TEXNOLOGIYALARINING MUOMALA MADANIYATIGA TA’SIRI.
Nizamova Nodira Paxritdinovna
Profi University Nodavlat oliy ta’lim muassasasi,
Pedagogika va psixologiya kafedra mudiri.
nodinilu1982@gmail.com
Annotatsiya
Mazkur ishda oilada bola tarbiyasida zamonaviy axborot texnologiyalarining o‘rni hamda ularning bolalarning muomala madaniyatiga ko‘rsatadigan ijobiy va salbiy ta’siri tahlil qilinadi. Xususan, internet, ijtimoiy tarmoqlar va mobil qurilmalar orqali bolalarning muloqot qilish uslubi, nutq madaniyati hamda ijtimoiy xulq-atvoridagi o‘zgarishlar yoritib beriladi. Shuningdek, ota-onalarning nazorati, axborotdan to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish hamda sog‘lom muomala muhitini yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi. Tadqiqot natijasida zamonaviy texnologiyalardan oqilona foydalanish bolalarda madaniyatli muloqot, hurmat va ijtimoiy mas’uliyatni rivojlantirishga xizmat qilishi asoslab beriladi.
Kalit so‘zlar: oilaviy tarbiya, zamonaviy axborot texnologiyalari, muomala madaniyati, internet, ijtimoiy tarmoqlar, bolalar tarbiyasi, nutq madaniyati, ota-ona nazorati, axborotdan foydalanish madaniyati, ijtimoiy xulq-atvor, kommunikativ ko‘nikmalar, raqamli savodxonlik.
Kirish. Zamonaviy dunyoda o‘zgarishlar tez sodir bo‘lmoqda. Demak, biz yangi ma’lumotlarga moslashishda yanada moslashuvchan, tezkor va professional bo‘lishimiz kerak. Zamonaviy jamiyatda axborot texnologiyalari, mediasavodxonlik, internet tarmoqlari hayotning barcha sohalariga chuqur kirib bordi. Internet, smartfonlar va ijtimoiy tarmoqlar bolalarning kundalik turmush tarzida muhim o‘rin egallab, ularning shaxsiy rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu jarayon oilada bola tarbiyasiga, ayniqsa, muomala madaniyatining shakllanishiga ham ijobiy, ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu bois mazkur mavzu pedagogikada dolzarb hisoblanadi. Asosiy qism. Zamonaviy axborot texnologiyalariga internet, smartfonlar, planshetlar, ijtimoiy tarmoqlar va turli raqamli platformalar kiradi. Ular bolalarning dunyoqarashini kengaytirish, bilim olish imkoniyatlarini oshirish bilan birga, muomala madaniyatiga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.
Ijobiy jihatlari shundan iboratki, bolalar turli xalqlar madaniyati, odob-axloq qoidalari bilan tanishadi, muloqot qilish ko‘nikmalarini rivojlantiradi. Masofaviy ta’lim va onlayn platformalar orqali ular o‘z fikrini erkin ifoda etishni o‘rganadi. Shuningdek, axborot texnologiyalari yordamida bolalarda mustaqil fikrlash va tezkor qaror qabul qilish qobiliyatlari shakllanadi.
Biroq, texnologiyalarning salbiy ta’siri ham mavjud. Masalan, ijtimoiy tarmoqlarda noto‘g‘ri axborotlar, agressiv yoki madaniyatsiz muloqot uslublari bolalarning nutq madaniyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Virtual muloqotning ko‘payishi esa jonli suhbat ko‘nikmalarining sustlashishiga olib keladi. Ba’zi hollarda bolalar real hayotdagi odob-axloq me’yorlarini unutib qo‘yishi mumkin.
Shu nuqtai nazardan, ota-onalarning roli nihoyatda muhimdir. Ular bolalarga texnologiyalardan to‘g‘ri va maqsadli foydalanishni o‘rgatishi, internetdan foydalanish vaqtini nazorat qilishi zarur. Bundan tashqari, oilada sog‘lom muloqot muhitini yaratish, bolaga hurmat, sabr-toqat va odobli gaplashish madaniyatini o‘rgatish muhim vazifalardan biridir.
