ResearcherUz LogoResearcherUz
Jurnalni ko'rish

ANTROPOLOGIYA FANI TADQIQOT MARKAZIDA TANOVUL MADANIYATI

Annotatsiya

Hozirgi zamon antropologiyasida odamlar va hodisalar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solishda taomning ahamiyati ta’kidlanib, tanovul madaniyatining ramziy tomonlari o‘rganiladi. Maqolada taomlanish madaniyati, inson va taom o‘rtasidagi munosabatning ijtimoiy hayot bilan bog‘liqligi yoritilgan bo‘lib, taom va taomlanishning belgi va marosimiy tomonlariga, taomlanishdagi ta’qiq va cheklovlarga hamda taomlanishning ramziy ma’nosiga alohida e’tibor qaratilgan.


To'liq PDF hujjat

O'xshash maqolalar

Maqola matni

TANOVUL MADANIYATI

Fayzullayeva Mavlyuda Xamzayevna

Tarix fanlari doktori (DSc)

Termiz iqtisodiyot va servis universiteti

+998915807293 mavlyuda fayzullayeva@tues.uz

Annotatsiya. Hozirgi zamon antropologiyasida odamlar va hodisalar o‘rtasidagi ramziy tomonlari o‘rganiladi. Maqolada taomlanish madaniyati, inson va taom o‘rtasidagi munosabatning ijtimoiy hayot bilan bog‘liqligi yoritilgan bo‘lib, taom va taomlanishning belgi va marosimiy tomonlariga, taomlanishdagi ta’qiq va cheklovlarga hamda taomlanishning ramziy ma’nosiga alohida e’tibor qaratilgan.

Kalit so‘zlar: Taom, tanovul, ijtimoiy hayot, marosim, urf-odat, sovchilik, to‘y, kelin-kuyov, shirinlik, ichimlik.

КУЛЬТУРА ПИТАНИЯ В ЦЕНТРЕ АНТРОПОЛОГИЧЕСКИХ

ИССЛЕДОВАНИЙ

Аннотация. В современной антропологии подчеркивается значение пищи в регуляции отношений между людьми и социальными явлениями, а также изучаются символические аспекты культуры питания. В статье раскрываются вопросы культуры питания, взаимосвязи человека и пищи с социальной жизнью, уделяется особое внимание знаковым и ритуальным сторонам приема пищи, существующим пищевым запретам и ограничениям, а также символическому значению еды.

Ключевые слова: пища, прием пищи, социальная жизнь, обряд, традиция, сватовство, свадьба, жених и невеста, сладости, напитки.

CULTURE OF FOOD IN THE CENTER OF ANTHROPOLOGICAL

RESEARCH

Abstract. Modern anthropology emphasizes the significant role of food in regulating social relations and shaping various social phenomena. This article examines key aspects of food culture and the relationship between humans and food within the context of social life. Special attention is given to the symbolic and ritual functions of eating, existing dietary taboos and restrictions, as well as the symbolic meanings attributed to food in different cultural traditions.

Keywords: food, eating practices, social life, ritual, tradition, matchmaking, wedding, bride and groom, sweets, beverages.

Kirish. An’anaviy etnografiyada, taomlar, qoidaga ko‘ra doimo moddiy madaniyatning etnografik uchligi: taomlar, kiyim kechaklar, turar joylarning bir muhim komponenti sifatida o‘rganilib kelgan.

Bugungi kunda taomlanish antropologiyasi - zamonaviy etnologlar, ijtimoiy va madaniy antropologlar tomonidan dinamik tarzda tadqiq etib borilmoqda. Milliy oshxona esa har doim klassik etnografiyaning betakror tadqiqot ob’yekti bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi.

Taomlarning tarkibi va tayyorlanishiga tabiiy-geografik, xo‘jalik, tarixiy-madaniy va kundalik turmush tarzidagi odatiy faktorlar o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmaydi. Shuningdek, hayot tajribasining ajralmas qismi bo‘lgan taomlanish inson mavjud bo‘lishining zaruriy sharti hisoblanadi. Demakki, inson va taom o‘rtasidagi munosabat ijtimoiy hayot bilan bog‘liq bo‘lib, amaliy bilimlar fonida shakllanadi.

Mavzuga oid adabiyotlar tahlili. An’anaviy taomlar va ular bilan bog‘liq marosimlar tarixini to‘laqonli o‘rganishda tarixiy yozma manbalar, arxiv hujjatlari, tarixiy-ilmiy adabiyotlar, arxeologik topilmalar va etnografik dala ma’lumotlari qimmatli manba bo‘lib xizmat qiladi. Umuman olganda, mavzuga bevosita taalluqli bo‘lgan adabiyotlar, ya’ni turli davr va hududlarda o‘tkazilgan etnografik, antropologik va madaniyatshunoslik tadqiqotlari quyidagicha tadqiq qilindi.

