ResearcherUz LogoResearcherUz
View Journal

NEMIS TILINING RIVOJLANISH TARIXIDA YUNON TILIDAN O‘ZLASHGAN SO‘ZLARNING O’RNI

Abstract

  Nemis tili tarixan rivojlanish davomida turli tillardan, jumladan, yunon tilidan ham ko‘plab so‘zlarni o‘zlashtirgan. Ayniqsa, yunoncha kelib chiqishga ega bo‘lgan terminlar ilm-fan, tibbiyot, falsafa va texnika sohalarida muhim o‘rin tutadi. Bugungi kunda nemis ilmiy matnlarida yunon tilidan olingan atamalar keng qo‘llanilib, xalqaro ilmiy aloqalar va akademik nutqning ajralmas qismiga aylangan. Ushbu maqolada nemis tiliga yunon tilidan so’zlar o’zlashish davrlari, ularning ilmiy terminolar sifatida qo’llanilishi, hamda struktur-semantik xususiyatlari, bu borada olib borilgan tadqiqot va ilmiy izlanishlar tahlil qilinadi.


Full PDF Document

Related Articles

Full text

O‘ZLASHGAN SO‘ZLARNING O’RNI

ЎзМУ Хорижий филология факультети

Немис филологияси кафедраси

Стажёр-ўқитувчиси

Умарова Замира Қаҳрамон қизи

Аннотация: Nemis tili tarixan rivojlanish davomida turli tillardan, jumladan, yunon tilidan ham ko‘plab so‘zlarni o‘zlashtirgan. Ayniqsa, yunoncha kelib chiqishga ega bo‘lgan terminlar ilm-fan, tibbiyot, falsafa va texnika sohalarida muhim o‘rin tutadi. Bugungi kunda nemis ilmiy matnlarida yunon tilidan olingan atamalar keng qo‘llanilib, xalqaro ilmiy aloqalar va akademik nutqning ajralmas qismiga aylangan. Ushbu maqolada nemis tiliga yunon tilidan so’zlar o’zlashish davrlari, ularning ilmiy terminolar sifatida qo’llanilishi, hamda struktur-semantik xususiyatlari, bu borada olib borilgan tadqiqot va ilmiy izlanishlar tahlil qilinadi.

Калит сўзлар: Ўзлашган сўзлар, немис тили, юнон тили, тарихий алоқалар, юнон маданияти, уйғониш даври, илм-фан, илмий терминология, қадимги ҳинд-европа тиллари, илмий тадқиқотлар.

Abstract: The German language has adopted many words from various languages throughout history, especially from Latin and Greek. The incorporation of Greek words into German is primarily related to the fields of science, medicine, philosophy, and religion. This process began in ancient times and continues to this day. This article explores the process of Greek word adoption into German, their phonetic, morphological, and semantic characteristics, as well as their significance in the German language.

Key words: Loanwords, German language, Greek language, historical connections, Greek culture, Renaissance, science, scientific terminology, ancient IndoEuropean languages, scientific research.

Har qanday til tarixiy taraqqiyot jarayonida turli omillar ta’sirida rivojlanadi. Bunda madaniy, iqtisodiy, siyosiy aloqalar, urushlar va tarixiy voqealar, mafkuralar hamda ilmiy va texnik taraqqiyotning natijasida boshqa tillardan so‘zlar o‘zlashishi muhim rol o‘ynaydi. Turli xalqlar o‘rtasidagi aloqalar tilni boyitib, unda sezilarli izlar qoldirgan bo‘lib ular o‘zlashtirilgan so‘zlarda o‘z aksini ifodalaydi.

