʻlgʻonar, qora sochlari esa qon isini sezgan quzgʻunday boshiga mahkam yopishib, bezovtalikdan mavjlanar – Ragina bu vahshatning qutqusidan qochib, Artibning panohi tomon jon-jahdi bilan talpinayotganday edi.(8)

Jarchi – tarixiy soʻzi “odamlar koʻp toʻplanadigan joylarda baland ovoz bilan rasmiy eʼlonlar eshittirib yuruvchi kishi”(9) maʼnosini anglatadi:

Jazoni ovoza eta fuqarolarni haqdan yetgan jazoning guvohligiga chorlovchi jarchining chaqirigʻi bozor tarafdan eshitilavermagach, asta-asta paydo boʻlgan uzunqisqa sukunatlar birlashib, suhbatni zabt etdi.(10)

Eshik ogʻasi – Oʻrta Osiyo xonliklarida xon saroyidagi bosh xizmatkor; oliy hukmdorning turli qabul marosimlarini oʻtkazish ishlariga mutasaddi boʻlgan shaxs(10). Amir Jondorning qaytganini eshikogʻasi eʼlon etganda, sukunatdan zoʻriqqan majlis erkin nafas oldi.(11)

Aqcha – tarixiy soʻzi Usmon Azim asarlarida aynan bugungi kunda ishlatiluvchi “pul” soʻzining sinonimi sifatida ishlatilgan.(12)

- Usta boshidan qancha aqcha olding!? (13)

Ulus – ushbu birlik moʻgʻul tillarga aloqador deb hisoblanib, izohli lugʻatda “davlat; el, xalq” deb izohlangan.(14)

- Usta Saroyi ulusidan, sohibqiron.(15)

Mashvarat – kengash, koʻrsatma; yoʻl-yoʻriq.(16) Usmon Azim asarlari tilida qoʻllanilgan mazkur arxaiklashgan leksema, arabiy tillarga aloqador birlik sifatida tilga olinadi. Mazkur lisoniy birlik forsiy va turkiy tillar taraqqiyotining muayyan davrlarida oʻzlashgan hamda ancha faol qoʻllanilgan. Y.A.Rubinchik tahriri ostida nashr qilingan lugʻatda ham mazkur nofaol leksema Usmon Azim asarlari tilida qoʻllanilgan maʼnolar

“Sohibqiron va usta” hikoyasidan olingan quyidagi parchada kuzatamiz:

Bomdod namozini oʻqib, ertalabki nonushtadan soʻng odatiy mashvaratga yigʻilgan beklar bugun sohibqiron saltanat shaʼniga yarashmaydigan beparda gʻiybatlarning paymonasiga yetishga ahd qilganligini eshitdilar.(18)

Usmon Azim ona tili imkoniyatlaridan foydalanish, va baʼzan uni kengaytirishda yangichalikka intiladi. Injular tizmasidek jilolangan ona tili lugʻat boyligini botiniy koʻz bilan koʻra olgan shoir, nosir, dramaturg har bir soʻzni chertib-chertib tanlaydi, tafakkur “tarozusi”da oʻlchab qoʻllaydi.

Umuman olganda, Usmon Azim ijodida tilimizdagi soʻzlardan badiiy foydalanish bir necha koʻrinishlarga ega. Demak, adibning nasriy asarlari tilini oʻrganishga har birida ijodkorning betakror poetik idroki, badiiy mahoratining ochib berilishiga xizmat qiladi. Bu esa serqirra ijodkor fenomenini talqin qilish va tegishli xulosalar berishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Foydalanilgan adabiyotlar

1. Usmon Azim. Jodu. —Toshkent: Sharq, 2003.

2. Quronov D., Mamajonov Z.,Sheralieva M. Adabiѐtshunoslik lug‘ati. –Toshkent:

Akademnashr, 2010.

3. Sarimsoqov B. O‘zbek adabiyotida saj. – Toshkent:Fan. – 1978.

4. Adabiy tur va janrlar. 3 jildlik. 1 jild. Epos. – Toshkent: Fan, 1991.

5. Adabiyot nazariyasi. Ikki jildlik. I jild (Adabiy asar). – Toshkent: Fan, 1978.

6. Ahmedov H. Nasriy sheʼr – adabiy hodisa. /Soʻz hayrati va saboqlari./ Risola. –

Toshkent: Innovatsiya-ziyo. – 2020.

7. www.vikipediya.uz

Metin PDF'den otomatik olarak çıkarılmıştır ve hatalar içerebilir.