Abduvali Qutbiddin she’riyatida milliylik va tasavvufiy an’analar
Maxmudova Kamola Bolbekovna
Samarqand davlat universiteti o’zbek filalogiya fakulteti 2-kurs magistranti
Istiqlol davri badiiy adabiyotidagi o’ziga xos o’zgarishlar bugungi adabiy jarayonda tahlil etilmoqda. Istiqlol adabiyoti inson hayotidagi turfa xil iztiroblarni, ziddiyatlarni, inson tafakkuridagi o’zgarishlarni haqli ravishda tasvirlash an’anasini yuzaga chiqardi. Fikr va ruhning yangilanishi estetik qarashlarning ham bugungi kun nuqtayi nazaridan o’zgarishiga sabab bo’lmoqda.
Bugungi o`zbek she’riyatining an’anaviy tasvir uslubidan farq qiluvchi yangicha obrazlar, kutilmagan ramziy ifodalar, qochirimlar tazod va parodokslar, eng muhimi, betakror serohang, serma’no ifodalar bilan kitobxonni o`ylantiradi. Fikrning ixcham, lo`nda shaklda ifodalanishi, zamonamiz va zamondoshimiz ruhiy olamini yangi jihatlardan poetik tadqiq etish – insonning bezovta ruhini, dardlarini tasvirlash borasida erishgan yutuqlari o`zbek she’riyati yangi poetik sarhadlarni kashf etayotganligidan dalolatdir.
A.Qutbiddin ijodga bevosita nazar tashlaydigan bo’lsak, shoir o‘ziga tegishli barcha narsada yangilikka intiladi. U, avvalo, atrofni o‘zgartiradi, shu o‘zgarishlarni taqozo etgan yoki ular tufayli paydo bo‘lgan tuyg‘ular ifodasi orqali modernizmni yaratadi. Va shu modernizm adabiyotni uning atrofni yana yangilaydi. O‘zbek adabiyoti XX asrning so‘ngi o‘n yilligida shunday o‘zgarishlar, inson turmushini yengillatishga xizmat qiluvchi texnologiyalar rivoji va keskin ijtimoiy to‘ntarishlar bois o‘zaro qarama-qarshi tuyg‘ular, orasida qoldi. Millat tarixi va adabiyotida muhim ahamiyat kasb etgan ijtimoiy-badiiy yo‘nalish modern she’riyati shu tarzda paydo bo‘ldi.
Abduvali Qutbiddin 1960 yil 20 iyunda Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida tug`ilgan. 1983 yilda Toshduning jurnalistika fakultetini tugatgan
A.Qutbiddin she’riyatimizga o`tgan asrning 80 yillarida kirib keldi. Ilk to`plami “Nayson” bilan kitobxonlar nazariga tushdi. Majmuaga iste’dodli shoir Rauf Parfi so`zboshi yozgan. Shoirning e’tiroficha:”Abduvali she’riyati dunyoni obrazli idrok etishning ajoyib namunasidir.U borliqni yalang`och tasavvur qila olmaydi. Qalbiga har bir lahzani, voqea va hodisani his qilib, kamalakdek jilo beradi.
Shoir har bir she’rida, yangi ranglar, ohanglar izlab topishga intiladi. Favqulodda o`xshatishlar, kinoyalar, istioralar...o`qib ajablanasiz, bu she’rlar boshqalarning she’rlariga sira o`xshamaydi. Hatto bir qaraganda “qovushmagandek”. Ammo hukm etishga shoshmang! Yana bir bor sinchkov o`qing, shunda bu notanish satrlar bir-biri bilan pinhona bog`lanib, o`ziga xos ruhiy iqlimni yaratayotganiga ishonch hosil qilasiz. Bu iqlimda siz tiriklikning teran qa’rlariga ildiz otgan xotirotning kuyunchak sadolarini tinglaysiz”. “Nayson”to’plamidagi quyidagi she’rni ko’raylik:
Ayol ehtiyotkor aqilli edi,
Har kecha shamolga tutadi ko’krak.
Uyg’otar edilar so’qir xo’jani
Kuchuklar zanjirlar ila irillab.
Ayol ehtiyotkor, aqilli edi,
Har oqshom shamolga ochardi eshik.
