ResearcherUz LogoResearcherUz
View Journal

Jadidlarning islohotchilik g’oyalari va ularni xalqqa yetkazishda publististik yondashuv.

Abstract

Mazkur maqolada jadid namoyondalarining islohotchilik g’oyalari va ularni xalqqa yetkazishdagi publitsistik yondashuvlar xususida so’z boradi.


Full PDF Document

Related Articles

Full text

Jadidlarning islohotchilik g’oyalari va ularni xalqqa yetkazishda

publististik yondashuv.

Sh.Mirzaaxmedova O’zbekiston Milliy Universiteti.

sanamjon.maxammadjonovna@mail.ru +998977301778

Annotatsiya – Mazkur maqolada jadid namoyondalarining islohotchilik g’oyalari va ularni xalqqa yetkazishdagi publitsistik yondashuvlar xususida so’z boradi.

Kalit so’zlar – jadid, ma’rifatparvarlik, axloq, ijtimoiy-siyosiy ong.

KIRISH

XIX asr oxiri- XX asrning boshlarida siyosiy, madaniy, iqtisodiy jixatdan inqiroz xolatiga tushib qolgan muslamlaka tufayli rivojlanish past darajada bo’lgan o’lkada Turkiston ziyolilari chor Rossiyasining mustamlakachilik zulmidan qutulish, o’z milliy davlatchiligini tuzish, iqtisodiy va madaniy taraqqiyotga yo’l ochish, xalqqa ziyo tarqatish choralarini ko’rdi. Turkistonda jadidchilik g’oyalari XIX asrning 90- yillaridan yoyila boshladi. Bu xarakat XX asrning 30-yillari oxirlarigacha o’lka ijtimoiy-siyosiy xayotida muxim ahamiyat kasb etdi. Jadid namoyondalari o’zlarining islohotchilik g’oyalarini xalq onggiga singdirishda matbuotda targ’ib qilish orqali kerakli natijalarga erishadilar.

ASOSIY QISM

Dastlabki jadid matbuoti 1883-yil Bog‘chasaroyda nashr etilgan I.G‘aspiralining “Tarjimon” gazetasidir. “Tarjimon” butun turkiy dunyoga yoyilib, Turkistondagi Rossiya imperiyasining mustamlakachilik zulmiga qarshi maqolalari bilan o‘lkada o‘zlikni anglashni boshlab berdi. 1905-yil oktabrda “Qozon muxbiri”, 1906-yil Ahmad Hodi Maqsudiyning “Yulduz”, Fotih Karimiyning “Vaqt”, Peterburgda “Ulfat” gazetalari chiqdi. Turkistondagi jadid matbuoti 1905-yildan boshlanadi. Avloniy 1905-1917-yillarda Turkistonda 22 gazeta va 8 jurnal nashr etilganiga guvohlik bersa, 1927-yil Ziyo Said 1870-1927-yillarda 45 ta gazeta va 36 nomda jurnal nashr etilganini yozgandi. Yuqoridagi matbuot nashrlarining aksar qismi jadid taraqqiyparvarlari tomonidan chiqarilgan. Turkistondagi ilk milliy gazeta 1906- yil 27 iyun kuni tatar taraqqiyparvari Ismoil Obidiy muharrirligi ostida chop etilgan “Taraqqiy” gazetasi hisoblanadi. Gazeta chiqishi munosabati bilan Ismoilbek G‘aspirali, Abdulla To‘qaylardek yirik taraqqiyparvarlar tabriknomalarini yo‘lladilar, Munavvar qori, Avloniylarning maqolalari bu gazetani xalq o‘rtasida yanada mashhur bo‘lishiga yordam berdi. “Taraqqiy”ning ilk sonida muharrir Ismoil Obidiy o‘zining “Toshkent 14-iyun” maqolasida Turkiston musulmonlariga murojaat qilib, barchani o‘zaro nizolarga chek qo‘yib birlikka chaqiradi. Gazetaning shiori ham maqsaddan kelib chiqqan holda “Najot: maslakda sabot; to‘g‘rilikni ijobat” deb belgilandi. Muallif millatning yorug‘ jahonda yashab qolish-qolmasligi, uning taraqqiyoti yoxud tanazzuli yolg‘izgina mana shu totuvlikka, millatning ilmu maʼrifatiga bog‘liq deydi. U Rossiya imperiyasida kechayotgan kurashlar va inqilob natijasida joriy etilayotgan demokratik islohotlardan faqatgina maʼrifatli millatlar foydalana olishini uqtiradi. Gazetxonlarga “Taraqqiy”ning chop etilishi uchun ruxsatnomaning olinishi ham aynan hurriyat bergan erkinliklar samarasi bo‘ldi, deydi. Bu maqola Turkistonlik taraqqiyparvarlar tomonidan juda qizig‘in qarshi olindi. Ayniqsa, gazetaning mazkur sonining 2-3 betlarida Munavvar qori Abdurashidxonovning “Bizning jahl, jahli murakkab” maqolasi bosilgan.1 Bu maqolada ham butun Turkiston xalqlarining anʼanaviy turmush tarzi tahlil etilgan. Unda ayrim illatlarning jamiyat taraqqiyoti uchun g‘ov bo‘layotganligi, bularga qarshi kurashga butun millatni jalb etadi. Bu maqola o‘z vaqtida butun Turkiston elining ilg‘or qismini larzaga soldi va hali hamon Munavvarqori g‘oyalaridan, uning aqliy dahosidan namuna bo‘lib sevib o‘qiladi.

