ResearcherUz LogoResearcherUz
View Journal

ABDULLA ORIPOVNING ALISHER NAVOIY G‘AZALLARIGA BOG‘LAGAN MUXAMMASLARI BADIIYATI

Abstract

Mazkur maqolada ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiyning Abdulla Oripov ijodiga ta‘siri masalasi o‘rganildi. Navoiyning Abdulla Oripov ijodiga adabiy ta‘siri keng qamrovli bo‘lib, maqolada ushbu masalaning ayrim jihatlari kuzatiladi. Unda shoirning Navoiyga bag‘ishlangan she‘ri va g‘azaliga bog‘lagan muxammasi tahlili misolida Abdulla Oripov badiiy mahoratining o‘ziga xosligi muayyan darajada tadqiq etiladi. Alisher Navoiyning “Xazoyin ul-maoniy” devonidagi “G‘aroyib us-sig‘ar” dagi 203 g‘azali hamda “Favoyid ul-kibar” dagi 388-g‘azali tahlil qilingan.


Full PDF Document

Related Articles

Full text

BOG‘LAGAN MUXAMMASLARI BADIIYATI

Ahadjon Muhammadiyev Mahmudovich

Shahrisabz Davlat Pedagogika instituti

Batirova Nazokat Baxtiyorovna

Shahrisabz Davlat Pedagogika instituti

+998977511697

Annotatsiya:Mazkur maqolada ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiyning Abdulla Oripov ijodiga ta‘siri masalasi o‘rganildi. Navoiyning Abdulla Oripov ijodiga adabiy ta‘siri keng qamrovli bo‘lib, maqolada ushbu masalaning ayrim jihatlari kuzatiladi. Unda shoirning Navoiyga bag‘ishlangan she‘ri va g‘azaliga bog‘lagan muxammasi tahlili misolida Abdulla Oripov badiiy mahoratining o‘ziga xosligi muayyan darajada tadqiq etiladi. Alisher Navoiyning “Xazoyin ul-maoniy” devonidagi “G‘aroyib ussig‘ar” dagi 203 g‘azali hamda “Favoyid ul-kibar” dagi 388-g‘azali tahlil qilingan.

В данной статье рассматривается влияние великого мыслителя Алишера Навои на творчество Абдуллы Орипова. Литературное влияние Навои на творчество Абдуллы Орипова обширно, и в статье рассматриваются некоторые аспекты этого вопроса. В ней в определенной степени исследуется своеобразие художественного мастерства Абдуллы Орипова на примере анализа поэмы и газели поэта, посвященных Навои. Проанализированы 203-я газель Алишера Навои в «Гараиб ус-сигар» из «Хазайн ул-маони» и 388-я газель в «Фавойид улкибар».

This article discusses the influence of the great thinker Alisher Navoi on the work of Abdulla Oripov. The literary influence of Navoi on the work of Abdulla Oripov is extensive, and the article discusses some aspects of this issue. To a certain extent, it explores the originality of the artistic skill of Abdulla Oripov on the example of the analysis of the poet's poem and ghazal dedicated to Navoi. The 203rd gazelle of Alisher Navoi in "Garaib us-sigar" from "Khazain ul-maoni" and the 388th gazelle in "Favoyid ul-kibar" were analyzed.

Muxammas izdoshlikning muhim ko‘rinishlaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, mumtoz she‘riyatda izdoshlik masalasini bir shoir g‘azallariga bog‘lagan muxammaslar misolida ko‘rib chiqilsa, bu masala mohiyati yanada oydinlashadi. Mumtoz she‘riyatimizning boy xazinasidan ma‘lumki, biror shoirning g‘azaliga bog‘lanayotgan muxammas ikki shoirning mahorat bobida o‘zaro musobaqasi, she‘r bobida bellashayotgan vaziyatini namoyon qilganidek taassurot uyg‘otadi. Aslini olganda, muxammasning ikki ko‘rinishi mavjud.

Birinchi ko‘rinishida taxmis bandlaridagi barcha misralar muxammas yozayotgan muallif qalamiga mansub bo‘ladi va bunday taxmislar tab‘i xud muxammas hisoblanadi.

