--⊱⊱ 7 ⊰⊰--
BOLALAR SHAXSIY RIVOJIGA TA’SIRI
Karimov Sherzod Abdurasulovich
Maktabgacha va maktab ta’limi
vazirining birinchi o‘rinbosari
Annotatsiya: Ushbu maqola maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ekologik tarbiyaning bolalarning shaxsiy rivojlanishiga ta’sirini kompleks o‘rganishga bag‘ishlangan. Global ekologik muammolar sharoitida kelajak avlodda ekologik ong va madaniyatni shakllantirish bugungi kunning dolzarb masalasi ekanligi tahlil qilingan.
Kalit so‘zlar: ekologik tarbiya, shaxsiy rivojlanish, ekologik ong, interfaol metodlar, milliy qadriyatlar, pedagogik kompetensiya.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maktabgacha ta’lim sohasini modernizatsiya qilishga oid qator normativ-huquqiy hujjatlarida “ekologik tarbiya” tushunchasiga alohida ahamiyat qaratilganligi, bu yo‘nalishdagi islohotlarning ustuvorligini ko‘rsatadi. Shu sababli, maktabgacha ta’lim tizimi orqali ekologik madaniyatni shakllantirish muammosi nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning muhim sharti sifatida ham chuqur o‘rganilishi zarur. Bu yondashuv ekologik tarbiyani faqat atrof-muhitni muhofaza qilish vositasi sifatida emas balki, bolalarning kognitiv, hissiy, ijtimoiy va axloqiy rivojlanishini ta’minlovchi kompleks pedagogik jarayon sifatida qarashni talab qiladi.
Bugungi kunda sayyoramizni qamrab olgan global ekologik inqiroz, tabiiy resurslarning haddan tashqari noto‘g‘ri sarflanishi va atrof-muhitning ifloslanishi insoniyat kelajagi uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Shu sababli, sayyoramizning kelajagi asosan yosh avlodning qanchalik yuqori ekologik madaniyatga ega ekanligiga bog‘liq bo‘lib qoldi. Chunki global miqyosdagi ekologik muammolarni, jumladan, iqlim o‘zgarishi, biologik xilma-xillikning yo‘qolishi va tabiy resurslar tanqisligini faqatgina milliy va xalqaro hamkorlik asosida, atroflicha bilim va yuksak ongli jamiyatning sa’y-harakatlari bilan bartaraf etish mumkin.
Dunyo miqyosida tobora keskinlashib borayotgan ekologik vaziyat, resurslar tanqisligi va iqlim o‘zgarishi kabi muammolar insoniyat oldiga qanchalik mas’uliyatli va ongli yondashish zarurligi haqida jiddiy savollar qo‘ymoqda. Ushbu savollarga javob topish va kelajak avlodlar uchun sog‘lom muhitni saqlab qolish bugun har birimizning, ayniqsa, ta’lim sohasidagi mutaxassislar, otaonalar va pedagoglarning zimmasiga og‘ir ma’suliyat yuklamoqda. Shu sababli, maktabgacha yoshdagi bolalarni ekologik jihatdan madaniyatli, tabiatga mehrli va uni muhofaza qilish zarurligini chuqur anglashga qodir shaxslar etib tarbiyalash nafaqat dolzarb, balki strategik ahamiyatga ega vazifaga aylanib bormoqda.
Maktabgacha yoshdagi bolaning shaxsiy shakllanish davri juda muhim bo‘lib, bu davrda qabul qilingan qadriyatlar va ko‘nikmalar umrbod saqlanib qoladi. Shu nuqtayi nazardan, ekologik tarbiya nafaqat atrof-muhitni muhofaza qilish, balki bolaning o‘zini tutishi, ijtimoiy va hissiy intellektini rivojlantirish, jamiyatda mas’uliyatli shaxs bo‘lib shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Maktabgacha ta’limda ekologik tarbiyaning bola shaxsining rivojiga ta’sirini tahlil qilar ekanmiz, Janubiy Koreyada KOICA dasturi doirasida amalga oshirilgan faol o‘yinlar, interfaol mashg‘ulotlar va tarbiyachilarni tayyorlash tamoyillari ekologik ta’limning uchta ustuniga aylangan bo‘lib “tajribaga asoslangan o‘rganish”ga urg‘u beradi va bolalarni tabiat bilan bevosita aloqaga kiritish orqali ekologik bilimlarni mustahkamlashni maqsad qiladi. Janubiy Koreyaning yana bir
--⊱⊱ 8 ⊰⊰-- muvaffaqiyatli yondashuvi – maxsus “Ekologik tarbiya markazlari” va “Resurs markazlari” tashkil etish bo‘lib, ular tarbiyachilar va bolalar uchun metodik vositalar, o‘quv materiallari va amaliy tajriba o‘tkazish imkoniyatlarini yagona platformada jamlagan.