Nemis tilining rivojlanish bosqichlarda turli tillar, jumladan, kelt, lotin, yunon, fransuz, slavyan, italyan va ingliz va boshqa tillaridan ko‘plab so‘zlar o‘zlashtirilgan va bu o‘zlashgan so‘zlar nemis tili leksik qatlamining sezilarli qismini tashkil etadi. Ularning aksariyati lotin va ingliz tilidan olingan so‘zlardan iborat bo‘lib, lotin tili orqali yunon tilidan ham so‘zlar kirib kelganligi va ular ko‘proq ilmiy terminologiya, falsafa, tibbiyot va diniy atamalarda uchrashi kuzatiladi. Yunon tili qadimgi dunyoning asosiy ilmiy va madaniy tili bo‘lgan. Miloddan avvalgi IV asrda Iskandar Zulqarnayn (Aleksandr Makedonskiy) Sharqiy Yevropadan Hindiston chegaralarigacha bo‘lgan hududlarga yunon madaniyatini yoygan. Keyinchalik Rim imperiyasi yunon madaniyatini o‘zlashtirdi va yunoncha ilmiy, diniy va falsafiy atamalar lotin tili orqali butun Yevropaga tarqaldi. Yunon tilidan nemis tiliga asosan falsafa, din, ilm-fan va texnika, tibbiyot madaniyat va san’at sohalariga oid so‘zlar o‘zlashgan.[2;32]

XX asrning boshlarida nemis tilini chet tillardan kirib kelgan so‘zlardan tozalash harakatlari mavjud edi. Faqat XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab, ommaviy axborot vositalari, matbuot va siyosatda chet so‘zlardan foydalanish keng tarqaldi, chunki bu tushunchalarni aniqroq ifodalash va jamoatchilikning e’tiborini osonroq jalb qilish imkonini berdi.

Falsafiy va diniy adabiyotlarda nemis tilida mos keladigan ekvivalentlar yetishmasligi, lotin va yunon tillaridan so‘zlar o‘zlashishiga sabab bo‘ldi. Masalan: Apostel, Engel, Kirche, Bischof, Teufel.

Yunoncha so‘zlarning nemis tiliga o‘zlashish jarayoni bir necha bosqichda kechgan:

– Antik davr: Antik davrda yunoncha ilmiy va diniy atamalar lotin tili orqali Yevropa tillariga, jumladan, nemis tiliga ham kirib kelgan. Bu jarayon asosan Rim imperiyasi va keyinchalik O‘rta asr monastirlari, universitetlari orqali amalga oshgan. Masalan, Philosophie (φιλοσοφία – falsafa), Demokratie (δημοκρατία – demokratiya), Astronomie (ἀστρονομία – astronomiya), Theologie (θεολογία – ilohiyot), Liturgie (λειτουργία – diniy marosim).

– O‘rta asrlar: Xristianlik va cherkov ta’siri. O‘rta asrlarda xristianlik Yevropada keng tarqalib, diniy yozuvlar va cherkov faoliyati yunon tilidan ko‘plab so‘zlarni o‘zlashtirdi. O‘sha davrda lotin tili Yevropadagi asosiy ilm-fan va cherkov tili bo‘lib xizmat qilgan. Cherkov va diniy atamalar nemis tiliga kirib kelgan: Bischof (episkop) – yunoncha episkopos (nazoratchi), Evangelium (“injil”) – yunoncha euangelion (“xushxabar”). Bu davrda yunon tilidan kirib kelgan so‘zlar asosan diniy va cherkov faoliyatiga tegishli bo‘lgan.

– Uyg‘onish davri (Renessans) – XV–XVI asrlarda Yevropada ilm-fan, san’at va madaniyatning yuksalish davri bo‘lib, ayniqsa, yunon va rim klassik merosi qayta kashf etildi va chuqur o‘rganildi. Ushbu davrda olimlar va faylasuflar qadimgi yunon va lotin tilidagi ilmiy hamda falsafiy asarlarni o‘rganib, ularni Yevropa tillariga, jumladan, nemis tiliga tarjima qilishdi. Shu orqali yunoncha ilmiy va falsafiy terminlar lotin va nemis tillarida keng tarqala boshladi. Masalan, Logik (mantiq), Analyse (tahlil), Synthese (sintez), Physik (fizika);

