ResearcherUz LogoResearcherUz
View Journal

ERKINLIKNING MA’NAVIYATGA TA’SIRI

Abstract

 Ushbu maqolada bugungi kunda mamlakatimiz yoshlarining erkinligi va ular ma’naviyatining shakllanishi jarayonlari yoritib berilgan.Shuningdek yoshlarning turli xil zararli ta’sirlar doirasiga tushib qolishi yoritilgan


Full PDF Document

Related Articles

Full text

ERKINLIKNING MA’NAVIYATGA TA’SIRI

Kuziyev Nodir Abdusalimovich

BuxDU “Islom tarixi va manbashunosligi, falsafa” kafedrasi dotsenti

Shadmonov Aziz Azimovich

ZARMED Universiteti o‘qituvchisi

Annotatsiya. Ushbu maqolada bugungi kunda mamlakatimiz yoshlarining erkinligi va ular ma’naviyatining shakllanishi jarayonlari yoritib berilgan.Shuningdek yoshlarning turli xil zararli ta’sirlar doirasiga tushib qolishi yoritilgan.

Kalit soʻzlar: ma’naviyat, erkinlik, globallashuv jarayoni, jaholatga qarshi ma’rifat, soʻz erkinligi, vijdon erkinligi.

Аннотация. В статье освещаются процессы освобождения и духовного становления современной молодежи нашей страны. В нем также подчеркивается подверженность молодых людей различным вредным влияниям.

Ключевые слова: духовность, свобода, процесс глобализации, просвещение против невежества, свобода слова, свобода совести.

Abstract. This article highlights the processes of freedom and spiritual formation of our country's youth today. It also highlights the exposure of young people to various harmful influences.

Key words: spirituality, freedom, globalization process, enlightenment against ignorance, freedom of speech, freedom of conscience.

Hayot sur’atlari tinimsiz kuchayib borayotgan bugungi globallashuv jarayonida butun insoniyatga boʻlgani kabi mamlakatimiz yoshlariga ham tinimsiz ravishda turli ichki va tashqi tahdidlar xavf solib turibdi, ular barchamizni tashvishga solmasdan qoʻymaydi. Buning sabablari juda koʻp. Ular haqida tinimsiz gapirilmoqda, mavjud muammolarni hal etish yuzasidan turli tavsiyalar berilmoqda, choralar koʻrilmoqda. Natijada yoshlarimizni bunday xavf-xatarlardan ogoh etish, muhofaza qilishda ma’lum bir yutuqlarga erishmoqdamiz.

Erkinlik - bu madaniyatning universalligi boʻlib, u mazmun va funksiyalar birligida ijtimoiy subyektlarning xulq-atvori, faoliyati va muloqotini tartibga soluvchi sifatida namoyon boʻladi. Ushbu universalni amalga oshirishning uchta asosiy darajasi mavjud. Birinchi daraja – oddiy ong – ushbu kontseptsiya yordamida ular harakatlar, aloqa va xatti- harakatlarda ruxsat etilgan yoki mumkin boʻlgan chegaralarni belgilaydilar. Ikkinchisida – huquqiy – nazariy ong darajasi, ruxsat etilgan va tartibga solinadigan normalar va ularni buzganlik uchun jazo belgilanadi. Uchinchi falsafiy – nazariy ong darajasida aks ettirish dastlabki ikki sathda amalga oshiriladi va shu bilan birga madaniyat asoslari nutqi sifatida namoyon boʻladi.

Bugungi kunda yoshlarimizning ma’naviy olami, ularning milliy qadriyatlarni, urf-odatlarni oʻzlashtirish, tafakkur tarzi va e’tiqodini shakllantirish yoʻlidagi sa’yharakatlarini katta yutuq sifatida e’zozlaymiz, qadrlaymiz. Darhaqiqat, bugungi yigitqizlarimizning millat tashvishini oʻz boʻynilariga olishlari, mas’uliyatni his qilishlari, shubhasiz, diqqatga sazovor. Ayni paytda ayrim yoshlarimizning demokratiya bayrog‘i ostida oʻz oʻpkalarini erkinlik havosi bilan toʻldirish “g‘ami”da milliy an’analarimiz, qadriyatlarimizga, ba’zan esa millat va vatan manfaatlariga toʻg‘ri kelmaydigan xattiharakatlarini koʻrib kishi tashvishga tushadi.

Ayni paytda mamlakatimizda tom ma’noda inson erkinligi ta’minlanganligini ham alohida ta’kidlash lozim. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga(27-modda), har kim fikrlash, soʻz va e’tiqod erkinligi huquqiga egaligi (33-modda) belgilab qoʻyilgan.

Erkinlikni koʻngilga kelgan narsani amalga oshirishdan iborat deb tushunish, avvalo, savodsizlikning natijasi sifatida baholanishi mumkin. Toʻg‘ri, hozir mamlakatimiz yoshlarini savodsiz deyishimiz mutlaqo mumkin emas. Ammo, oʻqishyozishni bilishning oʻzini insonning savodxonlik darajasi sifatida baholash ham toʻg‘ri boʻlmaydi. Aks holda maktab-u oliy ta’lim muassasalarini a’lo baholarga bitirib, jamiyatda muayyan mavqega ega boʻlishning oʻrniga turli jinoyatlar sodir etayotgan yoshlarimiz yoʻqmi? Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev “Jaholatga qarshi-ma’rifat”, degan shiorni oʻrtaga tashlaganda aslida oʻz xatti-harakatlarini tahlil qila olmasdan turli buzg‘unchi yoʻllarga kirgan ana shundaylar haqida gapirganini yodda saqlasak yaxshi boʻlardi.