UNICEF ekologik ta’limni bolalarning yoshiga mos va hayotiy tajribasi bilan bog‘liq holda tashkil etishga qaratilgan “Tog‘li hududlarda ekologik ta’lim” kabi loyihalari bolalarni amaliy faoliyat – o‘yinlar, hikoyalar, musobaqalar orqali tabiatni muhofaza qilish ko‘nikmalari bilan qurollantiradi.
UNESCO esa “Global ekologik tarbiya dasturi” orqali ekologik ta’limni umrbod davom etadigan jarayon sifatida ko‘rib, bolalarni ekologik mas’uliyatni birgalikda o‘rganish va tabiatda amaliy tajriba o‘tkazishga yo‘naltiradi.
Finlyandiyaning “Tabiatga yaqin ta’lim” modelida ta’kidlangan yondashuvda bolalar uchun ta’lim tarbiyaning asosiy qismini ochiq havoda o‘tkazilishi, sensorli idrok, mustaqil kuzatuv va amaliy faoliyat orqali bilim olishi lozimligi ta’kidlanadi. Shuningdek, “O‘rmon bog‘chalari” konsepsiyasi bolalarga ekologik ong, tabiatga hurmat va mas’uliyatni erta yoshdan shakllantirish imkoniyatini beradi.
Yaponiyaning “Mottainai” falsafasiga asoslangan ekologik tarbiya modeli isrofgarchilikka qarshi turish g‘oyasi butun ekologik tarbiya tizimining asosini tashkil etadi. Bolalarga suv va energiyani tejash, chiqindilarni qayta ishlash va iste’mol madaniyatini o‘zgartirish amaliyotlari erta yoshdan o‘rgatiladi. Interfaol o‘yinlar, ekologik ertaklar va eski buyumlardan yangi narsalar yasash mashg‘ulotlari orqali ekologik ong kundalik hayotda shakllantiradi.
Xorijiy ilg‘or tajribalar shuni ko‘rsatadiki, ekologik tarbiyaning samaradorligi quyidagi tamoyillarga bog‘liq:
Bolalarni bevosita tabiat bilan aloqaga kirishishi (tajribaga asoslangan o‘rganish).
Ta’lim-tarbiya jarayoniga interfaollik va innovatsiyalarni joriy etish (o‘yinlar, loyihalar, texnologiyalar).
Ekologik ta’lim-tarbiyani kundalik hayot va milliy qadriyatlar bilan uyg‘unlashtirish.
Tarbiyachilarni uzluksiz kasbiy rivojlantirish va ular uchun keng imkoniyatli resurs markazlarini yaratish.
Bolalarni ekologik jarayonlarda faol ishtirokchi sifatida jalb qilish (mas’uliyat va mustaqillikni rivojlantirish).
Ushbu tamoyillarga ko‘ra ta’limni tashkil etish maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘ziga xos “laboratoriya” vazifasini o‘taydi, chunki bu yerda tarbiya o‘yin, kuzatish va amaliy faoliyat orqali olib boriladi, bu esa bolalarda chuqur taassurot qoldiradi. Maktabgacha yoshidagi bola tabiatga nisbatan tabiiy qiziquvchanlik va hayrat hissi bilan qaraydi. Aynan shu hissiyotdan foydalanib, unga daraxt, gul, suv, havo nafaqat biz uchun zarurligi, balki ularga g‘amxo‘rlik qilish – har birimizning burchimiz ekanligi haqidagi qadriyatni singdirish mumkin. Ekologik tarbiya orqali bola nafaqat tabiat hodisalarini o‘rganadi, balki tartiblilik, mehnatsevarlik, jamoaviylik hissi va vijdonlilik kabi muhim fazilatlarni ham egallaydi.
“Ilk qadam” Davlat o‘quv dasturining asosiy maqsadi bolalarda kompetensiyalar va rivojlanish yo‘nalishlariga oid ko‘nikmalarni shakllantirish uchun qulay sharoit yaratishdan iborat. Ushbu dasturda ta’lim-tarbiya jarayonining muvaffaqiyatli amalga oshirilishi uchun bolalarda muloqot, o‘yin, ijtimoiy va bilish kompetensiyalarini shakllantirish muhim ekanligi ta’kidlangan. Bu kompetensiyalar orqali bolalar atrof-muhitni o‘rganadi, uni idrok etadi va o‘z hayotiy tajribasida qo‘llashni o‘rganadi.
