Manzarali daraxt va butalar
Jumayeva Dilnoza Abdusattor qizi
Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti
Biologiya (turlari buyicha) 3bosqich
jumayevad34@gmail.com
Kalit so’zlar; urug’, bargl, xilma-xil, poya, po’stloq, yetishtirish, hosildorlik, to’pgul, xushbo’y, shox shabbasi, baland bo’yli, manzarali, daraxt, buta, daraxtzorlar, qubba, to’kiladigan, ko’kalamzorlashtirish, yosh, soya.
Annotatsiya; Shahar va qishloqlarimizning ko’rkam qiyofada ko’rinishida albatta manzarali daraxt va butalarning ahamiyati kattadir. Ularning asosiy qismini yapon saforasi, sharq tuyasi, qrim qarag’ayi, majnuntol, hind sireni, mojjevelnik, amerika zarangi, sliva kabi daraxt va butalar tashkil etadi. Bularning aksariyati tez o’suvchi, sersoya va xushmanzarali daraxtlardir. Shuningdek, keyingi yillarda ko’p yillik, daraxtlar - dub, zarang, shamshod kabi daraxtlarni ko’paytirishga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Chunki bu o’simliklar tabiiy muhitni mo’tadillashtirib, havoni zararli gaz va tutunlardan filtrlash bilan birga shaharning ko’rkiga-ko’rk qo’shadi.
Har bir daraxtning o’z afzalligi, ahamiyati bor. Ba’zilari chiroyli bo’lsa-da, soyasi yetarli emas. Shu jihatdan qaraganda, qayrag’och, terak yoki kashtanning o’rnini archa bosa olmaydi. Yozning jazirama issig’ida bog’ va xiyobonlar, odamlar qadami uzilmaydigan yo’laklar soya-salqin bo’lishi uchun sershox, baland bo’yli daraxtlar ham kerak. Saraton kunlari akatsiya, gledichiya, chinor yoki baland bo’yli boshqa daraxtlarlarning quyuq soyasidan o’tganingizda harorat boshqa joylardagidan keskin farq qilishini sezasiz, vujudingiz orom oladi. Lekin negadir bunday daraxtlarga keyingi paytda qiziqish yo’qoldi. Ularning o’rnini ham igna bargli daraxtlar egallab olmoqda. Odamlar ko’kalamzorlashtirish va obodonlashtirish uchun iqlim va sug’orish imkoniyatlariga, ehtiyoj va qiziqishlariga qarab muayyan daraxtlarni tanlaydilar. Shu tariqa daraxtlarning turlari ham ko’paya boradi. Ilgari shaharning yashil libosini asosan mevali daraxtlar hamda chinor, terak, tol, majnuntol, qayrag’och kabi manzarali daraxtlar tashkil qilgan. O’tgan asrda oq akatsiya, shumtol kabi baland bo’yli, sersoya daraxtlar ko’plab ekilgan bo’lsa, keyinchalik igna bargli daraxtlarga e’tibor kuchaydi. Yil bo’yi yashilligini deyarli yo’qotmaydigan archa, qarag’ay, mojjevelniklar yo’llar yoqasini bezay boshladi.
Daraxtlar — tanasi yog’ochlashgan, asosan, bitta yog’on tanali, baquvvat ildizli va keng shox-shabbali, baland bo’yli ko’p yillik o’simliklardir. Bular guli, mevasi, poyasining eni, bo’yi, shox-shabbasi va barglari bilan bir-biridan farq qiladi. Daraxtlar boʻyiga qarab 3 guruhga bo’linadi:
Birinchi guruh - 35 m dan baland bo’lgan daraxtlarni o’z ichiga olib, bularga chinor, terak, qora qayin, qaragʻay kabilar kiradi.
Ikkinchi guruh - 25–35 m gacha bo’lgan daraxtlarni o’z ichiga olib, bularga qayragʻoch, yongʻoq, oq qayin, tol, qatrong’i kabilar kiradi.
Uchinchi guruh - 25 m gacha bo’lgan daraxtlarni o’z ichiga olib, bularga zarang, chetan, shumurt kabilar kiradi.
