O‘ZBEK TILIDA JARGON VA UNGA YONDOSH HODISALAR
Rahimova Z. Sh.
TerDU doktoranti
Annotatsiya: Maqolada chegaralangan leksik birlik sanalgan jargonlar, shuningdek, argo va slenglarga ta’rif va tavsif keltirilgan. Misollar vositasida dalilllangan. Argo va slenglarning jargonga o‘xshash va farqli tomonlari yoritilgan.
Kalit so‘zlar: jargon, argo, sleng, yoshlar jargon, sinfiy dialekt, sotsiolekt.
Аннотация: В статье дается определение и описание жаргона, представляющего собой ограниченные лексические единицы, а также арго и сленга. Доказано примерами. Выделены сходства и различия между жаргоном и аргом, сленгом.
Ключевая слова: жаргон, арго, сленг, молодежный жаргон, сословный диалект, социолект.
Annotation: The article provides a definition and description of jargons, as well as argo and slang, which are limited lexical units. Proved by means of examples. The similarities and differences between jargon and argo, slang are highlighted.
Key words: jargon, argo, slang, youth jargon, class dialect, sociolect.
So‘zlovchi va tinglovchi muloqot jarayonida leksik birliklardan unumli foydalansagina ko‘zlagan maqsadga erishadi. Bu jarayonda so‘zlovchi va tinglovchining yoshi, jinsi, dini, ijtimoiy kelib chiqishi ham muhim rol o‘ynaydi. Quyida muloqot ishtirokchilarining ijtimoiy maqomi bilan bog‘liq nutqiy birliklar to‘g‘risida fikr yuritamiz.
Tilning kommunikativ vazifasi bilan birga estetik vazifasi haqida ham to‘xtalish lozim. Chunki, so‘zlovchi o‘z fikrlarini qanday ifodalashni, tinglovchiga aniq yetkazib berishni o‘ylaydi va o‘ziga xos usul tanlaydi. Aynan shu jarayonda tilning estetik vazifasi yuzaga chiqa boshlaydi. Ishlatilish darajasiga ko‘ra tilimizdagi so‘zlarni ikkita katta guruhga bo‘lish mumkin:
1. Umumxalq ishlatadigan so‘zlar – kundalik turmushda hammaning nutqida tez-tez qo‘llanadigan so‘zlardir. Bular faol so‘zlar ham deyiladi.
2. Umumxalq ishlatmaydigan so‘zlar – turli sabablarga ko‘ra kundalik turmushda hammaning nutqida ham tez-tez qo‘llanavermaydigan so‘zlardir. Bunday birliklar nofaol so‘zlar ham deyiladi. Atamalar, shevaga xos so‘zlar, kasb-hunarga oid so‘zlar, eskirib qolgan so‘zlar, neologizmlar, jargon so‘zlar, dialektal so‘zlar va shu kabi barcha uchun birdek tushuncha ifodalamaydigan so‘zlar nofaol so‘zlardir.
Asosan og‘zaki nutq jarayonida ijtimoiy guruhlar yoki professional guruhlar (ko‘pincha sun’iy, yashirin yoki shartli) faqat o‘zlari uchun tushunarli bo‘lgan ko‘p sonli so‘zlar va iboralardan foydalanadi. O‘zbek adabiy tilida ularni bir nechta turga bo‘lib o‘rganamiz:
Jargon [fr. jargon - ma’lum bir guruhga oid so‘z ] – biror ijtimoiy va professional guruhlarga xos, faqat ularning o‘zi tushunadigan va adabiy tildan biroz farq qiluvchi til; bundan tashqari, bu guruhlar ishlatadigan so‘zlar kamroq yopiq va oddiy nutqdan to‘liq ajralmagan bo‘ladi. Masalan: oqi “aroq”, qizili “vino”, strelka “uchrashuv”, dodasi “biror narsaning eng zo‘ri” va boshqalar.