“Taraqqiy”ning 3-sonida chop etilgan I.Obidiyning “Toshkent 22-iyun” deb nomlangan maqolasida ham muallif ilmu maʼrifatni Turkiston kelajagi uchun yagona najot yo‘li sifatida taʼriflashdan boshlaydi. Biroq, maqola davomida Obidiy rus inqilobi va uning mustamlaka xalqlari foydasi uchun chiqarilayotgan ayrim imtiyozlarini, qonun qarorlarini Turkiston tuprog‘iga ham joriy etish masalalarini muhokama qiladi. U bu muammoni ochiqchasiga ko‘tarmaydi, chunki gazetani ochishda siyosiy masalalarga aralashmaslikka xat bergan edi. Shunga qaramay Turkiston xalqining siyosiy madaniyatini oshirish, maʼlum maqsadlar atrofida tashkilotlar atrofida uyushish va siyosiy partiyalar zarurligiga ahamiyat qaratadi. Bu borada turkistonliklarning yevropa taʼlimini olgan mutaxassislarga, ilmga, tajribali yuristlarga muxtojligiga eʼtibor qaratadi. Shu sonning o‘zida “Qalamkash” imzosi bilan yozilgan “Ul bul narsalar” maqolasida masala yanada oydinlashtiriladi. Yaʼni, inqilob natijasida qo‘rquvga tushib qolgan chor hukumatining siyosiy chekinishlaridan unumli foydalanib qolishga, bu yo‘lda mahalliy kuchlarni siyosiy birlikka chaqiradi. Ayniqsa, gazetani so‘nggi sonlaridan birida “Umumiy o‘qituv” nomli maqolada muallif Rossiya imperiyasining ruslashtirish siyosatiga qarshi dadillik bilan boshlang‘ich taʼlim eng avvalo mahalliy millatlarning ona tilida bo‘luvi lozim, degan qarorni ilgari suradi.2 1 “Тараққий” №1.1906 йил 14 июн. 2 “Jadid ma’rifatparvarlik harakatlarining g’oyaviy asoslari” – Toshkent Islom Universiteti nashriyot matbaa birlashmasi, Toshkent-2016, 88-bet. Shuningdek, gazetada Fansurulloxon Xudoyorxonovning xati bosilgan edi. Unda mahalliy boylarni “Xayriya jamiyati” ochishga, musulmonlarning yetim bolalarini homiylikka olish va ular uchun maktablar ochishga chaqiradi.3 Umuman, “Taraqqiy” gazetasi Turkistondagi ilk jadid gazetasi bo‘lishiga qaramay butun mintaqani jadid g‘oyalari atrofida jipslashtirishga erishdi. Mustamlakachi maʼmurlar gazetani zudlik bilan yopish choralarini qidira boshlaydi va ko‘p o‘tmay buning uddasidan chiqdilar. Shunga qaramay bu gazeta o‘zbek milliy matbuotining tamal toshi sifatida zalvorli o‘rin egallagan.

