ResearcherUz LogoResearcherUz
View Journal

OILAVIY ZO‘RAVONLIKNING OLDINI OLISH VA INSON HUQUQLARINI HIMOYA QILISHDA PROFILAKTIKA INSPEKTORLARINING HUQUQIY YONDASHUVI

Abstract

Mazkur maqolada oilalarda inson huquqlari ta’minlanishi va zo‘ravonlikning oldini olishda profilaktika inspektorlarining o‘rni yoritilgan. Unda zo‘ravonlikning turlari, uning ijtimoiy oqibatlari, “himoya orderi” tizimi, shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olishda mahalla va davlat organlari o‘rtasidagi hamkorlikning ahamiyati tahlil etiladi. Ayollar va bolalarni himoya qilishda inspektorlarning profilaktik choralari va yondashuvlari asosiy e’tiborga olingan


Full PDF Document

Related Articles

Full text

INSPEKTORLARINING HUQUQIY YONDASHUVI

SUBANOV Olimjon Suyarkul o‘g‘li

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi

Malaka oshirish instituti Yuridik fanlar kafedrasi

katta o‘qituvchisi, dotsent (+99893) 551-71-30

Annotasiya. Mazkur maqolada oilalarda inson huquqlari ta’minlanishi va zo‘ravonlikning oldini olishda profilaktika inspektorlarining o‘rni yoritilgan. Unda zo‘ravonlikning turlari, uning ijtimoiy oqibatlari, “himoya orderi” tizimi, shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olishda mahalla va davlat organlari o‘rtasidagi hamkorlikning ahamiyati tahlil etiladi. Ayollar va bolalarni himoya qilishda inspektorlarning profilaktik choralari va yondashuvlari asosiy e’tiborga olingan.

Kalit so‘zlar: inson huquqlari, oilaviy zo‘ravonlik, profilaktika inspektori, himoya orderi, ayollar huquqi, mahalla, tazyiq, jinoyatchilik, huquqiy madaniyat, jamiyat xavfsizligi

ПРАВОВОЙ ПОДХОД ИНСПЕКТОРОВ-ПРЕВЕНТИВИСТОВ К

ПРЕДУПРЕЖДЕНИЮ ДОМАШНЕГО НАСИЛИЯ И ЗАЩИТЕ ПРАВ

ЧЕЛОВЕКА

Аннотация. В статье рассматривается роль инспекторов-превентивных инспекторов в обеспечении прав человека в семье и профилактике насилия. Анализируются виды насилия, его социальные последствия, система «охранных ордеров», а также важность взаимодействия органов местного самоуправления и государственных органов в профилактике правонарушений. Основное внимание уделяется профилактическим мерам и подходам инспекторов к защите женщин и детей.

Ключевые слова: права человека, домашнее насилие, инспекторпревентивный инспектор, охранный ордер, права женщин, местное самоуправление, угнетение, преступность, правовая культура, общественная безопасность

LEGAL APPROACH OF PREVENTIVE INSPECTORS TO PREVENTING

DOMESTIC VIOLENCE AND PROTECTING HUMAN RIGHTS

Annotation. The article examines the role of preventive inspectors in ensuring human rights in the family and preventing violence. The types of violence, its social consequences, the system of "protective orders", as well as the importance of interaction between local governments and state bodies in preventing offenses are analyzed. The main attention is paid to preventive measures and approaches of inspectors to protecting women and children.

Key words: human rights, domestic violence, preventive inspector, protective order, women's rights, local government, oppression, crime, legal culture, public safety

Insonning asosiy huquq va erkinliklarining ro‘yxati va mazmuni Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida mustahkamlab qo‘yilgan bo‘lib, mazkur hujjat odatda dunyoning vijdoni, insoniyat ma’naviyatining etaloni deb nomlanadi. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida irqi, tana rangi, jinsi, tili, dini, siyosiy yoki boshqa e’tiqodlaridan, mol-mulki, tabaqasi yokiboshqa holatidan qat’iy nazar har bir insonning ehtiyojlarsiz va o‘z shaxsiy dahlsizligi uchun hadiksiramay yashash huquqi, so‘z va e’tiqod erkinligi, adolatli va butun dunyoda tinchlikka bo‘lgan huquqi mustahkamlab qo‘yilgan.

