ResearcherUz LogoResearcherUz
Jurnalni ko'rish

DESTRUKTIV G‘OYA TUSHUNCHASINING MOHIYATI, UNGA DOIR NAZARIYALAR

Annotatsiya

Insoniyat tarixining har bir davridagi kishilik jamiyatida ijtimoiy destruktiv holatlar o‘ziga xos shaklda namoyon bo‘lgan. Davrlar o‘tishi bilan progress, taraqqiyot, pozitivlik, bunyodkorlik naqadar jadallashsa, regress, tanazzul, negativlik, vayronkorlik ham shu qadar ildiz ota bordi. Bugungi kunda vujudga kelayotgan ijtimoiy muammolar va negativ holatlar o‘zining o‘ta murakkab tabiati, oqibatlari ko‘lami bilan jiddiy tashvish tug‘dirmoqda. Shu munosabat bilan destruktiv holatlarning shakllanishi qonuniyatlarini aniqlash, buning uchun esa mazkur jarayonlarning mohiyati va sabablariga doir mulohazalarni umumlashtirish zaruriyati yuzaga kelmoqda.


To'liq PDF hujjat

O'xshash maqolalar

Maqola matni

Anjuman qatnashchisi talabnomasi:

1. Familiya, ism, sharifi – Eshonqulov Haqnazar Suvonqul o‘g‘li

2. Ilmiy darajasi va unvoni - talaba

3. Ish joyi, lavozimi – O‘zbekiston Milliy Universiteti, talaba

4. Maqolaning nomi – DESTRUKTIV G‘OYA TUSHUNCHASINING MOHIYATI,

UNGA DOIR NAZARIYALAR

5. Qaysi sho‘baga tegishli - 4

6. Telefon raqami - Tel.(94) 919 87 78

NAZARIYALAR

Eshonqulov Haqnazar Suvonqul o‘g‘li,

O‘zbekiston Milliy Universiteti, 4 – kurs talabasi.

Tel.(94) 919 87 78

Insoniyat tarixining har bir davridagi kishilik jamiyatida ijtimoiy destruktiv holatlar o‘ziga xos shaklda namoyon bo‘lgan. Davrlar o‘tishi bilan progress, taraqqiyot, pozitivlik, bunyodkorlik naqadar jadallashsa, regress, tanazzul, negativlik, vayronkorlik ham shu qadar ildiz ota bordi. Bugungi kunda vujudga kelayotgan ijtimoiy muammolar va negativ holatlar o‘zining o‘ta murakkab tabiati, oqibatlari ko‘lami bilan jiddiy tashvish tug‘dirmoqda. Shu munosabat bilan destruktiv holatlarning shakllanishi qonuniyatlarini aniqlash, buning uchun esa mazkur jarayonlarning mohiyati va sabablariga doir mulohazalarni umumlashtirish zaruriyati yuzaga kelmoqda.

Ushbu mavzu yuzasidan destruktiv g‘oyalarning kibermakonda tarqalashi va uning salbiy jihatlarini ochib berishdan oldin “destruktiv” tushunchasi va uning holat sifatidagi falsafiy-siyosiy mazmuniga eʼtibor qaratishni lozim topdik. Sababi, “destruktiv” tushunchasi dastlab diniy qarashlar va manbalar asosida shakllangan va rivojlangan degan konsepsiyasini ilgari suramiz.

Maʼlumki, tabiat, jamiyat va inson borlig‘idagi destruktiv holatlar to‘g‘risidagi ilk g‘oyalarni diniy manbalarda uchratish mumkin. Masalan, zardushtiylikda olam taraqqiyoti, umuman olganda, ezgulik va yaxshilikka bo‘lgan intilish sifatida tasavvur qilinadi: qachondir ezgulik xudosi Axuramazdaning mutlaq hukmronligi taʼminlanishi, ezgulik va adolat qaror topishi aniq. Lekin ezgulikning ilk shakllari (osoyishta hayot, bunyodkorlik, obodonchilik va h.k.) vujudga kelgani zahoti unga qarama-qarshi o‘laroq yovuzlik shakllari (qurg‘oqchilik, qurbonliklar, urushlar, kasalliklar va h.k.) ham paydo bo‘ladi[1].