–Yangi davr (XVIII–XIX asrlar): Ilm-fan va texnologiyaning jadal rivojlangan davri bo‘lib, ayniqsa, nemis olimlari bu jarayonda yetakchi rol o‘ynadi. Ular fizika, kimyo, biologiya, tibbiyot, falsafa va tilshunoslik sohalarida muhim kashfiyotlar qilishdi. Bu davrda ilmiy terminologiyani yaratishda qadimgi yunoncha so‘zlar asos sifatida ishlatilgan, chunki yunon tili qadimdan falsafa va tabiiy fanlar tili hisoblangan. Tibbiyot va tabiiy fanlarga oid yunoncha ildizga ega nemis atamalari: Biologie (βιολογία – "hayot haqidagi fan") – Biologiya, Chirurgie (χειρουργία – "jarrohlik") – jarrohlik, Psychologie (ψυχολογία – "ruh haqidagi fan") – sixologiya, Therapie (θεραπεία – "davolash") – davolash, Physik (φυσική – "tabiat") – Fizika, Chemie (χημεία – "kimyo") – Kimyo, Geologie (γεωλογία – "Yer haqidagi fan") – Geologiya, Elektrizität (ἤλεκτρον – "elektron, qahrabo") – Elektr energiyasi. Bu atamalar dastlab lotin tiliga o‘tib, keyinchalik nemis tiliga moslashgan. Bu so‘zlar asosan ilmiy-texnikaviy terminologiya sifatida qabul qilingan bo‘lib, kundalik hayotda ham foydalaniladi. Nemis olimlari (masalan, Kant, Hegel, Humboldt) ham yunon falsafiy tushunchalarini keng qo‘llagan.

Yunon tilidan o‘zlashgan ko‘plab so‘zlar o‘zining klassik shaklini saqlab qolgan bo‘lsa-da, nemis tilining morfologik tizimiga moslashtirilgan, ko‘pincha lotincha ko‘rinishda keladi, masalan: yunoncha -logia qo‘shimchasi nemis tilida -logie shaklida o‘zlashgan: Biologie, Psychologie; -ikos qo‘shimchasi nemis tilida -ik shakliga o‘tgan: Musik, Physik. Yunoncha -sis qo‘shimchasi nemis tilida -se shaklida ishlatiladi: Analyse, Krise (inqiroz).

Ba’zi yunoncha so‘zlar o‘zining dastlabki keng ma’nosini yo‘qotib, aniq soha yoki kontekst bilan bog‘lanib qolgan: Theorie (yunoncha "nazariya") dastlab kengroq falsafiy tushuncha bo‘lsa, nemis tilida ilmiy gipotezalarni ifodalash uchun ishlatiladi. Dynamik (yunoncha "harakat") dastlab har qanday harakatni anglatsa, nemis tilida texnika va fizikaga oid tushuncha sifatida qabul qilingan.

Yunon tilidan o‘zlashgan so‘zlar nemis tilida sinonim juftliklar ham mavjud: Philosophie (yunoncha) va Weisheitslehre (nemischa, eski variant). Katastrophe (yunoncha) va Unglück (nemischa).

Nemis tilida ishlatiladigan taxminan 80% ilmiy va akademik atamalar yunoncha yoki yunon-lotincha ildizga ega. Ayniqsa, tabiatshunoslik, adabiyotshunoslik, tilshunoslik, falsafa va siyosatshunoslik yunoncha terminologiyadan katta darajada foydalanadi. Hatto bizning kundalik tilimizda ham yunonchadan o‘zlashgan ko‘plab so‘zlar bor, masalan: Charakter (xarakter), Diät (diyeta), Echo (echo), Gymnasium (gimnaziya), Idee (idea), Kirche (cherkov), Rhythmus (ritm), Theater (teatr), Zentrum (markaz) v.b.

Bundan tashqari, yana ko‘plab yunoncha ildizlarga ega so‘z va iboralardan keng foydalaniladi. Masalan: “platonische Liebe” (Platoncha sevgi), “drakonischer Strafe” (drakon qonuni), “antworten lakonisch” (lakonik javob), “leben spartanisch” (spartancha hayot tarzi), “beobachten etwas mit Argusaugen” (nimanidir Argus ko‘zlari bilan kuzatamiz) va b. Ushbu so‘z va iboralar to‘g‘ridan-to‘g‘ri yunon antik davriga borib taqaladi va nemis tilida faol qo‘llaniladi. Bu kabi iboralar qadimgi yunon mifologiyasi va tarixiy shaxslar bilan bog‘liq bo‘lib, ularning ma’nolari ko‘pincha ramziy yoki metaforik tusga ega, hamda ular orqali yunon madaniyatining nemis tilidagi ta’sirini yaqqol ko‘rish mumkin.[2;18]

Biroq, yunon tilini mashhur qilgan narsa faqatgina akademik bahslar emas, balki gumanistlarning qadimgi iqtiboslar, iboralar va mifologik ishoralarga bo‘lgan muhabbati edi. Bu esa yunon tilining universitetlar chegaralaridan tashqariga ham chiqib, keng ommaga tanilishiga sabab bo‘ldi.