Uyg’otar edilar soqov xo’jani,
Kuchuklar zanjirlar ila g’ingshinib.
Ayol ehtiyotkor,aqilli edi,
Sevishin shamol aytardi asta.
So’kib qulog’i og’ir xo’jani,
Zanjirlar bo’shashib,
Kuchuklar esnar…
Ayolning ehtiyotkor aqliga tahsin o’qib,uni yuksaklarga ko’taradi.So’qir xo’jani esa kinoyalar bilan tariflaydi.”Sevishini shamolga aytardi asta” deya ayolning yashirin sevgisiga urg’u beradi.
A.Qutbiddin siyqa qofiyabozlik, quruq va’z, soxta balandparvozliklardan qochadi. U o`y kechinmalarini oshkora bayon etmaydi, she’rlarida g`oya va ma’no “manamen” deb bo`y ko`rsatmaydi. Balki bu asarlar kitobxonni o`ylashga, mushohada yuritishga majbur qiladi. O`zining rangin olamiga oshno etadi.
She’riyat - ko`ngil mulki, yurak, sog`inch farzandi. U sog`inchdan yaraladi. Ko`ngil esa hamisha mehrga, sevgiga tashna bo’ladi.Ko’ksiga sig’magan sog’inchini aytadi.
Qiynalib ketasiz, ko`ngil ochqolar
Sevgiga, mehrga.
Yolg`izlik – toshbaqa sudraladi,
Yetolmaydi eshikka, deraza, shiftga
Ko`ksingizda piq-piq yig`laydi yurak,
Rahmingiz keladi.
Siz ham bo’zlaysiz:
“Men seni sotaman sevgiga,
Mendan qutilasan”.
Shoir sevgi va mehrga och qolishini,yolg’izlikni sudraladigan toshbaqaga qiyoslaydi.Ko’ksidagi yurakning yig’lashiga rahmingiz kelsin deb nola qiladi.
Lirik qahramon yuragi sevgiga tashna. U qalbini o`zgalarga, uni yaxshi ko`rgan odamga hadya qiladi, “dilini sevgiga sotadi”.She’rning so’ngida shoir:
“Bir qiz olib ketdi uni uzoqqa
U qizning qalbida kunday oqadi,
U baxtdan ketadi endi semirib,
Qiz uni muhabbat bilan boqadi”.
Sevgisini uzoqlarga olib ketgan qizni,baxtdan semirib ketadi deya yakunlaydi.Bu bilan lirik qahramon sevgisini olib ketganni,baxtdan semiradi demoqchi.
Abduvali Qutbiddin ”Ko’hna” she’rida 80-yillar muhitini aks ettiradi.She’rdagi ohang va joziba ham o’zgacha.
O’ram-o’ram soch yotadi,
Soch yotadu,
Haram-haram tosh yonadi,
Dosh yotadu.
Ko’r, ko’r, milmilak.
Chuqur-chuqur ko’l bo’ladi,
Ko’l bo’ladu.
Baland-baland yo’l bo’ladi
Yo’l bo’ladu.
Yo’g’on yo’g’on g’am bo’ladi,
Mo’l bo’ladu.
Ko’r, ko’r milmilak.
She’rda o’xshatish va kinoyalar ko’p, shoir “milmilak”-deb moychiroqni aytadi.
A. Qutbiddin she’riyatida inson va tabiat, makon va zamon, hayot va o`lim, visol va hijron tushunchalari bir-biri bilan qo`shilib, yo`g`rilib ketgan. Uning “Hajr” nomli she’rida visolni sog’inadi. Hijron qancha uzoq bo`lsa visol shuncha go`zal bo`ladi.
Hijron qish tuniday cho`zilganida,
Kunlar ko`k bag`ridan uzilganida,
Yoshim piyolada suzilganida,
Sog’inchdan dil to’lib buzilganida-
Kapalak qonini topinglar menga.
Lirik qahramon nazarida hijronning cheki yo`q, yo`llari uzun, shuning uchun u “kapalak qonini so`raydi”. Kapalakning esa qoni yo`q. Bu – ramziy, majoziy obraz.Hijron qish kuniday cho’zilib qahramonni qiynamoqda.Sog’inchdan dil to’lib,yoshining ham o’tib borayotganini aytadi.
