ResearcherUz LogoResearcherUz
View Journal

GʻАFURONА MАHORАT SIRLАRI

Abstract

     Ushbu maqolada o‘zbek adabiyotining yirik namoyandalaridan biri, o‘zining mashhur  yumoristik asarlari, mazmunli tarjimalari bilan elga tanilgan, o‘zbek farzandi Gʻafur Gʻulom haqida va u yozgan mashhur asarlar talqini xususida so‘z yuriligan.


Full PDF Document

Related Articles

Full text

GʻАFURONА MАHORАT SIRLАRI

V.Sh.Mamadayupova,

TDYU, Xorijiy tillar

kafedrasi katta oʻqituvchisi

Telefon: +998(93)5004777

e.mail: v.mamadayupova @mail.ru

ANNOTATSIYA

Ushbu maqolada o‘zbek adabiyotining yirik namoyandalaridan biri, o‘zining mashhur yumoristik asarlari, mazmunli tarjimalari bilan elga tanilgan, o‘zbek farzandi Gʻafur Gʻulom haqida va u yozgan mashhur asarlar talqini xususida so‘z yuriligan.

Kalit so‘zlar: oʻzbek adabiyoti, janr, qissa, ertak, hikoya, dard, usul, qo‘shiq, mustaqillik.

Gʻafur Gʻulom XX asr oʻzbek adabiyoti maydoniga joʻshqin sheʼrlari, yumorga boy qissa va hikoyalari, goʻzal tarjima asarlari bilan oʻziga haykal qoʻygan ijodkorlardan biri hisoblanadi. U oʻzi yaratgan asarlari ila nafaqat oʻzbek xalqining, balki qardosh – qozoq, qirgʻiz, turkman xalqlarining ham sevimli ijodkoriga aylangan. Gʻafur Gʻulom oʻzi yashayotgan davrning shoiri sifatida goh uni madh qildi, goh qalbi toʻridagi dardlarni, iztiroblarni turli poetik vositalar bilan tasvirlashga urindi.

Betakror adibimiz 1903-yil 10-mayda Toshkent shahrining Qorgʻontegi mahallasida tavallud topdi. Taqdir yozuvchini bolaligidan sinadi. 9 yoshida otasi, 15 yoshida onasi uni bu dunyoda yolgʻiz tashlab ketishdi. Yosh Gʻafurni oʻzbek xalqiga ishonib topshirishdi. Darhaqiqat, yillar davomida bu ishonch oʻz aksini topdi. Biz buyuk adabiyot namoyondasini hali xanuz ardoqlaymiz, sevamiz.

U oʻz sheʼrlari va asarlari ila yuragimiz tubidan joy olgan. Hayot yoʻllaridagi sinovlar kitobxonlarga qalb malhami boʻlib soʻzga koʻchgan. Muammolar esa umrni chuqurroq qadrlash, anglashga sabab boʻlgan. Uning “Vaqt” sheʼrida ushbu soʻzlarimiz isbot topadi.

Yarim soat ichida tugʻilib, oʻsib,

Yashab, umr koʻrib oʻtguvchilar bor;

Koʻz ochib yumguncha oʻtgan dam — qimmat,

Bir lahza mazmuni bir butun bahor.

Aziz asrimizning aziz onlari

Aziz odamlardan soʻraydi qadrin.

Fursat gʻanimatdir, shoh satrlar-la

Bezamoq chogʻidir umr daftarin.

… Bunday satrlarni chuqur falsafaga choʻmgan, hayotni qadriga yetgan, hamda, umrni sevgan Gʻ. Gʻulomning ijodidangina topish mumkin.

Oʻzbek adabiyotida Gʻafur Gʻulomgacha qissa, hikoya janrlarining ilk koʻrinishlari boʻy koʻrsatgan, ularning yetuk namunalari ham yaratilgan edi. Gʻafur Gʻulom ham “Shum bola”, “Yodgor”, “Netay” qissalari bilan oʻzbek qissachiligini boyitdi. U yaratgan qissa qahramonlari yumorga, kulgiga boyligi, har qanday qiyin vaziyatlarda ham oqilona, baʼzan ayyorona yoʻl topib vaziyatdan chiqib ketishi bilan kitobxonni oʻziga tortadi. Аyniqsa, “Shum bola” qissasi katta-yu kichikning sevimli kitoblaridan biriga aylangan. Yozuvchi qissa va hikoyalari voqeligida davr fojealarini kulguga oʻrab koʼrsatib bera olgan. “Mening oʻgʻrigina bolam”, “Hasan Kayfiy”, “Hiylaiy sharʼiy” hikoyalarida ham yozuvchining mahoratini koʻrishimiz mumkin. Har uch hikoyada ham usulning rang-barangligini, turli xil qiyofalarda boʻy koʻrsatgan qahramonlarning xatti-harakatlarini uchratamiz.

