ANTROPONIMLARNING LINGVOKULTUROLGIK XUSUSIYATLARI
Cho‘liyev Ruhillo Abdullayevich
Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori(PhD)
Annotatsiya: mazkur maqolada antroponimlar, ularning o‘ziga xos xususiyatlari, tasnifi, badiiy matn tarkibida bajaradigan vazifalari, xalq milliy madaniyatidagi o‘rni, ma’no ifodalay olish nuqtayi nazaridan o‘ziga xos ahamiyati borasidagi mulohazalar berilgan.
Kalit so‘zlar: onomastika, antroponimlar, laqablar, taxalluslar, ong, tafakkur, tarix, madaniyat.
Аннотация: В статье рассматриваются антропонимы, их видовые характеристики, классификация, функции, которые они выполняют в составе художественного текста, их роль в национальной культуре народа, а также их особое значение с точки зрения выражения смысла.
Ключевые слова: ономастика, антропонимы, прозвища, псевдонимы, сознание, мышление, история, культура.
Abstract: this article provides considerations on anthroponyms, their specific characteristics, classification, functions they perform in the structure of a literary text, their place in the national culture of the people, and their specific significance in terms of expressing meaning.
Keywords: onomastics, anthroponyms, nicknames, pseudonyms, consciousness, thinking, history, culture.
Tildagi so‘z va atamalarning paydo bo‘lishidagi birinchi bosqich onomosiologik jarayon sanaladi. Onomastika ma’lum bir tildagi atoqli otlarning mazmunini ifoda etadi. U ma’lum davrdagi tilning tarkibidagi atoqli otlar hisoblanadi. Antroponimlar ma’lum bir shaxsga qo‘yilgan atoqli nomlar sifatida qaraladi. Antroponimlarning ta’rifining keltirilishi hozirga qadar faqat bir tomonlama qaralish natijasida yuzaga kelganligini kuzatish mumkin. Antroponim sifatida shaxslarga qo‘yilgan nomlarni lingvokulturologik juhatdan turlicha tasniflash mumkin.
Ma’lum bir nom aniq bir shaxs yoki shaxslar tomonidan aniq bir subyektga qo‘yiladi, bu nom aksariyat hollarda atash birligi vazifasini bajaradi, xolos, uning semantik jihatlari nazarda tutilmaydi, bu esa antroponimlarni leksik birlik sifatida qaralmasligiga sabab bo‘lmoqda. Bunday birliklar o‘z va o‘zlashma qatlamga oid bo‘lishi mumkin. Turg‘un, Mahkam, Kalvak, Toshpo‘lat, O‘sar, Salim , Murod , Orif , Samad , Abdulhakim kabi qator nomlarni keltirishimiz mumkin. Quyida antroponimlar haqida keltirilgan ta’rif va mulohazalarga e’tibor qarataylik. “Antroponimiyalar — odamlarning shaxsiy yoki meros qilib olingan individual belgilar sifatida nutqda ishlatiladigan so‘zlardir. Ular tilning leksik tarkibining ajralmas qismi bo‘lib, “jamiyat ongini uning to‘liq hajmida aks ettirish va ifodalashning yagona vositasi”dir Demak, antroponimlar har qanday shaxsning individual shaxsiy belgilarini o‘zida jamlar ekan, u qandaydir ma’no va vazifada maqsadni amlga oshirishda xizmat qilishi kerak. Ijtimoiy borliqda tug‘ilgan bolaga ma’lum bir nom berish uning hayotiy holatiga ta’sir etmasligi mumkin. Masalan, Umid deb nomlangan bola ulg‘aygach, bunday nomga xos biron bir belgila ega bo‘lmasligi ham mumkin. Islomiy nom berilgan bola voyaga yetgach, mutlaqo o‘zga din vakili ham bo‘lishi mumkin, bu shaxsning qanday ijtimoiy, siyosiy, mafkuraviy borliqda yashashiga aloqador bo‘ladi, albatta, Biroq badiiy asar tarkibidagi antroponimlar haqida bunday fikr yuritib bo‘lmaydi, chunki yzoiladigan asarda ijodkorning maqsadi muhim ahamiyat kasb etadi. Antroponimning badiiy asardagi lingvomadaniy belgisining bir necha izohlarini keltirish mumkin.
