SIFATIDA RIVOJLANISH BOSQICHLARI
Nizomova Shahrigul Karimboy qizi Toshkent davlat yuridik universiteti “Jinoyat qonunchiligini qo`llash nazariyasi va amaliyoti”
soha mutaxassisligi magistrant Shahrigulnizomova12@gmail.com
ANNOTATSIYA
Maqolada kriminalistik gabitoskopiya, ya’ni odam tashqi qiyofasi orqali identifikatsiya qilish tushunchasi, tasnifi va uning jinoyatlarni oldini olish va ochishdagi tutgan o`rni haqida so`z yuritilgan. Bundan tashqari ushbu maqolada kriminalistik texnika tarmoq sohalaridan biri bo`lgan gabitoskopiyaning fan sifatida paydo bo`lish tarixi ham yoritilgan bo`lib, buning sud ekspertizasi sohasi bilan uzviy bog`liqligi yoritib berilgan.
Kalit so`zlar: gabitoskopiya, odam tashqi qiyofasi, identifikatsiya, gabitologiya, portret ekspertizasi, og`zaki portret, antropometriya.
ПОНЯТИЕ КРИМИНАЛИСТИЧЕСКОЙ ГАБИТОСКОПИИ И ЭТАПЫ ЕЕ
РАЗВИТИЯ КАК НАУКИ
АННОТАЦИЯ
В статье рассматривается концепция, классификация криминалистической габитоскопии, то есть идентификации человека по внешнему виду, и ее роль в предотвращении и раскрытии преступлений. Кроме того, в этой статье освещается история возникновения габитоскопии как науки, одной из отраслей криминалистической техники, и освещается ее неразрывная связь с областью судебной экспертизы.
Ключевые слова: габитоскопия, внешний вид человека, идентификация, габитология, портретная экспертиза, устный портрет, антропометрия.
THE CONCEPT OF CRIMINALISTIC GABITOSCOPY AS WELL AS THE STAGES
OF ITS DEVELOPMENT AS A SCIENCE
ANNOTATION
The article discusses criminalistic gabitoscopy, the concept, classification of identification through human appearance, and its role in preventing and opening crimes. In addition, this article also covers the history of the emergence of gabitoscopy as a science, one of the branches of criminalistic technology, which is inextricably linked with the field of Forensic Science.
Keywords: gabitoscopy, human appearance, identification, gabitology, forensic portrait examination, oral portrait, anthropometry.
KIRISH
Jinoyatlarni oldini olish va ularni ochishda kriminalistik texnikaning gabitoskopiya yoxud odamlarning tashqi qiyofa belgilari asosida identifikatsiya o`tkazish sohasi juda katta rol o`ynaydi. Chunki jinoyatning kim tomonidan sodir etilganligi va jabrlanuvchi shaxsning tashqi qiyofasini bilish uchun ushbu soha imkoniyatlaridan keng foydalaniladi.
ASOSIY QISM
Kriminalistik gabitoskopiya (gabitologiya) gabitus lotincha “habitus” – ko`rinish, insonning tashqi ko`rinishi (qiyofasi), qaddi, sochining rangi, ko`zi, ovozi, muloqoti, imoishorasi, odatlanib qolgan harakatlari va b.; skopiya esa yunoncha “scopeo” – ko`raman, qarayman, o`rganaman, ya’ni “insonning tashqi qiyofasini o`rganaman” degan ma`noni anglatadi[1].
Gabitoskopiya – kriminalistika texnikasining bir tarmog`i bo`lib, odamning tashqi qiyofasi, uning o`ziga xos xususiyatlari va boshqa belgilaridan jinoyatlarni tergov qilish va sud amaliyotida qanday foydalanishni o`rgatuvchi ta’limot hisoblanadi.
