ResearcherUz LogoResearcherUz
View Journal

O‘ZBEKISTON TARIXI FANIDA JADIDLAR MAVZUSINING O‘QITILISHI

Abstract

Mazkur maqolada “O‘zbekiston tarixi” fanida jadidlar harakati mavzusining o‘qitilishi masalasiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda mazkur mavzuning ilmiy-ma’rifiy ahamiyati, ta’lim jarayonidagi o‘rni va metodik yondashuvlari chuqur tahlil qilinadi. Jadidchilik harakati XX asr boshlarida O‘rta Osiyo musulmon jamiyatlarida yuzaga kelgan islohotchi g‘oyalar tizimi bo‘lib, u milliy uyg‘onish, ma’rifatparvarlik, milliy o‘zlikni anglash va modernizatsiyalash jarayonlarining asosiy harakatlantiruvchi kuchi sifatida maydonga chiqdi


Full PDF Document

Related Articles

Full text

O‘ZBEKISTON TARIXI FANIDA JADIDLAR MAVZUSINING O‘QITILISHI

Narmanov Feruz Asfandiyorovich

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti “O‘zbekiston tarixi”

kafedrasi dotsenti, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

Annotatsiya. Mazkur maqolada “O‘zbekiston tarixi” fanida jadidlar harakati mavzusining o‘qitilishi masalasiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda mazkur mavzuning ilmiy-ma’rifiy ahamiyati, ta’lim jarayonidagi o‘rni va metodik yondashuvlari chuqur tahlil qilinadi. Jadidchilik harakati XX asr boshlarida O‘rta Osiyo musulmon jamiyatlarida yuzaga kelgan islohotchi g‘oyalar tizimi bo‘lib, u milliy uyg‘onish, ma’rifatparvarlik, milliy o‘zlikni anglash va modernizatsiyalash jarayonlarining asosiy harakatlantiruvchi kuchi sifatida maydonga chiqdi.

Kalit so‘zlar: tarix fani, taraqqiyot strategiyasi, ma’rifati jamiyat, ma’rifatli shaxs, murojaatnoma, milliy tarix, tarixiy tafakkur, ma’naviy taraqqiyot.

Maqolada ushbu tarixiy-siyosiy harakatning O‘zbekiston tarixi fanida o‘qitilish darajasi, mavzuning o‘quv dasturlari va darsliklardagi yoritilishi, talabalarda tanqidiy tafakkurni shakllantirishdagi roli hamda amaliy va innovatsion metodlar asosida o‘qitish samaradorligi tahlil qilinadi. Shuningdek, jadidlar merosining zamonaviy tarixiy ong va milliy g‘ururni shakllantirishdagi ta’siri alohida ko‘rib chiqiladi. Ishning yakuniy maqsadi – O‘zbekiston tarixi fanida jadidchilik harakatini zamonaviy pedagogik yondashuvlar asosida o‘rgatish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

Tarixdan ma’lumki, jamiyatdagi kishilar ongi va tafakkuri shakllanishi va rivojida tarix fani va uni o‘qitish asosiy hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Bugun mamlakatimizda ta’lim tizimi taraqqiyoti o‘zining yangi bosqichiga qadam qo‘ydi. Bu jarayon ta’lim bosqichlarida uzviylikni ta’minlash, ta’limning turli bosqichlari uchun yaratilayotgan o‘quv-materiallarida ham aks etadi. Mustaqillik yillarida milliy ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, zamonaviy fanlarni o‘qitish tizimini takomillashtirish mamlakat taraqqiyotining asosiy harakatlantiruvchi kuchi bo‘lgan salohiyatli, ma’rifat bilan sug‘orilgan kadrlar yetishib chiqishi uchun ham xizmat qiladi.

Uchinchi Renessansning mustahkam poydevori yaratilayotgan Yangi O‘zbekistonda ham tarix fanini o‘rganish va o‘qitish jarayonlari yangi bosqichga qadam qo‘ydi. 2018-yil 28-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasida “Oldimizga qo‘ygan ulkan vazifalarni amalga oshirishda biz uchun kuch-qudrat manbai bo‘ladigan milliy g‘oyani rivojlantirishimiz zarur. Milliy o‘zligimizni anglash uchun Vatanimizning qadimiy va boy tarixini o‘rganish, bu borada ilmiy-tadqiqot ishlarini jonlantirish, gumanitar soha olimlarini har tomonlama qo‘llabquvvatlashimiz lozim”-deya ta’kidlagan edi1.

