XURSHID DAVRON SHE’RIYATIDA ONA OBRAZI
To‘rayeva Sadoqat Qahramonovna
(Urganch davlat universiteti Filologiya va san’at fakulteti filologiya va tillarni
o‘qitish:o‘zbek tili ta’lim yo‘nalishi 2-kurs talabasi.
Elektron pochta: qahramonovna226@gmail.com)
Annotatsiya: Ushbu maqolada o‘zbek adabiyotida o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘lgan taniqli shoir Xurshid Davron she’riyatidagi ona obrazi tahlilga tortilgan.
Kalit so‘zlar: o‘zbek onasi, mehr-muhabbat, munosabat, ayol ruhiyati, o‘zbek adabiyoti.
The image of the mother in the poetry of Khurshid Davron
Turayeva Sadoqat Kahramonovna (2nd year student of the Faculty of Philology
and Arts, Urgench State University, Department of Philology and Languages: Uzbek
language. Email: kahramonovna226@gmail.com)
Abstract: This article analyzes the image of the mother in the poetry of the famous poet Khurshid Davron, who holds a special place in Uzbek literature.
Keywords: Uzbek mother, love, attitude, female psyche, Uzbek literature.
Образ матери в поэзии Хуршида Даврона
Тораева Садокат Кахрамоновна (Ургенчский государственный
университет, факультет филологии и искусств, студентка 2 курса, преподавание
филологии и языка: узбекский язык. Е-mail: kahramonovna226@gmail.com)
Аннотация: В данной статье анализируется образ матери в поэзии известного поэта Хуршида Даврона, занимающий особое место в узбекской литературе.
Ключевые слова: узбекская мать, любовь, отношения, женский менталитет, узбекская литература.
Kirish (Введение/Introduction). Xoh o‘zbek adabiyoti bo‘lsin, xoh jahon adabiyoti ularning barchasida ona mavzusi yetakchilik qiladi. Ayniqsa, o‘zbek adabiyotida ona obrazini yaratish, uning ruhiyatini tasvirlashga alohida e’tibor qaratiladi va bu katta mahorat talab etadi. Ana shunday mahoratga ega bo‘lgan shoirlarimizdan biri Xurshid Davron hisoblanadi. Uning “Shoirning onasi”, “Ayol, qayg‘u va muhabbat haqida”, “Kampir haqida she’r”, “Meni quvontirar bu kun, bu yomg‘ir”, “Sizga ishonardim”, “Opa” kabi she’rlarida ayol siymosining ramziy va falsafiy talqinlari ochib berilgan.
Xurshid Davron she’riyatida ona obrazi o‘ziga xos mehr, sog‘inch va falsafiy mushohadalar bilan gavdalantirilgan. Uning she’rlarida ona nafaqat inson uchun eng yaqin va aziz zot sifatida tasvirlanadi, balki u millat, Vatan va tarix bilan bog‘liq ramziy timsol sifatida ham talqin qilinadi. Shoir onaning mehribonligi va fidoyiligini samimiy, ta’sirchan va badiiy joziba bilan ifodalagan. Shu xususda O‘tkir Hoshimov “Ayol kishiga avvalo Ona deb qarasak, hammasi joy-joyiga tushadi”[1], - deya onalik maqomini har nedan ustun qo‘ygan desak, adashmaymiz. Bir so‘z bilan aytganda, ona bo‘lish qanchalik mashaqqatli va mas’uliyatli ekanligini yozuvchi shu fikrlari orqali bizga yetkazmoqchi bo‘lgan.
Adabiyotlar tahlili va metodologiya (Литература и методология/Materials and methods). Xurshid Davron she’riyatida ona obrazi alohida ahamiyat kasb etadi va shoir ijodida ona obrazi o‘ziga xos tarzda tasvirlangan. Ana shunday jihatlarini Qozoqboy Yo‘ldoshev [2], Dilfuza Tajibayevalar [3] o‘z maqolalarida yoritib bergan, ammo ushbu mavzu to‘laqonli ravishda ochib berilmagan. Ushbu maqolada esa shoir she’riyatidagi ona obraziga alohida to‘xtalib, ba’zi fikrlar bildirib o‘tilgan. Mavzuni o‘rganish jarayonida esa struktural tahlil usuli hamda qiyosiy-tipologik tasniflash kabi metodlardan foydalanildi.
Muhokama va natijalar (Обсуждение и результаты/Discussion and results). Xurshid Davronning ona siymosiga bag‘ishlangan she’rlarida inson va umr, ota-onaga bo‘lgan hurmat, ularning duosiga sazovor bo‘lish kabi mavzular qalamga olinadi. U onaning bolaga qilgan fidokorligi va beqiyos mehrini oddiy hayotiy manzaralar orqali tasvirlab, bu jarayonda o‘quvchini ham chuqur mushohadaga chorlaydi.
