O‘SISHGA ERISHISH
Abdumutaliyev Rasuljon Abdurashid o‘g‘li
Toshkent moliya instituti “Xalqaro moliya-kredit” kafedrasi o‘qituvchisi
rasuljon.abdumutaliyev@bk.ru
Annotatsiya: Barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda tashqi iqtisodiy faoliyatni yanada takomillashtirish, milliy iqtisodiyotning xalqaro moliyaviy jarayonlarga integratsiyalashuvini kuchaytirish kabi chora-tadbirlarning ahamiyati kattadir. Mamlakatimizda tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish doirasida qabul qilinayotgan davlat dasturlari, mamlakatda raqobatbardosh va xalqaro savdo talablariga javob bera oladigan iqtisodiy ne’matlarni yaratish hamd ushbu ishlab chiqarilgan mahsulotlarni eksportga yo‘naltirishni samarali tashkil etish mamlakatimiz oldida turgan muhim vazifalardan hisoblanadi.
Kalit so‘zlar: xalqaro moliya, xom ashyolar, mehnat resurslari, jamiyat, qonun, kapital, globallashuv, taraqqiyot, korxona, barqaror rivojlanish, iqtisodiy o‘sish, eksport operatsiyalari, soliq imtiyozlari.
Аннотация: Большое значение в обеспечении устойчивого экономического роста имеют такие меры, как дальнейшее совершенствование внешнеэкономической деятельности, усиление интеграции национальной экономики в международные финансовые процессы. К числу государственных программ, принятых в рамках осуществления внешнеэкономической деятельности в нашей стране, создания экономических благ, способных удовлетворить требования конкурентной и международной торговли в стране, эффективной организации экспорта этой производимой продукции, относятся важные задачи, стоящие перед нашей страной.
Ключевые слова: международные финансы, сырье, трудовые ресурсы, общество, право, капитал, глобализация, развитие, предпринимательство, устойчивое развитие, экономический рост, экспортные операции, налоговые льготы.
Abstract: Measures such as further improvement of foreign economic activity and strengthening the integration of the national economy into international financial processes are of great importance in ensuring sustainable economic growth. The number of government programs adopted as part of the implementation of foreign economic activity in our country, the creation of economic benefits that can meet the requirements of competitive and international trade in the country, and the effective organization of export of these manufactured products are important tasks facing our country.
Keywords: international finance, raw materials, labor resources, society, law, capital, globalization, development, entrepreneurship, sustainable development, economic growth, export operations, tax incentives.
Kirish
Barchamizga ma’lumki, 2023 yil 11 sentabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF158-son “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi to‘g‘risida Farmoni[1] tasdiqlandi va oradan 1 kun o‘tib 12 sentabr sanasida kuchga kirdi. Ushbu Qonun orqali daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoridan o‘rin olish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tilgan.
E’tirof etish kerakki, tashqi iqtisodiy faoliyatda so‘nggi olti yil ichida qat’iy qadamlar qo‘yildi. Xususan, 2019 yilda soliq sohasida faol o‘zgarishlar boshlandi, shu bilan birga biznes yuritish uchun ma’muriy xarajatlar kamayib bordi, bojxona va tarif protseduralarini soddalashtirish yo‘nalishida sezilarli o‘zgarishlar yuz berdi. Ko‘rilgan chora-tadbirlar tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish imkoniyatini sezilarli darajada osonlashtirdi.[3] Hukumat va tadbirkorlar tomonidan yangi tashqi bozorlarini birgalikda izlash tizimining yo‘lga qo‘yilishi ham o‘z samarasini berdi. Shunday qilib, 2019–2022 yillarda mamlakatimiz eksporti yiliga o‘rtacha 12 foizdan o‘sib bordi. Eksport qiluvchi korxonalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashqi savdo jarayonini soddalashtirish bo‘yicha bir qator tub o‘zgarishlar amalga oshirildi va 60 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Bu ko‘rsatkichlardan ko’rinib turibdiki, Mamlakat tashqi istisodiy faoliyati yangi cho‘qqilarni zabt etib kelmoqda.