O‘zbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan 2021-yilning yanvarida Ma’naviyat va ma’rifat kengashi yig‘ilishida ta’kidlangan “Milliy tarixni xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizga milliy ruhda yetkazish, ularning qalbiga, shuuriga singdirish kerak. Aks holda, uning tarbiyaviy ta’siri bo‘lmaydi. Biz yoshlarimizni tarixdan saboq olish, xulosa chiqarishga o‘rgatishimiz, ularni tarix ilmi, tarixiy tafakkur bilan qurollantirishimiz zarur”ligi2 haqidagi fikrlari masalaning nechog‘li dolzab yekanligidan dalolatdir.

Tarix fanining mamlakat va jamiyat taraqqiyotidagi ahamiyatining yuqoriligini inobatga olgan holda bugun mamlakatimizda tariximizni milliy ruhda yaratish tadbirlari amalga oshirilib kelinmoqda. Bu ayniqsa, asosiy mazmuni O‘zbekistonda tarix fani sohasi joriy holatining tanqidiy tahlili va mavjud muammolar, ilm-fanni rivojlantirish, ta’lim-tarbiya tizimi, axborot makoni bilan uzviy bog‘liqligini samarali yo‘lga qo‘yish talablaridan kelib chiqib, ilg‘or milliy va jahon tajribasini inobatga olgan holda, bosh maqsadi, vazifalari va ustuvor yo‘nalishlarini belgilab olishga qaratilgan “O‘zbekistonda 2021-2030 yillarda tarix fanini rivojlantirish konsepsiyasi” loyihasining yangi ishlab chiqilishi va keng jamoatchilik hamda tarixchi olimlar muhokamasiga taqdim etilishida yaqqol namoyon bo‘ladi.

Jadidchilik harakati – XIX asr oxiri va XX asr boshlarida O‘rta Osiyo musulmon jamiyatlarida paydo bo‘lgan va butun mintaqaning ijtimoiy, siyosiy hamda madaniy hayotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan islohotchi harakatlardan biridir. Ushbu harakat vakillari jadidlar, yangi usuldagi maktablar ochib, milliy uyg‘onish, dunyoviy bilimlar, ijtimoiy adolat va erkinlik g‘oyalarini targ‘ib qildilar. Bugungi kunda jadidchilik merosi O‘zbekiston tarixining muhim bo‘limlaridan biri bo‘lib, uni o‘quv jarayonida chuqur va tizimli o‘rganish katta ilmiy-ma’rifiy ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston tarixini chuqur o‘rganishda jadidchilik harakati alohida e’tibor talab qiladigan tarixiy-falsafiy va pedagogik mavzudir. Jadidlar faoliyati nafaqat tarixiy 1 Ўзбекистон Республикаси Президенти Шавкат Мирзиёевнинг 2018-йил Олий Мажлисга Мурожаатномаси // 2 Азамат Зиё. Янги Ўзбекистонда миллий тарих ва миллий руҳ // Халқ сўзи. 2021-йил. 24-июль. jarayonlarning ichki dinamikasini tushunishda, balki bugungi demokratik qadriyatlar va milliy taraqqiyot yo‘llarini anglashda ham muhim kalitlardan biridir. Shu bois, “Jadidlar harakati” mavzusi “O‘zbekiston tarixi” fanida konseptual o‘quv yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Jadidlar faoliyatini o‘rganish orqali talabalar mustamlaka davridagi murakkab ijtimoiy-siyosiy vaziyat, xalqning ma’naviy holati, milliy o‘zlikni anglash jarayoni va ijtimoiy o‘zgarishlarning asosiy bosqichlarini chuqur tahlil qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Jadid ziyolilarning ilmiy, madaniy, ma’rifiy va pedagogik faoliyati orqali ular ijtimoiy fikr rivoji, ta’lim tizimidagi islohotlar va milliy uyg‘onish harakatining tarixiy ildizlarini anglab yetadilar. Ushbu tarixiy meros hozirgi avlod vakillarida tarixiy ong, milliy g‘urur, fuqarolik pozitsiyasi va ijtimoiy mas’uliyat tuyg‘ularini shakllantirishda muhim tarbiyaviy, mafkuraviy va axloqiy ahamiyat kasb etadi. Shu jihatdan, jadidchilik harakati nafaqat tarixiy-faktologik o‘rganish obyekti, balki zamonaviy yoshlarni har tomonlama yetuk, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda samarali vosita sifatida baholanadi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimidagi o‘quv dasturlarida jadidchilik harakati alohida ilmiy mavzu sifatida o‘z aksini topgan bo‘lib, u zamonaviy tarixiy tafakkur va milliy o‘zlikni anglash jarayonida muhim o‘rin egallaydi. Jumladan, “O‘zbekiston tarixi” fanining “XIX asr oxiri-XX asr boshlarida islohotchilik harakatlari” bo‘limida jadidlar faoliyatiga alohida e’tibor qaratilib, ularning ma’rifiy va siyosiy qarashlari o‘rganiladi. Shuningdek, “Madaniyat tarixi”, “Tarixiy manbashunoslik” kabi mutaxassislik fanlarida jadidlar yaratgan ilmiy, badiiy va publitsistik asarlar asosiy tarixiy manba sifatida tahlil etiladi. Bu esa talabalarni tarixiy tafakkurga o‘rgatish, manba bilan ishlash ko‘nikmasini shakllantirish hamda milliy g‘oya va qadriyatlar asosida tarbiyalashda muhim nazariy va amaliy ahamiyat kasb etadi.