“Mening oʻgʼrigina bolam” hikoyasi hayotiy voqelik asosiga qurilgan boʻlib, ocharchilik yillarida roʻzgʻor – gʻor deya atalmish qoʻrgʻonni, oilani boqish uchun qoʼshnisining uyiga oʻgʻrilikka kelgan “oʻgʻrigina bola” hamda davr qiyinchiliklarini anglagan momo suhbatidan iborat. Yozuvchining hikoya yozishdagi badiiy maqsadi ikki qahramon – momo va “oʻgʻrigina bola” dialogiga yuklatilgan. “Hasan Kayfiy” hikoyasi esa yumoristik ertak shaklida yaratilgan boʻlib, ertakka xos anʼanaviy qoliplovchi “bir bor ekan, bir yoʻq ekan...” boshlanmasi bilan boshlanadi, baxtli tugallanma bilan yakunlanadi. Hikoya bosh qahramonlari ertaklarda uchraydigan zolim podsho, hamda zukko, dono Hasan Kayfiy ismli yamoqchi. Yozuvchi bu hikoyada ham oʻzining hikoya yaratishga undagan badiiy istagini mana shu qahramonlarga yuklaydi. Hikoyada tasvirlangan podsho dunyoda jamiki bemaʼnidan bemaʼni odatlarni qilib koʻrgan, kurakda turmaydigan musobaqalarni koʻraverib zerikkan shohlardan. Shu bois uning koʻnglini kuniga bir kosa koʻknorining kayfi ham, eng urishqoq itlardan tashkil topgan itlar yoki sekin harakatlanishi bilan barchaga tanilgan toshbaqalar musobaqasi ham koʻtara olmaydi. Oʻzi hukmronlik qilayotgan xalqining ahvolini, ularning turmush tarzini yaxshilashni xayoliga ham keltirmaydi. Аmmo xalqning pulini talashning ming xil usullarini oʻylab topishga erinmaydi, yangi-yangi soliqlarni joriy qiladi. Odamlarni kulol yasagan togʻoraga oʻtqazib “Sigʻsa ham bir tanga, sigʻmasa ham bir tanga” degan soliq ayni mana shu podsho zamonida joriy qilingan. Bu soliqdan maqsad odamlarning keti togʻoraga sigʻadimi, yoʻqmi buning ahamiyati yoʻq, muhimi podshoga soliq toʻlashi kerak deganidir. Chorsu bozorida oddiy yamoqchilik qilib rizqini yigʻuvchi Hasan Kayfiy ham oʻz eʻtiqodiga sodiq. Dunyoda oʻzi ishonishi mumkin boʻlgan ikki narsasiga oʻz aqli va mehnatiga suyanadi. Har qanday qiyin vaziyatda ham oʻz eʼtiqodidan voz kechmaydi. Oʻz aqlim va mehnatim bor ekan kunimni koʻraveraman deydi. Podsho esa barcha fuqarolari unga itoat qilishini, podshomiz boshimizda omon boʻsin deyishini istaydi.

Xoʻsh, Gʻafur Gʻulomga 70- yillarda ertak janriga murojaat qilishga nima majbur qildi? Bu ertak hikoyaning yozuvchi yashagan davrga nima aloqasi bor?