Moddiy olamdagi barcha odamlar, jonzotlar va narsalar individualdir, ya’ni ular har biri o`zining muayyan sifat va xususiyatlari bilan bir-biridan farq qiladi. Har bir odamning tashqi qiyofa belgilari o`ziga xos xususiyatga ega hisoblanadi. Hatto aka-uka, opa-singil, egizak yoki qarindoshlar ham bir-biriga qanchalik jihatdan o`xshash bo`lmasin, ular ma’lum bir belgilari orqali bir-biridan ajralib turadi. Ushbu belgilar bir qarashda ko`zga tashlanmasligi mumkin, lekin sinchkovlik asosida o`rganilganda ularni bir-biridan ajratib turuvchi xususiyatlarini aniqlash mumkin. Shuning uchun ham surishtiruv, tergov va sud amaliyotida odamlarning tashqi qiyofa belgilari orqali identifikatsiya qilish o`zining ilmiy asosiga egadir.
Rus antropologi Dmitriy Nikolayevich Anuchin ta’kidlaganidek, insonning tashqi qiyofa xususiyatlari umr bo`yi saqlanib, o`zgarishsiz o`tadi. Faqat ba’zi bir belgilari, bo`yi, qaddiqomati va tana a’zolarining qismlari o`lchov jihatidan kattalashishi mumkin. Bu o`zgarishlar nisbiy xususiyatga egadir[5].
Odam tashqi qiyofa belgilari faqatgina surunkali kasalliklar (adenoid), turli xil jarrohlik operatsiyalari (rinoplastika) yoki kosmetologik amaliyotlar (botoks, filler) natijasidagina o`z xususiyatini yo`qotishi mumkin. Odamni tashqi qiyofa belgilari orqali tasvirlash kriminalistika fanida “og`zaki tasvirlash”, ya’ni “og`zaki portret” deb ham yuritiladi. Ushbu tasvirlash usulidan tergov va sud amaliyotida qo`llanilishi muhim ahamiyatga egadir. Chunki bu usul orqali jinoyat sodir etgan shaxsni, shaxsi noma’lum murda yoki uning qismlarini, bedarak yo`qolgan shaxsni aniqlash mumkin.
Odam tashqi qiyofa belgilari orqali tasvirlash usuli dastlab fransuz kriminalisti Alfons Bertilon tomonidan ishlab chiqilgan bo`lib, bu usuldan ko`p vaqt davomida jinoyatchilarni ro`yxatga olish uchun qo`llanilgan. Keyinchalik jinoyatchilarni ro`yxatga olishda jinoyatchilarning barmoq izlari xususiyatlari, ya’ni daktiloskopik ro`yxatga olish usuli asos qilib olinadi. Odam tashqi qiyofasini aniqlash esa faqatgina identifikatsiya uchun qo`llaniladigan bo`ldi.
Antropometriya fani – insonning fizik parametrlarini o`lchash, yangi ta’limot – gabitoskopiyaning vujudga kelishi uchun asos bo`ldi. Bu usu, ya’ni odamning tashqi qiyofa belgilari orqali identifikatsiya qilish tergovchi, surishtiruvchi va tezkor-qidiruv hodimlariga jinoyat sodir etgan shaxslarni aniqlash va ularni qidirishda yordam berib kelmoqda.
O`ziga xoslik, ya’ni har bir inson o`ziga xos va individualdir. Uning yuz tuzilishini alohida tahlil qilinsa ham, uning ushbu xususiyatlarini tavsiflovchi yuzdan ortiq xususiyatlar aniqlanadi.
O`zgarmaslik, ya’ni nisbiy barqarorlik. Insonning yaratilishi va tashqi ko`rinishi 25 yoshdan boshlab o`zining xususiyatini yo`qotmaydigan suyaklar asosida tizimlashtirilgan. Yanoq suyaklarining shakli, qosh kamarlarining og`irligi (nadbrovnix dug) va peshonaning balandligi balog`at yoshida ham o`zgarishsiz qoladi. Inson terisi va yuz to`qimalarining qarishi va o`zgarishiga qaramay, skeleti va bosh suyagi yuzning aniq identifikatsiyasini ko`rsatishi mumkin.