Yellar sudrab kirsa meni bog`larga,
Sarg`ayib to`kilgan tillar qarg`asa.
Meni ostonada changlar tupirib,
Visol keltirmagan yo`llar qarg`asa,
Kapalak qonini keltiring menga.
Lirik “men” hayotdan o`ziga hamdard odam izlaydi. Lekin hijron dardida iztirob chekayotgan lirik qahramonning orzusi o`zgarmas armon bo`lib qolaveradi.She’rning so’ngi baytida:
Tog`larning dahani agar bo`lsa g`or,
Falaklar chirmashib o`rlasa bug`i,
Bu qadar armonga chiday olmasam,
Ko`zimga muz kabi erisa yig`i,
Kapalak qonini ichiring menga...
Armonga chiday olmasam,”Kapalak qonini ichiring menga”-deb nola qiladi.
A.Qutbiddin she’riyati ramziy ifodalarga, kutilmagan holatlarga, tasavvur lahzalariga boyligi bilan milliy she’riyatimizda o`ziga xos o`rin egallaydi.
Shoir mantiq izidan ergashmaydi,u oqil va dono fikrlarni, biror xabar yoki maʼlumotni sheʼrga solmaydi. Bunga xohishi ham yoʻq. Abduvali Qutbiddin yurak urishining ritmidan, tuygʻular taloshidan sheʼr tuzadi.
Abduvali Qutbiddin she’rlarida devonavashlik, telbalik, soʻfiyona oshiqlik bor. Sheʼr oʻqishidagi jazava uning aynan Abduvali Qutbiddin degan shoir ekanidan, ikkinchi bir shoir bunday joʻshib, shiddat va zavq bilan raqslar ogʻushidan sheʼr oʻqimasligi, oʻqiy olmasligidan darak beradi. Lirik qahramon oʻzi goʻyo sheʼri bilan barobar koʻkka uchadi.Deylik, “Qoʻshiq” sheʼrini boshdan oxirigacha:
Yer osmonga barobar, osmon yerga barobar,
Yeru Quyosh kokilin tortib-tortib oʻyin tush.
Vujudimdan dud chiqar, dilim aro oʻt chiqar,
Devonaman-devona, ey olovim, oʻyin tush, ‒
She’rdagi joziba va ohang ham boshqacha.Bu misralarni boshqa bir shoir ijodida uchratmaysiz.O’qilishining o’zi qo’shiqday quyilib keladi.Abduvali Qutbiddinga jununlik, tozalik, joʻshqinlik ‒ xos. Uning sheʼrlarida musiqiylik, koʻngildagi toshqinlik ‒ yetakchi.Shuning uchun uning sheʼrlarini oʻqigan oʻquvchi beixtiyor:
Talmir-tilmir koʻzlarim
Daryo boʻlolmay oʻtdi.
Sadaqani ishq, qoʻlim
Aslo soʻrolmay oʻtdi
yoki:
Sohibdilim – diloro,
Ayyit, toʻxtasin karvon.
Nay puflagan quyunning
Enasimi biyobon, ‒
kabi misralari ohangiga mahliyo boʻladi. Butun vujudini toʻldirib olgan nafasiga bor ovozini ulaydi.
Abduvali Qutbiddin “Avtoportiret” she’rini 1987-yil yozgan,o’sha vaqtda shoir 27-28 yoshlarda bo’lgan.U bolalikdanoq shariat,tariqat masalalaridan xabardor bo’lib o’sganligini va shu ruhdagi adabiyotlar tasirida shakillanib borganini hisobga olsak,bu she’r lirik qahramonning o’z-o’ziga isyonidan darak beradi.Behuda kechayotgan umrdan norozilik ifodasi tuyuladi.
Men juda yolg’izman,
Go’yo quduqda
Qovurg’amgacha suv,badanim og’u,
Bilagim uvishib tipirchilaydi-
Misli so’nggi nola, oxirgi yohu.
Men juda yolg’izman-
Quduqdir joyim,
Bezillar,yashirinar mendan chuvalchang,
Qurbaqa sen balki malaksan asli,
Ne bo’lar aslingga qayta olsang…
She’r so’ngida lirik qahramonning ruhiy kechinmalari so’fiylikning tavba maqomidagi xususiyatlarni esga soladi:
Men juda yolg’izman,
Tepadagilar
Kenglikda ot surib ovlashar gunoh.
