Surxon vohasining tabiiy geografiyasi
Qurbonov Murodjon Normamat o‘g‘li
Termiz davlat pedagogika instituti o‘qituvchisi
Surxondaryo viloyati O‘zbekistonning eng janubida joylashgan. U o‘z ichiga Surxon-Sherobod vodiysi va uning atrofini o‘rab turgan tog‘larni oladi. Viloyat sharqdan va shimoli sharqdan Bobotog‘ va Hisor tog‘lari orqali Tojikiston bilan, shimoli g‘arbda Qashqadaryo bilan chegaralanadi, chegara Chaqchar va Boysun tog‘lari orqali o‘tadi. G‘arbda Turkmaniston bilan bo‘lgan chegara Ko‘hitang tog‘ining suvayirg‘ich qismidan o‘tadi. Janubda chegara Afg‘oniston bilan Amudaryo orqali o‘tgan davlat chegarasiga to‘g‘ri keladi.
Viloyatni shimol tomonidan Hisor tizmasi o‘rab turadi. Bu tizmaning balandligi 4500-4600 metrga yetadi. O‘zbekistondagi eng baland cho‘qqi — Hazrat Sulton (4643 m) ham shu tog‘da joylashgan.
Boysuntog‘ ham balandligi ancha baland bo‘lib, ayrim cho‘qqilari shimoli sharqida 3700 metrga yetadi. Boysuntog‘ning janubi g‘arbida Ko‘hitang tog‘i joylashgan. Ko‘hitang janubi g‘arbga 50 km cho‘zilgan va balandligi 3137 metrga yetadi. Boysuntog‘ning sharqida unga yonma-yon holda Surxontog‘ joylashgan, u qisqa, lekin ancha baland (3882 m) tog‘dir. Bu tog‘ning janubida Sherobod-Sariqamish past tog‘lari (1126 m) joylashgan. Sherobod-Sariqamish past tog‘ining janubi g‘arbida Klif-Sherobod past tog‘i joylashgan.
Surxondaryo tabiiy geografik okrugining sharqida Bobotog‘ joylashgan. Bu tog‘ ancha yemirilib, pasayib qolgan bo‘lib, eng baland Zarkosa cho‘qqisi 2289 metrga yetadi. Bobotog‘ g‘arbga, Surxondaryo vodiysiga va janubga qarab asta-sekin pasayib ketadi. Okrugda, yuqorida qayd qilingan tog‘lar orasida botiqlar joylashib, neogen va antropogen davri yotqiziqlari bilan to‘lgan.
Viloyatda qazilma boyliklardan neft va gaz, ko‘mir, polimetall, alumin rudasi, girs, tuz, har xil qurilish material konlari mavjud. Neft va gaz, asosan, Lalmikor, Ko‘kaydi, Xovdog‘dan, toshko‘mir Sharg‘undan qazib olinadi. Sariosiyoda polimetall rudasi, aluminiy rudasi, girs, ohak konlari bor. O‘zbekistondagi eng katta Xo‘jaikon tuz koni shu okrugda joylashgan. Surxondaryo janubida tarkibida har xil erigan moddalar saqlovchi bir necha mineral suvlar topilgan. Ularning eng muhimi Jayronxona mineral suvi hisoblanadi.
Surxondaryo vodiysining iqlimi quruq subtropik. Lekin atrofidagi tog‘larga ko‘tarilgan sari iqlim harorati o‘zgaradi. Okrugning tekislik qismida yoz serquyosh, issiq va quruq, tog‘ga tomon harorat pasayib boradi. Qish qisqa va iliq, lekin atrofidagi tog‘larda sovuqroq bo‘ladi.
Yozda Surxondaryoning tekislik qismi juda isib ketadi. Qish vohaning tekislik qismida iliq bo‘ladi. Ba’zan qishda sovuq havo massalari tog‘lardan o‘tib, tekislik qismi haroratini pasaytirib yuboradi. Shunday kezlarda havo harorati –20 –25°C gacha pasayadi.
Surxondaryo vohasida yog‘inlar notekis taqsimlangan. Vohaning janubidagi tekisliklarga eng kam yog‘in (yiliga 133-230 mm) tushadi. Surxondaryo viloyatida uzunligi 20 km dan ortiq bo‘lgan 35 ta daryo mavjud. Bu daryolar ichida eng kattalari Surxondaryo va Sheroboddaryo hisoblanadi.
Surxondaryo To‘polondaryo bilan Qoratog‘ daryolarining qo‘shilishidan vujudga keladi. To‘polondaryo Surxondaryoning eng katta va eng sersuv irmog‘i, Hisor tog‘ining eng baland qismidan Qorasuv nomi bilan boshlanib, G‘ova irmog‘ini qo‘shib olgach, To‘polondaryo nomini oladi. Uning uzunligi 124 km bo‘lib, qor-muzlarning erishidan to‘planadi. Uning o‘rtacha yillik suv sarfi sekundiga 54,6 m.kub, eng ko‘pi sekundiga 470 m.kub, eng kami 5,7 m.kub. Qoratog‘ daryosi Hisor tog‘ining 4200 m balandlikdagi janubiy yonbag‘ridan shu nom bilan boshlanadi. Uning uzunligi 100 km atrofida. Qoratog‘ daryosi qor-muzlarning erishidan to‘planadi.
Surxondaryo To‘polon bilan Qoratog‘ daryolarining qo‘shilgan yeridan Amudaryogacha 196 km. Shu masofada o‘ng tomondan Sangardak va Xo‘jaipok irmoqlarini qo‘shib oladi.
Surxondaryo, asosan, qor-muzlarning erishidan to‘planib, o‘rtacha ko‘p yillik suv sarfi Qorovultepa qishlog‘i yonida sekundiga 70,2 m.kub ni tashkil etadi, eng katta suv sarfi sekundiga 600 m.kub, eng kami sekundiga 0,1 m.kub.
Sheroboddaryo Boysun tog‘i va uning davomi hisoblangan Ko‘hitang tog‘ining sharqiy yonbag‘ridan boshlanuvchi Irg‘oyli va Qizilsoy daryolari qo‘shilishidan vujudga keladi. U Sherobod shahridan quyida Qorasuvdaryo deb yuritiladi. Uning uzunligi 186 km bo‘lib, o‘rtacha ko‘p yillik suv sarfi sekundiga 7,5 m.kub. Sheroboddaryo qor-yomg‘ir suvlaridan to‘yinganligi tufayli eng ko‘p suvi aprel — may oylarida oqadi.
Yerosti suvlari har xil davr yotqiziqlari orasida uchraydi. Paleogen va neogen davri yotqiziqlari orasidagi 140—150 m chuqurlikdan chuchuk suv chiqadi. Bo‘r davri yotqiziqlari orasidagi 1000 —2000 m chuqurlikdan chiquvchi mineral shifobaxsh suv harorati +60 +70°C ga yetadi.
Surxondaryo tabiiy geografik o‘lkasida suv ta’minotini yaxshilash maqsadida Janubiy Surxon (suv sig‘imi 800 mln m.kub), Uchqizil (suv sig‘imi 16 mln m.kub) suv omborlari qurilgan.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.Z.Saidboboyev. Tarixiy geografiya “Noshir” Toshkent 2010
2. Z.Saidboboyev. Tarixiy geografiya va kartografiya Toshkent: Shafoat Nur Fayz, 2020. - 160 b.
3. O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi
Text was extracted automatically from the PDF and may contain inaccuracies.