Alfons Bertilon fransuz kriminalisti bo`lib, u 1879-yilda inson yuzi va tanasini antropometrik o`lchash tizimini joriy qilgan. Bu esa jinoyat sodir etgan shaxsning tez va to`g`ri aniqlash imkonini bergan. U odam tanasi a’zolarining o`lchami va shakli individual, ya’ni o`ziga xos ekanini aniqladi hamda jinoyat sodir etgan shaxslarni qidirib topishda yordam beruvchi insonning jismoniy ma’lumotlari va xususiyatlarini o`z ichiga olgan kartoteka yaratdi. Kartotekani jinoyat sodir etgan shaxslarning rasm va fotosuratlari bilan to`ldirdi. Shuningdek, Bertilion mahkumlarning yuz qismini to`liq rasmga olgan holda ularning ma’lumotlarini saqlash g`oyasini ishlab chiqdi.
Fransiya politsiyasining ma’lumotlariga ko`ra, 1884-yilning o`zida Bertilon yaratgan tizim, ya’ni “bertilonaj” tizimi orqali 242 jinoyat sodir etgan shaxslar hibsga olingan. Kartotekalardan asosan jinoyat sodir etgan shaxslar va retsidiv jinoyatchilar hamda jazoni ijro etish muassasalaridan qochgan maxbuslarni qidirib topish uchun foydalanilgan. Bu tizim butun Yevropa, Rossiya va G`arb mamlakatlarida tez mashxurlikka erishgan. Ushbu usul 1903- yilgacha butun dunyo kriminalistlari tomonidan muvaffaqiyatli tarzda qo`llanilib kelingan[6].
“Gabitologiya” atamasi lotincha “habitus” – odam tashqi qiyofasidan olingan bo`lib, sovet professori N.V.Terziyev tomonidan kriminalistika faniga kiritilgan.
Fotorobotlar yaratilishi tarixi. Jinoyatchilarni vizualizatsiya qilish oddiy chizmalardan tortib zamonaviy fotorobot dasturlarini yaratilishigacha bo`lgan uzoq yo`lni bosib o`tgan desak, mubolag`a bo`lmaydi. XIX asr oxiri va XX asr boshlarida jinoyatchilarni qidirib topish uchun jabrlanuvchi va guvohlarning so`zlaridan tasvirlar yaratilib portretlar yaratilgan. Buning uchun Yevropa, AQSH va Rossiyaning ichki ishlar bo`limlarida maxsus rassomlar faoliyat yuritgan[6].
Ammo ushbu amaliyotda bir qancha muammolar kelib chiqqan. Masalan, agar jinoyat gavjum joyda sodir etilgan bo`lsa, ushbu jinoyatga shohid bo`lgan bir qancha guvohlar bo`lgan. Har bir guvoh o`zining idroki bo`yicha jinoyat sodir etgan shaxsni tasvirlagan. Shuning uchun ularni og`zaki tasvirlovlari xilma-xil bo`lgan. Bu esa rassomlarning chizgan portretlari jinoyat sodir etgan shaxsning tasvirini to`g`ri tasvirlay olmagan hamda bu tergov jarayonida bir qancha muvaffaqiyatsizliklarga olib kelgan.
Ikkinchi jahon urushi davrida, Los-Anjelos politsiyasi detektivi Xyu K.Makdonald birinchi Identikit- fotorobot tizimini ishlab chiqqan. U jinoyat sodir etgan 500000 dan ortiq shaxslarning fotosuratlarini tahlil qilgan hamda ularni 500 ta asosiy tur bazaga qisqartirgan. U yuz qismlarini alohida shaffof plyonkaga chizgani va 37 ta burun, 52 ta iyak, 102 juft ko`z, 40 ta lab, 130 soch chizig`i va qoshlar, soqollar, mo`ylovlar, ko`zoynaklar, ajinlar va bosh kiyimlar to`plamini olganini ta’kidlagan. Shundan so`ng identifikatsiya qilish yuzning turli qismlari va elementlari birlashmasiga qisqartirilgan.
