ResearcherUz LogoResearcherUz
View Journal

BOLALARNI KITOB O’QISHGA QIZIQTIRISH.

Abstract

Ushbu maqola bolalarni kitob o‟qishga qiziqtirish vazifasini muhokama qilishga qaratilgan bo‟lib,mazkur vazifani hal qilishda psixologiyaning o‟rni qanchalik muhim ekanligi qator tajriba va ma‟lumotlar asosida isbotlab berilgan.


Full PDF Document

Related Articles

Full text

BOLALARNI KITOB O’QISHGA QIZIQTIRISH.

Nafisa Kamolova Turg’unbayevna

“Yangi asr” Universiteti Pedagogika kafedrasi o’qituvchisi

ANNOTATSIYA Ushbu maqola bolalarni kitob o‟qishga qiziqtirish vazifasini muhokama qilishga qaratilgan bo‟lib,mazkur vazifani hal qilishda psixologiyaning o‟rni qanchalik muhim ekanligi qator tajriba va ma‟lumotlar asosida isbotlab berilgan.

Kalit so‘zlar:, qobiliyat, psixologiya, metod, kuzatish, suhbat, tadqiqot, kitobxonlik.

O’qish-ma’lumot olish jarayonidir. O’qish paytida miyamiz filmlarni tomosha qilishdan ko’ra ancha faolroq ishlaydi. Kinoda hamma narsa allaqachon namoyish etilgan bo’ladi, faqat tomosha qilish qoladi. O’qish jarayonida esa miyamiz doimiy ravishda yangi suratlar va yangi dunyolarni tasavvur qilaveradi. O’qish – bu odamning shaxsini rivojlantiradigan aql sportidir.

Kitob o’qish odamning eng yaxshi odatlaridan biri bo’lib, xotirani va fikrlash qobiliyatini yaxshilaydi. Har safar kitob o’qilganida miya faol ishlaydi. U olinayotgan ma’lumotlarni saqlash uchun yangi tolalarni yaratadi. Tadqiqotlarda aniqlanishicha, sekinroq pasayar ekan. Kitob o’qish moliyaviy qiyinchiliklarni bartaraf etishda ham yordam beradi. Statistika ma’lumotlariga ko’ra, umuman kitob o’qimaydigan insonlarning 43 foizi qashshoqlikda yashaydi. Savodli insonlar orasida esa qashshoqlikda yashaydiganlar 4 foizni tashkil etadi.

Ko’p kitob o’qiydigan bolalar darslarni yaxshi o’zlashtirishadi. Tadqiqotlarda aniqlanishicha kitob o’qishni xush ko’radigan bolalar maktabda ham yaxshi o’qishadi. Ular grammatikani ham, matematikani ham yaxshi o’zlashtirishadi.

Kitob o’qishning shuncha afzallik tomonlari bor ekan, biz bugungi kunda buni qay darajada anglab yetyapmiz? Yoki farzandlarimizning kitob o’qishga bo’lgan qiziqishlari qay ahvolda?

Bugungi kun bolalarini ,ya’ni internet asri bolalarini kitob o’qishga bo’lgan qiziqishlari juda achinarli. O’ylab ko’radigan bo’lsak bunga arzigulik sabablar bir talay.Birinchi o’rinda oilada bolalarga o’rnak bo’luvchi ota-onaning o’zi kitob o’qimasligi bo’lsa, bu o’z navbatida keyingi sabablarni keltirib chiqaradi.Oilada kitob o’qish muhiti yaratilmagan: ya’ni kitob sotib olish, kitob sovg’a qilish, kitob javoni tashkil qilish, mutolaa vaqti degan tushunchalar umuman yo’q bo’lishi mumkin. Navbatdagi sabab esa shiddat bilan rivojlanayotgan internet oqimi bo’lib, bolalar kitob o’qishdan ko’ra shu oqimda suzishni afzal ko’rishmoqda. Buning oqibati qanday yakun topishi hammamizga oyday ravshan.

Hozirgi kunda o’qib o’rganish uchun sharoitlar yetarli darajada. Kutubxona deysizmi, kitob do’kon deysizmi, internet orqali o’rganaman deysizmi – istalgan kitob yoki ma’lumotni bir zumda topish muammo emas. Eng muhimi, istak va imkoniyat bo’lsa bas. Kitob do’konidagi rang-barang kitoblar do’kon peshtaxtasini to’ldirib turish uchun yoki ko’rib zavq olish uchun chiqarilmagan albatta.Bitta kitob chiqarish uchun qancha vaqt, sarf-harajat ketgani muhim emas, asosiysi uni olib o’qishdir.