Jadidchilik harakati tarixi maktab darsliklarida 1990-yillarning ikkinchi yarmidan boshlab, ya’ni O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan keyin bosqichmabosqich o‘z o‘rnini egallay boshladi. Mustaqillik yillarida tarixiy haqiqatni tiklash, milliy qadriyatlar va madaniy merosni qayta baholash jarayonida jadidlar faoliyatiga bo‘lgan yondashuv tubdan o‘zgardi. Avvalgi, ya’ni sovet davrida, jadidchilik harakati darsliklarda deyarli yoritilmagan, ularning islohotparvarlik faoliyati esa ideologik nuqtai nazardan buzib talqin etilgan. Jadidlar aksariyat hollarda “burjua millatchilari”, “reaksion kuchlar vakillari” sifatida ko‘rsatilgan va ularning ilmiy, ma’rifiy va madaniy xizmatlari inkor etilgan. Mustaqillikdan so‘ng esa ularning milliy uyg‘onishdagi o‘rni, ma’naviy-ma’rifiy merosi, xalqni ozodlikka undagan faoliyati tarixiy-huquqiy asosda qayta ko‘rib chiqildi va O‘zbekiston tarixining ajralmas qismi sifatida maktab va oliy ta’lim darsliklarida alohida mavzu sifatida o‘rgatilmoqda3.

1996-1999-yillar oralig‘ida O‘zbekiston tarixini o‘qitish bo‘yicha tub islohotlar amalga oshirildi va ushbu yillarda mustaqillik mafkurasi hamda milliy g‘oyalar asosida yaratilgan yangi avlod tarix darsliklari tayyorlandi. Bu darsliklar ilgari sovet mafkurasi ta’sirida shakllangan yondashuvdan farqli o‘laroq, o‘zbek xalqining ko‘p asrlik tarixiy taraqqiyot yo‘lini, milliy davlatchilik an’analarini, ozodlik va istiqlol uchun olib borilgan kurashlarni ob’ektiv, adolatli yoritishga qaratildi. Jumladan, ularning mazmunida jadidchilik harakati, mustamlakachilikka qarshi kurash, istiqlol g‘oyalari, milliy o‘zlikni anglash jarayonlari keng yoritilib, o‘quvchilarda tarixiy ong va vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirish maqsad qilindi. Bu darsliklar O‘zbekiston tarixini milliy nuqtai nazardan o‘rganishga asos bo‘ldi.

“O‘zbekiston tarixi” fani darsliklarida “XIX asr oxiri–XX asr boshlarida ma’rifiy islohotlar va jadidlar harakati” mavzusi alohida bo‘lim sifatida kiritilgan bo‘lib, bu orqali o‘quvchilarga o‘zbek tarixining murakkab, ammo muhim davrlaridan biri bo‘lgan jadidchilik harakati haqida chuqur va tizimli bilim berish ko‘zda tutilgan. Mazkur mavzuda jadidlarning mustamlaka siyosatiga qarshi fikr va amalda olib borgan faoliyati, ularning ta’lim-tarbiya, matbuot, adabiyot va san’at sohasidagi yangilanishga oid sa’y-harakatlari, zamonaviy milliy o‘zlikni shakllantirishga qo‘shgan hissasi yoritiladi4.