Millatning uzoq davr mobaynidagi qadriyatlari sanalgan nomlarning qo‘llanilishi, bu o‘z navbatida shu millat vakili bo‘lgan o‘quvchida ham tushunarlilik hissining yuzaga kelishiga asos bo‘ladi. Jumladan, “Uloqda” hikoyasida Turg‘un, Mahkam, Salim, Murod, Eson, Sobir kabi qator ismlarda ham milliy madaniyat, ham ijodkorning badiiy maqsadi aks etib turadi. Uloqni xush ko‘ruvchi bu bola tutumida mustahkam, turg‘un, o‘zgarmasdir, akasining ismida ham shunday semik xususiyatlar jamlangan. Yetuk chavandozlarning nomi sifatida berilgan Salim va Murod so‘zlarida ham antroposentrik qarash to‘liq amal qiladi.
“Salim[a.-sog‘lom, butun,shikastlanmagan; haqiqiy, to‘g‘ri] 1.km. Sog‘lom odam; sog‘-salomat, to‘rt muchasi but kishi.
Aqli(yoki fikri) salim 1)to‘liq, tiniq aql; 2)aqli raso, miyasi butun odam/
2 Salim(erkaklar ismi).” Boshqa ismlar haqida ham shunday izohlarni keltirishimiz mumkin, asardai chavandoz yetik, komil, boshqalardan bu sohada ancha ilg‘or ekanligi anglashiladi,a yni shu ma’noni ifodalash uchun ham shu nom qo‘llanilgan. Esonboy ismi asarda contrast yarata olgan, bu nomni keltirish orqali, asardagi voqealar rivojidagi vazityat nuqtayi nazaridan istalgan bir shaxs, u qanday nomga ega bo‘lishidan qat’i nazar kutilmagan holatlardan mufofaza etilmasligiga ishora qilgan. Badiiy matnda har qanday qo‘llangan so‘zga ma’lum bir semantik va lingvomadaniy yuk mavjud bo‘ladi.
Rivojlanish va faoliyat yuritish xususiyatlari tufayli odamlarning shaxsiy ismlari jamiyatning turli davrlaridagi ongini boshqa til birikmalariga nisbatan yanada to‘liq va mutaxassis tarzda aks ettiradi.
“Ong — bu fikrlashning mazmuni. Ong — bu jamiyatning shaxsiy va umumiy amaliyoti, umumlashtirilgan va aks ettirilgan shaklda, ya’ni tushunchalar shakliy holatida bo‘ladi. Jamiyat ong — bu jamiyat mavjudligini jonli aks ettirish, insoniyatning ruhiy taraqqiyot darajasining umumiy xususiyati, tarixan belgilangan bir davrdagi umumiy xususiyatdir”.
Milliy antroponimiya jamiyatning ijtimoiy tashkiloti, iqtisodiy taraqqiyoti, madaniyati va etnografiyasi haqida keng ma'lumotlarni o‘z ichiga oladi.
Milliy shaxsiy ismlar tizimining informativligi, uning o‘tgan davrlarni aks ettirishdagi qobiliyati tarixiy jihatdan o‘rganilganida ancha oshadi.
Turkiy tillar doirasida antroponimlarni o‘rganish jarayoni XIX asr oxiri XX asr boshlarida boshlangan deb aytilsa-da, aslida bu XI asrda dastlabki tadqiqot sifatida Mahmud Koshg‘ariyning “Devon ul-lug‘otit turk” asari yuzaga kelgan, keyingi davrlarda yaratilgan turkiy lug‘atlarda ham antroponimlarning izohi keltirilganligini kuzatish mumkin. Jumladan, Abulg‘ozi Bahodirxonning “Shajarayi turk va shajarayi tarokima” asarida ham bir nechta turkiy antroponimlar izohi keltirilgan.
Abdulla Qodiriy o‘z asarlarida antroponim birliklar sifatida kishi ismlaridan tashqari ellikdan ortiq taxalluslarni ham qo‘llaydi. Muntazam taxalluslar miqdori 36 tani tashkil etadi. Taxalluslarni ham shartli ravishda ikkiga ajratish mumkin: o‘zgaruvchan va o‘zgarmas kabi.