Mevali daraxtlar ham shakliga qarab 3 guruhga bo’linadi:
Birinchi guruh - shoxshabbasi koʻp, baland boʻlib oʻsadigan nok, gilos, yongʻoq, olmaning ayrim navlari kiradi;
Ikkinchi guruh - tanasi koʻrimsiz, ildiz bachkilaridan ham koʻpayadigan, boʻyi past bo’lgan shaftoli, olmaning pakana xillari, olcha va olxoʻrining ayrim turlari kiradi;
Uchinchi guruh - birinchi va ikkinchi guruh oraligʻidagi oʻrta boʻyli daraxtlar olma va oʻrikning koʻpchilik xillari va navlari, nok, olchaning ayrim turlari kiradi.
Daraxtlarning doim yashil va barglarini har yili kuzda toʻkadigan xillari ham bor. Daraxtlar yoshi ularning kesilgan toʻnkasidan yoki oʻsib turgan ildiz boʻgʻzidan (parmalab olingan oʻzagigacha), yogʻochligidagi yillik halqalar soniga, shuningdek, daraxtlarning tashqi belgilari (bargining rangi, tanasining shakli, poʻstlogʻining tusi va tuzilishi) ga qarab aniqdanadi.
Masalan, katta yoshdagi igna bargli daraxtlar bargining rangi ochroq, oʻsishdan toʻxtagan daraxtning shoxshabbasi yumaloq telpak gumbaz shaklida, tanasining pastki qismi yorilgan, qalin, oʻlik poʻstloq toʻqimalari bilan qoplangan, baʼzan poyasi sirtida yashil, sariq va boshqa tusli buqoqlar paydo boʻladi. Yosh daraxtlar tik oʻsadi, shoxshabbasi choʻziq konussimon, poʻstlogʻi silliq, yaltiroq, igna bargli daraxtlar bargi sersuv, toʻq yashil. Daraxtlarni oʻgʻitlash yoki hosil berishini toʻxtatish bilan hayotini uzaytirish mumkin. Shaftoli daraxti 15—20, saksovul 50—60, terak 70—80, tok 100, tol 300, xandon pista 350, tut va yongʻoq 400, qaragʻay, shumtol, zarang 700—1000, chinor 1000, eman 2000, shamshod 3000, mamont daraxti 6000-yil yashaydi. Daraxt insonlar uchun juda katta ahamiyatga ega. Masalan, daraxtlar karbonat angidrid (CO2) yutib kislorod chiqaradi, insonlar esa kislorod yutib karbonat angidrid chiqaradi. Mana shu tariqa tabiat va inson oʻrtasidagi uzviy bogʻliqlik shakllanadi.
Buta — poyasi yog’ochlashgan, bo’yi 2-3 m dan oshmaydigan bitta yoki bir nechta poya hosil qiladigan sershox ko’p yillik o’simlik. Butalar bir-biriga teng tana (poya) larning oʻsib chiqishi hamda past boʻlishi bilan boshqa daraxtlardan farq qiladi. Boʻyi yarim m dan past boʻlgan, shoxlari yogʻochlangan kalta oʻsimliklar butacha deb ataladi. Butalarga ayniqsa, tog’lar yonbag’rida keng tarqalgan irg’ay, singirtak, na’matak, zirk, bodomcha, uchqat, madaniy o’simliklardan anor, limon, qoraqat, ligustrum, nastarin kabi o’simliklarni misol qilib keltirish mumkin.
Yarim butalar — koʻp yillik yarim yogʻochli-yarim oʻtsimon oʻsimlik, buta va butalardan farqli oʻlaroq, faqat kurtaklarning pastki qismi qotib qoladi va koʻp yillar davomida qishda saqlanadi, yuqori qismi esa sovuq boshlanishi bilan oʻladi, issiqlik boshlanishi bilan qayta oʻsadi. Yarim butalar odatda 80 sm dan yuqori emas, kamdankam hollarda ular 150-200 smga yetadi. Yarim butalarga cho’llarda keng tarqalgan yem-xashak o’simliklardan izen, keyreuk, teresken, sarsazan, va shuvoq kabilar kiradi.
Foydanilgan adabiyotlar ro’yxati;
1.O’. Pratov, L.Shamsuliyeva, E. Sulaymonov, X.Axunov, K. Ibodov, V. mahmudov, Botanika ( morfologiya, anatomiya, sistematika, geobotanika) Toshkeny.
2. Botanika (o’quv qo’llanma). Toshkent 2018.
3. Tursunova Gulbahor Sultanova, Komilova Shoira Rafiqova Botanika asoslari ( o’quv qo’llanma). Toshkent 2009.
4.O’zME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
5.www. ziyouz.com kutubxonasi
Matn PDFdan avtomatik ajratib olingan va xatoliklar bo'lishi mumkin.