Jadid milliy matbuotining Toshkentda “Taraqqiy” (Ismoil Obidiy, 1906), “Xurshid” (Munavvar qori, 1906), “Tujjor” (Saidkarimboy Saidazimboyev, 1907), “Sadoi Turkiston” (U.Asadullaxo‘jayev, 1914), “Najot” (Munavvar qori, 1917), “Sho‘roi Islom” (Abdulla Battol, 1917) "Al-isloh” (Abdurahmon Sayyoh, 1915-1918), “Chayon” (1917), “Izhorul haq” (Mulla Sadriddinxo‘ja mufti, 1918), “Al izoh” (1917- 1918) kabi gazeta va jurnallar, Farg‘onada “Sadoi Farg‘ona” (Obidjon Mahmudov, 1914), “Farg‘ona nidosi” (1917), “Tirik so‘z” (1914), Buxoroda “Buxoroi Sharif” (Mirjalol Yusufzoda, 1912-1913), “Turon” (G‘iyosmaxsum Husayniy, 1913), Samarqandda “Samarqand” (Mahmudxo‘ja Behbudiy, 1913), “Hurriyat” (1917) gazetalari va "Oyina” jurnali (1913-1915), Qo‘qonda “El bayrog‘i” (B.Soliyev, 1917), “Tirikso‘z” (O.Mahmudov, 1915) gazetalari, “Kengash” (Hamza Hakimzoda, 1917), “Yurt” (Ashurali Zohidiy, 1917) kabi jurnallarining chop etilishi davr taqozosi bilan maʼrifatparvarlik g‘oyalarining tarqalishida samarali vosita va millat extiyojiga aylandi.4

Davr matbuotida bosilgan maqolalar mazmunan boy va ko‘tarilgan har bir masala chuqur yoritilganligi bilan ajralib turadi. Fikrimizning isboti uchun “Fuqaho” jamiyatining nashri afkori hisoblangan “Izhor ulhaq” jurnalining 1918-yil 14-mart 4- juzʼida Mulla Rahimxon imzosi bilan “Masala” deb nomlangan va 13-aprel 8-juzʼida Sobirjon G‘anizoda imzosi bilan “Ibtidoiy maktablarimizning tartibsizligi yohud taraqqiy yo‘li” sarlavhali maqolalarni ko’rish mumkin. Zero, hozirgi kunda jamiyatning ijtimoiy-siyosiy, madaniy hayotida dinning o‘rni va vazifasi masalasiga alohida ahamiyat berilayotgan bir davrda, yaqin o‘tmishimizdagi taraqqiyparvar shaxslar, din arboblarining faoliyati, ularning maʼrifiy va ijtimoiy-siyosiy qarashlari, shu bilan birga 3 “Тараққий” №16.1906 йил 9 август 4 “Jadid ma’rifatparvarlik harakatlarining g’oyaviy asoslari” – Toshkent Islom Universiteti nashriyot matbaa birlashmasi, Toshkent-2016, 120-bet. o‘lka musulmon aholisining dunyoqarashi, diniy-ahloqiy qadriyatlarining shakllanishiga, siyosiy ongining o‘sishiga ulamolarning taʼsirini o‘rganishda “Izhorulhaq” jurnalining to‘liq mazmunini tadqiq qilish juda muhimdir. Tarixiy jarayonni adolatli yoritish, ularga to‘g‘ri baho berish, qolaversa, taraqqiyparvar ulamolar faoliyatini manbalar orqali o‘rganishni talab etadi. O‘sha davrdagi milliy matbuot organlari ana shunday qimmatli manba bo‘lib xizmat qiladi.

Milliy ziyolilarimiz musulmonlarning shunday yomon ahvolga tushib qolishining, yer osti va yer usti boyliklarining talon - taroj qilinishining, butun haq - huquqlarining paymol qilib, xo‘rlashlarining asosiy sababi - ilmdan uzoqlashganda, deb bilib Turkiston aholisining ilmiy saviyasini oshirishga katta ahamiyat berdilar.

Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Munavvar qori Abdurashidxonov, Abdurauf Fitrat, Ubaydulla Xo‘jayevlarning saʼy - harakatlari bilan gazeta va jurnallar chiqara boshlab, unda aholining maʼnaviy savodxonlik darajasini ko‘tarishga eʼtiborni qaratdilar. Shu o‘rinda madaniyat va maorif ishlariga qaratilgan baʼzi bir maʼlumotlarni keltirib o‘tamiz.