Bugungi kunga qadar ingliz tilida “That is Greek to me” (biror narsa tushunarsiz yoki juda murakkab, ya’ni inglizlar uchun yunon tili tushunarsiz til ramzi bo‘lgan) iborasi nemis tilidagi „Das kommt mir spanisch vor” (tushunarsiz yoki shubhali) degan iboraga o‘xshash ma’noda qo‘llaniladi. Biroq, nemislar yunon tili va madaniyatiga yaqin bo‘lishgani uchun, Germaniyada yunon tili hech qachon “tushunarsiz til’’ sifatida qabul qilinmagan. [2;20]

Das A und O: Aslida “boshlanish va oxiri” degan ma’noni anglatadigan bu ibora keyinchalik “eng asosiy narsa, mohiyat” degan ma’noda ishlatilgan. U yunon alifbosidan kelib chiqqan bo‘lib, Alfa (A) birinchi, Omega (O) esa oxirgi harfdir.

Unter der Ägide iborasi himoya yoki rahbarlik ostida degan ma’noni bildirib Zevsning qalqoni mo‘jizaviy qurol bo‘lib, san’atda bu qalqon bilan Afinani tasvirlashgan.

Xulosa qilib aytganda, chet tilidan o‘zlashgan so‘zlar jamiyat taraqqiyoti hamda madaniy va mafkuraviy qadriyatlarning ta’siri ostida qabul qilingan. O‘zlashma so‘zlar har qanday tilning rivojlanishida muhim rol o‘ynaydi. Ular turli tillar o‘rtasidagi aloqalarni ifodalaydi va ilmiy, madaniy, texnikaviy hamda iqtisodiy rivojlanish natijasida yuzaga keladi. Yunoncha o‘zlashmalar nemis tilining ilmiy va akademik sohalarida katta o‘rin tutadi. Bunday o’zlashma so‘zlar nemis tilining murakkab tushunchalarni ifodalash qobiliyatini oshirgan.

Yunon tilidan nemis tiliga kirib kelgan so‘zlar va terminlar ilm-fan, falsafa, tibbiyot hamda texnika sohalarida ko‘plab uchraydi. Ularning ilmiy matnlarda keng qo‘llanilishi nemis tilini xalqaro ilmiy tilda muhim ahamiyat kasb etishiga yordam beradi. Bugungi kunda ham bu terminlar yangi ilmiy tushunchalarni ifodalashda davom etmoqda va global ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

АDABIYOTLAR

1. Iskos A., Lenkowa А., Deutsche Lexikologie, Leningrad, 1970

2. Kussl R. Wir sprechen alle Griechisch, Schule und Wissenschaft, Speyer,

3. Stepanova M.D., Chernisheva I., Lexikologie der deutschen Gegenwartssprache. M.: 1975

4. Умархўжаев М.Э. Немис тили Лексикология Лексикография Фразеология Фразеография. Андижон, 2010

5. Ольшанский И.Г., Гусева А.Е. Leksikologie die deutsche Gegenwartssprache. “Издательский центр Академия”, 2005

6. Besch W., Betten A., Reichmann O., Soderegger S., 4.Teilband Sprachgeschichte, de Gruyter Mouton, 2004.

7. UNGBOEVA, D., & DJUMABAEVA, J. (2023). The types of audiovisual authentic materials and their usage in EFL classrooms.

8. Madiyorova, V. Q., Djumabayeva, J. S., & Bekmuradova, F. N. (2024). Translation and Gender Through the Lens of Native and Foreign Translators: Case Study on the English Translations of Uzbek Feministic Representations. Theory & Practice in Language Studies (TPLS), 14(8).

Text was extracted automatically from the PDF and may contain inaccuracies.