ResearcherUz LogoResearcherUz
Jurnalni ko'rish

SHUHRAT MATKARIMOVNING “YO‘RIQSIZ TUSHLAR” QISSASIDAGI FONETIK-FONOLOGIK BIRLIKLAR TAHLILI

Annotatsiya

Inson so‘z ma’nolarini tovushlar orqali anglaydi. Shu sabab nutq tovushlari ham boshqa til birliklari singari insonlar uchun nafaqat fikrlarni bayon etish, balki his-tuyg‘u va ruhiy holatlarni ifoda etishning beqiyos vositasi sifatida namoyon bo‘ladi. Ushbu maqolada badiiy asar mazmunini va badiiyligini oshirishga hissa qo‘shgan fonetik-fonologik xususiyatlar bugungi kunning mahoratli yozuvchilaridan biri Shuhrat Matkarimovning “Yo‘riqsiz tushlar” qissasi misolida tahlil qilingan.


To'liq PDF hujjat

O'xshash maqolalar

Maqola matni

QODIROVA MASHHURA

Annotatsiya: Inson so‘z ma’nolarini tovushlar orqali anglaydi. Shu sabab nutq tovushlari ham boshqa til birliklari singari insonlar uchun nafaqat fikrlarni bayon etish, balki his-tuyg‘u va ruhiy holatlarni ifoda etishning beqiyos vositasi sifatida namoyon bo‘ladi. Ushbu maqolada badiiy asar mazmunini va badiiyligini oshirishga hissa qo‘shgan fonetik-fonologik xususiyatlar bugungi kunning mahoratli yozuvchilaridan biri Shuhrat Matkarimovning “Yo‘riqsiz tushlar” qissasi misolida tahlil qilingan.

Kalit so‘zlar: Lingvopoetika, poetik fonetika, tovushlar uyg‘unligi, emotsional ifoda, intim kechinmalar.

XX asr sistem tilshunosligi bag‘rida ko‘plab yangi lingvistik oqim va maktablar vujudga keldi, ularda ulkan zamonaviy yutuqlar qo‘lga kiritildi. Til ijtimoiy-psixologik hodisa sifatida doimo osonlik va qisqalikka intiladi. Inson uchun qanday talaffuz qilish to‘g‘riligidan ko‘ra, ko‘proq qanday talaffuz qilish qulay va osonligi muhimroq. Tildagi fonetik va leksik so‘zlarni qo‘llash bir qancha osonlikni va ravonlikni ta’minlaydi. Badiiy asarning bosh unsuri so‘z, umuman, til ekan, ana shu asarning chinakam san’at darajasiga ko‘tara olishida uning tili, muallifning til vositalarini qay darajada qo‘llay olishi asosiy omildir. Adabiyotimizda iz qoldirgan har bir ijodkor asarlarining tilini o‘rganish, birinchidan, adibning mahoratini o‘rganish, shu bilan birga, tilimiz rivojiga uning asarlari tili ta’sirini, tadqiqotning esa tilshunosligimiz taraqqiyotiga qay darajada ta’sir ko‘rsatayotganligini belgilash ehtiyojidan kelib chiqadi.

Tabiiyki, badiiy asarni lingvopoetik tahlil qilishning bir qator tamoyillari mavjud. Badiiy matn lingvopoetikasi muammosini o‘zbek tili materiallari asosida mufassal tadqiq etgan M.Yo’ldoshev lingvopoetik tahlilning quyidagi asosiy tamoyillarini ko‘rsatadi:

1) shakl va mazmun birligi asosida yondashuv;

2) makon va zamon birligidan kelib chiqish;

3) umumxalq tili va adabiy til munosbati asosida baholash;

4) badiiy matnga badiiy-estetik yaxlitlik sifatida yondashuv;

5) badiiy matnda poetik aktuallashgan til vositalarini aniqlash;

6) badiiy matndagi eksplitsitlik va implitsitlik nisbatini aniqlash;

7) badiiy matndagi intertekstuallik mexanizmlarining lisoniy va semantik xususiyatlarini aniqlash.[1:3]