“Hurriyat” gazetasida “Maktablarning islohoti” (1917. 27 apr. №4, 4may. №5), “Musulmon teatri” (1917 yil 28 iyun. №19), “Ulug‘Turkiston” gazetasida “Maorif ishlari” (1917 yil Zapr. №2), “Milliy va madaniy muxtoriyat” (1917 yil 9avg. №21), “Madaniy va ijtimoiy bir vazifamiz” (1918 yil 31 yanv. №58), “Mehnatkashlar o‘qi” gazetasida “Maktablarimiz va kitob”(1920 yil 28 apr. №155) singari maqolalarda milliy ziyolilar Turkistondagi madaniy va maorif sohasida qilinishi kerak bo‘lgan va amalga oshirilayotgan ishlarga eʼtiborni qaratdilar.

1917 yildan so‘ng milliy ziyolilarning saʼy-harakatlari bilan Turkistonda ilmiysalohiyatni ko‘tarish maqsadida yangi usul maktablarini ochishga, hatto yoshlarni xorijiy mamlakatlarda tahsil olishlariga katta eʼtibor berganlar. Shuningdek, Turkistondagi madaniy jarayonlarga oid ko‘plab maʼlumotlarni o‘sha davrdagi milliy davriy matbuot sahifalaridagi maʼlumotlardan olish mumkin. Xususan, “Ozod Buxoro” gazetasida “Yoshlar o‘qiydurlar” (1924 yil 12 yanv. №37), “Maorif ishlari” (1924 yil 26 mart. №66), “Chet ellarda Buxoro talabalari” (1924 yil. 27iyun. №119) maqolalari berilgan bo‘lsa, “Turkiston” gazetasida “O‘zbek matbuoti”, “Matbuot va adabiyot” (1924 yil 2 iyun. №282), “Bugungi o‘zbek vaqtli matbuotining tarixi” (1924 yil 24 iyun. №295), “O‘zbek adabiyotida tanqid va adabiy muhokamalar” (1924 yil 25 iyun. № 295) va shunga o‘xshash ko‘plab maʼlumotlarni olishimiz mumkin.

Xususan, birgina Buxoro jumhuriyatida 1924 yilda maktablar soni 43 ta, o‘qituvchilari 127 ta, o‘quvchilarining soni esa 2807 tashkil etgan. Bularning 5 tasi qizlar maktabidir. 2 bilim yurti bo‘lib, o‘quvchilari 167 ta, o‘qituvchilari esa 17 ta edi. O‘rta maktablar ham 2 ta bo‘lib, o‘quvchilari 285 tani, o‘qituvchilari esa 18 nafar bo‘lgan. 5 ta internatning 329 o‘quvchisi bo‘lib, 18 ta o‘qituvchisi bo‘lgan. 1 ta hunar maktabining 37 ta o‘quvchisi va 4 ta o‘qituvchisi bo‘lgan. Bu internat eski Buxoroda joylashgan. G‘arbiy va Sharqiy Buxoroda hammasi bo‘lib 58 ta maktabda 3815 ta o‘quvchisi bo‘lib, 193 ta o‘qituvchisi bo‘lgan.

Shunday ekan biz o‘tmish tariximizni yoritishda birlamchi manbalarga murojaat qilishimiz kerak bo‘ladi. XX asrning 20-yillariga oid asosiy manbalardan biri bu - milliy ziyolilarimiz tomonidan nashr qilingan milliy matbuot organlari hisoblanadi. Ziyolilardan Huqanboy Abduxoliq o‘g‘lining “O‘qimoq kerak”5, Abdurauf Fitratning “Maorif”6, “Maktab kerak”7, Shokir Sulaymonovning “Ovropada Turkiston yoshlari”8 kabi maqolalari aholi orasida targ‘ibot vazifasini o‘tadi. Taraqqiyparvar ziyolilar Turkiston yoshlarini xorijiy mamlakatlarda tahsil olib, dunyoviy ilmni egallab xalqimizning kelajagi yo‘lida sarf qilishga harakat qilishlari to‘g‘risida bir qancha maqolalarni milliy matbuot sahifalariga berishgan.9 Jumladan, maorif masalalariga bag‘ishlangan baʼzi bir maʼlumotlarga to‘xtalib o‘tamiz.

