ResearcherUz LogoResearcherUz
View Journal

ZAMONAVIY TA’LIM-TARBIYA SISTEMASIDA SIMVOLLARNING O‘RNI

Abstract

Simvollar juda qadim zamonlardan buyon insoniyatni bir-birini tushunishida va muloqot olib borishida muhim hisoblangan. Simvol, ya’ni til belgilari dastlabki so‘z va nutq shakllari sanaladi. Bugungi kunda zamonaviy ilm-fanda simvolizm nazariyasi muhim ahamiyatga ega hisoblanadi. 


Full PDF Document

Related Articles

Full text

O‘RNI

Djavotova Ohista Djamol qizi

Sharof Rashidov nomidagi SamDU 2-bosqich tayanch doktoranti

Annotatsiya. Simvollar juda qadim zamonlardan buyon insoniyatni bir-birini tushunishida va muloqot olib borishida muhim hisoblangan. Simvol, ya’ni til belgilari dastlabki so‘z va nutq shakllari sanaladi. Bugungi kunda zamonaviy ilm-fanda simvolizm nazariyasi muhim ahamiyatga ega hisoblanadi.

Kalit so‘zlar: til, til belgisi, simvolizm, ta’lim-tarbiya, belgilar tizimi, ramz.

Аннотация. С древних времен символы считались важными для человеческого понимания и общения. Символами, то есть языковыми знаками, считаются первые слова и формы речи. Сегодня теория символизма считается важной в современной науке.

Ключевые слова: язык, языковой знак, символика, образование, знаковая система, символ.

Annotation. Since ancient times, symbols have been considered important for human understanding and communication. Symbols, that is, linguistic signs, are considered the first words and forms of speech. Today, the theory of symbolism is considered important in modern science.

Key words: language, linguistic sign, symbolism, education, sign system, symbol.

Simvollar zamonaviy ilm-fanda, ta’lim va tarbiya sistemasida, ayniqsa, tabiiy va aniq fanlarni tushunish va tushuntirish jarayonida yangi imkoniyatlarni taqdim etadi. Simvollar, ya’ni “Belgilar predmet va hodisalarning bir-biridan farq qiluvchi hamda o‘xshash tomonlarini ifoda etuvchi jihatlari va xususiyatlaridir. Belgilar predmet va hodisalar bilan bog‘langan muayyan axborotlarni tashiydi va tushunchalarni hosil qilishda muhim rol o‘ynaydi. Tushunchalar til vositasida ifodalanadi”1. Demak har qanday til sitemasi ma’lum bir til belgilari asosida shakllanadi. “Til belgisi - predmet, xossa va munosabatni ifodalovchi moddiy ideal hosila; ikki jihat - ifoda va mazmun 1 Тураев Б.О. Борлиқ (фалсафий таҳлил). Ўзбекистон Республикаси ВМ ҳузуридаги Имом Бухорий халқаро илмий-тадқиқот маркази. Самарқанд, 2021. Тўлдирилган нашр. – Б.110. jihatiga ega birlik. “Til belgisi majmui belgili tizim - tilni tashkil qiladi. Til belgisining ifoda (tashqi, moddiy, ifodalovchi) va mazmun (ichki, maʼno, ifodalanuvchi) jihatlari dialektik munosabatda boʻlib, asimmetriya qonuni doirasida amal qiladi. Til belgisi deganda, soʻzni emas, balki gapni tushunmoq kerak”2. Ushbu mulohazalardan kelib chiqib shuni anglash mumkinki, til belgilarining moddiy jihati deyilganda uning tashqi tomondan koʻrinadigan shakli, ya’ni ma’lum bir davrda inson tomonidan qay darajada tasvirlangan koʻrinishi nazarda tutiladi. Ichki jihatida esa, uning qanday soʻz, yoxud fikrni ifodalayotgani, tushuntirib berayotgani, ya’ni ma’no-mazmuni nazarda tutiladi. Til belgilarida shakl va mazmun umumlashadi.