Markaziy Osiyo xalqlarining, ayniqsa o‘zbeklar, tojiklar va qirg‘izlarning marosim madaniyati, nikoh va to‘y an’analari, taom va ovqatlanish bilan bog‘liq urf-odatlarini o‘rganishda M. Fayzullayeva, A. Ashirov, G. Zunnunovalar o‘zbek xalqining milliy taomlari, ular atrofidagi marosimlar, urf-odatlar, qadimiy e’tiqodlar va ularning ijtimoiy ahamiyatiga bag‘ishlangan tadqiqotlar olib borib, xususan, M. Fayzullayeva Surxon vohasidagi taomlar va ularga oid an’analarni mahalliy etnografik materiallar asosida yoritsa, A. Ashirov qadimiy e’tiqodlar va marosimlar bilan birga taomning marosimiy vazifalarini keng ko‘lamda tahlil qiladi. G. Zunnunova esa o‘zbeklarda rituallik masalasini ilmiy-nazariy yondashuv bilan yoritib, taomning simvolik funksiyalarini ko‘rsatadi. Bu tadqiqotlar taomlanish madaniyatining antropologik mohiyatini tushunishda asosiy manbalardan bo‘lib xizmat qiladi.

Etnograf olimlar N.P. Lobacheva, N.A. Kislyakov, S.A. Abramzon, A.L. Troitskayalarning tadqiqotlarida Markaziy Osiyo xalqlarining nikoh, to‘y va oilaviy marosimlarining tarixiy-etnografik ildizlari o‘rganilib, N.A. Kislyakovning bir necha asarlari to‘y marosimlarining strukturasini, marosim elementlarining ma’nosini, ularning ijtimoiy funksiyasini chuqur tahlil qilsa, N.P. Lobacheva Xorazm o‘zbeklari to‘y an’analarini etnografik tasvirlar bilan ochib beradi. Shuningdek, S.A. Abramzon Pamir qirg‘izlarining to‘y marosimlarini o‘rgansa, A.L. Troitskaya esa yuqori Zaravshon vodiysi tojiklarining qadimiy urf-odatlarini yoritadi. Ushbu manbalar taom va taomlanishning marosimiy kontekstda qanday rol o‘ynaganini tushunish uchun juda muhim, ya’ni, to‘y dasturxonining tartibi, taomlar ramziy ma’nosi, mehmon kutish odatlari va ularning ijtimoiy vazifalari batafsil ko‘rsatiladi.

Yevropa xalqlaridagi taomlar bilan bog‘liq marosimlar, xususan, donli mahsulotlarning ko‘payish, baraka, farovonlik ramzi sifatida tushunilishini tahlil qilgan olima N.M. Listovaning ishlari o‘zbek va boshqa xorijiy dunyo xalqlaridagi o‘xshash ramzlar bilan qiyosiy tahlil uchun foydalidir.

Demak, yuqorida keltirilgan adabiyotlar taomlanish madaniyati Markaziy Osiyo xalqlarining ijtimoiy hayoti, urf-odatlari va marosimlarida muhim o‘rin tutishini belgilab beradi. Shuningdek, taomning ramziy ma’nosi bo‘lib, unumdorlik, baraka, poklik, baxt kabi tushunchalar bilan bog‘lanishi tahlil qilinadi. Bundan tashqari, nikoh va to‘y marosimlari haqidagi etnografik tadqiqotlar taomning ijtimoiy tartibotni mustahkamlashdagi rolini ochib beradi. Qolaversa, mahalliy va qiyosiy tadqiqotlar tanovul bilan bog‘liq marosimlarning umuminsoniylik va mahalliylik xususiyatlari simbiozini yoritishda xizmat qiladi.

Tadqiqot metodologiyasi. Ushbu tadqiqotning metodologik asosini zamonaviy antropologiya va etnografiya fanining asosiy yondashuvlari tashkil etadi. Taom va taomlanish madaniyatining ijtimoiy, marosimiy hamda ramziy funksiyalarini o‘rganishda quyidagi metodlardan foydalanildi. Surxon vohasi, Farg‘ona vodiysi, Xorazm hududi qishloqlarida o‘tkazilgan bevosita kuzatuvlar orqali to‘y, sovchilik, kelin-kuyov marosimlarida taomning tutgan o‘rni o‘rganildi. Marosim taomlarining tuzilishi, tarqatilishi, ishtirokchilar o‘rtasidagi vazifalar kuzatilib, ularning ramziy ma’nolari etnografik kuzatuv metodlari orqali qayd etildi.