Taraqqiyparvar ziyolilardan Shokir Sulaymonov shunday yozadi: “So‘nggi kunlarda yurtni idora qilarlik siyosiy, ilmiy, faniy muvaffaqiyatdadir. Kuchlarning yo‘qligi ochiq sezildi. Turkistondan o‘zini - o‘zi idora qiladigan haqiqiy usta (olim)larni talab qila boshladi. Mana shu hollarni ko‘rgan Turkiston yoshlari najotimiz maorifda, maorif esa Yevropada ekanligini bilib shu tomon keta boshladilar. Natijada Kavkaz, Bakuda 50 talab, Maskva va Peterburgda 150 talab, Berlinda 70 talab butun Yevropada 270 taga yaqin Turkistonlik o‘quvchilarni ko‘ramiz. Bu har holda Turkistonning kelgusini porloq, tarixini yorqin ekanligini bildiradi, umid bog‘laydi. Biroq, dunyoning boshqa joylariga taqqoslaganda bu narsa ko‘rinmas darajadadir. Chet ellarda o‘quvchi 5 Ўқимоқ керак//Хуррият. 1917.7 июл.№ 21. 6 Маориф // Ҳуррият. 1917.24 ноябр.№ 54,1 дек.№ 56 7 Мактаб керак// Ҳуррият. 1918.22 апрел. № 86 8 Овропада Туркисгон ёшлари // Туркистон. 1922.1 январ. № 43 9 Четдаги талабаларга ёрдам//Туркистон. 1922.26ноябр.№29;Ўлкамизда маорифтарқатиш масаласи//Туркисгон. 1922.12 декабр.№35; Четга кўпрок ўқувчилар юбориш керак // Туркисгон 1923.11 март.№ 85; Четда ўқиётган талабалар хусуеида // Туркисгон. 1923.14 март № 86; Олий мактаб ва биз // Туркистон 1923.3 авгусг. № 163. bolalarni yo‘qlab turgan boshqa millatlar kabi bizning Turkiston ziyolilari ham chetdagi talabalarni yo‘qlab yordam berib tursalar yaxshi bo‘lar edi.

Turkiston tarixida juda muhim o‘rin tutadigan vaqtli matbuot nashrlaridan biri “El bayrog‘i” gazetasidir. “Yashasin qo‘shma xalq jumhuriyati” shiori bilan ish boshlagan gazetaning ilk soni 1917 yil 8 sentabr kuni nashr etilgan. Turkiston muxtoriyati uchun jiddiy kurashga kirishgan jadid taraqqiyparvarlari o‘z matbuot nashrlari uchun bu paytda o‘lkaning nisbatan tinch va ichki nizolar kamroq bo‘lgan Qo‘qon shahrini tanlaydilar. Ashurali Zohiriy va Bo‘lot Soliyev muharrirligi ostida ish ko‘rgan “El bayrog‘i” sahifalari asosan Turkistondagi siyosiy voqeliklarning o‘zida aks ettirdi. Gazetaning dastlabki sonida “Musulmonlar shahar dumasiga saylov kunlari yaqinlashadir, g‘ofil qolmanglar!” murojaati bilan boshlanadi. Unda xalqni birlikka, bir bayroq, bir maqsad ostida bo‘luvga chaqiradi. Shuningdek, “Shahar dumasina deputat saylovi” maqolasida muallif barchani siyosiy jarayonlarda faol bo‘lishlikni talab qiladi. Maqolada Fevral inqilobi natijasida podsho hukumati joriy etgan boshqaruv tizimidagi o‘zgarishlar o‘z ifodasini topgan. Muvaqqat hukumat qarori asosida Duma vakolatlarining oshirilganligi, xususan, uning qarorini avvalgiday Gubernator taʼqiqlay olmasligi taʼkidlanadi. Xalqning siyosiy savodxonligi, siyosiy faolligi Turkiston istiqboli uchun muhim ekanligi uqtiriladi. “Xalq saylovlar orqali o‘z kelajagini o‘zi quradi”, deydi muallif. Bu paytda umum Rossiya imperiyasi darajasida bolsheviklar go‘yoki mazlum qatlamlar manfaatlarini himoya qiluvchi kuch sifatida tobora katta mavqeʼ orttira bordi. Aslida bu ham siyosiy nayrang bo‘lib chiqdi. Gazetaning 1-sonida chop etilgan Sardorning “Bizning mehnatkashlar” maqolasi mana shu mavzuga bag‘ishlandi. Unda Turkistonning barcha xalqlari xoru zabun, huquqsiz mehnatkashlardir, deb hulosalanadi.