Adabiyotlar sharhi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 28.01.2022 yildagi PF-60-son "2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot stratyegiyasi to‘g‘risida" gi Farmoniga[2] ko‘ra 26-maqsad Mamlakatda investitsiya muhitini yanada yaxshilash va uning jozibadorligini oshirish, kelgusi besh yilda 120 milliard AQSh dollari, jumladan 70 milliard dollar xorijiy investitsiyalarni jalb etish choralarini ko‘rish etib belgilangan va ushbu maqsad doirasida quyidagilar ustuvor vazifalar etib belgilangan:
investitsiyalardan samarali foydalanish hamda eksport hajmlarini oshirish bo‘yicha, “pastdan-yuqoriga” tamoyili asosida, yangi tizimni yo‘lga qo‘yish;
Respublika hududlari va xorijiy mamlakatlar biznes vakillari o‘rtasida tashqi iqtisodiy aloqalarni o‘rnatish, jumladan Sirdaryo viloyatining Xitoy Xalq Respublikasi, Surxondaryo viloyatining Rossiya Federatsiyasi hamda Jizzax viloyatining Hindiston biznes doiralari bilan investitsiya va tashqi savdo aloqalarini rivojlantirish.
Toshkent moliya instituti rektori, i.f.d., prof. T.Z. Teshabaev “O‘zbekistonda xalqaro moliya munosabatlarini rivojlantirishning strategik yo‘nalishlari” mavzusidagi 2023 yil 10 noyabrda bo‘lib o‘tgan xalqaro miqyosidagi ilmiy-amaliy anjumanda “O‘zbekistonda tashqi iqtisodiy faoliyatni rivojlantirishdagi ijobiy qadamlar” mavzusida so‘z yuritdilar.[4]
Tadqiqot metodologiyasi
Mavzuni ilmiy o‘rganish, tahlil va tadqiq etish jarayonida induksiya va deduksiya, tizimli tahlil va ilmiy abstraksiya kabi usullardan atroflicha foydalanilgan. Maqolada ilmiy abstraksiya usulidan foydalanish zamirida mamlakat tashqi iqtisodiy faoliyatining ya’ni eksport salohiyatining mamlakat iqtisodiy rivojida tutgan o‘rni yuzasidan xulosalar chiqarildi va xulosalarga mos ravishda ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar berildi.
Tahlil va natijalar
2022 yilda O‘zbekiston Respublikasi tashqi savdo aylanmasi ishtirokchilari soni qariyb 31,5 mingtaga yetgan holda 2021 yilga nisbatan 283 taga ko‘paygan. Respublikada bu borada so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan eksportni rag‘batlantirish, importni optimallashtirish va umuman olganda tashqi savdo muvozanatini ta’minlash maqsadida amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida 2022 yilda respublikaning tashqi savdo aylanmasini 50,0 mlrd. AQSh dollariga yetishi va 2021 yilga nisbatan 7,8 mlrd. AQSh dollariga yoki 18,6 foizga oshishi ta'minlangan. Ushbu natija mamlakat tarixida eng yuqori ko‘rsatkich sifatida qayd etilgan.