Tom ma’nodagi erkin inson aslida oʻz xohish-istaklarini aql-idrokka boʻysundira olgan kishidir. Shu ma’noda oʻz istagini aql va tafakkurga boʻysundira olgan kishi dunyoning yarmini zabt etish bilan teng ekanligini ta’kidlashni juda istardim. Darhaqiqat, inson fikrlash uchun yaratilgan. Tafakkur esa fikrning hosilasi. Oʻrni kelganda yana bir masala haqida alohida toʻxtalishga toʻg‘ri keladi. Gap barcha aqlli odamlarning ma’naviyatli va axloqiy sifatlari yuqori boʻlavermasligi xususida ketmoqda. Haqiqatdan ham shunday. Biz bu yorug‘ dunyoda shunday aqlli odamlarni koʻramizki, ular oʻzining bu sifatlari bilan hammani oʻziga mahliyo qilishi mumkin, koʻplar ularga havas koʻzi bilan qaraydilar.

Inson aqli yetib turgan narsani mushohada va idrok qilmas, undan tahlilsiz xulosa chiqarar ekan, bu narsa, shubhasiz, har qanday odamni adashtiradi, xato yoʻllarga boshlaydi. Shu oʻrinda Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning “insonni harakatga soluvchi kuchi aqli emas, balki tafakkuri ila erishgan idrokidir. Tafakkur boʻlmasa, aqlning oʻzi hidoyatga yoʻllay olmaydi. Dunyoda qanchadan-qancha aqllilar bor. Ammo ularning aqllari toʻg‘ri yoʻlga boshlamayapti, yomonliklardan qaytarmayapti. Bu ham yetmagandek, sof tabiatli inson zotiga or boʻlgan ishlarni tap tortmay qilishni oʻsha aqllari bilan faxrlanayotganlar oʻzlariga ep koʻrishmoqda”. Demak, tafakkur etilmagan, mushohada qilinmagan har qanday aql mahsuli insonni adashtirishi, uning erkinligiga raxna solishi mumkin. Aqlli odam bilishi, tushunishi mumkin. Ammo u oʻsha bilgan, tushungan narsani ongli ravishda anglamas, mushohada va tafakkur qilmas ekan, uning harakatlaridan har doim ham ijobiy natija kutish mumkin emas.

Shu ma’noda, bugungi ayrim yoshlarimizning oʻta aqlli ekanliklarini tan olgan holda, muayyan masalalar, muammolarni hal etishda dovdirab qolayotganliklarini, bu, aslida, aqli yetgan narsani mushohada qilishda tajriba yetishmayotganligidan darakdir. Shu ma’noda aqlli odamlarni oʻz egallagan bilimlari va hayotiy tajribasini bugun hamda kelajakda ijobiy ishlarda foydalana olishga safarbar eta olgan kishi sifatida baholashimiz mumkin. Bekorga buyuk bobomiz Amir Temur “Temur tuzuklarida” aqlli kishilar va kengash sohiblari, ehtiyotkor, qat’iyatli arboblar, keyinini oʻylab, olisni koʻrib ish yurituvchi, keksa va tajribali kishilarni xos majlisimga kiritib, ularning suhbatlaridan, ishlaridan naf olib, tajribalar hosil qilardim, deb aytmagan.

Demak, aql va tafakkur yoshlarimizda faqat bugun bilan yashamaslik, ertangi kunni esdan aslo chiqarmaslikni ham taqozo etadi. Mamlakatimiz rahbari oʻzining barcha chiqishlarida fuqarolarimiz, ayniqsa, bekorga yosh yigit-qizlarimizda mustaqil tafakkur tarzini shakllantirishga e’tibor bermayotganimiz barchamizga ayon. Bu narsa, jumladan, 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat Dasturida ham munosib oʻrnini egallagan. Masalan, mazkur dasturning birgina 4.3. “Ta’lim va fan sohasini rivojlantirish” deb nomlangan qismidagi 16 bandning barchasi yoshlarga oʻqish va mehnat qilish uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, ular ma’naviy olamini shakllantirish, ijtimoiy erkinligini ta’minlashga qaratilganligini alohida ta’kidlash lozim.

Ma’naviyat va erkinlik fenomenlarining uyg‘unligi, aslida, har bir insonni oʻrtamiyonalik kayfiyatidan xalos qiladi, ayrim yoshlarimizdagi jamiyatdan begonalashuv ruhiyatini bartaraf etadi.

Boshqacha soʻz bilan aytganda, har qanday erkin inson uchun mamlakat va jamiyatda sodir boʻlayotgan voqea-hodisalar begona emas, ushbu jarayondagi yutuq hamda kamchiliklar uchun bunday yigit-qizlar oʻzlarini mas’ul deb biladilar. Bugungi dunyoning shiddat bilan oʻzgarib borishi har birimizdan bizga berilgan, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan erkinliklardan milliy ma’naviyatimizga yoʻg‘rilgan talablar asosida foydalanishni talab etmoqda. Bunday sharoitda barchamiz global fikrlashni, lokal harakatning uyg‘unligiga erisha olsak, tanamizni ruhimizga boʻysundira olsak, ma’naviyat va erkinlik tushunchalarini toʻg‘ri anglasak, shubhasiz, oldimizga qoʻygan vazifalarimizni uddalay olamiz.

Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati: 1.Islom Karimov. Yuksak ma’naviyat –yengilmas kuch.Ma’naviyat.2008 yil 2. 2017−2021 yillarda Oʻzbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha harakatlar strategiyasi. 3.Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi.Oʻzbekiston.2023 yil

Text was extracted automatically from the PDF and may contain inaccuracies.