“El bayrog‘i”ning 8-sonida “A.Bek”ning “Vijdon imtihonlari” maqolasida muallif saylovda g‘alaba qozongan ulamolarni Taʼsis majlisida Turkiston xalqi erku ozodligi uchun kurashga, faol bo‘lishga chaqiradi. Biroq, bu paytda endi hokimiyat to‘liq bolsheviklar qo‘liga o‘tgan edi. Gazetada Oktabr inqilobi g‘alabasi haqida maʼlumot va Trotskiyning telegraf Qarori nashr etildi. Biroq, hech qanday munosabat bildirilmadi.

“Qipchoq” o‘zining “Bu kundan kirishurga teyish” maqolasida Markaziy Rossiyada kechayotgan siyosiy jarayonlardan tashvishga tushib, maqolani “Kundan kun vahma ortadi...” degan jumla bilan boshlaydi. Muallif Markaziy nashrlardagi bolsheviklarning balandparvoz vaʼdalariga ishonmaydi. Aksincha, fikrini “Turkiston xalqining kelajagi oldida masʼuliyat yanada ortdi”, deb yakunladi.10

XULOSA

Xulosa sifatida aytish mumkinki, jadid taraqqiyparvarlari gazetalari sahifalari o‘tgan asrning boshlarida Turkiston mintaqasida kechgan madaniy, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni o‘rganishda muhim tarixiy manba hisoblanadi. Bu gazetalar o‘z vaqtida Turkiston xalqining ijtimoiy ongi o‘sishida, o‘lkada zamonaviy siyosiy madaniyatning rivojida bemisl xizmat qildi. Ayniqsa, bugungi kunda “Sho‘royi Islom”, “Najot”, “Kengash”, “El bayrog‘i”, “Hurriyat” kabi jadid gazetalari sahifalari o‘tgan asrning boshlarida Turkistonda mavjud bo‘lgan og‘ir siyosiy bo‘hronlarni o‘rganishda, eng asosiysi, tariximizning uzoq vaqtlar mobaynida yashirilgan, kommunistik mafkura tazyiqi asosida yolg‘on va bo‘htonlar asosida qayta yozilgan qismini anglashda muhim tarixiy manba hisoblanadi. Shuningdek, bu nashrlar o‘tgan asr boshlaridagi Turkistonda mavjud bo‘lgan siyosiy harakatlarni, ularning asl mohiyatini anglashda ham ulkan ilmiy ahamiyatga egadir.

Foydalanilgan adabiyotlar ro’yhati. 1. Ziyoyev H. Jadidlar harakatining siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy zamini(XIX asr oxiri XX asrning boshlari) ((Jadidchilik: islohot, yangilanish, mustaqillik va taraqqiyot uchun kurash.-T.: Universitet, 1999.-B.9-22. 2. Xolboyev S, Dolimov U va boshqalar. Turkiston jadidchiligi – milliy uyg‘onish davri tarixi (XIX asr oxiri – XX asr boshlari) –Namangan, Namangan-2012. 3. “Jadid ma’rifatparvarlik harakatlarining g’oyaviy asoslari” – Toshkent Islom Universiteti nashriyot matbaa birlashmasi, Toshkent-2016, 88-bet. 4. Avloniy. Turkiy guliston yoxud axloq. –T; O‘qituvchi, 1992. Sharipov R. Turkiston jadidchilik harakati tarixidan. –T; O‘qituvchi, 2002. 5. Xolboyev S. Milliy universitetning tarixiy ildizlari va tashkil topishi.T; Sharq, 2003 6. Dolimov U. Turkistonda jadid maktablari.–T; Universitet, 2006. 7.Abduazizova N. Turkiston matbuoti tarixi. T.: Akademiya. 2000. 8. Qosimov B. Milliy uyg‘onish: jasorat, ma’rifat, fidoyilik. T; Ma’naviyat, 2002. 9.. “Тараққий” №1.1906 йил 14 июн. 10Эл байроғи. № 8.1917 йил 3 ноябрь.

Text was extracted automatically from the PDF and may contain inaccuracies.