Belgilar tarixi bir necha mingyilliklarga borib taqaladi. Tushuncha sifatida qoʻllanilishi esa, manbalarda qayd etilishicha, belgi (ramz) tushunchasi 1380 yillarda dastlab paydo bo‘lgan, ammo XVI asr o‘rtalaridan boshlab asl talqinida tushunila boshlagan3. Ya’ni, bu davrdan simvollar, ramzlar, belgilar qaysidir so‘zni ifodalovchi tushuncha mazmunini oldi. Til belgilarini tahlil etish, qadimiy simvollarni, shu jumladan, turli xalqlar madaniyatlarida, sivilizatsiyalarida, ayniqsa, marorim va diniy qadriyatlarida namoyon bo‘lgan ramzlarni tadqiq etish masalasi aynan mazkur davrdan boshlab g‘arb faylasuf, mantiqshunos, tilshunos, etnograf olimlarini ham qiziqtira boshlagan. Jumladan, Edmund Spenser belgi va ramzlar borasida mulohaza yuritgan dastlabki ingliz olimlardan biri hisoblanadi.4 Spenser tadqiqotlarida birinchilardan bo‘lib belgilarning boshqa bir ma’noni anglatadigan tushuncha sifatidagi mohiyati ochib beriladi. Belgilarning bilishdagi funksiyasi hamda asosiy mazmun-mohiyatini tadqiq eishda o‘rganishga Leybnis ham katta e’tibor qaratishgan.

Belgilarni ilmiy-nazariy, falsafiy tahlili, ya’ni belgilarni o‘rganish XIX asrdan boshlab jadal rivojlandi. Bu borada pragmatizm hamda semiotika asoschisi hisoblangan, amerikalik faylasuf, mantiqshunos, matematik olim Charlz Pirs (1839- 1914 y.)ning xizmatini alohida qayd etish lozim. Pirsning falsafa, tabiatshunoslik, pragmatizm, matematika, semiotika, mantiq ilmi kabi bir qancha sohalar doirasida olib borgan ilmiy izlanishlari ko‘plab olimlar, tadqiqotchilar tomonidan o‘rganilgan, tarjima qilingan. Har qanday predmetni ongga yetib borishi, tasavvur etilishi, tushunilishi hamda til vositasida yuzaga chiqishida belgilar muhim funksional ahamiyat kasb etadi.

Til belgilari va ramzlari masalasi bugungi zamon ilm-fani, til falsafasi, 2 https://uz.wikipedia.org/wiki/Til_belgisi. 3 Alain Rey et al., eds., Dictionnaire historique de la langue française, new edition, vol. 2 Paris: Dictionnaires Le Robert, 1995. - P. 2082. 4 Qarang: https://en.wikipedia.org/wiki/Symbol. shuningdek mantiq ilmida ilmiy-nazariy tadqiqot obyekti sifatida tahlil etilib kelinmoqda. D.Fayzixoʻjayeva ta’biri bilan aytganda, “Belgi – 1) bilish jarayonida boshqa bir predmetning vakili vazifasini bajaruvchi hamda u haqida ma’lum bir xabarlar berish, uni saqlash, qayta ishlash va uzatishga imkoniyat yaratuvchi moddiy predmet... belgilar 2 turga bo‘linadi: tilga aloqasi bo‘lgan belgilar va tilga aloqasi bo‘lmagan belgilar. Tilga aloqasi bo‘lmagan belgilar qatoriga nusxa-belgilar (fotosurat, barmoq izi va b.), indeks-belgilar yoki ko‘rsatuvchi belgilar (tana haroratining ko‘tarilishi – kasallik belgisi, tutun – olovning belgisi va b.) kiradi. Til belgisi simvolramzlar shaklida mavjud bo‘lib, o‘zi ifoda qiladigan predmetlar bilan tuzilishiga ko‘ra hech qanday o‘xshashlikka ega emas. Mantiq o‘z e’tiborini ana shunday til belgilarini o‘rganishga qaratadi”5.

Demak, turli predmetlarni, obyekt yoxud ilm-fandagi turli terminlarni ifodalashda qo‘llanadigan simvollar bugungi kunda til tizimida muhim ahamiyat kasb etadi. Til belgilarining ilm-fandagi ahamiyati shundaki, ular tushunish va tushuntirish jarayoni izchilligini ta’minlab, tabiiy va sun’iy til asosida shakllangan ilmiy til samaradorligi hamda taraqqiyotini yanada jadallashtirmoqda. Masalan, kimyoviy elementlar yoki formulalar (suv (H2O), og‘ir suv (D2O), temir (Fe), mis (Cu), alyuminiy (A1), magniy (Mg) va b.q.) ni ifodalashdagi turli til belgilari ilmiy muloqot jarayonida muhim hisoblanadi. Bunda belgilar predmetlarni, obyektlarni nomlashni qulaylashtirib, yirik so‘zlar yoxud tushunchalarni qisqa va izchil ko‘rinish orqali ifodalaydi. Shuni ham ta’kidlash o‘rinliki, til belgilarini tushunish ko‘p hollarda maxsus soha doirasidagi mutaxassislar uchun qo‘llanadi. Jumladan, fiziklar tezlik, masofa yoki vaqtni ifodalashda o‘ziga xos belgili formulalardan foydalanganda, bu asosan soha vakillari tomonidan izchil qabul qilinadi. Demak, simvollar qadimiy shakllanish bosqichida barcha uchun tushunarli hisoblangan umumiy muloqot tili vazifasini bajargan bo‘lsa, bugungi zamonaviy til falsafasida asosan ilm-fanning turli, maxsus sohalarida qo‘llanib kelinmoqda.