Bugungi kun hayot tashvishlari, yelib-yugurib pul topishimiz kitob o’qimasligimiz uchun sabab bo’la olmaydi. Bu bir bahona xolos. Lotin xalqida shunday maqol bor: “Hayoti davomida birgina kitob o’qigan odamdan qo’rqing.” Maqoldan kelib chiqib o’zimizdan xulosa qilsak, bugungi kunda aksariyatimiz bir-birimizdan qo’rqishimizga to’g’ri kelmoqda.

Xo’sh bolalarimizni qanday qilib kitob o’qishga qiziqtira olamiz? Birinchi navbatda, bolalarimizni yoshlikdan ya’ni maktabgacha bo’lgan davrlaridanoq kitobga bo’lgan qiziqishlariga ko’nikma hosil qila olishimiz kerak. Bu jarayonda asosiy rol otaonada bo’ladi. Oilada ota-ona muntazam kitob o’qishi, oila davrasida o’qigan kitoblari haqida suhbat qurishi, kitob o’qish o’zgacha zavq berishini ta’kidlab turishi bilan bolaga o’rnak ko’rsatishi mumkin. Vaqtlarini ayamasdan har kuni oz-ozdan bolalarga kitob o’qib berishni odatga aylantirishlari kerak. Bolalar bilan tez-tez kitob do’konlari yoki kutubxolarga borib kitob tanlashni o’ragatish ham muhim masala. Bunda farzandlarimizni qiziqishlarini ham inobatga olishimiz kerak.Ular ko’proq hayvonot olamiga yoki ko’rgan multfilm qahramonlariga qiziqishi mumkin.Shundan kelib chiqib kitoblar tanlasak maqsadga muvofiq bo’ladi. Bolalarga ko’proq rasmli kitoblar tanlashimiz kerak. Ular rasmlar orqali tez tushunadilar va rasmga qarab mustaqil fikrlashga o’rganadilar. Farzandimiz uchun kitob tanlab, sotib ham oldik. Endi navbat xonadonimizda kitob o’qish uchun bolaga sharoit yaratishimiz kerak. O’zi uchun tinchgina xona, stol, stul qo’yingki mo’jazgina darsxona hozirlab berishimiz ham bolani kitob o’qishga qiziqtirishimizga bir turtki hisoblanadi. Xonasida kitoblari uchun kitob javon bo’lishi ham maqsadga muvofiqdir. Bu narsalar ahamiyatsizdek tuyulsada, lekin farzandingizni bora-bora kitobxon bo’lishiga, kitoblar uni doimiy hamrohiga aylanishiga yordam beradi.

Farzandimiz uchun olib bergan kitoblarimizni ham oila davrasida muhokama qilishimiz, unda aks etgan voqealikni hayotda sodir bo’lgan haqiqiy voqealar bilan bog’lashga harakat qilishimiz kerak. Shunda bola ham o’qiyotgan kitobini qanchalik ahamiyatga ega ekanligini his qiladi.Kitobni birgalikda o’qishni ham odatga aylantirishimiz kerak. Birgalikda kitob o’qish jarayonida ota-onalar va bolalarning o’zaro munosabatlarini yaxshilaydi. Psixologlar birgalikda kitob o’qish jarayonida otaonalar va bolalar o’rtasida o’ziga xos munosabat o’rnatiladi deb hisoblashadi. Ularning aytishlaricha, bunday munosabat birgalikda televizor ko’rganda aslo paydo bo’lmaydi. Shunday ekan farzandlarimiz bilan birga kitob o’qishni kanda qilmasligimiz kerak. Ana shundagina biz farzandimizni kitob o’qishga bo’lgan qiziqishini shakllantirish uchun birinchi qadamni qo’ygan bo’lamiz. Bu aytishga oson ish, lekin bunga sabr, toqat va vaqt kerak albatta.

