--⊱⊱ 289 ⊰⊰--
SAVODXONLIGINI RIVOJLANTIRISH USULLARI VA NAZARIY ASOSLARI
Boymuradov Normurod Abdusodikovich
Maktabgacha taʼlim tashkiloti direktor
va mutaxassislarini qayta tayyorlash
va ularning malakasini oshirish instituti
mustaqil tadqiqotchi
Annotatsiya. Ushbu maqola maktabgacha taʼlim tashkiloti direktorining moliyaviy savodxonligini rivojlantirishga oid dolzarb masalalarni tahlil qiladi. Maʼqsad – direktorning moliyaviy boshqaruv, byudjetni rejalashtirish va hisobdorlik sohasidagi bilim va koʻnikmalarining taʼlim sifati hamda muassasa samaradorligiga taʼsirini oʻrganish. Maqolada, shuningdek, Singapur va Finlyandiya kabi rivojlangan davlatlarning ilgʻor tajribalari asosida maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktorlarining moliyaviy mustaqilligini oshirish, shaffoflik va hisobdorlikni taʼminlash boʻyicha ilmiy asoslangan tavsiyalar taqdim etilgan.
Kalit soʻzlar: moliyaviy savodxonlik, pedagogik boshqaruv, byudjetni rejalashtirish, hisobdorlik, maktabgacha taʼlim, samaradorlik.
Abstract. This article analyzes pressing issues related to the development of financial literacy of preschool education institution directors. The aim is to examine the impact of the directorʼs knowledge and skills in financial management, budget planning, and accountability on the quality of education and overall effectiveness of the institution. The article also presents scientifically grounded recommendations for enhancing the financial independence, transparency, and accountability of preschool education directors based on the advanced experiences of developed countries such as Singapore and Finland.
Keywords: financial literacy, pedagogical management, budget planning, accountability, preschool education, effectiveness.
Maktabgacha taʼlim jamiyatning uzluksiz taʼlim tizimida ilk va muhim bosqich hisoblanadi. Ushbu bosqichda taʼlim-tarbiya jarayonini samarali tashkil etish sohada faoliyat olib borayotgan pedagog kadrlarning salohiyati, kasbiy tayyorgarligi, yaratilgan mehnat sharoitlari bilan birga direktorlarning moliyaviy savodxonlik darajasiga ham bogʻliqdir. Bugungi kunda zamonaviy davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti rahbaridan nafaqat yuksak pedagogik yetakchilik, balki chuqur tashkiliy va moliyaviy bilimlar ham talab etilmoqda. Taʼlim tashkilotining barqarorligi, unga ajratilgan moliyaviy resurslardan oqilona foydalanish darajasi, pirovardida esa xodimlarning mehnat unumdorligi va motivatsiyasi bevosita direktorning moliyaviy boshqaruv kompetensiyasi darajasiga bogʻliq boʻlib qolmoqda. Shu sababli mazkur mavzudagi ilmiy izlanishlar mamlakatimiz taʼlim tizimi uchun dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Moliyaviy savodxonlik — bu shaxsning pul mablagʻlarini toʻgʻri boshqarish, moliyaviy qarorlar qabul qilish va resurslardan oqilona foydalanish qobiliyatidir. Yaʼni, bu bilim, koʻnikma va munosabatlarning yigʻindisidir, ular orqali inson oʻz moliyaviy barqarorligini taʼminlay oladi. Boshqacha qilib aytganda, shaxsiy moliyaviy savodxonlik odamning pul-iqtisodga oid bilim va tashabbuslari, ijtimoiy-iqtisodiy holatlari hamda xulq-atvori yigʻindisidir. Unda resurslardan oqilona foydalanish, investitsiya va moslashuvchan foiz tushunchalarini toʻgʻri tushunish, kredit va omonat jarayonlarini boshqarish kabi individual majburiyatlar aks ettiriladi.