Shoirning ba’zi she’rlarida ona siymosi bilan Vatan timsoli uyg‘unlashib ketgan. Bu tasvir orqali u xalq taqdiri, milliy ong va tarixiy xotirani nazarda tutib, o‘zbek adabiyotining chuqur ildizlariga tayangan holda ona obrazini gavdalantiradi.
Xurshid Davronning “Shoirning onasi” deb nomlangan she’ri yuqoridagi fikrlarimizni isbotlaydi. She’rning mavzusidanoq oddiy insonning onasi bilan shoirning onasi o‘rtasida qanday farq bo‘lishi mumkin, degan savol tug‘ilishi tabiiy, albatta. Shoirning aynan shu she’rida ushbu savolga javob topish mumkin. Bilamizki, ko‘pchilik shoirlar ijodiy safar yoki bo‘lmasam boshqa sabablar bilan ona qishlog‘idan, hatto ona yurtidan olislarda yashashiga to‘g‘ri kelib qoladi. She’rning birinchi misrasida ham ana shu holat tasvirlangan, ya’ni onasi qishloqdan shaharga, farzandining yoniga uni ko‘rish uchun keladi. Ular birga yashay boshlar ekan, oila yana bir dasturxon atrofida jamuljam bo‘ladi va birgalikda nonushta qila boshlaydilar. Va bu esa ma’lum bir ma’noda shoir onasining orzusi edi.
Ona kelib olis qishloqdan
O‘g‘li bilan yashay boshladi
Va dasturxon yozilgan choqda
Shirmoy nonning chetin tishladi.[4, 41-b]
Keyingi misralarda esa onaning farzandi uyidagi sarguzashtlari tasvirlangan. Ya’ni orzusiga erishgan ona o‘g‘liga xuddi yosh bolani parvarishlagandek g‘amxo‘rlik qiladi va hamma yumushlarni yugurib-yelib qiladi. Onasi o‘g‘lining kir-chirlarini yuvar ekan, shoir buni bir bozor kir deya o‘xshatish qiladi. Ona farzandining uyiga quyosh singari uyini yoritib kirib kelganidek, uydagi so‘lib qolgan gullarga ham jon baxsh etadi. Bog‘chadan qaytib kelgan nevaralargiga ham turli-tuman ertaklar aytib beradi.
Yuvib berdi bir bozor kirni,
Suvlar quydi so‘lgan gullarga.
Nevaralar bog‘chadan qaytgach,
Ertak aytib berdi ularga. [5, 41-b]
Shoirning onasi bo‘lish mas’uliyati aynan keyingi misradan boshlanadi. O‘g‘li shoir bo‘lganligi sababli uyda tinchlik, sokinlik va sog‘lom muhit bo‘lishi kerak edi. Ona esa birinchi navbatda ana shu oila tinchini o‘ylardi. Farzandi esa burchakda o‘z xonasida qog‘oz uzra egilgancha ijod qilar edi. She’rda Xurshid Davron ijod jarayonini “tutun ichida” deya tasvirlaydi.
Avaylardi xonadon tinchin,
Suygan o‘g‘li uyning burchida
Qog‘oz uzra egilgancha jim
She’r yozgan payt tut un ichida.[6, 42-b]
Endi shoir keyingi misrada Muhammad Yusuf ijodidan ta’sirlangan holda “Uzr”[7, 66-b] she’ridagi ijod jarayoniga o‘xshash misralar bitadi. Ya’ni onasi uyda xavotir bilan qadam bosar, hatto nafas olishga qo‘rqar edi. Tunlari esa xurrak otmayin deb, tongda uyquga ketardi.
Qadam bosib xavotir bilan,
Qo‘rqar edi nafas olishga.
Tunlar xurrak tortmay deya u
Bosh qo‘yardi tongda bolishga.[8, 42-b]
O‘g‘lini ko‘rish uchun kelgan ona bir kuni mazasi qochib, ko‘z o‘ngi qorong‘ilashib ketadi va qo‘lidagi piyola yerga tushib chil-chil sinadi, o‘sha zahoti onasi hushiga kelib nima bo‘lganini payqaydi. O‘sha onda go‘yo onaning ham ko‘ngli singandek edi. Chunki shu paytda farzandi xonasidan uchib chiqadi. Va farzandining bu harakatidan uning tinchini buzganligini tushunadi va farzandiga qarata “Ketaymi, bolam?” deya savol beradi. Shu o‘rinda “Onalar yuragi farzandlari dardini sezib turadigan mo‘jizadir”, degan fikrni aytish o‘rinlidir.
Ammo bir kun mazasi qochib,
Ko‘z oldida yorug‘lik so‘ndi,
Qo‘llaridan tushib ketti-yu,
Chil-chil bo‘lib piyola sindi.
O‘sha zahot hushiga qaytdi,
Chayqalardi o‘ngida olam.