Taniqli rus pedagogi A.S.Makarenko fikricha bolalarni juda kichik davridan boshlab tarbiyalash zarurligi haqida gapirib, tarbiyaning eng muhim asoslari bolaning besh yoshgacha bo’lgan davri mobaynida yuzaga keltiriladi. Mana shu davrda qilingan butun tarbiya, tarbiya jarayoning 90% ni tashkil etadi degan edi. Demak bolaning kitobga bo’lgan qiziqishini orttirish ham bir tarbiya hisoblanadi. Ana shu davrgacha buni uddalay olsak maqsadga muvofiq bo’lar edi.

Biz oilaviy o’qishni tashkil qila oldik. Endigi navbat ta’lim muassasalarida davom etadi. Bu jarayon maktabgacha ta’lim muassasasida qanday tashkil etilishi kerak? Tarbiyachi kunlik mashg’ulotlarida bolalarning kitobga bo’lgan qiziqishlariga alohida e’tibor qaratishi zarur. Maktabgacha yoshdagi bolalarga kitob o’qib berilgach, rasm ko’rsatish usuli muhimdir. Chunki ular o’quv texnikasini bilishmaydi, shuning uchun kitobdagi rasmlar ularni shu kitobga qiziqtiruvchi kuch hisoblanadi. O’qilgan ertak yoki hikoya asosida rasmlar chizdirish ham samaralidir.Bolalar eshitgan asar qahramonlarini qanday tasavvur qilishdi, buni rasm orqali ifodalashlari, asarga bo’lgan munosabatlarini va tushunchalarini anglatadi. Keyingi usul eshitgan asarlari yuzasidan sahna ko’rinishlari tayyorlashdir. Bu yana ham esda qolarli va qiziqarli kechadi. Mashg’ulotlar davomida kitoblar haqida tayyor videoroliklardan foydalanilsa ham bo’ladi. Ta’lim muassasasida kitob yarmarkalari tashkil qilinishi ham yaxshi natija beradi.

O’qish ko’nikmasi albatta maktabda shakllanadi. Bolalarni to’g’ri, ravon va ifodali o’qishga o’rgatish bu oson kechadigan jarayon emas. Bunda boshlang’ich sinf o’qituvchisidan katta chidam va mahorat talab qilinadi. Bolalar harflarni o’qilishi va yozilishini o’rgandi. Endi so’zlar, gaplar va matnlarni tushunib o’qish kerak.

O’qish-bu insonning hayotdagi asosiy qobiliyati bo’lib, atrofidagi dunyoni idrok eta olishidagi muhim sifat hisoblanadi. Demak, boshlang’ich sinf o’qituvchisi zimmasida mana shu sifatni shakllantirish va rivojlantirish kabi o’ta mas’uliyatli vazifa turibdi. Xo’sh, hozirgi kunda boshlang’ich sinf o’qituvchilari bu vazifani qanday uddalay olishyapti? Aksariyat boshlang’ich sinf o’quvchilari tushunib o’qish emas, tez o’qish malakasini ko’proq egallashyaptilar. O'quvchi matnni’qanchalik tez o’qisa, undagi voqealikni tushunishi shunchalik kamayadi. Chunki bola bor e’tiborini so’z mazmunini tushunishga emas, so’zni to’g’ri va tez o’qishga qaratadi. Matn mazmunini tushunish uchun qayta o’qishga to’g’ri keladi. Qanchalik o’qish tezligini o’sishiga majbur qilinsa, bolada o’qishga bo’lgan qiziqish, ya’ni o’qish istagi yo’qolib boradi. O’qishga qiziqish o’quvchi qachonki ongli o’qishni o’rganib uddalagandagina namoyon bo’ladi. Ya’ni nimani o’qiyotganini tushunib yetadi, voqealikka fikr bildira oladi, olgan axborotini tahlil qila oladi.Chunki kitob o’qish axborot olish va o’zlashtirishning murakkab jarayoni bo’lib, bola kitobdan maksimal darajada bilim va yangi fikrlarni o’zlashtirib olishi kerak. Buning uchun e’tiborli bo’lib, begona fikr va harakatlarga chalg’imasligi kerak.

Kitob o’qish jarayonida o’quvchi qahramonlar bilan birga bo’ladi. Ularning quvonch va tashvishlariga sherik bo’ladi. Hayotda ham boshqalarning his-tuyg’ularini yaxshi tushunadi. Umuman olganda bola qalbini yumshatadi. Kitob o’qish bolada tinglash qobiliyatini ham oshiradi, boshqalarni oson tushunishga yordam beradi. Bu ayniqsa, kitobni ovoz chiqarib o’qiganda yanada samarali bo’ladi.