O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgach, qo‘shilgan birinchi xalqaro huquqiy hujjat bu — Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi edi. Bu esa o‘z navbatida, O‘zbekistonning inson huquqlarini rivojlantirish, himoya etish va kafolatlash bo‘yicha xaqiqiy maqsadlarini bildiradi.

Inson hayotga bir marotaba keladi, baxtli yashashni istaydi va uning bunga to‘la haqqi bor. Xalqimizning huquqiy demokratik davlat va adolatli fuqarolik jamiyati qurish yo‘lidagi ezgu sa’y-harakatlaridan ko‘zlangan maqsad ham aslida shu.

Oila - mo‘jaz Vatan, demak, farzandlarimiz bu muqaddas makonda o‘sib-ulg‘ayishi, ilm cho‘qqilarini egallashi, har tomonlama yetuk insonlar bo‘lib tarbiyalanishi lozim. Bunday farzandlar har qanday vaziyatda ham ahdpaymonida qat’iy turadi, el-yurt farovonligi yo‘lida sadoqat bilan mehnat qiladi. Modomiki, farzandlarimiz yetuk insonlar bo‘lishini istar ekanmiz, ular namunali oilada kamol topishi haqida qayg‘urishimiz ayni zaruratdir.

Oila haqida so‘z yuritar ekanmiz, avvalo ko‘z o‘ngimizda ona siymosi shakllanadi. Oila muqaddasligini ta’minlovchi birinchi omil - ona, ahli ayolning pokizaligi, oqilaligi, mehru-muruvvati, sadoqati va vafodorligidir. Ota-onalar munosabatlarda namoyon bo‘luvchi o‘zaro hurmat, mehr-oqibat, halollik, poklik, mehnatsevarlik, insonparvarlik kabi oliy toifadagi qadriyatlar ularning o‘zaro munosabatlarida uyg‘unlasha borib, oilada o‘zaro munosabatlar maromini vujudga keltiradi. Oiladagi ushbu ijtimoiy jarayon yosh avlodning moddiy olam, ijtimoiy turmush haqidagi tasavvurlari, nuqtai nazarlari, tushunchalari, dunyoqarashlari va sharqona odob-axloq qoidalari va ularga amaliyotda rioya etishning to‘g‘ri yo‘l- yo‘riqlarini ko‘rsatadi.

Nega ayrim oilalarda mehr-oqibat, hamjihatlik yo‘qolib, o‘zaro munosabatlarga manfaat, ta’ma qo‘shilayotir? Nega o‘z bolasining tarbiyasiga loqayd ota-onalar ko‘payib borayotganiga indamay qarab turibmiz?! Axir, Vatan kelajagi - farzandlar tarbiyasi, kamoliga bog‘liq emasmi?

Bizda azaldan ota adolatli fikri, haq so‘zi, ibrati bilan oilaning ustuni, vijdoni bo‘lib kelgan. Bejiz xalqimiz “Ota rozi — xudo rozi” demagan. Bugun ayrim oilalarda otalar o‘rni, hikmati sezilmayapti. Oilaviy munosabatlarda ma’naviy-axloqiy muvozanatning buzilayotgani, oilaviy ajrashishlar, jinoyatlar, mulkiy mojarolar ko‘payib borayotgani hammamizni tashvishlantiradi. Mahallalar va oilalarda mehr-oqibat va hamjihatlikni mustahkamlash, turli illatlarga barham berish, oilaviy ajrashishlar va jinoyatchilikning oldini olish va boshqa dolzarb masalalarda davlat va jamoat tashkilotlari o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirishga yo‘naltirilgani bilan nihoyatda ahamiyatlidir.