Ilm-fanda maxsus simvollarning ahamiyati borasida M.Sharipov hamda D.Fayzixo‘jayevani quyidagi mulohazalari ham diqqatga sazovor sanaladi.

“Birinchidan, simvollar turli ma’nolarni farqlab, keyinchalik esa, almashtirib yubormaslikka imkon beradi

Ikkinchidan, qulay simvol berilgan kontekstda muhim hisoblangan narsaga diqqatni jamlashga xizmat qiladi. 5 Файзихўжаева Д. Мантиқ: изоҳли лўғат. - Т.: Tamaddun, 2015. – Б. 38.

Uchinchidan, mulohaza shaklini qisqa va aniq namoyon qiladi. Masalan, Maksvell tenglamasini tabiiy tilda so‘zlar yordamida tasvirlash bir qancha betni egallagan bo‘lar edi, bu esa turli elementlar o‘rtasidagi muhim munosabatlarning mohiyatini yashiradi. Adekvat bo‘lgan simvollarni kiritish, mulohazada qaysi qiymatning doimiy, qaysinisining o‘zgaruvchan ekanligini aniqlashtirishga yordam beradi.

To‘rtinchi va jiddiy ustunligi – bu simvollarning jismoniy va fikriy kuchlanishni qisqartirishidan iborat”6.

Demak til belgilari insoniyat bilish imkoniyatini yanada oshirish, idrok etish va tushunish darajasini izchilligini ta’minlashga xizmat qiladi. Ayniqsa, ilm-fanda juda katta hajmdagi ilmiy-nazariy materiallarni o‘zlashtirish jarayonini osonlashtiradi. Simvollar mulohazadan chalg‘imaslikka, fikrni jamlashga, yangi axborot borasida tezkor xulosalar chiqarishga yordam beradi. Mantiq ilmida ma’lum bir mulohazalarni formallashtirishda simvollardan samarali foydalaniladi. Ya’ni simvollar fikr aniqligini ta’minlash hamda uni qisqartirilgan ixcham shaklini hosil qilish maqsadida formallashtirishda qo‘llaniladi. Ta’lim-tarbiya sitemasida, ayniqsa, ilmiy bilish jarayonida simvollar asosida shakllangan formallashgan til hamda tabiiy til uyg‘unlikda namoyon bo‘ladi. Tabiiy til va sun’iy til birligida ilmiy til shakllanadi, nazariy bilim hosil qilinadi.

Xulosa sifatida mulohaza yuritganda belgilar tizimi falsafa va mantiq ilmining eng qadimiy sohalaridan biri hisoblanib, bugungi zamon ilm-fanida ham muhim ahamiyat kasb etadi. Simvollar tizimini yangicha falsafiy metodologiyalar asosida tadqiq etish hozirgi global taraqqiyot davrida tobora dolzarblashib borayotgan sun’iy til rivojiga xizmat qiladi.

Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Alain Rey et al., eds., Dictionnaire historique de la langue française, new edition, 2. Тураев Б.О. Борлиқ (фалсафий таҳлил). Ўзбекистон Республикаси ВМ ҳузуридаги Имом Бухорий халқаро илмий-тадқиқот маркази. Самарқанд, 2021. 3. Файзихўжаева Д. Мантиқ: изоҳли лўғат. - Т.: Tamaddun, 2015. 4. Sharipov M., Fayzixo‘jayeva D. Mantiq tarixi va nazariyasi. Darslik. –T.: Universitet, 2019. 5. https://uz.wikipedia.org/wiki/Til_belgisi. 6. https://en.wikipedia.org/wiki/Symbol. 6 Sharipov M., Fayzixo‘jayeva D. Mantiq tarixi va nazariyasi. Darslik. –T.: Universitet, 2019. – B. 43.

Text was extracted automatically from the PDF and may contain inaccuracies.