SIFATIDA QO‘LLANILISHI
Sharof Rashidov nomidagi SamDU
f.f.n.dots.Yusupova O.S.
4-kurs talabasi Alimova D.
Annotatsiya: Ushbu maqolada dramatik asarlarda qo‘llanilgan undalma (murojaat birliklari)ning o‘ziga xos xususiyatlari o‘rganilgan. Undalma dramatik asarlarda nafaqat murojaat birligi sifatida, balki qahramon xarakterini ochib berish, individual nutq hosil qilish, so‘zlovchining subyektiv munosabati, milliy mentalitetni ifodalash, emotsional-ekspressivlikni kuchaytirish kabi lingvopoetik maqsadlarda qo‘llanilishi Sharof Boshbekov dramalaridan olingan misollar asosida yoritilgan.
Kalit so‘zlar: drama, undalma (murojaat birligi), individuallik, jonli nutq, subyektiv munosabat, monolog, dialog.
ИСПОЛЬЗОВАНИЕ РАССЛЕДОВАНИЯ КАК
ЛИНГВОПОЭТИЧЕСКОГО СРЕДСТВА В ДРАМАТИЧЕСКИХ
ПРОИЗВЕДЕНИЯХ
Аннотация: В данной статье рассматриваются специфические особенности импульса, используемого в драматических произведениях. Так как используется не только как единица обращения в драматических произведениях, но и в лингвопоэтических целях, таких как раскрытие характера героя, создание индивидуальной речи, субъективного мироощущения говорящего, выражение национального менталитета, усиление эмоционально-выразительност, на основе примеров из драм Шарофа Бошбекова.
Ключевые слова: драматургия, мотивация, индивидуальность, живая речь, субъективное отношение, монолог, диалог.
THE USE OF INVESTIGATION AS A LINGUOPOETIC TOOL IN
DRAMATIC WORKS
Abstract: This article examines the specific features of utterances (units of reference) used in dramatic works. Utterances are utilized not only as units of reference but also for various linguopoetic purposes, such as revealing a hero's character, creating individual speech patterns, conveying the speaker's subjective attitude, expressing national mentality, and enhancing emotional expressiveness. These functions are illustrated through examples from Sharof Boshbekov's dramas.
Key words: drama, utterance (unit of reference), individuality, lively speech, subjective attitude, monologue, dialogue.
Badiiy matn turlaridan biri dramatik asarlar alohida xususiyatlari bilan boshqa turlardan ajralib turadi.Olim D.Quronov rahbarligida yaratilgan “Adabiyotshunoslik lug‘ati” asarida dramaga quyidagicha ta’rif beriladi: “Dramaning tasvir predmeti – harakat, u, Arastu ta’rificha, barcha tasvirlanayotgan shaxslarni harakat qilayotgan, faoliyatdagi kishilar sifatida taqdim etadi. Drama obyektning plastik obrazini yaratadi, unda subyekt – ijodkor shaxsi ham obyektga singdirib yuboriladi” [5. –B.95]. Shu sababli, dramada tasvirlanayotgan g‘oya, voqea-hodisa qahramonlarning o‘zaro suhbati va muallif remarka izohi orqaligina beriladi. Obrazlarga ham muallif munosabati asosiy hollarda bildirilmaydi, ularning tabiatiga xos jihatlar sujet voqealari asnosida, qahramonlarning so‘z va xatti-harakatlari orqali namoyon etiladi, shuning uchun unda nutqiy rang-baranglik mavjud bo‘ladi. Mana shu sabablarga ko‘ra va tomoshabin diqqatini tortish maqsadida ham dramatik asarlarda qahramonlar nutqida undalma faol qo‘llaniladi. Dramatik asarlarda qo‘llanilgan undalmalar asar xalqchilligini oshirish maqsadida ham faollashadi, bunda dramaturg umumxalq tiliga xos birliklarni undalma vazifasida qo‘llaydi. Bizga ma’lumki, so‘zlashuv nutqida xalqimiz o‘zaro yaqinlikni ifodalash maqsadida, qavm-qarindoshlikni anglatuvchi birliklar: aka, opa, amaki, xola, tog‘a, singlim, qizim, o‘g‘lim, onaxon, otaxon kabi so‘zlardan murojaatda foydalanishadi. Bu holatdan dramaturglar o‘rinli foydalanishadi va qahramonlarning o‘zaro murojaatida ishlatishadi: E-e, oshnam, o‘ynashmagin arbob bilan, arbob urar har bob bilan! (Boshbekov Sh. “Eshik qoqqan kim bo‘ldi?”, 256); Hay, hay, hay, tekkani yo‘q, tekkani yo‘q, xonangni qulflab qo‘yibmiz, ona qizim! (Boshbekov Sh. “Eshik qoqqan kim bo‘ldi?”, 257).