Notanish odamlar janjalidan ko‘ra qarindoshlar orasidagi kelishmovchiliklarda hissiyotning o‘rni ko‘p bo‘lgani bois, oqibati ham og‘ir bo‘lishi mumkin. Er-xotinlar o‘rtasidagi nizo jiddiylashganda o‘zaro yoki qarindosh urug‘lari o‘rtasida mushtlashuvlar natijasida ma’muriyhuquqbuzarlik yoki jinoyatlar kelib chiqishi holatlari ham uchrab turadi. Buning natijasida, aybdor shaxslar sudning hukmiga asosan ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikkka tortiladi. Er va xotinning arzimagan sabab tufayli ajrashishi oqibatida farzandlarni yetim bo‘lib, nosog‘lom oila muhitida tarbiya topishi, ota yoki onaning mehriga to‘ymasdan ulg‘ayishiga sabab bo‘ladi. Kelgusida bunday muhitda ulg‘aygan farzand jamiyatda huquqbuzar yoki jinoyatchi bo‘lib yetishish ehtimoli mavjud. Birgina oilaviy nizolarning ortidan juda ko‘p salbiy oqibatlar kelib chiqadi.

Fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jamoat tartibini saqlash, shaxs, jamiyat va davlat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasi bo‘yicha respublikada yaxlit huquqiy tizim yaratilgan bo‘lib, unda ichki ishlar organlari xodimlarining faoliyati muhim o‘rin egallaydi.

Hozirgi kunda profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirishda profilaktika inspektorlarining roli kengayib, ular ma’muriy hududda mahalla raisi va uning o‘rinbosarlari bilan birgalikda, har bir ko‘cha, har bir xonadonga birma-bir kirib, fuqarolarning ijtimoiy ahvolini o‘rganish, taklif va tavsiyalarini berishi muhim masalalardan biri hisoblanishi lozim.

Jamiyatdagi har qanday illatga qarshi kurashni oiladan boshlash uni ildizi bilan quritish imkonini beradi. Huquqbuzarlik, jinoyatchilik, inson huquqlarini paymol qilish kabi illatlarga qarshi kurash qanchalik keng ko‘lam kasb etmasin, natija maqtanarli emas. Aslida, har bir inson oilada ularga qarshi immunitet bilan tarbiya topsa-olam guliston, o‘zo‘zidan barham topadi.

Kundalik hayotda er bilan xotin, qaynona yoki qaynopa, kelin, aka-uka, opa-singillar o‘rtasidagi kelishmovchilik oqibatida vujudga keladigan nizolarga e’tibor qaratsak, undan oilada bir shaxsning ikkinchi bir shaxsga nisbatan jismoniy kuch ishlatishi, shaxsga zo‘rlik bilan ruhiy ta’sir ko‘rsatishi, oilada o‘z hukmronligi va ta’sirini o‘tkazishga qaratilgan xattiharakatlari, jinsiy zo‘ravonlik qilishi, qiynash orqali ruhiy azob berishi, qo‘rqitishi va zulm qilishi kabi holatlar mavjud.

Nima uchun oiladagi zo‘ravonlik jabrlanuvchilari bu haqda ichki ishlar organlariga xabar berishmaydi? degan savolga, zo‘ravonlik qurbonlarining aksariyati o‘z oilasining obro‘sini saqlash maqsadida huquqlari poymol bo‘lishiga jim qarab turishganini aytishadi.

Amaliyotda ko‘p hollarda, profilaktika inspektorlari tomonidan jabrlanuvchi va zo‘ravonlik sodir etgan shaxsni qanday bo‘lmasin yarashtirish uchun hatti-harakatlar qilish holatlari ko‘plab uchramoqda. Ayniqsa, ma’muriy javobgarlik nazarda tutilgan tuhmat va haqorat qilish holati bo‘yicha qo‘zg‘atilgan ma’muriy ishlar sudgacha yetib bormasdan, ariza bergan tarafni o‘z arizasini qaytarib olishga undash yoki yarashtirish bilan yakunlanish holatlari ham mavjud. Afsuski, bunday holatlarning mavjudligi oila turmush doirasidagi zo‘ravonlik bilan bog‘liq huquqbuzarliklarning latentlik darajasi oshib ketishi hamda takrorlanishiga olib kelmoqda. Natijada ayrim huquqbuzar shaxslar sodir etgan hatti-harakatlari uchun hech qanday javobgarlikka tortilmasdan qolmoqda. O‘z xizmatlari yuzasidan profilaktikainspektorlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri jabrlanuvchilar va huquqbuzarlar bilan to‘qnashib, zo‘ravonlikning guvohi bo‘ladilar. Ularning malakali yordam ko‘rsatishlari, aybdor shaxslarning javobgarlikka tortilishiga jabrlanuvchining keyingi taqdiri va hayoti bevosita bog‘liqdir.

