ResearcherUz LogoResearcherUz
Jurnalni ko'rish

CHIQINDILARNI BOSHQARISHNING HUQUQIY ASOSLARI

Annotatsiya

Ushbu maqolada chiqindilarni boshqarish, atrof-muhitni muhofaza qilishda mamlakatimizda ishlab chiqilgan qonun va qonunosti hujjatlar tahlil qilindi. Ushbu huquqiy asoslarni tahlil qilish orqali maqolada chiqindilarni barqaror boshqarish amaliyotini qo‘llab-quvvatlash, atrof-muhit va aholi salomatligini muhofaza qilishda rioya qilishning muhimligi yoritildi. Chiqindilar keltirib chiqarayotgan muammolar, statistika tahlil qilinib, ularning oldini olish va yechim topish maqsadida davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy islohotlar yoritildi.


To'liq PDF hujjat

O'xshash maqolalar

Maqola matni

CHIQINDILARNI BOSHQARISHNING HUQUQIY ASOSLARI

Baxromova Laylo Rayim qizi

Toshkent davlat yuridik universiteti, Ommaviy huquq fakulteti 3-kurs talabasi,

laylorayimovna@gmail.com

Annotatsiya: Ushbu maqolada chiqindilarni boshqarish, atrof-muhitni muhofaza qilishda mamlakatimizda ishlab chiqilgan qonun va qonunosti hujjatlar tahlil qilindi. Ushbu huquqiy asoslarni tahlil qilish orqali maqolada chiqindilarni barqaror boshqarish amaliyotini qo‘llab-quvvatlash, atrof-muhit va aholi salomatligini muhofaza qilishda rioya qilishning muhimligi yoritildi. Chiqindilar keltirib chiqarayotgan muammolar, statistika tahlil qilinib, ularning oldini olish va yechim topish maqsadida davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy islohotlar yoritildi.

Kalit so‘zlar: chiqindi, ekologiya, nol chiqindi, xavfsiz shahar, zararsizlantirish, chiqindi passporti, qayta ishlash, utilizatsiya qilish.

LEGAL BASIS OF WASTE MANAGEMENT

Abstract: This article analyzed the laws and regulations developed in our country on waste management and environmental protection. By analyzing these legal frameworks, the article highlighted the importance of compliance in supporting sustainable waste management practices and protecting the environment and public health. The problems caused by waste, statistics were analyzed, and the socio-political reforms implemented by our country in order to prevent them and find a solution were highlighted.

Key words: waste, ecology, zero waste, safe city, neutralization, waste passport, recycling, disposal.

ПРАВОВАЯ ОСНОВА ОБРАЩЕНИЯ С ОТХОДАМИ

Аннотация: В данной статье проанализированы законы и нормативные акты, разработанные в нашей стране по обращению с отходами и охране окружающей среды. Анализируя эти правовые рамки, в статье подчеркивается важность их соблюдения для поддержки устойчивых методов управления отходами и защиты окружающей среды и здоровья населения. Были проанализированы проблемы, вызванные отходами, статистические данные, а также освещены социально-политические реформы, проводимые нашей страной с целью их предотвращения и поиска решения.

Ключевые слова: отходы, экология, нулевые отходы, безопасный город, обезвреживание, паспорт отходов, переработка, утилизация.

Tabiat va jamiyat bir butunni tashkil etadi. Ularni ayri holda tasavvur eta olmaymiz desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Ammo so‘nggi yillarda insoniyatning tabiiy bresusrslardan foydalanishga ehtiyoji oshib bormoqda, bu esa o‘z navbatida insonlarning tabiatga tobora salbiy ta’sirini oshirmoqda. Xususan, butun dunyoda bo‘lgani kabi mamlakatimizda ham qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq masalalar dolzab bo‘lib bormoqda.

Har kuni katta miqdorda keraksiz ashyolar chiqindiga aylanadi. Qattiq maishiy chiqindilar to‘planishining o‘rtacha me’yorlari bevosita uy-joy fondida aholi jon boshiga yilda 240-328,5 kg ga yetadi. Qolaversa, insonning zamonaviy hayotga yangi texnologiyalarni joriy etishi yashash qulayligini oshirish bilan bir qatorda atrof-muhit muhofazasi uchun qimmatga tushadi.

Hozirgi vaqtda barcha turdagi chiqindilarni qayta ishlash faqat bir nechta mamlakatlarda an’anaviy amaliyotga aylanib bormoqda, ammo undan foydalanish zarurati muhim bo‘lib, iqtisodiy-ijtimoiy, ekologik va shu bilan birga energetik ahamiyatga ega. Chiqindi poligonlarida chiqindilarning yer ostidagi kimyoviy parchalanish natijasida atrof-muhitga karbonad angidrid va metan gazini chiqaradi, bu esa atmosferadagi issiqlikni ushlab, sayyoramizga tahdid soladigan issiqlikni yaratadi.