Meni tushunmaslar (fahm shart emas),
Ajdarman
Va ismim “Oh” dir mening
“Oh”.
Tavba tasavvufda ruhning bedorligini,qalban poklanishga ehtiyoj sezgan insonning ruhiy istiroblarini anglatadi.
Shoirning “Sohibdilim” she’rini kuzatar ekanmiz,undagi ohangning o’zi kishini maftun etadi.
Sohibdilim- diloro,
Ayyit,to’xtasin karvon,
Nay puflagan quyinning
Enasimi biyobon.
Sohibdilim-diloro,
Qayda u chashma giryon.
Jilg’a bo’lgan ko’nglimni
Quritib bo’ldi mijgon.
“Sohibdil”-o’z qalbining egasi demak,ko’ngil amri bilan ish qiladigan,olam va odam sir-asroridan ogoh kishi.She’rda lirik qahramon bu dunyoga o’zining hayoliy olamini taqdim etadi.She’r so’ngini shoir kamtarlik bilan yakunlaydi.
Sohibdilim -diloro,
Vasling sarobmi -ro’yo.
Hofiz emasman ishqda,
Abduvaliman go’yo
A.Qutbiddin ijodida she’riyatimizda birinchilardan bo‘lib modernistik tasvir to‘laqonli namoyon bo‘ldi. Undan oldingi shoirlarning she’rlarida muayyan modernistik vizual obrazlar yaratilgan bo‘lsa, A.Qutbiddin butun tasvirni, butun manzarani modernistik uslubda “chizadi”:
Qor gulxani…
Big‘illab qaynayotgan chovgun…
Bo‘g‘otlarda hakalab yurgan qish…
Qor chaqmog‘i…
Etagi kuygan izg‘irin…
Qor bo‘roni…
O‘yin tushayotgan ayol…
Charx urib… Charx urib…
Charx urib…
“Tasavvur lahzalari” she’riy turkumidan olingan ushbu parchada shoir qish manzaralarini bu faslga xos bo‘lmagan ko‘rinishlar bilan (“Qor gulxani…”, “Qor chaqmog‘i…” ) tasvirlashga uringan. Albatta, bu o‘rinda muayyan manzarani, shoir maqsad qilgan badiiy g‘oyani anglab olish juda qiyin.
Ammo “Tasavvur lahzalari” she’rini to‘la o‘qib, gap 90-yillarning achchiq hayoti haqida ketayotganini tushungan o‘quvchi yuqoridagi “mantiqsiz” parchada ham muayyan manzarani ko‘radi, asosiysi, lirik sub’yekt kayfiyatini his qiladi. Zero, 90- yillar hayoti ijodkor nazdida shu kabi alg‘ov-dalg‘ov, sira o‘xshashi yo‘q manzaralardan iborat edi. Shoir hali o‘zi ham tushunib ulgurmagan hayotiy, ijtimoiy manzaralarni shu kabi noreal tasvir bilan ifodalaydi. Bu she’rning ifodaviy o‘ziga xosliklari modernizmning dadaizm oqimida ijod qilgan musavvirlarning kartinalarini yodga soladi.
Chanqovuz va kampir...
Tishu barmoq faryodi…
Og’iz va bo’shliq faryodi…
(Labdagi farishta)
Parchalangan tuproq ingrog’i…
Suv ingrog’i
Koinot ingrog’i…
(Ro’zg’or g’ordir-chiqmaysan).
Jag’lar…
Qo’llar shalpayar…
Tig’simon ko’zlar…
(Nonga muhtoj emas hurriyat…).
Chanqovuz va kampir…
Foydalanilgan adabiyotlar
1. 1. Abduvali Qutbiddin. Bor.-T., G’.G’ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 2011.
2.Ernazarova Gulbahor. Hozirgi o’zbek she’riyatida tasavvuf an’analari.Samarqand 2022
3. Internet ma’lumot.WWW. ziyouz. com kutubxonasi.
Matn PDFdan avtomatik ajratib olingan va xatoliklar bo'lishi mumkin.