--⊱⊱ 290 ⊰⊰--
Davlat sektorida esa moliyaviy savodxonlik - davlat byudjeti, maktablar hisobvaraqlari, soliq va sarmoyalashtirish jarayonlarini tushunib, ularni samarali boshqarishni nazarda tutadi. Yaʼni, shaxsiy moliyaviy savodxonlik shaxsning oʻz daromadini yaxshilashga qaratilgan boʻlsa, davlat (davlat tashkiloti) moliyaviy savodxonligi tartib va qonun-qoidalarga muvofiq tashkil etiladi. Shunday qilib, shaxsiy va davlat moliyaviy savodxonlik oʻrtasidagi asosiy farq shundaki, shaxsiyda shaxsiy mablagʻlarni boshqarishga, davlat sektorida esa muassasaning moliyasi va byudjetini boshqarishga urgʻu beriladi.
Bugungi kunda respublikamizda 6919 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyat yuritmoqda. Ushbu muassasalarning har birida davlat byudjeti, ota-onalar toʻlovi va boshqa byudjetdan tashqari mablagʻlarni jalb etish, taqsimlash va sarflash bilan bogʻliq kundalik moliyaviyxoʻjalik faoliyatlari amalga oshiriladi. Bu esa, oʻz navbatida, har bir rahbarga ushbu munosabatlarni qonuniy, samarali va shaffof amalga oshirish masʼuliyatini yuklaydi. Bunda davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktorining moliyaviy kompetensiyasi davlat tashkiloti moliyasini boshqarish “public financial management” tamoyillariga, yaʼni Oʻzbekiston Respublikasining Byudjet kodeksi, Mehnat kodeksi va boshqa meʼyoriy-huquqiy amaldagi xujjatlar doirasidagi qonuniylik, hisobdorlik va shaffoflikka asoslanishi lozim.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 19.03.2025-yildagi PF-51-son Farmoni bu borada yaqqol misol boʻla oladi. Unga koʻra, taʼlim muassasasi mulkini ijaraga berishdan tushadigan mablagʻlarning 75 foizi bevosita balans saqlovchining, yaʼni MTTning oʻzining ixtiyorida qolishi belgilandi. Bu, oʻz navbatida, moliyaviy savodxon direktorga tashkilotning boʻsh turgan (foydalanilmayotgan) bino va xonalarini (masalan, oshxona, sport zal) qonuniy asosda ijaraga berish orqali muassasa uchun barqaror qoʻshimcha daromad manbaini shakllantirish imkoniyatini beradi. Bundan tashqari, Prezidentning 29.12.2023-yildagi PQ-422-son qarori bilan 2030-yil 1-yanvarga qadar MTTlarning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlarga nisbatan ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilandi. Bu imtiyoz, ayniqsa, qoʻshimcha pullik xizmatlar koʻrsatish va xodimlarni moddiy ragʻbatlantirishda sezilarli moliyaviy yutuq hisoblanadi.
Shunday ekan, zamonaviy MTT direktoridan nafaqat pedagogik jarayonni, balki aynan mana shunday huquqiy-moliyaviy "dastaklar" va soliq imtiyozlarining mohiyatini chuqur anglash hamda ulardan muassasaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va xodimlarni ragʻbatlantirish yoʻlida unumli foydalana olish talab etiladi.