Oiladagi zo‘ravonlik bilan bog‘liq huquqbuzarliklar jabrini asosan ayollar ko‘radi. Bu ko‘plab ayollarning huquqlari toptalishiga, turmush tarzidan qoniqmay, hatto o‘z joniga qasd qilish darajasigacha borishiga, voyaga yetmagan farzandlarning ona mehridan erta mosuvo bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan zo‘ravonlik bilan bog‘liq huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi, xotin-qizlarga tazyiq o‘tkazayotgan yoki ularga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan shaxsga yoxud bir guruh shaxslarga nisbatan belgilangan ta’sir ko‘rsatish choralari qo‘llanilishiga sabab bo‘ladigan hujjat qabul qilindi.

«Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunda tazyiq va zo‘ravonlik nimaligiga aniqlik kiritilgan, tazyiq va zo‘ravonlikning jinsiy, jismoniy, iqtisodiy va ruhiy shakllari izohlangan. Qonunga asosan, ayollar bir qator vakolatli organlar – Vazirlar Mahkamasi, joylardagi mahalliy davlat organlari, ichki ishlar organlari, mehnat organlari, ta’limni davlat tomonidan boshqarish organlari hamda ta’lim muassasalari, sog‘liqni saqlash tizimi va sog‘liqni saqlash muassasalari tomonidan turli shaklda himoya qilinishi ko‘zda tutilgan. Ayollar tazyiq yoki zo‘ravonlikka uchragani haqida o‘z vaqtida murojaat qilish huquqiga ega. Mentalitetimizdan kelib chiqqan holda, ayollarimiz bunday hollarda murojaat qilishga uyaladi. Bunday holatlarni aniqlashning turli xil yo‘llari bor. Faqat o‘zining, jabrlanuvchining murojaati orqali emas, yonatrofdagilarning ham murojaat etishi mumkinligi belgilandi. Masalan, jamoatchilik, ish joylaridagi faollar, rahbarlar, mahalladagi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mutaxassislar, qo‘ni-qo‘shnilar ham murojaat etishi mumkin. [1].

Shunday holatlar borki, jabrlanuvchi ham, uni sodir etuvchi huquqbuzar, ya’ni tazyiq-zo‘ravonlik o‘tkazuvchi shaxslar ham ayollar bo‘lib qolishi mumkin. O‘ylantiradigan jihati, oila-turmush munosabatlarida sodir etilayotgan har qanday nizoli holatlar avvalambor, ko‘proq ayollar o‘rtasida kelib chiqadi. Bizda zo‘ravonlik deyilganida odatda, tan jarohati bilan bog‘liq holatlar tushuniladi. Bundan tashqari, iqtisodiy, jinsiy zo‘ravonlik ham bor. Qonun hujjatlarida shaxsning erki, huquqlari to‘laligicha kafolatlangan. Shaxsning xohish-irodasiga zid bo‘lgan har bir xattiharakatlarni amalga oshirish huquqi hech kimga berilmagan.

Mahallalarda o‘ziga yuklatilgan xizmat vazifalari doirasida profilaktika inspektori, mahalla fuqarolar yig‘ini raisi bilan birgalikda o‘z xizmat kunini uyma-uy yurishidan boshlab, o‘zaro nizosi mavjud shaxslarni aniqlash, xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlari aniqlangan taqdirda ularga “himoya orderi”ni rasmiylashtirish va tegishli profilaktik tadbirlarni o‘tkazishlari lozim. Himoya orderi amal qilish davrida profilaktika inspektorlari tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish, shujumladan ularning sabablarini hamda shart-sharoitlarini aniqlash va bartaraf etish choralarini ko‘rishi, xotinqizlarga tazyiq o‘tkazayotgan va ularga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan shaxslar bilan muntazam asosda profilaktika ishlarini olib borishi, himoya orderi talablarining ijrosi ustidan nazorat qilishi hamda uning talablarini buzgan zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarni javobgarlikka tortish yuzasidan o‘z vakolatlari doirasida choralar ko‘rishi zarur.