Raqamli texnologiyalar, internet tarmoqlari jadal rivojlanayotgan hozirgi davrda oila farzand tarbiyasining asosiy instituti sifatida nafaqat an’anaviy tarbiyaviy vazifalarni, balki raqamli muhit bilan bog‘liq yangi mas’uliyatlarni ham o‘z zimmasiga olmoqda. Bugungi kunda internet, ijtimoiy tarmoqlar, mobil ilovalar va ommaviy axborot vositalari bolalarning kundalik hayotining ajralmas qismiga aylanib, ularning bo‘sh vaqtini tashkil etish, muloqot qilish uslubi, bilim olish manbalari va hatto shaxsiy qadriyatlar tizimiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda.
Hozirgi kunda bolalar internet, smartfon va ijtimoiy tarmoqlar orqali katta axborot oqimiga duch kelmoqda. Bu jarayon ularning axloqiy, ma’naviy va ruhiy rivojlanishiga ham ijobiy, ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ota-onalar va pedagoglar bolalarni to‘g‘ri yo‘naltirish, axborotni saralab qabul qilishga o‘rgatishlari zarur.
Raqamlashtirish davrida ota-onalar va bolalar o‘rtasidagi o‘zaro ta’sirning asosiy muammolari va istiqbollari. Axborot texnologiyalari, bola tarbiyasiga ijobiy ta’siri bolalarda muloqot qilish imkoniyatlari kengayishi, turli madaniyat va til egalari bilan aloqa o‘rnatish imkoni paydo bo‘lishi, zamonaviy platformalar orqali bolalar axborot topish, bilim olish va o‘z fikrini bayon qilish ko‘nikmasini rivojlantirishida namoyon bo‘ladi. Ota-onalar va pedagoglar esa axborot texnologiyalaridan foydalanib, bolalarga muomala madaniyati qoidalarini o‘rgatishlari mumkin (masalan, onlayn muloqotda odobaxloq qoidalari).
Axborot texnologiyalarining bola tarbiyasiga salbiy ta’sirlarini xam kuzatish mumkin. Ijtimoiy tarmoqlardagi nazoratsiz muloqot bolalarda noqobil so‘zlashuv, agressiv yoki hurmatsiz munosabatlarni shakllantirishi mumkin. Virtual muloqotga ko‘p vaqt sarflanishi natijasida bolalarda yuzma-yuz muloqot ko‘nikmalari susayadi. Axborot texnologiyalaridan noto‘g‘ri foydalanish bolalarning ruhiy holatiga va ijtimoiy munosabatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Oilada muomala madaniyatini shakllantirishda ota-onalarning roli katta ahamiyatga ega. Ota-onalar bolalarga axborot texnologiyalaridan madaniyatli va mas’uliyatli foydalanishni o‘rgatishlari zarur. Bolalar bilan birgalikda onlayn muloqot qoidalarini muhokama qilish va ularga namuna bo‘lish muhim. Oilada ochiq muloqot muhitini yaratish bolalarning axborot texnologiyalariga munosabatini to‘g‘ri yo‘naltirishga yordam beradi.
Ilmiy-pedagogik nuqtayi nazardan, aynan shu jarayonda oilaning mediasavodxonlikni shakllantirishdagi roli hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Agar ota-ona ijtimoiy tarmoqlardagi kontentni “boricha haqiqat” emas, balki muayyan maqsad va manfaatlar bilan yaratilgan axborot mahsuli sifatida izohlab bersa, o‘smir axborotni ongli qabul qilishga o‘rganadi. Bunday yondashuv natijasida bola ijtimoiy tarmoqlardan o‘zini tasdiqlash vositasi sifatida emas, balki cheklangan va ehtiyotkorlik bilan foydalanilishi lozim bo‘lgan axborot maydoni sifatida ko‘ra boshlaydi. Natijada uning qadriyatlar tizimi tashqi ko‘rsatkichlarga emas, balki real bilim, mehnat va shaxsiy rivojlanishga tayangan holda shakllanadi.
Shuningdek, ota-onaning shaxsiy xulq-atvori ham farzand uchun muhim tarbiyaviy omil hisoblanadi. Agar kattalar o‘zlari ijtimoiy tarmoqlarda vaqtni me’yoridan ortiq sarflasa, tasdiqlanmagan axborotlarni tarqatishga moyil bo‘lsa yoki virtual muloqotni real muloqotdan ustun qo‘ysa, bu holat farzand tomonidan tabiiy norma sifatida qabul qilinadi. Aksincha, ota-onaning axborotni tanlashda ehtiyotkorligi, raqamli muhitda madaniyatli xatti-harakat namoyon etishi va vaqtni oqilona taqsimlashi bolada mas’uliyatli munosabat shakllanishiga xizmat qiladi.
