Shukur Xolmirzayev hikoyalarida inson va tabiat mavzusining badiiy talqini
Eshmetova Lobar
UrDU O‘zbek filologiyasi fakulteti :
o‘zbek tili ta’lim yo‘nalishi 223-guruh talabasi
lobareshmetova97@gmail.com
Annotatsiya: Shukur Xolmirzayev ijodida tabiatga bo‘lgan muhabbat va inson obrazining talqini.
Kalit so‘zlar : Shukur Xolmirzayev, adabiyot, ijod, yozuvchi, tog‘, inson va borliq, ruhiyat, hikoya, tabiat oshnosi, beshafqat, yomg‘ir.
Аннотация: Любовь к природе и интерпретация образа человека в творчестве Шукура Холмирзаева.
Ключевые слова: Шукур Холмирзаев, литература, творчество, писатель, гора, человек и существование, психика, рассказ, натуралист, доброжелательность, дождь.
Annotation : Love for nature and interpretation of the human image in Shukur Kholmirzayev’s work.
Keywords : Shukur Kholmirzayev, literature, creativity, writer, mountain, man and existence, spirituality, story, naturalist, benevolence, rain
Adabiyot – ijtimoiy taraqqiyotning qudratli quroli.¹ Adabiyot – tarbiya vositasi. U inson ruhiyatiga ma’naviy ozuqa bo‘ladi. Adabiyot insonni komillikka, yetuklikka, bedorlikka chorlaydi. Hayot so‘qmoqlaridan ma’no, mohiyat axtarishga o‘rgatadi. Bu “axtarish” jarayoni esa insonga o‘zini tanitadi. Zero, o‘zni tanimoq – o‘zlikni anglamoqdir. O‘zlikni anglamoq esa bizni o‘rab turgan borliqqa nisbatan munosabatimizda o‘z aksini topadi. Shu o‘rinda, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayev ham inson ma’naviy olamini kashf etuvchi ruhiyat muallimi, yozgan asarlari orqali borliqqa sayqal bergan tabiat musavviridir.
Inson yashar ekan, uning hayotini tabiatdan ayro tasavvur etib bo‘lmaydi. Tabiatning esa ming bir giyohi, jonzoti bor.Insonning o‘zi ham bir mavjudot sifatida tabiatning farzandi hisoblanadi. Inson o’zining hayoti davomida butun borliqdan emas, balki uni o‘rab turuvchi va uning ta’siri doirasida turgan tabiatdan foydalanadi.² Agar tabiat va inson bolasi qiyoslansa, ularning nafaqat bir-biriga bog‘liqligi, balki o‘xshashligi ham aqlni hayratga soladi. Shukur Xolmirzayev Surxon vohasining beqiyos so‘lim Boysun tumanida tug‘ilib katta bo‘lgan. Uning ijodkor sifatida shakllanishida ana shu yurtining go‘zalliklari, uning so‘lim oqshomlari va betakror tabiati o‘z ta’sirini ko‘rsatgan. Shuning uchun yozuvchi ijodida tabiat manzarasi va inson obrazlari maromiga yetib, nihoyatda tiniq, shudring tomchilaridek sof tasvirlanganini ko‘rishimiz mumkin. Ayniqsa, Boysun va boysunliklar hayoti yozuvchi ijodining bosh tamoyilini tashkil etadi. Masalan ijodkor qalamiga mansub “Jarga uchgan odam” (1971) hikoyasining bosh qahramoni Islom Boysunda tug‘ilib katta bo‘lgan. U Boysun tog‘lari – yu uning o‘rmonidagi hayvonlarni sevadi. Shukur Xolmirzayev ushbu hikoyada Boysun tabiatini shunchaki tasvirlamaydi, u tabiatni ko‘zi bilan emas, qalb ko‘zi bilan ko‘rib, unig cheksiz go‘zalliklaridan bahramad bo‘lib o‘zgacha zavq-u shavqqa to‘lib tasvirlaydi. “Uyning ustida Boysun tog‘ning musaffo osmoni osilib turar, uning orqa tomonida to‘lqinsimon sarg‘ish adirlar tog‘ tarafga emgaklab ketgan, adirlar ortida esa chag‘ir toshli qirlar va ular orqasida mol podalariga o‘xshab archazor qoplagan tog‘ ko‘rinar edi. Tog‘ning osmonga qadalgan o‘rkachlarida parquv bulutlar suzib yurar, ular tog‘ bilan zangori osmonni bir-biriga qo‘shib turganga o‘xshar edi… ” . Mana shu misralarning yozilishiyoq yozuvchining tabiatga naqadar oshufta qalb ekanini ko‘rsatadi. Islom o‘zini shu tabiatning yagona qo‘riqchisi, sodiq do‘sti deb hisoblaydi. U o‘z tabiatidan, Boysunidan ketib boshqa yerda yashashni xayoliga ham keltira olmaydi. Ammo hikoyadagi barcha qahramonlar ham, afsuski, Islomga o‘xshamaydi. Bu insonlar tabiatni asrashni emas, undan foyda olishga, o‘z ehtiyojlarini qondirishga harakat qilishadi. Asardagi Ismoil Yusupovich ayni shunday obrazlardan biri. U hatto sovg‘a uchun deb ayiqni o‘ldirishdan ham bosh tortmaydi. Ammo uning bu xatti-harakatiga go‘yo tabiat Islom orqali javob beradi. Ismoil Yusupovich qanday qilib ayiqni o‘ldirgan bo‘lsa, o‘zi ham shu holga tushadi, uning gavdasi shox kabi uchib jardan quyiga yiqiladi. Garchi ushbu asar fojia bilan yakun topsada fojia zamirida adolat bo‘lishi har bir kitobxonni mamnun qiladi.