Tashqi savdo aylanmasida eksport hajmi 19 309,1 mln. AQSh dollarini tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 15,9 foizga ko‘paygan. Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi jahonning 204 mamlakati bilan savdo aloqalarini amalga oshirib kelmoqda. Tashqi savdo aylanmasining nisbatan salmoqli hissasi Rossiya Federasiyasi (18,6 foiz), Xitoy Xalq Respublikasi (17,8 foiz), Qozog‘iston (9,2 foiz), Turkiya (6,4 foiz), Koreya Respublikasi (4,7 foiz), Qirg‘iz Respublikasi (2,5 foiz) va Germaniyaga (2,3 foiz) to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarning mustahkamlanishi barobarida ushbu mamlakatlar bilan ijtimoiyiqtisodiy, savdo-sanoat va madaniy sohalarda munosabatlarni rivojlantirish bo‘yicha muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 2017-2022 yillarda O‘zbekiston Xalqaro iqtisodiy erkinlik indeksi umumiy reytingida o‘z o‘rnini 31 pog‘onaga yaxshilab, 148-o‘rindan 117-o‘ringa ko‘tarildi. 2017 yilda iqtisodiyotga kiritilgan jami investisiyalar hajmi 14 milliard AQSh dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 1,7 barobar oshib, 24 milliard AQSh dollarga yetdi. Bugungi kunda jahonning 50 dan ortiq mamlakati O‘zbekistonga barqaror tarzda investisiya kiritmoqda. Ular iqtisodiyotimizning asosan metallurgiya, energetika, kimyo sanoati, elektrotexnika, mashinasozlik, yengil sanoat tamoqlarida faoliyat yuritmoqda. Ta'kidlash joiz, mamlakatimizda investision faoliyatni rag‘batlantirish va loyihalarni amalga oshirishni qo‘llabquvvatlash, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilishi natijasida so‘nggi besh yilda mamlakat iqtisodiyoti o‘sishini 24 foiz, jalb etilgan xorijiy investisiyalar miqdorini 3,5 barobar, eksport hajmini 1,6 barobar, aholi real daromadlarini esa 2,2 barobar oshirishga erishildi.
Oxirgi 5 yilda mamlakatimiz iqtisodiyotiga jalb etilgan investisiyalar hisobiga 59 mingta loyiha amalga oshirilishi 2,5 milliondan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishiga munosib hissa qo‘shdi. Bu kabi ijobiy natijalarga erishishda, eng avvalo, xorijiy davlatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarining yo‘lga qo‘yilishi, shuningdek valyuta bozorining erkinlashtirilishi, investisiya muhiti yaxshilangani, xususiy mulkning huquqiy himoya qilinishi, iqtisodiyotda davlat ulushini kamaytirish bo‘yicha olib borilgan islohotlar muhim ahamiyat kasb etdi.
1-rasm.
2023 yil Yanvar-Oktabr oylarida eksport hajmi va undagi sohalar ulushi.
O‘zbekistonning “GSP+” dasturiga qo‘shilishi natijasida Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga eksport hajmi hozirgi 87 mln dollardan 3 mlrd dollargacha oshiriladi, shu jumladan tayyor kiyim va trikotaj mahsulotlarini eksport qilish ko‘rsatkichi 42 mln dollardan 1,2 mlrd dollargacha, meva va sabzavotlar eksporti 20 mln dollardan 900 mln dollargacha, charm va poyabzal eksporti esa 5 mln dollardan 200 mln dollargacha va boshqa tayyor mahsulotlar eksporti 20 mln dollardan 700 mln dollargacha oshadi. Aytish o‘rinliki, xalqaro savdo tashkilotlari bilan hamkorlik faqat Jahon savdo tashkiloti va Yevropa Ittifoqi bilan chegaralanmaydi. Jahon bojxona tashkiloti, Xalqaro xususiy huquqni birlashtirish instituti, Xalqaro savdo palatasi va boshqalar bilan faol konstruktiv muloqotlar o‘rnatildi. Bugungi kunda O‘zbekiston 47 davlat bilan eng qulay davlat rejimini ta’minlovchi savdo shartnomalarini imzolagan. Shuningdek, 49 davlat bilan ikki tomonlama sarmoyaviy shartnomalar imzolangan. Mamlakatimiz 2020 yilda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi maqomiga ega bo‘ldi va Yevroosiyo taraqqiyot bankiga a’zo bo‘lishga tayyorlanmoqda. O‘zbekiston