O‘zbek tilining izohli lug‘atida jargon quyidagicha izohlanadi: “Jargon [fr. jargone-ma’lum bir guruhga oid so‘z]. Biron ijtimoiy yoki professional guruhga xos faqatgina ularning o‘zlari tushunadigan va adabiy tildan farq qiladigan so‘z va iboralar jargonlardir” [1, 74]. Jargonlarning eng xarakterli belgisi o‘zaro so‘zlashuv jarayonida tinglovchini o‘zidan past o‘rinda ekanligini ta’kidlash yoki alqash mazmunini ifodalashdir. Shunga ko‘ra jargonlarning yaratilish yo‘llari ham ko‘pincha tilning so‘z yasash sistemasiga to‘g‘ri kelmaydi. Ular o‘ziga xos sun’iy, shartli so‘zlardir.
Jargonlar (fransuzcha jargon) aslida “yuqori tabaqa” kishilari nutqiga xos bo‘lib, tor doirada qo‘llanadigan “sinfiy dialektlar”, ular ommaga tushunarsiz va umumxalq tiliga yotdir [3:42]. Jargonlar kasbiy nuqayi nazardan ham guruhlanishi mumkin. Kasbiy jargonlarning professional so‘zlardan farqli jihati – ular faqatgina shu soha vakillarigagina tushunarli bo‘ladi. Professional terminlar barcha uchun tushunarli, lug‘atlardan o‘rin egallaganligi bilan ulardan farq qiladi. Jargonlar o‘zbek tilidagi lug‘atlarga deyarli kiritilmagan. Ular asosan jonli nutqda “yashaydi”.
Jargonga yaqin hodisa argo haqida Azim Hojiyev quyidagicha fikr beradi: “Argo [fr. Argot – jargon]. Yasama til. Biror ijtimoiy gurh, toifaning (masalan, talabalar, sportchilar, o‘g‘rilar va b.) o‘ziga xos boshqalar tushunmaydigan leksik birliklardan iborat yasama til” [2, 17]. Jargon va argolarni tadqiq qilish orqali har ikkala birlikning umumiy va xususiy jihatlarni tasniflash mumkin. Umumxalq tilidan farq qiladigan, ammo o‘zining fonetikasi va grammatik tizimiga ega bo‘lmagan kichik ijtimoiy yopiq guruh tili. U yasama til ham deb ataladi. Argoni tushunarli qilib talabalar, sportchilar, o‘g‘rilar, otarchilar, mahbuslar va shunga o‘xshash ijtimoiy guruhlarning o‘ziga xos, boshqalar tushunmaydigan lug‘aviy birliklardan iborat tili desak ham adashmagan bo‘lamiz. Masalan: loy, yakan “barchasi pul ma’nosini bildiradi”, bеdana “to‘pponcha”, zamri “qimirlama”, atamri “ishingni davom ettir”, shuxеr “qoch” va boshqalar. Argo yopiq ijtimoiy guruhning tilidir va u keng tarqalgan ishlatiladigan so‘z birikmalarini to‘liq o‘zgartiradi. Argolar jargonga nisbatan o‘zining yashirinlik xususiyati bilan ajralib turadi. Shuning uchun ular ko‘proq jamiyatning yashirin tabaqalari hisoblangan josuslar, jinoyatchilar, o‘grilar, giyohvandlar, fohishalar va boshqa yopiq ijtimoiy guruhlar nutqida uchraydi. “Argotizmlar jargon va ijtimoiy nutqning bir ko‘rinishi sifatida tor ixtisoslik doirasiga yo‘nalganligi, qo‘llanilishda shartlanaganligi, sun’iy yasalishga egaligi, maxfiyligi, salbiy bo‘yoqdorlikka egaligi, umum uchun tushunarsiz ekanligi bilan farq qiladi” [4, 333]. Sanab o‘tilgan guruhlar jamiyatda salbiy baholanadigan ishlar bilan shug‘ullanishi va o‘zlarining g‘arazli niyatlari fosh bo‘lmasligi uchun kodlashtirilgan til birliklaridan foydalanadilar.
Jargonlar ko‘pincha tildagi so‘zlarning tovush tomonini o‘zgarishi, buzib qo‘llash, boshqa tillardan so‘z o‘zlashtirish va tildagi mavjud so‘zlarga ma’no berish yo‘li bilan hosil qilinadi. Yoshlar jargoni dunyoning eng tez va eng keng rivojlangan tili hisoblanadi.