Ikkinchi turida esa muxammas biror boshqa shoirning g‘azaliga bog‘lanadi. Bunda g‘azalning har bayti oldidan shu mazmun, shu vazn, shu qofiya, radifi bo‘lsa, shu radifga muvofiq keluvchi uch misradan qo‘shib boriladi. Muxammasning har ikkala turi ham shoirdan katta mahoratni talab qiladi. Biroq boshqa shoir g‘azaliga bog‘langan taxmisda muxammas bog‘layotgan shoir g‘azal muallifining “chizgan chizig‘idan chiqa olmaydi”. Taxmis qilayotgan shoir tanlangan g‘azal muallifi darajasiga chiqishga sa‘y qiladi. Bu jarayonda g‘azal muallifi qo‘llagan mazmun va shakl unsurlarini benihoya o‘tkir zehn va o‘ta nazokat bilan o‘zi bitgan misralar bilan bog‘lay bilishi talab etiladi. Aks holda, g‘azalning emas, balki taxmisning tanqiddan tuban bo‘lishiga olib keladi. Va taxmis bog‘lovchining shoirlik sha‘niga ham jiddiy putur yetadi.

O‘zbekison Qahramoni Abdulla Oripov ijodiy merosida ko‘pgina so‘z san‘atkorlari qatori Navoiydan bahramandlik alohida o‘rin tutgan. Abdulla Oripov mahoratining bir qator qirralari ko‘zga tashlanadiki, shoir bu muxammas misolida Alisher Navoiyga izdoshligi anchayin chuqur bo‘lgani, o‘z muxammasini navoiyona mazmun bilan boyita olganini dalillashga erishgan. To‘g‘ri, Alisher Navoiyga izdoshlik, xususan, uning g‘azallariga muxammas bog‘lash deyarli barcha mumtoz shoirlarda uchraydi. Aytish mumkinki, bu muxammaslarning barchasining ham saviyasi yuqori deb bo‘lmaydi. Biroq bular Alisher Navoiyga izdoshlikning o‘ziga xos maqbul bir ko‘rinishi sifatida e‘tiborlidir. Zero, Navoiyga ergashish natijasida paydo bo‘lgan bu she‘rlar ikki tomonlama ahamiyat kasb etadi. Bir tomondan ulug‘ shoirning ayrim she‘rlarining mazmun mohiyatini takroran o‘rganishga ko‘mak bersa, boshqa tomondan, Alisher Navoiy g‘azaliyoti va unda ko‘tarilgan mavzuning umrboqiy ekanligini yana bir karra tasdiqlaydi. Alisher Navoiyning “Favoyid ul-kibar” devonidagi 388-g‘azalining dastlabki bandi quyidagicha:

Xil‘atin to aylamish jonon qizil, sorig‘, yashil,

Shu‘lai ohim chiqar har yon qizil, sorig‘, yashil.1

G‘azalning birinchi bayti qachonki mening go‘zalim o‘zini qizil, sorig‘, yashilga bezasa, oshiq nafasidan ham qizil, sorig‘, yashil rangli uchqunlar chiqadi. Navoiy baytlarida ko‘plab san‘atlar qorishiq keladi. Navoiy aytmoqchi, uning mahbubasi qizil, 1 Alisher Navoiy. Xazoyin ul-maoniy.”Favoyid ul-kibar” Yigirma tomlik.6-tom.Toshkent-1990.398-bet. sorig‘, yashil rangli libosda ko‘rinsa, bundan ishqi o‘rtangan oshiqning ohi qizil, sorig‘ va yashil tusda osmonga bo‘ralab ko‘tariladi. Shoir ohi misoli gulxandan ko‘tarilayotgan shu‘ladek. Gulxan shu‘lasi turli ranglarda jilolanadi. Bu yerda shoir qalb otashining shunday kuchli ekanligini ifodalamoqdaki, undan ko‘tarilgan oh-fig‘on bamisoli gulxan ustida tovlanayotgan shu‘laga mengzaladi. Bu tashbeh san‘atidir. 2012 yilda shoir Abdulla Oripov yangi shaklga qo‘l urdi: uch misrali banddan tashkil topgan oq she‘rlarni “Ranglar va ohanglar” turkumiga birlashtirdi. Mana o‘sha uchlikning boshlanishi:

Shu‘lai ohim chiqar har yon qizil, sorig‘, yashil.

