ResearcherUz LogoResearcherUz
View Journal

BADIIY MATNDA MILLIY MENTALLIKNI AKS ETTIRUVCHI TASHQI VA ICHKI BELGILAR

Abstract

mazkur maqolada milliy mentallikning tashqi va ichki belgilari sanalgan kiyinish, muomala madaniyati, til vositalaridan foydalanishda lingvomadaniy birliklardan foydalanishning ahamiyati va boshqa jihatlar haqida so‘z boradi.


Full PDF Document

Related Articles

Full text

ICHKI BELGILAR

Cho‘liyev Ruhillo Abdullayevich

Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori(PhD)

Annotatsiya: mazkur maqolada milliy mentallikning tashqi va ichki belgilari sanalgan kiyinish, muomala madaniyati, til vositalaridan foydalanishda lingvomadaniy birliklardan foydalanishning ahamiyati va boshqa jihatlar haqida so‘z boradi.

Kalit so‘zlar: lingvomadaniyatshunoslik, mentallik, tashqi belgilar, ichki belgilar, realialar, stereotip, individuallik, tafakkur, tasavvur

O‘zbek milliy-madaniy obrazi deyilganda, avvalo, ikki holat ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi:

a) millat insonlarining o‘z tasavvuri: bunda aynan O‘zbekiston hududida yashovchi shu xalq vakillari tasavvuri emas, balki boshqa o‘lka va mamlakatlarda yashovchi mazkur millat vakillarining dunyoqarashi inobatga olinadi, mentalitet tushunchasi birgina mamlakatning ichidagi obraz tushunchasi bilan chegaralanib qolmaydi, turli davlatlarda yashovchi shu millat vakillarining o‘zga millat vakillaridan farqlanib turuvchi hamda O‘zbekistonda yashovchi millat vakillari bilan umumlashma hosil qiluvchi milliy-madaniy qiyofasi, lingvomadaniy qiyofani tashkil etadi. Ayni millat vakillari qaysi hududda yashashlaridan qat’i nazar obrazli tasavvur ularni boshqalardan individuallashtirib turadi. Bu holat quyidagilarda namoyon bo‘ladi:

-tashqi belgilar streotipi, ya’ni kiyinish, muomala, o‘zini tutish va boshqalarga munosabatdagi belgilarga asoslanadi. Milliy o‘zlikka tegishli turli milliy kiyimlar, mehmondo‘stlik, odamoxunlik, samimiyat va boshqalar. Turli hududlarda yashovchi bir millat vakillarining kiyinish ashyolarining tuzilishi, rangi bir qadar farqlanishi mumkin, bu ularning qaysi millat vakillari bilan yonma-yon yashashi bilan belgilanadi;

-ichki belgilar streotipi, ya’ni millat vakillarining olam va odam haqidagi tasavvurlarini anglatadi, ularning tabiatga, qarashlarga, e’tiqodi tafakkurlarga munosabatida namoyon bo‘ladi. Har bir millatning umumlashtirilgan, ayni chog‘da individuallashtirilgan g‘oyaviy obrazlar tizimi bo‘ladi, bunday obrazlar, odatda, metaforalar, o‘xshatishlar, frazeologik hamda pareologik birliklar orqali yuzaga chiqadi. Bunday birliklarni maxsus manbalar orqali tahlil qilish, izohlash yetarli emas, chunki bunday izohlar shu manzarani aniq tasavvur qilish imkoniyatini bermaydi, faqatgina ichki muloqot vaziyatida bunday birliklardan qanday foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada I.Brodskiyning fikri katta ahamiyatga molik, uning ta’kidicha, “har qanday tilning o‘ziga xos birliklarini tadqiq qilish uning ma’nosini izohlashda emas, balki tushunchalarning qoldirgan ichki izlariga aloqador bo‘ladi. Chunki bu izlarda faqatgina sinxronik mazmun emas, balki tarixiy, milliy-madaniy izlar mujassamlashgan bo‘ladi”. “Bo‘ri”, “tuya” yoki boshqa obrazlar kiritilib qo‘llangan birliklarda mazkur birliklarning hozirgi davrdagi leksik birlik sifatida ifodalanadigan ma’nolari emas, ularning etnosning tafakkuridagi semalarning yuzaga chiqarilishi muhim sanaladi. Milliy – madaniy birliklardagi ichki shakl tushunchasini fanda A.Potebnya kiritgan, B.Larin hamda G.Vinokurlar uning ishlarini davom ettirib, ichki shakl har bir leksik birlikning “tub-asl semasi” bilan bog‘liqligini dalillashgan. Ichki shakl tushunchasi obrazli, ya’ni milliymadaniy tafakkur va tasavvurning umumlashmasidir.Unda tarixiy-etimologik xotira izlari ko‘rinadi, ammo qo‘llovchilar buni farqlashmaydi.