hozirda o‘n bir davlat bilan erkin savdo shartnomasiga ega. 2021 yil 1 noyabr kuni O‘zbekiston Buyuk Britaniyaning O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan 7800 dan ortiq mahsulotga import bojini nolga tenglashtirish imkonini beruvchi Kengaytirilgan umumiy imtiyozlar tizimiga qo‘shilgan birinchi davlat bo‘ldi. “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida barqaror iqtisodiy o‘sish orqali daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoridan o‘rin olish va kelgusi uch yilda tayyor mahsulot eksportini 2 baravar oshirish maqsadi belgilab olingan. Bu jarayonda dunyoning 164 ta davlati bilan savdo tizimini yo‘lga qo‘yish va barqaror bozorlarni yaratish imkonini beruvchi Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish muhim ahamiyatga ega. Shu bois, hozirgi vaqtda bu tashkilotga a’zo bo‘lish jarayonini samarali yakuniga yetkazish bo‘yicha tizimli ishlar va a’zo davlatlar bilan bozorlarga kirish bo‘yicha muzokaralar ishlar olib borilmoqda. Bu yo‘lda yiliga kamida 10 ta xorijiy davlat bilan bozorga kirish muzokaralarini yakunlash maqsad qilingan. Milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini Jahon savdo tashkilotining qoida, me’yor va bitimlariga moslashtirish harakatlari kechmoqda. Muloqotlarning hozirgi bosqichini kuzatib, shuni aytish mumkinki, hozirgi jarayon a’zolikka erishish uchun eng faol bosqichga kirganini ko‘rsatyapti. Bu O‘zbekistonning mazkur nufuzli tashkilotga a’zo bo‘lish bo‘yicha tarixdagi eng uzoq davom etgan muzokaralardan so‘ng juda muhim qadam bo‘ldi. Bilamizki, 1994 yil dekabr oyidan boshlangan hamkorlik aloqalari nihoyasiga yetish arafasida turibdi. Shu o‘rinda buncha uzoq muddatli jarayon nega vujudga keldi, degan savol tug‘iladi. Buni intervensionistik iqtisodiy rivojlanish strategiyasi bilan bog‘lash mumkin. 2016 yildan boshlangan iqtisodiy islohotlar va jonlanish esa tashqi siyosatimizga ham o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatdi.
Xulosa
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda shuni ta’kidlab o‘tish joizki, oldimizda turgan asosiy maqsadga eltuvchi yo‘l ishlab chiqarishdan asta sekin xizmatlar sohasi eksportiga ixtisoslashib borishimiz lozim. Bildirib o‘tilgan fikrlar hamda takliflar amaliyotga joriy etilsa, albatta barqaror iqtisodiy o‘sishga erisha olamiz. Natijada aholi turmush darajasi sezilarli darajada ijobiy tomonga o’zgarishi barchamizga ma’lum holat.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston - 2030” strategiyasi to‘grisidagi Farmoni, 11.09.2023 yil PF-158-son.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 28.01.2022 yildagi PF-60-son "2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida" gi Farmoni.
3. i.f.d., prof. N.Jumayev “O‘zbekiston va jahon savdo tashkiloti: hamkorlikning yangi bosqichi” “O‘zbekistonda xalqaro moliya munosabatlarini rivojlantirishning strategik yo‘nalishlari” mavzusidagi xalqaro miqyosida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy anjuman materiallari to‘plami 2023 yil 10 noyabr
4. i.f.d., prof. T.Z. Teshabaev “O‘zbekistonda tashqi iqtisodiy faoliyatni rivojlantirishdagi ijobiy qadamlar” “O‘zbekistonda xalqaro moliya munosabatlarini rivojlantirishning strategik yo‘nalishlari” mavzusidagi xalqaro miqyosida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy anjuman materiallari to‘plami 2023 yil 10 noyabr
5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik sub’ektlarining eksport salohiyatini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 30.09.2022 yildagi PF228-sonli Farmoni.
Text was extracted automatically from the PDF and may contain inaccuracies.