Sleng [eng. Ijtimoiy yoki professional jihatdan mustaqil guruh yozuvi; jargon]. Adabiy til normasiga mos kelmaydigan (odatda ifoda rangli) so‘zlardan foydalanadigan til. Sleng so‘zining qachon paydo bo‘lgani aniq emas, lekin u ilk bor yozma ravishda XVIII asrda Angliyada qayd qilingan va o‘sha davrda “haqorat” ma’nosini anglatgan. Masalan: olmaxon “o‘zini oladigan, nozlanadigan odam”, g‘isht “xunuk”, sindirdi “lol qoldirdi” va boshqalar. Bu uch tur ham o‘xshashliklarga va farqlarga ega. Ularning barchasi ma’lum ijtimoiy yoki kasbiy guruhlarning tiliga tegishlidir, ammo so‘zlashuvda va barqarorlik hamda yangilanib turish nuqtayi nazaridan izolyatsiya darajasida farqlanadi. Sleng ham jargon asosida tashkil topgan bo‘lsa-da, lekin u jargon va argoga nisbatan keng tarqalgan bo‘lib, ijtimoiy va professional guruhlardan tashqariga chiqishi va odatdagi foydalanuvchilar tomonidan nutq sharoitida ishlatilishi mumkin. Bundan tashqari, sleng asosan, yoshlar tilidagi so‘zlar bo‘lgani bois uning tarkibi doimiy o‘zgarib turadi va yangilanadi. “Sleng (inglizcha sling – otmoq, uloqtirmoq) inlizcha termin hisoblanadi va u ingliz ijtimoiy dialektlari orasida alohida o‘ringa ega. Dastlab sleng slanguage (s+language), thieves ning birinchi harfi s tovushiga almashgan thieves’ language (jinoyatchilar tili) ma’nosini anglatgan. Sleng jargoning bir ko‘rinishi sifatida kishilik jamiyatining yoshga doir qatlam vakillarining nutqiy xususiyatlarini namoyon etadi [4, 334]. Sleng Yevropada dastlab salbiy ottenkali so‘zlar sifatida qayd etilgan bo‘lsa-da, bugungi kunga kelib uning ma’no maydonida biroz siljish kuzatiladi. Hozirda slenglar nafaqat salbiy, balki ijobiy xarakterda ham bo ‘lishi mumkin. Uning asosiy xarakterli tomoni, yoshlar o‘zlarini namoyon etish, “ko‘rsatib qo‘yish”, ajralib turish maqsadida foydalanishlaridir. “Sleng – G‘arb tilshunosligi an’analariga xos termin sanaladi. “Sleng” terminiga haligacha aniq ta’rif berilmagan. Turli lug‘atlarda va sotsiolingvistikaga oid adabiyotlarda uning “jargon” (guruh jargon, yoshlar jargoni) terminiga yaqin turishi qayd qilingan” [5, 17]. Muallif Sh. Usmonova slengni ta’riflay turib “guruh jargon”, “yoshlar jargon” deya o‘rinli ta’kidab o‘tgan. Sleng jargonning bir ko‘rinishi bo‘lsa-da, u asosan, yoshlar nutqida kuzatiladi.
“Sleng” atamasi leksikologiyada birmuncha kechroq paydo bo‘ldi. Og‘zaki nutqni o‘rganish jarayonida “jargon” va “argo” tushunchalari, tarixiy nuqtayi nazardan, undan foydalanuvchilar guruhining chegaralanganligi va leksik birliklar semantikasining ajratilganligini ko‘ramiz. Shu bilan bir vaqtda og‘zaki nutq til muhiti normalaridan farqli va juda ko‘p sonli kishilarni birlashtiruvchi muhit sifatida mavjudligi ham ma’lum bo‘ldi. Sleng deganda biz odatda og‘zaki nutq turlaridan birini tushunamiz. U jamiyat tomonidan norasmiy (“maishiy”, “betakalluf”, “ishonchli”) nutq shakli sifatida baholanadi. Sleng o‘z navbatida argo va jargonga xos birliklarni hamda ularning ma’nolarini metaforik jihatdan o‘zgartirib va kengaytirib o‘zlashtirishi mumkin. Bu yerda nutqning ekspressiv, so‘z o‘yini va zamonaviy neologizmlarga boy sun’iy shakllantirilgan turi haqida gap bormoqda. O.S. Axmanovaning lug‘atida sleng atamasiga ikkita ta’rif berilgan: 1. Kasbiy nutqning og‘zaki varianti. 2. Ma’lum kasbiy yoki ijtimoiy guruhning og‘zaki variant elementlari bo‘lib, ushbu guruhdagi odamlar nutqidan adabiy til yoki umumiy nutqqa to‘g‘ridan-to‘g‘ri, ularga aloqasi bo‘lmagan holatda kiradi. Muallif bu lug‘atida slengga ham jargon nuqtayi nazaridan umumiy xulosa bergan.