Identikitdan birinchi marta 1961-yilda detektiv Skotland Yard qotil Edvin Bushni qo`lga olish uchun foydalangan. Politsiya xodimi gumon qilinuvchi shaxsning tashqi qiyofasi asosida uchastkada tuzilgan fotorobotni guvohlardan biri tomonidan aynan gumon qilinuvchiga o`xshash bo`lganligini tasdiqlagan dalil asosida ushbu shaxsni qo`lga olgan. Yuzlashtirish tergov harakati esa E.Bushning aybini isbotlagan.
1970-yilda Identikit tizimining o`rnini Photo-Fit egalladi. Chiziqli chizmalar ishlatilgan birinchi chizmadan farqli o`laroq, PhotoFit yuz turli qismlarining haqiqiy fotosuratlaridan iborat edi. Kompyuter texnologiyalari rivojlanishi bilan ko`plab fotorobot dasturlari paydo bo`la boshladi.
Zamonaviy ishlanmalardan biri – bu standart gabitologiya usullarini biometriya bilan birlashtirishdir. Texnologiyalar odam shaxsini ko`zning to`r pardasi, qo`l shakli, qon tomirlari chizmasi, ovozi, qo`l yozuvi va boshqalarga qarab aniqlash imkonini beradi. Kriminalistlar nafaqat odamning tashqi ko`rinishi, balki biologik va psixologik xususiyatlarini har tomonlama ko`proq o`rganish zarurligi to`g`risida xulosaga kelishmoqda. Buning uchun ekspertizalar va DNK testlari o`tkazilishi lozimligini ta’kidlashmoqda. Mutaxassislar gabitologiya nafaqat tashqi qiyofa belgilari haqidagi fan, balki bu fan tahlil uchun ham juda ko`p ma’lumot taqdim qilishi mumkin, degan fikr berishmoqda[6].
Odam tashqi qiyofa belgilari haqidagi ma’lumotlar qadim zamonlardan mavjud bo`lib, an’anaviy tarzda inson shaxsini identifikatsiya qilish uchun ishlatiladi. Tashqi qiyofa belgilari jinoyat sodir etib, sud va tergovdan yashiringan shaxslar va shaxsi noma’lum murdalarni qidirib topish va hibsga olingandan so`ng mahkumni identifikatsiya qilish uchun xizmat qilib kelmoqda. Odam tashqi qiyofa belgilari to`g`risidagi ma’lumotlar jinoyatning ko`plab turlari, jinoiy guruhlarni fosh qilish, ularni tergov qilish va oldini olish jarayonida foydalaniladigan alohida hisob qilish, ya’ni kriminalistik ro`yxatga olishning ajralmas bir bo`lagi desak mubolag`a bo`lmaydi.
1935-yilda nashr etilgan sovet kriminalistikasi darsligida odam tashqi qiyofa belgilarini identifikatsiya qilish uchun og`zaki portret texnikasini qo`llash masalalari, 1938-yildagisida esa tergov amaliyotida shaxsni fotosurat bilan tanib olish va so`roq tergov harakati vaqtida og`zaki portret texnikasini qo`llash orqali odam tashqi qiyofasi to`g`risidagi ma’lumotlardan foydalanish asoslari bayon etilgan[2].
1950-yilda nashr etilgan kriminalistika darsligi tashqi qiyofa belgilari to`g`risidagi ma’lumotlardan foydalanishning turli yo`nalishlarga tayangan holda ishlab chiqilib, ushbu darslik kriminalistika fani bo`yicha yaratilgan keyingi qo`llanmalar uchun asos bo`lib xizmat qilgan.
Ushbu nashr qilingan darslikda og`zaki portret metodiga muvofiq, tashqi qiyofa belgilarini tasniflash va tavsiflash tizimi, tashqi qiyofa belgilari to`g`risida ma’lumot to`plash bo`yicha tavsiyalar, fotosuratlardan ekspertiza faoliyatida foydalanish, jinoiy ro`yxatga olishning turli usullarida, tirik shaxslar va shaxsi noma’lum murdalarning shaxsini aniqlashda odam tashqi qiyofasi to`g`risidagi ma’lumotlardan foydalanish asoslari yoritib berilgan[2].