Singapur ("menejer-direktor") va Finlyandiya ("pedagog-yetakchi") modellarining qiyosiy tahlili Oʻzbekiston uchun aniq strategik yoʻnalishni belgilash mumkin. Faqat moliyaviy boshqaruvga (Singapur) yoki faqat pedagogik yetakchilikka (Finlyandiya) urgʻu berish samarali yechim emas. Eng maqbul yoʻl – bu ikki modelning integratsiyasidir. Yaʼni, tizim Singapur modelidan moliyaviy boshqaruv, byudjetlashtirish va amaliy keyslarga asoslangan qatʼiy tayyorlovni joriy etishi va ayni paytda Finlyandiya modelining kuchli tomonlari – insonparvarlik, jamoaviy hamkorlik va kuchli pedagogik yetakchilik madaniyatini saqlab qolishi hamda rivojlantirishi lozim. Singapurning samarali moliyaviy boshqaruv mexanizmlari va Finlyandiyaning ochiq pedagogik yetakchilik amaliyotlarini birlashtirish orqali MTT direktorlarining strategik, moliyaviy va pedagogik rahbarlik salohiyatini keng qamrovda rivojlantirish imkoniyati yaratiladi. Bunday integratsiyalashgan yondashuv Oʻzbekiston maktabgacha taʼlim tizimini xalqaro tajribalarga muvofiq takomillashtirish va taʼlim sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Ushbu bilim, malaka va koʻnikmalar majmuasi zamonaviy rahbar faoliyatining ajralmas qismi hisoblanadi. Ayniqsa, taʼlim tizimida moliyaviy resurslarni oqilona boshqarish bevosita taʼlim
--⊱⊱ 291 ⊰⊰-- sifatiga taʼsir koʻrsatadi. Shu nuqtayi nazardan, maktabgacha taʼlim tashkiloti direktorlarining moliyaviy savodxonligini tizimli rivojlantirish bugungi kunning dolzarb vazifasidir. Bu boradagi ilgʻor xalqaro tajribalarni oʻrganish uchun rivojlangan davlatlar amaliyotiga nazar tashlash maqsadga muvofiqdir. Tahlil natijalariga koʻra, moliyaviy savodxonligi yuqori boʻlgan direktorlar tashkilot mablagʻlaridan samarali foydalanish, hisobot yuritish va shaffoflikni taʼminlashda yuqori koʻrsatkichlarga ega. Moliyaviy bilim darajasi yuqori boʻlgan direktorlar tashkilotning daromad manbalarini diversifikatsiya qilish imkoniyatiga ega boʻlgan. Singapur va Finlyandiya tajribalari shuni koʻrsatadiki, moliyaviy savodxonlikni tizimli rivojlantirish rahbarning strategik fikrlashini kuchaytiradi.
Xulosa. Tadqiqot natijalari shuni koʻrsatadiki, Oʻzbekiston maktabgacha taʼlim tizimidagi soʻnggi institutsional oʻzgarishlar MTT direktorining rolini tubdan oʻzgartirmoqda. Taqdim etilgan yangi "moliyaviy dastaklar" moliyaviy savodxonlikni ixtiyoriy bilimdan tizimli zaruratga aylantirib, rahbar maqomini anʼanaviy "pedagog"dan "pedagog-menejer" maqomiga transformatsiya qilmoqda. Bu sharoitda, MTT direktori uchun talab etiladigan moliyaviy savodxonlik konsepsiyasi shaxsiy moliyani boshqarishdan farqli ravishda, "public financial management" (davlat moliyasini boshqarish) tamoyillariga, yaʼni Oʻzbekiston Respublikasi Byudjet kodeksida belgilangan qonuniylik, hisobdorlik va shaffoflikka asoslanishi lozim.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR
1. Oʻzbekiston Respublikasining 16.12.2019-yildagi OʻRQ-595-son "Maktabgacha taʼlim va tarbiya toʻgʻrisida"gi Qonuni.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 19.03.2025-yildagi PF-51-son “Maktabgacha va maktab taʼlimi sohasida boshqaruv tizimi samaradorligini oshirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 29.12.2023-yildagi PQ-422-son “Oʻzbekiston Respublikasining “2024-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni ijrosini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining 05.01.2018-yildagi 10-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat maktabgacha taʼlim tizimi xodimlari mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisida” gi nizom.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 21.12.2005-yildagi 275-son “Xalq taʼlimi xodimlari mehnatiga haq toʻlashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori.
6. Abdullayeva N.Sh. The role of modeling in the development of coherent speech of senior preschoolers// International Conference“Process Management and Scientific Developments” Birmingham, United Kingdom 2019 B 91-95
7. Valiyeva F.R., Sharipova G. N. Innovative technologies in improving the management of preschool educational organizations// International Journal of Early Childhood Special Education
(INT-JECSE) DOI:10.9756/INTJECSE/V14I5.94 ISSN: 1308-5581 Vol 14, Issue 05 2022
Text was extracted automatically from the PDF and may contain inaccuracies.