Shuningdek, mahalliy aholi, kayvoni ayollar, oshpazlar, sovchilar hamda oqsoqollardan olingan suhbatlar tahlil qilinib, informatorlarning shaxsiy xotiralari, avloddan-avlodga o‘tuvchi urf-odatlari haqidagi ma’lumotlar asosiy empirik material sifatida suhbat va intervyu sifatida foydalanildi.

Qiyosiy-etnografik tahlil orqali esa o‘zbek xalqining marosim taomlari boshqa Markaziy Osiyo xalqlari, jumladan, qozoq, qirg‘iz, tojik xalqlarining an’analari bilan qiyoslab tahlil qilindi. Bu esa sovchilik taomlari, nikoh marosimlaridagi «quyruq-bo‘vur», «tarhovla», «ona tovoq», «to‘qqiz tovoq» kabi udumlarning umumiylik va farqlarini aniqlash imkonini berdi.

Arxiv hujjatlari, etnografik ekspeditsiya materiallari, eski yozma manbalar hamda etnograf olimlar N. Kislyakov, S. Abramzon, A. Ashirov, G. Zunnunova va boshqalarning ilmiy ishlari o‘rganilib, ularning yondashuvlari asosida marosim taomlarining tarixiy ildizlari va ramziy vazifalari tarixiy tahlil metodi yordamida analiz qilindi.

Taomning ramziy, marosimiy va ijtimoiy munosabatlar vositasi sifatida talqin qilinishida simvolik antropologiya, marosim nazariyasi va ijtimoiy almashinuv nazariyasining asosiy g‘oyalariga tayanilib, ushbu yondashuvlar orqali taomning nafaqat moddiy ne’mat, balki ijtimoiy aloqalarni mustahkamlovchi ramz sifatidagi funksiyasini ochib berishda antropologik interpretatsiya metodi yordamga keldi.

Tanovulning marosimlardagi vazifalari, ya’ni, qarindoshlik aloqalarini mustahkamlash, nikohni tasdiqlash, ijtimoiy maqomni belgilash, marosim ishtirokchilari o‘rtasida vazifalarni taqsimlash kabi jihatlarni tahlil qilishda strukturaviy-funksional yondashuv metodiga tayanildi.

Tahlil va natijalar. Antropologiya fanida taom va taomlanishning belgi va marosimiy tomonlariga, taomlanishdagi ta’qiq va cheklovlarga hamda taomlanishning ramziy ma’nosiga ham alohida e’tibor qaratish lozim.

Jumladan, taom tayyorlash va bir-biriga taom tortiq qilish urf-odatlarini o‘rganganda, Surxon vohasining Bandixon tumani qishloqlarida to‘y marosimlari bilan bog‘liq bo‘lgan «og‘iz moylandi» udumiga e’tibor qaratamiz [1. 16]. Qiz xonadoniga sovchilar borganda qiz tomon rozilik alomati sifatida sovchining oldiga sariyog‘ eritib qo‘ygan va sovchi shuni tanovul qilishi shart bo‘lgan. Ushbu taom har ikki tomonning qarindoshchilik qilishining ramzi bo‘lib, buning asosida sariyog‘day muloyim qizlarini ularga berganligini, shu bilan birgalikda yoshlarning kelgusi hayoti shu sariyog‘day silliq, muloyim va rizqlari ham yog‘liqqina bo‘lishiga ishora qilingan. So‘ng kuyov tomondagilar sovchilar qaytishganda «qalay, og‘iz moylandimi?» deb so‘rashgan. «Ha moylandi» desa, demak, qiz tomonning rozi bo‘lganligini bilib olishgan.

Xorazm o‘zbeklarida esa sovchilikka to‘qqizta qatlama qilib borilgan. Sovg‘alarni qabul qilinishi qiz tomonning rozi ekanligidan dalolat bergan. Aksincha, rozi bo‘lmasa olib borilgan qatlamalardan sakkiztasi va bir non qaytarilgan [2. 140]. Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, bu yerda taomlar ramziy ma’no kasb etib, o‘z fikrlarini shu taomlar orqali bayon etganlar.