--⊱⊱ 9 ⊰⊰--
Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ekologik tarbiyani samarali tashkil etish bugungi kunning nafaqat pedagogik, balki keng ijtimoiy-ekologik talabidir. Ushbu yo‘lda qo‘yiladigan har bir ilg‘or qadam bolaning barkamol, atrof-muhitga mas’uliyatli shaxs sifatida shakllanishiga, kelajakda esa butun jamiyatning ekologik farovonligiga beqiyos hissa qo‘shadi.
Ushbu samarali tizimni yaratish va yo‘lga qo‘yish uchun quyidagi asosiy shartlar ta’minlanishi zarur:
Maktabgacha yoshdagi bolalar uchun rivojlantiruvchi muhit yaratish ularning keng qamrovli rivojlanishi uchun muhimdir. Ekologik tarbiya jarayonida rivojlantiruvchi muhitning tashkil etilishi quyidagicha bo‘lishi mumkin:
- тabiat burchaklari – bolalar o‘simliklarni parvarish qiladi, tabiat hodisalarini kuzatadi va ularni idrok etadi;
- ekologik laboratoriyalar – oddiy tajribalar orqali atrof-muhit bilan bog‘liq o‘zgarishlarni tahlil qilish imkoniyati yaratiladi;
- amaliy ekologik loyihalar – daraxt ekish, chiqindilarni qayta ishlash, suvni tejash bo‘yicha faoliyatlar orqali bolalarning ekologik ong va madaniyatini shakllantirish.
Shuningdek, o‘yin orqali ekologik tarbiya metodlari yordamida bolalar ekologik masalalarni hal qilish ko‘nikmalariga ega bo‘ladilar. Yuqorida ta’kidlanganidek, o‘yin bolalar rivojlanishining kaliti bo‘lib, tabiat bilan bog‘liq syujetli-rolli o‘yinlar, tajriba o‘yinlari va ekologik sarguzasht o‘yinlari ularda ekologik ong va mas’uliyat hissini shakllantirishga yordam beradi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, malakali kadrlar, milliy-ma’naviy asos va zamonaviy infratuzilmaning uyg‘unligi orqali maktabgacha ta’lim tashkilotlari bolalarni nafaqat ekologik jihatdan savodli, balki vatanparvar, ma’naviyatli va jamiyat uchun foydali shaxslar qilib tarbiyalashda hal qiluvchi rol o‘ynaydi.
Shuning uchun ham, maktabgacha ta’lim tashkilotlariga ekologik tarbiya sohasida malakali, izlanish va innovatsiyalarga ochiq, yuqori ma’naviyatli pedagog kadrlarni jalb qilish va ularni doimiy ravishda malakasini oshirish – bu boradagi barcha chora-tadbirlarning muvaffaqiyatli amalga oshishining asosiy garovidir. Shundagina biz an’anaviy donolik va zamonaviy ekologik bilimlarni uyg‘unlashtirib, yosh avlodning ekologik ong va madaniyatini yanada rivojlanishiga hissa qo‘sha olamiz.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Kim C. Research trends in environmental education of Korea: The past, present, and future //Japanese Journal of Environmental Education. – 2017. – Т. 26. – №. 4. – С. 4_45-50.
2. Mliless M., Larouz M., Azzouzi L. Environmental Awareness as Part of Early Childhood Education for Sustainability //Environmental Awareness in Preschool Children’s Drawings: A Global Perspective. – Cham : Springer Nature Switzerland, 2024. – С. 1-25.
3. Annabi A., Jalali M. Investigating The Central Performance of International Organizations in Environmental Protection //International Journal of New Findings in Health and Educational Sciences (IJHES). – 2023. – Т. 1. – №. 2. – С. 1-25.
4. Meyer J. J. Exploring the conceptual framework and knowledge base of nature-based experiential education : diss. – Montana State University, 2020.
5. Моshkal М., Akhapov Е., Ogihara A. Sustainable Development In Japan: Environmental Awareness And Attitudes Towards Waste //Journal of Oriental Studies. – 2023. – Т. 107. – №. 4. – С. 4-13.
Text was extracted automatically from the PDF and may contain inaccuracies.