Tadqiqotchi lingvopoetik tahlilda badiiy matnda poetik aktuallashgan til vositalarini aniqlash muhim tamoyillardan ekanligini alohida ta’kidlaydi, chunki bunday vositalarning lingvistik va badiiy mohiyatini ochib berish orqali badiiy mazmunning shakllanishi va ifodalanishi mexanizmlarini aniq tasavvur qilish mumkin. Lingvopoetikani quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha tahlil qilish mumkin:

-poetik fonetika;

-poetik leksikologiya;

-poetik morfemika;

-poetik semantika;

-poetik sintaksis.[2.5]

Taniqli yozuvchi, o‘tkir jurnalist, mohir tarjimon, ko‘hna tariximiz, ulug‘ ajdodlarimiz hayoti va faoliyatining chuqur bilimdoni, sermahsul ijodkor Shuhrat Matkarimovning bir qancha asarlarida lingvopoetik tahlil unsurlarini ko‘plab namunalarini uchratishimiz mumkin. Jumladan, “Yo‘riqsiz tushlar” qissasida lingvopoetik birliklardan unumli foydalangan. Biz lingvopoetikaning yo‘nalishlaridan biri poetik fonetikani “Yo‘riqsiz tushlar” qissasi misolida tahlil qilishga jazm qildik. Adib qissada buning juda go‘zal namunalarini mahorat bilan o‘rinli qo‘llagan. Dastlab, poetik fonetika haqida to‘xtalsak. Poetik fonetika- bunda badiiylikni ta’minlovchi unsurlar sifatida tovushlar tadqiq etiladi. Ya’ni uslubni yaratishda o‘ziga xos tovush o‘zgarishlari, urg‘uning berilishi, ularning o‘quvchi tasavvurga ta’siri va boshqa omillar e’tiborga olinadi. Masalan, she’riyatdagi vazn talabiga ko‘ra tovush tushishi, tovush orttirilishi, tovushning o‘rin almashishi kabilar. Nasrda ham obrazning ishonchli bo‘lishi uchun turli so‘zlar ifodasidagi o‘ziga xos holatlar(masalan, yo‘o‘o‘g-e? yoki mazza!) kuzatiladi. Bu kabi o‘zgarishlarning maqsadini lingvopoetik tahlil ochib beradi.[2.5]. Quyida qissani poetik fonetika yo‘nalishida tahlil qildik. Asarda ular bir qancha ma’nolarni o‘zida aks ettirgan.

Qahramon his-hayajoni, ta’sirchanlik yoki da’vat ifodasi. Yozuvchi asar mazmunini boyitish, qahramonlar kechinmalarini aks ettirish, nutqning musiqiyligi hamda ta’sirchanligini oshirish uchun bu usulni qo‘llaydi. Shuhrat Matkarimov bu usuldan unumli va o‘rinli foydalangan:

Sermalanib shangilini topdim, qonib-qonib suv ichdim. “Tavba-aa, bu tushning ta’biri ne bo‘ldi ekan?” o‘yladim xo‘rsinib. Uyqum qochib ketgandi.

-Tss…sekin! Kishi javob berishga ulgurmaydi. Uyda qiy-chuv qaytarildi. Marhumni olib ketayotgan edilar.

-Qachon kelding-a bolam, qachon? Tanish-bilishlar sog‘-omonmi Hmm… - Ayolning olma-kesak terayotgan ko‘zlari birdan yerga qadaldi.

Shu payt yelkamdan kimdir turtdi. O‘girilsam shu ayolning savdoyi o‘g‘li. -Shshalom,-dedi u. Ovozi bo‘g‘zining tub-tubidan chiqqanligi uchun nihoyatda g‘ayritabiiy eshitilardi.

-Uyaatsiz! Aytma u gapni, aytma!- ayol o‘g‘lini turta-turta hovlidan chiqara boshladi.

-Sh-shu… o‘zim keldim, - ming‘irladim men.

-Yo‘-o‘q, a-aa, yo‘q. E-eee… U kutilmaganda yig‘lab yubordi.