U yugurib chiqqan o‘g‘liga
Shivirladi: “Ketaymi, bolam?” [9, 42-b]
Demak, shoir ona obrazi orqali inson umrining o‘tkinchiligi, hayotning sinovlari, ajralish achchig‘i va hayotiy haqiqatlar haqida chuqur falsafiy mushohadalar qiladi. Onaning hayotda tutgan o‘rni, uning mehri va yo‘qligida paydo bo‘ladigan bo‘shliq inson hayotining eng muhim tajribalaridan biri sifatida talqin etiladi.
Bundan tashqari shoirning “Onam qarib qolgan…” deb boshlanuvchi she’rida ham onaning qalb iztiroblar va o‘y-kechinmalari tasvirlangan. Ushbu she’r Xurshid Davronning ona siymosi, ona mehri va farzandlik hislari haqida yozilgan lirik she’rlaridan biridir. Unda shoirning onasi keksayib borayotgani, tushlarida ham otasi bilan so‘zlashib chiqishlari va onasining ko‘z yoshlarida otasining aksini ko‘rishi aks etgan. Bu, asosan, ona va otaga bo‘lgan chuqur sog‘inch va iztirobni ifodalaydi.
Onam qarib qolgan. Tushida
So‘zlashadi u otam bilan.
Ko‘zlaridan oqqan yoshida
Men otamning aksin ko‘raman. [10, 52-b]
Keyingi misrada esa shoir onasining qarilik yillaridagi holatini kuzatib, unga nisbatan hadik va qayg‘uni his qiladi. Onasining qariganiga urg‘u bermoqchi bo‘lgan shoir misrani yana “Onam qarib qolgan…” deya boshlaydi. U ko‘zini yummoqchi bo‘lsa ham, onasining siymosi uning xayolidan ketmaydi. Bu esa uni yanada chuqur iztirobga solib, ko‘z yoshlarini tiyolmaydi.
Onam qarib qolgan. Qo‘rqaman,
Ba’zan azob bo‘g‘zimni qisar.
Ko‘zim yumsam uni ko‘raman,
Shundan yoshga to‘ladi ko‘zlar. [11, 52-b]
Uchinchi baytida shoir onasiga tez-tez xat yozmasligini, faqat ba’zan telefon orqali uning holidan xabar olishini aytadi. Biroq tunlari ba’zan uyg‘onib, shiftga termilib, onasining oldida bo‘lishni, unga mehr ko‘rsatishni istaydi.
Xat yozmayman. Ba’zan sim qoqib
Hol-ahvolin so‘rayman… Ammo
Yarim tunlar uyg‘onib goho
O‘y suraman shiftga jim boqib. [12, 52-b]
She’rning yakuniy qismida shoir dalalardagi shudringlar va tong bilan bog‘liq ramziy tasvirlar orqali o‘zining ichki kechinmalarini ifoda etadi. Tongni kutib turganida yuragi titrab, “Ona, meni kechirgin” deb pichirlashi uning onasi oldidagi burchini to‘liq ado etmagandek his qilayotganidan darak beradi. Bu satrlarda ona oldidagi farzandlik mas’uliyati, kechikkan mehr va afsus hissi yaqqol namoyon bo‘ladi.
Dalalarda qo‘narkan shudring,
Tongni qarshi olaman titrab,
“Ona, – deyman, – mani kechirgin”,
“Ona”, – deyman labim pirpirab. [13, 52-b]
Umuman olganda, she’rda ona obrazi juda samimiy va ta’sirchan tarzda yoritilgan. Shoir onaga bo‘lgan chuqur hurmat va muhabbatni, shu bilan birga, uning keksayib borayotganidan xavotir va kechikkan e’tibor uchun afsus hissini tarannum etgan.
Xulosa (Заключение/Conclusion). Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, Xurshid Davronning ona haqidagi she’rlari insoniy qadriyatlar, mehr, sog‘inch va turli xil mushohadalar bilan boyitilgan. Xalqimiz orasida “Ona mehri quyosh nuridan ham iliqroq”, degan hikmat bejizga aytilmagan. U onani nafaqat tiriklik chog‘ida e’zozlash, balki uning mehnati, sabri va fidoyiligi oldida doim bosh egish lozimligini badiiy tasvirlar vozsitasida o‘quvchiga yetkazadi.
Shoirning bu mavzudagi she’rlari o‘zbek she’riyatida ona obrazining eng samimiy va yurakni larzaga soluvchi tasvirlaridan biri deyish mumkin.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
1. https://cyberleninka.ru/article/n/xurshid-davron-she-riyatida-ayol-poetiktimsoli-va-muhabbat-mavzusi-ifodasi/viewer
2. Muhammad Yusuf, Saylanma-1. Toshkent: Sharq, 2015
3. Xurshid Davron, Bahordan bir kun oldin. Toshkent: Sharq nashriyoti, 1997
4. Yo‘ldoshev. Q. Yoniq so‘z. Toshkent: Yangi asr avlodi nashriyoti, 2006
5. O‘tkir Hoshimov, Dunyoning ishlari. Toshkent: Global books, 2021
Metin PDF'den otomatik olarak çıkarılmıştır ve hatalar içerebilir.