Sovchilarni marosim taomi bilan siylash an’anasi butun Markaziy Osiyo xalqlarida ham bo‘lgan. Masalan, qozoq xalqlarida qiz uyiga sovchilar borganda, nikoh haqida har ikki tomon kelishib, qalin bichilgandan keyin an’anaviy marosim taomi quyruq bovur bilan birga qo‘y to‘shi qo‘yilgan. Taom avval kuyov tomonga, so‘ngra kelin tomonga tortilganki, bu o‘rtadagi kelishuvni buzmaslik sharti hisoblangan. Qirg‘izlarda ham «qalin bichish» marosimi an’anaviy taom quyruq bovur yeyish bilan mustahkamlangan [3. 101- 115].

Surxon vohasida oshiqli ilik kuyovga nikoh to‘yi kuni ya’ni, kelin uyiga tashrif buyurganda nasib etgan. Bu marosim «to‘qqiz tovoq» [4. 35] deb atalib , yangalar tomonidan to‘qqizta tovoqda har xil taomlar keltirilgan. Shular ichida alohida tovoqda kuyovga atab, go‘shti bilan oshiqli ilik olib kelingan. Kuyov ilikni bir tishlab, jo‘ralariga uzatgan va hammasi bir-bir tishlab yeb tugatgan. Buning zamirida kuyov jo‘ralar ham shunday kunlarga yetishsin, degan yaxshi niyat bo‘lgan.

Farg‘ona vodiysi qipchoqlarida esa to‘qqiz tovoq marosimida kuyovga atab, qizning onasi tomonidan tayyorlangan, qo‘y to‘shidan pishirilgan taom «ona tovoq» kiritilgan. O‘z navbatida, kuyov mazkur taomni o‘zining eng qadrli mehmoniga ilingan [5. 210].

Surxon vohasining Qumqo‘rg‘on tumani Bog‘aro, Xo‘jamulki va Qarsoqli qishloqlarida esa kuyov oldiga qo‘yning kalla-pochasi qo‘yilgan. Endi aksincha, jo‘ralar kalla-pochani bir-bir tishlab, yeb, kuyovga uzatganlar va kuyov kalla-pochaning hammasini oxirigacha yeyishi shart bo‘lgan. Bu bilan kuyov o‘zining kuchli va baquvvatligini isbotlamoqchi bo‘lgan.

Bunday marosimlar mamlakatimizning boshqa hududlarida ham amalga oshirilgan. Masalan, Toshkent shahrida kuyov oldiga ikki laganda palov keladi. Kuyov birinchi lagandagi palovdan totib ko‘rib, kelin va uning dugonalariga uzatadi. Ular esa oxirigacha yeyishlari kerak. Ikkinchi lagandagi palov bilan kuyov o‘zining uylanmagan jo‘ralarini siylaydi. Bu yerda laganlardagi taom ramziy ma’no kasb etib, go‘yoki kelinning turmushga chiqmagan dugonalari va kuyovning uylanmagan jo‘ralariga baxt ulashgan [6. 75].

An’anaviy nikoh to‘yi tantanalarida taomlar ramziy ahamiyat kasb etibgina qolmay qator afsungarlik vazifalarini ham bajargan.

Jumladan, Surxon vohasining Denov tumani qishloqlarida kelin kelgandan keyin dasturxonga kelinga atab pishirilgan atala (bulamiq) qo‘yilgan va birinchi bo‘lib kelin totib ko‘rgan. Kelinga atab pishirilgani uchun «kelin bulamiq» nomini olgan bu taom «kelinimiz ko‘ngli shu bulamiqday yumshoq va muloyim bo‘lsin», degan niyatda qilingan [1. 31].

Bunday marosimlar boshqa millat vakillarida ham o‘tkazilganini ko‘ramiz. Biroq, bunday marosimlar o‘tkazilgan shakli bilan farqlansada, maqsad va mohiyati jihatidan bir xil mazmun kasb etgan. Masalan, Qorategin va Darvoz tojiklarida kelinning yuz ochar marosimida «tarhovla» (un va yog‘dan qilingan atalaga o‘xshash quyuq taom) olib kelishgan. Kelin unga qo‘l urmay o‘tirgan. Shunda qaynonasi: «Mana senga bog‘- rog‘larim, endi sening hayoting shularga bog‘liq. Ol, yegin», - deb aytgan. Shundan so‘ng kelin taomga qo‘l uzatgan [7. 53]. Albatta, qaynona keliniga bu gaplarni ramziy ma’noda aytgan va o‘z navbatida kelin ham o‘zining yangi uyida qaynonasidan iliq so‘zlarni kutib turgan. Bu o‘rtada taom qaynona-kelinning iliq munosabatini ifodalash vazifasini o‘tagan.