(Alisher Navoiy)

Oq dengizdan oq shamollar essalar,

Qizilidan kelsa alvon shabboda,

Qora dengizdan-chi, tim qora nasim.2

Avvalo, to‘plamning nomidan ham poetika borligini ta‘kidlash kerak. Mazkur asar ham shoirning eng go‘zal asarlaridan biri bo‘lib, unda inson ruhiy holatlari nozikligi, sirliligi tashqi dunyo va odam surati bilan uyg‘unlikda g‘oyat noziklikda tasvirlangan. She‘rda boshdan-oyoq ranglar jilva qiladi. Shoir tanlagan uch rang: qizil, sarig‘, yashil-o‘zining barcha tovlanishlari bilan namoyon bo‘ladi. Tabiatdagi oddiy rang-tusni anglatishdan ijtimoiy, hatto siyosiy ohanglarni ifodalashgacha ko‘tariladi. Shoir butun borliqni shu uch rangda ko‘radi. Va olamni shu ranglar vositasida ko‘rsatadi.

Abdulla Oripovning Navoiy ijodiga bo‘lgan munosabati uning g‘azaliga bog‘lagan muxammasida yanada yaqqolroq kuzatiladi. Ma‘lumki, biror shoir g‘azaliga muxammas bog‘lash g‘oyatda mas‘uliyatli ish bo‘lib, g‘azalda ifoda etilgan mazmunni chuqur his qilgan holda muxammasda shu ma‘noni yanada chuqurlashtirishi, hayotga zamonga moslashtira olishi lozim. Muxammas vazn, qofiya, Navoiy davri leksikasiga oid so‘zlar va fonetik unsurlardan tashqari, mazmun-mohiyat, pafos, badiiy tasvir poetikasi nuqtayi nazaridan ham asos-g‘azal bilan birlik hosil qila olgan. Muxammas haqidagi tasavvuringiz bir butun bo‘lishi uchun she‘rni to‘liq keltiramiz:

Malomat xanjari birla doim yurakni tilasiz.

Nechuk g‘am ustiga g‘amdur: ahli g‘animim ila siz,

Tosh otibon ne uchun telbalarga qotilasiz.

G‘aribman, vasl uchun dilni gadoyingiz qildim, 2 Abdulla Oripov. Tanlangan asarlar.7-jild G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi.Toshkent-2013.80-bet.

Yigitlik umrini ishqqa fidoyingiz qildim,

Agarchi ko‘rmadim mehre, duoyingiz qildim,

Keching ko‘ngul bila jonkim, vidoyingiz qildi,

Firoq agar bu durur, erta kunni kech qilasiz.

Buyuk dard yetdi Majnung‘a, olomon, yig‘lang

Ketur armonda ko‘ngul, man notavon yig‘lang,

To‘kilsin ashk kabi yulduz, osmon yig‘lang,

Firoq kunidir, ey ko‘zlar emdi qon yig‘lang,

Bilurmi sizki, bu kun ne kishidin ayrilasiz.

Tanimi bo‘yla zax aylag‘on qon biri, biri ashk,

Ne erdi bilmam, ayo jononki, g‘alat siri ashk,

Meni qilurkim, g‘ariqi daryo, netay, oxiri ashk,

Ko‘zim haqqini bihil qildim, ey javohiri ashk,

Ki bori ham oning-o‘q maqdamig‘a sochilasiz.

Bag‘irg‘a nayzamu dog‘i yana zaxm bitmay,

Ko‘ngul dard ustina dard, avvalg‘i dard ketmay,

Yiqilg‘um, oxiri bu yo‘lda emdi sabr etmay,

Firoq neshlari, vahki, yana rahm etmay,

Nafas-nafas nega majruh ichimga sanchilasiz?

Necha ishq kufrini qildim, Alloh, netub yashuray,

Junun hayronlari, dardni, oh, netub yashuray,

G‘alat devonalig‘im tutsa goh, netub yashuray,

Ko‘ngul fasonalari, sizni voh, netub yashiray,

Bu nav‘kim, yuz uza qon yosh ila yozilasiz.