Ijodkorlik qobiliyatini rivojlantirishda ham kitoblarning ahamiyati katta. “Obafemi Awolowo” Universiteti pedagoglari boshlang’ich sinf o’quvchilarining mashg’ulotlariga mavzuli komikslarni kiritishganida, suratlar va so’zlar aralashmasi bolalarning ijodkorlik qobiliyatlarini oshirishini aniqlashdi. Kitoblar kattalarga ham ana shunday ta’sir ko’rsatadi. Bolalar kitobni qancha ko’p o’qisa, hikoya qilish qobiliyati shunchalik oshadi. Keraksiz gaplarni kamroq gapirib, keraklilarini yaxshiroq yetkazadigan bo’ladilar.

Demak, farzandlarimizga kitob o’qish- internetdan yoki televideniyadagi ma’lumotlarni olishdan ko’ra ko’proq foyda keltirishini tushuntira olsak va ular buni anglab yetgandagina maqsadimizga erishgan bo’lamiz.

Adabiyotlar 1. Oyisha Kuchkarova (2021). MAKTABGACHA YOSHDAGI BOLALARNI

KITOB O'QISHGA QIZIQTIRISHDA PSIXOLOGIYANING O'RNI. Academic

research in educational sciences, 2 (4), 41-52. doi: 10.24411/2181-1385-2021-00558 2. Hasanboyeva O.U. va boshqalar. Maktabgacha ta‟lim pedagogikasi. T.: Ilm,ziyo,2006 3. M.G.Davletshin., Sh.Doʻstmuxamedova, M.Mavlonov, S.Toʻychiyev. ―Yosh davrlari va pedagogi psixologiya‖. Oʻquv qoʻllanma. T., 2004-y. 8.2. b.t. 4. N.M.Kayumova “Maktabgacha pedagogika”. “TDPU” nashriyoti, T:. 2013-y. 5. J.Gʻ.Yoʻldashev ―Interfaol taʼlim sifat kafolati‖ OʻMOI T-2007 6. R.A. Mavlonova va boshqalar ―Pedagogik texnologiya‖ Fan 2008-y. 7. Махсумов, М. Д., Юлдашева, Ф. У., Муяссарова, М. М., Абдурашитова, Ш. А., Мирхамидова, С. М., & Салимова, М. Р. (2020). Impact of COVID-19 on education system in the world and in Uzbekistan. In Образование: прошлое, настоящее и будущее (pp. 94-95). 8. Муяссарова, М. М. (2018). Изучение уровня медицинской активности сельского населения. Молодой ученый, (5), 64-66. 9. Асадов, Х. Д., Рустамова, Х. Е., Нурмаматова, К. Ч., & Муяссарова, М. М. (2021). Some aspects of the prevalence of the coronovirus Covid-19. 10. Karakhonova, S. A., & Ishanhodjaeva, G. T. (2016). Cognitive disorders in Parkinsonism. Parkinsonism & Related Disorders, 22, e59. 11. Karakhonova, S. A. (2022). The Significance of the Application of PsychoCorrection Methods in the Treatment of Psycho-Emotional Disorder. EUROPEAN

JOURNAL OF MODERN MEDICINE AND PRACTICE, 2(12), 59-64.

12. Алишеровна, Қ. С., Сейткаримова, Г. С., & Юнусходжаева, Х. С. (2022).

ЭФФЕКТИВНАЯ ПСИХОКОРРЕКЦИЯ ПРИ НЕВРОТИЧЕСКОМ

РАССТРОЙСТВЕ. ЖУРНАЛ НЕВРОЛОГИИ И НЕЙРОХИРУРГИЧЕСКИХ

ИССЛЕДОВАНИЙ, 3(1).

13. Аликулова, Д. Я., Маматкулов, Б. М., Разикова, И. С., & Авезова, Г. С. (2015). Выявление особенностей иммунного статуса у подростков при атопической бронхиальной астме. Вестник Совета молодых учёных и специалистов Челябинской области, (3 (10)), 9-14. 14. Разикова, И. С., Аликулова, Д. Я., & Уразалиева, И. Р. (2015). Особенности иммунного статуса подростков с атопической бронхиальной астмой. Молодой ученый, (19), 297-299.

Text was extracted automatically from the PDF and may contain inaccuracies.