“O‘tgan kunlar” romanida Otabekning ota-oansiga, yoshi ulug‘larga munosabati, “Mehrobdan chayon” romanidagi Anvarning otasiz qolganidan keyingi ahvoli, uning akasi va opasiga nisbatan mehr-oqibati ayna milliy madaniyatimizning ajralmas belgilari hisoblanadi. Xalqimiz orasida “otaxon”, “onaxon” kabi birliklar ham ishlatiladi, undagi ota yoki ona birliklarini tushunish mushkul emas, ammo “xon” birligi qanday ma’no ifodalashi, uning lingvistik mavqeyi qanday, aynan shu holat lingvomadaniyatshunoslik bilan aloqasini ko‘rsatadi, ya’ni XX asrning boshiga qadar “xon” tushunchasining mavqeyi yuqori edi.Shunday madaniy tafakkurdagi “hurmat”, “ulug‘lash” kabi qo‘shimcha kriteriylar ham uning ichki shaklida mavjud bo‘ladi. Ichki shaklning ahamiyatini “oyi” birligi orqali ham anglash mumkin, mazkur birlikni “ona” so‘zi bilan absolyut sinonim sifatida ishlatamiz, aslida, madaniy ichki faktor bunga monelik qiladi. “O‘zbek tilining etimologik lug‘ati”da quyidagicha izohni uchratamiz:

“Oyimposhsha Bu ot “mo‘tabar” ma’nosini anglatadigan oim sifati bilan“bekach” ma’nosini anglatish uchun ishlatiladiganposhsho otidan tuzilgan bo‘lib, o‘zbek tilida oi tovushlari oralig‘ida y tovushi kiritilgan, poshsho qismi oxiridagi o tovushi a tovushiga almashtirilgan. Bu ot ayolga hurmat bilan murojaat qilishda ishlatiladi. Bu ot so‘zlashuv tilida im tovushlarini tashlab oyposhsha tarzida aytiladi. Izohli lug‘atda oim qismi oyi otiga –m qo‘shimchasi qo‘shib hosil qilingan deb xato izohlangan”. Mazkur izohdan ichki shaklning ahamiyatini yana bir karra kuzatish imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Eski o‘zbek tilida “hurmat”, “ulug‘lash” ma’nosida mzkur birlikning ismlar tarkibida ishlatilganligi kuzatiladi, masalan, Nigoroyim, Mohlaroyim tarzida. XIX asrda ham mazkur birlik “ona” ma’nosida uchramaydi, balki ayolni erkalash, ulug‘lash, suyish kabi semalari mavjudligi oydinlashadi. Abdulla Qodiriy kichik asarlarida ona birligi o‘rnida oyi birligi ishlatilganki, mazkur birlikning qachon bu mazmunni to‘liq ifodalay boshlaganligi haqida tadqiqot olib borish talab etiladi. Shunga qaramay, bu birlik ichki shakl nuqtayi nazaridan tarixiy-etimologik semasidan butunlay uzilib ketmagan.

b) milliy madaniyat haqidagi tashqi tasavvur. Bunda millatning boshqalarini farqlovchi dastlabki omil til bo‘lsa-da, bu muhim ahamiyat kab etmaydi. Jumladan , biz Afrika xalqlarining tilidan mutlaqo bexabar bo‘lishimiz mumkin, muloqotdagi tilning qanday til ekanligini mutlaqo tasavvur ham qila olmasliginiz mumkin, ammo mazkur xalq, elat, millatlarning tashqi belgilari, udumlari, kiyinishi, borliqqa munosabati nuqtayi nazaridan uning qaysi millatga mansubligini bir qadar farqlaymiz. Boshqa millatlarda ham xuddi shunday tafakkur hukmronlik qiladi, millatning tashqi belgilari orqali u haqidagi obrazli tasavvuri gavdalanadi. Umumiylashgan qadriyatlar emas, balki individual belgilar alohidalaydi.