Kelubdur og‘zima jonim, qilurman ishiqim zikr,

Netaykim, vasl erdi orzu, vale dildordin makr,

Netsin, Abdulla hayrondir, ayo pir aylang fikr

Navoiy hajrg‘a qoldi, qiling visolda shukur,

Jamoateki, sevar yoringiz bila bilasiz.3

Buyuk shoir Alisher Navoiy an‘analarini davom ettirib, u yaratgan g‘azallariga o‘z zamonasida ham, keyingi asrlarda ham juda ko‘plab ijod ahllari taxmis bog‘lab, muxammaslar yaratgan. Zamondoshlari qatori Abdulla Oripov ham, Navoiyning g‘azaliga muxammas bog‘lagan. Quyida Abdulla Oripov tomonidan Navoiyning “G‘aroyib us-sig‘ar” devonidagi 203-g‘azaliga bog‘lagan taxmisi birinchi bandini ko‘rib chiqamiz. 3 Abdulla Oripov. Tanlagan asarlar.To‘rt jildlik. 2-jild.G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san‘at nashriyoti. Toshkent2001.299-bet.

Abdulla Oripov:

Malomat xanjari bila doim yurakni tilasiz.

Nechuk g‘am ustiga g‘amdir:ahli g‘animim ilasiz,

Alisher Navoiy:

Tosh otibon ne uchun telbalarga qotilasiz.4

Ushbu muxammas Abdulla Oripovning 2001-yilda chop etilgan tanlangan asarlar 2-jildidan o‘rin olgan. 150-sahifada joylashgan. G‘azal Navoiyning “G‘aroyib us-sig‘ar” devoni tarkibida 203-raqam ostida joylashtirilgan.

Alisher Navoiyning “G‘aroyib us-sig‘ar” devonining bu 203-g‘azali kam qo‘llanadigan mujtassi musammani maxbuni mahzuf (mafoilun mafoilun foilun /v-v/vv-/v-v-/vv-/) vaznida yozilgan. Bu muxammas aytish mumkinki, nafaqat Abdulla Oripov aruzining, balki hozirgi o‘zbek musammatchiligining ham cho‘qqisi ustod adib bilan bahsga bel bog‘lagan zamondosh shoirning ohanglaridagi toza navolardir. Alisher Navoiyning nafaqat ushbu g‘azali, balki umuman, ijodi faol iste‘molda bo‘lgan usullar, tasvir vositalari, muxammasda mumtoz so‘z san‘atkori bo‘lib chiqqan pardalardan aslo tushmagan. Abdulla Oripov ha deganda e‘tiborga tushavermaydigan juda nozik halqachalar bilan o‘z uchliklarini g‘azalga mustahkam qilib bog‘lay olgan. Chunonchi, Navoiy 1-baytda so‘roq so‘z orqali shakllangan so‘roq gap (“Tosh otibon ne uchun telbalarga qotilasiz?”) ishlatsa, bizning shoirimiz ham aynan shunday qiladi.(“Huzuri ishq sizga-yu,tavqini kimga ilasiz?”) Navoiy birinchi misradayoq junun ma‘ni va telbalikdan so‘z ochganligi boisidan Abdulla Oripov har ikki band osha 3-bandda Majnunni, 6-bandda yana junun va devonalikni eslatib o‘tadi.

O‘zaro bog‘lanish, xususan, 5 va 7-bandlarda juda muvaffaqiyat bilan amalga oshirilgan. 5-baytning mazmuni shunday:ichimku o‘zi majruh–jarohatli edi, firoq neshlari yana rahm etmay nafas-nafas sanchiladi. Abdulla Oripov ham yara, jarohatdan so‘z boshlaydi, ammo boshqa bir ma‘nodosh-Navoiy leksikasiga begona bo‘lmagan “zaxm” ni tanlaydi. Ishqning oshiq vujudida ochgan jarohatlari doirasini kengaytiradi: bag‘ir ham zaxmlik, ammo bu zaxmlar ustiga yana nayza sanchiladi: ko‘ngul-ku xasta, ammo uning ustiga yana dardlar yog‘iladi. Oqibat shuki, bu dardu balolar oshiqni yiqitadi.(Abdulla Oripov misralari) Ammo ishq yiqilgan oshiqqa yana ham rahmsiz (Navoiy misralari):

Firoq nishlari, vahki, yana rahm etmay

Nafas-nafas nega majruh ichimga sonchilasiz. 4 Alisher Navoiy. M.A.T. Yigirma tomlik.Uchinchi tom. Xazoyin ul-maoniy. “G‘aroyib us-sig‘ar”.Toshkent-1988.150-bet.