Xulosa o‘rinda aytish mumkinki, Jargon, argo va sleng – sotsiolektning turlari hisoblanishi barchamizga ma’lum. Mazkur til shakllarining har biridagi o‘ziga xos xususiyat u yoki bu guruhlarning kasbiy alohidaligi yoki ularning boshqa jamoalardan ijtimoiy cheklanganligi bilan bog‘liq. Hozirgi vaqtda jargon haqida qandaydir ijtimoiy guruhning yopiq nutqiy muloqot shakli sifati haqida gapirish noto‘g‘ri bo‘lar edi: yoshlar jargoni nutqning pasaytirilgan usuli bo‘lib, tengqurlar orasidagi erkin muloqot vositasidir.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI
1. Ўзбек тилининг изоҳли луғати. 2 жилд. –Т., O‘zbekiston milliy ensklopediyasi давлат илмий нашриёти. 2020. –B. 671. 2. Hojiyev A. Tilshunoslik terminlarining izohli lug‘ati. – Toshkent: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, 2002. –B. 168. 3. Iminov M., Nu’monov T., Boboxonova D. O‘zbek tili uslubiyati masalalari. – Namangan. “Namangan” nashriyoti. 2007. –B. 114. 4. Maxmaraimova Sh. Hozirgi o‘zbek tili. Leksikologiya. –T., Firdavs-shoh, 2021. –B. 378. 5. Usmonova Sh. va boshqalar. Sotsiolingvistika. O‘quv qo‘llanma. –T., Universitet, 2014. –B. 88.
6. Umurqulov B. AN ESSENTIAL FEATURE OF ARTISTIK DISCOURSE
//Scientific Bulletin of Namangan State University. – 2019. – Т. 1. – №. 10. – С. 242- 246. 7. Умуркулов, Б. "Бадиий адабиётда суз." (1993). 8. Курбаназарова Н. Ш. ЛИСОНИЙ ТИЗИМДА ЭТНОГРАФИК
БИРЛИКЛАРНИНГ ЛИНГВОМАДАНИЙ АСПЕКТИ (СУРХОНДАРЁ ТЎЙ
МАРОСИМЛАРИ МИСОЛИДА) //МЕЖДУНАРОДНЫЙ ЖУРНАЛ
ИСКУССТВО СЛОВА. – 2020. – Т. 3. – №. 4.
9. Эргашева Д. А. ODIL YOQUBOV ASARLARIDA INSON RUHIY HOLATI
IFODALANISHINING LISONIY MANZARASI //МЕЖДУНАРОДНЫЙ ЖУРНАЛ
ИСКУССТВО СЛОВА. – 2020. – Т. 3. – №. 1.
10. Rakhimova Z. S. ARGO AS A SOCIALLY LIMITED LEXICAL UNIT
//CURRENT RESEARCH JOURNAL OF PHILOLOGICAL SCIENCES (2767-
3758). – 2021. – Т. 2. – №. 12. – С. 146-150. 11. Bakhodir T., Amonturdiyev N. R. LEXICO-SEMANTIC FEATURES OF TRADER SPEECH //Web of Scientist: International Scientific Research Journal. – 2022. – Т. 3. – №. 5. – С. 2122-2125.
Matn PDFdan avtomatik ajratib olingan va xatoliklar bo'lishi mumkin.