Bugungi kunda profilaktika inspektori zimmasiga yuklatilgan barcha funksiyalarni samarali bajarish har tomonlama hududda kriminogen vaziyatni o‘rganishni, tahlil qilib borishni talab qiladi. Shunday ekan, o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan hamkorlikda eng avvalo, mahallada yashovchi, o‘zining g‘ayriijtimoiy xulq-atvori xavfliligi tufayli huquqbuzarlik sodir etish ehtimoli holatida bo‘lgan jismoniy shaxslarning turmush tarzini, mavjud muammolarni o‘rganishi zarur. Ushbu toifadagi shaxslarning muammolarini huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi tegishli idoralar bilan xamkorlikda bartaraf etish hamda huquqiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy, pedagogik va boshqa turdagi yordam ko‘rsatishga, shuningdek ularga jamiyatda qabul qilingan xulq-atvor normalari va qoidalarini singdirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi. [2].

Prezidentimiz tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar hozirgi kunda yangi bosqichga ko‘tarildi. Aholining, ayniqsa xotin-qizlarning huquqiy madaniyatini oshirish, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderini berish, jamoat tartibini saqlash, fuqarolarning tinchlikosoyishtaligini ta’minlash bizning eng asosiy vazifamiz bo‘lib qolaveradi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib hulosa qiladigan bo‘lsak, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish, ularni kafolatlash har bir demokratik jamiyatning asosiy ustunlaridan biridir. O‘zbekiston Respublikasi ham, mustaqillikdan so‘ng Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasini tan olgan holda, inson huquqlarini himoya qilish va rivojlantirish yo‘lida muhim qadamlar tashlamoqda. Jamiyatning eng muhim bo‘g‘ini bo‘lgan oila – shaxsning shakllanishi va tarbiyasida asosiy rol o‘ynaydi. Sog‘lom, mehroqibatli, adolatli oilada voyaga yetgan farzand – kelajakda jamiyatning vijdonli va mas’uliyatli a’zosiga aylanadi.

Ammo bugungi kunda ayrim oilalarda ma’naviy-axloqiy muvozanatning buzilishi, o‘zaro hurmatsizlik, zo‘ravonlik va befarqlik holatlari uchrab turibdi. Ayniqsa, ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonliklar, oilaviy ajralishlar, fuqarolik madaniyatining pasayishi va ijtimoiy mas’uliyatning yetarli darajada bo‘lmasligi kabi salbiy holatlar jiddiy muammolarga olib kelmoqda.

Shu bois, davlatimiz tomonidan “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi – ayollar huquqlarini kafolatlashda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Ushbu qonun asosida tazyiq va zo‘ravonlik tushunchalariga aniqlik kiritilib, ularni aniqlash, oldini olish va bartaraf etish mexanizmlari belgilangan.

Bunda profilaktika inspektorlari, mahalla fuqarolar yig‘ini, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalari, jamoatchilik faollari kabi ko‘plab subyektlar o‘zaro hamkorlikda ishlashi lozim. Ayniqsa, “himoya orderi” instituti oilaviy zo‘ravonlikdan jabrlanganlarni himoya qilishda amaliy vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.

Jamiyatdagi huquqbuzarlik, jinoyatchilik kabi illatlarga qarshi kurashni oila bag‘ridan boshlash eng to‘g‘ri yo‘ldir. Har bir fuqaro, har bir oila a’zosi o‘zining ijtimoiy va huquqiy mas’uliyatini anglagan holda harakat qilsa, jamiyatda barqarorlik, tinchlik, mehr-oqibat va adolat muqim qaror topadi.

Shunday ekan, oilaviy munosabatlarda sog‘lom muhitni yaratish, zo‘ravonlikka nisbatan murosasizlik kayfiyatini shakllantirish, har bir fuqaroning huquqiy madaniyatini oshirish – jamiyat taraqqiyotining poydevori bo‘lib xizmat qiladi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI

1. Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 2-sentabr, O‘RQ-561-son Qonuni.

2. Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasining 2014- yil 14-may, O‘RQ-371-son Qonuni.

Text was extracted automatically from the PDF and may contain inaccuracies.