Shu jihatdan, mediasavodxonlik oilada faqat texnik nazorat yoki cheklovlar majmui sifatida emas, balki ongli muloqot va shaxsiy namuna orqali rivojlantirilishi lozim. Bunday yondashuvda bola virtual muhitda yo‘qolib qolmaydi, balki unda mustaqil fikrlash, ongli tanlov qilish va axborot oqimida o‘z pozitsiyasini saqlab qolish ko‘nikmalarini rivojlantiradi. Natijada raqamli muhit bolaning shaxsiy rivojlanishiga to‘sqinlik qiluvchi omil emas, balki uning ijtimoiy va intellektual salohiyatini qo‘llabquvvatlovchi vositaga aylanadi.
Internet oilaviy tarbiyada to‘g‘ri yo‘naltirilgan taqdirda, u farzand shaxsini rivojlantirishga xizmat qiluvchi muhim pedagogik resursga aylanadi. Raqamli muhit orqali bola faqat tayyor bilimlarni iste’mol qiluvchi emas, balki bilimni izlovchi va qayta ishlovchi faol subyekt sifatida shakllanadi. Axborotni mustaqil izlash, kerakli manbani topish va uni shaxsiy ehtiyojlari bilan bog‘lash jarayonida bolaning o‘quv motivatsiyasi kuchayadi. Masalan, ta’limiy platformalar, elektron kutubxonalar va interaktiv dasturlar orqali bola o‘z qiziqishlariga mos mavzularni chuqurroq o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bunday yondashuv an’anaviy o‘qishdan farqli ravishda bolaning faolligi, tashabbuskorligi va o‘zini o‘zi rivojlantirishga bo‘lgan intilishini kuchaytiradi.
Raqamli nazorat vositalaridan oqilona foydalanish ma’naviy himoya tizimining muhim, biroq asosiy emas, yordamchi mexanizmi sifatida qaralishi lozim. Zamonaviy texnologiyalar ota-onalarga kontentni filtrlash, foydalanish vaqtini cheklash yoki ayrim platformalarni nazorat qilish imkonini beradi. Biroq pedagogik nuqtayi nazardan qaralganda, texnik cheklovlar bolaning ongida tanlov madaniyatini shakllantirmaydi. Aksincha, ular faqat tashqi to‘siq vazifasini bajaradi va ko‘pincha qisqa muddatli himoya bilan cheklanadi. Agar bola axborotni nima sababdan cheklash lozimligi haqida tushunchaga ega bo‘lmasa, u nazorat olib tashlangan zahoti yoki boshqa texnik yo‘llar orqali taqiqlangan kontentga murojaat qilishi ehtimoli ortadi.
Shu bois raqamli nazorat vositalari tarbiyaviy muloqot va tushuntirishlar bilan uyg‘un holda qo‘llanilgandagina samarali bo‘ladi. Ota-onaning “nega bu kontent foydasiz?”, “u qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin?” kabi izohlari bolaning ongida sabab–oqibat bog‘lanishini shakllantiradi. Natijada bola cheklovlarni tashqi majburiyat emas, balki o‘z manfaatlarini himoya qiluvchi choralar sifatida qabul qila boshlaydi. Bunday yondashuv bolaning ichki nazorat mexanizmlarini rivojlantirib, uni kelgusida mustaqil va mas’uliyatli qaror qabul qilishga tayyorlaydi.