Zardushtiylikda barcha destruktiv holatlarning muallifi mavjud – bu ruhlantiruvchi kuch Ahriman obrazi bilan bog‘lanadi. Ahriman barcha yovuz kuchlarning manbai, ilhomchisi hisoblanadi: u goho odamlarni yovuzlik bandisi-ga aylantiradi (Zahhokni taxtga o‘tqizgani kabi), goho ularni to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itadi (Jamshidni yo‘ldan urgani kabi)[2].

Xristianlik dinida destruktiv holatlar mustaqil substansiya sifatida emas, turli jarayonlarning buzilishi tarzida tasavvur qilinadi. Xudo materiyani yaratdi, uni turli shakllarga soldi, turfa xususiyatlar bilan to‘ldirdi. Uning barcha yaratuvchanlik harakatlari ezgulik bilan yo‘g‘rilgan, binobarin, uning tomonidan bunyod etilgan borliqning o‘zi ham ezgulikdir.

Biroq ushbu ezgulikni yemiruvchi, vayron qiluvchi holatlar, jarayonlar mavjud. Aynan ana shu holat va jarayonlar yovuzlik sifatida talqin qilinmog‘i darkor. Yovuzlik ibtidodan yaratilgan mustaqil voqelik emas, u Xudo tomonidan bunyod etilgan narsalarning buzilishi, vayron qilinishidir. Masalan, Xudo odamni o‘z qiyofasiga ko‘ra erkin mavjudot qilib yaratdi, uni ezgu ishlarga oshno qildi. Lekin odam bolasi gunohga botib, Xudodan yuz o‘girdi, yovuzlik sari yuz tutdi. Shu ondan boshlab, xristian dini talqiniga ko‘ra, uning barcha qilmishlari destruktiv xarakter kasb qilmoqda[3].

Islomda yovuzlik ko‘proq insonning salbiy hatti-harakatlari bilan bog‘lab talqin qilinadi. Islom dini aqidalariga ko‘ra, inson hayotining maqsadi Allohga ishonish, Uni bilish, Unga mehr qo‘yish va ibodat qilish orqali maʼnaviy yuksaklikka erishish bilan bog‘liq. Odam bolasini ana shu yo‘lda muqim saqlovchi har qanday manba ezgulik, yo‘ldan ozdiruvchi har qanday holat esa yovuzlikdir. Yovuzlik mohiyatini bilish birmuncha murakkab, unga yolg‘iz Allohgina qodir. Shu bois Qurʼoni Karimning “Baqara” surasida: “Balkim, sizlar yoqtirmagan narsa (aslida) o‘zlaringiz uchun yaxshi, yoqtirgan narsangiz esa (aslida) sizlar uchun yomon bo‘lib chiqar. Alloh bilur, sizlar esa bilmaysizlar”,-deb taʼkidlanadi. Ko‘rinadiki, islom talqinida, insonni Allohni tanishga eltuvchi noxushlik (masalan, kasallik – agar inson uni sabr bilan yengsa) ezgulikka, yaxshilik bo‘lib ko‘ringan holat (masalan, boylik – agar u insonni gunohga yetaklasa) yovuzlikka xizmat qiladi[4].

“Destruktivlik” tushunchasi ayniqsa, insonning destruktivlik faoliyatini yetarli darajada o‘rganilmaganligi, bu borada atamalarning bir maʼnoli talqini mavjud emasligi unga aniqlik kiritish zaruratini yuzga keltirmoqda.