Shu tariqa Navoiy bayti Abdulla Oripov misralarida ifoda etilgan hollarning tadriji, haddi a‘losi singari idrok etiladi. Oxirgi band Navoiyona mubolag‘a bilan boshlanadi; oshiqning ishq dardu mashaqqatlaridan joni og‘ziga kelgan, ammo yana ishqni zikr qiladi. Visol orzusi o‘rniga dildordan makr ko‘rgan lirik qahramon hayron, pir Navoiydan najot, maslahat so‘raydi. Ammo pirning o‘zi ham najotsiz, hajr komida. Sevar yori bila birga bo‘lgan jamoatga havas, ularni shukurga da‘vat qilish goyo najotsiz qolgan Abdullaning ham Navoiyning ham dil nidosi kabi jaranglaydi. Abdulla Oripov aruzda oz yozdi. Ammo shu yozganlari ham zamonaviy aruzning qonuniyatlari, an‘ananing tadrijini o‘zida yorqin namoyon eta oladi. Umuman, bu vaznning o‘ziga xos leksikasi, sintaksisi, badiiy tasvir poetikasi Abdulla Oripov aruzida tom ma‘noda ifoda topgandir. Boz ustiga shoir ko‘hna aruz torlarining yangi pardalarini topdi va jaranglata oldi. Modomiki, muxammas bog‘lash biror shoirning g‘azalidan ilxomlanish yoki mutassir bo‘lishning o‘zi emas. Ayni shu ma‘noda shoir Abdulla Oripovning Alisher Navoiy g‘azaliga bog‘lagan muxammasi yuksak ijodining bir namunasi sifatida e‘tiborga loyiq. Negaki, shoir Abdulla Oripov Navoiydek ulug‘ bir ijodkor, mutafakkir bilan she‘r bahsida bellashmoqni niyat qilibdimi, shuning o‘zi tadqiq va tahlilga arziydi.

Navoiy haqida she‘r yozmagan adibning o‘zi yo‘q yoki juda kam. Ayrim adiblar esa bu mavzuda ancha-muncha she‘rlar yozishgan. Maqsud Shayxzoda, Erkin Vohidov va boshqalar. Bu qatorni Abdulla Oripov nomi ham to‘ldirib turibdi. Abdulla Oripov she‘riyatida hazrat Navoiy an‘analarini munosib davom ettirish barobarida shoirlar sultoni obrazini betakror poetik talqin etish bobida peshqadamdir. Abdulla Oripovning “Alisher” nomli she‘rida Navoiyga bo‘lgan hurmat, shoir ijodining boqiyligi, asrlar osha uning ijodiy merosi ma‘naviyat xazinasi bo‘lib kelayotgani, xalq e‘zozidan iftixor tuyg‘ulari g‘urur bilan kuylanadi.

Jahonki muqaddas neni ko‘ribdi,-

Bariga onasan ey qodir hayot.

Besh yuz yil naridan boqib turibdi,

Nurli bu yuzlarga nuroniy bir zot.

Bobokalonini ulug‘lar ekan, Abdulla Oripov ohori to‘kilmagan tashbehlarni qo‘llaydi. Mavzuga hech bir ijodkorda kuzatilmagan uslub va mezonlar asosida yondashadi. Hazrat Navoiy bebaho asarlari bilan milliy tilimiz, adabiyotimiz mavqeyini, millatning sha‘nini yuksaklarga ko‘targani ma‘lum. Biroq bu fikrni mana bu tarzda o‘ziga xos poetik talqin etish oson ish emas.

Shu buyuk o‘g‘lingni ardoqlab dildan,-

Xalqim, ta‘zim etsang arzigay tamom.