Qattiq ma’ishiy chiqindilarni saralash Yer yuzini tozalashdagi birinchi qadamdir. Keyingi 20 yil ichida qadoqlash mahsulotlarining hajmi 246 baravarga oshgan. Agar chiqindilar teng taqsimlanib, Yer shari bo‘ylab yotqizilsa qalinligi 2 santimetrni tashkil etadi. [1]

Hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistonda maishiy chiqindilarning yillik hosil bo‘lish hajmi prognozi 14-14,5 mln. tonna atrofida baholanib, aholining o‘rtacha 1,5 foizga ko‘payish sur’atini hisobga olganda, ushbu ko‘rsatkich 2028-yilga kelib 16-16,7 mln. tonnaga yetishi mumkin. Zero, ushbu chiqindilar aholi salomatligiga, atrofmuhitga xavfli hisoblanadi. [2]

So‘nggi yillarda mamlakatimizda ekologik xavfsizlikni ta’minlash, xususan chiqindilarni boshqarish sohasida aniq bir maqsadga qaratilgan davlat siyosati olib borilmoqda. Chiqindilarni boshqarishning huquqiy asoslari yaratildi.

“O‘zbekiston-2030” strategiyasida ham mazkur vazifalarni jadal olib borish maqsadlari ham o‘z aksini topgan. Jumladan, chiqindilarni qayta ishash tizimini boshqarishning davlat monopol sohalarida xususiy sheriklik mexanizmlarni keng joriy etish, qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari sifatini yaxshilash maqsadida qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari bilan qamrab olish darajasini 100 foizga, chiqiqndilarni qayta ishlash darajasini 65 foizga oshirish; kuydirilgan chiqindilar ulushini 35 foizga yetkazish, maishiy chiqindi poligonlarini kamida 50 foizga qisqartirish, “Nol chiqindi” tizimi doirasida maishiy chiqindilarni shaharlardan olib chiqish, qayta ishlash va ulardan ekologik toza energiya va boshqa mahsulot ishlab chiqarish jarayonlarini qamrab olgan klasterlar joriy etishdir. [3]

Ushbu dolzarb ekologik muammolarga yechim topishda mamlakatimizda bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, huquqiy tomondan tartibga solish maqsadida bir qator qonun va qonunosti hujjatlar qabul qilingan bo‘lib ular quyidagilardir: O‘RQ – 362-sonli “Chiqindilar to‘g‘risida”gi qonun, PF – 5- son “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni, PQ – 335-son “Maishiy chiqindi poligonlarida hosil bo‘ladigan chiqindi gazidan muqobil elektr energiyasini ishlab chiqarishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi Prezident qarori, VMQ – 243-son “Qora metall parchalari va chiqindilarini temir yo‘l transportida tashish xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamising Qarori, PF – 5580-son “Qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish uchun to‘lovlarni to‘lash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni, PF-189-son “CHiqindilar bilan bog‘liq ishlarni tashkil etish tizimini isloh qilish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni kabilardir.

2002-yil 2-mayda qabul qilingan “Chiqindilar to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahrirdagi loyihasi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi tomonidan manfaatdor idoralarning vakillari bilan hamkorlikda ishlab chiqilib, loyihada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sohaga oid farmon va qarorlarida chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni tartibga solishga qaratilgan ko‘rsatma va topshiriqlari o‘z aksini topgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingan bo‘lib, bu farmon imzolanishi uzoq kutilgan muhim yangilik hisoblanadi.

“Asosiy maqsad aholiga ko‘rsatiladigan maishiy chiqindilar bilan bog‘liq xizmatlar sifatini yanada yaxshilash. Shuningdek, chiqindi sohasidagi xizmatlar darajasini xalqaro standartlarga yetkazish, hosil bo‘layotgan chiqindilarni qayta ishlash darajasini keskin oshirish, chiqindilarning poligonlarda to‘planishiga yo‘l qo‘ymaslik, atrof-muhitga yetkazilayotgan salbiy ta’sirni minimallashtirish, “nol chiqindi” tamoyiliga erishish va boshqa vazifalar ham belgilab berilgan. Ushbu farmon iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq ekologik muammolar kuchayib borayotgan bugun davr uchun juda muhimdir”. [4]

Prezident farmoniga ko‘ra, “Xavfsiz shahar” integratsiyalashgan tizimi doirasida kameralar orqali ekologik huquqbuzarliklarni aniqlash tizimi joriy qilinadi. Yo‘l harakati qoidalari buzilganligini qayd etadigan tadbirkorlik subyektlariga ekologik huquqbuzarliklarni ham foto va videoga olish hamda davlat ekologik nazorat inspeksiyasiga xabar qilish huquqi beriladi.