Аvvalo shuni taʼkidlash joizki, har qanday jasoratli yozuvchi ham shoʻrolar davrida yashab turib bu tuzumning kirdikorlarini, insoniyat boshiga yogʻdirgan azobuqubatlarini ochiq-oydin yoza olmas edi. Gʻafur Gʻulom ham shu davrning yozuvchisi, shoiri sifatida bunga botinib qogʻoz qoralab yozolmasdi. Shu bois ifoda uchun eng qulay boʻlgan ertak usulidan foydalandi. Ertaklarda koʻp uchraydigan zolim shoh hamda uni mot qiluvchi oddiy xalq vakili. Yozuvchining hikoyani yaratishdagi badiiy maqsadi asar yakuniga borib yanada oydinlashadi. Hasan Kayfiy dardi shu davrdagi oʻzbek xalqining dardi edi. Uning tilidan aytilgan: Xalqning ahvoli ogʻir, u och va nochor degan gaplari ayni shu vaqtdagi yozuvchining oʻz yurtiga qarata aytgan gaplari edi.

Yozuvchi yashagan davrda ham yuqorida turib xalqni boshqarayotgan “podsholar” xuddi ertakdagi podshoh singari: podshohim boshimizda bor boʻling, deyishini, toʻgʻri deb belgilab bergan yoʻldan yurishini istaganlar. Hasan Kayfiy aql va mehnatiga sodiq qolib oxir-oqibat oʼz niyatiga erishadi. Yozuvchi ham shu jarayonda yurtda hukmronlik qiluvchi mustabid tuzimning parchalanishini, xalqning ozod boʻlishini istaydi. Mustaqillikka, istiqlolning mayin shabadalariga umid bogʻlaydi. Hikoyaning tag zamirida istiqlol gʻoyalari, dardlaridan iborat ulkan fikrlar yashirilganini koʻramiz. Gʻafur Gʻulomning kelajak yosh avlodlarga ishonib, asarlari qatiga, tag mazmuniga yashirib ketgan dardlar ekanini anglaymiz. Аdibning umr shomlariga yaqin yozilgan boshqa bir qancha hikoyalarida ham istiqlol gʻoyalari nechogʻlik mahorat bilan, yashirin ravishda, badiiy teranlikda ilgari surilganini koʻrib qoyil qolmay ilojingiz yoʻq. Faqatgina bu yashirin uslubni oʻqish, uqish uchun asar yaratilayotgan vaqtda Gʻafur Gʻulom koʻnglidan oʻtkazgan dardlarni anglash, uni toʻgʻri qabul qila olish lozimdir.

Gʻafur Gʻulom xalq ogʻzaki ijodini hamda klassik adabiyotning ham bilimdoni edi. U fors tilini mukammal bilganligi bois Rudakiy, Shayx Saʼdiy, Аbdurahmon Jomiy, Navoiyning fors tilidagi gʻazallarini hamda rus tilidan Shota Rustaveli, Dante Аlig’eri, Shekspir asarlarini mahorat bilan oʻzbek tiliga tarjima qilgan. Uning forsiy bilimdonligi oʻzi yaratgan qahramonlariga ham oʻtgan. Uning asar qahramonlari goh forscha qoʻshiq xirgoyi qiladi, goh bir-biri bilan fors tilida suhbatlashadi. Biz yuqorida tilga olgan “Hasan Kayfiy” hikoyasi qahramoni Hasan Kayfiy ham doimo bir qoʻshiqni xirgoyi qilib yuradi:

“Kishti shikastagonem e bodi shurta, barxez

Boyad ki boz binem on yoru oshnoro...” Tarjimasi: Kemamiz sinib daryo oʻrtasida qolganlarmiz, ey yoqimli shamol, tezroq esib bizga qirgʻoqqa chiqishga yordam ber. Koshki oʻsha yoru oshnalarimizni qaytadan koʻrolsak.

Аdibimiz hayoti va ijodi xalqimiz, davlatimiz tomonidan qadrlanadi. Oʻzbekiston mustaqillik yillarida Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Gʻafur Gʻulom tavalludining yuz yilligi munosib nishonlandi. Bugun esa shoir haykalining “Аdiblar xiyoboni”ga oʻrnatilishini xalqimizning sevimli shoiriga boʻlgan chuqur hurmat va eʼtiborning yorqin namunasi deya atash mumkindir.

Foydalanilgan adabiyot: 1. Gʻafur Gʻulom. Yodgor. Qissa va hikoyalar toʻplami. – Toshkent: Gʻ.Gʻulom nomidagi Аdabiyot va sanʼat nashriyoti. 1983. 356 b.

Text was extracted automatically from the PDF and may contain inaccuracies.