Uning nomi bilan birga bitilgan

Dunyo daftariga o‘zbek degan nom.

U mansub bo‘lgan xalq buyuk o‘g‘liga yuksak darajada ehtirom ko‘rsatib kelmoqda. Abdulla Oripov bu fikrni ham betakror badiiyat bilan, o‘quvchining ko‘ngliga shuuriga ta‘sir ko‘rsatadigan darajada ifodalaydi:

Nido tingla bu kun, yurting tarafdan,

Ey, yiroq Hirotda maskan topgan er!

Ogoh bo‘l, Alisher, sen ushbu gapdan:

Har ikki nabirang biri-Alisher.

“Har ikki nabirang biri-Alisher”- bu poetik fikr chinakam, o‘zbekona ibora. Buyuk mutafakkirga bo‘lgan ehtiromni bundan ham sodda va ta‘sirchan ifodalash mahol.

Jahon mehrobida paydo Alisher

Shodmon qasida ayt sen ham, ey quyosh!

Besh yuz yil unga ham nima gap axir,

Mingga qadam qo‘ydi yigirma besh yosh.

Hazrat Navoiy jahoniy miqiyosga ko‘tarilgan ijodkor. Unga quyosh ham qasida aytsa arziydi (shoir ulug‘ mutafakkirning serquyosh zamin farzandi ekaniga ishora qilgan) Besh yuz yil deganlari nima gap, u mingga qarab ham yana yigirma besh qadam qo‘ydi. Boshqacha aytganda, yana ehtimol ming yillar o‘tar, biroq Alisher Navoiy dahosi mudom yetib bo‘lmas yuksaklikda qolaveradi.

Kuzatuvlarimiz shuni ko‘rsatadiki, bir xil vaznda bir xil mavzuda bir xil radifda yaratilgan bo‘lishiga qaramasdan har bir iste‘dodli ijodkor qalamidan chiqqan asar o‘ziga xos yangi ijod mahsuli sifatida dunyoga keladi. Unda har bir ijodkorning tafakkur tarzi, dunyoqarashi falsafiy mushohadalari o‘z ifodasini topadi. An‘anaviylikning saqlanishi bilan birga mavzuga yangicha yondashuv, yangicha tasvir tizimi ko‘zga tashlanadi. Ular bir-biriga o‘xshashi bilan birga, davr ruhini, uning muammolarini yoritish, tasvirlash prinsiplari bilan farqlanib turadi. Shu sababli, har bir ijodkor yaratgan asardagi mazmun, g‘oya, fikr, tasvir tamoyillarida taraqqiyot belgilarini kuzatamiz.

Abdula Oripov mumtoz adabiy meros, xususan, Navoiy ijodining yetuk bilimdoni bo‘lgan. U teran tahlillarga asoslangan adabiy-tanqidiy maqolalari, ma‘ruzalarida va badiiy yetuk she‘rlarida Navoiy an‘analariga ehtirom bilan munosabatda bo‘lgan. Shoir she‘riyatida Hazrat Navoiyga she‘rlar bag‘ishlab, uning obrazini yaratdi. Ulug‘ shoir g‘azallariga muxammas bog‘lab, Navoiy an‘analarini ijodiy davom ettirdi.

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati

1. Ilxom G‘aniyev. Nodira Afoqova. Abdulla Orif falsafasi.Toshkent-2021

2. Alisher Navoiy Mukammal asarlar to‘plami 20 tomlik.3-tom.- Toshkent:Fan,1988

3. Alisher Navoiy. Mukammal asarlar to‘plami. 20 tomlik. 6-tom.-Toshkent:Fan, 1990.

4. Abdulla Oripov. Tanlangan asarlar.7-jild. G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotmatbaa ijodiy uyi.-Toshkent, 2013.

5. Abdulla Oripov.Tanlangan asarlar.4 jildlik. 2-jild. G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot matbaa ijodiy uyi.-Toshkent, 2001.

6. Nurboy Jabborov. Maoniy ahlining sohibqironi. Monografiya.Toshkent.: “Adabiyot”, 2021.

Text was extracted automatically from the PDF and may contain inaccuracies.