Ta’kidlash joizki, muhim bo‘lgan narsa nafaqat bilim va tajribani o‘rgatish, balki bolalarni o‘zlarini o‘zi moslashtirish ko‘nikmalarini rivojlantirishga o‘rgatishdir. Bu ularga kelajakdagi chaqiriqlarga muvaffaqiyatli qarshi turishga va jamiyatni shakllantirishda o‘z hissalarini qo‘shishga yordam beradi. Asosiy omil ota-onalarning qo‘llab-quvvatlashi va tushunchasidir, ular bolalar bilan birgalikda axborot texnologiyalari o‘zgarayotgan dunyosini o‘rganishga va ularga moslashishga tayyor bo‘lishlari kerak. Bundan tashqari, bolalarni yangi axborot texnologiyalarga kirishishiga ruxsat berish bilan raqamli dunyoda ularning xavfsizligini ta’minlash o‘rtasidagi muvozanatning ahamiyatini qayd etish lozim. Kiberzo‘ravonlik, xavfsizlik tahdidlari va maxfiylik buzilishlari haqiqatan ham bolalar ijtimoiy tarmoqlarda duch kelishi mumkin bo‘lgan jiddiy muammolardir.
Shuni ta’kidlash kerakki, texnologiyalar odamlarning uzoq masofalarda muloqot qilishiga imkon beradi, bu albatta, katta afzallikdir. Vaqt va joydan qat’i nazar, biz xabarlarni darhol yuborishimiz, fotosuratlar va videolar bilan bo‘lishishimiz, shuningdek videoqo‘ng‘iroqlarda ishtirok etishimiz mumkin. Bu esa uzoqni yaqin va muloqotni yanada qulay qiladi. Biroq, ushbu taraqqiyotning salbiy tomonlari ham mavjud. Texnologiyalar muloqotni osonlashtirsa-da, ular munosabatlarning chuqurligi va muhimligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Virtual reallik va anonim muloqot imkoniyati ham ijtimoiy normalarning o‘zgarishiga olib keladi. Foydalanuvchilar tobora ko‘proq ekranning orqasida muloqot qilishni tanlaydilar, bu esa ba’zi hollarda empatiya еtishmasligi bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Odamlar jismoniy aloqalardan uzoqda bo‘lganlarida suhbatdoshning hissiy holatini sezish qobiliyatini yo‘qotishi mumkin va bu muloqot samaradorligiga ta’sir qilishi mumkin. Raqamli muloqotning bilan bog‘liq e’tibor berilishi kerak bo‘gan yolg‘izlik, depressiya va chalkashlik kabi tomonlarni yoshlar orasida tobora keng tarqalayotgan kuzatish mumkin.
Virtual muloqot imkoniyatlari bolalar uchun yangi o‘quv va ijodiy maydonlarni ochsa-da, ularning tarbiyasida muvozanatni saqlash muhim. Ota-onalar va pedagoglar bolalarga raqamli dunyo bilan real hayot o‘rtasida sog‘lom muvozanatni topishda yordam berishlari lozim. Bu nafaqat ruhiy salomatlikni, balki kelajakda jamiyatda faol va empatik shaxs sifatida shakllanishni ta’minlaydi.
Xulosa. Zamonaviy axborot texnologiyalari bolalarning muomala madaniyatiga katta ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu ta’sir ikki yo‘nalishda namoyon bo‘ladi: ijobiy va salbiy. Oilada bola tarbiyasida ota-onalarning mas’uliyatli va ongli munosabati bolalarning axborot texnologiyalaridan to‘g‘ri foydalanishiga, muomala madaniyatini shakllantirishiga asos bo‘ladi. Shuning uchun pedagogikada oila va texnologiyalar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatni chuqur o‘rganish dolzarb ahamiyatga ega.
Adabiyotlar ro‘yxati
1. Musurmonova O. Oila ma’naviyati – milliy g‘urur. – Toshkent: O‘qituvchi, 1999.
2. Мухсиева А, Абирова У. Оила педагогикаси /Дарслик. – Тошкент: Низомий номидаги ТДПУ, 2023.
3. Safarov O., Mahkamov M. Oila ma’naviyati. Uslubiy qo‘llanma. T.: ”Ma’naviyat”, 2009.
4. Xasanboyeva O. Oila pedagogikasi darslik T.: “Aloqachi, 2007.
5. Shoumarov Gʻ.B. va boshqalar. Oila psixologiyasi. Darslik T.: “Sharq” 2008.
6. Muxsiyeva A.Sh. Oila pedagogikasi. O‘quv qo‘ll. T.: “TDPU”, 2017y
7. O‘zbekiston Respublikasida oilani mustahkamlash konsepsiyasi. – Toshkent, 2018.
Text was extracted automatically from the PDF and may contain inaccuracies.