Ma’no qo‘shish yoki kuchaytirish ifodasi. Bu usuldan muallif, ba’zan, asar qahramonining o‘z fikrlarini yoqlashi yoki asoslashi, ta’kid ma’nosini ifodalash maqsadida foydalangan. E. Qlichevning fikricha: “Tinglovchi ma’noni tovushlar yordamida qabul qiladi. Shuning uchun so‘z tarkibidagi biror tovushning talaffuzda o‘zgarishi(cho‘ziq aytilishi, tushirib qoldirilishi, qavatlanishi) ma’noga ham ta’sir qiladi”[3:88]. Ushbu fikrlar tasdig‘ini Arastu asarlarida ham uchratamiz: “Ifodaning aniq, ravshan va ajoyib bo‘lishini ta’minlashda uzaygan, qisqargan va o‘zgargan so‘zlar ham samarali ta’sir qiladi”[4:57]

-Menga qara, umuman, tushingda uchding nima, o‘ngingda uchding nima? Albatta. Albatta, farqi yo‘q. Ho‘o‘o‘p, deylik, mana sen o‘ngingda uchding. Qaytib tushasanmi axir yerga?

-Tavba-a,- deydi bobom. -Bandasi oyoq-qo‘li bilan odam odam ekan. Karimning bo‘lganiga qara, ko‘z-quloqli bir to’nka.

Kutilmaganda qo‘lini havoda sermab oyisining ustiga intildi: -Apa yaman, apa yaman! U-uhh!

-Kim u kirmagan ki-im! Kiring axir, jirkanasizlarmi endi menda-aan?!!

Qat’iylikni uyg‘otish, ishonchni oshirish ifodasi. Adib qahramonning boshqalarni o‘ziga ishontirish, fikrida qat’iy turish kabi ma’nolarini badiiy va jozibali tasvirlash uchun qo‘llagan:

He-he! Ey, jo‘ra-eyyy. Eng asosiysi uchish, parvoz tuyg’usining his qilish. Uchish tushdami, o’ngdami, buning farqi yo‘q.

Chaqiruv ma’nosini kuchaytirish ifodasi. Shuhrat Matkarimov bu usuldan foydalanib, ta’sir kuchini oshirish orqali asarga o‘zgacha va takrorlanmas ruh baxsh etgan:

Ko‘chaga chiqishim bilan avtobus bekatidagi tilanchi cholning yoqimsiz ovozi kayfiyatimni bir pul qildi: -O‘gle-em, qiz-em, xudoning yo’liga! Og‘le-em, qiz-em…

-Uvv!

-Opajonim-ovv!

-Enam-eyy!

-Yostiqdoshim-eyyy!!! Partkom buvaning ovozini eshitib hamma beixtiyor o‘rnidan turib ketdi.

-Ularnikiga kirib borganimda tovuqxonada kimdir ivirsib yurgan ekan. “Salima opa kasalxonadan chiqibdi?”- deb o‘ylab qichqirdim: -Xola-uu!

Qissada tovushlarni cho‘zish, qavatlash yoki takrorlash kabi fonetik usullardan yozuvchi muayyan ma’no va munosabatlarni, qahramonlarning ruhiy holatiemotsiyalarini ifodalash uchun foydalangan.

Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, mahoratli yozuvchi har qanday til birligidan ulkan ma’no ifoda etish vositasi sifatida foydalangan. Bu orqali poetik asar jozibasini oshirish, matnni o‘quvchining yodida saqlanishini osonlashtirish, obrazlilikni hamda asar tilining jonliligini ta’minlashga erishgan. Tovushlarni cho‘zish orqali ularning mo‘jizaviy xususiyatlarini yorqin ifoda etgan.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Yo‘ldoshev M. Badiiy matnning lingvopoetik tadqiqi. -T.,2009.

2. O‘ralova Ch., Boymatov S., Zamonaviy tilshunoslikda lingvopoetika tadqiqi. -T.,2021

3. Qilichev E. O‘zbek tilining praktik stilistikasi. -T.,1985.

4. Arastu. Poetika. -T., 2018.

Matn PDFdan avtomatik ajratib olingan va xatoliklar bo'lishi mumkin.