Rus adabiyotidagi ilk marotaba fotosuratlar orqali shaxsni identifikatsiya qilish masalasi N.V.Voronovskiyning 1931-yilda chop etilgan “Kriminalistik texnika” asarida yoritilgan. Voronovskiy fotoportret yordamida identifikatsiya qilish daktiloskopiya, ya’ni barmoq izlari orqali identifikatsiya qilishdek oson va aniq jarayon emasligini ta’kidlagan. Shundan so`ng, N.V.Terziyayev tomonidan keyingi taqdiqotlar uchun zamin bo`ladigan ushbu sohaga oid darsliklar yaratildi. Ushbu darsliklardan biri 1950-yilda nashr etilgan “Sud ekspetizasi” bo`lib, unda sud-portret ekspertiza faoliyatida qo`llaniladigan asosiy qoidalar bayon etilgan. Terziyayev 1951-yilda sud ekspertizasi bo`yicha ma’ruzalar to`plamida ham sud-ekspertiza o`tkazishdagi muhim qoidalarga to`xtalib o`tdi. Lekin sud-portret ekspertizalarini o`tkazishdagi amaliy faoliyatda qo`llanilgan qiyosiy tadqiqot usullari uning “Tashqi qiyofa belgilari orqali shaxsni kriminalistik identifikatsiya qilish” asarida batafsil yoritib berildi. Terziyayev tomonidan yaratilgan darsliklar sud portreti sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni boshlash uchun bir turtki bo`lib xizmat qildi.
Shundan so`ng, 1955-yilda A.A.Gusev tomonidan “Tashqi ko`rinish belgilari orqali shaxsni aniqlash” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasi yoqlandi. Dissertatsiyada muallif tomonidan yoritib berilgan tashqi qiyofa belgilari orqali shaxsni identifikatsiya qilishning ilmiy qoidalari nafaqat sud ekspertizasi, balki anatomiya va antropologiya ma’lumotlariga ham asoslanib, tashqi qiyofa belgilarining yoshga bog`liq o`zgarishlari ko`rib chiqilgan hamda ularning vujudga kelish bosqichlarini hisobga olgan holda identifikatsiyaviy ahamiyatini aniqlashga harakat qilingan.
Sud portret ekspertizasini rivojlantirishda 1960-yilda A.Gusev tomonidan nashr etilgan “Tashqi qiyofa xususiyatlari bo`yicha shaxsni aniqlashda sud ekspertizalarini tashkil qilish metodikasi” asari muhim rol o`ynadi. Ushbu o`quv qo`llanmada muallif ekspertiza o`tkazish uchun tayyorgarlik bosqichi eng muhim bosqich ekanligini hamda ekspert tomonidan unga taqdim etilgan portretlar batafsil o`rganib chiqilishi lozimligini ta’kidlagan va tashqi qiyofa belgilarini o`rganishning asosiy usullari aniq ekspertiza tadqiqotlari misolida tasvirlangan. Bundan tashqari qo`llanmada fotosuratlardagi tashqi ko`rinish belgilarini tahlil qilish yuzasidan tavsiyalar, ularni baholash mezonlari va ekspertiza tadqiqoti bo`yicha ekspert xulosasiga qo`yiladigan talablar keltirilgan[2].
Shu davrda V.A.Snetkov ham sud portretshunoslik sohasida o`z tadqiqotlarini amalga oshirishni boshlagan hamda 1959-yilda “Odam tashqi qiyofasini ekspertiza qilish” kitobini nashr qilgan va 1961-yilda huddi shu mavzuda nomzodlik disertatsiyasini yoqlagan. Bundan tashqari Snetkov tashqi qiyofa belgilaridan kriminalistika amaliyotida foydalanishning nazariy va amaliy masalalariga bag`ishlangan bir qator maqola va qo`llanmalar yaratgan.