Shuningdek, bu bo‘lim orqali o‘quvchilarda milliy ong, ma’naviy merosga hurmat, va zamonaviylik ruhidagi yangilanishlarga ochiqlik g‘oyalari shakllantiriladi. Jadidchilik harakati tarixining darsliklarga kiritilishi, yosh avlodni Vatan ravnaqi uchun mas’uliyatli, fikrlovchi va ongli fuqarolar etib tarbiyalashda muhim o‘rin tutadi.

Jadidlar faoliyati o‘zbek milliy uyg‘onish harakati tarixida muhim bosqichlardan biri sifatida qaralib, ularning ilmiy, ma’rifiy va ijtimoiy faoliyati XIX asr oxiri – XX asr boshlarida boshlangan mustamlakachilikka qarshi fikriy-madaniy qarshilik harakati ilgari surish, xalqni jaholat va savodsizlikdan chiqarish, milliy o‘zlikni saqlab qolish, yangicha ta’lim tizimini joriy etish orqali jamiyatda uyg‘onish, madaniy va siyosiy 3 Бобобеков Ҳ., Раҳимов Ж., Содиқов Ҳ. Ўзбекистон тарихи (XIX асрнинг иккинчи– XX асрнинг бошлари). – Тошкент: Ўқитувчи, 1996. – Б. 187-200. 4 Tillaboyev S., Zamonov A. O‘zbekiston tarixi (XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlari). 9-sinf uchun darslik / Mas’ul muharrir: D.A. Alimova. – Toshkent: Sharq, 2019. – B. 87-101. o‘zgarishlarga zamin yaratishga intildilar. Jadidlar faoliyatining o‘rganilishi ularning o‘z davri sharoitidagi ma’naviy jasorati, tafakkur yangiligi va mustamlaka tuzumiga qarshi intellektual kurashini chuqurroq anglash imkonini beradi. Shu bois, mazkur harakat o‘zbek tarixshunosligida nafaqat pedagogik va madaniy, balki ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning uzviy qismi sifatida o‘rganilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston tarixi fanida jadidlar mavzusining o‘qitilishi mustamlaka davrida yuzaga kelgan milliy uyg‘onish harakati, xalq ma’naviyati va zamonaviylik sari intilgan ijtimoiy-siyosiy tafakkurning shakllanishini anglashda muhim ilmiy va tarbiyaviy ahamiyatga ega. Jadidlar harakati – o‘zbek tarixida erkinlik, taraqqiyot va milliy mustaqillik g‘oyalarining dastlabki shakllanish bosqichi bo‘lib, ularning faoliyati orqali zamonaviy fuqarolik jamiyati, milliy o‘zlikni anglash, ijtimoiy mas’uliyat va ma’rifatparvarlik qadriyatlari asosida o‘quvchilarda tarixiy tafakkur shakllantiriladi.

Shu bois, bu mavzuning umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus va oliy ta’lim muassasalari tarix darsliklarida chuqur va tizimli tarzda yoritilishi, yangi pedagogik yondashuvlar asosida talabalarga yetkazilishi zarurdir. Jadidchilik tarixining o‘rgatilishi nafaqat o‘tmishni tushunishga, balki bugungi kunda yurt taraqqiyoti yo‘lida ilgari surilayotgan g‘oyalar bilan uzviy bog‘liqligini anglashga xizmat qiladi.

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati: 1. “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasini tasdiqlash. https://lex.uz/ru/docs/- 5030957. 2. “Yangi O‘zbekiston – ma’rifatli jamiyat” // Халқ сўзи. 3. O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risidagi” PF-60 sonli Farmoni. 4. Азамат Зиё. Янги Ўзбекистонда миллий тарих ва миллий руҳ // Халқ сўзи. 2021- йил. 24-июль. 5. Tillaboyev S., Zamonov A. O‘zbekiston tarixi (XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlari). 9-sinf uchun darslik / Mas’ul muharrir: D.A. Alimova. – Toshkent: Sharq, 2019. – B. 87-101. 6. Бобобеков Ҳ., Раҳимов Ж., Содиқов Ҳ. Ўзбекистон тарихи (XIX асрнинг иккинчи– XX асрнинг бошлари). – Тошкент: Ўқитувчи, 1996. – Б. 187-200.

Text was extracted automatically from the PDF and may contain inaccuracies.