Mentallik, avvalo, tashqi tasavvur emas, balki tilning ichki leksik birliklari asosida shakllangan ichki ongdir. Buni quyidagicha izohlash mumkin: tilimiz tarkibida turlicha leksik birliklar har xil alohida tushunchalarni ifodalash vazifasini o‘taydi, biz butunlay boshqa bir geografik maydondagi ma’lum bir hayvon, o‘simlik, daraxt yoki boshqa bir tushunchani bildiruvchi leksik birlik haqida eshitamiz. Mazkur birlikning nima ekanligini dastlab o‘z bazamizdagi qaysi birlik bilan muvofiq kelishini taqqoslab ko‘ramiz, so‘ngra yangi tushunchani qabul qilamiz. Masalan, ma’lum bir so‘zni eshitganimizda u haqidagi tasavvurga ega bo‘lgan boshqa bir shaxsdan so‘raganimizda, u mazkur tildan xabardor bo‘lsa, sizning leksik qatlamingizdagi boshqa bir birlik bilan qiyoslanish asosida tushuntirishga urinadi. Bundan shunday xulosa kelib chiqadiki, dunyoni anglashning asosiy belgisi sifatida mentallik muhim ahamiyat kasb etadi. Shuni inobatga olib, A.Y.Gurevich mentallikni dunyoni qabul qilish, uni tasavvur hamda tafakkur qilishning mantiqan kashf etilmagan, reflekslashmagan usuli sifatida baholaydi.

Mentallik tushunchasini faqatgina insonning falsafiy va axloqiy tafakkuri mevasi sifatida qarash cheklangan holatdir.Mentallikda tarixiy-etnik, makon va zamon munosabatlari, genetik kabi qator prinsiplar amal qiladi.

Milliy mentalitetning individual va jamoyaviy xarakter-xususiyatlari haqidagi Y.Arpesyan, O.Kornilov, Y. Yakovlevalarning chuqur ong, konseptual manzara, xalqning turmush tarzi, bosib o‘tgan tarixiy taraqiyot yo‘li bilan bog‘liq bo‘lgan qarashlarga asoslangan tadqiqotlari ahamiyatga molikdir.

Xalq turmush tarzi undagi mentallikni ifodalash uning tashqi ko‘rinishi, munosabati, vaziyatlarga nisbatan qarashlari, so‘z qo‘llash qobiliyati, tafakkuri hamda tasavvuri, qadriyatlar bilan qay darajada uyg‘unlashib ketganligi kabilarda ko‘rinadi. Bunday holatlarning yuzaga chiqishi lingvistik jihatdan qanday til birliklaridan, polisemantik, metaforalar, o‘xshatishlar, maqol, matal, frazeologik birliklar, realialar va boshqa milliy-madaniy tushunchalar orqali ifodalanishi, nutq egasining ko‘nikmasi, saviyasiga qarab belgilanadi.

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yati:

1.Маслова В.А. Лингвокультурология. -М.: Академия, 2000.

2.Телия В.Н. Русская фразеология: семантический, прагматический и лингвокультурологический аспекты. –М.: Школа “Языки русской культуры”, 1996.

3.Воробьев В.В. Лингвокультурология. -М.: Изд-во РУДН, 2008. -340 с.

4.Ўзбек тилининг изоҳли луғати. -М.: «Руский язык», 1981. I.527

5.Раҳматуллаев Ш. Ўзбек тилининг этимологик луғати. Т.: Университет, 2009. III том. – Б. 169

Text was extracted automatically from the PDF and may contain inaccuracies.