Shunday qilib, XX asrning 60-yillaridan boshlab odam tashqi qiyofa belgilari bo`yicha identifikatsiyaviy ekspertiza qilishning turli xil usullari bo`yicha tadqiqotlar amalga oshirila boshlandi. Shuni ta’kidlash lozimki, ushbu davrda fotosuratlar orqali tashqi ko`rinish belgilarini aniqlashda kriminalistik gabitoskopiya texnikasi mutaxassislarining bilimlari va ularni tashqi qiyofa belgilarini tahlil qilish uchun qo`llay olish qobiliyatidan foydalanilgan.
Shu bilan bir qatorda, sud portret ekspertizasi tadqiqotlarini obyektivlashtirishga yordam beradigan usullar ishlab chiqila boshlangan hamda ushbu usullar quyidagi ikkita asosiy yo`nalishda amalga oshirilgan:
Birinchidan, odam tashqi qiyofa belgilarining identifikatsiya qilishdagi ahamiyatini aniqlash uchun ularning paydo bo`lish bosqichini yanada batafsilroq o`rganish;
Ikkinchidan, inson yuz tuzilishi va uning suyak asosini (skeletini) tavsiflovchi o`lchovli xususiyatlarini tahlil qilish usullarini izlash[2].
Odam tashqi qiyofa belgilarining (ularning o`zaro bir-biriga bog`liqligini inobatga olgan holda) vujudga kelish bosqichini batafsil o`rganish orqali ularning identifikatsiyadagi ahamiyati bilan bog`liq masalalar yuzasidan izchil tadqiqotlar olib borilgan. Tadqiqot natijalariga ko`ra, belgining identifikatsiyadagi ahamiyati qanchalik yuqori bo`lsa, uning vujudga kelish bosqichi shunchalik kam bo`ladi, degan xulosaga kelingan.
E.Yu.Braychevskaya va N.M.Suskin tomonidan 1960-yilda 2000 juftdan ortiq fotosuratlar (to`liq va yon tarafdan) asosida tashqi qiyofa belgilarining vujudga kelish bosqichini hisoblash natijalari bo`yicha “Tashqi qiyofa xususiyatlari orqali shaxsni identifikatsiya qilishning imkoniyatlari” mavzusida maqola chop etilgan.
Z.I.Kirsanov va P.G.Orlov yanada kattaroq eksperiment materilalini o`rganish asnosida tashqi qiyofa belgilarining vujudga kelish bosqichini juda aniqlik bilan o`rganib chiqdilar. Ushbu tadqiqotlari asosida 1962-yilda “Fototasvirlar orqali shaxsni aniqlashda tashqi qiyofa belgilarining identifikatsiyaviy qiymatini baholash” asari chop etilgan.
Z.I.Kirsanov odam tashqi qiyofa belgilarining vujudga kelish bosqichini va ularning identifikatsiyadagi ahamiyati yuzasidan jadval tuzdi hamda uni o`zining 1968-yilda chop etilgan “Matematik tadqiqot usullaridan foydalangan holda shaxs fotoportreti orqali ekspertiza o`tkazish” asariga kiritdi. Kirsanov 1977-yilda “Kriminalistikada tadqiqotning ehtimollikstatistik usullari” mavzusida doktorlik dissetatsiyasini yoqlagan hamda o`z dissertatsiyasiga ushbu usullardan sud portret ekspertizasi faoliyatida foydalanish bo`yicha katta eksperiment ishlari natijalarini umumlashtirgan[2].
Ikkinchi yo`nalishdagi tadqiqotlar, ya’ni inson yuzining tuzilishi va uning suyak asosini tavsiflovchi o`lchovi, uning xususiyatlarini tahlil qilish shaxs fotosurati o`zgarmas nuqtalarga ajratilib ko`rsatilishi, nafaqat o`lchovli xususiyatlarini o`rganish, balki mavjud geometrik shakllarni aniqlashtirish mumkinligiga asoslanib, sud portret ekspertizalarini obyektivlashtirish metodlarini taklif qilgan olimlar tomonidan amalga oshirilgan[2].