Dramaturglar undalmadan nafaqat murojaat birligi sifatida, balki poetik individuallik hosil qilish uchun ham unumli foydalanishadi. Masalan, Sh. Boshbekovning “Eshik qoqqan kim bo‘ldi?” dramasida Pirmat ota insonlarga “imon topgurlshundyar” deb, Olim –antropolog Pirmat otaga “otam” deb, boshqalarga “o‘rtoqlar” deb murojaat qiladi. “Charog‘bon” dramasida Samar tilidan Otajonga nisbatan “Otam”, “Tikansiz tipratikanlar” dramasida Soli tilidan “janoblar”, “shef”, “xonim”, “Eski shahar gavroshlari”asarida qorovul tilidan “jo‘jaxo‘rozlar”, “toychoq” undalmalari ishlatiladiki, bu dramaturgning har bir til birligidan lingvopoetik maqsadda foydalanganini ko‘rsatadi: Ha, jo‘jaxo‘rozlar, nima talashyapsizlar? Oting nima, toychoq (Boshbekov Sh. “Eshik qoqqan kim bo‘ldi?”, 79-80); “Axir, quroldosh do‘stlarni shunday ajoyib uchrashuvdan mahrum qilsangiz, pryamo do‘zaxga tushasiz, otam (Boshbekov Sh. “Eshik qoqqan kim bo‘ldi?”,131). Bundan tashqari, qahramon xarakterini ochib berishda ham undalmadan foydalaniladi. Chunki yuqorida aytganimizdek, dramatik asarlarda muallif nutqi yo‘q, demak muallif nutqi orqali bayon etiladigan qahramon ko‘rinishi, xarakteriga beriladigan ta’riflar dialogik nutq tarkibidagi til birliklariga singdirilib yuboriladi. Masalan, quyidagi gapda undalma mensimaslik ma’nosida va qahramon holatini yoki xarakterini ifodalash uchun qo‘l kelmoqda: Sen, qizcha, qanaqa yashashni bilsang, uyimda ko‘zlarini javdiratib o‘tirgan to‘rtta norasidaga tushuntir (Boshbekov Sh. “Eshik qoqqan kim bo‘ldi?”, 253). Ushbu gapda iztirob, alam olovida qovrilayotgan Samar tilidan, jahl bilan, qizcha undalmasi qo‘llangan bo‘lsa, o‘ziga xos kibr egasi bo‘lgan, boyligi, ish-joyi yaxshiligi tufayli atrofidagilarni mensimaydigan, ular bilan hisoblashmaydigan qahramon sifatida gavdalantirilgan Mohinisoning otasi – Salohidddinov tabiatini ochib berish uchun yigitcha, tirmizak kabi murojaat birliklari ishlatilgan: Qani, yigitcha, shtabinglar qayerda, o‘sha yoqqa boshla-chi (Boshbekov Sh. “Eshik qoqqan kim bo‘ldi?”, 254); – Ho‘, tirmizak, familiyangni aytib ket (Boshbekov Sh. “Eshik qoqqan kim bo‘ldi?”, 255). Tirmizak undalma sifatida “Tushov uzgan tulporlar” asarida Halima xola nutqida ham qo‘llaniladi: Halima xola. To‘lab berasan, tirmizak! Halima xola nutqida Teshani yosh bola hisoblaydigan zumrasha, bola undalmalari ham ishlatiladi: Qaysi Sultonmish, driktor, zumrasha! Pastga tush, bola! Yolg‘on bo‘lsa, kuningni ko‘rasan, bola! (Boshbekov