Valixo‘ja, G‘ulomshayx, boyvachcha, yigit, komissiya, Azimboyvachcha, ko‘mirchi, attor, og‘a-ini, qassobliq, qandolatchi, o‘qig‘uchi, talaba, muxbir, Dumbul(KUI); ushbu birliklar tarkibidagi yigit, ko‘mirchi, og‘a-ini, o‘qig‘uchi kabilar sof turkiydir, Valixo‘ja, attor, talaba, muxbir arabcha, G‘ulomshayx, boyvachcha, Azimboyvachcha, qassobliq, qandolatchi so‘zlari qorishiq, Dumbul esa forsiy birlik hisoblanadi.
Taxallus sifatida ishlatilgan Dumbul so‘zining izohiga e’tibor berilsa, ijodkorning bu nomni qo‘llashdan ko‘zlagan maqsadi bir qadar oydinlashgandek bo‘ladi:
Dumbul [f-to‘liq pishmagan don, dukkak] 1 Donli ekinlar, mevalarning ta’m kirib qolgan, lekin hali yetilib pishmagan holati.
2 Hali qotmagan, sutmi-qatiq bo‘lib qolgan(don haqida)
3 ko‘chma Aqlsizroq, tentaknamo, devonasifat. Dumbul odam.
4 Hayot tajribasi bo‘lmagan; xom, g‘o‘r.
5 ko‘chma Mazmunan pishiq-puxta emas, qiyomiga yetmagan. Dumbul asar.(OTIL, 662).
“Ay, xuday urg‘anlar”, “Po‘stkallasi”, “Qishloqqa qopingni o‘gir” kabi asarlarida Dumbul, “Azob bo‘sag‘asida – yig‘i-sig‘i kechasi”da Julqunboy Dumbulboy o‘g‘li, “It urushdirish ishlari”da Dumbulboy o‘g‘li, “Chiqib bozor aro poshshoyi tanga, kirib o‘lturdi ketkan jon-tanga…” asarida Dumbul devona, “Mahkamayi shar’iyada holva-talqon masalasi”da Domla Dumbul taxalluslaridan foydalanadi. “Jadid adabiyoti namoyandalari” rukni ostida chop etilgan Abdulla Qodiriy asarlarida keltirilgan qirq sakkizta asarda Julqunboy taxallusini qo‘llangan. Hajviy asarlar satirik va yumoristik kabi turlarga bo‘linadi. Abdulla Qodiriy yashagan ijtimoiy-mafkuraviy muhit juda ham murakkab ekanligi hammamizga ma’lum. Shunday tahlikali paytda davrning muhim muammolarini ko‘tarib chiqish uchun hajviy asarlardan foydalanish hamda ularni yaratgan muallifning turli hajviyona taxalluslarni qo‘llashi ham tabiiy, ham samarali yo‘ldir. Abdulla Qodiriyning o‘tkir satirik hajviyotida inson va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlarni ifodalashda ijodkor bu taxallusini qo‘llashdan asl maqsadi nima ekanligini bir qadar tahlil qilish mumkin. Adib o‘zining hali shakllanmagani, yetuk fikrlarga ega emasligiga ishora qilyaptimi yohud jamiyatdagi keskin o‘zgarishlarni o‘zida singdira olmayotganiga, hazm qila olmayotganiga ishorami, yoki kishilik olamining ora yo‘lda qolgan ijtimoiy muhitning umumlashgan tasvirini bermoqchimi, buni bir qadar tafakkur qilish qiyin emas. Har qanday ijodkor o‘z ijodiy individuali zamirida umumlashma mohiyatni jamlashga intiladi. Abdulla Qodiriy o‘z asarlari orqali bunga erisha olgan deb bemalol aytish mumkin.
Abdulla Qodiriy kichik prozaik asarlarining yaratilishi ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar davriga to‘g‘ri kelganligi uchun antroponimlarning qo‘llanilishidagi holat ham turlicha bo‘lgan. Asar voqealari XX asr boshida va birinchi choragida sodir bo‘lganligi sababli aksar qahramonlar tarixiy shaxslar hisoblanadi, shuning uchun tarixiy shaxslarning nomlari sifatida Sheralixon, Xudoyorxon, Mallaxon kabi hukmdorlarning, Muhammad Sharif otaliq, Salimsoqbek, Azizbek, Normuhammad qushbegi, Shodmon o‘roq, Mirza Ahmad qushbegi, Mallaxon, Qushdodho kabi beklarning, Musulmonqul, Mulla Alimqul, Yoqubbek singari xonlik davridagi maldorlarning, asarlar qahramonlarining nomlari sifatida Turg‘un, Mahkam, Kalvak mahzum, Toshpo‘lat tajang, O‘sar kabi asosiy qahramonlarning, Salim chavandoz, Murod chavandoz, Orif sarkor, Samad hakim, Abdulhakim qori ma’lum kasb-hunar bilan shug‘ullanuvchi shaxs nomlarini, Samad hakim, Yusuf, Sayidxo‘ja, Yusufxo‘ja, Muhamad Karim tarzidagi oddiy xalq vakillari ismlarini keltiradi.