Yuqori Zarafshon tojiklarida ham to‘y o‘tgandan keyin kelinining yuzi yorug‘ bo‘lib chiqqanini eshitgan qaynonasi holva pishirib tol tovoqqa solgan va ustidan yigirmata chalpak qo‘yib kelinini ko‘rgani kirgan [8. 233].

Surxon vohasining Sariosiyo tumani qishloqlarida «kelinimiz qo‘shgani bilan moshi-guruch bo‘lib ketsin», deb moshkichiri taomini qo‘yishgan [1. 120]. Birinchidan, yangi kelin o‘zining yangi uyida «mosh-guruchdek aralashib ketsin, moshkichiridek muloyim, yuvosh va kirishimlik bo‘lsin» desa, ikkinchidan, mosh ko‘payish xususiyatiga ega bo‘lgani tufayli «o‘zidan ko‘payib yursin», degan afsungarlik niyati mujassamlashgan [9. 164].

Surxon vohasining Sherobod tumani Oqjar qishlog‘ida esa, kelin oldiga shirguruch qo‘yilgan va «kelinimiz yuzi yorug‘, sariyog‘day muloyim, sutdek oqko‘ngil, tili shakardek shirin va guruchdek serhosil-serfarzand bo‘lsin», deb niyat qilishgan [1. 120].

Xulosa. Hozirgi zamon antropologiyasida odamlar va hodisalar o‘rtasidagi ramziy tomonlarini o‘rganiladi. Xususan, insonlarning bir dasturxonda o‘tirib ovqatlanishi samimiy harakatlarni yuzaga keltiradi.

Shuni ta’kidlash kerakki, moddiy madaniyatni o‘rganish yetakchi yo‘nalishlardan biri bo‘lishiga qaramay taomlanish madaniyati juda kam o‘rganilgan. Vaholanki, taomlar xo‘jalik-madaniy tiplarning aksi sifatida, mahsulot sifatida, madaniyat kodi sifatida, xotirada saqlab qolish joyi sifatida va hokazo shakllarda ko‘rinadi. Milliy oshxonaning o‘ziga xos xususiyatlari esa u yoki bu millat madaniyatining qadimiy ildizlarini o‘zida mujassam etadi.

Demakki, taomlanish mavzusi etnograflarning qarashlaricha moddiy madaniyatning bir qismi sifatida ko‘riladi, ammo, antropologiyaning o‘ziga xos shartiga ko‘ra konsyeptual ravishda o‘z o‘rnini topib oldi. Darhaqiqat, taomlanish madaniyatini o‘rganish antropologlar uchun tadqiqot markaziga aylanib bormoqda.

Фойдаланилган адабиётлар:

1. Файзуллаева М. Ўзбек таомлари билан боғлиқ анъаналар (Сурхон вохаси

мисолида). Тошкент, «YANGI NASHR» нашриёти. 2010. – Б. 116.

2. Лобачева Н.П. Свадебный обряд хорезмских узбеков.КСИЭ, в.34, 1960. -

С.39-48.; Кисляков Н.А. Брачные обряды и церемонии.// Очерки по истории

семьи и брака у народов Средней Азии и Казахстана. Л., Наука, 1969. - С.140.

3. Кисляков Н.А. Брачные обряды и церемонии. // Очерки по истории семьи и

брака у народов Средней Азии и Казахстана. Л., Наука, 1969. - С. 118.;. - С.

115.

4. Абрамзон С.А. Свадебные обычаи у киргизов Памира. // Труды АН Тадж

ССР. Т. 20. - М.,1959. – С. 35.; - Б. 210.

5. Аширов А. Ўзбек халқининг қадимий эътиқод ва маросимлари. Т., 2007. - Б.

210.

6. Зуннунова Г. К вопросу о ритуальной обрядности узбеков. // Ўзбекистон

тарихи. 2002. №1. - Б.75.

7. Кисляков Н.А. Таджики Каратегина и Дарваза. Душанбе., Дониш. 1976. -

С.53.

8. Троицкая А.Л. Некоторые старинные обычаи поверья таджиков долины

верхнего Зеравшана. // Занятия и быт народов Средней Азии. Л., Наука,1971.

- С.233.

9. Европа халқларида ҳам мош, тариқ каби донлар кўпайиш рамзи ҳисобланган.

Қаранг: Листова Н.М. Пища в обрядах и обычаях // Календарне обычаи и

обряды в странах Зарубежной Европы. М., 1983. - С. 164.

Matn PDFdan avtomatik ajratib olingan va xatoliklar bo'lishi mumkin.