Sh. “Eshik qoqqan kim bo‘ldi?” , 218). “Tushov uzgan tulporlar” dramasi bosh qahramoni Tesha juda aqlli bola, biroq ko‘p fikrlarini kulgi ruhida ifodalagani uchunmi, harakatlarida, nutqida noodatiy, boshqalar uchun odat tusiga kirmagan harakatlar, ifodalar borligi uchunmi qishloq ahli uni masxaraboz deb ataydi. Ushbu laqab Turg‘un nutqida undalma sifatida qo‘llanilgan: Turg‘un. Ha, masxaraboz, o‘tiribsanmi? Tesha. Yo‘q tik turibman (Boshbekov Sh. “Eshik qoqqan kim bo‘ldi?”, 219). Sh. Boshbekovning “Tikansiz tipratikanlar” dramasi qahramoni Soli nutqida o‘ziga xos murojaat birliklari qo‘llanilgan va aynan, ushbu murojaat birliklari Soli xarakterini ochib bergan. Uning gaplaridagi kinoya, alamzadalik, jaydarilikni ifodalashda ijodkorga murojaat birliklari qo‘l kelgan: Marhamat, janoblar, har kim o‘ziga ma’qul joyni tanlasin; Otib yuborsanglar ham chekaman, azizlarim! (Boshbekov Sh. “Eshik qoqqan kim bo‘ldi?”, 44) Uning chapani tabiati, yoshligi, hayotning achchiq haqiqatiga qarshi kurashish yo‘lini topmasdan, hammadan nafratlanishini dramaturg uning gaplari orqali ifodalashga harakat qilgan: Eshitdingmi, shef? “Jamoatchilik joyi”, emish! Xonim, o‘zlarini teatr foyesida tasavvur qilyaptilar. Chapak, janoblar! (Boshbekov Sh. “Eshik qoqqan kim bo‘ldi?”, 44) Ba’zan u kattalar nutqiga taqlid qiladi. Buni yozuvchi undalma orqali ko‘rsatib beradi: Sabr, bo‘tam, sabr. Sudda voqeaning aynan shunday bo‘lganligini “o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan…” Nima deydi, “guvohlar” ko‘payib ketadi (Boshbekov Sh. “Eshik qoqqan kim bo‘ldi?”, 53); Minnatdorman, bonu. Shunday qilib, bizning qahramonlarimiz bir arava “ohvoh”lardan so‘ng, azaliy qadrdonlardek xayrlashadilar (Boshbekov Sh. “Eshik qoqqan kim bo‘ldi?”, 53). Bizga ma’lumki, so‘zlashuv nutqida undalmaning gapdagi o‘rni erkindir. Biroq manbalarda ta’kidlanishicha, undalma gap boshida kelganda, ko‘pincha murojaat ma’nosini bildiradi: – Ho‘, insonlar, biz ham odamga o‘xshab ishdan keyin gazit-pazit o‘qiymizmi yo… (Boshbekov Sh. “Eshik qoqqan kim bo‘ldi?”,248); Xaloyiq, hali kim gazeta so‘ragan edi? Mana; – Ho‘,bola, birinchi kurslar shu yerdami? (Boshbekov Sh. “Eshik qoqqan kim bo‘ldi?”, 248). Undalma gap o‘rtasi va oxirida kelganda, subyektiv munosabatni bildiradi. Undalmaning bu xususiyatidan dramaturglar unumli foydalanishadi: O‘zingiz nima qilasiz? Biz uyimizdamiz, sizga kerak-da bular, singlim (Boshbekov Sh. “Eshik qoqqan kim bo‘ldi? ”, 263).