Kichik prozaik asarlarda, xususan, “Kalvak maxzumning xotira daftaridan”, “Toshpo‘lat tajang nima deydi?” asarlarida shaxsning bajaradigan mashg‘uloti, uning turli xil xususiyatlariga qahramonning munosabatini ifodalash uchun laqablar qo‘llangan: Orif sarkor, Salim chavandoz, Murod chavandoz, Mirsalim dukchi, Azim shayton, Nabi qizilbosh, Mirxoliq qiyshiq, Shoolim cho‘loq, Aziz yakanchi, Eshonxo‘ja gupchak, Ne’mon bujur, Mahkam tentak va h.k.
Har bir nom va u bilan birga keltirilgan izohlovchi tarzidagi birliklar obrazlarning bajaradigan vazifasi, ularning individual belgilarini ochib berishga xizmat qiladi. Izohlovchi sifatida keltirilgan sarkor, chavandoz, tegirmonchi, dukchi, yakanchi kabi birliklar obrazlarning bajaradigan vazifasi bilan birga xalqimizning ijtimoiy-maishiy madaniyatining qirralarini ham ochib berishga xizmat qiladi. Qizilbosh, shayton, qiyshiq, cho‘loq, tentak, bujur, gupchak kabi laqablar obrazlarning psixologik belgilari asosida ma’naviy qiyofdalarini ochib berishga yordam beradi.
Bundan tashqari Abdulla Qodiriy asarlarida talmeh tarzida keltirilgan mashhur shaxslarning(Fir’avn, Go‘ro‘g‘li sulton, Yusuf), din bilan bog‘liq(Jabroil), ijodkorlarning ism va taxalluslari(Hofiz, So‘fi Olloyor), yangi davrda –ov orqali hosil qilingan nomlar(To‘ychiboyev, Zuhurov, G‘oziyev, oldorov, Sultonov), shakli o‘zgartirilgan holatda berilgan nomlar(Lilim (Lenin). Mikolay (Nikolay)) ham keltirilganki bular ham asarlar yozilgan davrdagi madaniy hayotning qay holatda kechganligi haqida xabar beradi.
Bundan ko‘rinadiki, Abdulla Qodiriy antroponimlarni qo‘llash jarayonida, odatda, ma’lum bir maqsadni ko‘zlagan holda amalga oshirgani uning yuksak so‘z san’atkori ekanligini anglatadi. Bu bilan o‘sha davrdagi ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, madaniy hayotning qay yo‘yinda kechganligi oydinlashadi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
1.Qodiriy A. “She’rlar, hikoyalar, ocherklar, drama, hajviya va kichik asarlar”. T.: Zabarjad Media, 2022.
2.Бегматов Э. Ўзбек тили антропонимикаси. – Тошкент: Фан, 2013. – 264 б.
3. Серебренников Б.А. Язык как общественное явление. ≪Общее языкознание. Формы существования, функции, история языка≫. М., 1970, стр. 420.
4.Tурдибеков М. Абулғози Баҳодирхоннинг “Шажарайи турк” асари ономастикаси. Филол. фан. номз. ... дисс. – Т.: 2001. – Б. 11.
5.Подольская Н. Словарь русской ономастической терминологии. М.: Наука,1988. – С. 128.
6.Ўзбек тилининг изоҳли луғати. I-V. – Тошкент, 2006-2008. Тошкент, I. 2006. – 680 б.; Тошкент, II. 2006. – 672 б.; Тошкент, III. 2007. – 688 б.; Тошкент, IV. 2008. – 608 б.; Тошкент, V. 2008. – 592 б.
7. Зыбковец В. Ф. Дорелигиозная эпоха. -М.: 1959, стр. 119.
Text was extracted automatically from the PDF and may contain inaccuracies.