Destruktiv g‘oya – ijtimoiy munosabatlarning buzilishiga sabab bo‘ladigan, nazariyalar, qarashlar, meʼyorlar, qadriyatlar va ularni jamiyatda tarqatish usullaridan iborat salbiy destruktiv voqelikdir. Destruktiv g‘oya destruktivlik darajasiga qarab aniqlanadi. Hamma destruktiv g‘oyalar ham mutlaq va umumiy mezonlarga tayanmaydi. Destruktiv g‘oya deganda, keng maʼnoda, shunday g‘oyalar tushuniladiki, ular mavjud ijtimoiy munosabatlarning buzilishiga xizmat qiladi. Mutlaq destruktiv g‘oyalar esa har qanday ijtimoiy aloqalar va institutlarning buzilishiga xizmat qiladigan, umuman jamiyatning rivojlanishi, hatto, yashashiga imkon qoldirmaydigan g‘oyalardir. “Ular insonparvarlik tamoyiliga zid bo‘lgan, jamiyatni tarafkashlarga ajratib, bo‘lib tashlaydigan, bir millatni boshqasidan ustun qo‘yadigan, oliy irq daʼvosida boshqa xalqlarni qirg‘in qilishga chaqiradigan destruktiv g‘oyalardir. Diniy aqidaparastlik va jangari irqchilik (rasizm), buyuk davlatchilik shovinizmi va ashaddiy (agressiv) millatchilik, fashizm va bolshevizm mafkuralari ana shunday vayronkor g‘oyalar tizimini tashkil etadi”[5].

Destruktiv g‘oya avtoritar shaxslar va minoritar ijtimoiy guruhlarning g‘ayriinsoniy ifodalangan manfaatlariga asoslanadi va ushbu manfaatlarni butun jamiyat uchun qo‘llab bo‘lmaydigan usullarda amalga oshirishni nazariy jihatdan asoslaydi. Destruktiv g‘oyalarning asosiy tamoyillarni, qarashlarni, aqidalarni, ramzlar va tushunchalarni olishi mumkin bo‘lgan eng asosiy manbalarni yaʼni, asosiy dunyoqarash oqimlarini ajratish, destruktivlikning taʼsiri va tajovuz yo‘nalishining xarakterini aniqlash, destruktiv harakat obyekti va manfaatlarini amalga oshirishning asosiy doirasini aniqlash bu boradagi tadqiqotlardagi ko‘plab chigalliklarni oydinlashtiradi.

Destruktiv g‘oyalarning ham subyekt sifatida, ham obyekt sifatida asosini marginal guruhlar tashkil qiladi. Ayni paytda bugungi dunyoda turli vositalar orqali o‘z taʼsir doirasini kengaytirishga intilayotgan buyuk davlatchilik shovinizmi, tajovuzkor millatchilik, neofashizm terrorchilik, ekstremizm kabi siyosiy oqimlar faoliyati bunga misol bo‘ladi. Pirovardida bunday g‘ayriinsoniy, destruktiv g‘oyalar xalqlar boshiga so‘ngsiz kulfatlar keltirib, insoniyatning tinchligi va osoyishtaligini buzmoqda.

Xulosa sifatida shuni aytishimiz mumkinki, destruktiv g‘oyalarni turli vaziyatlar, xususiyatlariga qarab ularning turlarini va tasnifini keltirish mumkin. Masalan, asosiy taʼlimotlariga qarab, obyekti, subyekti, yo‘nalishlari, sabablari, oqibatlari, zamon va makon hamda boshqa jihatlari nazarda tutiladi. Bizning fikrimizga ko‘ra destruktiv g‘oyalarni umumiy ko‘rinishi, manbalariga ko‘ra diniy va dunyoviy hamda aralash shakldagi ko‘rinishga ajratish mumkin.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO’YXATI

1. Mahmudov T. “Avesto” haqida.- T.:Sharq, 2000.

2. Firdavsiy A. Shohnoma.- T.:A.Navoiy nomli O‘zb. Milliy kutubxona.nashr., 2012.

3. Августин А. О свободе воли. Книга 2.// Антология средневековой мысли. В двух томах. Том 1.- СПб.: РХГИ, 2001.- С. 19-112.

4. Qurʼoni Karim. Baqara surasi. 216-oyat.// Qurʼoni Karimning mashhur suralari fazilati./ Nashrga tayѐrlovchilar A.Ahmad, I.Nurulloh.- T.: G‘.G‘ulom nomidagi nashr., 2021.- B.119

5. Nazarov Q. G‘oyalar falsafasi. –Toshkent: Akademiya, 2011. – 296-301 b.

Matn PDFdan avtomatik ajratib olingan va xatoliklar bo'lishi mumkin.