Odatda undalma 2-shaxsga qaratilgan bo‘ladi. Biroq monologik nutqda undalma 1-shaxsga, ya’ni so‘zlovchining o‘ziga qaratilgan bo‘lishi mumkin. Sahna uchun mo‘ljallangan asarlarda monologik nutq faolligi bois, 1-shaxsga qaratilgan undalmalar ko‘p uchraydi. Bu holat dramalarda ham kuzatiladi. Masalan, Sh.Boshbekovning “Charog‘bonlar” dramasi qahramoni Samar tilidan qo‘llanilgan bunday murojaatlar nutq egasinini o‘ziga xos, xalqona, sodda nutqini shakllantirishga xizmat qilgan: Voy ahmog‘ye!.. Holing shu ekan, burningni tiqib nima qilasan, yumronqoziqqa o‘xshab iningda o‘tirsang o‘lasanmi! Ha, so‘qir, oshga pashsha bo‘lmay, har narsa bo‘lgur (Boshbekov Sh. “Eshik qoqqan kim bo‘ldi”, 261). Xuddi shunday o‘ziga murojaat Tesha nutqida ham uchraydi. Teshani kaltaklab ketishganida u o‘ziga-o‘zi gapiradi: Burun joyida. Oyoq-qo‘l butun. Bosh omon…Qolgani topiladigan narsa. Endi nima qildik, Mulla Teshavoy? Aqlli odam bunaqa paytda opasiga ko‘rinmaydi (Boshbekov Sh. “Eshik qoqqan kim bo‘ldi?”, 231).
Xullas, dramatik asarlarda ham nasriy matnlardagi kabi undalma nafaqat murojaat birligi sifatida, balki qahramon xarakterini ochib berish, individual nutq hosil qilish, milliy mentalitetni ifodalash, emotsional-ekspressivlikni kuchaytirish kabi lingvopoetik maqsadlarda qo‘llaniladi.
ADABIYOTLAR
1.Аҳмедова Н. Ўзбек тилида мурожаат бирликларининг семантикконнотатив тадқиқи: Филол.фан.номз. ...дисс.автореф. – Тошкент, 2008. 2.Каримов С. Ўзбек тилининг бадиий услуби. – Самарқанд: Зарафшон, 1992.
3.Сайфуллаев А.Р. Ҳозирги ўзбек тилида ундалма. –Тошкент: Фан, 1968. – 74 б.
4. Юсупова О. Бадиий матнларда ундалма// Тил ва адабиёт масалалари. (Илмий мақолалар тўплами) – Наманган, 2017. –Б.30-33.
5. Қуронов Н., Мамажонов З., Шералиева М. Адабиётшунослик луғати. – Тошкент: Академнашр, 2010. –Б.95.
6. Ғаниев И. Фитрат драмалари поэтикаси. – Тошкент: Фан, 2005.–282 б.
7. D.Islamova. Linguistic representation and methods of its expression in artistic text. International Bulletin of Engineering and Technology (IBET). Volume: 3, Issue: 7. – Amerika, 2023. – P. 137-141. gDYAAAAJ&citation_for_view=t18kgDYAAAAJ:ULOm3_A8WrAC
8. Islamova D. Expressive means of language and transposition. International Bulletin of Applied Science and Technology (IBAST). Volume: 3, Issue: 5. – Germaniya, 2023. – P. 1231-1234. (Impact factor: UIF = 8,2 | SJIF = 5,955).
9. Yusupova O. People's oral creative work and syntactic parallelism. Asian Journal of Multidimensional Research (AJMR). Volume: 10, Issue: 3. – P. 242-246. =3&article=036https://scholar.google.com/citations?view_op=view_citation&hl=ru& user=VpmtxiEAAAAJ&citation_for_view=VpmtxiEAAAAJ:ZzlSgRqYykMC
10. Karimov S.A., Yusupova O.S., Umirova S.M. Linguopoetic features of syntactic repetition in poetry. Journal of critical reviews. Volume: 7, Issue: 11. – P. 333-336. AAAJ&citation_for_view=VpmtxiEAAAAJ:_OXeSy2IsFwC
Matn PDFdan avtomatik ajratib olingan va xatoliklar bo'lishi mumkin.