Undan tashqari, chiqindixonaga aylangan yoki doimiy tarzda chiqindilar noqonuniy tashlab ketiladigan hududlarda yashovchi aholi o‘z tashabbusi bilan o‘zlarining mablag‘laridan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini o‘rnatishlari mumkin. Shu tariqa huquqbuzarlikni aniqlab, xabar berganlar jarima miqdorining 20 foizi miqdoridagi pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

Qolaversa, chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun jarima miqdorini oshirish hamda ushbu ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli bo‘lgan xom-ashyo yoki ma’muriy huquqbuzarlikning bevosita ashyosini musodara qilish jazosini kengaytirish, chiqindilar to‘plash maydonchalari va ularning qo‘riqlanmaydigan (modulli) inshootlaridan chiqindilarni noqonuniy ravishda to‘plash va olib chiqib ketish uchun ma’muriy javobgarlik kiritilishi ko‘zda tutilgan.

Kimyoviy, biologik va bakteriologik vositalardan foydalangan holda binoinshootlar qurish, qayta qurish, rekonstruksiya qilish va bu vaqtda atrof-muhitga zarar yetkazganlik, shu jumladan, ekinlarga, o‘rmonlarga, daraxtlarga yoki boshqa o‘simliklarga qasddan shikast yetkazganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanadi.

Shuningdek, hujjatga asosan:

 Ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar tomonidan qayta ishlanishi to‘g‘risidagi ma’lumot ko‘rsatilishi majburiy bo‘lgan tovarlar ro‘yxati va ularning belgilari tasdiqlab boriladi;

 chiqindilarni qayta ishlashni yoki ekologik xavfsiz tarzda utilizatsiya qilishni yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlarga “yashil subsidiya”lar ajratiladi;

 chiqindilar chiqindi yig‘ish maydonchalarida “qayta ishlanadigan”, “qayta ishlanmaydigan” va “oziq-ovqat” toifalariga ajratgan holda yig‘iladi. Buning uchun aholi maxsus chiqindi paketlari bilan bepul ta’minlanadi. Qayta ishlanadigan qattiq maishiy chiqindilar chiqindi yig‘ish maydonchalarida sanitar tozalash korxonalari tomonidan sotib olinadi;

 2030-yildan qayta ishlashga, termik usulda muqobil energiya ishlab chiqarishga yaroqli chiqindilarni maishiy chiqindi poligonlariga joylashtirish taqiqlanadi.

Farmonga ko‘ra, Ekologiya vazirligi huzurida Ekosanitariya jamg‘armasi tashkil etiladi. Maqsad sanitar tozalash sohasida favqulodda xatarlarning oldini olish, moliyaviy barqarorlikni ta’minlashdir.

Bundan tashqari, har yili eng uzoq (kamida 10 yil) va sadoqatli xizmat ko‘rsatgan sanitar tozalash korxonalari xodimlari uchun “Tabiat uyg‘unligi himoyachisi” tanlovi o‘tkaziladi hamda ulardan 100 nafarining davlat OTMlariga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirgan farzandlari yoki nevaralarining kontrakti Ekologiya jamg‘armasi hisobidan to‘liq to‘lab beriladi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI

1. Abdusattorov.J. Chiqindilarni saralash va qayta ishlash - davr talabi. Maqola // https://uznature.uz/uz/site/page?numer=1185

2. Xo‘jayeva.M. Chiqindilarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish // https://parliament.gov.uz/news/chiqindilarni-boshqarish-tizimi-yanadatakomillashadi

3. “O‘zbekiston - 2030” strategiyasi to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasining Farmoni – 2023 – 12- sentabr // https://lex.uz/ru/docs/-6600413

4. Abduhakiov.A. Prezident farmoni: chiqindilarning ekologiyaga salbiy ta’siri kamaytiriladi. Maqola. 06.01.2024 // https://uznature.uz/uz/site/news?id=3886

5. Xolmo‘minov. J. Mallayev. N. Ekologiya va atmosferani huquqiy muhofaza qilish: O‘quv qo‘llanma. – T.: TDYI, 2012

6. Naimjonov. M. Davlat va uning ekologik funksiyasi: O‘quv qo‘llanmaT.: Yangi asr avlodi, 2002

Matn PDFdan avtomatik ajratib olingan va xatoliklar bo'lishi mumkin.