Shukur Xolmirzayevning inson va tabiat mavzusiga bag‘ishlangan hikoyalarida aksariyat qahramonlar tabiatning oshig‘i , uning jonkuyar himoyachisi sifatida tasvirlansa, aksariyat qahramonlar ruhida esa tabiatga shafqatsizlik, bemehrlik tuyg‘ulari yetakchilik qiladi. Masalan ijodkorning “Omon ovchining o‘limi ” (1985) hikoyasini olaylik. Asarning bosh qahramoni Omon yoshligidayoq borliqqa nisbatan beshafqat bo‘lgan. Hikoyada agar u tabiatdagi biror qush yoki jonzotni o‘ldira olmasa uning azobi yuragiga bigizday sanchiladigan qahramon sifatida tasvirlanadi. Lekin nima uchun qahramonimiz bunday shafqatsiz ekan degan savollarga dabdurustan javob berib bo‘lmaydi. Muallif bu borada ayrim ishoralar qiladiki, kitobxon Omonning bunday shakllanishida oilasidagi muhit, ayniqsa, otasining ta’siri kuchli bo‘lganligini payqaydi. Buni biz quyidagi misralar orqali ham sezishimiz mumkin : “U kishi Omonga 13 yasharligida “indamas” miltiq – melkokolibr miltig‘i olib bergan, Omon birotar miltig‘ida emas , shunda qush otishni o‘rgangan, u bolalikdan yovvoyi qush-u hayvonlar otish va yeyish uchun yaratilgan deb o‘ylar , uning yuragi ham baquvvat ko‘kragidek qattiq ediki, buning sababini ehtimol uning otasiga xos jihatlardan izlash mumkin ”.Hikoyada tabiatga bo‘lgan beshafqat tuyg‘ular o‘z natijasini ko‘rsatib yakunlanadi. Omon ovchi bir paytlar qay tarzda jonzotlarni nobud qilgan bo‘lsa , endi bir gala masliqxo‘r g‘achirlar ham go‘yo undan qilgan gunohlarining javobini olganday, uni cho‘qib-cho‘qib yeyish sahnalari bilan tugallanadi. Ezgulik ezgulikni, yovuzlik yovuzlikni taqoza qiladi deganlaridek, Omon ovchining qilgan amallari ham javobsiz qolmaydi.
Shukur Xolmirzayev o‘z asarlarida tabiat go‘zalliklarini tasvirlash bilan birga, tabiat hodisalarining qay tarzda sodir bo‘lishiga ham alohida urg‘u berib, uni ilmiy misollar orqali tushuntirishga harakat qiladi. Ijodkorning “Notanish odam” (1960) hikoyasi bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Asar ov qilish uchun yo‘lga chiqqan qahramon tilidan yozilgan. Qahramon ov qilish uchun ketayotganda to‘satdan yomg‘ir yog‘ib qolishi uning kamarga kirishiga sabab bo‘ladi. Kamarda esa notanish odam : “Bulut tog‘dan emas, cho‘ldan ko‘tarilayotgan edi. Ko‘rinib turiptiki, bu bulut to‘kkan yomg‘ir ancha-muncha mahalda tinmaydi. Agar bulut tog‘dan pastlagan bo‘lsa , uning yo‘rig‘i boshqa edi ³ ”, deb gapirishi ham muallifning tabiat haqidagi bilimlari naqadar ko‘p ekanligini ko‘rsatib beradi. “Tomosha qiling, yomg‘irning yog ‘ishida ko‘ngilga yoqadigan dilgirlik bo‘ladi, ko‘p yaxshi narsalar yodga tushadi ”, degan jumlalarning keltirilishi esa yozuvchi ruhiyatida tabiat hodisalariga bo‘lgan betakror mehr va muhabbatni bildiradi.
Shukur Xolmirzayev hikoyalarining barchasida tabiatga qilingan nohaqliklarning javobi albatta qaytishiga, kimki tabiatga nisbatan yomon munosabatda bo‘lsa, tabiat ham unga shunday javob qaytarishiga ishora qiladi, bu mavzularga alohida to‘xtaladi. Yozuvchining fikricha, insoniy tuyg‘ular tabiatga mehr bilan qarashdan boshlanadi. Shuning uchun ham Shukur Xolmirzayevning har bir asari tabiatni sevishga, uning go‘zalliklaridan bahramand bo‘lishga va ona zaminimiz – tabiatni asrab-avaylshga undaydi.
Foydalanilgan adabiyotlar :
1. Izzat Sulton. Adabiyot nazariyasi. “O‘qituvchi ”. – T.: 2005
2. A.A.Nazarov. Ekologiya va tabiatni muhofaza qilish. “O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi”. – T.:2020
3. Shukur Xolmirzayev. Saylanma.”Ma’naviyat”. T.:2003
Text was extracted automatically from the PDF and may contain inaccuracies.