Ushbu konstant (doimiy, qo`zg`almas) nuqtalar kriminalistlar tomonidan inson bosh suyagiga qo`yilgan muayyan shartli nuqtalar orqali antropometrik tadqiqotlar o`tkazgan antropologlardan olingan. Antropolog olimlar uchun konstant nuqtalar har doim aniq joylashuvga ega bo`lsa, kriminalistika olimlari uchun esa bu nuqtalar joylashuvini inson boshining teri qatlamlarida, yuz elementlarida (masalan, ko`z soqasi burchagidagi nuqtalar, burun osti burchagi nuqtalar, og`iz bo`shlig`i burchagidagi nuqtalar) qo`llashni tavsiya qilishgan.
1965-yilda R.E.Elbur tomonidan solishtirilgan yuz tasvirlarida 6-8 konstant nuqtalarning proyeksion muvofiqligi mavjud yoki mavjud emasligini aniqlashga asoslangan proyeksiongeometrik metodini taklif qilgan. Shundan so`ng, A.S.Kravchinskiy, A.Yu.Peresunkin. N.V.Zavist, N.S.Polevoy va boshqalar ushbu yo`nalishda o`z tadqiqotlarini olib borishgan.
1970-yilda N.S.Polevoy tomonidan doimiy anatomik nuqtalar qo`llanilgan fototasvir bo`yicha shaxsni identifikatsiya qilishning analitik usuli taklif qilingan[3].
M.M.Gerasimov va Yu.M. Kubits asarlaridan boshlab sud-tibbiy ekspertizasida shaxsi aniqlanmagan murdalar va ularning qoldiqlarini identifikatsiya qilish jadal ravishda rivojlanib kelmoqda. Haykaltarosh-antropolog M.M.Gerasimov suyak qoldiqlarining umrbod ko`rinishini (qiyofasini) qayta ishlashning o`zi yaratgan usulidan foydalanib, Yaroslav Mudriy, Andrey Bogolyubskiy, Amir Temur va boshqalarning bosh suyagidan ularning tashqi qiyofasini tiklagan. 1940-yilda Gerasimov birinchilardan bo`lib jinoyat ishlaridan biri bo`yicha topilgan shaxsi noma’lum bo`lgan ayol murdasi qoldiqlaridan uning tashqi qiyofasini tiklagan. Shaxsi noma’lum murdaning qiyofasi tiklangan haykal guvohlarga ko`rsatilganda, ular ushbu haykalda fuqaro Kosovaga tegishli belgilar borligi to`g`risida ko`rsatma berishgan. Sud guvohlarning ko`rsatmalari va boshqa ish bo`yicha ma’lumotlardan foydalanib, topilgan murda fuqaro Kosovaga tegishli ekanligini aniqlagan. Biroq, o`sha davrda Oliy Sud “texnik ekspertiza” uchun Gerasimov tomonidan taqdim etilgan ekspertiza xulosasini dalil sifatida tan olmagan[4].
Shunday qilib, XX asr 70-yillarining boshlarida boshlangan ekspert portret identifikatsiyasida kompyuter vositalaridan foydalanish bo`yicha tadqiqotlar faollasha boshlagan[2]. Yuqoridagi tadqiqotlar natijasiga ko`ra, kriminalistika sohasiga gabitoskopiya tushunchasi (lot. Habitus- insonning tashqi qiyofasi, gavdasining tuzilishi; yun. Scopeo – qarayman, o`rganaman), ya’ni odam tashqi qiyofa belgilarini o`rganuvchi soha kriminalistika texnikasining bir bo`limi sifatida kirib keldi.
Ushbu ta’limotni 1973-yilda Snetkov uning predmetini aniq tarzda aks ettiradigan “gabitoskopiya” atamasi bilan nomlashni taklif qilgan. Bu bilan bir qatorda A.Y.Peresukin “gabitologiya” atamasini qo`llashni taklif qilgan. V.A.Snetkovning fikriga ko`ra, “gabitoskopiya” atamasi “gabitologiya”ga qaraganda aniqroq bo`lib, u inson haqida o`rganiladigan ma’lumotlar doirasini huddi vizual belgilar bilan ifodalaydi. Ikkinchi atama ta’limot predmetiga nafaqat vizual tarzda idrok etiladigan, balki insonning boshqa har qanday tashqi belgilarini, shu jumladan, kriminalistikaning fonoskopiya yoki fonologiya, odorologiya va boshqa sohalarida o`rganiladigan xususiyatlarni, masalan, ovozi, gapirishi va boshqalarni o`z ichiga olishi mumkin.
Shu tarzda kriminalistika sohasiga oid bir qancha monografiyalar, darsliklar, shu mavzu bo`yicha nomzodlik dissertasiyalari himoya qilingan degan fikrga kelishimiz mumkin. Lekin olimlar kriminalistika ta’limotida ushbu tushuncha va uning metodini har xil talqin qilishadi. Sovet davridagi tergov jarayonlarida odam tashqi qiyofa belgilari to`g`risidagi ma’lumotlardan foydalanish asoslariga, asosan, fotosurat orqali shaxsni aniqlash va so`roq vaqtida og`zaki portret texnikasini qo`llash jarayoniga e’tibor qaratilgan. Shuningdek, og`zaki portret metodi orqali tashqi qiyofa belgilarini tasniflash va tavsiflash tizimi qaytadan ko`rib chiqilgan.
Yuqoridagi kriminalist olimlar e’tiborini sud portret ekspertizasida qo`llaniladigan metodlar ham chetlab o`tmagan. Ushbu sohadagi tadqiqotlar shuningdek, kriminalistik identifikatsiyaga hamda shaxsi noma’lum murdalar va ularning qoldiqlari(skeleti)ni aniqlashga xizmat qilgan.
XULOSA
Xulosa o`rnida aytadigan bo`lsak, gabitoskopiya – odam tashqi qiyofa belgilari orqali identifikatsiya qilish, kriminalistik texnikaning bir bo`limi bo`lib, ushbu sohaning fan sifatida rivojlanishi bir qancha bosqichlarini o`z ichiga olgan. Hozirgi kunda birinchidan, ushbu sohaning rivojlanishi surishtiruv, tergov va tezkor-qidiruv xodimlarining faoliyat jarayonini osonlashtirishga; ikkinchidan, jinoyatlarni oldini olish va ochishga; uchinchidan, tergovdan yashirinib yurgan jinoyat sodir etgan shaxslar, shaxsi noma’lum murdalar va ularning qismlarini (skletini) tiklash orqali shaxsini aniqlash uchun katta hissa qo`shib kelmoqda.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO`YXATI (REFERENCES)
1. Kriminalistika. V3ch. Chast 1: uchebnik dlya vuzov /pod red. L.Ya.Drapkina. – 2- ye izd., pererab. I dop. – M.: Izdatelstvo Yurayt, 2019. S-146.
2. Samoshina Z.G. Sudebnoye portretovedeniya / Istoriya i sovremennost // Vestnik Mosk. Pravo – 2005 № 6. S. 23-34.
3. Zinin A.M. Gabitoskopiya i portretnaya ekspertiza: Kurs leksiy.- M.: Moskovskaya akademiya MVD Rossii, 2002. S.11
4. Terziyev N.V. Leksii po kriminalistike. M., 1951. S. 75.
5. https://arheologija.ru/levin-m-g-dmitriy-nikolaevich-anuchin-1843-1923/
6. https://autogear.ru/article/392/776/gabitologiya---eto-kriminalisticheskoeuchenie-o-vneshnem-oblike-cheloveka-sudebnaya-gabitologiya/
Text was extracted automatically from the PDF and may contain inaccuracies.